OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Seni izlab (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiSeni izlab (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Seni izlab (hikoya)
Said Ahmad

Sharafatga ota uyidan chiqib ketish oson boʻlmadi. Bu ishning butun ogʻirligini yoʻlning yarmiga yetganda sezdi. Koʻcha muyulishigacha ergashib kelgan onasining ma’yus koʻzlarini, ostonada boshini egib qolgan dadasini esladi-yu, qadami sekinlashgandek boʻldi. Bir nafasda uyi, hovlisi, chiqib kelayotganda miyovlab oyogʻiga suykalgan mushugi koʻz oldiga keldi, tarang choʻzilgan rezinka ip qoʻldan chiqib oʻz nuqtasiga qaytgandek, fikran uyida paydo boʻlib qoldi.

Bir qanoti ochiq qolgan derazadan ariqdagi suvning har xil ohang chiqarib shildirashi, juda olisda ogʻir yuk tortayotgan parovozning bosiq gupillashi eshitiladi. Uy ichida gʻoyat sekin sudralgan oyning toʻrt burchak shu’lasi karavot qubbasini, chinni idishlarni, royal ustidagi oʻyinchoqlarni birma-bir yoritib, yana derazadan tashqariga chiqib ketdi. Qora baxmalga qadalgan zar tugmachalardek yaltirab turgan yulduzlar birin-ketin oʻchib, osmon beti ohak surtilgandek oqara boshladi. Sharofat hamon uygʻoq. Qaerdadir it ulidi, qaerdadir xoʻroz chaqirdi. Boʻgʻot labida tinimsiz miyovlayotgan mushukka kimdir kesak otdi. Yana hamma yoq jimjit boʻlib qoldi. Sharofat hamon uygʻoq, hamon oʻylardi.

Ketish kerak. Omonning oldiga ketish kerak. Mana shu qimmatbaho buyumlarga toʻlgan, kuyadori isi oʻrnashib qolgan uydan ketish kerak.

Sharofat shuni oʻylardi. U har gal sadaf klavishlarini bosganda, titroq sadolari koʻngil dardlarini orzu qanotida uchiradigan royal roʻyobga chiqmagan oʻsha orzular guvohi boʻlib jim turardi... Oh, tezroq tong ota qolsaydi, deya orziqib derazaga koʻzlarini javdiratib qaradi u. Tong allaqachon otgan, daraxt uchlariga oltin hal surtilgandek edi. U sapchib oʻrnidan turdi. Koʻcha eshigiga tolpinganda ayasi yoʻlini toʻsdi. Otasi eshikni lang ochib berdi. Bu kecha ota ham, ona ham uxlashmagan edi. Qizning qarorini, koʻnglini asir qilgan, qiz qalbiga uya qurgan oʻsha yigit ota muhabbatidan ham, ona mehridan ham zoʻr kelganiga ularning ikkovlari ham endi iqror boʻlishgan edi. Qiz ostonadan ikki qadam ham nari ketmay, ota tilga kirdi:
— Beri kel, bolam.

Ota tovushidagi titroq qizni toʻxtatdi.
— Qayda boʻlsang ham boshing omon boʻlsin, — dedi u. — Seni qaytarishga endi hech qurbim yetmaydi. Shu paytgacha qoʻlingdan yetaklab senga baxt izlagan edik. Koʻngil qoʻli yetmagan dargoh baxt bermas ekan. Endi oʻz baxtingni oʻzing izla. Endi senga ikki narsani meros qilaman: biri — muhabbatim, biri — qahrim. Muhabbatsiz odam odamga yov boʻladi. Qahrsiz odam yovga yem boʻladi. Endi bor, yoʻling oydin boʻlsin, bolam!

