OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Sobiq (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiSobiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sobiq (hikoya)
Said Ahmad

Xoh ishoning, xoh ishonmang, birinchi kuniyoq toʻqqiz tonna paxta teribman. Avvaliga oʻzim ham hayron boʻlib qoldim. Tavba, shuncha paxtani oʻzim terdimmi, yo birov qoʻshib qoʻydimi? Ertasiga bir gʻayratga oʻn gʻayrat bilan paxta terish mana bunaqa boʻladi, deb ishga tushib ketdim. Toʻqqiz yarim boʻpti. Oʻsha kuni oblastdan, Toshkentdan muxbirlar bosib ketdi. Ovozimni lentaga yozib radiodan eshittirishdi. Televizorda ikki marta koʻrsatishdi. Hamma yoqni xat bosib ketdi. Bunaqa obroʻ kimning tushiga kiribdi deysiz. Ruhim tetik, bir gapirib oʻn kulaman. Yoʻtalsam ham labbay, deb turishibdi. Raisimiz u yoqqa borsam u yoqqa, bu yoqqa borsam bu yoqqa ergashadi. Bechora meni yeru koʻkka ishonmaydi. Ikki gapning birida:
— Oʻzingni tut, katta-kichikning oldida sharmanda qilma. Sen bizning mash’alimizsan. Ha, shundoq, soqolingni kunda olib tur. Dazmol bosilmagan shim kiyma, — deb nasihat qilib turadi.

Ikki kundan keyin gazetaning birinchi betida chakkamga paxta qistirib kulib turgan suratim chiqdi. Oʻsha kuni rais Berdali aka, yap-yangi «Volga»sini ishlab turgan joyimga yuboribdi. Tez yetib kelsin, deb tayinlabdi. Obbo, bir gap boʻlganga oʻxshaydi, deb ishni tashlab idoraga qarab ketdim. Borsam rais ikki oyogʻini bir etikka tiqib, kutib turgan ekan.
— Keldingmi uka, tez boʻl. Kengashga ketasan. Poezd bileting tayyor, uyingga borib kiyinib olgin-u, yoʻlga chiq.

Ketdim. Kengash ertasiga ochilar ekan, uch kun oblastda qolib ketdim. Kelgan kunimoq toʻppa-toʻgʻri dalaga chiqib, endi mashinaga yetay deb qolgan edim, yana oʻsha «Volga» kelib olib ketdi. Idora oldida, usti yopiq yuk mashinasi turibdi. Idoraga kirishim bilan yetti-sakkiz odam atrofimni oʻrab olsa boʻladimi. Kinochilar ekan. Paxta terishimni kinoga olamiz, deb atayin Toshkentdan kelishibdi. Raisning gapini qarang. Ummatalining mashinasida kinoga tushsin, oʻsha tomonda paxta yaxshi ochilgan, kinoda chiroyli chiqadi deb turib oldi. Ummatalining yeriga qarab ketdik. Kinochilar oʻlarcha ezma, shoshmagan odam boʻlishar ekan, ikki kun ovora qilishsa boʻladimi. Mana, chiqib qolsa koʻrarsizlar, qandoq qilib mashina haydashimdan tortib, peshonamdagi terni qanaqa qilib, qaysi qoʻl bilan sidirib olishimgacha apparatga olishdi.

Kinochilardan qutulib uyga holdan toyib keldim-u, kiyim-boshim bilan uxlab qopman. Ertalab raisning oʻzi uygʻotdi.
— Tez boʻl, kutib qolishdi!
— Tagʻin kinomi? Kecha tamom qilishgan edi-ku?
— Yoʻq, boshqa gap. Rayonda yangi qurilgan madaniyat uyining ochilish marosimi boʻladi. Ilgʻor mexanizatorlardan bir kishi tabrik nutqi soʻzlashi kerak. Sen gapirasan. Qani, ketdik.

Gapni ham, ammo-lekin, bopladim. Kunora nutq soʻzlab turgandan keyin usta boʻlib ketarkansan. Rosa chapak boʻldi. Ichkariga mehmonlar uchun joy qildirib qoʻyishgan ekan. Artistlar bilan birga oʻsha yoqqa kirdik. Rosa pivoxoʻrlik boʻldi.

Uyga kelib endi yotgan edim, eshik taqillab qoldi.

Chiqsam soch qoʻygan, ingichka moʻylovli bir yigit turibdi. Yelkasida bir metrli faner sumka.
— Xizmat, uka, ishlari bormidi?
— Atayin oʻzlarini yoʻqlab keldim. Suratingizni ishlashim kerak. Vistavkaga qoʻyiladi.

