OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiSobiq oʻgʻri (hikoyalar toʻplami)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm58KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Said Ahmadning satirik hikoya va intermediyalari


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sobiq oʻgʻri (hikoyalar toʻplami)
Said Ahmad

Yoʻgʻon tepa

Bugun shanba, idora xodimlariga maosh berilayapti. Odatda idora boshliqlarining hurmati uchun kassir kabinetga vedomost koʻtarib kiradi.

Qodirov kassir uzatgan pulni sanamay, stol tortmasiga solar ekan, dedi:
– Nuralievga ayting, kirsin!

Sal oʻtmay, bosh buxgalter Nuraliev kirdi.
– Menga qarang, bugun bir otamlashmaylikmi? Maoshni boʻlsa, oldik. Pul xotinning qoʻliga tegdimi,

tamom. Paka qoʻlimizdaligida yayrab olaylik.

Bu gap Nuralievga ham yoqdi. Qodirov stol yonidagi tugmani bosdi. Sekretar qiz kirdi.
– Apsamatov bilan Sobirovni darrov chaqiring!

Apsamatov bilan Sobirov uzun-qisqa boʻlib kirib kelishdi.
– Qani,– dedi Qodirov, – olti-oltidan choʻzinglar. Yoʻgʻon tepaga borib, bir oshxoʻrlik qilamiz.

Apsamatov jon deb turgan ekan, darrov olti soʻmni stolga tashladi. Ammo Sobirov gardanini qashib turib koldi.
– Boʻling, boʻling,– dedi Nuraliev,– muncha lattachaynarsiz, olti soʻm kimni oʻldiribdi?
– Olti soʻm hech kimni oʻldirmaydi-yu, ammo keliningiz qancha maosh olishimni tochniy biladi. Undan tashqari, xotinsiz biron joyga borolmayman.
– E, sadqayi erkak keting, qoʻying bu gaplarni.

Sobirov jonidan sugurgandek qilib, olti soʻmni qoʻli qaltirab stolga qoʻydi.

Qodirov shofyorni chaqirib, xarajatga yubordi. Ish soati tugashi bilan toʻrt kishi Yoʻgʻon tepaga qochishga ahd qilishdi.

Shundoq boʻldi. Yoʻgon tepa viloyatda eng salqin, eng xushmanzara joy. Toʻrt ulfat rosa yayrashdi. Shofyor oshga usta edi, har bitta guruch oʻzi oʻrmalab ogʻizga kirib ketaman doydi. Salatni aytmaysizmi, koʻk qalampir aralashgan salat dunyoda yagona boʻlsa ajab emas. Oshga bostirilgan yearimsoqpiyoz yangi soʻyilgan qoʻyning iligidan afzal boʻlsa afzalki, kamligi yoʻq.

Xullasi, toʻrt ulfat kech soat oʻn bir yarimgacha maishat qilishib, oʻn ikkidan sal oshganda shaharga qaytishdi.

Bunday paytlarda boshliqlar juda saxiy boʻlib ketishadi. Qodirov ham shunday fazilatdan xoli emas. Sheriklarini bir-bir eshiklari oldiga tashlab, uyiga oʻtib ketdi.

Ajoyib osh uchun shoferga rahmat aytib, oʻzi ham darvozasi oldida tushib qoldi. Eshikni qoqdi. Ichkaridan javob boʻlmadi. Yana eshik qoqdi. Qoʻshnilar nima gap deb yugurib chiqishdi-yu, Qodirovning xotini chiqmadi. Yarim soat eshik qoqdi.

Xotini eshik orqasida turgan ekan, axmri ovoz berdi.
– Nega eshik ochmaysan, majlisdan oʻladigan boʻlib kelsam ham, shunaqa qilasanmi?
– Boradigan joyingizga boravering. Osh yegan joyingizda yotishga joy qilib berishmadimi? Oʻshaqqa borib yoting!

Qodirovning dami ichiga tushib ketdi. Ancha vaqtgacha «gʻiring» deyolmay turib qoldi.
– Qoʻy, xotin, qoʻni-qoʻshnilarning oldida sharmanda qilma. Uyda bafurja gaplashamiz.

Xotin javob qilmadi. Oyoq tovushining uzoqlashgani eshitildi. Ana shundan keyin Qodirov yana yarim soatcha eshik taqillatdi, boʻlmadi. Orqasiga qaytdi. Mashina ketib boʻlgan, soat birdan oshib avtobuslar ham siyraklashib qolgandi. Idora, oʻhhoʻ, qancha joyda.

Qodirov soat ikki yarimlarda idoraga qaytib keldi. Qarasa, kabinetining koʻcha tarafga qaragan derazasidan yorugʻ tushib turibdi. Uborshitsa pol yuvayotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Qorovul keling aka, deb darvozani ochdi.
– Otchyotga tayyorlanadigan edim, shu yerda tinchgina...

Kabinet eshigini ochish bilan hayron boʻlib toʻxtadi qoldi. Bosh buxgalter Nuraliev yechinmay, divanga chalqancha yotib olgan, kabinetni boshiga koʻtarib xurrak tortardi.

Nima balo, uyiga tashlab kelgan edim-ku, deb hayron boʻldi Qodirov. U qorovuldan plan boʻlimining kalitini soʻradi.
– Ochiq, aka.ochiq. Apsamatov inim divanda yotibdilar.
– Kadrlar boʻlimi-chi?
– U yer ham ochiq. Sobirov yotibdi.

Qodirov nima qilishini bilmay, garajning kalitini soʻradi.
– U yer ham band, shofyoringiz «Volga»da yotibdi.

Qodirov qaqqaygancha turib qoldi.
– Menga qarang, ota, – dedi u qorovulga. – Sizga javob. Uyingizga borib, yota qoling. Biz bugun tong otar otchyot tuzamiz. Koʻrpa-yostiqni yigʻmang. Charchaganimda men yotaturaman.
– Umringdan baraka top, bolam. Kampirim otdixing qachon, deb soʻrayotgan edi. Juda bopta boʻldi.

Qorovul chol duo qilib, uyiga joʻnab qoldi. Qodirov uning oʻrniga yonboshladi.

Toʻrt oshxoʻr idorani boshlariga koʻtarib, xurrak tortishardi.

Ayniqsa, boshbux Nuraliev karnayga oʻxshatib tortar ekan. Bu kecha toʻrt oshxoʻrning xotini xafa, birgina qorovul cholning xotini xursand edi.

Kataysa

Qosimjon mashinada xotinini bir aylantirmoqchi boʻlib turganda, eshik taqillab qoldi. Chiqsa singlisi bilan kuyovi. Aka-singil oʻrtasida andak gap qochganidan ular anchadan beri koʻrishishmagan edi. Qosimjon katta boshini kichik qilib yoʻqlab borolmadi, singlisi har qalay ayol kishi emasmi, oʻzi eshik qoqib keldi. Qosimjonning boshi osmonga yetdi. Xotini to sabzi-piyozini qovurib boʻlguncha, gir etib borib, bitta konyak topib kelmoqchi boʻldi. Kuyovining hayhaylashiga ham qaramay, darvozani ochib mashinani olib chiqdi. Yangi «Moskvich» oftobda yaraqlab yel quvib ketdi.

Bugun dam olish kuni boʻlganidan koʻchada mashina uncha koʻp emas edi. Magazinni tushlikka bekitishmasin deb, u mashinani yeldek uchirib katta gastronomga keldi. Odam koʻp. Konyak ichadiganlarning ini buzilganmi, hammasi besh yulduzligidan soʻraydi. Qosimjonning navbati kelguncha ham anchagina vaqt oʻtdi. U shishani qoʻltiqqa tiqib chiqsa, mashina oldida bir gala bola chugʻurlashyapti. Biri kapotini silaydi, biri boʻlsa, oldiga minib olibdi.

Qosimjon pashsha qoʻrigandek qilib, bolalarni tirqiratib quvib yubordi. Bir mahal qarasa, shundoqqina koʻrinadigan joyiga kimdir mix bilan «Erkin» deb qirib yozib qoʻyibdi. Qosimjoshshng joni kekirdagiga keldi.
– Kim qildi?

Bir qiz koʻchaning narigi betiga qarab qochayotgan ishtonchan bolani koʻrsatdi.

Qosimjon jon holatda uning ketidan quvdi. Bola zinadan pildirab ikkinchi qavatga chiqdi-yu, chap qoʻldagi eshikka kirib qarsillatib yopib oldi.

Qosimjon hansirab qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Sal oʻtmay, eshik ochildi. Uning qarshisida pijama kiyib, boshini xotinlarning kosinkasi bilan tangʻib olgan direktori Bek aka turardi.
– Iya, iya Qosimjon, keling, keling.

Qosimjon nima qilishini bilmay, birpas serrayib turib qoldi. Keyin chaynalib tilga kirdi:
– Shundoq, oʻzlarini bir yoʻqlab qoʻyay deb... Aytgancha, yangi uylar muborak, Bek aka.

Bek aka mamnun iljayib, uning qoʻltigʻidagi shishaga qaradi.
– Ha, aytgancha, uyga quruq kelmay, deb.
– Qani, qani ichkariga. Zap ish qipsiz-da, Qosimjon. Uzim ham bir dildor hamsuhbatga koʻnglim ketib turgan edi. Aytgancha, kichkina «Chayka» muborak boʻlsin. Mashina opsiz, bir kataysa qildiraman ham demaysiz.

Qosimjon shoshib javob qildi:
– oʻzi atayin shunga kelayotgan edim. Bugun dam olish kuni, xoʻjayinni bola-chaqalari bilan bir oʻynatay, deb kelayotganim shu-da.