Ota qizining peshonasidan oʻpdi. Shundan keyin Sharofat nima boʻlganini bilmaydi. Qanday qilib avtobusga oʻtirdi, qanday qilib choʻl oʻrtasidagi yolgʻizoyoqqa bu-rildi — esida yoʻq. Koʻksidagi bir vaqtlar Omon tashlagan choʻgʻni oʻchirolmagan, oʻchirish qayoqda, battar bagʻrida tutashib, ota uyidan olib chiqa olgan hislar choʻl oʻrtasi-da kezdirib, uni oʻsha Omoni oldiga sudradi. Endi Omoni unga avvalgidek qararmikin? Uni kechirarmikin? Qalbida yana unga joy berarmikin? Uni ilgarigidek e’zozlarmikin? Sharofat bu toʻgʻrida oʻylamasdi. Nima boʻlsa ham Omonni koʻrsa, achchiq-achchiq alamli soʻzlar aytsa ham, mayli. Shu choʻllarda uning ketida soyasidek ergashib yursa, olisdan qorasini koʻrsa, uzoqdan tovushini eshitsa boʻlgani. Sharofat shu Omonni deb choʻl kezib kelyapti, axir! Omoni uni kechirarmikin?

Sharofat shunday iztirobli oʻylar bilan kuya yegan poʻstindek u yer-bu yerda giyoh koʻkargan choʻl oʻrtasida osmonda vijirlab uchayotgan qaldirgʻochlarning qoʻshigʻiga mahliyo boʻlib, yantoqlar tagidan sap-sariq koʻzlarini sovuq moʻltiratgan kaltakesaklardan hurkib «Boʻston»ga yetib keldi. Qator oq imoratlar oralab, yosh nihollar koʻlanka tashlagan xiyobonlardan oʻtib, kolxoz idorasiga kirdi. Qoʻziboy obedga chiqib ketgan. Otaboy telefon trubkasiga: «Bermayman, ustavni buzishga haqqim yoʻq!» deb baqirardi. Sharofat burchakdagi kursiga omonatgina oʻtirdi. Otaboy trubkani joyiga ilib, unga qaradi.
— Singlim, menda ishingiz bormidi?
— Omon akani izlab kelgan edim.
— Qaysi Omon? Kolxozda toʻrtta Omon bor, qaysi biri?
— Omon Sharipov.
— E, ha, — dedi Otaboy. — U Omonmi? U Omon Choʻng Oloyda. Chorvada.

Shu payt telefon jiringlab qoldi. Otaboy trubkani olib, kim bilandir shoshib-pishib gaplashdi-da, oʻqdek otilib chiqib ketdi. Sharofat yolgʻiz qoldi. U Choʻng Oloyning qaerdaligini eshitgan: Qizilsuvning naryogʻida. U tomonlarga yetish oson emas. Boʻshashib tashqariga chiqdi.

Oftob koʻzni oladi. Shifer tom tepasidagi televizion antennaga qoʻngan musichaga ikki bola tosh otadi. Yoʻl chetidagi qirgʻoqqa sapchib oqayotgan loyqa suvda bir bola qogʻoz kema oqizadi, uning ketidan ergashgan bola, doʻppisidan koʻm-koʻk dovuchcha olib, qarsillatib chaynaydi. Muyulishga yetmasdan ikki hovli berida yangigina, hali nomeri ham yoʻq yashil «Moskvich» turibdi. Dovuchcha chaynayotgan bola mashina derazasiga tirmashib, signal berib qochdi, nariroqqa borib eshik orqasiga berkindi. Mashina signaliga uydan bir yigit chiqdi. U yoq-bu yoqqa alanglab bolani koʻrdi-yu, yolgʻondan poʻpisa qilib, uni quvlamoqchi boʻldi. Bola qochdi, yiqilib doʻppisidagi dovuchchalar toʻkildi, yigʻladi, be-rigi uydan yugurib chiqqan Kokila bolani dast koʻtarib, tuproqqa belangan yuzidan, koʻzidan oʻpa boshladi. Keyin boyagi mashinaning eshigini ochib, bolani kabinaga oʻtqazib qoʻydi. Endi bola kuchining boricha signal berar, qiyqirib kulardi.

