OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Ta’zim (hikoyalar)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiTa’zim (hikoyalar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Тошкент» Бадиий Адабиёт Нашриёти, 1966
Hajm295KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/03
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Ta’zim (hikoyalar)
Said Ahmad

Daryo shovullaydi. Togʻ orqasidan osmonga sut purkagandek boʻlib avval oy shu'lasi koʻrinadi, keyin oʻzi salmoqlanib koʻtariladi-da, choʻqqiga ayri minib turib qoladi. Biram chiroyli, biram yoqimli shabada esadi. Oftob dazmoldek qizdirgan toshlarni shu shabada puflab sovutadi.

Siz yozuvchi Said Ahmadning hikoyalarini koʻpdan yaxshi bilasiz.

Yozuvchi tabiatga qanchalik maftun boʻlmasin, uni odamlar yuragidagi goʻzalliksiz, inson mehnatisiz tasavvur qilolmaydi. U inson yaratgan goʻzallikning oshigʻi. Qoʻlingizdagi kitobdan shu his-tuygʻularni topib olasiz deb umid qilamiz.

Oʻn sakkiz yoshing

«
Ne ajab, chun sarvinozim oʻn sakiz yoshindadir.
Oʻn sakiz ming olam oshubi agar boshindadir

Navoiy
»

Oʻn sakkizga kirgan odamning koʻziga olam jilva qiladi. Kamalakning yetti rangidan yetmish ming rang yasaydi. Echkining yoqimsiz ma’rashi ham qulogʻiga bul-bul navosi boʻlib kiradi. Yulduzlarga qoʻli yetadi, tubsiz ummonlar tizzasidan keladi.

Oʻn sakkizga kirmabsiz, dunyoga kelmabsiz!

Mana, oʻn sakkizga kirganlardan biri kattakon terak tagida xayolchan turibdi. U hali shu yoshga yetib ogʻziga ichkilik degan narsani olmagan. Ammo qip-qizil mast. Ovozi doʻrillaydi, husnbuzar toshgan yuzlarida bir chiroyli xayol izlari bor. Mana shu bolaning oʻn sakkizga kirganiga bugun roppa-rosa toʻrt oy boʻldi. Shu yoshga kirdi-yu, shunaqa xayolchan, boʻlar-boʻlmasga xoʻrsinadigan, kechasi oyga qarab oʻzicha she’r toʻqiydigan boʻlib qoldi.

Keksalar! Siz ham shu yoshingizni eslang!

Qishda sarimsoq piyoz yegan odamning ogʻzidan koʻklam jalasi quyib oʻtgan terakzorning isi keladi. Siz ham bolaligingizni eslasangiz unutilgan muhabbat yana tugʻyonga keladi. Mana shu xoʻrsinib turgan, yuziga husnbuzar toshgan yigit sizsiz, shu sizning oʻn sakkiz yoshingiz.

Yigitcha xoʻrsinib turgan koʻchaning bu koʻchaning bu betida baland imorat bor. Ikkinchi qavatning balkonida yaqinda oʻn sakkizga kirgan bir qiz kaftini iyagiga tirab oʻtiribdi. Oʻzi uncha chiroyli emas, ammo oʻn sakkizga kirgan qizning xunugi boʻlmaydi, buni bilasiz. Bechora qiz kelin ayasining pardoz qutisini titkilab yoʻlakda yuziga upa surayotganida akasi kelib qolib bir tarsaki yeganidan, yonidan bir juft kino bileti chiqib qolib gap topib berolmay dovdiraganidan uning necha yoshga kirganini bilib turgandirsiz. Bunaqa ish oʻn sakkizga kirgan qiz bolaning qoʻlidan keladi.

E, ayajonlar! Koʻchadan kuyovnavkar oʻtsa qavib turgan koʻrpangizni supada qoldirib devordan qaraydigan, buvijonlar, ha, nima, oʻn sakkizga kirmay hatlab oʻtib ketmagandirsiz. Kulmang, oʻzlaringiz ham xuddi shunaqa boʻlgansiz. yigʻlagansiz, kulgansiz, xoʻrsingansiz, doʻrillagan ovoz eshitganingizda yuragingizda ot oʻynagan.

Yoʻl oʻrtasida ezmalanib gaplashib kelayotgan ikki keksa oʻtib ketgandan keyin, yigit jadal yurib balkon tagiga keldi. Uning sharpasini sezgan qiz barmogʻini lablari ustiga koʻndalang qoʻyib qoshlarini kerdi-da, chiroqni oʻchirib gʻoyib boʻldi. Zum oʻtmay, u yigit oldida paydo boʻldi. Hamma yoqni atir hidi tutib ketdi.

Ikkovi indashmay yoʻl yoqalab ketaverishdi. Anhor tomonga burilishayotganda qiz majnuntolning osilib yotgan novdasidan barglarni qisimida sidirib oldi-da, yigitning ustidan sochib yubordi. Yigit undan qasdini olmoqchi boʻlib intilgan edi, qochdi. Koʻprikka yetmay yigit uni tutib, bagʻriga bosib, oʻpib-oʻpib oldi. Qiz uning quchogʻidan yulqinib chiqib, katta xarsangga oʻtirib qoldi.
— Shunaqasan-da, Anvar,— dedi qiz undan oʻpkalagandek kulib.

Anvar unga yaqin kelishga yuragi dov bermay sal nariroqda xansirab turardi.
— Boʻldi, endi — dedi qiz jiddiy ohangda. —Endi nima qilamiz. Juda boshim qotdi-ku. Aytdim-ku, sen bilan mendan kinoartisti chiqmaydi, deb.

Anvar qoʻl siltadi.
— Koʻrisholmaydi, rejissyorining gapini qara, ilm kerak, deydi. Nima oʻninchini bekorga bitirib qoʻyibmizmi? Rolni bersinu oʻynaganimizni tomosha qilaversin. Mayli, kimligimni ularga koʻrsatib qoʻyaman. Qurilishga boraman. Sen nima qilasan? Senga nima, sendan artist chiqadi. Sal kunda xizmat koʻrsatgan artist Umidaxonim Boltaeva boʻlib ketasan.

Umida sharaqlab kulib yubordi.
— E, omon boʻl-e, boʻlmadi. Arizamning ustiga boʻlmaydi, degan rezolyutsiya qoʻyib qaytib berishdi. Xayr, alvido kino ekrani! Toʻqimachilik kombinatiga ishga kiraman. Oʻsha yerda havaskorlar toʻgaragidan oʻsib chiqaman.

Ular goh kuyinib, goh kulishib ancha paytgacha anhor yoqalab aylanib yurishdi.

Anvar bilan Umida bir partada oʻn yil yonma-yon oʻtirib oʻqishdi. Shu oʻn yil ichida ozmuncha xayol surishmadi. Anvar kuniga bir kasb tanlardi, Goh uchuvchi, goh mashhur artist, goh diplomat boʻlib dunyo kezardi. Mana bugun hammasi chippaka chiqdi ketdi. Umida boʻlsa qaysi jurnalda kinoartistlarning surati chiqsa qirqib olar, hind qizlariga oʻxshayman, deb ikki qoshining oʻrtasiga xol qoʻyib, kapron sharfga piston qadab kunora suratga tushardi. Uni ham kinoga olishmadi.

Beqaror, beqoʻnim yoshlik ularni ne koʻylarga solmadi.

Bu kecha ham ularning maslahati pishmadi. Ertaga yana shu yerda uchrashishga ahd qilib ajralishdi. Yana oʻsha koʻcha betidagi balkonning chirogʻi yondi. Yana oʻsha xayolchan oʻtirish...

Anvar boʻlsa mast odamdek kalovlab sanqib uyiga qaytdi. Oʻrniga yotib koʻzi ilinmadi. Umidaning yuzi ekranda kattakon boʻlib koʻrinaverdi, U goʻyo bu yoqqa kel, deb uni ekranga chaqirayotganga oʻxshayverdi. Oxiri xayoli tushga ulanib ketdi.

Ikkovi oʻynagan rangli kino qoʻyilayotgan emish. Zalda oʻtirganlar bir ekrandagi Anvarga, bir zalda oʻtirgan Anvarga qarab qanday baxtli odam ekan-a, deyishayotgan emish. Kino tugagandan keyin ularning har ikkovini ham tomoshabinlar oʻrab olib chapak chalisharmish. Bir tomoshabin xuddi uning qulogʻi tagida juda ham qattiq chapak chalar emish. Anvar uygʻonib ketib qarasa, u yotgan karavotning bosh tomoniga qoʻnib olgan xoʻroz qanot qoqib endi qichqiraman, deb turgan ekan.

Anvar tushni boʻlgan xoʻrozning oyogʻidan ushlab uloqtirdi. Baribir xoʻroz ariq labida turib uni masxara qilgandek yana qichqirib yubordi.

Toʻkilgan olmalarni terib yurgan ichkuyov pochchasi piching qildi:
— Yotaverasizmi, xalq artisti. Boshingizga oftob kelib qoldi-ku, ishlar nima boʻldi? Qabul qilishmaganga oʻxshaydi. Yaxshisi, yuring men bilan, ekspeditsiyaga olib ketay. Ikki yil mening partiyamda ishlab, keyin institutga kirasiz.

Anvar pochchasining ishini yomon koʻrardi. Shu ham ish boʻldimi, choʻlu biyobonlarda tuproq kovlab, eski imoratlarning qoldigʻini topish. Bu ishda qahramon boʻlish qiyin. Boʻlsa pochchasi boʻlardi. Ming yil oldingi tangalarni, koʻzachalarni topgan. Nimasi qiziq! Kosmonavt boʻlsa boshqa gap. Bir marta osmonga chiqib orbitani aylansa boʻldi, yerga tushishi bilan Oltin Yulduz tayyor. Ammo kosmonavt boʻlish uchun matematikani, fizikani yaxshi bilish kerak. Anvar har ikkalasidan ham zoʻrgʻa uchga ilingan. Undan tashqari, Anvarning boʻyi uzun, novcha. Kabinaga sigʻmaydi, siqqanda ham ikki bukilib oʻtirish kerak.

