OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Sud (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiSud (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm57KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sud (hikoya)
Said Ahmad

Sarguzasht

I. Saraton kunlarining birida

Saratonning jazirasi avjga chiqqan, quyosh osmondan nur emas olov toʻkayotgandek.

Yotoqda mendan boshqa hech kim yoʻq. Hamyotoqlarim salqin parklarda dars tayyorlagani, ba’zilari konsultatsiyaga ketishgan.

Sal kamxarjroq boʻlganimdan nonga kunim qolib, issiq yotoqda dimiqib dars tayyorlayapman, kunning issigʻi hatto boshimdagi doʻppimni ham kuydirayotganga oʻxshaydi. Miyamga oʻlay agar bir nima kirsa. Oʻqiganim kallamga kirmay, sochlarim orasida qolib ketayotganga oʻxshaydi.

Saratonning jazosi koʻkchoy deganlar. Choynakni koʻtarib pastga tushdim. Koʻchaning narigi betidagi choyxonaga oʻtmoqchi boʻlib avtobus oʻtib ketishini kutib turibman. Birdan qayragʻoch tagidagi skameykada yonboshlab yotgan bir kishiga koʻzim tushdiyu, orqamga qaytdim. Yoshi oltmishlarga borib qolgan bir kishi boshini skameykadan osiltirib yotibdi. Avvaliga uni uxlab qolgan gumon qilgan edim. Yaqiniga borsam uxlaganga oʻxshamaydi. Yerda eskirib ketgan bir charm portfel. Portfelning qopqogʻi ochilib qolgan. Yerda bir-ikkita oʻn soʻmlik sochilib yotibdi. Shoshib uni uygʻota boshladim. Boshini koʻtarib toʻgʻrilab yotqizib qoʻydim. Chol hamon uygʻonmas edi.

Birdan koʻnglimga shayton kirdi. Oʻyim buzildi. Shoshib atrofga qaradim, hech kim yoʻq. Cholning yarim ochiq koʻzlarida nazarimda nur soʻngandek edi. Ajib bir chaqqonlik bilan portfelni oldimu qoʻynimga tiqqanimcha yotoqqa qarab chopdim.

Toʻrtinchi qavatga qanday chiqqanimni bilmayman. Yotoqqa kirdimu portfelni toʻshagim tagiga tiqib ustiga oʻtirib oldim. Yuragim shunday dukillab urardi-ki devor soatning tukillashiga oʻxshab oʻzimga ham eshitilib turibdi.

Nima qilishimni bilmay yana oʻrnimdan turdim. Deraza oldiga kelib pastga qaradim. Chol hamon oʻsha holicha qimirlamay yotibdi.

Xayolimga, oʻrtoqlarim kelib qolsa nima qilaman, yo boʻlmasa qochayotganimni birov koʻrgan boʻlsa qidirib kirsa nima qilaman, degan oʻy keldi. Toʻshak tagiga qoʻl suqib yana portfelni oldimu pechkadek qizib yotgan cherdakka chiqa boshladim. Emaklab borib uyilib yotgan uvadalar orasiga portfelni tiqib, qaytib tushdim. Yotoq eshigini ochishim bilan yana oʻzimni derazaga urdim.

Endi cholning tepasiga odam yigʻilgan. Gullarga qarab yuradigan bogʻbon amaki qoʻlidagi piyoladan uning yuziga suv sepyapti. Darrov derazadan nari ketdim. Tashqariga chiqishga ham, yotoqda yolgʻiz qolishga ham qoʻrqaman.

Bir soat oʻtdimi, ikki soat oʻtdimi bilmayman. Shuncha vaqt qimirlamay tik turganimni ikki tizzamda darmon qolmaganidan bildim.

Qilib qoʻygan ishimning dahshatini mana shu oʻtgan vaqt ichida bilib qoldim. Peshonamga shatillatib tushirdim.
— Nima qilib qoʻydim? Oʻgʻri boʻlib qoldimmi?

Shart oʻrnimdan turdimu cherdakka chiqdim. Uvada orasidan portfelni olib yana yotoqqa tushdim. Uni pastga, toʻdalanib turgan kishilar tepasidan irgʻitmoqchi boʻlib derazadan qaradim.

Endi skameyka oldida hech kim yoʻq. Tez yordam mashinasi shitob bilan chorraxani kesib oʻtib ketdi. Tamom! Boʻshashib yana karavotimga oʻtirdim. Portfelni ochdim. Bir dasta pul. Vedomost. Pulni sanadim. Bir ming ikki yuz oʻn olti soʻm. Yana allaqancha tanga-chaqa. Vedomostga koʻz tashladim. Oʻn yettinchi maktab oʻqituvchilarining otpuska puli.

Koridorda oyoq tovushlari eshitila boshladi. Qoʻrqib portfelni yana toʻshak tagiga tiqdimu qimirlamay oʻtiraverdim. Eshik ochilib Sayfi bilan Umar kirdi. Ular basharamga qarab hayron boʻlib qolishdi.
— Nima boʻldi? Tobing yoʻqmi? Ranging oqarib ketibdi.

Ularga nima deb javob berganim hozir esimda yoʻq. Sayfi choynakdan suv topolmay stakanda ilib qolgan choyni ogʻzimga tutdi.
— Ich, ich, ogʻayni. Oftob urgan boʻlmasin tagʻin.

Choyni ichmay qaytardim.
— Bunaqa oʻzingni qiynab dars tayyorlama-da. Dam olib, kallani mundoq shamollatib tayyorlash kerak. Oʻzingni urintirib qoʻyibsan, oshna, — dedi Sayfi. — Pastdan qaynoq choy opchiqib beraymi?

Sayfi tunika choynakni qoʻliga oldi. Shu topda mening birdan-bir dushmanim boʻlib shu choynak yiltirab turardi.
— Yoʻq, — dedim qat’iy qilib. — Choy ichmaymai. Oftobda sal koʻproq yurib qoʻygan ekanman. Boshim aylandi. Salda tuzalib qolaman.

Ular birpas hayron boʻlib turishgandan keyin kitob daftarlarini tumbochkaga qoʻyib yana chiqib ketishdi. Yana yolgʻiz qoldim. Bu xilda oʻtiraversam qiynalib ketadiganga oʻxshayman. Asta oʻrnimdan turib boshimga shuncha kulfatlar solgan portfelni toʻshak tagida yolgʻiz qoldirib chiqib ketdim.

Bogʻbon amaki gullar tagini ketmonlab yurgan ekan. Menga bir qaradiyu, indamay ishini qilaverdi.

Yuragim shuv etib ketdi. Nega unday qildi? Ilgarilari har koʻrganda gulqaychisini beliga qistirib ahvolimni soʻrardi. Mening musofirligimni, qarashadigan hech kimim yoʻqligini bilib nevarasi tushlik olib kelganda, albatta, chaqirtirib tushardi. Birga tushlik qilardik. Nechuk bu gal menga bu xil sovuq qaradi? Yo qilmishimni koʻzimdan bilib oldimi? YO boʻlmasa portfel olib qochganimni koʻrganmidi? Qoʻrqib ketdim. Indamay boshimni egib oʻtib ketaverdim.

Sal nari borib sekin orqamga qaradim. U hamon oʻz ishi bilan band. Ketmonini nazarimda jahl bilan yerga urayotganga oʻxshardi. Orqamga qaytdim. Yaqin kelib salom berdim. Chol boshini koʻtarib salomimga sovuqqina alik oldi-da, ketmonini marzada qoldirib, chetga chiqdi. Nos chekdi.
— Sal xafaroq koʻrinasiz? — dedim uni sinamoqchi boʻlib.

Chol koʻzlarimga ma’nosiz tikilib turib, noinsof, dedi.

Tovonlarimgacha zirqirab ketdi. U jahl bilan ogʻzidagi nosni tupurib tashladi-da skameykaga oʻtirdi.
— Noinsof, noinsof koʻp, bolam. Kuppa kunduzi bir bechorani shilib ketishdi. Agar oʻsha yaramas qoʻlimga tushgandami, shu ketmon bilan kallasini majaqlab tashlardim.

Tanamga sal jon kirgandek boʻldi. Xayriyat, chol bilmagan ekan. Holdan toyib uning yoniga oʻtirdim. Bogʻbon amaki oʻzidan-oʻzi xunobi oshib gapirardi.
— Necha marta aytganman, pensiyaga chiq, deb. Yoʻq, koʻnmadi. Yuragi oʻzi ma’lum narsa. Hoy doʻstim, endi bas, ishlama, dedim, qani endi bu oʻjarni koʻndirib boʻlsa. Mana, nima boʻldi? Bir ming ikki yuz soʻm-a. Qoshki oʻziniki boʻlsa. Xalqniki, muallimlarniki-ya!

Chol boshini sarak-sarak qilib boʻlgan voqeani gapirib berdi.
— Bankadan pul olib kelayotgan ekan. Issiqda yuragi besaranjom boʻlib qopti. Tramvaydan tushibdi-yu, Mardonni oldida birpas oʻtirib dam olay deb mening oldimga arang yetib kepti. Aksiga olib men oʻlgur qovun olgani ketgan edim. Qovun yemay zaharni yesam boʻlmasmidim. Boyaqish meni kutib oʻtirib koʻngli bexud boʻlib qopti. Pul toʻla papkasini bir noinsof koʻtarib ketibdi. Olgan odamga buyurmasin. Kafaniga, oʻlimiga yarasin shu pul.

Chol oʻgʻrini astoydil qargʻardi. Uning har bir gapi yuragimni teshib ketyapti. Uning gaplari qulogʻimga emas, badanimga oʻq boʻlib sanchilardi.

