OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Ta’zim (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiTa’zim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ta’zim (hikoya)
Said Ahmad

Nihoyat, koʻpdan kutilgan diplom qoʻlga tegdi. Oʻzim qattiq charchaganman. Aksiga olib soʻnggi imtihon oldidan bir hafta yotib olsam boʻladimi. Oshqozon nosogʻ-da. Keyingi ikki imtihonni parhez paytimda topshirdim. Oʻzi imtihon hamma vaqt saraton kirish oldidan boshlanadi. Havo qizigandan qizib ketadi. Ishtaha boʻgʻilgan, oʻqigan narsang miyangdan uqalanib tushib ketadi. Bunday paytlarda yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladi, degandek, menga oʻxshagan nimjonlarning tinkasi qurib qoladi. Odam bolasi bir nimaga jazm qilgandan keyin oxiriga yetkazmay qoʻymas ekan, shu alfozda hammasini beshga topshirib, omon-eson diplomni qoʻlga oldim.

Mana, yoʻlga ham chiqdim. Poezd meni sershovqin stantsiyaga tashlab, yana qichqirganicha oldinga intildi.

Yuk vagonlari qasur-qusur qilib u yoqdan-bu yoqqa oʻtib turibdi. Parovoz kukulaydi, temirlar jaranglaydi. To ochiq maydonga chiqib olgunimcha boshim aylanib, koʻzim tinib ketdi.

Oftob osmondan olov quyyapti. Stantsiya maydonidagi asfalt xamirdek koʻpchib, mashina gʻildiraklariga yopishadi. Kalovlab borib avtobusga intildim. Odam koʻp. Ikki qoʻlim band boʻlganidan peshonamdan quyilayotgan terni artib ololmayman. Ter tomchilari koʻzimga oqib tushib achishtiradi. Bir mahal qarasam, oldimda turgan kishining basharasi samovarning qornida aksi koʻringandek uzun boʻlib ketyapti. Oʻzim xuddi havoda muallaq turib qolganga oʻxshayman...

Koʻzimni ochsam begona uyda, divanda yotibman. Tepamda boya basharasi uzun boʻlib tuyulgap kishi turibdi. Hayron boʻldim. Notanish kishi peshonamdan hoʻl roʻmolchani olib boshqatdan taxlab yana qoʻydi.
— Xayriyat,— deydi u koʻzlari chaqnab.— Issiq elitibdi, uka. Endi tuzalib qolasiz. Kelin ayangiz hozir xoʻrda qilib beradi.

Eshik oldida choynak koʻtargan yoshgina bir juvon turardi. Rostini aytsam, bola boʻlib munaqa chiroyli xotinni koʻrmaganman. Notanish yigit juvonning qoʻlidan choynakni olib piyolaga choy quydi-da, menga tutdi.
— Iching, qaynoq-qaynoq iching, foyda qiladi. Davosi achchiq choy.— U boshimni bir qoʻli bilan koʻtarib ogʻzimga piyolani tutdi.

Juvon oʻtdek chaqnab turgan koʻzlarini katta-katta ochib menga qarab turardi.
— Kechirasiz, uka,— deydi yigit nimadandir bezovtalanib.— Bafurja tanishib olarmiz. Hozir shoshib turibman, oʻz uyingizdek bemalol yotavering. Men kechqurun qaytaman.— U shunday dedi-yu, stol ustidan, gazetaga oʻrogʻliq nimanidir olib eshikka yoʻnaldi.
— Selxoztexnikadan zapchastga naryad olib keldim. Yana stantsiyaga joʻnashim kerak. Siz mehmonga xoʻrda qilib bering.

Juvon ma’qul ishorasini qildi. Yigit chiqib ketdi. Uyda goʻzal juvon bilan ikkimiz qoldik. Inson bolasini tabiat shunday ham chiroyli yaratadimi? Bu tushimmi, oʻngimmi? YO ertaklardagi parilardanmi bu ayol? Ovozi qandoq ekan? Oddiy xotinlarning ovoziga oʻxsharmikan?