Bola bechora ming xyl oʻylar bilan tentib qurilish maydoniga kelib qolibdi. Hamma yoq chang, shovqin. Samosvallar u yoqdan-bu yoqqa vagʻillab oʻtib turibdi. Sharaqlatib shagʻal toʻkadi, qaerdadir qaldirab beton qoradigan mashina aylanadi. Birpasdayoq Anvarning boshi aylanib ketdi. Kimdir: «Qoch, e, bola», dedi. Anvar oʻgirilib qarasa, sement devorni xartumida koʻtarayotgan bahaybat kranning tagiga kelib qolgan ekan. U chetga chiqib kran boshqarayotgan kishining harakatlarini kuzatib turdi. Kran xartumi devorni havolatib oborib uchinchi qavat tomining qirgʻogʻiga qoʻndirdi. Devor qoʻngan joyda elektr payvandlari chaqnadi. Anvar angrayganicha turib qoldi. Kranchi Anvarga qarab nimadir dedi. Anvar u nima deyotganini tushunmadi. U ikki barmogʻini labiga qoʻyib nafasini ichiga tortib koʻrsatdi-da, nimanidir unga irgʻitdi. Keyin u doʻng orqasidagi avtolavkani koʻrsatdi. Anvar u tashlagan narsani olib qarasa «Belomor»ning pachkasiga oʻrab tashlangan pul ekan. Anvar darrov tushundi-yu, papiros olgani doʻkonga qarab chopdi. U qaytib kelganda kranchi yana bitta devorni qoʻndirib boʻlgan ekan. Anvar unga papirosni koʻrsatgan edi, u bu yoqqa chiq, deb imladi. Anvar shoshib temir pillapoyalarga tarmashib chiqa boshladi.

Kran pastdan uncha baland koʻrinmagan edi. U to kranchining oldiga chiqqunicha naq qora terga botib ketdi. Birdan muzdek shamol esib uning bahri-dilini ochib yubordi. Papirosni egasiga berib atrofga qaradi. Hamma yoq koʻrinib turibdi. Shahar chetidagi imoratlar xuddi tuman orasidan koʻrinayotganga oʻxshaydi. Hamma yoq imorat, imorat. Uzoqda koʻm-koʻk daraxtlar orqasidan Komsomol koʻli oynadek boʻlib yaltirab turibdi. Kranning qoq belida Anvarning shundoq takkinasida bir gala kaptar pildirab uchadi.

Kranchi papirosni oʻt oldirib bir-ikki marta toʻyib-toʻyib tortdi-da, Anvarga qaradi.
— Rahmat, akasi, zap ish qilding-da, juda xumor boʻlib turgap edim.

Anvar unga ma’noli iljayib qoʻydi.
— Oʻqiysanmi, ishlaysanmi? — dedi kranchi pastga, xartum ilgagiga sement qorishmasi solingan temir tosni ilayotganlardan koʻz uzmay.
— Ishlamayman ham, oʻqimayman ham. Oʻqishni bitirdim, endi ishlamoqchiman.
— Menga shogird tushmaysanmi?—dedi u qorishmani toʻrtinchi qavati bitmagan bino tepasidan aylantirib oʻtib yangi poydevor qoʻyayotganlarning oldiga tushirarkan.

Anvar nima deyishni bilmay oʻylanib qoldi,
— Yo kosmonavt boʻlmoqchimisan? Hozir hamma yoshlar kosmonavt boʻlishni moʻljallashyapti. Ke, sen bilan biz oʻsha kosmonavtlarga uy quraylik, nima deysan!

Anvar mundoq qarasa kranchilik ham gʻalati ishga oʻxshaydi. Birdan unda kranchi boʻlish orzusi tugʻildi. Yoshlik shunaqa boʻladi. To bir kasbning boshini tutguncha oʻzini u yoqdan-bu yoqqa uraveradi. Oʻn sakkiz yosh ana shu beqarorlikning marrasi — oxiri boʻladi.
— Rost aytyapman, shogird tushsang, sal kunda kranchi qilib qoʻyaman. Mana shu kran ikkovimizniki boʻladi. Bilasanmi, bu kran bilan respublikani aylanib chiqqanman. Bu yogʻiga ikkovimiz ishlaymiz. Qarab tursam yaxshi bolaga oʻxshaysan. Xoʻsh, nima deysan?

Anvar «boʻpti» deb yuborganini bilmay qoldi. Tamom! Anvarning bolaligi bitdi!
— Hali obedda kontoraga birga boramiz, oʻsha yerda ishni bitkazamiz. Hozir uyingga borib hujjatlaringni olib kel. Ana, endi menga xalaqit berma. Texnika xavfsizligining inspektori koʻrib qolsa boshim baloga qoladi.

Anvar pildiraganicha pastga tushib ketdi.

Yana oʻsha anhor boʻyi.

Yana oʻsha sichqon teshgan elakdek oy. Yudduzlar kuygan qozon tagidek jimir-jimir qilib turishibdi. Anhor shaloplab qirgʻoqqa sapchiydi. Oy aksini maydalab oqizib ketmoqchi, majnuntol novdalariga osilib bir dam toʻxtamoqchi boʻladi-yu, eplolmaydi. Harsang tosh ustida oyogʻini suvga botirib Umida oʻtiribdi. Anvar hovliqib-hovliqib gapiradi.
— Bilasanmi, bilasanmi, dunyoda kranchilikdek qoyil ish yoʻq. Shundoq tepasiga chiqib qarasang dunyoning narigi chekkasi ham koʻrinadi. Men oʻsha yerdan turib sizlarning tomlaringizni koʻrdim. Koʻllar, bogʻlar, imoratlar... Bitta samolyot xuddi-xuddi oyogʻimning tagidan oʻtib ketdi.

Umida koʻzlarini katta-katta ochib unga qarab turibdi. Choy qogʻozini burdalab tashlagandek oy tangalari suv betida milt-milt oqadi. Katta koʻprik ustidan oʻtayotgan mashina chiroqlarining aksi xuddi suvga bir shoʻngʻib olgandek narigi qirgʻoqqa yetmay soʻnadi.

Qiz yigitning gaplariga chidamay ketdi.
— Kombinatga borganmisan, oʻzing. Kombinatning qanaqaligini bilasanmi, oʻzing. Voy boʻ... Men tengi qiz bir yuz oʻn ikkita dastgohni yurityapti. Qirq ming odam ishlaydi. Kranni gapirasan-a. Kraning nima boʻpti, bu dastgohlarning oldida. Kombinatda bir yilda chiqadigan matoni yer shariga oʻrasang yerning ochiq joyi qolmaydi. Kranlaringu, jamiki qurilishlaringni oʻrab tashlaydi.

Anvar ham boʻsh kelmadi. U kranchini maqtayverib oxiri gap topolmay qoldi. Ammo Umida kombinatda koʻrganlarini gapirib tugatolmasdi.

Anvar mundoq qarasa, Umida labiga qizil surtganga oʻxshaydi. Tikilib koʻrsa rost.
— Bu nima, yapgi kalishning ichidek qip-qizil qilib.

Umida piq etib kulib yubordi. Uning bu kulgisida? Sen uchun, sen uchun tentak, degan ma’no barq urib turardi.

Shu kecha ularning xayoliga kinoartist boʻlish degan gap kelmadi. Har ikkovi ham yangidan tanlagan kasblarini tildan qoʻymasdilar.

Oʻn sakkiz yosh shunaqa boʻladi. Goʻdaklik xayollari yaratgan orzularini tumandek tarqatib, yangi orzular yaratadi. Yaratadi-yu, uni haqiqatga aylantiradi.

Ajab emas, endi bu ikki oʻsmir kinoekranlarida artist boʻlib emas, artistlar bular boʻlib koʻrinsa.

Oʻn sakkizga kirmabsiz, dunyoga kelmabsiz!

Ta’zim

Nihoyat, koʻpdan kutilgan diplom qoʻlga tegdi. Oʻzim qattiq charchaganman. Aksiga olib soʻnggi imtihon oldidan bir hafta yotib olsam boʻladimi. Oshqozon nosogʻ-da. Keyingi ikki imtihonni parhez paytimda topshirdim. Oʻzi imtihon hamma vaqt saraton kirish oldidan boshlanadi. Havo qizigandan qizib ketadi. Ishtaha boʻgʻilgan, oʻqigan narsang miyangdan uqalanib tushib ketadi. Bunday paytlarda yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladi, degandek, menga oʻxshagan nimjonlarning tinkasi qurib qoladi. Odam bolasi bir nimaga jazm qilgandan keyin oxiriga yetkazmay qoʻymas ekan, shu alfozda hammasini beshga topshirib, omon-eson diplomni qoʻlga oldim.

Mana, yoʻlga ham chiqdim. Poezd meni sershovqin stansiyaga tashlab, yana qichqirganicha oldinga intildi.

Yuk vagonlari qasur-qusur qilib u yoqdan-bu yoqqa oʻtib turibdi. Parovoz kukulaydi, temirlar jaranglaydi. To ochiq maydonga chiqib olgunimcha boshim aylanib, koʻzim tinib ketdi.

Oftob osmondan olov quyyapti. Stansiya maydonidagi asfalʼt xamirdek koʻpchib, mashina gʻildiraklariga yopishadi. Kalovlab borib avtobusga intildim. Odam koʻp. Ikki qoʻlim band boʻlganidan peshonamdan quyilayotgan terni artib ololmayman. Ter tomchilari koʻzimga oqib tushib achishtiradi. Bir mahal qarasam, oldimda turgan kishining basharasi samovarning qornida aksi koʻringandek uzun boʻlib ketyapti. Oʻzim xuddi havoda muallaq turib qolganga oʻxshayman...

Koʻzimni ochsam begona uyda, divanda yotibman. Tepamda boya basharasi uzun boʻlib tuyulgap kishi turibdi. Hayron boʻldim. Notanish kishi peshonamdan hoʻl roʻmolchani olib boshqatdan taxlab yana qoʻydi.
— Xayriyat,— deydi u koʻzlari chaqnab.— Issiq elitibdi, uka. Endi tuzalib qolasiz. Kelin ayangiz hozir xoʻrda qilib beradi.

Eshik oldida choynak koʻtargan yoshgina bir juvon turardi. Rostini aytsam, bola boʻlib munaqa chiroyli xotinni koʻrmaganman. Notanish yigit juvonning qoʻlidan choynakni olib piyolaga choy quydi-da, menga tutdi.
— Iching, qaynoq-qaynoq iching, foyda qiladi. Davosi achchiq choy.— U boshimni bir qoʻli bilan koʻtarib ogʻzimga piyolani tutdi.

Juvon oʻtdek chaqnab turgan koʻzlarini katta-katta ochib menga qarab turardi.
— Kechirasiz, uka,— deydi yigit nimadandir bezovtalanib.— Bafurja tanishib olarmiz. Hozir shoshib turibman, oʻz uyingizdek bemalol yotavering. Men kechqurun qaytaman.— U shunday dedi-yu, stol ustidan, gazetaga oʻrogʻliq nimanidir olib eshikka yoʻnaldi.
— Selʼxoztexnikadan zapchastga naryad olib keldim. Yana stansiyaga joʻnashim kerak. Siz mehmonga xoʻrda qilib bering.

Juvon ma’qul ishorasini qildi. Yigit chiqib ketdi. Uyda goʻzal juvon bilan ikkimiz qoldik. Inson bolasini tabiat shunday ham chiroyli yaratadimi? Bu tushimmi, oʻngimmi? Yo ertaklardagi parilardanmi bu ayol? Ovozi qandoq ekan? Oddiy xotinlarning ovoziga oʻxsharmikan?