Pulni olib tushib bogʻbon amakimning qoʻliga bersammikan? Nima deb beraman? Men olgan edim, desam keyin yomon boʻlmasmikin? Topib olgandim, deyaymi? Yoʻq, boʻlmaydi. Koʻzimga tergov, sud, qamoq koʻrinib ketdi.

Yaxshisi yopigʻlik qozon yopigʻligicha qolavelsin. Olganimni hech kim koʻrmapti-ku nimadan qoʻrqaman. Biroq bogʻbon amakimning qargʻishi, koʻngli behuzur boʻlib qolgan kassir cholning yarim ochiq nursiz koʻzlari ichimni timdalardi.

Chol oʻrnidan turib yana gullar orasiga kirib ketdi. Bir oʻzim qoldim. Nima qilishimni bilmayman. Asta turdimu boshim oqqan tarafga qarab keta boshladim.

Ancha kech kirib qolgan. Ishdan qaytayotgan kishilar trotuarlarni toʻldirgan. Kallamga hech narsa kirmaydi. Odamlarga turtinib-surtinib ketyapman. Qornim ochmi, toʻqmi bilmayman. Kim menga qarasa turgan joyimda qotib qolaman. Qochishga payt poylayman.

Ba’zan qilib qoʻygan xatomni tuzatish qiyin ekanini anglab oʻzimcha rejalar tuzaman.

Yangi kostyum olsam. Endi yotoqda turib nima qilaman. Kvartira olib koʻchib ketaman. Soat olaman. Tilla soat olsam ham boʻladi. Yangi etik olish kerak. Uylanib olsammikin?

Shunday shirin orzularimni boʻlib cholning yarim ochiq nursiz koʻzlari koʻrinib ketadi.

Uning holi nima kechadi? Yuragi yomon ekan, oʻlib qolsa nima qilaman? Oʻqituvchilar nima qilishadi?

Shu payt koʻzim magazinning yaltiragan vitrinasiga tushib qoldi. Bu yuvelir magazin edi. Tilla soatlar, billur idishlar koʻzni qamashtiradi. Beixtiyor ichkariga kirib qopman. Shunday badavlat edimki, bu doʻkondagi eng qimmatbaho buyumlarni xarid qilishga ham qurbim yetardi. Shoshilmay rosa aylandim. Qay xil soatni olishimni moʻljallab qoʻydim. Oyna tagida ustiga tilla suvi yurtilgan kumush papirosdon turipti. Ana shuni ham olish kerak. Bu papirosdonga qahrabo mushtuk yarashadi. Albatta olaman.

Nimaga qoʻl uzatsam yetadigandek edi. Rosti ham shunday. Endi eng yaxshi restoranda ovqatlanaman. Bundan buyon stipendiya kutib oʻtirish yoʻq. Jagʻimga qoplama qilib tilla tish quydirsam ham boʻladi.

Ana shunday niyatlar bilan magazindan chiqdim. Ertaga bugun oʻylagan, niyat qilgan narsalarimni olaman. Ertaga mening hayotim yangicha boshlanadi.

Men baxtiyor edim. Ilgari hech qachon oʻylab koʻrmagan, hatto xayolimga kelmagan narsalar toʻgʻrisida oʻylayman. Qadam tashlashim ham, atrofga qarashim ham boshqacha edi. Men yerni bosib ketayotganim yoʻq. Yer meni koʻtarib borayotganga oʻxshaydi.

Hushtak tovushidan choʻchib ketdim. U yoq-bu yoqqa qaradim. Moʻylovdor bir militsioner lunjini toʻldirib hushtak chalardi. Unga qarasam jahl bilan meni imlab chaqiryapti.

Kallamdagi xayollar, shirin orzular shu topdayoq qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Oʻzligimni yoʻqotib murdaga aylandim. Oʻlimga oʻz oyogʻi bilan ketayotgandek unga qarab yura boshladim. Birdan, qochsammikin, deb oʻyladimu, shu topdayoq orqamga burilib tiraqaylab qocha boshladim. Yana hushtak ovozi quloqlarimni teshgudek boʻldi. Qarshimdan kelayotgan baquvvat bir yigit oyogʻimdan chalib yubordi. Munkib ketdimu, yiqilmadim. Zum oʻtmay militsioner yetib keldi.

Tamom boʻldim!

Sud, dahshatli qora kursi. Hukm!

Militsioner oʻng qoʻlini chakkasiga qoʻyib chest berdi.
— Grajdanin siz...

Gʻuldirab qoldim.
— Men, men bilmasdan... — boshqa gap aytolmadim.
— Siz, — shoshilmay salmoqlab gapirardi. — Siz nega koʻcha qoidasini buzasiz? Oz boʻlmasa mashina urib ketay dedi-ku...

U boshqa nimalar dedi bilmayman. Entikaman xolos.

Atrofni odam oʻrab olgan edi. Militsioner to shtraf kvitantsiyasini yozib boʻlguncha sal oʻzimni oʻnglab oldim.

Yotoqqa qarab ketyapman. Yurayotganim yoʻq. Sudralayapman. A’zoyi badanimda jon asorati yoʻq. Murdaga oʻxshayman.

Nazarimda kaltak yegandek butun vujudim zirqirab ogʻriydi.

To toʻrtinchi qavatga chiqquncha ikki marta zinada oʻtirib dam oldim.

Sayfi bilan Umar shaqillatib domino oʻynashayotgan ekan, ularga ham qaramay oʻrnimga choʻzildimu koʻzimni yumdim. Ammo toʻshak tagidagi portfel belimga botib uxlagani qoʻymasdi. U yoqqa agʻdarilaman, bu yoqqa agʻdarilaman, boʻlmaydi. Meni shunchalar notinch qilayotgan portfelni olib uloqtirgim keldi. Iloji yoʻq-da!

Shunchalar charchashimga qaramay uxlayolmadim. Endi koʻzim ilinganda tushimga yarim ochiq nursiz koʻz kiradi, uygʻonib ketaman. Yana koʻzim ilinishi bilan oʻzimni tergovchi oldida koʻraman, yana uygʻonaman.

Bir mahal qattiq uxlab qolgan ekanman. Nima boʻldi-yu, bogʻbon amaki qaydandir paydo boʻldi. Belimdan azot koʻtarib derazadan uloqtirdi. Pastga shitob bilan tushib ketyapman. Pastda katta gulxan. Mana hozir olovning qoq oʻrtasiga tushaman. Yonayotgan olov emasmish. Pul toʻla portfel emish. Portfel ustiga belim bilan tushdim. Dod deb koʻzimni ochib yubordim.

Sayfi bilan Umar ham qattiq uxlab qolishgan ekan. Xayriyat alaxsiraganimni, dod deganimni bilishmadi.

Belimga botayotgan portfelni tortib yastiq tagiga bostirdim-da yana koʻzimni yumdim. Bu gal qattiq uxlab qopman. Hech qanaqa tush koʻrmadim.

II. Qoʻlbola kosmonavt

Juda qattiq uxlab qolgan ekanman. Allanarsaning portlashidan uygʻonib ketdim. Koʻzimni ochsam Sayfi elektrplitaga choy qoʻyaman deb agʻdarib yuboripti. Plita spirallari bir-biriga tegib zamikanie boʻlib, yotoq koridoridagi probkani kuydirib yuboripti. To kiyinib olgunimcha komendant kirib shovqin koʻtardi.
— Yotoqqa oʻt qoʻyvorib tinchiysizlarmi? Bundan keyin kimda kim plita qoʻysa mendan xafa boʻlmasin. Pojarniyga oʻzim tutib beraman.

Sayfi undan uzr soʻrab elektrni tuzatib qoʻyishni boʻyniga oldi.
— Kerakmas, — dedi komendant. — Elektrdan ham zarur ish bor. Qani boʻlinglar. Pastda mashina kutib turipti. Qurilishga hasharga borasizlar. Bugun texnikum boʻyicha jami studentlar yotoq qurilishiga hasharga boradi. Qani, tez-tez. Elektrni montyor chaqirib oʻzim tuzattirib qoʻyaman.

Komendant qistalang qilib hammamizni pastga haydab tushdi. To avtobusga chiqib joʻnab ketgunimizcha turib oldi.

Shahar chetida texnikumimiz uchun yangi bino, yotoq qurilayotgan edi. Bundan ilgarilari ham ba’zan hasharga borib turardik. Qurilish ishlari choʻzilib ketib sentyabrda oʻqish boshlanguncha asosiy korpusning bitmay qolish xavfi tugʻilganidan direktsiya keyingi paytlarda xasharga zoʻr bergan edi.

Student xalqi gʻalati xalq boʻladi. Och boʻlsa ham ashula aytadi, toʻq boʻlsa ham ashula aytadi.

Bir avtobus bola ovozining boricha qoʻshiq aytib ketyapmiz. Men ham yotoqda uncha-muncha xirgoyi qilib turardim. Quvnoq, gʻam-tashvish nimaligini bilmaydigan oʻrtoqlarimga qoʻshilib ashula aytib ketyapman. Oʻrtoqlarim avjini sen aytasan, deb qolishdi. Yoʻq demadim. Endi katta avjga chiqqan ham edimki, xayolimga lop etib yastiq tagidagi portfel kelib gʻiq etib toʻxtab qoldim. Sayfi ovozining boricha qichqirdi.
— Patefonning tanobi uzilib ketdimi?
— E, olsang-chi!
— Ha, qani, — degan ovozlar koʻtarildi.

Harchand ovoz chiqaraman deyman, qani ovoz chiqsa. Hiqillayman xolos.