Oʻlay agar, koʻnglimga yomon niyat kelgani yoʻq! Faqat uning tengsiz husniga oddiy bir joʻn odam sifatida lol boʻlib turibman, xolos!

Juvon nimanidir olib chiqib ketdi. Shundagina bu yerga qanday kelib qolganimni oʻyladim. Demak, avtobusda koʻnglim ozgan. Behush boʻlib qolganman. Bu yigit meni olib tushgan, uyiga olib kelib yotqizgan.

Uy jihozlariga koʻz yugurtira boshladim. Burchakda yozuv stoli, oʻrtada ustiga kleyonka yopilgan dumaloq stol. Derazadan hovli koʻrinadi. Shaftolining ayvonga engashgan shoxlari mevasining koʻpligidan lapanglab turibdi. Hal-hal pishgan shaftolini bir chumchuq beomon choʻqilayapti. U choʻqigan joydan billurdek tomchi uzilib tushay, uzilib tushay deb turibdi. Chumchuq har choʻqiganda tumshugʻini qanotiga surkab oladi. Beixtiyor tamshanib qoʻydim.

Juvon oyoq uchida kirib yozuv stolining tortmasidan gazetaga oʻralgan bir nimani olib ochdi. Qarab turibman. Bir dasta pul. U shu pullar orasidan bitta besh soʻmlikni olib, yana oʻrab tortmaga solib qoʻydi-da, menga qaradi.
— Kechirasiz, uyda goʻsht yoʻq ekan, hozir guzardan goʻsht olib kelaman, siz bahuzur dam olib yotavering, darrov kelib ovqatga unnab yuboraman.

U chiqib ketdi-yu, uyda gʻijjakning titragan ovoziga oʻxshash mayin tovushi qoldi. Bu tovush uzoq vaqt uy ichida aylanib yurdi.

Studentlik paytlarimda ota-onasi bor, oʻziga toʻq studentlarga havasim kelardi. Ba’zan dars tayyorlagani ularnikiga borganimda, uylarini, osoyishta, beozor yashashlarini koʻrib havas qilardim. Oʻz hayotimga beixtiyor koʻz tashlardim. Bolalar uyi, yotoq, ba’zan toʻq, ba’zan och qolishlar. Ota-onaga tashnalik har nafas bilinib turardi. Qachonlardir yaxshi kun koʻrish, ana shunday beozor oilada yashash ishtiyoqi yuragimda tugʻyon qilardi. Ba’zida-chi... bolalik ekan, shunday kunlarga allaqanday moʻ‘jiza kuchi bilan darrov yetisha qolish toʻgʻrisida oʻy oʻylab ketardim. Xayolan allaqayoqlardan katta pul topib olgandek, yuz ming, yoʻq, ikki yuz ming soʻm topib olib birdan niyatimga yetsam, deb oʻylardim. Mana, oʻsha katta pul. Koʻzim oldida, ana shu burchakdagi stol tortmasida gazetaga oʻrogʻliq turibdi. Shunday oʻrnimdan turib qoʻlimni uzatsam, boʻldi. Tamom. Istagimga yetaman.

Agar men yomon niyatli odam boʻlsam, yoʻq, mening oʻrnimda yovuz niyatli odam boʻlsa...

Bunday emas. Har qanday yovuz odam ham bu ishni qilmasdi. Yiqilganda suyab, uyiga olib kirgan, uyining toʻridan joy berib, qaqragan ogʻziga oʻzi choy tutgan kishining peshona teriga xiyonat qilish uchun boʻri boʻlish kerak. Vahshiy boʻlish kerak. Men odamman. Faqat meni bir narsa ezyapti. Bir umr tanimagan, na otini, na zotini bilmagan bir kishini uyga olib kirib, yosh xotinining oldiga tashlab ketgan bu yigitga hayron boʻlyapman, Er-ku bunday qildi, xoʻp. Xotinchi, xotini kimligini, qayoqdan kelib qayoqqa ketayotganini bilmagan yot begonaning oldiga bir dasta pul, stol ustiga qimmatbaho taqinchoqlarni tashlab chiqdi-ketdi. Nima, bular meni sinashyaptimi? Sinab ularga zarur kelibdimi? Hayronman!