Oʻlay agar, koʻnglimga yomon niyat kelgani yoʻq! Faqat uning tengsiz husniga oddiy bir joʻn odam sifatida lol boʻlib turibman, xolos!

Juvon nimanidir olib chiqib ketdi. Shundagina bu yerga qanday kelib qolganimni oʻyladim. Demak, avtobusda koʻnglim ozgan. Behush boʻlib qolganman. Bu yigit meni olib tushgan, uyiga olib kelib yotqizgan.

Uy jihozlariga koʻz yugurtira boshladim. Burchakda yozuv stoli, oʻrtada ustiga kleyonka yopilgan dumaloq stol. Derazadan hovli koʻrinadi. Shaftolining ayvonga engashgan shoxlari mevasining koʻpligidan lapanglab turibdi. Hal-hal pishgan shaftolini bir chumchuq beomon choʻqilayapti. U choʻqigan joydan billurdek tomchi uzilib tushay, uzilib tushay deb turibdi. Chumchuq har choʻqiganda tumshugʻini qanotiga surkab oladi. Beixtiyor tamshanib qoʻydim.

Juvon oyoq uchida kirib yozuv stolining tortmasidan gazetaga oʻralgan bir nimani olib ochdi. Qarab turibman. Bir dasta pul. U shu pullar orasidan bitta besh soʻmlikni olib, yana oʻrab tortmaga solib qoʻydi-da, menga qaradi.
— Kechirasiz, uyda goʻsht yoʻq ekan, hozir guzardan goʻsht olib kelaman, siz bahuzur dam olib yotavering, darrov kelib ovqatga unnab yuboraman.

U chiqib ketdi-yu, uyda gʻijjakning titragan ovoziga oʻxshash mayin tovushi qoldi. Bu tovush uzoq vaqt uy ichida aylanib yurdi.

Studentlik paytlarimda ota-onasi bor, oʻziga toʻq studentlarga havasim kelardi. Ba’zan dars tayyorlagani ularnikiga borganimda, uylarini, osoyishta, beozor yashashlarini koʻrib havas qilardim. Oʻz hayotimga beixtiyor koʻz tashlardim. Bolalar uyi, yotoq, ba’zan toʻq, ba’zan och qolishlar. Ota-onaga tashnalik har nafas bilinib turardi. Qachonlardir yaxshi kun koʻrish, ana shunday beozor oilada yashash ishtiyoqi yuragimda tugʻyon qilardi. Ba’zida-chi... bolalik ekan, shunday kunlarga allaqanday moʻ'jiza kuchi bilan darrov yetisha qolish toʻgʻrisida oʻy oʻylab ketardim. Xayolan allaqayoqlardan katta pul topib olgandek, yuz ming, yoʻq, ikki yuz ming soʻm topib olib birdan niyatimga yetsam, deb oʻylardim. Mana, oʻsha katta pul. Koʻzim oldida, ana shu burchakdagi stol tortmasida gazetaga oʻrogʻliq turibdi. Shunday oʻrnimdan turib qoʻlimni uzatsam, boʻldi. Tamom. Istagimga yetaman.

Agar men yomon niyatli odam boʻlsam, yoʻq, mening oʻrnimda yovuz niyatli odam boʻlsa...

Bunday emas. Har qanday yovuz odam ham bu ishni qilmasdi. Yiqilganda suyab, uyiga olib kirgan, uyining toʻridan joy berib, qaqragan ogʻziga oʻzi choy tutgan kishining peshona teriga xiyonat qilish uchun boʻri boʻlish kerak. Vahshiy boʻlish kerak. Men odamman. Faqat meni bir narsa ezyapti. Bir umr tanimagan, na otini, na zotini bilmagan bir kishini uyga olib kirib, yosh xotinining oldiga tashlab ketgan bu yigitga hayron boʻlyapman, Er-ku bunday qildi, xoʻp. Xotinchi, xotini kimligini, qayoqdan kelib qayoqqa ketayotganini bilmagan yot begonaning oldiga bir dasta pul, stol ustiga qimmatbaho taqinchoqlarni tashlab chiqdi-ketdi. Nima, bular meni sinashyaptimi? Sinab ularga zarur kelibdimi? Hayronman!

Oradan yarim soatlar chamasi vaqt oʻtdi. Hovlida juvonning oyoq tovushi eshitilib turibdi. Tushunib boʻlmaydigan mavhum oʻylar bilan koʻzim ilingan ekan, juvonning tovushi uygʻotib yubordi.
— Mehmon, hovliga joy qildim, chiqa qoling. Ancha salqin boʻlib qoldi,

Xijolatlik bilan oʻrnimdan turdim.

Hovliga suv sepilgan. Supaga joy qilingan, xontaxta ustida bir lagan shaftoli. Juvon bir bogʻ koʻk piyozni ariq boʻyida oʻtirib tozalayapti. Supaga oʻtirib u yoq-bu yoqqa qaradim. Darvozaxona oldidagi usti shifer bilan yopilgan omonat garajda mashina nusxasini koʻpdan yoʻqotgan eski bir «Moskvich» turibdi. Uning oldingi ikkita gʻildiragi olinib, oʻqiga gʻisht terib qoʻyilgan... Motorlari ochib tashlangan. Mashinaga tikilib qolgainmni sezgan juvon kulib qoʻydi. U biram chiroyli kularkanki, begʻubor qalbi, samimiyligi xuddi shu kulgisida aks etib turgandek edi.
— Turgʻunboyingizga mashinadan tekkan. Tushida ham, oʻngida ham mashinani oʻylaydi. Tuzataman deb uvallo urinadi, uvallo urinadi, qani bu oʻlgur yura qolsa. Endi yurgizib koʻchaga olib chiqadi-yu, toʻrt-besh kishi boʻlib orqasidan itarib opkirib qoʻyishadi. Yana kovlashga tushadi. Uch yildan beri ahvol shu. Qarasam boʻshamaydigan, mayli, yangisini olaqoling, dedim. Pul yigʻib mashinaga yozilib qoʻydik. Qecha doʻkondan qogʻoz keldi. Mashinalaringni olib ketinglar, depti. Turgʻunboyingiz hali kassadan pul olib kelib qoʻydi. Ertaga mashinani olib kelamiz.

Koʻzimga boyagi stol tortmasidagi pul koʻrindi.
— Ikkalamiz ham maoshdan tashlab qoʻyib yigʻdik. Oʻtgan yili kurortga ham bormadik. Bu yil ham bormasak kerak. Turgʻunboyingiz mashinada oʻzim oʻynataman, deydi.

Juda-juda xijolat boʻlib ketdim. Ne hasratda yiqqan oʻsha pulni buzib men uchun xarajat qilib keldi-ya. Bular qanaqa odamoxun kishilar oʻzi!

Shaftoli archib yeb oʻtirib ming xayolga boribman. Oʻzimni bu olijanob odamlar oʻrniga qoʻyib koʻraman. Hayotda men hali nimani koʻribman. Oʻqish, qorin toʻydirish tashvishidan boshqa nimani koʻribman? Oldinda juda jiddiy, murakkab hayot borligini qayoqdan bilaman. Odamlar orasiga endi kiryapman. Bular men uchratgan birinchi kishilar.

Tun jimjit. Ariqda suv jildiraydi. Yon-verimga tap-tap qilib, shaftoli toʻkiladi. Tol novdalari orqasida yuzlari tilim-tilim boʻlganga oʻxshab oy koʻrinadi. Hamma yoqda soʻlim va osuda yoz kechasi hokim.

Katta hovlining oʻrtasida husni bir jahonga tatiydigan juvon yotibdi. Ammo mening koʻzlarimga uyqu ilinmaydi. Yuragim hayajondan gupullab uradi. Quvonchmi, oʻkinchmi, bilib boʻlmaydigan allaqanday bir his ichimni timdalaydi. Bu nima?

Bolaligimni, daydi oʻylarimni, tentak niyatlarimni allaqayoqlarga supurib tashlagan narsa bu uydagi odamlarning pokizaligi, begʻuborligi emasmikin?!

Shu uy, shu odamlar, shu sirli oydin kecha menga yangi olamning eshigini ochib bergandek edi.

Ertalab uygʻonsam, Turgʻunboy tovuq katagidan doʻppisiga tuxum solib emaklab chiqib kelayotgan ekan, U tuxumlarni xotiniga uzatar ekan, menga qarab koʻz qisib qoʻydi.
— Quymoqqa qalaysiz, mehmon,

Oshqozonim kasal boʻlganidan quymoq menga toʻgʻri kelmasligini aytishga istihola qilib, gap topolmay qoldim.
— Ha, aytgancha parhezdaman, deganidingiz-a, boʻlmasa sizga shirgurunch.

Ovqat pishguncha ikkovimiz ariq boʻyiga choʻnqayib shaftolixoʻrlik qildik. U shundagina kimligimni, qayoqdan qayoqqa ketayotganimni soʻradi. Aytdim.
— Bizning sovxozda ham sizbop ish bor. Attang, putyovkani shu yoqqa olmabsiz-da. E, attang! Bir-ikki kun tursangiz, yangi mashinada qishloqni oʻzim bir aylantirardim-da!
— Avval mashinalik boʻling, undan keyin gapiring. Bu kishi shunaqalar.

Turgʻunboy xotinining gapiga kulib qoʻyaqoldi.

Nonushtadan keyin Turgʻunboy meni avtobusga chiqarib qoʻydi. Xotini bilan, bilmadim, qanaqa xayrlashdim ekan? Esimda yoʻq. Har holda bu ajoyib xotinga munosib qaynoq bir soʻz aytgan boʻlsam kerak. Esimda bor, koʻzlarida ajoyib bir tabassum bor edi oʻshanda.

Qayga borsam yoʻqolmasligimga, hamisha atrofimda olijanob kishilar boʻlishiga, ularning ishonch toʻla koʻzlari porlab turishiga amin boʻlib safarga ketdim.

Har gal qishloqdan stansiyaga oʻtayotganimda tomining yarmi shiferda yopilgan uyning qorasi koʻrinishi bilan yuragimda chiroyli hislar gʻalayon qiladi. Hovli oʻrtasidagi bir tup shaftolining bahorda pushti gulga burkanishini, yozda sap-sariq mevalar larzon boʻlishini, kuzda barglari olovdek yonishini, qishda yalangʻoch novdalariga bulduriq qoʻnishini koʻrib oʻtaman.

Bu qutlugʻ uyda meni oʻzimga oʻzimni tanitgan nurdek tiniq, oftobdek issiq odamlar yashaydi. Taqdir mening birinchi qadamimni shu ostonaga yetkazdi. Shu uy ostonasidan ochiq yuz bilan ertangi hayotimga boqqanman.