Kimdir zarda bilan dedi:
— E, bor-e. Umar, oʻzing ol.

Hamma ashula aytayapti. Bitta men aralasholmayman. Yuragimda ot chopyapti. Shuncha pul yastiq tagida yotibdi. Uning ustiga komendant montyor olib kirgan boʻlsa, bordi-yu koʻzi tushib qolsa, nima boʻladi? Oʻldim!

To qurilish boʻlayotgan joyga yetgunimizcha boʻladiganim boʻldi.

Tengqurlarim orasida baquvvati men. Shuniig uchun ham meni zambil koʻtarishga qoʻyishdi. Qizlar gʻisht solib berib turadigan boʻlishdi.

Ishga kelganda oʻgʻil bolalardan koʻra qizlar durust. Qizlarning joni qirqta, degan gapga shu yerda ishonib qoʻydim. Menga bir minut dam berishmaydi. Uchinchi qavatga pillapoyadan gʻisht toʻla zambil koʻtarib chiqish osonmi? Qaytib tushishimiz bilan darrov toʻldirib qoʻyishadi. Yana likonglab yuqoriga oʻrmalab ketamiz. Umar ozgʻin, chillakdak yigit boʻlsa ham juda chayir. Shundoq issiq kunda terlamaydi ham. Ha, jindek dam olaylik, desam koʻnmaydi. Qizlarni oldida sharmanda boʻlamiz, deb orqamdan pildirab koʻtarib ketaveradi. Jindakkina orom olsam edi. Yotoqda qolgan pulimni oʻylardim. Umar ham, Sayfi ham, qizlar ham nima gʻamda ekanimni bilishmaydi-da, ularga bu gapni aytib boʻlarmidi?

Qoʻllarim qavarib ketdi. Oxirgi gʻishtni yuqoriga opchiqib tushdik. Yana mashina kelguncha birpas dam olmoqchi boʻlib oʻtirdik.

Toʻgʻrisi shu dam bahonasida juftakni rostlab qolmoqchi edim. Shu niyat bilan bolalarga qanday bahona topsam ekan deb oʻylab oʻtirgan edim. Men oʻtirgan beton supacha sekin-sekin lapanglay boshladi. Avvaliga Umarmi, Sayfimi, tegajogʻlik qilib qimirlatayotgan boʻlsa kerak deb indamay oʻylab oʻtiraverdim. Qarasam, supacha osmonga chiqib ketyapti. Qoʻrqib ketdim, qoʻrqqanimni qizlardan yashirib iljayib turaverdim. Qeyin bilsam, beton armaturaning ustida oʻtirgan ekanman. Koʻtarma kran meni ham armaturaga qoʻshib koʻtarib chiqib ketyapti. To oʻzimni oʻnglab olgunimcha toʻrtinchi qavatning tomi roʻparasiga opchiqib qimirlamay qoldi. Betonning bir tarafi koʻtarilgan boʻlganidan kranchi meni koʻrmay qolipti.

Pastda qolganlar qiyqirib kulishadi. Men boʻlsam jonimni hovuchlab kran zanjirini mahkam ushlab olganman. Gʻiqillab turgan kranning ovozi oʻchdi.

Toʻrtinchi qavat devorida turgan xotin qoʻlidagi bayroqchasini silkitdi. Kranchi butkasidan bosh chiqarib:
— Tok yoʻq. Obed payti boʻlganidan tokni uzib qoʻyishdi, — deb qichqirdi.

Obbo! Rasvo boʻldi. Yana qancha vaqt osmonda muallaq turishimni bilmayman. Bu padar la’nati tok qachon ulanadi. Kran zanjiri uzilib ketsaya! Yerdan meni otashkurakda ham qirib olib boʻlmaydi. Faqat koʻylagimning tugmasigina butun qolishi mumkin.

Agar men urf-odatlarga ishonsam, tirik qolish uchun portfeldagi pullarni sadaqa qilib yuborardim. Qayoqdan ham qurilishga keldim. Mana, pastda hamma oʻrtoqlarim tushlik qilishyapti. Umar kattakon qovunni tilimlab qizlarga uzatyapti. Sayfi boʻlsa hadeb tilini chiqarib meni ermak qiladi. Shu topda hazilga balo bormi? Echkiga jon qaygʻi, qassobga moy qaygʻi.

Nima bilandir oʻzimni alaxsitmasam boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Pastga qarasam koʻzim tinib ketyapti. Yuqoriga qarasam ingichka simga besh tonnalik men oʻtirgan beton ilinib turipti.

Koʻzimni chirt yumib oldim. Durustroq, koʻngilni koʻtaradigan narsalarni oʻylash kerak. Nimani oʻylasamikin?

Nimani oʻylasam ham koʻzimga portfel koʻrinadi. Yaxshisi yana shuni oʻylab qoʻyaqolay.

Oʻzimcha bir ming ikki yuz soʻmga nimalar olishimni oʻylayman. Xayolda shahar magazinlarini aylanib chiqaman. Ilgari koʻrganda koʻzni oʻynatadigan buyumlarni nazar-pisand qilmay qoʻyganman. Oʻzimcha, nima balo, doʻkonlarda durust mol yoʻq, deb savdo ministridan nolib qoʻyaman, rost-da, puling boʻlsa-yu, boʻyingga loyiq qorakoʻl palto topolmasang.

Xotin-qizlardan jahlim chiqadi. Dunyoda qandoqki yaxshi mato boʻlsa xotin-qizlarga. Biz shoʻring qurgʻur erkaklarning kiyimlari bir xil. Qora, koʻk, kul rang, jigar rang, vassalom. Mototsiklning yaxshisi necha pul turarkin? Velosiped minishga uyalaman. Koʻrganlar nima deydi?

Shirin xayollardan mast boʻlib sekin koʻzimni ochaman. Koʻzimni ochamanu, osmonu falakda muallaq turganimni koʻrib xafa boʻlib ketaman. Pastda chap qoʻli bilan boshidagi doʻppisini ushlab Sayfi hazil qiladi.
— Hoy, kosmonavt papiros chekma, havoning quyuq qatlamida kuyib ketasan.

Uning bu bema’ni hazili uchun boplab bir soʻkay deyman-u, qizlar oldida aytishga istixola qilib indamayman. Tishlarimni gʻichirlataman. Hali shoshmay tur.

Shu alpozda oyogʻim yerga, boshim osmonga tegmay oʻtirdim.

Xayriyat tok keldi. Kranchi beton bilan qoʻshib meni ham toʻrtinchi qavatning devoriga qoʻndirdi. Gandiraklab oʻlar holatda pastga tushdim. Umar shapkasini buklab mikrofonga oʻxshatdi-da, ogʻzimga tutdi.
— Diqqat, diqqat, kosmodromdan gapiramiz, Mikrofonimiz qoʻlbola kosmonavtning ogʻziga toʻgʻrilangan. Oʻrtoq kosmonavt, uchish qanday oʻtdi?

Jahlim chiqib ketdi.
— Bor-e, aravangni tort, — deb yubordim.

Shu orada toʻrtta samosval oldinma ketin gʻisht toʻkib ketdi. Sayfi yana zambilni roʻpara qildi.
— Insofing bormi? Hali tushlik ham qilganim yoʻgʻa.
— Biratoʻlasi kechki ovqatga qoʻshib yeysan. Qani koʻtar!

Zarda bilan uni itarib yubordim-da, nari ketdim. Umar mehribonchilik qilib mening tarafimni oldi.
— Koʻp qiynama. Ovqatini yeb olsin.

Taxtadan omonatgina tiklangan barakka kirib sovub qolgan shavlani yeya boshladim. Ovqat yeyapmanku, xayolim qochishda. Ha, qochish kerak!

Shavla ham chala qoldi. Barakning orqasiga oʻtib vodoprovoddan suv ichmoqchi boʻlib taxtalar oralab koʻchaga chiqib ketdim.

Yoʻl boʻyida bugun kuni bilan bizga gʻisht tashigan samosval turardi. Shofyor yigit maykachan boʻlib olgan, qora moyga qorishib ketgan qoʻllari bilan hadeb peshona terlarini sidiraverganidan apti-basharasi qopqora boʻlib ketibdi. U meni koʻrib iljaygan edi oppoq tishlari yaltirab ketdi. Uning bu koʻrinishi fotosuratning negativini eslatardi.
— Vox. Seni qaysi shamol uchirdi, uka? Beri kel!

Menda nima ishi bor ekan deb oldiga bordim.
— Uka gʻildirakka mix kirib yelini chiqazvordi. Prorabga necha marta aytaman, havozadan boʻshagan taxtalarni yoʻlga tashlanmasin, deb. Shu bugun ikki marta balonim teshildi. Kel, uka, yangi kamera qoʻydim. Yel urishib yubor.

E, bor-e, deb ketib qolmoqchi edim. Shofyor shunday ishonch bilan, xuddi ukasiga ish buyurayotgandek qilib gapirgan ediki, beixtiyor nasos tutqichiga qoʻl yuborganimni bilmay qolibman.

Ikkalamiz galma-galdan yel berib balonni shishirib oldik. Shunga ham salkam bir soat ketdi. Gʻildirakni oʻqqa joylayotganimizda u yana oppoq tishlarini yaltiratib mamnun jilmaydi.
— Rahmat uka. Yaxshi bola ekansan. Qani endi hamma ham senga oʻxshagan insofli boʻlsa. Bitta yaramas togʻamning portfelini oʻgʻirlab ketibdi. Kasalxonaga borib koʻrib keldik. Yuragi yomon edi, oʻlib qolishiga sal qoldi. Boʻldi, rahmat uka.