Bularni kuzatib turgan Sharofat beixtiyor kulib yubordi. Kokila notanish juvonning oldiga keldi.
— Ha, oʻrtoq, siz ham choʻl quvlashga keldingizmi? Juda soz boʻpti-da!
— Omon akani izlab keldim, — dedi Sharofat Kokilaga boshdan-oyoq qarab.
— Omonjon chorvadalar. Hali soat toʻrtda Oloyga vertolyot ketadi. Yoʻl yurib charchagandirsiz. Yuring, tamaddi qilib oling.

Sharofat unga itoatkorlik bilan ergashdi. Endigina palagi nish urib chiqayotgan qovun polizni yoqalab kolxoz mehmonxonasiga kelishdi. Kokila eshik oldida yostiq jiddi, sochiq, koʻrpa gʻiloflarini yuvayotgan semiz bir juvonning biqinini chimdib oʻziga qaratdi.
— Hoy, boʻktik, bitta choy damlab ber!

Juvon bilagidan sovun koʻpiklarini sidirar ekan, qoshlarini chimirdi:
— Ana, samovar qaynab turibdi, nima, oʻzing damlab olsang et-beting kamayib qoladimi!
— Raisning xotini bir nima degandan keyin darrov xoʻp degin.

Baqaloq juvon qoʻlidagi sochiq bilan Kokilaning ikki oʻrim sochi savalab turgan joyiga bir urdi. Yolgʻondan qochmoqchidek lapanglab choynak koʻtarib uyning orqasiga oʻtib ketdi. Ular ichkariga kirishdi. Mehmonxona ichida surat solinmagan bironta devor qolmagan, shiftda ham, shkaf oynalarida ham surat. Ikkita karavot tepasida kleyonka orqasiga ishlangan manzara. Koʻl, oq oʻrdak, qizil osmon, yarmi koʻk, yarmi qizil suv.

Bu suratlarni mutlaqo san’atga aloqasi boʻlmagan boʻyoqchi ishlagani shundoqqina bilinib turardi. Bu suratlarning birida daryo, koʻprik, yoʻl tasvirlangan. Osmonda samolyot, koʻprikda poezd, daryoda kema, yoʻlda paxta ortgan yuk mashinasi.

Kokila mehmonning suratlarga qarab ajablanayotganini koʻrib, izoh bera boshladi:
— Otaboy oʻlgurning qilgan ishi-da. Arzon tushadi deb shahardagi arteldan patnis boʻyaydiganni ergashtirib kelibdi. Shiftdagi gullar hosilotning uyidagi patnislarga qarab solingan.

Sharofat uchun bu suratlar dadasining qancha ming soʻmlab sarf qilib chizdirgan suratlaridan, bu uy uning qimmatbaho jihozlar bilan toʻlib ketgan yotogʻidan soddaligi bilan ming marta a’lo edi. Sharofat ikki piyola choyni qaynoq-qaynoq ichib, koʻzi ilina boshladi. Kokila oyoq uchida tashqariga chiqib ketdi.

Sharofat qizlarning qoʻshigʻidan uygʻondi. Qancha ux-ladi, qaerda yotibdi, bu mehribon odamlar kim, bilolmadi. Derazadan tashqariga qaradi. Radioda Kokila e’lon eshittirmoqda:
— Chorvada eri bor xotinlar, kiyimlarini yuvib, dazmollab boʻlgan boʻlsalar, mehmonxonaga olib kelishsin! Otaboy aka! Otaboy aka! Toʻrtta batareya olib keling! Oysha, Oysha! Gʻanijon soqol qiradigan piska soʻragan, darrov olib kel! Salima! Rahimingga «Sinchalak» bilan «Qutlugʻ qon»ni qaydan boʻlsa ham topib kel! Otaboy aka, gazeta bilan «Mushtum» esingizdan chiqmasin! Qaytaraman, soat toʻrtda Oloyga vertolyot uchadi. Kechikmanglar!

Semiz juvon kosada shavla olib kirdi.
— Yoʻlga ketadigan odamsiz, yeb oling. Gurullagan tovush ularning suhbatini boʻldi. Ikkovi ham shoshib tashqariga chiqishdi Osmonda bahaybat chigirtkadek pirillab vertolyot uchib kelardi. Dalaning u yer-bu yerida yurgan kishilar qoʻllarini peshonalariga soyabon qilib, osmonga qarashardi. Mototsiklning lyulkasida bir boylam gazeta bilan Kokila keldi.
— Qani, mehmon, ketdik!