Oradan yarim soatlar chamasi vaqt oʻtdi. Hovlida juvonning oyoq tovushi eshitilib turibdi. Tushunib boʻlmaydigan mavhum oʻylar bilan koʻzim ilingan ekan, juvonning tovushi uygʻotib yubordi.
— Mehmon, hovliga joy qildim, chiqa qoling. Ancha salqin boʻlib qoldi,

Xijolatlik bilan oʻrnimdan turdim.

Hovliga suv sepilgan. Supaga joy qilingan, xontaxta ustida bir lagan shaftoli. Juvon bir bogʻ koʻk piyozni ariq boʻyida oʻtirib tozalayapti. Supaga oʻtirib u yoq-bu yoqqa qaradim. Darvozaxona oldidagi usti shifer bilan yopilgan omonat garajda mashina nusxasini koʻpdan yoʻqotgan eski bir «Moskvich» turibdi. Uning oldingi ikkita gʻildiragi olinib, oʻqiga gʻisht terib qoʻyilgan... Motorlari ochib tashlangan. Mashinaga tikilib qolgainmni sezgan juvon kulib qoʻydi. U biram chiroyli kularkanki, begʻubor qalbi, samimiyligi xuddi shu kulgisida aks etib turgandek edi.
— Turgʻunboyingizga mashinadan tekkan. Tushida ham, oʻngida ham mashinani oʻylaydi. Tuzataman deb uvallo urinadi, uvallo urinadi, qani bu oʻlgur yura qolsa. Endi yurgizib koʻchaga olib chiqadi-yu, toʻrt-besh kishi boʻlib orqasidan itarib opkirib qoʻyishadi. Yana kovlashga tushadi. Uch yildan beri ahvol shu. Qarasam boʻshamaydigan, mayli, yangisini olaqoling, dedim. Pul yigʻib mashinaga yozilib qoʻydik. Qecha doʻkondan qogʻoz keldi. Mashinalaringni olib ketinglar, depti. Turgʻunboyingiz hali kassadan pul olib kelib qoʻydi. Ertaga mashinani olib kelamiz.

Koʻzimga boyagi stol tortmasidagi pul koʻrindi.
— Ikkalamiz ham maoshdan tashlab qoʻyib yigʻdik. Oʻtgan yili kurortga ham bormadik. Bu yil ham bormasak kerak. Turgʻunboyingiz mashinada oʻzim oʻynataman, deydi.

Juda-juda xijolat boʻlib ketdim. Ne hasratda yiqqan oʻsha pulni buzib men uchun xarajat qilib keldi-ya. Bular qanaqa odamoxun kishilar oʻzi!

Shaftoli archib yeb oʻtirib ming xayolga boribman. Oʻzimni bu olijanob odamlar oʻrniga qoʻyib koʻraman. Hayotda men hali nimani koʻribman. Oʻqish, qorin toʻydirish tashvishidan boshqa nimani koʻribman? Oldinda juda jiddiy, murakkab hayot borligini qayoqdan bilaman. Odamlar orasiga endi kiryapman. Bular men uchratgan birinchi kishilar.

Safarga chiqish oldidan, toʻgʻrisi, andak tashvishda edim. Qayoqqa boraman, kimlar qoʻliga tushaman? Qoqilsam, yiqilsam birov koʻtarib qoʻyadimi? Oʻksingan paytlarimda boshimni birov silarmikin? Studentlik stipendiyamdan ozroq jamgʻarib, musofir yurtlarda bir kunimga yarar deb ehtiyotlab qoʻygan edim. Boya divanda koʻzimni ochishim bilan, pulimni birov olib qoʻymaganmikin, deb beixtiyor yon choʻntagimga qoʻl tiqqanimni uy egasi sezmadimikin? Sezgan boʻlsa nima degan odam boʻldim.
— Turgʻunboyingiz hali-veri kelmaydi. Joy qilib bersam yotasizmi?— dedi xotin dasturxondan kosalarni yigʻib olarkan.