Shu uyga, shu odamlarga ixlos bilan ta’zim qilgim keladi.

Koʻzlaringda oʻt bor edi

Zinapoyaning boshida oq xalatli ayol koʻrinishi bilan Mutal shoshib oʻrnidan turadi. Undan biron gap chiqmagandan keyin boʻshashib yana joyiga oʻtiradi. U shu taxlit uch soatdan beri oʻtiribdi. Shahar allaqachon uxlagan. Ammo bu yerda kirdi-chiqdi. Telefon dam oʻtmay jingillaydi. «Tez yordam» mashinasi tinimsiz kelib-ketib turadi. Rangi boʻzargan, koʻzlari besaranjom ayollarni nosilkalarda yuqoriga olib chiqib turishibdi. Kutib turganlarning koʻzida tashvish bor. Ichkaridan ham quvontiradigan, ham hayajonga soladigan xabarlar chiqadi. Mutal ham oʻz baxtini oʻsha joydan kutib oʻtiribdi.

Zinada keksagina hamshira xotin koʻrindi. Hamma baravar oʻrnidan turdi. U oʻtirganlar orasidan kimnidir qidirardi. Oxiri, koʻzi Mutalga tushishi bilan yuzida bir chiroyli tabassum paydo boʻldi.
— Holva muborak boʻlsin, inim. Xotining toʻtidek qiz tugʻdi.

Mutalning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. U rost aytyaptimi? Axir Mutal qirq olti yillik umrining yigirma sakkiz yilini shunday qutlugʻ xabar eshitish orzusida kechirdi. Nihoyat, nihoyat niyatiga yetdi. Hamshira xotin aldamayotganmikin? Rostmikin? Tushimmi, oʻngimmi? Yoʻgʻ-e…

Mutal esankirab qolgan edi. Atrofida nimalar boʻlyapti, kimlar bor, oʻzi qaerda oʻtiribdi, bilmasdi. Oʻzidan-oʻzi dovdirab hovliga chiqib ketganini bilmay qoldi. U tugʻruqxona darvozasiga yetganidagina, shunday yaxshi xabar olib chiqqan hamshiraga rahmat aytmagani, suyunchi bermaganini bilib qoldi. Shoshib orqasiga qaytdi. Hamshira yoʻq edi. Uning ismini bilmaganidan, hali koʻp kelaman-ku, koʻnglidan chiqarib yuboraman, deb oʻziga taskin berib yoʻliga qaytdi.

Koʻcha jimjit. Har zamon asfalʼt yoʻlni yoritib mashinalar oʻtib qoladi. Negadir ular Mutalning oldiga yetay deb qolganda signal berishadi. Ular xuddi uni tabriklayotganga oʻxshashadi. Sonsiz chiroqlar jimirlab koʻzni qamashtiradi. Daraxt shoxlari shabadada silkinib, yerdagi soyalarini u yoqdan bu yoqqa otib oʻynashadi. Havo toza, musaffo.

Tramvay-trolleybuslar yotgan. Uy hali uzoq. Mutal koʻchaning qoq oʻrtasida borardi. Dunyoda hozir undan baxtli odam yoʻq. Ashula aytgisi, uchragan odamga shu topda qiz koʻrganini birpasda tapirib tashlagisi keladi. Xuddi uning yonginasidan bir yuk mashinasi vagʻillab oʻtib ketdi. Nariroq borib shart toʻxtadi-yu, shofyor kabinadan bosh chiqarib, jahl bilan soʻkindi. Mutal unga parvo qilmadi. Ammo birdan hushyor tortib ketdi. Boyagi quvonchlari qayoqqadir gʻoyib boʻldi, bir zumda yuragini muz bosgandek sovub qoldi.
— Men ham odam boʻldimmi? Rostdan ham baxtlimanmi? Shumi baxt?

Bu fikr yashin tezligida kallasini parmalab kirib, mahkam oʻtirib oldi.

Endi Mutal behush qadam tashlardi. Boya yeldek uchib ketayotgan odam, endi shoshilmasdi. Qayoqqa shoshadi, yigirma besh yillik hamrohi, doʻsti, eng aziz kishisi bu xabarni eshitsa nima boʻladi? Bu xabar uni qon yigʻlatmaydimi? Ilgarilari ham Mutal shu toʻgʻrida oʻylaganida, yuragi orqaga tortib ketar, oʻyini oxiriga yetkazishdan qoʻrqardi. Bola koʻrish orzusida yigirma besh yil orziqib yashagan boʻlsa, bu yogʻidagi niyati roʻyobga chiqayotgan uch yilida bu ezgu niyati koʻpincha dahshatli oʻylar bilan aralashib ketardi.

Mutalning hayotidagi bu kattakon voqea e’tiborxonning qulogʻiga yetmay qolmaydi. Undan keyin nima boʻladi? e’tiborxonning holi nima kechadi? Ana shunisi yomon! Uning qiynalganini koʻrish, koʻzida yosh, chehrasida gʻam koʻrish Mutalni iztirobga soladi. U, yigirma besh yil e’tiborxonni avaylab keldi.

e’tiborxon Mutalning avvalgi xotini edi. Tugʻmadi.

Mutalning nazarida dunyoda hech qanday er-xotin ulardek bir-birini sevolmasdi. Bu hurmat, bu muhabbat, bu mehr-oqibat...

Mutalning hali esida, ularning toʻyi ming toʻqqiz yuz oʻttiz toʻrtinchi yilning avgustida boʻlgan edi. To shu kungacha bir-birlarini sen deyishga tillari bormagan. Hamisha «siz»lab gapirishardi. Qoʻni-qoʻshnilar ularning uyidan biron marta qattiq ovoz eshitishmagan. Uylari boʻlsa, hamma vaqt yaraqlardi. Qelgan mehmonlar ularga havas qilib ketishardi-yu, uylariga yetmay, shu bechoralarga xudo bittagina farzand bermadi-da, deb qoʻyishardi.

Yillar oʻtaverdi. Ular hamon bir-birlarining qosh-qovogʻiga qarab, kunlarni yillarga ulab yashayverishdi. Mutal qachondir bola koʻrishiga ishonardi. Uning ishonchi e’tiborni qiynardi. Erining siqilayotganini bilib turardi. Koʻchadan bola oʻtsa koʻzi oʻynashini, mehmonga borishsa bolalarning oʻyiniga qoʻshilib ketishini e’tibor sezmasmidi, sezardi. Xotinlar ziyrak boʻlishadi, uydagi konfetlarni koʻchadagi bolalarga tashib tamom qilishini bilmaydi, deysizmi? Bilardi.

Urush boshlandi. e’tibor toʻrt yil yoʻliga koʻz tikib Mutalni kutdn. Keldi. Yana oʻsha jim, osuda hayot. Urushdan avval qanaqa yashashgan boʻlsa, undan keyin ham oʻzgarishsiz bir xil umr boshlandi. Mutal bolasiz oʻtishga rozi edi-ku, ammo e’tiborsiz yashashga rozi boʻlolmasdi. U e’tiborga shunchalar oʻrganib qolgan, oʻzini hatto e’tiborsiz tasavvur ham qilolmasdi. Ammo e’tibor erining qoʻlida bola koʻrishni shunday orzu qilardiki, birgina bola uchun, Mutalning birgina quvonchi uchun jonini ham berishdan qaytmasdi. Qoʻlida bola koʻrib oʻlsam, toʻyimiz boʻlgan yillardagi Mutalning koʻzlarida chaqnagan oʻtni yana bir koʻrsam, bu dunyodan bearmon ketardim, deb oʻylardi.

Kunlar, yillar oʻtaverardi. Er-xotin hamon samimiy, hamon bir-biriga oqibatli. Bir burda non bir-birisiz tomogʻidan oʻtmaydi, uy hamon ozoda, saranjom, jimjit.

Shu xilda yigirma toʻrt yil umr oʻtib ketdi. Na bolasizlik, na odamlarning kishi bilmas ilmoqli ta’nalari ularning orasiga sovuqchilik sololmasdi.

Mutal tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda odatdagicha, undan bola-chaqalarning salomatligini soʻrashardi. Mutal dovdirab nima deyishini bilmay, tayinsizroq bir gap aytib qutulib ketmoqchi boʻlardi-yu, ammo odatda shu gaplardan keyin keladigan: kattasi nechaga kirdi, degan soʻroqdan keyin, qiynalib-qiynalib javob berishga majbur boʻlardi.
— Bolamiz yoʻq. Shundoq...

Soʻragan odamning xijolatligini aytmaysizmi.

Mutal tanishlar bilan toʻqnash kelishdan bezillab qolgandi.

Bu gaplarni e’tibor sezmasdi, deysizmi, sezardi. Sezardi-yu, ich-ichidan ezilib ketardi. Erining koʻziga qarolmay, xomush boʻlib qolardi.

Yana bir yil oʻtdi. Mutal qariy boshladi. e’tiborning nazarida, ilgarigi chaqnab turgan koʻzlaridagi oʻt yoʻqolayotganga, oʻzi sal narsaga charchab qolayotganga oʻxshayverdi. Bir kun Mutal ishdan kelib hovlida gulqaychi bilan olma shoxlarini butab yurganda, e’tibor ayvonda chuchvara tugib oʻtirgan edi. Birdan, bexosdan koʻzi erining boʻyniga tushib qoldi. Iyaklarining tagi gʻijimlanib qolgandek koʻrindi. Oʻrnidan turib, bexos oldiga bordi. Faqat iyagida emas, koʻz chetlarida, peshonasida ham ajin. Birdan e’tiborning yuragini vahm bosib ketdi. Qaribdi, qaribdi. Sochi ikki chakkasidan oqora boshlabdi, qaribdi, qaribdi...

Hali oftob oʻchmagan, gullar qiygʻoch ochilib turgan iyulʼ kuni ularning yigirma besh yillik ahil umriga yakun yasadi.

e’tiborning niyati buzildi. Ketish kerak, shu qadrdon, dunyodagi yaxshi odamlarning eng yaxshisini tashlab ketish kerak. Qandoq qilib?

Mana shunisi qiyin edi. Shunday ketish kerakki, koʻz yoshi toʻkilmasin. Kelgan yigʻini kulgi bilan, xandon kulgi bilan yengish kerak.

e’tibor boshqa yoʻl topolmadi. Mutalni baxtli qilishning birdan-bir yoʻli shu edi. Oʻsha kecha e’tibor mijja qoqmadi. Yana boshqa tadbirlar ham qidirib chiqdi. Eng soʻnggi tadbir, Mutalning koʻnglini oʻzidan sovitish, bezor qilish boʻldi.