Shofyor bu gapi bilan gʻildirakka emas, mening ichimga yel bergandek boʻldi. Yorilib ketay dedim. U bilan xayrlashmay yoʻlga chiqdim.

Kuni bilan surgan xayollarim havoga uchdi-ketdi. Shoferning birgina gapi meni shuncha rohatlardan mahrum qildi. Oʻzimni oʻzim qargʻay boshladim.

Qayoqdan ham shu pul oʻlgurni ola qolgandim. Shu pul deb tinchimni yoʻqotdim. Hozir boramanu, portfel-mortfeli bilan anhorga uloqtiraman. Shunday qilsam tinchiymanmi?

Shoshma, dedim oʻzimga oʻzim. Egasiga qaytib berishning-ku iloji yoʻq ekan. Suvga oqizishdan nima foyda. Yoʻq boʻladi, ketadi. Yaxshisi bekor ketkizmaslik kerak.

Ha deb chol nima boʻldi, endi u nima qiladi deb tashvish qilavermasligim kerak. Boʻlar ish boʻldi. Qarib qolgan odamni sud qilisharmidi.

Tamom! Pul endi meniki!

Tiqilinch tramvaylarga osilib yotoqqa keldim. Darvoza oldida komendant papiros chekib turgan ekan. U meni koʻrishi bilan he yoʻq, be yoʻq familiyamni surishtirib qoldi.
— Familiyang Tursunov, a?

Nima deb javob qilishimni bilmay esankiradim.
— Karmisan? Soqovmisan? Nega indamaysan? Familiyang Tursunovmidi?

Sekingina ha, deb javob qildim.
— Oʻqituvchilar xonasiga kir. Seni militsiya leytenanti kutib oʻtiripti.

Jon-ponim chiqib ketay dedi. Yuray desam oyogʻim qimirlamaydi. Gapiray desam tilim aylanmaydi. Koʻzimga dunyo ostin-ustun boʻlib ketdi. Hamma narsa teskari koʻrinadi. Komendantning boshi yerda, oyogʻi osmonda, toʻxtab turgan mashina xuddi toʻntarilib qolgan toshbaqaga oʻxshaydi. Maydondagi fontan osmondan yerga qarab suv purkayotgandek.
— Nega qimirlamay turib qolding. Kir ichkariga.

Komendantning ham ovozi tomdan tushayotgandek boʻldi.

Zoʻr mashaqqat bilan oyogʻimni koʻtardim. Brezent tuflim choʻyandan quyilgandek biram ogʻirki, koʻtarib boʻlmaydi.

Hay, bir amallab ichkariga kirdim. Koridorga yetganda, sal hushim joyiga tushib nima qilsam ekan, degan gap kallamga keldi. Toʻxtadim. Qochib qolaymi? Hali bu savolga javob topib ulgurmagan ham edimki, komendant orqamdan yetib keldi.
— Kiraver, kir!

Oldinma-ketin ichkariga kirdik. Stol oldida telefon trubkasini qulogʻiga qoʻyib militsiya ofitseri turipti. U menga boshdan oyoq xoʻmrayib qarab qoʻydi-da, gapini davom ettiraverdi.
— Topamiz, topamiz, oʻrtoq nachalnik. Hali mening qoʻlimdan bironta jinoyatchi qochib qutulmagan. Albatta topaman. Topdim deyavering. Xoʻp-xoʻp.

U maqtangannamo bir kerishib, trubkani joyiga qoʻydi. Keyin menga sinovchan nazar tashladi. Biram koʻzi oʻtkir ekanki. Qaraganni teshaman deydi.
— Familiyang Tursunov-a? Bilamiz. Hammasini bilamiz.

Qoʻlga tushdim, dedim ichimda.
— Xoʻsh, oʻzing ayt. Nima qilaylik. Ayt. Aytaver.

Bu odam hammasini bilarkan. Tonsammikin? Bordi-yu guvohlari boʻlsa. Yaxshisi toʻppa-toʻgʻrisini aytib afv qilishlarini soʻraymi? Hayronman.
— Sheriklaring qani?
— Sheriklarim yoʻq, — dedim.
— Iya, — dedi ofitser qoshlarini kerib, — Halitdan yolgʻon gapiryapsanmi?

Boʻlar ish boʻldi. Bor gapni aytaveraman.
— Bir oʻzimman. Sheriklarim yoʻq.

U choʻntagidan qogʻoz chiqazib hamyotoqlarimni birma-bir aytib chiqdi.
— Bular kim boʻladi?
— Kursdosh hamyotoqlarim.
— Men ham ana shularni soʻrayapman. Menga qara, bola. Qechadan boshlab sen, sheriklaring, bildingmi, sheriklaring bilan, — u labini tishlab ancha vaqt turib qoldi. — Drujinachilar safiga qabul qilindinglar, Tushundingmi, Tursunov? Ertaga kechqurun kelib mashgʻulot oʻtkazaman. Eng avval samboni oʻrgataman. Boʻpti. Oʻrtoqlaringga aytib qoʻy. Kechqurun kino-pinoga quyon boʻlib qolishmasin.

Leytenant qachon chiqib ketdi, xayrlashdimmi, xayrlashmadimmi, bilmayman.

Esimni oʻnglab koridorga chopib chiqdim-da, oʻqdek otilib toʻrtinchi qavatga koʻtarildim. Yotogʻimiz eshigi ochiq. Kimdir karavotdagi koʻrpa toʻshaklarimni yigʻib qoʻyipti. Qoʻrqib ketdim. Jon holatda toʻshakni yozib yostiq tagini qaradim. Hayriyat, portfel joyida turipti. Allaqaysi karavot tagidan pol yuvayotgan yotoq navbatchisining ovozi eshitildi.
— Oʻrningni men yigʻib qoʻydim. Montyor shnurni yangiladi. Koʻrpangga ohak toʻkilmasin deb shunday qildim.

Portfelga birovning koʻzi tushmasin deb yastiq jildi orasiga tiqivordim.

Qurilishdan qaytgan hamyotoqlarimning gangir-gungir tovushini eshitib darrov yastiq jildining tugmalarini sola boshladim.

Xayolimda bir gap. Portfel-ku turipti. Ichidagi omonmikin?

III. Toʻqqiz kilogrammli tarvuz

Ertalab bet-qoʻlimni yuvayotib oynakda basharamni koʻrib qoldim. Odamning beti ham shunchalik rasvo boʻladimi? Soqol degan oʻsib jingala boʻlib ketibdi. Nazarimda quloq-burunlarimdan ham jun chiqib ketganga oʻxshaydi.

Oradan oʻtgan shu uch kun ichida sira oʻzimga qaramapman. Yonimda bir ming ikki yuz boʻlsayu u yoq-bu yoqqa qarashga balo bormi? Ana shundagina pul odamni ne koʻylarga solishini fahmlay deb qoldim. Soqol olishga vaqtim yoʻq.

Shuncha pul kissangda tursayu imillab soqol olsang. Yoʻq, shoshilish kerak. Bir joyda qimirlamay turish puli yoʻq odamlarning ishiga oʻxshab ketdi. Shoshib betimni yuvdimu koʻchaga otildim. Bugun menga eng ajoyib, lazzat baxsh etadigan kun. Shoshilish kerak. Shahar magazinlarida shamoldek yelib koʻzga nima koʻrinsa xarid qilaverish kerak.

Toʻrt qavat imorat zinasidan yurib emas, uchib tushdim. Yoʻlda uchragan ogʻaynilarim koʻzimga juda mayda, nochor kishilar boʻlib koʻrinyapti, Hech kimni nazar-pisand qilgim kelmaydi.

Gulzor oldidan oʻtib ketyapman. Bogʻbon amaki skameykaga belbogʻini yozib bir bosh uzum, non qoʻyib, nonushta qilyapti. Shu ham nonushta boʻptimi? Billur qadahlarga konyak, qovurilgan goʻsht bilan nonushta qilmagandan keyin shuni ham umr deb boʻladimi? Bu chol umrboʻyi shu xil nonushta qilib kelgan boʻlsa kerak. Bechora!

Birdan cholning koʻzi menga tushib qoldi,
— E, bolam, kel. Oʻzim ham kelib qolarsan, deb turgan edim. Oʻtir, birga nonushta qilamiz.

Shuncha pulim, shuncha imkoniyatim boʻla turib shu arzimas ovqatni yeymanmi?
— Olsang-chi, muncha imillaysan?

Chol uzumni shingillab qoʻlimga tutqizib qoʻydi.
— Malol kelmasa senga bitta ishim bor edi. Bolam, illo yoʻq demaysan.

Uning menda qanday ishi boʻlishi mumkin ekan, deb hayron boʻlib turgan edim, oʻtirgan yerida hassasi bilan skameyka orqasida tizza boʻyi boʻlib ochilib yotgan gullar orasini titkiladi. Ariq ichida kattakon tarvuz yotardi.
— Xoltoyni koʻrib kelmoqchi edim. Tarvuzning kattarogʻini olib qoʻyipman. Oʻzim koʻtarib borolmaydiganga oʻxshayman. Ogʻir, toʻqqiz kilo keldi. Birga borib kelaylik. Kasalxona uzoq emas, yaqin.

Nima deyishimni bilmay indamay turib qoldim. Yoʻq, desam chol ranjiydi. Boya aytdimku, chol uyida tansiqroq ovqat boʻlsa menga ilinadi deb. Shundoq odamning gapini qaytarishga koʻnglim boʻlmadi. Xoʻp dedim.

Chol dasturxonga fotiha oʻqib belbogʻidagi ushoqlarini gulzor ichiga qoqdi.
— Qani, tarvuzni koʻtar. Ketdik!