Ichkariga kirishdi. Xoʻjayinning xotini archilgan sariq shaftolidek boʻlib vannadan chiqib keldi. U Qosimjonni koʻrib, ensasi qotgandek qoshlarini kerib bir qaradi-yu, narigi xonaga oʻtib ketdi. Keyin ichkaridan uning palagʻda tovushi eshitildi:

– Erkiningiz vannaniyam rasvo qipti. Suvni tortmayapti. Tuzatib bering.

– Obbo, – dedi Bek. – Umrimda qilmagan ishim. Qandoq tozalashni bilmasam.

U iltijo nazari bilan Qosimjonga qaradi. Qosimjon ham bu qarashning ma’nisiga yetdi. Dik etib oʻrnidan turdi-yu, vannaga qarab yurdi.

Vanna ichi magʻzavaga toʻlgan, teshigi oʻlgur suv tortmayapti. U bilagini shimarib, qoʻlini tiqib, yarim soatcha urindi-yu, oxiri suv tortadigan joyidan ikkita yongʻoq olib tashladi.
– Ha, barakalla, – dedi Bek. – Texnikani egallagan kishilarning sadagʻasi ketsang arziydi. Rahmat, uka.

Qosimjon to vannani tozalab chiqquncha, Bek zakuskani boplab, konyakni ryumkalarga quyib, unga mahtal boʻlib turgan ekan. Bittadan ichib olishdi.

Shu payt Erkin kirdi. Qosimjon mashinani rasvo qilgan bolani yeb tashlashga tayyor edi. Ammo unga qarab mayin iljaydi. Qiziqchilik qilib, bir koʻzini qisib, moʻylabining bir uchini qimirlatdi. Bola uning bu hunariga qoyil qolib yaqin keldi.
– Amakinglar-chi, hozir bizni mashinada aylantirib keladilar. Maza qilasan, oʻgʻlim.

Ichkaridan xonimning tovushi keldi:

– Feodallarga oʻxshab oʻzlaring maza qilmanglarda, biz shoʻring qurgʻur ezilgan xotinlarni ham aylantiringlar. Shundoq pochchamnikiga ham birrov kirib oʻtaman.

Yana ikki ryumkadan otib olishdi.

Ketishda Erkin boʻyoq qalamlarini ham olib chiqqan ekan. Yoʻl-yoʻlakay sirlangan eshikka, old tomoniga suratlar ishlab bordi. Bek uning rassomligiga qoyil qolib, maqtab borardi.
– Xotin, bu qizitalogʻingdan rassom chiqadiganga oʻxshaydi. Qarqunoqdan bulbul chiqibdi, deb shuni aytadilar-da.

Bolaning qoʻlidagi qalam oʻlgurning uchi poʻlatdanmi, nima balo, chizgan joyini qiradi. Bola mashina devorini emas, Qosimjonning yuragini qirayotgandek. Ichi kuyib ketyapti. Goʻrni bir nima deb boʻladimi. Qaytaga uni maqtaydi.
– Obbo azamat-e, maktabda rasmdan besh olsangiz kerak, a?

Bola yoʻlda ikki marta xarxasha qilib, morojenoe oldirdi. Ikkalasida ham Qosimjonning oʻzi tushib olib chiqdi. Xotinning pochchasinikiga ham borishdi. Ular kirib ketishganicha bir osh pisharli vaqtda chiqishdi. Yana yoʻlga tushdilar.

Kechga yaqin xoʻjayinlarni uylariga keltirib qoʻydi-yu, to zinadan chiqib ketgunlaricha Erkinni kuldirish uchun har xil qiliqlar qilib turdi.

U endi kabinaga kiraman deb engashgan ham ediki, militsioner osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, oldida paydo boʻldi. Guvohnoma soʻradi. Qosimjon yonini kovlayotganda, militsionerning qoshlari chimirilib ketdi.
– Shoshmang, shoshmang, bitta «huh» deb yuboring-chi.

Ana shundan keyin nima boʻlsa boʻldi. Militsioner uni obormagan joyi qolmadi. Mast shofyorlarni tekshiradigan joyga oborib, stakanga «huh»latib ham koʻrdi. Guvohnomasini olib, rulga yaqinlashtirmay, orqaga oʻtqazib, oʻzi kichkiia «Chayka»ni haydab uyiga opkelib qoʻydi..

Singlisi ham, kuyovi ham suzib keltirilgan oshga qoʻl urmay, xavotirda oʻtirishgan ekan. Xotini boʻlsa, mashina pachaq-pachaq boʻlganu, erim oʻlikxonada qonga belanib yotibdi, deb oʻylab koʻngli ozib divanda yotardi. U erining tovushini eshitib, arang boshini koʻtardi:
– Qayoqda edingiz?

Qosimjonning tili kalimaga kelmadi. Dir-dir titrardi. Oxiri, ikki-uchtagina gapni bir amallab ogʻzidan chiqardi:
– Ajdarning ogʻzida edim. Ammo, kerakli ajdar, xotin.

Bosh ogʻrigʻi

Iskandarov boshqarmadan eshitadiganini eshitdi. Olib kelgan hujjatida yana xato. Ikki yuz oʻttiz ming oʻrniga ikki yuz oʻttiz yozilibdi, Hujjatga qoʻl qoʻyayotganda yaxshi qaramagan ekan. Mana, boshqarma plan boʻlimida uni rosa qizartirishdi.

Hozir Iskandarov mashinada oʻzidan oʻzi mingʻillab sekretar qizning goʻriga gisht qalab kelyapti. Undoq qilaman, bundoq qilaman, bunaqa sekretarning boridan yoʻgʻi. Boʻshataman...

U tajang bir qiyofada idoraga kirdi. Mashinka shiqillatib oʻtirgan sekretar qizning betiga ham qaramay, kiring, deb oʻtib ketdi.

Oʻzini kresloga tashlab, stolni chertib, asabini bosmoqchi boʻlib turganda lablari qip-qizil, beli supurgining boylangan joyidek ingichka, ikki qulogʻiga oftobni uzib olib qoʻygandek yaltiroq zirak taqqan, joʻxori popugidek mayin sochli bir qiz kirdi. U sekretar edi. Iskandarov unga xoʻmrayib qaradi. Sekretar qiz koʻzlarini suzib, bir-ikki marta kiprik qoqdi. Tavba. Iskandarovning shu paytgacha razm solmagaiini qarang-a, kiprik ham shunaqa uzun boʻladimi? Har kiprik qoqqanda ikki yuzini berkitib qoʻyadi-ya.

Iskandarov bir necha daqiqa unga mahliyo boʻlib turdi-da, oʻzini bosib oldi. Boyagi jahli yana taniga qaytib keldi. Endi qizning betiga emas, polga qarab gapirishga chogʻlandi. Nima balo boʻldi-yu, koʻzi chalgʻib sekretar qizning ignadek poshnasiga, undan keyyn ilon poʻstiga oʻxshash noskisiga koʻzi tushdi. Yana jahli oʻlgur allaqayoqqa qochib ketib, yuziga bilinar-bilinmas tabassum yugura boshladi, Iskandarov bir seskanib, yana hushini yigib oldi. Endi u deraza tarafga qarab gapga chogʻlandi.

Deraza oynasidan yana qizning chehrasi namoyon boʻldi. Beixtiyor dilidan «beli, yelkalari deraza oynasidan shundoq koʻrinsa, toʻgʻri qaraganda qandoq boʻldi ekan» degan fikr oʻtdi.

Ochiq derazadan kirgan mayin shamol qizning prichyoskaga soʻz bermagan ikki tola sochini boʻyniga, tomogʻining tagiga, yarim dekolte koʻkragiga tekkizib oʻynardi.

Iskandarov bir necha minut tabiatning bu moʻ‘jizasiga lol qarab qoldi. Gapiray desa, tildan qolganga oʻxshaydi, xoʻmrayib qaray desa, yuzidagi tabassumni yigʻishtirib boʻlmaydi.

Erkak odam ancha irodali boʻladi. Iskandarov ham bor kuchini yigʻib, oʻrnidan turdi. Zarda qilib, burchakka bordi-da, ikki qoʻlini orqasiga qilib oʻgirilib oldi.

U shu turishicha qancha turganini aniq bilmaydi. Qiz yoʻtaldi. Bay bay uning ovozi. Bu ovoz uni yana seskantirdi. Nazarida qiz sekin kelib ikki koʻzini berkitib oladigan, oynami, taroq deydiganga oʻxshab shoshib oʻgirilib oldi.

Shu alfozda yarim soatdan ortiq Iskandarov goh seskanib, goh qaltirab, goh gʻazabu, goh tabassum bilan mushuk-sichqon boʻldi.

Oxiri sekretar qiz boshliqni yengganiga ishonch hosil qildi.
— Iskandarov aka, nimaga chaqirgan edingiz? – dedi.

Iskandarov nima deyishini bilmay, ozroq chaynaldi:
— Kecha boshim ogʻriyapti degan edingiz, qalay, endi durustmisiz?
— Haliyam jindek ogʻrib turibdi, Iskandarov aka.
Birdan Iskandarovning mehribonchiligi tutib ketdi.
— Siz gʻalati odam ekansiz-ku, sogʻliqni ehtiyot qilish kerak. Bunaqada dardga chalinib qolasiz. Boring, uyga borib dam oling. Bosh ogʻrigʻingiz bosilmasa, bir-ikki kun ishga chiqmasangiz ham mayli. Sogʻliq kerak, sogʻliq.

Qiz minnatdorchilik bildirib chiqib ketdi.