Oʻshanda dam olish kuni edi. Kechgacha e’tibor boʻlar-boʻlmasga bahona topib, erini qiynayverdi. Qoʻpol gapirdi, jigʻiga tegdi, koʻngil qoldiradigan sovuq gaplardan ham toymadi. Mutal ogʻirlik qilib uning koʻnglini olishga urindi. e’tibor sovimadi. Axir, toqati toq boʻlgan Mutal qizishmay, yotigʻi bilan soʻradi:
— Sizga nima boʻldi, e’tibor? Juda qiynavordingiz-ku?!
— Ketaman!

Mutal gangib qoldi. Nima qilishini bilmay, xotinining koʻziga qarab, angraygancha qoldi.
— Ketaman, yashamayman siz bilan.

e’tibor shu gapni aytdi-yu, titrab ketdi, ammo buni eriga sezdirmadi. Ich-ichidan toshib chiqqan xoʻrsinishni kuch bilan bosib qaytardi. Angrayib qolgan erining koʻziga qaramay, uyga kirib ketdi-da, birpasdan keyin chamadon, tuguncha koʻtarib chiqdi.
— e’tibor, ketmang, meni tashlab ketmang, men nima qilaman...

Mutalning koʻzlari xiralashib bir gandiraklab oldi. Darmonsizlanib ayvonning labiga oʻtirib qoldi.

e’tibor yugurib borib qoʻltigʻidan koʻtargisi, peshonasidan, oʻsha sochi oqarib kelayotgan chakkalaridan silagisi, yuzini-yuziga ishqab ovutgisi keldi. Lekin, bunday qilmadi. Oʻzini tutdi. Yuragi yigʻlardi-yu, chidardi. Bu — qahramonlik edi, katta qahramonlik edi. U oʻzini hamon dadil tutib, erining oldiga bordi:
— Bilasanmi,— bu erini birinchi marta senlashi edi,— senga xiyonat qildim. Buning uchun oʻzimni kechirolmayman. Sen ham kechirmaysan. Xiyonat qilgan xotin erining uyida turishga, u bilan birga yashashga haqsiz. Buning uchun, bilaman, meni kechirolmaysan.

e’tibor bu bahonani beixtiyor topdi. Bu — zoʻr bahona. Hech qanday er xiyonat qilgan xotinni kechirolmaydi. Butun umrini bolu pardek pokiza oʻtkazgan xotin, xiyonat u yoqda tursin, begona erkakni xayoliga keltirmagan xotin oʻzini-oʻzi eng pastkashlar qatoriga qoʻyib oʻtiribdi. Nima uchun? Kim uchun? Buni e’tiborning oʻzi bilardi.

e’tibor ostonaga yetib qoldi. Oʻgirildi:
— Meni kechirolmaysan, kechirolmaysan. Koʻzingga qarab, shafqatingni kutib yashashga toqatim yoʻq. Kuniga ming martalab oʻzimni qargʻab yashashga toqatim yoʻq. Seni harom qilishga haqqim yoʻq. Ketay, ketay...

e’tiborning tovushi boʻgʻilib, gapirolmay qoldi shart burildi-yu, chiqdi-ketdi.

Mutal yolgʻiz qoldi. Bir kun kutdi, ikki kun, bir oy, bir yil kutdi, xotinidan darak boʻlmadi,

Oradan bir yarim yil oʻtib, e’tibordan xat keldi. Xatda u endi sira qaytib kelmasligini, oʻsha yoʻldan «urgan» kishi bilan qovushmoqchi ekanini aytibdi. Mutal yigʻladi. Xoʻrligi kelib, oʻtkazgan yigirma besh yillik umriga achinib yigʻladi. Mutal yolgʻizlikda soʻla boshladi. Ajinlari koʻpaydi, chakkasidagi oq tolalar manglayiga oʻrmalab qoldi. Kuyib-yonib ado boʻlay dedi. Koʻpchilik: uylan, yolgʻizlik yomon, deb nasihat qilishdi. Mutal yotib qolay dedi. Oxiri, doʻstlari kichkinagina toʻycha qilib oʻzi bilan birga ishlaydigan bir qari qizga uylantirib qoʻyishdi. Hamon e’tibordan darak yoʻq. U bevafoning qaerdaligini hech kim bilmasdi.

Mutal tugʻruqxonadan kelarkan, mana shularni esladi. Esladi-yu, siqilib ketdi.
— Uning bola koʻrganini e’tibor eshitsa, nima qilarkin? Oʻzini-oʻzi bir nima qilib qoʻymasmikin? Yo sevinarmikin? Sevinmaydi, u xiyonatchi!

Uning koʻziga goh tugʻruqxonada yotgan chaqalogʻi, goh uydan qahru gʻazab bilan chiqib ketayotgan e’tibor koʻrinardi.

Oradan toʻrt kun oʻtdi. Mutalning xotini bilan qizi hali tugʻruqxonada. Oʻzi boʻlsa, tinmay uy yigʻishtiradi, keldi-ketdi uchun tayyorgarlik koʻradi.

Birdan eshik taqillab qoldi. Pochtachi. Posilka olib kelibdi. Kimdan? Kimdanligi noma’lum. Mutal shoshilmay yashikni ochdi. Chaqaloqqa koʻylak, fartuk, qalpoqcha... Kimdan bu? Mutal yashikning u yoq-bu yogʻini titkilay boshladi. Xat. Shoshib oldi, shoshib oʻqiy boshladi:

«Hurmatli Mutal aka! Meni kechiring. Eshitdim. Eshitib qay ahvolga tushganimni tushuntirib berolmayman. Mening bittagina niyatim — qoʻlingizda bola koʻrish edi. Shu niyatimga yetdim. Oʻtgan kuni koʻchada sizni koʻrib qoldim. Koʻzlaringizda oʻt yonib turibdi. Bundan yigirma yil avval koʻzlaringiz shunday edi. Koʻrib, hayron boʻldim. Bilsam, ota boʻlibsiz. Bu qanday baxt, bu qanday baxt! Sevinchdan yuragim yorilay dedi. Yotib uxlolmadim. Tong otguncha koʻrgan kunlarimizni eslab chiqdim. Qandoq totuv yashadik! Qandoq mehribon edik bir-birimizga! Sizni qanchalik yaxshi koʻrardim! Qandoq ayardim, shamolni ham ravo koʻrmasdim. Kechalari sizga baxt, salomatlik tilab chiqardim. Sizdek pok odamga munosib xotin boʻlish uchun qoʻlimdan nima kelsa, vijdonim nimani buyursa — hammasini qildim. Bilsangiz, uydan ketishim, oʻzimga-oʻzim tuhmat qilib, oʻzimni-oʻzim buzuq deb ataganim ham sizga baxt tilashim edi. Endi ochigʻini aytay, umrimda xiyonat yoʻliga kirmaganman. Agar oʻzimni buzuq demaganimda, siz meni uydan har qandoq qilib ham chiqazmasdingiz. Ketdim, yaxshi boʻldi, siz baxt topdingiz, bolalik boʻldingiz. Niyatim ham shu edi.

Agar men ketmaganimda sizga bu baxt qayoqda edi? Endi koʻnglim tinchidi. Niyatimga yetdim. Baxt muborak boʻlsin!

Yangi kelin paytlarimda yaxshi niyat qilib, bola koʻrsak kiydirarman deb koʻylakchalar, qalpoqchalar tikkan edim. Ezilasiz deb sizdan yashirib tikkan edim. Menga ona boʻlish nasib boʻlmadi. Iltimos, shularni chaqaloqqa kiydiring.

Shu paytgacha shaharda edim, Yaxshilik xabarini eshitib, tamoman xotirjam boʻldim. Ertaga butunlay ketaman. Kim biladi, qayta uchrasholamizmi, yoʻqmi?

Uydan chiqib ketayotganimda yetkazgan ozorlarim uchun Sizga hamisha ehtirom bilan: e’tibor otli xotin»

Xatga Mutalning koʻz yoshlari toʻkildi.

Choʻl oqshomlari

Otalar va bolalar

Kattakon yer oʻchoq oldida bir qariya chirsillab yonayotgan oʻtga qarab jimgina oʻtiribdi. Ufqda anchadan beri kimxobdek koʻzni olayotgan olovrang shafaq suv purkagandek bir zumda oʻchdi-yu, choʻl ustini nim qorongʻilik bosdi. Olisda ikki traktor hamma yoqni ostin-ustin qilib vagʻillab yuribdi. Ularning faralari har zamon bir-birlari bilan toʻqnashib qilichdek chaqnaydi. Chol guldirakka quloq solib oʻchoqdagi oʻtdan koʻzini olmay hamon nimaningdir xayolini suradi. Nimani oʻylayotganikin? Kim biladi, uning koʻpni koʻrgan keksa xotirasiga nimalar keldiykin? Har bosgan qadami tarix, har aytgan gapi hikmat bu keksaning, eslasa arzigulik xotiralari bor. Koʻpincha u kechirgan kunlarini, qilgan ishlarini oʻzi gapirmasdi, boshqalar gapirishardi. Gapirganda ham oshirib-toshirib, qoʻshib-chatib gapirishardi. Shunaqa paytlarda u gapga aralashib, hoy bola, oshirma, toshirma, bosmachini bitta oʻzim yengmagandirman, boshqalar ham bordir, kolxozni bitta oʻzim qurmagandirman, boshqalar ham bordir, deb gap tashlab qoʻyardi-da, oʻzi oʻrnidan turib davradan chiqib ketardi.

Hozir u choʻl shamolida goh u yoqqa, goh bu yoqqa silkinib yonayotgan oʻtga qarab nimani oʻylab ketdiykin? Bolalarinimi? Nevaralarinimi? Toshboʻron boʻlib oʻlgan sambitdek singlisinimi? Qandoq qiz edi-ya! Bu tomonlarda hammadan oldin paranjisini tashlagandi. Shunaqa oʻt juvon edi. Nomard eri toshboʻron qildirdi. E, attang, marhuma tirik boʻlsa oltmishga kirarmidi...

Ot dukuri eshitildi-yu, xayoli boʻlindi. U bosh koʻtarib qaragan edi, oʻchoqdan sal nariroqda bir otliqni koʻrdi.
— Omonlikmi, qariya!— dedi yoʻlovchi uzangiga oyoq tirab egardan koʻtarilar ekan.

Chol shoshib oʻrnidan turdi-da, uning istiqboliga chiqdi.

Yoʻlovchi tizginni egar qoshiga omonat tashlab, ildam kelib cholning qoʻlini oldi. Hol-ahvol, omonlik soʻrashgandan keyin, chol uni berigi brezent chodirga boshlab kirdi. Chiroq yoqib uni oʻtqazdi.
— Yoʻllari boʻlsin, mehmon, oʻzlarini bu biy dalaga qaysi shamol boshlab keldi.

Yoʻlovchi boshidan qalpogʻini olib tizzasida taxlab, popugini oʻynab oʻtirdi-da, kulib qoʻydi.
— Usi jerde maqta ekib jatqan bir jigit ovulimdi bespokoysa qilib jatir. Aynalayim oʻtagʻasi, qudayim bergan neberemdi tinish qoʻysin.

