OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiSuvlar oqib ketdi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Suvlar oqib ketdi (hikoya)
Said Ahmad

Onasi Murodjonning tushiga kiribdi.

Texnikum yotogʻida bolasining karavotiga oʻtirib tugun yechayotganmish. Togʻoradan qora chillaki olib, tumbochka ustiga qoʻyib dermish:
— Ol, bolam, atayin senga ilinib olib keldim... Ogʻzing tegib qolsin, dedim. Chumchuq oʻlgur qoʻymayapti.

Poshshaqiz yonboshiga agʻdarildi. Murodjon uygʻonib ketdi.

U shiftga boqqanicha oʻy oʻylab yotaverdi. Qorongʻi kecha qa’riga tikilib, koʻrgan kunlarini, bolaligini qidirardi. Qaerdadir qoʻl soatning zaif chiqillashi, koridor devoridagi elektr schyotchigining bemor ingrashidek nolasi, divanda kulcha boʻlib yotgan mushukning yoqimsiz gʻurillashi eshitilib turibdi.

Murodjon uzilgan tushini ulash niyatida yana koʻzini yumdi. Uyqu ham kelmadi, tush ham koʻrmadi. Koʻpdan yoʻqotgan onasi bir on paydo boʻlganicha abadiyat qa’ridan qayta yuz koʻrsatmadi. Murodjon onasini poylab uzoq yotdi. Oxiri koʻzini ochib, yonboshiga qaradi. Xotinining yelkasidan koʻrpa tushib ketgan. Ich kiyimlarining qavat-qavat kapron tasmalari oppoq yelkasidan bilagiga tushib qolgan, kuragidagi kecha banka qoʻydirganda qolgan jigar rang izlar bemalol koʻrinib turibdi. Marvarid oʻramidagi sariq ipak tugunchasiga bir dona dur ilinib qolibdi.

Murodjonning xotini Poshshaqiz nihoyatda chiroyli edi. Zulukdek qora qoshlar, ilondek toʻlgʻangan taqim oʻpar sochlar, tikilgan joyni kuydiradigandek koʻzlar Murodjonning bolaligiga, osoyishiga oʻt qoʻygan edi.

Murodjon yotaverib qon boʻlib ketdi. Asta koʻrpadan sugʻurilib, qorongʻida timirskilanib shippagini topdiyu narigi uyga oyoq uchida chiqib ketdi.

Aksiga olgandek, qandildagi lampochka koʻkimtir chaqindek bir yilt etdiyu kuyib qoldi. Koʻzi qorongʻiga oʻrganib, asta-sekin koʻradigan boʻldi, nazarida, uy yorishganga oʻxshab, jihozlar gʻira-shira koʻrina boshladi.

U uy ichida kezarkan, onasining tirik qiyofasini xotirida tiklamoqchi, unga yana bir toʻyib olmoqchi edi. Ammo ona hadeganda uning koʻzi oʻngiga kelavermadi.

Murodjon deraza oldiga kelib, hovliga qaradi. Ayvon shiftidagi lampochka hovlini oydindek yoritib turardi. Toʻp etib yerga shaftoli tushdi. Qaydandir paydo boʻlgan mushuk borib uni hidladi-yu, hafsalasi pir boʻlib, orqasiga qaytdi. Tok soʻri tepasidan musicha tuxumi tushib, chilchil sindi. Yana boyagi mushuk paydo boʻldi, tuxum singan yerni yalab oldi, keyin maza qilib kerishdi-da, tandir tepasiga koptokdek sakrab chiqib ketdi. Sal oʻtmay devordan shoʻr tuproq toʻkildi.

Shunda birdan Murodjonning koʻziga onasi koʻrindi.

Onasi tandir oldida qoʻliga yengcha kiyib, loladek qip-qizil kulcha betiga suv sepyapti. Tandirdan chiqayotgan yalligʻ uning ham betlarini qizartirib yuborgan. U, sochlarim kuymasin, deb peshonabogʻini qoshlari aralash tangʻigan, uzun satin koʻylagining etagini lippa urib olgan.
— Bolam, anchadan beri yopgan non yemagandirsan, beri kel, issiqqina yeb ol.

Ona shunday dediyu qorongʻilikka singib ketdi.

Murodjon seskandi. Ichidan allaqanday oʻt kelib tomogʻiga qadaldi.