Sharofat mototsiklning orqasiga mingashib oldi. Semiz juvon orqadan qoʻl siltab qoldi.

Vertolyot qoʻngan joyda oʻn chogʻli xotin toʻplangan edi. Hammasining qoʻlida tugun. Uchuvchi yigit ikkita yongʻoqni shapkasiga bekitib, nayrangbozlik qilar, xotinlar qiqir-qiqir kulishardi. Otaboy arqon shotiga tirmashib, kabinaga tugunchalarni tashir, ora-sira uchuvchiga nimalardir deb toʻngʻillardi. Sharofat vertolyotga chiqqanida boya doʻppisiga dovuchcha solib yeb oʻtirgan bolani koʻtarib olgan, oʻng qovogʻida qop-qora xoli bor bir ju-von halloslab yetib keldi. U yugurib kelganidan yonoqlari terlagan, oʻzi hansirardi. Juvon qoʻlidagi tugunni Sharofatga boʻy choʻzib uzatarkan: Omon akamga salom deng, uydagilar, bolalar tinch ekan, deb ayting, deb tayinladi. Qoʻlidagi bola ham unga doʻppisini choʻzib:
— Daddaga, daddaga, — derdi.

Motor gurullab hamma oʻzini chetga oldi. Bahaybat parrak chir aylanib, vertolyot havoga bigizdek tik sanchildi-yu, yer pastda qoldi. Qoʻl siltayotgan ayollarning qizil, koʻk durralari sekin-sekin kichrayib, oxiri koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Agar shu poʻlat qush hozir yerga qoʻnsaydi, Sharofat oʻsha juvonni, Omonning muhabbatiga sazovor boʻlgan, uning eng ezgu hislariga qalbidan joy bergan koʻksiga ixlos bilan bosh qoʻyardi, qovogʻidagi oʻsha koʻhlik xolidan toʻyib-toʻyib oʻpardi... Endi u Omonning oldiga nima deb boradi? Unga nimalar deb aytadi. Hozirgina uni kuzatib qolgan juvonlarning yuzini, koʻzini esladi. Qanday baxtli xotinlar-a! Ularning koʻzlarida sogʻinch, olisda, togʻ etaklarida lolalarga burkangan yon bagʻirlarda entikib yoʻllariga koʻz tikkan eng aziz kishilari oldiga uchayotgan poʻlat qushning qanotini ham oʻpishga, mehr bilan silab-siypalashga tayyor.

Pastda yasharib, yashillanib kelayotgan choʻl yastanib yotibdi. Shu choʻl koʻkatlariga jon berayotgan xotinlar oʻz yonlaridan unga joy berisharmikin? Koshki edi, uning birinchi peshona teri shu yerlarga toʻkilsa, choʻl shamollari uning ham oppoq bilaklarini qoraytirsa...

Juvon koʻksining allaqaeridan sado chiqqandek boʻldi.
— Qol, shu yerlarda qol, Sharofat! Baxting shu yerda! Shu bagʻri keng, har bir giyohidan tortib yantogʻigacha tabiiy, inson qoʻliga, peshona teriga zor choʻllarning allaqaerida sening ham baxting yashirinib yotibdi. Qidir, izla! Tunlari choʻl osmonida porlagan yulduzlarning choʻgʻini koʻrmagansan hali! Choʻlda ufqni qizartirib chiqadigan oftobga yuzingni tutmagansan hali! Koʻkatga chalqancha yotib, yarmi qizil, yarmi oq bulutlarga qarab shirin oʻy surmagansan hali. Qol! Qol shu yerda.

Pastda choʻl chir aylanar, koʻm-koʻk maysazorlar orasidagi yoʻl parqi ochilgan sochdek boʻlib koʻrinardi, qorli choʻqqilar tizmasi esa oyoq qoʻysa yetgudek yaqinda yaltirardi.

1961