Ertasiga Iskandarov ogohlantirish oldi. Sekretar qiz otchyotni koʻchirganda, «boshqarma» oʻrniga «moshqarma» deb yozibdi.

Iskandarov yana gʻazabga keldi.

Bunaqa gʻazablarning koʻpini koʻrganmiz...

Sobiq oʻgʻri

Xoh qaridir, xoq yoshdir, ogʻziga ehtiyot boʻlishi kerak ekan. Hoshimjon qiziqib ketib bir ogiz gap aytdi-yu, baloga qoldi.

– Bolalik ekan, ota-ona yoʻq, bozorda bitta qovun oʻgʻirlab qoʻlga tushib qoldim. Militsnyada bir kun oʻtirganman. Esimga tushsa, hali-hali xijolat boʻlaman. Shunga ham qirq bir yil boʻpti.

Bor-yoʻgʻi boʻlgan gap shu. Suhbatdoshlar orasida bir ilmiy xodim oʻtirgan ekan. Qachon, qaerda, deb surishtirib qoldi.

Hoshimjon yaqinda pensiyaga chiqqan. Oʻttiz yil oʻqituvchilik qildi. Axir u uncha-muncha oʻqituvchi emas, xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi. Eng kamida ikki-uch ming bolani oʻqktgan. Uning talabalaridan necha fan kandidati, nechalab injener, doktor chiqqan.

Uch-toʻrt kundan keyin Hoshimjonnikiga oʻsha ilmiy xodim keldi. Bola tarbiyasi va qonun degan mavzuda ezilib gaplashpb oʻtirishdi. Gap orasida u Hoshimjondan:

– Militsiya qoʻliga tushib chiqqaningizdan keyin oʻzingizga qanday xulosalar chiqargansiz? – deb soʻrab qoldi.

Hoshimjon nima deyishini bilmay, birpas chaynaldi. Keyin javob qildi:

– Bu gapga qirq yildan oshgan. Hozir esimda yoʻq qanaqa xulosa chiqarganim.

– Har holda, – dedi ilmiy xodkm.

– Har holdami? Har holda oʻzimga tegishli xulosa chiqargan boʻlishim kerak. Oʻshandan keyin qovun yemaydigan boʻlib ketganman.

– Demak, militsiyaning tarbiyaviy rolini inkor qilmaysiz?

Hoshimjonning gʻashi keldi, shundoq boʻlsa ham, ha, albatta, dedi.

Shu bilan gap tamom boʻldi. Ammo oradan sal kun oʻtib, uyiga bir taklifnoma keldi. Unda «Hurmatli Hoshimjon Olimjonov, bilim yurti talabalari bilan uchrashuvga kelpshingiznk iltimos qilamiz» deyilgandi.

Bunaqa joyga, yana manavinaqa taklifga yoʻq deb boʻlarmidi. Hoshimjon soqoliii qirtishlab, yaxshi kostyumini kiyib, yetib bordi.

Bilim yurti klubiga odam sigʻmaydi. Eshikda «Teletsentr» deb yozilgan avtobus. Ichkarisida projektorlar, kinooperatorlar...

Hoshimjonni minbarga taklif qilishdi. Qarasa, tunov kungi ilmiy xodim yuqorida oʻtiribdi. Bunga ham Hoshimjon hayron boʻlmadi, oʻtirgan boʻlsa, oʻtirgandir-da, deb qoʻya qoldi. Ammo u minbarga chiqib, gap boshlaganda, hayronlikdan ogʻzi ochilib qoldi. Ilmiy xodim berilib, ovozini goh baland, goh past qilib gapirardi:

– ...Mana, qarshingizda sobiq jinoyatchilar, yoʻltoʻsarlar, mayda oʻgʻrilar...

Hoshimjonning koʻzi tinib ketdi. Gapning davomini eshita olmadi. Chunki qulogʻi shangʻillab, boshi aylanib ketgandi. Ilmiy xodim davom etyapti:

– Ammo bu jinoyatchilar bizning yordamimizda qayta tarbiyalangan, jamiyatimizning ongli grajdanlariga aylangan...

Hoshimjon holdan toydi. Qanday qilib yigʻin tugaganini, qanday qilib uyiga kelganini bilmaydi.

Oradan uch kun oʻtib, televizor koʻrib oʻtirsa, birdan tunov kungi ilmiy xodim chiqib qoldi. U yana oʻsha gapni qaytarar uchrashuvda olingan kinolentani qoʻyib, «sobiq oʻgʻrilar»ning basharasini koʻrsatardi.

Hoshimjon yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. Chunki yonida ikki nevarasi, kelini oʻtiribdi. Undan tashqari, necha minglab shogirdlari shu topda «sobiq oʻgʻri» ustozlarini koʻrib oʻtirishgandir...

Shu gapdan buyon oradan sakkiz oy oʻtdi. Oʻsha ilmiy xodim fan kandidati degan ilmiy darajaga sazovor boʻldi.

Bu gaplardan uni kandidat qilgan «sobiq oʻgʻri»ning xabari yoʻq edi.

Paypoq

Orifjon shu trestga ishga oʻtgandan beri xotinidan tinmay gap eshitadi. Trest boshligʻi serulfat odam ekan. Har kuni ishdan keyin Orifjonni mashinaga oʻtqazib, shahardan tashqariga opchiqib ketadi. Soya-salqin choyxonalarda oshxoʻrlik qilishib, qosh qorayganda javob beradi.

Albatta, bu xil oʻtirishlarda hadeb boshliqqa sarf qildiraverish insofdan emas. Xotinining kunlik beradigan obed puli oʻzidan ortmaydi, tekin yeyaverishga Orifjonning yuzi chidamaydi.

Orifjon xotiniga bildirmay yordam kassasidan uncha-muncha pul oladigan boʻldi. Ikki marta maosh ustidan avans ham oldi. Har kuni, oʻldim deganda, oʻn besh soʻm sarf boʻlaversa, pul chidaydimi?

Boshliq-ku, Orifjonni unchalik xarj qilishga qoʻymaydi. Ora-sira uyiga chaqirib ziyofat ham qilib qoʻyadi. Shundoq boʻlgandan keyin Orifjon ham uni uyiga chaqirmasa, uyat boʻladi-da!

Boshliq birinchi kelganda juda mamnun boʻlib ketdi. Bir haftagacha: «Bay-bay-bay-, kelinning mantisi, hali ham mazasi ogʻzimda turibdi-ya» deb, tamshanib yurdi.

U hadeb shundoq deb turganda Orifjon indamasa odamgarchilikka kirmaydi, albatta:

– Yana tashkil qilamiz, – devordi.

Shu gapni deyishga dedi-ku, qandoq qilib xotiniga aytishini bilmay, bir-ikki kun chaynalib yurdi. Oxiri xotini ochilib-sochilib turganda aytdi. Xotinining tepa sochi tikka boʻlib ketdi.

– Qandoq sulloh odam u? Yeydiganini yeb ketdi! Yana nima deydi?

Orifjon xotinini bosib qoʻydi:

– Undoq dema, xotin! Xoʻjayin narsa. Aytganini qilmasak boʻlmaydi. Yaqinda maoshi ikki baravar koʻp ishga oʻtkazmoqchi. Sen mantini boplayvergin, buyogiga xudo xohlasa oshigʻimiz olchi boʻlib ketadi.

Xotini undoq desa, mundoq dedi, mundoq desa, undoq dedi, xullas, bir gal mantiga koʻndirdi. Ammo bitta shart bilan. Ziyofat xarjini Orifjonning oʻzi topib kelishi kerak. Roʻzgʻorga ajratilgan mablagʻga tegish yoʻq.

Obbo! Yordam kassasidan qarz boʻlsa, moyana ustidan ikki marta avans olgan boʻlsa, bu yogʻini qaydan topadi?

Orifjon oʻylab-oʻylab, birovdan qarz koʻtaradigan boʻldi. Oʻtgan moyanadan oʻn toʻrt soʻm, yordam kassasidan olgan puldan sakkiz soʻm, avans puldan yetti soʻmi bor. Hammasi boʻlib yigirma toʻqqiz soʻmni paypogʻiga yashirib qoʻygan. Toleiga Orifjonning oyogʻi andek islanib turadi. Ikki kun paypogʻini yangilamasa, uyga pashsha toʻlib ketadi.

Ana, shuning uchun ham er-xotin kir yuvish ishlarini oʻzlari boʻlib olishgan. Orifjon paypoqni oʻzi yuvadi, boshqa kirlar xotinining boʻynida. Paypoqqa xotin qoʻl urmaydi. Pul yashirishga paypoqdan yaxshi joy yoʻq.

Orifjon xotindan yashirib, paypoqda saqlab yurgan pullarini shu ziyofatga ishlatmoqchi edi, yangi gap chiqib qoldi. Yigirma oltinchi kuni boshliqning tugʻilgan kuni emish. Idorada hamma uch soʻm-uch soʻmdan qilib pul yigʻishyapti. Soat taqdim qilishar emish. Orifjondan pul olishmadi.

– Siz boshliqqa qadrdon odamsiz, oʻzingiz kattaroq sovgʻa qilasiz.

Endi nima boʻladi? Orifjon paypoqdagi pulga sovgʻa oladigan boʻlsa, ziyofat uchun birovdan qarz koʻtarishi kerak. Shunday qildi. Bir oshnasidan ikki hafta muhlat bilan yigirma besh soʻm qarz koʻtardi. Ikkita konyakdayoq pulining rangi oʻchib ketdi. Shu puldan ham uch soʻm qayirib, paypoqqa urdi. Goʻsht-yogʻ roʻzgʻordan chiqdi.