Issiq qoʻl yelkasiga tekkandagina oʻziga keldi. Orqasida yelkasida xalat tashlagan Poshshoqiz turardi.
— Sizga nima boʻldi? Qaysi yashshamagur jononingiz esingizga tushib ketdi?

Murodjon unga shunday bir qaradiki, Poshshoqiz xuddi begona erkak oldida turgandek, toʻzgʻib ketgan sochlari bilan koʻkraklarini berkitdi.
— Obbo, bu qanaqasi, qoq yarim kechasi xoʻrsinib yurish...

Murodjon indamay nari ketdi. Maykachan hovliga tushib, uyoqdan-buyoqqa yura boshladi. U goʻyo mana shu hovlidan, yerdan, qorongʻilik ichidan bolaligini, beozor, anduhsiz goʻdakligini qidirayotgandek edi. Poshshaqiz deraza oldida unga ancha qarab turdi-da, kaftining orqasini ogʻziga tutib ikki marta yaxshilab esnab, yotogʻiga kirib ketdi.

Tinch, jonli-jonsiz farahli uyquga ketgan sokin kechada kezarkan, Murodjon birdan bolaligiga roʻpara keldi.

Eshiklari oldida oʻsgan kattakon, tanlari bujmayib ketgan tut tagidagi tegirmon toshiga onasi har kuni ertalab ikki koʻzadan suv olib chiqib quyardi. Yoʻlovchilar shu suvdan ichib, bolang katta boʻlsin, umridan baraka topsin, deb onasini duo qilishardi.

Goʻdakligidan esida qolgani shu. Keyin boʻyi choʻzilib qolganda onasi taxi buzilmagan baxmal koʻrpani buzib, unga toʻn tikib bergani, kiydirib maktabga yuborgani ham esida. Oʻshanda onasi maktab ostonasiga yetmay, yoʻl oʻrtasida qarab qolgandi.

Murodjon ishga yaragudek boʻlguncha ona yer chopdi, tom shuvadi, devor urdi, qor kuradi, birovlarning koʻrpasini qavidi, tinim nimaligini bilmadi, ammo bolasini zoriqtirmadi.

U umrini shu bolasiga bagʻishladi. Er qilmay oʻtdi.

Bolam odam boʻlsin, kamolini koʻray, yurtga qoʻshay, toʻylarida charchay, keyin bolalarini boqay, dedi.

Nihoyat, u oʻgʻlini Toshkentga, texnikumga yetaklab keldi. Oʻqishga joylab qaytib ketdi. Ona har oyda bir kelishni tark qilmas, topgan-tutganini bolasining qoʻliga tutqazib, yana piyoda Parkentga qarab ketardi. Murodjon oʻqirdi. Zehni oʻtkir bola muallimlariga yoqib qoldi. Yillar oʻtdi. Institut, urush qiyinchiliklari boshlandi. Ammo ona oyda bir kelishni tark qilmasdi. Har kelganida bolasining betiga soatlab tikilib oʻtirardi. Ozib qolganini, rangi soʻlganini koʻrib, ich-ichidan kuyib ketardi.

Aspirantura yillari boshlandi. Murodjon ancha oʻzini tutib olgan. Onasining uzoq yil bosib kelishini xohlamasdi. Oʻzi borib kelardi.

Dissertatsiya yoqlaydigan kuni onasi bir savat non yopib keldi. Murodjon ming xijolat bilan onasi qarshisida turardi. Ona uning ham quvonch, ham xijolat toʻla koʻzlariga tikilib, oʻgʻlining koʻnglida nima gaplar borligini darrov fahmladi.
— Qani, bir koʻray, — dedi ona.

Murod pillapoya oldida turgan nihoyatda chiroyli qizni chaqirdi. Bu Poshshaqiz edi. Ona boʻlgʻusi kelinining peshonasidan oʻpib yigʻladi.

Dissertatsiya himoyasidan keyin onani ziyofatga olib ketishdi. Uni toʻrga oʻtqazib qoʻyib, koʻp chiroyli, koʻp ma’noli gaplar aytishdi. Onasiga rahmat, deyishdi. Bu onaning butun chekkan aziyatlariga toʻlangan haq, berilgan mukofot edi. Bu onaning eng baxtli kuni edi.

U qishlogʻiga yurib emas, uchib ketdi.