Undoq desam, bundoq dedi, bundoq desam, undoq dedi. Sira gapimga koʻnmaydi. Janjallashib raisning oldiga bordik. Rais koyib berdilar.
— Esing joyidami? Bu vistavkaga qoʻyiladigan suratlarning roʻyxatini oblastdan tasdiqlashgan. Qani, darrov boʻl.

Oʻzingiz bilasiz, raisimizning gapini ikki qilib boʻlmaydi. Ishga tushib ketdik. Rassomi tushmagur hali yosh, tajribasi pishmagan ekan. Rosa toʻqqiz kunda oʻzimga oʻxshatdi. Bu orada uyim xatga toʻlib ketdi. Pionerlar bilan uchrashuv, meditsina xodimlari bilan uchrashuv, mebel fabrikasi ilgʻor ishchilari bilan uchrashuv... Albatta rais bularga oʻzi bilib muomala qildi-yu, ammo, rayonimizdagi pojarniy komandasining keksa xodimi pensiyaga chiqayotgani sababli tabriklashni menga yuklab qoʻysa boʻladimi. Bordim. Bularning tantanasi gʻalati boʻlarkan. Yolgʻondakamiga oʻt ketdi qilib, birdan gupir-gupir yugurib qolishdi. Biri suv sepayapti, biri bolta bilan eski yashiklarni parchalab tashlayapti. Rosa odam yigʻildi. Men uchinchi boʻlib soʻzga chiqdim...

Oʻsha kuni shamollab qolgan ekanman. Toʻrt kun yotib oldim. Darmonim qurib ishga ketayotsam, rais qovoq-dimogʻini osiltirib samovarning soʻrisida oʻtiribdi. Indamay oʻtib ketish uyat. Odobdan emas. Qoʻrqa-pisa salomlashdim. U meni koʻrdi-yu, koʻzlari yashnab ketdi.
— E, bormisan! Juda uzoq yotib olding-ku. Bu yoqda shuncha ish, shuncha joydan taklif. Sen boʻlsang arzimagan kasalni bahona qilib yotibsan. Allaqayoqdan atoqli polvon kelayotgan emish, vokzalga chiqib kutib oluvchilar roʻyxatining boshida sen turibsan. Shu bugun kech soat yettida poezd keladi. Kechikmay yetib bor. Mashinani tayinlab qoʻyganman.

Bir nima dey desam, raisning fe’lidan qoʻrqaman. Chidamadim. Oxiri yorildim:
— Axir, rais buva, bu yoqda shuncha...

Aytdim-ku, rais ogʻiz ochirgani qoʻymaydi deb, urishib berdi.
— Uncha-muncha odam qadam bosolmaydigan joylarga borayapsan. Noz qilma. Yigit kishining boshiga baxt bir qoʻnadi. Qani tur, tayyorgarligingni koʻr! Fizkultura komitetidan telefon qilib quloq miyamni qoqib qoʻlimga berishdi. Uyaltirma-da, uka.

Xuddi soat yettida stantsiyaga chiqdim. Koptok tepadiganlarning jamikisi gul koʻtarib kelgan, poezdning vagonlariga yugurishadi. Bir mahal qarasam oltinchi vagonning eshigidan boʻyi salkam bir terak keladigan ekskavator nusxa bir odam tushib kelyapti. Tikilib qarasam, bir yili dom otdixga borganimda tarvuzni butun yutib oʻyin koʻrsatgan polvon. Rayonimizga tosh otib oʻynashni koʻrsatgani kelgan ekan. Toʻrt kishi, toʻrt kishi boʻlib yigirmata toshni sudrashib tushirib qoʻydik. Stantsiya bufetida jindek hozirlik koʻrib qoʻyishgan ekan, oʻtirishdik. Polvonni tabrikladik. Yaxshi kutib olganimizdan sevingan polvon oxirida soʻzga chiqib, olti kishilikni bir qilib kosaga quyib qadah koʻtardi. Hammamiz kayf qilib qolib, toshlar stantsiyada qolib ketaveribdi. Qolsa qolavermaydimi, uni koʻtaradigan mard qayoqda.

Mana, oktyabr oyi ham oxirlab qoldi. Mashina terimi tugay deb turibdi. Harna boʻlsa ozroq terib olay, deb dalaga chiqsam mashinam joyida turibdi. Bechorani biram chang bosibdiki, kimdir boʻr bilan yoniga: «Kolxozimizning sobiq voditeli falonchi mavsumda bir hafta dalaga chiqib, shu mashinada paxta tergan» deb yozib ketibdi. Juda alam qildi.

Bunaqa beodob gap yozgan odamni topib rosa ta’zirini berardimu, ishim tigʻizroq edi-da. Axir bugun, yosh drujinachilar bilan rayon markazidagi somsapazlikni tekshirishimiz, kaloriyasini aniqlashimiz kerak.