Boshliq yolgʻiz kelmadi. Ikki oshnasini ergashtirib keldi. Orifjon bilan boʻlib toʻrt kishiga ikkita konyak nima boʻladi? Jiyanini chiqarib, magazindan yana bir shisha uch yulduzligidan oldirib keldi.

Ammo kelin mantini yana boplabdi. Boshliq har gal mantini ogʻziga solayotganda kelinning pazandaligini maqtab, Orifjonning qoʻli ochiqligini ta’riflab turdi.

Yarim kechada mehmonlar tarqashdi. Ular ketishayotganda Orifjon eshikkacha kuzatib chiqdi.

– Juda erta ketyapsizlar-da, bir siqimgina osh qilmoqchi edik. Keliningiz oshni qiyvoradi-da.

Boshliq mashinaga oʻtirar ekan, samimiy minnatdorchilik bildirdi:

– Oshni kelasi gal yeymiz. Xoʻpmi? Xafa boʻlmang, albatta kelamiz.

Orifjon ham oʻzini tutolmadi. Boshliq shundoq deb turgandan keyin aniqroq bir gap aytish kerak.

– Bitta osh ekan-ku, kabobiga ham tayyormiz. Ammo qachonligini aytib aniq va’da berib ketasizlar.

Boshliq orqa kabinada oʻtirgan oshnalariga qaradi:

– Kelasi oddixga vaqtlaring qalay? Mening vaqtim bor.

Oshnalar, ixtiyor sizda deyishdi. Shundan keyin mashina gurillab joʻnab ketdi. Mashina ketdi-yu, shu ketishida yana bitta ziyofatning va’dasini ham olib ketdi. Orifjon peshanasiga bittani urdi.

– Laqma boʻlmay oʻl! U gapirganda sen tinch tursang oʻlarmiding? Bu yogʻini xotinga qandoq tushuntirasan?!

U oʻziga, hay mayli, kelasi oddixgacha nima gapu nima soʻz, bu yogʻi keyin ma’lum boʻladi, deb uyga kirib ketdi.

Mehmon kelgan uy, albatta, ivirsimay iloji yoʻq. Hovlining hamma yogʻida papiros qoldiqlari, qogʻoz parchalari. U yoqda kir sochiq, bu yoqda yuviqsiz idish-tovoq. Orifjon oʻzini mastlikka solib, darrov yota qoldi. Ertalab ishga ketayotganida karavotning tagiga qarasa, xotini yangi paypoq qoʻyibdi.

– Xotin, paypogʻim qani?

– Paygyugʻingiz qursin, bijgʻib ketibdi, otash kurakka qisib, koʻchadagi axlatga opchiqib tashladim.

Orifjonning darmoni qurib, oʻzini yostiqqa tashladi. Birdan hovliqib, ich koʻylakda koʻchaga yugurdi.

Axlat mashinasi endi joyidan qoʻzgʻalgan ekan. Qarasa, qoʻshnisi ham ich koʻylakda mashina ketidan chopib ketyapti. Yetolmadi. Mashinaga yetib boʻladimi? Orifjon hafsalasi pir boʻlib, ostonaga oʻtirib qoldi. Qoʻshnisi halloslab qaytib keldi. Orifjon sir boy bermay, boʻshashgancha qoʻshnisidan soʻradi:

– Nima gap, tong saharlab mashina quzib yuribsiz?

Qoʻshni peshanasiga shatillatib bir tushirdi.

– Meni xudo urib qoldi! Birovga aytmangu, paypoqqa ikki yuz ellik yashirgan edim, bolalar axlatga tashlavorishibdi.

Orifjonning ichida bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Xayriyat, buniki atigi oʻttiz ikki soʻm edi, qoʻshnisinikiga urvoq ham boʻlmaydi.

Ikki qoʻshni bir-birlariga qarab, ranglari qum oqarib, indayolmay turishardi. Bu payt axlat mashinasi ikkovining ikki yuz sakson ikki soʻmlarini noma’lum tarafga olib ketardi.

Oshqovoq, 2

Homidjonovni yangi tuzilgan bir tashkilotga boshliq qilib yuborishdi.

Yangi tashkilot boʻlgandan keyin kamchiligi koʻp. Mayda-chuyda kamchiliklar Homidjonovning koʻziga koʻrinmadi. Ammo mashinasi yoʻqligi uni koʻp qiynab qoʻydi.

Yangi idoraga oʻtgan kuni eski idorasi izzat-hurmat bilan mashinada opkelib qoʻydi. Odamlar bilan tanishdi, kabinetlarni aylandi, telefonlarning qulogini koʻtarib puflab koʻrdi, poʻlat sandiqning ichini ochib qaradi. Yangi ekan, boʻyoq hidi dimogʻiga urilib yayratdi. Bufetchi ustiga sochiq yopilgan tarelkada kotlet opkirdi, maza qilib yeb, ustidagi sochiqqa lunjini artdi.

Xullasi, yangi idorada tartib joyida. Kamchiligi, noliydigan joyi yoʻq.

Biroq, ishdan qaytadigan paytda eski idoraning qadri bilindi.

Homidjonov yigirma yildan beri piyoda yurmagan. Qaysi tramvay qayoqqa borishini bilmaydi. Qaysi avtobusda qayoqqacha borib, qaerda tushib qolish kerak?

Homidjonov tavakkaliga duch kelgan tramvayga chiqdi. Tramvay vokzalga oborib tashladi. Homidjonov yarim soat dovdirab avtobusga tushdi. Avtobus uni Qoʻyliqqa oborib qoʻydi. Yana tramvayga chiqdi. Bu gal Chilonzorda tushdi. Yana trolleybusga chiqdi. Trolleybus bozorga tashlab, oʻtib ketdi.

Undan bunga, bundan unga chiqdi. Chiqdi, tushdi. Qoq yarim kecha boʻldi. Yonidagi pullar tramvay-trolleybuslarda tamom boʻldi. Tramvaylar, avtobuslar parkka kirib ketishdi. Shahar jimib qoldi. Koʻchada Homidjonov bilan militsionerlar qolishdi.

Endi nima qilish kerak, uyga telefoy qilib xotinidan adresini, qaysi avtobusda uyga yetib kelishini soʻray desa, avtomat telefon uchun yonida bir tiyin ham qolmapti.

Odamzodning boshiga ish tushsa, aqli kiradi deganlari rost ekan. Homidjonovning ham shu topda kallasi ishlab qoldi. Adresini yonidagi pasportiga qarab bilsa-ku boʻladi. Shu gap esiga kelmaganini qarang-a.

U shunday qildi. Pasportini chiroqqa solib qaradi.

Oshqovoq, 2.

Homidjonov Oshqovoq koʻchasini militsionerdan soʻradi.
– Nechanchi uy? – dedi militsioner.
– Ikkinchi uy, ikkinchi,– dedi Homidjonov.
– E, omon boʻling, mana ikkinchi uy. Uyingizning orqa tarafida turibsiz-ku.

Muni qarang-a, yigirma yildan beri shofyor tushmagur uyning orqa tarafidan biron marta ham olib kelmagan ekan-a. Axir Homidjonov shu bugun bu uy oldidan eng kamida yigirma marta oʻtdi. Bilmaganini qarang.

Militsioner kuldi:
– oʻtkazib qoʻyaymi, yo oʻzingiz oʻtib olasizmi?

Homidjonov jiddiy javob qildi:
– Baraka toping, oʻtkazib qoʻyganingiz ma’qul, yana adashib ketmay.

Homidjonov ertasiga ishga borolmadi. Kuni bilan oyogʻi ogʻrib, divanda yotdi.

Nomi yoʻq toʻy

Asadullo Maxsumning oʻrtancha oʻgʻli Sayfullo kecha qamoqdan keldi.

Ishdan kelsam koʻcha muyulishida besh-olti qoʻshnim toʻplanishib turishipti.

– Qayoqda yuribsiz, qoʻshni, darrov u-bularingizni tashlab chiqing. Maxsum akadan koʻngil soʻrab qoʻyamiz.

Hayron boʻldim, nima deb koʻngil soʻraymiz? oʻgʻli armiyadan, yo biron xayrli joydan kelmagan boʻlsa, nimasini soʻraymiz?

– E, boʻling, birrov kiramizu chiqamiz.

Mahallachilik, eldan qolib boʻlmaydi. Kirdik. Hovlidagi soʻrilarga joy qilingan. Ichkari uyda qariyalar. Ayvonda Maxsumning yor-birodarlari. Bitta soʻri boʻsh. Nazarimda artistlar ham aytilgan boʻlishi kerak.

Oldiga sholcha tutilgan burchakdan Isa oshpazning boshi koʻrindi. Behi shoxiga yangigina boʻgʻizlangan qoʻy orqa oyogʻidan osib qoʻyilibdi. Maxsumning qamoqdan kelgan oʻgʻli boshiga yangi surma rang doʻppi kiyib, kelgan-ketganlarga qoʻl qovushtirib yuripti.

Buni qarang-a, toʻrt yil ham koʻz ochib yumguncha oʻtib ketibdi. Maxsumning shu oʻgʻli istirohat bogʻida mast boʻlib, bir shofyor bolani pichoqlab qoʻygan edi. Maxsum u yoqqa yugurib, bu yoqqa yugurib, pichoq yegan bolaning tanishini topdi, ota-onasiga odam yubortirdi. Xullas, bolasi tirik qolganidan shukur qilgan ota, da’vo qilmaysan, deb oʻgʻliga qasam ichirdi. Baribir da’vogar kechsa ham hukumat kechmas ekan. Sayfullo toʻrt yilga kesildi. Mana, shu toʻrt yil bir piyola choy ichguncha oʻtdi-ketdi.