Shundan keyin ona oʻgʻlining toʻyiga keldi. Toʻy kelinnikida boʻlayotgan edi. Katta hovli yasatilgan. Dasturxonda odamning jonidan boshqa hamma narsa bor. Ammo onaga hech kim parvo qilmadi. U shu paytda oʻrdak tuxumini ochgan tovuqqa oʻxshardi. Toʻy oxirlab qolganda asta oʻrnidan turdiyu oʻgʻlining oldiga borib, peshonasidan oʻpdi. Choʻntagidan bir poy tilla bilaguzugini olib kelinining bilagiga soldi.
— Taqib yuring, qanonam rahmatlikdan qolgan. Shunday deb Poshshaqizning ham peshonasidan oʻpdiyu koʻzyoshini ichiga yutib, toʻydan chiqib ketdi.

Murodjon bir haftadan keyin borib, «olib ketay» deb yalindi, ona koʻnmadi.
— Nima qilasan, bolam. Tinch boʻlsang boʻlgani. Shu kunlaringni koʻray, deb niyat qilgan edim, koʻrdim.

Murodjon baribir uni qoʻyarda-qoʻymay olib keldi. Oʻn kun ham turolmadi ona.

Murodjon ishdan kelsa, onasi kiyimlarini tugib, ayvon dahanida oʻtiribdi.
— Ha, oyijon, nima boʻldi? — dedi hayron boʻlib.
— Ketay, bolam, shaharlaringda turolmayapman. Qishloqqa oʻrganib qolganman.

Poshshaqiz gapga aralashmadi. «Qoling» ham demadi, «keting» ham demadi. Murodjon qaynona bilan kelin orasida biron gap oʻtganini darrov bildi.

Onaning butunlay kelgani Poshshaqizga yoqmagandi. Qaynonasiga koridordagi divanga joy qilib berganda, Murodjonning yurak-bagʻri ezilib ketgandi. Lekin ogʻiz yorib biron gap aytolmadi. Vaqtida aytilmagan kerakli gap ertasiga joʻn gapga aylanadi. Shundoq boʻldi. Onasining koridorda, oyoq ostida yotishi bora-bora oddiy narsaga aylanganini Murodjon sezmadi.

Ona oʻgʻlinikiga qaytib kelmadi. Murodjon borib turdi. Roʻzgʻorini qilib berdi. Otasidan qolgan uy nurab tamom boʻlay deb qolgan ekan, boshqatdan tiklab berdi. Ammo ona «xotining undoq, xotining bundoq» deb ogʻiz ochmadi. «Ha, endi qoʻshaqaringlar, oʻzlaringdan koʻpayinglar» deb duo qildi.

Poshshaqiz hamma gapni ichiga tashlab yurgan ekan, bir kun kelib yorildi.
— Qanaqa erkaksan? Uylanganingdan keyin roʻzgʻorga qaragin-da, topganingni onangga tashiyverasanmi?!

Bu Poshshaqizning oʻz erini birinchi senlashi edi. Murodjon nima qilishini, nima deyishini bilmay qoldi. Tiliga biron ogʻiz boʻlsa ham gap kelmadi. Turib-turib uyga kirib ketdi.

Shu kundan boshlab ularning turmushi darz ketdi. Dam olish kunlari Poshshaqiz ataylab unga ish topib qoʻyadi, koʻchaga chiqarmasdi. Murodjon esa, bugun dam olish kuni, onam koʻchaga qarab oʻtirgandir, deb bezovtalanardi.

Murodjon ikki oycha onasining oldiga borolmadi. Bir dam olish kuni jahl bilan chiqib ketdiyu qishloqqa joʻnadi. Xotini choʻntagini qoqlab qoʻygan ekan, quruqdan-quruq kirib bordi. Shundoq kelganiga boshqa bahona aytgan edi, kampir koʻzyosh qildi.
— Bolam, qoʻlingga emas, diydoringga qarayman. Oʻzingni koʻrsam boʻldi. Mayli, bolam, roʻzgʻoring achchiq boʻlmasin. Sen kelolmasang ham, ishxonangga borib, uzoqdan oʻzingni koʻrib turibman. Qandoq qilay, peshonamda bittaginamsan.

Murodjonning vujudini titroq bosdi. Lablarigacha koʻkardi. Ona uning holatini koʻrib qoʻrqib ketdi.
— Tur, bolam, tur. Xotining kutib oʻtirganini bilasanmi?