Chol oldinda hassasini doʻqillatib ketyapti. Men orqasida bugun qiladigan xarjlarimni oʻylab ketyapman.

Dunyoda uch narsa yomon deyishardi. Biri — yolgʻiz qoʻyni yetaklash, ikkinchisi — birovni kutish, uchinchisi — tarvuz koʻtarish.

Shu gapning chinligiga ishondim. Bu tarvuz qurib ketgurning ushlaydigan joyi boʻlmasa. Silliqligini aytmaysizmi. Oʻng qoʻltigʻimga olib koʻraman, chap qoʻltigʻimga olib koʻraman. Boʻlmaydi. Qornim ustiga qoʻyib orqaga gavdamni tashlab koʻtarib koʻraman. Shu payt bitta xira pashsha burnimga qoʻnib jonimdan bezor qilyapti. Kallamni silkitaman, qani bu xira oʻlgur uchib ketsa. Birdam uchadiyu yana yo qulogʻimga, yo iyagimga qoʻnib oladi. Juda yomon boʻlar ekan. Jonim xalqumimda likillab turganga oʻxshaydi. Sal yoʻtalsam gʻiq etib chiqib ketadigandek.

Dod devorgim keladi.

Yonimda naqd bir ming ikki yuz soʻm pul boʻlsa. Uni ichimdan sirib bogʻlab olgan boʻlsam. Axir shu ham insofdanmi? Cholning ketidan oʻlasi boʻlib tarvuz koʻtarib yurish mendek bir puldorga yarashadigan ishmi? Odamlarning gapiga ham ishonmay qoʻydim. Puli borning qoʻli uzun boʻladi. Hamma unga ta’zim qiladi, deyishardi.

Bekor gap! Qoʻli uzun boʻlsa men boʻlardim, ta’zim qilishadigan boʻlsa eng avval menga ikki bukilib ta’zim qilishardi. Qani u ta’zim?

Shu badbaxt tarvuzni yerga bir uraymi? Hozir uraman. Yerga tushib majaq-majaq boʻlib ketsin. Menga desa urugʻlari hamma yoqqa sochilib ketsin?

Chol birdan toʻxtadi.
— Bolam, sen mana shu yerda sal damingni olib tur. Nonvoyxonadan ikkitagina issiq non olib chiqay.

Choyxonaga yaqin kelib qolgan edik. Soʻriga oʻtirdim. Chol hassasini toʻqillatib bozor ichiga kirib ketdi. Xuddi atayin meni ermak qilgandek boyagi xira pashsha oʻtirishim, ikki qoʻlim boʻshashi bilan uchib ketdi. Sal jonim orom olgandek boʻldi. Jindek sabr qilish kerak. Manavi tarvuz oʻlgirni kasalxonagacha oborib beray. Ana undan keyin ixtiyor oʻzimda. Nima qilsam ham oʻzim bilaman.

Shunday xayollar bilan bir oz oʻylanib oʻtirdim. Chol keldi. Yana boshlashib yoʻlga tushdik.
— Senga ham ikkitagina issiq non oldim. Hali tushlik qilib olarsan. Ma, belingga tugib qoʻy.

Yoʻq, desam chol qoʻymadi. Ikki qoʻlim band boʻlganidan cholning oʻzi non oʻralgan qogʻozni qoʻynimga tiqib qoʻymoqchi boʻldi. Etim seskanib ketdi. Mana, u nonni joylayapti. Naq eski bahoda oʻn ikki ming soʻm pul boylab qoʻyilgan joyga qoʻli tegay, tegay deyapti.
— Nima balo, bolam, nosqovogʻing bormi? Belingga nima tugib qoʻygansan?

Nima deyishimni bilmay dovdiradim.
— Hammomga tushmoqchi edim, sovun, sochiq, degandek...
— Bu ishing ma’qul. Odam degan pokiza yurishi kerak. Toza yurgan odamning tabiati ravshan boʻladi. Oʻzi sogʻlom boʻladi. Yuz koʻzidan nur yogʻiladi. Hammomga tushmagan odamni odam dema. Unaqa odamning basharasidan kul yogʻilayotganga oʻxshaydi. Mening Homidvoy degan sayramlik oshnam bor, Hammomga tushishni ana oʻshanga chiqazgan. Qachon qarasang qoʻltigʻida sochiq. Basharasi bamisoli lampochkaga oʻxshab yaltarab turadi. Qaerda sovun koʻrsa, albatta toʻxtaydi, bir yuvinib oʻtib ketadi. Uyda sovunga qiron keltiradi. Ana shunaqa, bolam. Toza yurgan odamning vijdoni ham toza boʻladi. Haromga yoʻlamaydi. Shu nazarimda ogʻaynimning pulini olgan yaramas ham juda iflos odamga oʻxshaydi. Hammom betini koʻrmagan isqirt boʻlsa kerak. Soch soqoli oʻsib ketgan, basharasini pashsha talagan odam boʻlsa kerak. Juvonmarg boʻlsin u. Goʻrida toʻngʻiz qoʻpsin!

Padaringga la’nat boyagi pashsha hali ham ergashib kelayotgan ekan, yana burnimga qoʻnib olsa boʻladimi? Chol hozir, isqirt odamning, vijdoni nopok odamning basharasini pashsha talaydi, dedi. Menga atayin shunaqa deyatgani yoʻqmi? Azbaroyi xudo, shu pashsha qoʻlimga tushsa naq gʻajib tashlayman. Yoʻq, undan ham battar qilaman.

Qayoqdan ham cholga yoʻliqdim. Mana, yana toʻxtadi. Oʻziga oʻxshagan bir cholni topib qayoqdagi gaplarni choʻzgʻilayapti.
— Indingami, boʻpti. Ammo-lekin sen yutib chiqsang kerak. Sening gullaring oldida meniki nima boʻpti.
— Yoʻq, yoʻq, unaqa dema. Sening duxoba gulingga hamma qoyil qoladi. Boʻpti. Oʻsha yerda uchrashamiz.

Ular shu koʻyi yarim soatcha guldan gaplashishdi. Oxiri ogʻaynisi bilan xayrlashib yana yoʻlga tushdi. Qoʻllarim tolib ketdi. Belim naq uzilib ketaman deydi.
— Haligi oʻrtogʻimni tanimaysan-a. Gulchilikda undan oʻtadigani boʻlmaydi. Indinga seni ham gul vistavkasiga olib boraman. Koʻrasan! Mening gullarimni ham koʻrasan. Bu ogʻaynim, albatta, birinchilikni oladi. Gʻalati odam, u. Burnoq yili terakka oʻn xil atir gul payvand qilgan. Qizil, sariq, pushti, oq gullar terakning qilt uchida ochilib turipti. Mahallasining qay burchidan qarasang ham koʻrinadi. Oʻsha gul payvand qilingan terakni uch marta kinoga olishdi. Jurnallarda ham surati chiqqan.

Chol, balki juda qiziq gaplarni aytayotgandir. Ammo bu gaplarning menga sira ham qizigʻi yoʻq. Mana, u bu gapni tamomlab boshqasini boshladi.
— Butilkaning ichida bodring bitganini koʻrganmisan?

Istar-istamas, yoʻq, dedim.
— Bilmaysan, koʻrmagansan, tushingda ham koʻrmagansan. Mana bundoq bir shishaning ichida bodring. Uning ichiga qandoq qilib bodring siqqan? Hech kim bilmaydi. Bilasanmi, ogʻaynim nima qilgan? Bodring guldan chiqib endi naychalayotganda shishaning ichiga tiqib qoʻygan. Bodring oʻsha shisha ichida oʻsib pishgan. Pishgandan keyin dumini uzib tashlagan. Hozir uyida shunaqa antiqa bodringdan toʻrttasi bor. Tuzlab qoʻyipti. Yeyman degan odam shishani sindirib ichidan oladi. Ha, shunaqa, bolakay.
— Yetay dedikmi, ota? — dedim norozi ohangda.
— Charchading-a, bolakay, yetdik. Hu anavu darvoza kasalxona. Kiramizu oshnamni chaqirtiramiz. Shu bilan vassalom.

Kirib tarvuzni qoʻliga beramanu salom alikni nasiya qilib quyon boʻlaman.

Darvozadan kirdik. Kasalxonaning hovlisi kattakon bogʻ ekan. Daraxtlar tagidagi stulchalarda xalat kiygan bemorlar gaplashib oʻtirishipti. Chol u yoqdan-bu yoqqa alanglab oldi. Keyin bir tanishini koʻrib undan ogʻaynisining qaysi palatada ekanini surishtira boshladi.
— Xoltoy ota, hu anavu daraxt tagida direktorlari bilan gaplashib oʻtiriptilar. Boravering.

Ikkovlashib oʻsha tarafga ketdik. Bir koʻzoynakli oʻrta yashar kishi kim bilandir qizishib gaplashyapti. Orqasini oʻgirib oʻtirgan bemor hassasining uchi bilan yer chizyapti. Yaqiniga bordik. Bemor chol oʻgirildi.

Oʻsha. Skameykada koʻngli ketib qolgan chol.

Beixtiyor toʻxtab qoldim. Qoʻlimdagi tarvuz tushib ketay dedi. Uning koʻzlari men koʻrgandagidek nursiz, xira emas. Ammo juda ma’yus.

Bogʻbon amaki u bilan juda quyuq koʻrishdi-da, qoʻlidagi gazetaga oʻralgan narsalarni stol ustiga qoʻydi.
— Bolam, — dedi menga qarab, — tarvuzni bu yoqqa olib kel.