Tinmay odam kelib turipti. Quyuq-suyuq ovqatlar tortilyapti.

Dasturxonga shisha oralab qoldi. Kontsertini tugatib, kech boʻlsa ham artistlar yetib kelishdi. Keksalar oʻtirgan joyda stol tagidan piyola uzatila boshlandi. Yoshlar jiringlatib «jabrdiyda», «chaquvdan qamalgan» bolaning salomatligiga icha boshladilar.

Ashula avjga chiqdi. Uncha-muncha kayf qilganlarning ovozi koʻtarila boshladi. «Chaquvdan qamalib kelgan» bolaning oʻzi oʻyinga tushdi.

Keyingi paytlarda toʻymi, azami, baribir nutq soʻzlaydigan odamlar paydo boʻlib qolgan. Bu yigʻin ham shunday boʻldi.

Soch oʻstirgan bir yigit ryumka koʻtarib, oʻrtaga tushdi. Hayron boʻldim, u nima deyishi mumkin? Toʻy boʻlsa, kuyov bilan kelinni tabriklardi, imenina boʻlsa toʻy egasini tugʻilgan kuni bilan tabriklardy. Chaqaloq toʻyi boʻlsa, unga umr tilardi. Birovni pichoqlab, qamalib kelganning yigʻinida nima deyishi mumkin?

– Hurmatli birodarlar, mana shu tabarruk uyning tabarruk dasturxoni ustida oʻtiribmiz. Oʻzingizga ma’lum, Toshkentda kuchli zilzila boʻldi. Bizning bozorkomimizga qarashli tochkalar ham ancha shikastlandi. Shu bilan demoqchimanki, aziz birodarimiz Maxsum akaning zurriyoti boʻlmish Sayfullo bozorkomning vayron boʻlgan tochkalarini tiklashga oʻz hissasini qoʻshadi, deb umid qilamiz. Shu qadahni Sayfulloning salomatligiga koʻtarishlaringizni soʻrab qolaman.

Ichadiganlar jarang-jurung qilib urishtirdi. Ichishdi. Har qaysi toʻda Sayfulloni yoniga chaqirib, alohida-alohida qadah tutishdi. Sayfullo tushmagur sogʻingan ekan, yoʻq deyish esidan chiqib, uzatganni olib yutaverdi. To osh tortilguncha Sayfullo qamoqqa ketishdan oldingi holiga keldi qoʻydi.

– Vey, vey, qamoqqa yigitning guli tushadi. Ish bilgan odam har yerda ham nonini topib ketaveradi. Istalovoyga zavidish boʻldim. Ha, oʻshatdayam tortib turdik. Ha, doʻst!

U dovdirab, aljirab hovlida charx urib yurardi. Birdan mahalla komitetining raisiga koʻzi tushib qoldi. Tepasiga kelib, ikki qoʻlini biqiniga tirab turib oldi. Xabarim bor, militsiya idorasi Sayfulloning axloqi toʻgʻrisida xarakteristika soʻraganda, u toʻgʻrisini yozib bergan edi. Sayfulloning esidan chiqmagan ekan.

– Vey, qoʻlingdan hemiri kelmadi-ku.

Mahalla yigitlari Sayfulloning tirsagidan olib, eshikka opchiqib ketishdi. Biz qoʻshnilar ham sekin oʻrnimizdan turdik. Chiqib kelayotganimizda Sayfulloni yoʻqlab kelgan, oʻziga oʻxshagan oshnalariga gap ma’qullardi:

– Vey, men, men istalavoyda zavidish...

Mana, shu voqeaga ham bir oydan oshdi. Sayfullosi tushmagur «shoʻx» bola emasmi, yozlik kinoning yonida bir juvonga erining oldida tegishipti. Toʻrtta odam guvoh boʻlib, oʻsha zahotiyoq militsiyaga olib ketishipti.

Shunda uning gaplari esimga tushib, ham achinish, ham istehzo bilan dedim:

– Yangi farmon chiqqan, endi istalavoyga zavidish boʻlmaydigan qilib olib ketishdi. Esonlik boʻlsa, yana besh yildan keyin uchrashamiz-da!

Birinchi muhabbat

Kampir skameykada oʻtiripti. Bir chol kiradi. Koʻzoynak taqib skameykadan oʻziga joy qidiradi.

Chol. Shu yerga oʻtirsam maylimi?

Kampir. Oʻtiravering, oʻtiravering, boboy.

Chol. Nega meni boboy deysiz. Sizdan yosh boʻlsam kerak, buvijon.

Kampir. Hech jahonda skameykani ham koʻzoynak bilan qidiradimi.

Chol. Shoshmang, shoshmang, kimsiz, ovozingiz juda tanish tuyilyapti.

Kampir. Anketa toʻldirmoqchimisiz. Otim Xadicha. Qoʻrgʻontagi mahallasidan boʻlaman. Mansurvoyning qiziman. Boʻladimi? Yo yana aytaymi?

Chol. E, boʻldi, boʻldi. Muni qara-ya, Xadichamisan. Voy-boʻ, tirik ekansan-ku.

Kampir. Nega meni senlaysiz. Oʻzingiz kim boʻlasiz?

Chol. Tanimadingmi-ya. Axir men oshiqu beqaroring Muqimjonman-ku. Otimni aytolmay Maqomjon deyarding-ku, endi esingga tushdimi?

Kampir. Maqomjonman, degin. Men seni inqilobdan oldin oʻlib ketgansan deb yurgandim. Muni qara-ya, tirik ekansan. Oʻlmapsan.

Chol. Nega oʻlaman?

Kampir. Koʻp chekarding-da, chilimni shundogʻam quldiratarding-ki...

Chol. Keyin popirisga oʻtgandim. Shoʻri-moʻri degan popiris chekardim.

Kampir. Haliyam oʻsha-oʻsha savodsizliging qolmapti. Shoʻri-moʻri emas, Chernoe More, deyish kerak.

Chol. Zidi menga bari bir, chekishni bundan qirq olti ypl oldin tashlab yuborganmai.

Kampir. Toʻqsonga kirmay adoyi tamom boʻpsan. Koʻzingda qoʻsh koʻzoynak, qoʻlingda hassa boʻlmasa beling mayishib ketyapti. Qulogʻingda apparat boʻlmasa yelkangda atom bombasini portlatsa ham bilmaysan.

Chol. Bunaqa tez qarimasdimu xotinim rahmatli yomon edi.

Kampir. Erkaklarning hammasi shunaqa. Begona xotinni koʻrsa darrov oʻzinikini yomonlaydi.

Chol. Voy-boʻ, shunaqa degin-a, ering omon-eson yuriptimi? Oti nima edi, ha, topdim, Orif qirriq, nospurush edi-ya?

Kampir. Bir marta nosvoy sotgani bilan nospurush boʻladi-qoladimi? Rahmatli bundan yetti yil oldin qazo qilgan. Uchta ordeni bor edi, kostyumiga qadab qoʻyganman. Senda nechta orden bor?

Chol. Xotinimning ikkita ordeni bor edi. Yaqinda qazo qildi. Xadicha, ke senam beva, menam beva, ikkovimiz haligidek topishib qoʻya qolaylik.

Kampir. E, gaping qursin, bema’ni. Nevaralarimga nima deyman, chevaralarimga nima deyman, quda-andalarimga nima deyman?

Chol. E, Xadicha, har kimning huzur-halovati oʻziga. Boshda xoʻp deganingda qoʻsh kabutar boʻlib yurardik.

Kampir. Boʻshashgan sovchilarni yuborgansan-da, Maqomjon.

Chol. Hecham boʻshashgan emas edi-da, Yuborgan sovchilarimni dadang tayoq olib quvlagan.

Kampir. Opqochib keta qolsang oʻlarmiding.

Chol. Kambagʻallik oʻlsin. Qandoq opqochaman. Opqochib qandoq boqaman. Eshak bilan qayoqqa opqochardim.

Kampir. Bu yerda nima qilib ivirsib yuribsan?

Chol. Bitta nevaram Arabistonda tarjimon, bittasi Kubada. Oʻshanisi «Buvajon bitta izvesnoy suvratingizni yuboring» deb yozvoripti. Suvrat oldirgani keluvdim.

Kampir. Haliyam savodsizliging qolmapti, Maqomjon. Izvesnoy emas, svetnoy deyish kerak, bildingmi? Suvrat oldiraman desang shu yerga kelasanmi? Axir bu suvratxona emas, pensiyani oshiradigan sabis. Pensiyam oʻzimga yetib turgan edi. Pochtachi qiz, buvijon, sabisga borib knijkangizni oling, pensiyangiz oshgan dedi. Shunga keluvdim.

Chol. Bu joy sabis emas, suvratxona.

Kampir. Yoʻq, sabis.

Chol. Kim bilan gaplashayotganingni bilib qoʻy. Oldingda mehnat qahramoni, veteran Muqimjon oʻtiribdi.

Kampir. Voy, buni maqtanishini qaranglar, bitta sen qahramon boʻpsanmi. Mana, menam «Qahramon ona»man. Maqtanmayapman-ku!

Chol. Shunaqa degina. Menga qara Xadicha, ke ikkovimiz haligidek topishib qoʻya qolaylik. Qoʻsh qahramon boʻlib yuramiz.

Kampir. E, qoch-e, bemaza, gapingda tuz degan narsa yoʻq.