Chol nima gapligiga tushunolmay hayron boʻlib qoldi. Choʻlda traktor minib yurganlardan toʻrttovi bola-chaqalik, faqat bittagina uning nevarasi boʻydoq. Boʻyniginang uzilmagur Shamsining qiligʻimikin bu? Chol savol nazari bilan mehmonga qaradi.

Mehmon kula-kula boʻlgan voqeani gapirib ketdi.

Uning Suluv degan nevarasi bor ekan. Otasi urushda oʻlib ketgan, onasi Olmaotada konserva zavodida laborantlik qilar ekan. Chol tugʻilib oʻsgan shu choʻllardan ketgisi kelmay, choʻponlarga qarashib yurar ekan. U nevarasi Suluvga juda oʻrganib qolganidan qizi uni olib ketolmay boboyning oldida qoldirgan ekan. Yaqin bir oydan beri bir yigit kechalari ovulga kelib itlarni vovullatib Suluvni chaqirarmish. Avvaliga otasidan xijolat tortib turgan Suluv, keyinchalik tiq etsa choʻlga qaraydigan, it akillashi bilan allaqayoqqa zim gʻoyib boʻladigan qiliq chiqaribdi.
— Ovulding itterida jigitingmen kelisip qoldigʻoʻy. Endi kelse indemeydi. Quyrugʻini dikilletedi.

Ikki qariya qotib-qotib kulishdi. Chol dasturxon yozdi. Qand-qursni toʻkib tashladi.
— Shayingdi qoʻyatur, qariya. Manov gapga ne diysin, aytagʻoʻy.

Nol soqolini gʻijimlab oʻylab turdi-da, yana kuldi.
— Nege kulesin, oʻtagʻasi?
— Kulayotganim yoʻq, mehmon. Hozirgi zamonning bolalariga bizning tishimiz oʻtmaydi. Bir-biri bilan don olishib qolgan boʻlsa, siz bilan biz ne qilamiz. Quda boʻlishdan boshqa ilojimiz yoʻq. Shoshmang, yigitlar ishdan qaytadigan payt boʻldi, oshga gurunch tashlab qoʻyay.

Chol shoshib chodirdan chiqdi-da, oʻchoqdagi oʻtni balandlatib qozonga gurunch soldi. Temir kaltakka ilingan uvada oʻramiga kerosin sepib gugurt chaqdi. Mash'ala gurullab choʻlning uzoq-yaqinini yoritdi. Chodirdan mehmon ham chiqib mash'ala yorugʻida qozon kavlayotgan cholga qarab turardi. Uning yuzlari qip-qizil. Bitta ham ajini yoʻq. Gavdasi quyib qoʻygandek baquvvat. Yelkasiga tashlab olgan chakmonining barlari shamolda har silkinganida burgut uchishga talpinayotganga oʻxshab ketadi. Qisiq koʻzlari tun qa’ridagi olislarni koʻrayotgandek...

Choʻl odamlari shunaqa boʻladi. Ayniqsa umrini choʻllarda shamoldek kezib oʻtkazgan qozoqlar kengliklarda yashab, olis yoʻllarni bir qarashda koʻradigan boʻlib qolishgan. Choʻl qozoqlari erta bilan ovuldan chiqishidayoq quyoshning yerdan koʻtarilishini koʻrmasa, uning kech payt botishini koʻrmasa, yuragi siqilib ketadi. Shunday, qozoqlar kenglikni, erkinlikni sevadilar. Ovuliga tushgan qoʻnoqni et bilan, qimiz bilan siylamagan qozoqni bular qozoq demaydi. Qadimdan udum boʻlgan bu odatni ular hamon saqlab kelishadi. Mehmondoʻstlik ularning milliy odatiga aylanib ketgan.

Mash'ala hamon charsillab yonib turibdi. Osmonda yulduz toʻlib ketdi. Lipillab yonadi, oʻchadi. Xuddi koinotga chaqirayotgandek imlashadi. Ufq etagi xira pardaga oʻralgandek bir zum sokin turib qoladi-da, qizarib-boʻzarib ketmondek oyning yarmi koʻrinadi.

Mehmon oʻchoq oldiga keldi.
— Utti nege jaqting, qariya?
— Yigitlarni chaqirdim. Mash'ala yoqqanimda ishni tugatib ovqatga kelishadi. Koʻryapsizmi, oy toʻlishgan payt. Kechasi ham shudgor olishayapti, bir-ikki soat dam olib yana ishga tushib ketishadi.

Chol gapini tugatmagan ham ediki, traktorlarning shovqini birin-ketin tindi.
— Hozir kelib qolishadi.

Yana motor shovqini eshitildi.
— Shamsining mototsikli,— dedi chol choʻl bagʻriga quloq tutib.

Motor tovushi borgan sari sekinlashib, oxiri qorongʻilikda jimib ketdi.
— Boʻyning uzilmagur tentagim yana ketdi.

Mehmon ham ketmoqchi boʻlib otining jilovidan tutgan edi, chol uni qaytardi.
— Mehmon, unaqa qilmang, tayyor ovqatni tashlab ketmang, xafa boʻlaman. Qozoqdan siylov koʻrgan odamman. Yigitlarimiz bilan birpas hangomalashib, keyin ketasiz.
— Jigitingde kazir keleme?
— Kelmaydi. Mototsiklini patillatib Suluvingizning oldiga ketdi.

Mehmonnipg koʻzi olazarak boʻlib qoldi.
— Oʻtiring, quda, boshqa iloj yoʻq.

Mash'ala vishillab-vishillab mushtdekkina choʻgʻga aylandi-yu, oxiri uni ham choʻl shamollari uchqunga aylantirib har tomonga nurli toʻzon qilib uchirib ketd. Chol oshni damlab oʻchoqdan choʻgʻni tortdi. Samovarning quvuriga belkurakda choʻgʻ tashladi-da, mehmonni qaytarib ichkariga olib kirdi. Tashqaridai gangur-gungir tovushlar eshitildi. Zum oʻtmay chodirga oldinma-ketin toʻrt yigit kirdi. Chol chiroqning piligini koʻtarib qoʻydi. Mehmon ular hurmati uchun oʻrnidan turdi. Birpasda tanishib ketishdi-yu, gap bu yilgi bahor, ob-havo, qancha yerga paxta, qancha yerga sabzavot ekish ustida ketdi. Mehmon ularning gaplariga quloq solib oʻtirar ekan, nevarasi Suluvni oʻylar, unga oshiq boʻlgan yigitning qanaqaligini bilgisi kelardi. Oxiri gap Shamsiga borib qadaldi.
— Shamsining oshini boshqa suzing. Salim ota. Ketdi uningiz, oʻsha Suluvining oldiga. Tentagingiz yomonam oshiq boʻlibdi-da. Qoʻli traktor rulida-yu, koʻzi oʻsha tomonda. Na qulogʻiga gap kiradi, na koʻziga odam koʻrinadi. Tezroq boshini ikki, oyogʻini toʻrt qilib qoʻymasangiz devona boʻlib qoladi buningiz.

Chol ayyorcha kulib, doʻppining tagida odam bor, ehtiyot boʻl, degandek imlab qoʻydi. U, yana Shamsini chalpima, yaxshisini oshir, yomonini yashir, demoqchi edi-yu, gap qotgan yigit befahmlik qilib boshqa gapni oʻrtaga suqib qoʻydi.
— Katta akamning qizi oqi oq, qizili qizil boʻlib yetilib turibdi. Bir ogʻiz shama qilib qoʻyganda, oʻlay agar, oʻrtaga tushardim. Shunaqa-da, tayyori turganda notayyoriga yuguradi, hozirgi bolalar.

Oraga sal jimlik tushdi. Pastda oʻtirgan puchuqroq yigitni Salim ota imlab tashqariga olib chiqib ketdi. Yigit zum oʻtmay choy koʻtarib qaytib kirdi.

Ana shundan keyin gap Shamsining ta’rifiga koʻchib ketdi. Uning nechta medali borligi, raykom komsomolning byuro a’zosi ekanligi, Varshavadagi Jahon yoshlari festivaliga qatnashib, «Andijon polka»sini qotirib laureat boʻlgani, kolxoz sekretari bir oy allaqayoqqa otpuskaga borib xotinlarga oʻxshab soch qoʻyib, «stilyaga» boʻlib kelganida Shamsi uning qoʻl-oyogʻini bogʻlab sartaroshxonaga opkirib, oʻzi sochiga ustara solgani, tor shimini yechib tumonat ichida trusigi bilan uyiga haydaganigacha gap boʻldi.
— Festivaldan kelgandan keyin juda oshigʻi koʻpayib ketdi. Parijdan, Qohiradan, Vashingtondan, odamning tili kelishmaydigan Rio-de-Janeyro degan joylardan qizlar xat yozib turishadi. Oʻshanaqa joylardan har xat kelganda, akam oʻzlari tushunmay, ha doʻst, shaharga tushib Chet tillar institutidagi bolalarga oʻqitib, oʻshalarga xat yozdirib keladilar.

Bu yerda-ku Shamsivoyning ta’riflari boʻlib turibdi. U kishining oʻzlari shu topda nima qilayotgan ekanlar?..

Mototsikl chirogʻi choʻl qorongʻiligini shamshirdek ikkiga boʻlib uchib ketyapti. Doʻngliklarda qaqqayib turgan yumronqoziqlar chiroqdan esankirab, inlari atrofida chir aylanishadi. Shalponquloq quyonlar yoʻlni choʻrt kesib u yoqdan bu yoqqa oʻtib qolishadi. Shamsi ularga parvo qilmay, hamon jadal ilgarilaydi. Chiroq tepalikka urilib, yana pastga sirgʻanib tushdi. Kattakon bir it mototsiklga qarama-qarshi yurib kelmoqda. U Shamsiga yaqin keldi-yu, dumini likillatib oldiga tushib yuraverdi. It uni har galgi uchrashuv joyiga emas, katta doʻnglik tomonga boshladi. Azim xarsang tosh ustida turgan qizga chiroq shu'lasi tushdi. U oʻtkir nurdan koʻzlari qamashishiga qaramay sakrab yugura boshladi. Shamsi motorni oʻchirib, chiroqni yoqiq qoldirganicha qizga intildi. It hamon dumini likillatib uning atrofida parvona edi.

Jamiki kitoblarda, hatto hayotning oʻzida ham oshiq-ma’shuqlarning uchrashuvi, aytadigan gaplari bir xil boʻladi. Mana shu masalada standartlik, shtampchilik bor. Oshiq ham, ma’shuq ham oyga qaraydi. Ikkovi ham xoʻrsinadi. Aytadigan gaplari koʻp boʻlsa ham aytolmay bir-birlariga qarab turaverishadi. Yigit qizning qoʻlidan ushlab silaydi, boringki zoʻr kelsa bitta oʻpadi ham...