Avvaliga bogʻbon cholning gapiga tushunmadim. Uning nima deganini anchadan keyin tushundim. Tarvuzni oborib stolga qoʻydim. Qoʻydim-u, yuragimning gupillab urishini aniq eshitdim. Bemorning koʻzlariga qaramay sekin tisarilib yerga qarab turaverdim.
— Oʻtir, bolam, — dedi bemor, — manavi stulga oʻtir.

Oʻtirdim.

Oraga sovuq jimlik tushdi. Boya biz kelganda ularning gapi, boʻlinib qolgan ekan. Ulab yuborish qiyin boʻldi shekilli, direktor papiros tutatib yerdagi soyalarga ancha vaqt qarab turgandan keyin juda ham qiyinchilik bilan gapira boshladi.
— Nima qilishga hayronmiz. Maorifga xabar qildik. Militsiya bu ish bilan hozir qattiq shugʻullanyapti. Qosimovning putyovkasi kelgan edi. Soyuzga qaytib topshirib yubordik.

Bemor chol ingraganga oʻxshash ovoz chiqardi.
— Oshqozonining mazasi yoʻq edi. Kurortga bormasa boʻlmaydi. Meni deb putyovkadan ajralib qopti-da. Putyovkani chakki qaytarib yuboribsizlar. Kecha kampirim kelgan edi. Hovlimizning yarmini sotmoqchimiz. Yana bir ikki kun sabr qilinglar, toʻlaymiz. Sogʻayib chiqay.

Direktor xijolatlik bilan e’tiroz bildirdi.
— Sotmang. Hovli sotish nimasi. Boshqa biron ilojini topish kerak.
— Boshqa iloji yoʻq. Oʻqituvchilar otpuskaga chiqishlari kerak-ku, axir, yil boʻyi ishlab, endi dam olamiz deyayotganlarida bundoq boʻlib oʻtirsa...

Ichimdan bogʻlab olgan pul toʻla belbogʻ tanamni kuydirib tashlayotgandek boʻldi. Agar sharmandalik boʻlmasa, shu oʻtirganlarning ta’nali boqishlariga tob berishning iloji boʻlsa belbogʻni yechib pulni stol ustiga tashlardim. Afsuski, bunday qilishning sira iloji yoʻq. Bu ahvolda ularning alamli suhbatlariga quloq solib oʻtirish ham mumkin emas. Ularning har bir soʻzlari meni boʻgʻizlar, har daqiqada ming martadan oʻldirar edi.

Oʻrnimdan turdim.
— Ketmoqchimisan? Shoshma, — dedi bogʻbon amaki. — Birga ketamiz.
— Zarur ishim bor, — dedim eshitilar eshitilmas.
— Ha, aytgancha hammomga tushmoqchi eding-a. Mayli, bora qol.

Oʻlgandan battar boʻlib tashqariga chiqdim.

Darmonim qurib uzoq borolmadim. Koʻchaning narigi betiga oʻtib keksa tol tanasiga suyanganimcha qancha turganimni bilmayman. Koʻchalarda chiroqlar yonipti. Oʻtkinchilar ham siyraklashib qolipti. Kuni bilan tuz totganim yoʻq. Ammo hech narsa yegim kelmaydi. Tomogʻim qurib chanqab ketyapman. Koʻzimni ochsam bemor cholning xira koʻzlari koʻrinadi, yumsam uning titroq tovushi eshitiladi.

Bu keksa, bemor kishining shundogʻam oz qolgan umrini men qisqartirayotganimni oʻzim bilib turibman.

Hayotda insonlarning koʻp yaxshiliklarini koʻrdim. Mana shu mutlaqo begona bogʻbon cholning oʻzi menga qancha yaxshiliklar qildi. U menga ishonadi. Xuddi oʻz bolasidek haddi sigʻib ish buyuradi. Uyida tansiqroq ovqat pishirilsa nasibang, deb olisdan hassasini doʻqillatib olib keladi.

U mendan nima yaxshilik koʻrdi. Shu yaxshiliklarning evaziga men nima qildim. Hatto tom shuvoq qildirganda ham xasharga bormadim. Men oʻzim kimman? Nimaman? Odammanmi? Undan ortiq oʻqituvchining yozgi dam olishidan, hatto oshqozoni yil boʻyi azob bergan bir keksa oʻqituvchining davolanishidan ham mahrum qildim. Menga nima boʻldi? Bunday pastkashlik menga qaydan ilashdi? Turgan bitganim harom! Odamlar nega mendan jirkanishmaydi?

IV. Osmon toʻla yulduzlar

Balogʻat yoshidan hatlab oʻtganimga ham ancha boʻldi. Haligacha biron qizni yaxshi koʻrib qolganim yoʻq. Sevgi odam yuragiga tiniqlik, nur, koʻngilga ezgu-orzular soladi, deyishadi.

Hamyotoq oʻrtoqlarim sevgi-muhabbatdan gaplashayotganda koʻzlari, basharalari juda gʻalati boʻladi. Xuddi shirin bir narsa yeyayotgandek koʻzlari yumilib ketadi. Kuniga soqol qirtishlashadi. Shimlariga suv purkab toʻshak tagiga bostirib yotishadi. Yaxshi koʻrgan qizlarining suratini tumbochka ustiga qoʻyib, soatlab tikilib oʻtirishadi. Nega men shunday qilolmayman? Koʻngilni yoritadigan qanday niyatlarim bor?

Mana shu savoldan koʻzlarim chaqnab ketdi.

Shu paytgacha bu toʻgʻrida sira oʻylab koʻrmagan ekanman. Juda arzimas narsalar haqida kallani shishirib yurgan ekanman.

Pul, yaxshi kiyinish, yaxshi yeyish. Mana shular mening orzum, mening niyatim, qolaverea hayotdan ilinjim shular edi. Yoʻq. Ana shuning uchun ham yuragimga sevgi kelmagan. Sevgisiz yashashning dahshati butun tanimga zirqiroq soldi.

Uch kun boʻldi basharamni soqol bosib ketganiga. Shu uch kundan beri isqirt boʻlib yuribman. Birovlarning mehnat qilib topgan pullarini belimga tugib pastkash niyatlarimdan mast boʻlib, shabkoʻr odamdek oyoq ostidan narini koʻrolmay yuryapman. Xoʻsh, bu pullarni ham sovurib boʻlarman. Tilla soat taqib qaysi bir qimmatli umrimni hisoblayman. Eng yaxshi kostyumni kiyib olib qaysi bazmga, qaysi ziyofatga boraman? Kimim bor? Kim meni toʻyga aytadi? Xoʻsh pul ham tugaydi? Unda nima boʻladi?

Demak, demak qolgan umrim birovlarning choʻntagiga tikilib oʻtarkan-da! Mehnatchi? Qachon mehnat qilaman?

Mana shunday dahshatli xayollar bilan shahar kezib yuribman. Koʻchalar jimjit. Tramvaylarda ham odam siyrak. Deraza chetiga bosh qoʻyib konduktorlar mudrab ketyapti. Mana, ikki pritsepini sudragan tramvay ostanovkaga kelib toʻxtadi. Hech kim chiqmadi ham, tushmadi ham. Hatto keksa konduktor bosh koʻtarib qaramadi.

Bilaman. Bu odamning ham bola-chaqalari bor. Keksaligiga qaramay ishlayapti. Kuni bilan saraton choʻqqa aylantirgan tiqilinch tramvayda shaharning u boshidan bu boshiga qatnaydi. Shu mehnati bilan roʻzgʻor tebratadi. Ishlab topgan har bir tiyiniga qanchalab peshana teri tomadi.

Tramvay qayilishdan gʻiqillab oʻtib ketdi. Yana azamat shaharning sokin tuni hokim boʻlib qoldi.

Oldimdan tez yordam mashinasi oʻqdek uchib oʻtib ketdi. Vrachning oq xalati koʻzimga arang chalinib qoldi.

Qaerdadir, kimdir betob. Mana shu oq xalat kiygan kishi uni oʻlimning omonsiz changalidan qutqaradi. Bu odam oʻlim bilan olishgani, uni yenggani ketyapti.

Xuddi kunduzdek yorugʻ sokin koʻchaning oʻrtasida, asfaltda bitta-bitta bosib militsioner yuripti, Bu odam tong otguncha uxlamaydi. Odamlar tinch uxlasin, deb uyqusidan kechib tunni tongga ulaydi.

Qaydadir parovoz qichqirdi. Qaydan kelayotganikin? Olis choʻllar, dovonlar, togʻ tonnellaridan oʻtib kelayotgan bu karvon shahri azimga yetdim, deb qichqiryapti. Uning qichqirishi goʻyo, ey azamat shahar senga qoʻriq yerlarning nonini olib keldim, poyonsiz oʻrmonlardan yogʻoch, yer qa’ridan koʻmir, ma’dan olib keldim, deyayotganga oʻxshardi. Mashinistning oʻt yalligʻida yaltiragan qoramoy basharasi koʻzimga koʻringandek boʻldi.

Shahar uyquda. Qorongʻi kechada projektorini nurli oʻqdek otib tepamda koʻtarma kran gʻiqillayapti. Elektr payvandi chaqin chaqyapti. Uy qurishyapti.

Yonboshiga «non-xleb» deb yozilgan mashina oʻtdi. Sokin kechada issiq non hidi ancha vaqtgacha turib qoldi.