Chol. Shahlo koʻzlaring koʻzimga uyqu bermasdi. Qalamdek qoshlaring yuragimga xanjardek sanchilardi. Qani qoshlaringni koʻray. (Qaraydi). Iya, qosh qani, rasvo qipsan-ku! Naqsh olmadek yuzlaring meni jinni qilardi. Qani yuzlaringni bir koʻray. (Qaraydi). Yuz qani? Shaftoli qoqining oʻzi boʻpqopti-yu...

Shu payt begona yigit oʻtib qoladi.

Yigit. Nima qilib jiqillashyapsizlar?

Kampir. Pensiya masalasida kelgandim.

Chol. Suvrat oldirgani keluvdim.

Yigit. E, omon boʻlinglar, bu yer suvratxona ham emas, sabes ham emas.

Kampir. Boʻlmasam nima bu yer?

Yigit. Bu yer ZAGS.

Chol. Xadicha, xudoning mehribonchiligini qara. ZAGSga oʻz oyogʻimiz bilan kep qopmiz-ku. Yur roʻyxatdan oʻtib chiqa qolaylik.

Kampir. E, bor-e, yoʻq, qarib quyilmagan bemaza chol.(Ikki bukilib qaltirib chikib keta boshlaydi).

Yigit. Kampiringizmi, boboy, arazlab qoldilar-ku.

Chol. Kampirim boʻladigan edi, boʻlolmay qolgan. (Kampirning orqasidan– ) Sambitdek qomatlaringga Muqimjon akang girgitton! Bir kun emas bir kun ishqingda ado boʻlaman. Yetmish yildan beri tushlarimga kirasan, bevafo Xadicha. Yuragim kuyib ketyapti. Oʻrtanib ketdim-ku, bevafo!

Yigit. Bir piyola muzdekkina «Toshkent suvi» quyib beraymi?

Chol. Mayli, bolam. Yoʻq, qoʻy, anginam tutib qolmasin.

Yigit. Iya, anginangiz bormi?

Chol. Anginaning oʻzi boʻlsa ham mayliydi-ya astmam ham bor. Mana shu xotin meni ado qilgan.

Yigit. (zalga qarab). Birinchi muhabbat sut bilan kirib jon bilan chiqadi, deyishgani rost ekan.

Chol. (qulogʻidagi apparatni tuzatib unga yaqin keladi). Nima deding, sut dedingmi? Mayli, qaynoqqina boʻlsa, mayli.

Sinovchi ichuvchi

(Qoʻlida mikrofon bilan radio muxbiri kiradi)

Muxbir. Hurmatli radiotinglovchilar. Biz shahrimizniig yirik korxonalaridan biri boʻlmish vino zavodining maza koʻrish, ya’ni yangi vinolarning sifatini aniqlash tsexidamiz.

Shu payt oldiga kleyonka fartuk tutgan, burni qip-qizil kishi uning oldiga oʻtadi.

Mumkinmi, oʻrtoq? Bir minutga mumkinmi? (Kishi toʻxtaydi, unga qoʻl uzatib koʻrishadi). Kechirasiz, oʻzlari shu yerda ishlaydilarmi?

Kishi. Ha, bu zavodda mendan eski usta yoʻq. Qirq yildan beri ishlayman. Zavod birinchi mahsulot chiqarganda oʻzim sinaganman.

Muxbir. Gapingizga tushunmadim. Nimani sinagansiz?

Kishi. Men zavod chiqazgan vinolarning birinchi bochkasini ochib, ta’mini koʻrib, sifatini aniqlaganman.

Muxbir(mikrofonga). Aziz radio tinglovchilar! Har bir korxonaning mahsuloti sifatini aniqlaydigan oʻz sinovchilari boʻladi. Masalan: yangi samolyotni birinchi uchirib beradigan uchuvchini sinovchi uchuvchi deydilar, yangi avtomashinani birinchi yurgʻizib beradigan shofyorni sinovchi haydovchi deydilar. «Mana, qarshimizda turgan barvasta qomatli, qarashi burgut nigohini eslatadigan, butun vujudidan kuch, gʻayrat, sadoqat, vafo sezilib turgan kishi mana shu zavodning sinovchi ichuvchisidir. Shundaymi?

Kishi. Albatta. Men zavodning starshiy sinovchi ichuvchisiman.

Muxbir. Oʻz ishlaringiz, muvaffaqiyatlaringiz toʻgʻrisida radio tinglovchilarga ikki ogʻizgina gapirib bersangiz.

Kishi. Jonim bilan. (Mikrofonni uning qoʻlidan oladi.) Qirq yildan beri sinovchi ichuvchiman. Men ichib koʻrmasam, bu zavoddan bir tomchi ham vino, araq darvozadan tashqariga chiqmaydi. Men ichib, sifatini aniqlab berganimdan keyin shishalarga quyilib magazinlarga chiqaziladi.

Muxbir. Kechirasiz, kuniga qancha vinoni sinab koʻrasiz?

Kishi. Har kuni zavodimiz yigirma toʻqqiz bochkadan shishalarga vino quyadi. Demak, yigirma toʻqqiz bochkaning har biridan yuz grammdan ichib koʻrsam, kuniga ikki litru toʻqqiz yuz gramm ichib koʻrarkanman.

Muxbir. Kunli ichish normangiz...

Kishi. Ichish demang, sinash, deng.

Muxbir. Kechirasiz, demak, kunli ichib sinab koʻradigan vinolaringiz salkam uch litr boʻlarkan-da.

Kishi. Ba’zan oshib ham ketadi. Chunki shunday bochkalar boʻladiki, undagi vinolar sifatini aniqlash ancha qiyin boʻladi. Ana oʻshanday paytlarda ikki-uch martalab sinashga toʻgʻri keladi. Koʻpincha savdo tashkilotlaridan iste’molchilarning shikoyatlari asosi-da bizga qogʻoz kelib turadi.

Muxbir. Bu gapingizga tushunmayapman. Radio tinglovchilarga ochiqroq qilib gapirib bersangiz.

Kishi. Ochigʻi shuki, raypishchetorglarning iskaladlarida vinoni oʻzlari ichib, kamiga suv qoʻshib qoʻyish hollari ham boʻlgan. Ana shunda shishalarni doʻkonga borib ochib sinab koʻrish vazifasi mening zimmamga tushadi. Shunday paytlarda kuniga ikki yuz shisha sinab koʻrgan paytlarim boʻlib turadi.

Muxbir. Kechirasiz, Siz juda mas’uliyatli vazifani bajararkansiz. Oʻz oʻrningizga shogird tayyorlash masalasida oʻylab koʻrganmisiz? Axir kadr masalasi jiddiy masala.

Kishi. Oʻylab koʻrganmiz. Shogird masalasi qiyin boʻlyapti. Bir necha bor yoshlarni olib kelib, yonimda olib ishlatib yurdim. Bu yigitchalar ikky kunga chidamay, yiqilib qolishyapti. Ba’zilari biripchi kuniyoq hushyorxonaga tushishyapti. Xayriyat, hushyorxonada mening shogirdim ekanligini bilib qolishib, mashinada uyiga oborib qoʻyishadi. Aktni ham xizmat yuzasidan ichgan, ichish uning kasbi, deb yozib qoʻyishadi. Shunday qilib, shogird masalasida juda qiynalganman. Hozir oʻninchini bitirgan bir bolani shogirdlikka oldim. Hozircha durust. Hozir oʻzini chaqiraman. Mahamatka! Ho, Moʻnka!

(Soch-soqoli oʻsib ketgan, shirakayf stilyaga bola kiradi.)

Mana shu yangi shogirdim. Kelganiga bir hafta boʻldi, chidayapti. Toʻgʻri, birinchi kuni yiqilib qolgan edi, ertasiga bemalol uyiga oʻzi ketdi. Qanchadan sinayapsan, bola?

Mahamat. Kuniga bir litrdan oshiryapman.

Kishi. Durust. Bu kelajakda mening oʻrnimni bosadi.

Muxbir. Demak, oʻrinbosaringiz bor?

Kishi. Mahamatka, endi sen ishingga bor. (Mahamat ketadi.)

Muxbir. Ayting-chi, zavodda qirq yildan beri ishlasangiz, umumiy sinagan vinolaringizning miqdorini aytib bera olmaysizmi?

Kishi. Hammasini aytolmayman. Ammo oʻzim ichganlarimning har yuz grammini yuz litrga chaqsangiz ham men ichganim ma’lum boʻladi. Masalan, men kuniga uch litrdan oshiq ichgan boʻlsam, shu uch litrdan ortigʻini hisoblamay, ularni dam olish kunlari hisobiga oʻtqazib, har yilning uch yuz oltmish kuniga soching, qancha boʻladi?

Muxbir. Yiliga bir ming sakson litrdan ichib, sinagan boʻlasiz.

Kishi. Ha, balli. Yiliga shunchadan boʻlsa, men bu zavodda qirq yildan beri ishlayman. Endi shu ming sakson litrni qirqqa koʻpaytiring. Qancha boʻladi?

Muxbir. Qirq uch ming ikki yuz litr boʻladi. Mana shu qirq uch ming ikki yuz litr necha bochka boʻladi?

Kishi. Har bochkaga yuz litrdan sigʻadi. Bu yogʻini ham oʻzingiz bir hisoblab chiqing-chi.

Muxbir. Toʻrt yuz oʻttiz ikki bochka boʻlarkan. Voy-boʻ, bir oʻzingiz toʻrt yuz oʻttiz ikki bochka vinoni ichvordingizmi?

Kishi. Ha, albatta. Bu bizning vazifamiz. Oʻz kasbimizga kamoli ixlos qoʻyganimizdan, shu kasbga muhabbatimiz zoʻrligidan muvaffaqiyat bilan oʻz ishimizni davom ettirib kelyapmiz.