Ammo bizning bu oshiq-ma’shuqlar anovi standart oshiqlarga sira oʻxshashmaydi. Oshiq-ma’shuqlikning qonun-qoidasi yoʻq. Boʻlganda ham kim unga amal qilardi, deysiz. Yurak gupillab urib turganda, qon qizib miyaga urganda, ikki yurak bir-birining ichiga kirib ketaman deb turganda kim bunaqa qoidaga amal qilardi!

Suluv xalloslaganicha kelib Shamsining bagʻriga tashlandi. Shamsi uning sochlaridan, boshu boʻyinlaridan siladi. Bu oshiq-ma’shuq tushmagurlar kitoblardagi oshiqlarga oʻxshab oyga ham, moʻltillab turgan yulduzlarga ham qarashmadi. Ayniqsa Zuhra yulduzi ular qararmikin, deb shuncha imlaydi, yoʻq, qarashmadi. Oxiri u zarda qilgandek yuziga xira bir bulutchani parda qilib tutib oldi. Ammo eski, koʻp oshiqlardan beva qolgan oy ulardan koʻzini olmay turib olgan edi.

Endi gapni bu tomondan eshiting. Salim ota bilan yigitlar mehmonni izzat-ikrom bilan kuzatib tashqariga chiqishdi. Bularning har ikkovi ham qudalikni boʻyinlariga olgan edilar. Ertaga besh kishi boʻlib, yaylovga borib, shu ishning shundoq boʻlganini ovulga ma’lum qiladigan boʻlishdi. Yigitlar u bilan xayr-xoʻshlashib ishlariga ketishdi. Ikki qariya oydin kechada ot jilovidan yetaklab ancha vaqtgacha choʻl kezib yurishdi.

Choʻlning ikki burchidagi ikki odam biriga qiz berib, biriga oʻgʻil berib toʻy qilish rejasi bilan band edilar. Bolalar, nevaralar xayoli bilan katta doʻng oldiga yetib qolganlarini sezishmadi. Xuddi shu yerdan, shu doʻngdan ikki respublikaning chegarasi oʻtardi. Ular keksayib qolgan, muhabbat hislarini unutib yuborgan boʻlishlariga qaramay, inson muhabbati hech qanday chegarani tan olmasligini bilishardi.

Mehmon qoʻlini choʻzib chiroqlar porlagan tomonni koʻrsatdi.
— Ovulim manov qirding ostinda, kelaber, bovurim,— dedi.

Salim ota chiroqlarga tikilib turdi-da:
— Boraman, albatta boraman,— dedi.

Olisdan mototsiklning yakka koʻzi porladi.
— Kuyovingiz kelyapti,— dedi ota.
— Aynalayim,— dedi quda.

Uning tovushida allaqanday iliq, otaning arzanda bolasiga aytadigan gʻalati bir mehri bor edi.

Quda qudagʻaylar

Salim ota bu yoqlarga koʻp kelgan. Kuzda qozoqlar toʻqayga oʻt qoʻyishardi. Bir necha kun shu doʻng orqasidan alanga chiqib turardi. Ana shundan keyin choʻponlar kuygan toʻqaydan kuyib, tayyor kabob boʻlgan bedanalarni, qirgʻovullarni terib ketishardi. Hozir oʻsha toʻqay qamishlari belga urib koʻm-koʻk boʻlib turibdi. Shamsi mototsiklining lampasini almashtirib turganida shu toʻqay tomondan bir gala kiyik chiqib doʻngga qarab asta keta boshladi. Shamsi avvaliga angrayib turib qoldi-yu, keyin shoshib egarga mindi. Oʻqdek uchib kiyiklar ketidan ketdi. Kiyik qochsa hech tutqich bermaydi. Mana, hozir ham ular goh soʻqmoqni kesib oʻtib, goh shudgorni changitib yugurishardi. Shamsi ularni to katta doʻnggacha quvdi-yu, shu yerga kelganda izni yoʻqotdi. Angrayib u yoq-bu yoqqa qarab turganida kattakon bir it yugurib kelaverdi. Shamsining oʻtakasi yorilgudek boʻlib, qoʻrqib ketdi. Qani endi motor oʻlgur oʻt ola qolsa. Shoshganda shunaqa boʻladi. It yaqinlashib qoldi. Shu payt past tomondan ayol kishining ovozi keldi:
— Arstan! Arstan!..

Shamsi u yoq-bu yoqqa qaradi. It toʻxtab dumini likillatganicha hurib turaverdi.

Pastdan qizil roʻmol oʻragan qiz oqsoqlanib chiqib kelardi. Uni koʻrib Shamsi bir qadam oldinga bosdi.
— Qoʻrqpa, qoʻrqpa, jigit,— dedi qiz Shamsining esankirab qolganini koʻrib.

Shamsi xijolatlikda yutinib qoʻydi.
— Kiyikdi, sen quvdingba?

Shamsining tiliga gap kelmasdi. U qiziq ahvolda qoldi. Hali itdan qoʻrqqani tarqamay turib oldidan xayolga ham kelmagan chiroyli bir qiz chiqib, uni esankiratib qoʻygan edi.

Shamsi shu kichkinagina umrida koʻp qizlarni koʻrgan. Dunyodagi jamiki qizlarni koʻrgan, gaplashgan desa boʻladi. Varshavadagi Jahon yoshlari festivaliga qatnashganda hammasini koʻrgan. Nazarida hozir ularning bari shu qizil roʻmol oʻragan qozoq qizining oldidan aylanib oʻtaversin. Chindan ham u munaqasini koʻrmagan. Birpasda yuragining allaqaeri jiz etib ketdi. Ammo Shamsi ham uncha-muncha yigitga husnini qarz ber-sa arzigulik xushroʻy oʻspirinlardan edi.
— Jigit, seni mogʻan qudayim jetkezdi,— dedi qiz,— tasdan jigʻilib tusdim. Ovulga jetkezib qoʻymeysenbe?

Shamsi boya itdan qoʻrqqani uchun qizning oqsoqlanayotganini bilmay qolgan ekan.

U dadil yurib unga yaqinlashayotgan edi, it hurib tashlanib qoldi. Qiz uni haydab soldi.
— Nima boʻldi?— Shamsi choʻkkalab qizning lat yegan oyogʻini ushladi.
— Qizgʻaldoq teraman dep manov tasding usdiga shigʻib edim, aynalayim, ovulga jetkez.
— Xoʻp, xoʻp,— dedi Shamsi va mototsiklni yetaklab qizning oldiga keldi.
— Qaysi tomonga boramiz?
— Juraber, itting oʻzi joʻl bastaydi.

Qiz mingashgandan keyin Arslon pildirab soʻqmoqdan yugurib ketdi.

Hamma yoq lola. Xuddi qirlarga qizil baxmal yopib qoʻygandek. Shu sokin yaylovda motor tovushi-yu, shamolning guvillashidan boshqa narsa ularning qulogʻiga kirmasdi. Qiz mototsiklga umrida mingashmagan ekan shekilli, Shamsining orqasiga shunday yopishib, quchoqlab oldiki, uning yurak urishi bemalol bilinib turardi. Qizning qoʻli boʻlsa Shamsining koʻksida. Balki u ham yigitning yurak urishini bilayotgandir.

Hozirgina yashnab turgan osmonni bulut oʻradi-yu, shatir-shutir qilib yomgʻir quya boshladi. Biy dala, yashirinadigan joy qayoqda deysiz. Ularning ikkovi ham ivib shalabbo boʻlib ketishdi. Shamsi bir dam toʻxtab kurtkasini yechib qizning boshiga yopib qoʻydi. Avvaliga qiz koʻnmagan edi, yigit qistayvergandan keyin, noiloj koʻndi. Yana yoʻlga tushishdi. Uzoqdan pichan gʻaramlari koʻrina boshladi.
— Oʻsi jerde toʻxtat,— dedi qiz. Uning gapini shovqindan Shamsi eshitmadi. Ammo uning oʻzi ham shu joyni moʻljalga olib kelayotgan edi.

Bu gʻaramlar xuddi choʻl oʻrtasida bodrab chiqqan azamat qoʻziqoringʻa oʻxshab ketardi. Gʻaramlar tagiga kelgan qoʻy-qoʻzilar atrofidan yeyaverib past tomonini ingichka qilib qoʻyishgan. Bu xuddi shahar parklaridagi morojenoe budkalariga ham oʻxshab ketardi. Qiz bilan yigit shu pichan soyabon tagiga suqilishdi. Jala quygandan quyib yotibdi. Yomgʻir iplari shamolda choʻzilib ba’zan ularning ham yuz-koʻzini savalab oʻtib ketardi. Shamsi yurak yutib gap boshladi.
— Kimligingizni bilib qoʻysam, maylimi? Mening otim Shamsi, brigadamiz manavi yoqqa paxta ekyapti.

Qiz kuldi. Unga boshdan-oyoq bir qarab oldi-da, sekin javob berdi:
— Atim Suluv. Zootexnikmen. Qolqozding mal sharvasi oʻsi jaylovda.

Yana jimlik. Yomgʻirning sharrosi, shamolning toʻpoloni, pichanning shitirlashi.

Qasir-qusur qilib bir-ikki marta momaqaldiroq gumburladi-yu, bulutni shamol surib ketdi.

Hoʻl maysalar oftobda yaltiradi. Pichan tagida qip-qizil tilini osiltirib yotgan Arslonnint junlaridan hovur koʻtarildi. Shamsi bilan Suluv qiz ham tashqariga chiqishdi. Qizning hoʻl boʻlib ketgan koʻylaklari gʻijimlanib, badaniga yopishib ketgan. Shamsi uning kelishgan qomatiga bir zum mahliyo boʻlib, turib qoldi. Qiz uning bu qarashidan andisha qilib, ketamizmi, degandek qarab qoʻydi. Shamsi yoʻlga qaradi. Yomgʻir koʻlobi hali soʻqmoqlarda yaltirab turardi.
— Birpas sabr qilaylik. Shamol yoʻlni yalab oʻtsin. Oyogʻingiz qalay, hali ham ogʻriyaptimi?

Suluv bosh irgʻab «ha» ishorasini qildi. Shamsi shu topda uni, agar mototsikl yurmasa, qoʻlda koʻtarib ketishga ham tayyor. Bu qiz uni tamoman sehrlab qoʻygandi. Mototsiklni yetaklab uni kuzatib qoʻyishni ham oʻylab koʻrdi, ammo qizning oyogʻi bu xilda ogʻrib tursa, yetib olish qiyin. Shamsining mardligi tutib, uni egarga oʻtqazdi-yu, ruldan ushlab yetakladi. Shu alpozda bir kilometrcha yoʻl yurishdi. Shamol yerni yalab anchagina quritib qoʻyibdi. Oxirgi gʻaramdan keyin Shamsi ham egarga mindi. Yaylovga yaqin qolgan ekan, uzoqdan bir necha oʻtov koʻrindi.