Nima deyishimni bilmay duduqlandim. Juvon xijolat boʻlayotganimni sezib, uydan koʻrpa-yostiq olib chiqib shaftoli tagidagi raskladushkaga joy qilib, chiroqni oʻchirdi... Oydinda u oʻziga supa oʻrtasiga oʻrin toʻshayotganini koʻrib turibman. Yechinayotganini koʻrmaslik uchun bu yonboshimga agʻdarildim.

Tun jimjit. Ariqda suv jildiraydi. Yon-verimga tap-tap qilib, shaftoli toʻkiladi. Tol novdalari orqasida yuzlari tilim-tilim boʻlganga oʻxshab oy koʻrinadi. Hamma yoqda soʻlim va osuda yoz kechasi hokim.

Katta hovlining oʻrtasida husni bir jahonga tatiydigan juvon yotibdi. Ammo mening koʻzlarimga uyqu ilinmaydi. Yuragim hayajondan gupullab uradi. Quvonchmi, oʻkinchmi, bilib boʻlmaydigan allaqanday bir his ichimni timdalaydi. Bu nima?

Bolaligimni, daydi oʻylarimni, tentak niyatlarimni allaqayoqlarga supurib tashlagan narsa bu uydagi odamlarning pokizaligi, begʻuborligi emasmikin?!

Shu uy, shu odamlar, shu sirli oydin kecha menga yangi olamning eshigini ochib bergandek edi.

Ertalab uygʻonsam, Turgʻunboy tovuq katagidan doʻppisiga tuxum solib emaklab chiqib kelayotgan ekan, U tuxumlarni xotiniga uzatar ekan, menga qarab koʻz qisib qoʻydi.
— Quymoqqa qalaysiz, mehmon,

Oshqozonim kasal boʻlganidan quymoq menga toʻgʻri kelmasligini aytishga istihola qilib, gap topolmay qoldim.
— Ha, aytgancha parhezdaman, deganidingiz-a, boʻlmasa sizga shirgurunch.

Ovqat pishguncha ikkovimiz ariq boʻyiga choʻnqayib shaftolixoʻrlik qildik. U shundagina kimligimni, qayoqdan qayoqqa ketayotganimni soʻradi. Aytdim.
— Bizning sovxozda ham sizbop ish bor. Attang, putyovkani shu yoqqa olmabsiz-da. E, attang! Bir-ikki kun tursangiz, yangi mashinada qishloqni oʻzim bir aylantirardim-da!
— Avval mashinalik boʻling, undan keyin gapiring. Bu kishi shunaqalar.

Turgʻunboy xotinining gapiga kulib qoʻyaqoldi.

Nonushtadan keyin Turgʻunboy meni avtobusga chiqarib qoʻydi. Xotini bilan, bilmadim, qanaqa xayrlashdim ekan? Esimda yoʻq. Har holda bu ajoyib xotinga munosib qaynoq bir soʻz aytgan boʻlsam kerak. Esimda bor, koʻzlarida ajoyib bir tabassum bor edi oʻshanda.

Qayga borsam yoʻqolmasligimga, hamisha atrofimda olijanob kishilar boʻlishiga, ularning ishonch toʻla koʻzlari porlab turishiga amin boʻlib safarga ketdim.

Har gal qishloqdan stantsiyaga oʻtayotganimda tomining yarmi shiferda yopilgan uyning qorasi koʻrinishi bilan yuragimda chiroyli hislar gʻalayon qiladi. Hovli oʻrtasidagi bir tup shaftolining bahorda pushti gulga burkanishini, yozda sap-sariq mevalar larzon boʻlishini, kuzda barglari olovdek yonishini, qishda yalangʻoch novdalariga bulduriq qoʻnishini koʻrib oʻtaman.

Bu qutlugʻ uyda meni oʻzimga oʻzimni tanitgan nurdek tiniq, oftobdek issiq odamlar yashaydi. Taqdir mening birinchi qadamimni shu ostonaga yetkazdi. Shu uy ostonasidan ochiq yuz bilan ertangi hayotimga boqqanman.

Shu uyga, shu odamlarga ixlos bilan ta’zim qilgim keladi.