Kishi. Aytadigan gaplarim koʻp. Ammo bugun qirq bochka sinashim kerak. Shuning uchun qolgan gaplarni keyingi suhbatda aytib beraman.

Muxbir. Yana bir minut vaqtingizni olaman. Oila a’zolaringiz va ularning kasblari toʻgʻrisida ham aytib bersangiz.

Kishi. Jonim bilan. Katta qizim tikuvchilik fabrikasida sinovchi kiyuvchi boʻlib i1shmshdi. Fabrika chiqazgan jamiki kiyimlarni birinchi boʻlib uch-toʻrt kun kiyib beradi. Koʻylak, kostyum, ich koʻylak, keyin, manavu yerida tasmasi bor ikki xonali xotinlar taqadigan narsa bor-ku. Oʻshanisidan koʻproq sinaydi. Ikkinchi oʻgʻlim konserva zavodi chiqazadigan goʻsht konservalarni sinaydi. Oʻrtancha qizim konditer fabrikasida sinovchi yalovchi boʻlib ishlaydi. Fabrika chiqazadigan shokolad, konfet, tort, pirojniy kabi shirinliklarni yalab sinab koʻradi. Kenja qizim shahar oshxona va reetoranlar trestida sinovchi hoʻplovchi boʻlib ishlaydi. U butun shaharda qandoqki oshxona, qandoqki restoran boʻlsa, hammasini shoshmay aylanib, qozonidagi ovqatlarini hoʻplab sinab beradi. U hoʻplab boʻlgandan keyin ovqatlar xoʻrandalarga sotiladi.

Muxbir. Demak, farzandlaringizning hammasi ham ota kasbini tanlashibdi-da.

Kishi. Kenja qizimni aytmabman. Kenjadan ikkita. Ya’ni Fotima-Zuhrolar. Shu Zuhro qizim poyabzal fabrikasida sinovchi yoʻrgʻalovchi boʻlib ishlaydi.

Muxbir. Bu qanaqa vazifa?

Kishi. Bu shundoq vazifaki, yangi chiqqan poshnasi bigiz tuflilarni kiyib komissiya oldida yoʻrgʻalab yurib koʻrsatadi va bir hafta koʻchalarda har xil sharoitda, masalan, yomgʻir, mabodo yomgʻir boʻlmasa, suv sepilgan yoʻllardan yurib, tuproqli joylardan yurib, loy kechib sinab beradi. Shunday qilib, bolalarimning biri sinovchi yeyuvchi, biri sinovchi yalovchi, biri sinovchi hoʻplovchi, biri sinovchi yoʻrgʻalovchi, biri sinovchi kiyuvchi boʻlib ishlashadi. Ular oʻzlariga topshirilgan vazifani plandanoshirib bajarib kelmoqdalar.

Muxbir. Kechirasiz, kelin ayam ham biron joyda ishlasalar kerak?

Kishi. Yoʻq, hozir ishlamaydi. Avval u trikotaj fabrikasida ishlardi. Ya’ni, u sinovchi kiyuvchi edi. Yangi paypoqlarni kiyib sinab berardi. Xotin kishi qarimasin ekan. Ozib, oyogʻi xalta boʻlib standartga toʻgʻri kelmay qoldi. Ayniqsa, boldiri soʻligan bodringga oʻxshab toʻpigʻiga osilib tushib qoldi. Hozir pensiyaga chiqqan.

Muxbir. Demak, kelin ayam uyda ovqat qilish, kir yuvish ishlari bilan band ekanlar-da.

Kishi. Yoʻq. Bizning uyda ovqat qilinmaydi. Masalan, oʻgʻlim oʻzi sinaydigan konserva zavodidan sinash uchun toʻrt-beshta konserva olib keladi, butun oila a’zolari bir boʻlib, kechki ovqat paytida sinab qoʻya qolamiz. Ertalabki nonushta paytida konditer fabrikasida ishlaydigan qizim sinash uchun konfet, pechene, tort, shokolad olib keladi. Butun oila a’zolari bir boʻlib, birpasda sinab tashlaymiz. Tushlik paytida yana hammamiz uyga yetib kelamiz. Oshxona va restoranlar trestida sinovchi hoʻplovchi boʻlib ishlaydigan qizim kotlet, lagʻmon, kabob, manti, somsa kabi arzimagan narsalarni sinash uchun uyga olib keladi. Yana koʻpchilik boʻlib bir soatda sinab tashlaymiz.

Muxbir. Demak, kelin ayam faqat kir yuvarkanlarda?

Kishi. Yoʻq. Bizning uyda kir yuvilmaydi. Tikish fabrikasidan qizim sinashga koʻylak, pastki ich kiyim, kostyum, u-bularni olib keladi. Bir hafta kiyib, sinab yana fabrikaga oʻz fikrlarimizni yozib qaytarib yuboramiz. Oʻrniga sinash uchun oʻsha kuniyoq yangisini yuborishadi.

Muxbir. Mazmunli suhbatingiz uchun radio tinglovchilar nomidan katta rahmat. (Qoʻlida mikrofon bilan zalga qarab.) Shu bilan vino zavodidan, «Ilgʻor sinovchi ichuvchi» degan reportajimiz tugadi. Eshittirishni olib borgan sinovchi yozuvchi Toʻlqiniy. (Kishiga qoʻl berib.) Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Kishi. Qani, ichkariga marhamat. Bir-ikki bochkadan siz ham sinab koʻring. Birga sinashamiz.

Muxbir. Rahmat. (Ikkovi qoʻl berib xayrlashishadi.)

Tabelchi

Ergash bilan Hasan bir-biriga roʻpara kelib qolishadi.

Ergash. Kechirasiz, ilgʻor qizlar brigadasiga shu yoʻldan boriladimi?

Hasan. Ha, shu yoʻldan boriladi, oʻrgilay. Nima ishingiz bor edi? Boʻyningizdagi magnitafonga qaraganda muxbirga oʻxshaysiz, tasaddiq.

Ergash. Topdingiz. Radiodan keldim. Shu ilgʻor qizlar brigadasi toʻgʻrisida radioga bir reportaj yozib olmoqchi edim.

Hasan. Niyatingiz xolis ekan. Kerakli odamni topdingiz, oʻrgilay. Men shu brigadaning tabelchisi boʻlaman. Eshitgandirsiz. Hozir abet payti. Borganingiz bilan biron nima yozib ololmaysiz. Qanaqa gap kerak boʻlsa mana, oʻzginam aytib beraveraman.

Ergash. Qizlar brigadasida erkak odamning ish-lashi juda qiyin boʻlsa kerak?

Hasan. Nimasini aytasiz, oʻrgilay. Qiyinligiyam bor, osonligiyam bor. Osonligini aytsam shuki, qoqindiq, erkaklar brigadasida tushlik, ya’ni abet bir soat. Xotinlar brigadasida ikki soat. Bir soat ovqatga, bir soat bola emizishga. Xotinlar bolalarini emizib olishguncha men ham tolning tagida mizgʻib olaman. E, aytaversam ayollar brigadasida ishlashning juda koʻp yaxshi tomonlari bor. Masalan, erkak zoti biron marta ham tugʻilgan kunini nishonlamaydi. Xotin-qizlar tugʻilgan kunlarini sira esdan chiqazishmaydi. Yil oʻn ikki oy imenina boʻladi. Qizlari tushmagur meni toʻrga oʻtqazib qoʻyishadi. Men ham baholi qudrat topganimni gazetaga oʻrab, zingʻillab boraveraman. Xoʻsh, yana nimasini aytay? Ha, aytgancha iimasi koʻp ularning, tugʻishi koʻp. Beshik toʻyiga ham meni chaqiraverishadi. Birga ishlashgandan keyin tashlab ketishmaydi-da. Men ham bir kiyim shtapelni qoʻltiqlab suzilib kirib boraveraman. Erkaklar birinchi May bilan Oktyabr bayramida oʻynab kulishadi. Men boʻlsam ham mayda, ham oktyabrda, ham sakkizinchi martda dam olaman. Sakkizinchi martda butun brigadamizni prezidiumga chiqazishadi. Qizlari tushmagur, qaqajonlar, qoʻlimdan sudrab meni ham opchiqib ketishadi. Avvalgi yili xalqaro xotin-qizlar yili boʻldi, undan avval bolalar yili boʻldi, ana oʻsha yillari jonimizni rohati boʻldi. Qaerga borsak izzat-ikrom. Brigadamiz paxta terimida eng birinchi boʻlib marraga yetganda hammamizga rais buva bir kiyimdan atlas sovga qildilar, menga ham bir atrez tegdi. Yoʻq, bir atrezdan sal moʻlroq ekan, lozimga ham chiqadi, deb sandiqqa tashlab qoʻydim. Yaqinda «Saodat» jurnalidan kelib suvratimizni olishdi. Koʻrgandirsiz, svetnoy boʻlib chiqdi-ku, oʻrtasida men oʻtiribman.

Ergash. Bu tomonlari zoʻr ekan. Haqiqatan sizga maza ekan.