Ketyapman. Shoshilmay oʻz taqdirim, qilmishlarim haqida oʻylab ketyapman. Vaqt alla-palla boʻlib qolgan. Tramvay, avtobuslar ham yotgan. Katta shahar koʻchasida militsioneru men uygʻoq. Toʻrt qavatli uyning hamma uylarida chiroq oʻchganu ikkinchi qavatidagi bitta uyning derazasi yorugʻ, undan pijama kiygan, sochlari toʻzgʻib ketgan bir kishi koʻrinadi. U tinimsiz sigareta chekyapti. U koʻz oynagini qoʻliga olib, qorongʻi boʻshliqlarga tikilganicha qimirlamaydi. Kim boʻldi bu? Shoirmi? Injenermi? U kim boʻlmasin uxlamayapti. Bu odam tong otguncha yurtga bir nima sovgʻa qiladi. Ye she’r, yo yangi qoʻshiq, yo tarixning varaqlanmagan bir sahifasi paydo boʻlyapti.

Oʻrda koʻprigiga kelib qolibman. Anhorga tikilganimcha oʻysiz, hissiz turib qoldim. Suv jimir-jimir qilib oqyapti. Qirgʻoqdagi chiroqlarning aksi suvning eng tagigacha sanchilgandek. Mayda toshlar ustiga qadalgandek.

U yoq-bu yoqqa qaradim. Koʻprikning u tomonidagi sabzavot doʻkoniga pomidor tushirishyapti. Sekin belimdan necha kundan beri meni odamgarchilikdan chiqazgan pul tugilgan belbogʻni yechdim. Uni hozir suvga uloqtiraman. Uloqtiramanu, asli holimga, jinoyatga qoʻl urmagan pok odamga aylanaman.

Belboqni changallab turipman. Mana oʻng qoʻlimni koʻtarib qulochkashlab turib, anhorning oʻrtasiga uloqtiraman.

Oyoq tovushini eshitib qoʻlimni shoshib pastga tushirdim. Koʻprik tarafga qarab yoshgina bir yigit kelardi. U menga yaqin kelib toʻxtadi.
— Ogʻayni, bitta chektirsang-chi?

Shunday karaxt edimki, bu yigitning menda nima ishi borligiga, nima qilib oldimda toʻxtaganiga tushunmasdim. Boshdan oyoq qaradim.

Oyogʻida etik, egnida joʻngina qora xalat.
— Bitta chektirsang-chi, karmisan?

Shundagina hushim oʻzimga keldi. Chekmasligimni aytdim. U afsuslangan bir qiyofada qoshlarini kerdi.
— Gugurt bor-u, papiros yoʻq. Ikki soat boʻldi tamom boʻlganiga. Quloqlarim shishib, kallam gʻuvillab ketyapti.

Shu payt papirosini yiltiratib militsioner yetib keldi.
— Ha, montyor bola. Nima qilib yuribsan?
— Xumor boʻlib ketdim, oʻrtoq nachalnik. Militsioner yonidan bir pachka papiros olib unga uzatdi.
— Chek, chekaver, ogʻayni. Koʻchani shundoq yoritib qoʻyipsanu, sendan papiros ayaymanmi.

Montyor yigit shoshib papiros oldi, shoshib oʻt oldirdiyu, maza qilib cheka boshladi. Militsioner menga qaradi.
— Sen bola nima qilib shahar kezib yuribsan? U yoqqa borasan angrayasan, bu yoqqa kelasan angrayasan. Xoʻsh, nima qilib yuribsan?

Hech kimdan bunaqa soʻroq kutmaganimdan esankirab qoldim.
— Oʻzim, shundoq.
— Hech kim oʻzi shundoq uxlamay yurmaydi. Manavi nima qilib yuripti? Bu menga ma’lum. Manavi koʻchaning elektrlariga qaraydi. Bironta lampochka yonmay qolsa darrov boshqasini qoʻyib yondiradi. Men boʻlsam oʻzingga ma’lum... Sen-chi?

Kallamga darrov bahona keldi.
— Imtihondan yiqildim. Uyqum qochib ketdi.
— E, — dedi u achinib. — Bu ishing chakki boʻpti. Men ham bir marta yiqilganman.

Hayron boʻldim. U qanaqa imtihondan yiqilishi mumkin. Oʻzi militsioner boʻlsa.
— Hayron boʻlma. Militsionerlar ham oʻqiydi. Men sirtqining uchinchisidaman. Yiqilganimning sababi shu boʻlganki...

U xotiralarga berilib ketgandek suvning jimjimasiga tikilib ancha vaqtgacha turib qoldi. Keyin boshini koʻtarib kulimsiradi.
— Mundoq boʻlgan. U paytda men qidiruv boʻlimida inspektor edim. Ertaga imtihon boʻladi deb turgan paytimda boshligʻimiz menga bir ish topshirib qoldi. Urush vaqtida Toshkentga kelib qolgan leningradlik bir bolani dadasi qidirtiribdi. Ikki yildan beri qidirib topisholmas ekan. Shuni oʻzing topasan, deb qoldi. Yoʻq deb boʻladimi? Bizda harbiy intizom. Bajarish shart.
— Topdingizmi? — dedim shoshib.
— Hovliqma, bola, hozir aytib beraman. Shu desang, imtihonlar ham qolib ketdi. Butun Uzbekistonni qidirdim. Xat yozmagan shaharim qolmadi. Oxiri topdim.
— Qaerdan topdingiz?
— Muni qarangki, oʻsha odam bilan har kuni ming marta gaplashib, bir xonada ishlarkanmiz. Hatto oʻsha odamning oʻzi menga qoʻshilib qidirishib yuripti. Boʻlimimizdagi laborant yigit oʻsha ekan. Rosa qiziq boʻlgan-da, oʻshanda. Bola vaqtida nomi ham, familiyasi ham boshqa ekan. Boqib olgan odam oʻz familiyasiga oʻtkazib qoʻygan ekan. Ana oʻshanda dars tayyorlash qolib ketib burnimning toʻgʻrisidagi odamni oʻn beshta shahardan qidirganman. Oxiri boshqarmadan a’lo, institutdan ikki baho olganman.

Montyor bola yana ikkita papiros olib ketdi. Militsioner ham ketarkan, dedi:
— Endi bor. Yotib damingni ol. Hali zamon tong otib qoladi. Boʻladi. Studentlikda har gap boʻladi. Xoʻp boʻlmasam, postni bir aylanib chiqay.

U ketdi. Pul toʻla belbogʻni changallaganimcha yolgʻiz qoldim. Sal oʻtmay militsioner yana orqasiga qaytdi. Bu gal uning qovogʻi soliq. Menga juda yomon qarardi.
— Qani marsh, joʻna. Sendaqa irodasi boʻsh studentlarning koʻpini koʻrganman. Bilaman. Oʻzingni suvga tashlamoqchisan. Boshimni baloga qoʻymoqchisan.

Bir gap demay nari ketdim. Orqamdan u javraganicha qoldi.
— Ha, yoshlar, yoshlar. Jonining qadriga yetmaydi. Bitta bolaga ota boʻl, jon shirinligini ana oʻshanda bilasan.

Yoz kechalari juda vaqtli tong otardi. Ufq cheti qizil alvondek boʻzarib kelyapti. Avtobuslar serharakat boʻlib qoldi.

Bu musaffo tong hammaning diliga yorugʻlik, olijanob rejalar solyapti. Odamlar orom uyqusidan keyin yangi umr, yangi istaklar bilan yostiqdan bosh koʻtarishyapti.

Faqat mening yuragim boʻsh. Bu tiniq, tarovatli tong mening yuragimga zarracha ham nur tashlamayapti. Mening yuragimda hali tong otgani yoʻq. Osmon toʻla yulduzlar birin-ketin oʻchib oftobga yoʻl boʻshatishyapti.

Yotoqqa keldimu koʻrpaga burkanib yotib oldim. Hali ham koʻzlarimga uyqu ilinmaydi.

Uygʻongan shaharning shov-shuvidan, odamlarning oyoq tovushlaridan, oftob tigʻidan qochib burkanib yotibman.

Koʻzimga bemor chol, mudragan konduktor, ikkinchi qavatda tong otguncha chirogʻi oʻchmagan ijodkor, oʻlim bilan olishgani ketayotgan vrach, uxlamay shaharga nur taratayotgan montyor yigit va nihoyat odamlar tinch uxlasin deb shaharning u boshidan bu boshiga piyoda qatnab turgan militsioner koʻrinaverdi. Oʻzimni ularga solishtirib koʻryapman.

Butun alamlarimni, xoʻrliklarimni bagʻrimdan chiqarib yuborgudek boʻlib yigʻlab yubordim.

Qalbimdagi dogʻlarni bu koʻz yoshlari yuvolsa edi, butun vujudimni koʻz yoshiga aylantirib yigʻlardim.

Bu ojizlik, chorasizlik koʻz yoshlari ekanini bilardim...

V. Xayr, sershovqin shahar!

Bugun badbaxtlik umrimning soʻngi boʻlishini istardim.

Shu niyat bilan oʻrnimdan turdim. Necha kundan beri bu oyoqlar jinoyat yukini koʻtarib yuraverib holdan toydi. Endi bu oyoqlarning yukini yengil qilmoqchiman.

Sartaroshxonaga kirdim. Usta basharamga sovun surtib qirt-qirt soqol olyapti. U basharamni odam qiyofasiga kiritmoqchi. Oh, u birgina basharamni tozalash bilan qalbimdagi dogʻni tozalayolmasligini bilsaydi. Sekin oʻz betimga qarayman. Naqadar hayosiz koʻzlar bu. Ozib ketibman. Faqat shu beibo koʻzlarimgina mushuk koʻzidek yiltirab turipti.