Ona uni katta yoʻlgacha kuzatib qoʻydi.

Oradan bir oycha oʻtib ketdi. Murodjon ishdan qaytib, achchiqqina choyga mahtal boʻlib turgan edi. Poshshaqiz yoniga kelib oʻtirdi. Yelkasini uning yelkasiga ishqab dedi:
— Jon Murod aka, jo-on Murod aka, aspirant qizlaringizga ayting, kelib derazalarimni yuvib bersin.

Murodjon sapchib oʻrnidan turdi.
— Bu qanaqa gap! Aspirantlar konsultatsiya olgani keladi, sizga dastyorlik qilishga emas. Kelgan aspirant bolalarga devor urdiribsiz, qizlarga kir yuvdiribsiz. Uyat emasmi? Ertaga institutda qandoq bosh koʻtarib yuraman?

Poshshaqiz ensasi qotib, indamay ketayotgan edi, Murodjon dedi:
— Bitta choy damlab bering, yuragim kuyib ketdi. Poshshaqiz orqasiga qaramay, javob qildi:
— Ana gaz, ana choynak, oʻzingiz damlab ichavering! Murodjon jahl bilan oʻrnidan turdi. Stoldagi choynakni olayotgan edi, yaltiroq stol dogʻ boʻlmasin, deb choynak tagiga buklab qoʻyilgan qogʻozga koʻzi tushdi. Beixtiyor olib ochdi. Telegramma ekan, oʻqidi:

«Murodjon uka, oyingning mazasi yoʻq. Gʻanimatga oʻxshaydi. Tez yetib kel. Dilingda armon boʻlib qolmasin».

Murodjonning vujudini qaltiroq bosdi. Koʻz oldida kattakon doira paydo boʻlib, gir-gir aylanaverdi:
— Qachon keldi bu telegramma?

Murodjon oʻzining ovozini uzokdan eshitayotganga oʻxshardi.
— Oʻtgan kuni kelgan edi.
— Nega menga aytmadingiz?
— Esimdan chiqib qopti, — dedi Poshshaqiz. Murodjon nima qilganini bilmaydi. Qoʻlidagi choynakni xotiniga otdi. Poshshaqiz chap berib qolgan edi, choynak burchakdagi televizorga borib tegdi. Devorlarga shama sachradi.

U uydan oʻkdek otilib chiqdi. Shu chiqib ketganicha ikki oydan keyin ozib, ranglari sargʻayib, sochlarida ikki-uch oq tola bilan kirib keldi. U uyga, oʻz xonasiga kirib ketganicha ertasiga ham chiqmadi. Poshshaqiz derazadan qaradi, Murodjon goh peshonasiga shapillatib urar, goh divanda koʻzlarini yumib qimirlamay yotardi. Poshshaqizning onasi, eringning oldiga kir, degan edi, ranglari oqarib ketdi.
— Voy, oʻlikdan qoʻrqaman...

Qaynona kuyovining oldiga kirdi. Ahvolini koʻrib, nima boʻlganini darrov payqadi. Betahorat boʻlsa ham, qudasining arvohiga Qur’on oʻqigandek boʻldi.

Poshshaqiz kirdi. Erining peshonasidan silab yupatmoqchi boʻldi. Ammo Murodjon uning qoʻlini olib tashladi. Ingradi:
— Yetolmadim, yetolmadim, borgunimcha begonalar onamni koʻmib qoʻyishgan ekan.

Oradan besh yil oʻtdi.

Murodjon fan doktori boʻldi. Onasi niyat qilgan kunlar keldi. U baxtli edi-yu, ammo bu baxtning bir cheti kemtik edi.

Murodjon doktorlik himoyasidan uch kun oldin onasining qabriga marmar tosh olib bordi. Qaynoq qalb soʻzlari bitilgan marmar lavha gʻaribgina qabr tepasida qoldi.

Yoshlik — shoʻrlik yillari suvdek qirgʻoqlarga sapchib oqib ketdi. Hamisha omonat boʻlgan onalarimiz oʻzlari toʻymagan bu yorugʻ dunyoni bizga tashlab ketishdi.

Birov ona duosini olib qoldi. Birov dogʻi-hasratda...

Bugun Murodjonning tushiga onasi kiribdi. Yotoqxonada bolasining karavotiga omonatgina oʻtirib, tugun yechayotganmish...

1970 yil, aprel.