Hasan. Voy, oʻrgilay sizdan, bu tomoni yaxshi boʻlgani bilan nax, yomon tomonlari borki, odam bolasi chidamaydi. Ayol kishi ba’zi birda ayolligini qilarkan. Ba’zi vaqtlarda men bechorani yakkalab qoʻyishadi. Masalan, saraton kunlari brigada yerining etagidagi anhorga choʻmilgani boramiz. Meni tashlab ketishadi. Kiyim-boshiga qorovullik qilib, teskari qarab oʻtiraman. Idoragami, buxgaltergami boradigan boʻlishsa, bolalarini tizzamga oʻtqazib ketaverishadi. Ayniqsa yasli remont qilinganda oʻn ikkita bolani boqqanman. Voy, oʻrgilay, menga oson tutmang, bolalar biram shoʻx, biram shoʻx. Yerga ursang, osmonga sakrayman, deydi. Oʻsha kezlarda ishdan qayta turib choyxonaga kirgan edim, samovarchi oʻlgur oldimga choy qoʻya turib nima deydi, deng. Voy, bola emizganmisan, hamma yogʻingdan tuqqan xotinning hidi kelyapti, deydi. E, choying ordona qolsin, dedimu shartta turib samovardan chiqib ketdim. Bir kuni idoraga borsam buxgalterimiz: hoy, marjoning qulliq boʻlsin, desa boʻladimi? Bundoq qarasam uxlab qolganimda qizlardan bittasi marjonini boʻynimga ilib qoʻygan ekan, men oʻlgur bilmasdan boʻynimda marjon bilan idoraga boribman. Qiz tushmagurlar, uxladim deguncha bir qiliq chiqazishadi, bir kuni labimga qizil surtib qoʻyishipti, bir kuni yuzimga upa surtishipti. Qandoq qilaman, chidayman, oʻrgilay. Kolxozimiz medpunkti namunali medpunktlardan hisoblanadi. Har oyda jenkonsultatsiyadan bitta doʻxtir xotin kelib xotin-qizlarni koʻrikdan oʻtkazadi. Barmogʻidan qon olib, shishaga surtib, qorinlarini oʻlchab ketadi. Bir kuni kelganda doʻxtir xotin oʻlgir: hoy, qani qorningizni oʻlchab qoʻyay; deydi. Jon-ponim chiqib ketdi. E, tusingni yel yesin, dedimu orqamni oʻgirib oʻtiraverdim. Endi mulla aka, aytaversam gap koʻp. Brigadamizga borganingizda oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz. Yana koʻp gaplarni aytib berardimu, shoshib turibman-da.

Ergash. Qayoqqa shoshyapsiz?

Hasan. Manavu roʻyxatlarni koʻryapsizmi? Hammasi kelinchaklarni zakazi. Aptekadan paxta olishim kerak, univermagda tanishim bor, frantsuzcha kompaktniy pudra, oltita tush, keyin ikki kuragining oʻrtasidan tugma bilan qadaydigan, savil qolgur anavu narsadan oltita bezrazmerniy, oʻn yumaloq bint, keyin bozordan nordonroq biron narsa. Toʻrttasining boshi qorongʻi, oʻrgilay. Tashvishini men qil-masam kim qiladi. Xullasi qoʻlimdagi roʻyxatda juda koʻp narsalar bor. Ketyapman, oʻrgilay. Xayr boʻlmasam. Aytgancha radioda gapirsangiz meniyam otimni biron joyga qistirib keting, xoʻpmi?

Ergash. Xoʻp boʻladi, opajon, yoʻgʻe akajon.

Meni kechiring

Ergash(sekretarga.) Yonimga hech kimni kiritmang. Boshqarmaga otchyot tayyorlayapman. (Kirib ketadi.)

Hasan (kiradi.) Xoʻjayin oʻzlaridamilar?

Sekretar. U kishi bugun hech kimni qabul qilmaydilar. Boshqarmaga otchyot tayyorlayaptilar.

Hasan Ikki ogʻizgina gap xolos. (Sekretarning qarshiligiga qaramay eshikni ochib kiradi.) Assalomu alaykum. (Ergash bosh koʻtarmaydi.) Ahvollar yaxshimi, xoʻjayin. Bola-chaqalar, jiyanu jiyanchalar, quda-andalar...

Ergash. Gapni qisqa qiling. Ishim tiqilinchroq. Ayting nima gapingiz bor.

Hasan Shoshmang, xoʻjayin. Avval bir hol-ahvol soʻrashvolaylik.

Ergash. Gapning loʻndasini aytaqoling, shoshib turibman.

Hasan Men ahmoqni kechiring. Nodonlik qildim.

Ergash. Sizni tanimay turibman.

Hasan Iya, iya, nahotki tanimasangiz? (oʻzicha gapiradi.) Ustomonlik qilyapti. Ikki dunyoda kechirmaydi, bu ablah. Xoʻjayin kechirib qoʻyaqoling. Ayb menda.

Ergash. Qanaqa ayb ekan. Bilmayroq turibman.

Hasan (oʻzicha). Bilmas emish-a. Qoʻyib bersa xap etib, yeb qoʻyishga tayyorsan, ablah!

Ergash. Boʻladigan gapni gapiring. Qanaqa ayb qilgansiz?

Hasan (hoʻ... tulki. Bilmas emish-a). Menga qarang, xoʻjayin. Oʻsha kuni meni anavu ablah Sadir amaki yoʻldan urdi. Xoʻjayinning tagi qimirlab turibdi, sen ham bitta-ikkita tosh otib qol. Bir nimali boʻlib qolasan, deb laqillatdi. Men ahmoq, men durrak oʻsha ablahning gapiga kirib Sizni tanqid qildim-a. Shundoq begunoh parishtadek beozor, sizdek tiniq odamga loy chapladim-a. Leonarda Vinchimi, Mahtumqulimi qaysi biri: «sichqonning oʻlgisi kelsa, mushuk bilan oʻynashadi», deb aytgan ekan, men ahmoq, men durrak sizdek olijanob mushuk bilan oʻynashamanmi! Hozir oldingizda oʻzimni chavaqlab tashlayman?!

Ergash. Yoʻq, yoʻq, unaqa qila koʻrmang. (oʻzicha.) Nima balo deb tanqid qilgan ekan, aslo eslayolmayapman.

Hasan (eslayolmaysan-a, eslayolmaysan. Payt poylab terimni shilib, somon tiqasan, yaramas). Jon, xoʻjayin, kechirib qoʻyaqoling.

Ergash(diqqat boʻlib). Kechirdim, bemalol uyingizga ketavering.

Hasan Rostdanmi? Astoydil aytyapsizmi?

Ergash. Hoy birodar, ishim mana shundoq tiqilinch. (Qoʻlini kekirdagiga arra qilib koʻrsatadi.)

Hasan Ketaversam boʻladimi? Bemalol ketaveraymi?

Ergash. E, ezma boʻlmay oʻl! Bemalol ketavering!

Hasan Xoʻp boʻpti. Ketdim. (Chiqib ketadi.)

Ergash. Bu ezma churuk kim oʻzi, qachon, nima deb tanqid qilgan ekan? Sira eslayolmayman. (Qogʻozlarni titkilaydi.) Ikkinchi kvartal bir yuz uch, uchinchi kvartal bir yuz sakkiz...

Hasan (eshikni ochib muloyimlik bilan kiradi). Bir ogʻiz gap chala qopti, xoʻjayin. Petr Perviymi, Devonayi Mashrabmi bittasi aytgan ekan «oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan». Men ahmoq, men durrak, sizdek oliy zot arbob bilan oʻynashib yuribmanmi-ya. Har biri tilla bahosiga teng keladigan, gavhardan qimmat soʻzlaringizni eshitib, to tramvay ostanovkasigacha oʻy-oʻylab, donoligingizga tan berib bordim. Ammo tramvayga oyoq qoʻyishim bilan lop etib bir gap esimga tushdi-yu, oyogʻimni qaytarib olib yana shu tarafga, nurli huzuringizga qaytdim.

Ergash(oh urib yuboradi). Tagʻin nima gap boʻldi?

Hasan Hamma gapingiz tillo. Sizdan brilyantdek serjilo, gavhardek nurli, asaldek shirin gap chiqishini bilaman. Ammo qoʻlingizni manavundek qilib (kekirdagiga arra qilib koʻrsatadi) koʻrsatganingizni tushunmadim. Nima, meni boʻgʻizlamoqchimisiz? Meni-ya? Meni sakkizta bolam bor. Qari ota-onam bor. Bir qizim toʻrt bolasi bilan eridan ajralib uyimga kelib oʻtiribdi. Qaynatam oʻrnidan turolmaydi. Kechasi ikki marta turib koʻrpatoʻshagini yangilayman. Xoʻsh, meni boʻgʻizlab shuncha bolamni oʻzingiz boqasizmi? Qaynotamni toʻshagini ikki mahal yangilaysizmi? Xoʻsh, gapiring. Undan koʻra meni kechirib qoʻyaqolsangiz boʻladi-ku. Men ahmoqni, men durrakni kechirib qoʻysangiz boʻladi-ku.

Ergash(toqati toq boʻlib). Kechirdim. Ming marta kechirdim, birodar.

Hasan Shunaqa deyapsiz-u gapingiz astoydilga oʻxshamayapti.

Ergash. Hoy baraka topkur, bundan boshqa qanaqa qilib kechiray?

Hasan Ovozingiz sal titrabroq chiqyapti-da. Astoydilga oʻxshamayapti. Undan tashqari basharangiz ham unchalik mayin boʻlmayapti.

Ergash. Kechirdim, kechirdim, kechirdimm...

Hasan Bari bir kechirganingiz bilinmayapti.

Ergash. (holdan toyib). Kechirdim!!! Yoʻqol! (oʻzidan ketib yiqiladi).

Hasan (tepasiga kelib). Kechirishi oʻxshamasayam yiqilishi oʻxshaydi. Hozir doʻxtir chaqiraman. Tirik qolsa kechirmaguncha qoʻymayman. Mabodo oʻlgani rost boʻlsa, alvido!!