Bogʻbon amakini qidirib gulzor oldiga keldim. Yoʻq. Eng zarur paytda, mening taqdirim hal boʻlayotgan bir paytda shu yerda boʻlsa-chi. Uni koʻp kutdim. Kelmadi. Tezroq kela qolsaydi. Niyatimdan qaytmasdan, yana harom, nopok niyatlar kallamga uya qurmasdan kela qolsaydi.

Axir, men oʻzimni bilaman. Miyamda tugʻilgan va qat’iy deb ishongan fikrlarimdan ham juda koʻp marta qaytgan odamman. Men ana shunaqa subutsiz odam edim.

Xayriyat, bogʻbon amaki kelib qoldi.
— Baxayr, bolam, nima qilib oʻtiripsan?
— Dam olib oʻtiripman.

Shunday dedimu oʻrnimdan tura solib nari ketdim. Shu ketganimcha oldiga qaytmadim. Bir mahal qarasam, koʻchaning narigi betida undan qochgandek yugurib ketyapman.

Hozirgina aytayotgan edim-a, fikridan, niyatidan tez qaytadigan odamman deb. Men cholning oldiga nima uchun kelayotgan edim? Unga butun qilmishlarimni aytmoqchi, uning bemor doʻsti boshiga tushgan kulfatning sababchisi menman, demoqchi edim. Mana, aytolmay qochib ketdim.

Endi birgina yoʻl qoldi. U ham boʻlsa kasalxonaga borib bemorning oldiga pullarini qoʻyib, meni nima qilsangiz qiling, men oʻgʻriman, deb aytish. Shunday qila olamanmi?

Oʻyladim. Oʻylagan sarim dahshatli olov ichiga kirib ketayotganga oʻxshayverdim.

Nima qilay boʻlmasa? Nima qilsam pul egasiga tegadi? Bu xilda belimga boylab to oʻlgunimcha yurolmayman-ku?! Nimadir qilish kerak.

Ochiq oydin iqror boʻlishga-ku qoʻrqyapman. Meni jazolaydilar, ta’na qiladilar, peshonamga oʻgʻri, degan mal’un tamgʻani bosadilar, deb qoʻrqyapman. Agar shu qoʻrquv boʻlmaganda allaqachon pulni egasiga topshirib tinchib olgan boʻlardim.

Pochtaga kirdim.

Birov xat joʻnatyapti, birov olis yurtdagi doʻstiga sovgʻa yuboryapti. Qaerda, mening kimim bor? Kimga xat yozamanu, kimga sovgʻa joʻnataman?

Birdan miyamga yalt etib bir oʻy keldi.

Portfelni pochtadan joʻnatsammikin? Qimga yuboraman? Aytgancha vedomostda maktab adresi bor. Shunday qilaman.

Kichkinagina bir quti olib roʻmolga tugib olgan portfelni, ichidagi jamiki qogʻozlari bilan, pullari bilan joyladim.

Shu payt koʻnglimni yorituvchi gʻalati hislar birin-ketin quyilib kela boshladi.

Darrov bir varaq qogʻoz oldimu qalamni tishlab oʻylab ketdim.

«...Sizlardan uzr soʻramoqchi emasman. Faqat yuragimni boʻshatish uchun nimalar deyishim kerak. Ha, men oʻgʻrilik qildim. Mehnat bilan topgan pullaringni olib qoʻydim. Bu faqat pastkashlarning pastkashi qilishi mumkin boʻlgan ish, xolos. Pulingizni yoʻqotgan kassir chol kasalxonada ogʻir ahvolda yotibdi. Agar men shu ishni qilmaganimda, balki uning dardi bunchalik ogʻirlashmagan boʻlardi. Hammasini bilib, koʻrib, eshitib turibman. Vedomostning oltinchi qatoridagi Karimov familiyali oʻqituvchi sanatoriyaga borolmadi. Chunki putyovka puli menda. Endi u balki bu yil oshqozonini davolayolmas. Men uning ham dardini ogʻirlashtirdim.

Pullaringizning bir tiyiniga ham tegmadim. Butunligicha qaytaryapman. Buning uchun rahmat eshitishni istamayman. Bu xil ishga rahmat aytilmaydi.

Bu qilmishlarim uchun meni sudga berish, jazoga torttirish kerak edi. Men ana shundan qoʻrqib bir necha kundan beri pullaringizni koʻtarib yuribman. Endi oʻz jazomni oʻzim bermoqchiman, Axir dunyoda vijdon sudi ham bor-ku? Eng dahshatli, eng adolatli sud vijdon sudi. Bu sudning hukmi to umrning oxirigacha afv etmaydi. Jazolayveradi, jazolayveradi...».

Shu xat mening kimligimni, qilmishimning naqadar mudhishligini oʻzimga aniq koʻrsatib qoʻydi.

Quti ustiga maktab adresini yozdimu pochtachiga topshirib yana tashqariga chiqdim.

Qushdek yengil edim. Koʻksimni bosib yotgan yuk endi yoʻq. Bir oʻzim, boʻsh xayollarim, qurumdan tozalangan, ammo hali oʻt yoqilmagan moʻridek huvullab qolgan qalbim bilan yolgʻiz qoldim. Endi bu yurakni yaxshi hislar bilan toʻldirish kerak.

Xuddi umrim daftarining ikki baho qoʻyilgan ilk sahifasini yirtib tashlagandekman. Endi bu daftarni nima bilan toʻldiraman?

Bu endi mening hayotdan ilinjim, birinchi qadamni qay xilda bosishimga bogʻliq.

Texnikum direktoriga, meni oʻqishdan chiqazishlarini soʻrab ariza qoldirdim-da, arzimas buyumlarimni koʻtarib yoʻlga chiqdim.

Sayfi bilan ham, Umar bilan ham xayrlashmadim. Nopok qoʻllarim bilan ularning qadoqli qoʻllarini bulgʻatgim kelmadi.

Ketyapman. Shahar chetiga yetishim bilan qirgʻoqqa sapchib oqayotgan anhorda shoʻngʻib-shoʻngʻib choʻmilgim keldi.

Suv shu qadar tanga yoqardiki, aslo chiqqim kelmasdi. Anhor chetidagi tizza boʻyi keladigan joyda tanimga sovun surib rosa ishqayapman. Kirlarim suv betida birdam aylanib olislarga oqib ketyapti.

Shu payt bogʻbon amakining gaplari esimga tushib ketdi.
— Toza yurgan odamning vijdoni ham toza boʻladi.

Shu gapning rostligiga endi ishonyapman. Qancha yuvinsam shuncha fikrim tiniqlashayotganga oʻxshaydi.

Katta tsement koʻprik ustidan tinimsiz mashinalar oʻtib turipti. Odamlarning keti uzilmaydi. Men ham ana shu mehnatkash odamlar orasida boʻlgim keladi. Qachonlardir men ham shulardek mehnat qilaman. Peshopa terim toʻkilgan tiyinni xarjlab kun kechiraman. Mana shu kun mening eng baxtli kunim boʻlishi kerak. Men ana shu kunni tezroq koʻrishga shoshilyapman.

Shoshib kiyindimu katta yoʻlga qarab soʻqmoqdan chiqdim.

Bu yoʻlning soʻnggi koʻrinmaydi. Tekis asfalt goʻyo ufqqa nayzadek sanchilgan. Mana shu soʻngsiz yoʻlning qaysi bir bekatida mening baxtim kutib turganikin? Shu yoʻlning qaysi bir bekatiga mening peshona terim toʻkilarkin? Oʻsha bekatga tezroq yetishga intilyapman. Oyoq olishim ildamlashyapti.

Orqamga qaradim.

Sershovqin shaharning koʻkka intilgan imoratlari, zavodlarning baland korpuslari hali ham koʻrinib turipti.

Men shu shaharda bir yil yashadim. Bu shahar oʻz farzandidek boshimni silab bagʻridan menga joy berdi. Non berdi, tuz berdi. Men...

Men uning nurli koʻchalarida gʻijimlab tashlangan chiqindi qogʻoz parchasidek u yoqdan-bu yoqqa uchib yurdim. Supurgiga chap berib sudralib yurdim. Odamlariga xiyonat qildim. Koʻzga tushgan qum donasidek odamlarga azob berdim.

Kechir, onadek aziz shahar! Senga farzandlik qilolmadim. Biron imoratingga gʻisht qoʻyolmadim. Qoʻyningda burgadek oʻrmaladim, xolos.

Qachondir yana bagʻringa qaytaman. Odam boʻlib qaytaman. Farzandlik qarzimni uzgani kelaman. Shunda ostonangga qadam qoʻyishim bilan bosh egib ta’zim qilamanu, assalomu alaykum, ona deyman.

Hozircha huzuringga kelolmayman. Oʻzimni oʻzim sud qildim. Oʻzimga oʻzim dahshatli hukm chiqardim.

Bu hukm sud majlisida chiqarilib qogʻozga yozilgan hukmdan oʻn chandon ogʻir. Bu hukm mening jigar bagʻrimga, qalbimga, butun vujudimga bitilgan.

Bu qat’iy, uni hech qanday farmon bilan afv qilib boʻlmaydi.

Oʻgirilib yana soʻngsiz yoʻlga tikildim.

Ishonch bilan, qandaydir yorqin umidlar bilan yoʻlga tushdim.

Ketyapman.

Bu mening kattakon yoʻldagi birinchi qadamim boʻlishiga ishonaman.

Oʻylayapman. Bu oʻylar ertangi porloq kunimning aniq rejalari boʻlishiga ishonaman.

Qaydasan, mening nurga burkangan qoʻnalgʻam?

Xuddi soʻrogʻimga javob bergandek simyogʻochdagi qaldirgʻochlar yuraver, yuraver, deb chugʻurlashadi.