Arslon oldinda yelib boradi, har zamon tilini osiltirib orqasiga qarab yana jadallab yuguradi. Shamsi yoʻlda yomgʻir koʻlobi tez-tez uchrab turganidan mototsiklni unchalik tez haydamasdi. Arslon ulardan oldinlab ketib gʻuj oʻtovlar orasiga kirib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Yaylov deganda Shamsining koʻziga daraxtsiz, suvsiz oʻtloq koʻrinardi. Bu yaylov u oʻylagan oʻtloqqa oʻxshamasdi. Oʻtovlar tepasida televizor antennalari koʻrinib turibdi. Avtolavka oldida moy idish koʻtargan, buxanka non qoʻltiqlagan xotinlar koʻrinadi. Oʻtov oldiga sholcha yozib oʻtirgan qariyalar radio tinglashadi. Manqallardan tutun burqsib turibdi. Pastlikda «P» harfiga oʻxshagan tirgovichda argʻimchoq.

Shamsi oq kigiz oʻtov oldida motorni oʻchirdi.
— Jetdik,— dedi Suluv egardan tusharkan. Narigi oʻtovdan bir kampir chiqdi. U Suluvning oqsoqlanayotganini koʻrib:
— Ne boʻldi, shiragʻim?— deb soʻradi.

Suluv, hech gap emas degandek, qoʻl siltab qoʻydi.
— Atang ovulga ketdi. Tamaq jeseng qazanda.

Shamsi ketmoqchi boʻlib turgan edi, Suluv qoʻyarda-qoʻymay oʻtovga olib kirdi. Oʻtovning ichi ozoda. Toʻrda televizor, radio. Suluv oqsoqlana-oqsoqlana koʻrpacha toʻshadi, dasturxon yozdi.
— Al, ashiqdingov, olagʻoʻy, Semsi.

Birpasda oʻtov ichi yigit-yalangga, qizlarga toʻlib ketdi. Allapallagacha gurunglashib oʻtirishdi. Keyin koʻpchilik boʻlib uni soʻqmoqqacha kuzatib qoʻyishdi. Shamsi odamlar oldida koʻngliga tugilgan gaplarni Suluvga aytolmay armonda yoʻliga qaytdi.

Mana shu voqeadan keyin Shamsining ikki koʻzi katta doʻng tarafda boʻlib qoldi. yigitlarning koʻzini shamgʻalat qilib oʻsha tomonga gʻoyib boʻladigan qiliq chiqardi.

Bundan bir haftacha burun u Suluv bilan ochiqchasiga gaplashdi. Qiz uning dardini obdan eshitib indamay qoʻya qoldi. Oʻsha kuni yaylov etagidagi yalanglikda katta davra boʻlib yigit-qizlar oʻlan aytib, aytishuv qilib oʻtirishganda Shamsi borib qoldi. Yosh-yalang Shamsini tanib qolganidan uni ham davraga tortishdi. Shunda Suluv Shamsining oldiga bir choynak choy bilan piyola qoʻyib ketdi. Bu qozoq odati boʻyicha, sen bilan aytishaman, seni sevaman degani boʻladi. Shamsi koʻp joylarni koʻrgan, koʻp ishlarni qilgan boʻlsa ham, bayt aytishga yoʻqroq edi. Nima qilishini bilmay birpas olazarak boʻlib turib, keyin qiziqchilikka olib bir gap aytibdi.
— Men aytisuvni bilmayman, avval sizlarga pochcha boʻlib olay, keyin Suluv bilan qanaqa aytishganimni koʻrasizlar.
— Joʻq, joʻq, aytisuvga tusesen,— deb turib olishibdi yigitlar.
— Boʻlmasa, bitta oʻzbekcha qoʻshiq aytib bera qolay, maylimi?
— Mayli, aytagʻoʻy, Semsi,— deb oxiri rozi boʻlishibdi.

Shamsi oʻrnidan turib doʻppisini ikki buklab «Bogʻ aro»ni shunaqayam baland avjdan aytibdiki, hammasi qoyil qolishibdi. Ana shundan keyin «Olti baqan» — argʻimchoq aytisuviga tortishibdi. Shamsi bilan Suluvni argʻimchoqqa chiqazib oʻzlari atrofga tizilib olishibdi. Odamlarning shovqini orasida ularga bildirmay Suluv Shamsiga aytisuvning baytlarini oʻrgatib turibdi. Shamsi undan eshitganlarini qattiq-qattiq aytib hammani qoyil qoldiribdi. Oʻtov oldida ularga qarab angrayib turgan kampirlar havaslari kelib:
— Ay-hay, shirkin jiirmabes, qaydasing?! (Voy-voy, kechgan yigirma besh yoshim qaydasan?!) — deb kulib qoʻyishardi.

Shu-shu boʻldi-yu, Shamsi ovulga pashshaxoʻrda boʻldi qoʻydi. Avvallari kechalari kelganda ovul itlari uni oldilariga solib quvlab qolishardi. Bora-bora ular ham Shamsiga oʻrganib qolishdi. Suluvga koʻzi kuyib yurgan yigitlar bir-ikki marta Shamsining yoʻlini poylashdi ham. Shamsiga teng kelib boʻlarmidi, ularga soʻz bermadi, oxiri ular Suluvning qoʻldan ketganiga tan berib, indamay qolishdi. Shamsining brigadasi yer haydab chigit qadashga tushib ketib, bir-ikki kun ovulga kelolmay qoldi. Shunda ovul qizlari Suluvdan: Semsi kelgan joʻqmi, deb soʻrashardi. Suluv boʻlsa Arslonni ergashtirib katta doʻngga kelar, uzoqdan kelayotgan traktor shovqiniga quloq solib, uni kutib oʻtirardi. Olisdan tun qorongʻisini teshib yakka chiroq koʻrinsa, u albatta «Semsi kelib jatir» deb sevinardi.

Ikki respublika oʻrtasida borib-kelaverib Shamsi ozib, choʻp boʻlib ketdi. Kuni bilan traktor haydaydi, chigit qadaydi, kechqurun, ogʻaynilari dam olayotganda u choʻl kezib Suluvining oldiga ketadi. Qoq yarim kechada, hamma uxlaganda, qaytib keladi-da, yana el qatori vaqtli turib ishga chiqadi.

Suluv ham undan battar edi. Uning bir oʻzbek yigitiga aylanishib qolganini, kechalari u bilan uchrashganini katta doʻngga ketib sahar paytida qaytib kelishini otasi payqab yurardi. U nabirasining bu ahvoliga achinib, gapga solib koʻrgan edi, qiz ochiq-yorugʻ bir gap aytmadi. Oxiri otga minib oʻsha «maqta ekib jatqan oʻzbeklar bilan soʻylasib» qoʻygani ketdi. Bordi-yu, bir suhbatdayoq boʻlmish kuyovning, qudasining kimligini bilib qaytdi. Beixtiyor: «sizdi attab qaygʻa boramiz, bir jerding oʻtini oʻttab, suvini suvdab juribmiz, avuldi uzaytirib qaytamiz, avliyo attagʻan oʻngbas, degangʻoʻy», deb yuborganini bilmay qolgandi. Boʻlmish qudaning oldidan qaytib choʻpon ratsiyasi bilan Olmaotaga — qizi Oqmorolga: Suluv kuyovga chiqayapti, tez kel, deb xabar yetkazdi.

Besimboy otaning gapi toʻgʻri edi. Bu yerning qozoqlari ham, oʻzbeklari ham bir daryoning suvini ichishadi, bir yaylovga chorva haydashadi. Farhod chirogʻi har ikkovining ham uyida yonadi. Bular bir-biri bilan allaqachonlaroq chatishib ketgan edi. Ular oʻrtasidagi doʻstlik, qarindoshlik allaqachonlar chegaradan hatlab oʻtib ketgan edi.

Bu choʻllarda koʻpdan buyon qozoqning oʻlani, oʻzbekning katta ashulasi yangrardi. Endi gal: «yor-yor»ga, «aytisuv»ga...

Bu kunlarni hammadan burun Suluv bilan Shamsi orziqib kutishardi.

Bugun Salim ota toʻrt kishi boʻlib qizning boshini boylagani doʻng oshib yaylovga otlandi. U egar qoshiga tuguncha qoʻyib shirin xayollar bilan ketyapti. Tugunda kelinga bozorliq — sovgʻa, qudasiga «Samarxanda jumurlangʻan unidi shay (hind choyi)» olib boryapti.

Kelin taraf nima sovgʻa tayyorlayotganikin. Qozoqlar uch million olti yuz oltmish ming gektar yerni sep qilib qiz uzatayotganidan chol hali bexabar edi.

Katta doʻng oldida oʻn choqli otliq qudalarni kutib turardi.

Shamsi bilan Suluv boʻlsa qoʻziqoringa oʻxshagan gʻaram tagida bir-birlariga tikilib, bir-birlarini yalab-yulqab, bir-birlariga silab-siypashib oʻtirishardi.

Bunisi Suluvim desa, unisi Semsim, deb toʻymasdi.

Chevara

«
Bilaman, daraxtday qulasam agar
Mening hayot bogʻim qolmas huvillab…

Zulfiya
»

Chevarasining surati kelgandan beri kampir oromini yoʻqotdi. Toshkentga qarab talpinib qoldi. Avji mevalari gʻarq pishib turganda kampir shaharda nima qiladi, deb qoʻni-qoʻshnilar hayron boʻlishdi.

Tap-tap yerga toʻkilib yotgan shaftolilar ham, sal xoli qoʻysa chumchuq talab tashlaydigan nor buvakilar ham shundoqqina qoldi. Kampir eshikka qulf urib yoʻlga chiqdi.

U poezdda ham mijja qoqmadi. Chevarasining suratiga qarab goh xoʻrsinadi, goh iljayadi. Suratni koʻzlariga surtadi. Yoʻlovchilar hayron. Bir nima deyishga botinisholmaydi. Kampir suratdan koʻz olib, derazadan lip-lip oʻtayotgan bogʻlarga, choʻllarga ma’yus boqadi. Koʻzlaridan shashqator yosh oqadi. Oxiri yoʻlovchilardan biri chidayolmadi. Jur'atsizlik bilan soʻradi:
— Aya, nega unaqa qilasiz? Tinchlikmi?

Kampir javob bermadi. Poezdga ergashib goh oʻzib, goh ortda qolib uchayotgan oʻyinqaroq qaldirgʻochning pildirlashiga qarab qoldi. Oxiri ogʻir xoʻrsinib gap soʻragan kishiga qaradi.
— E, bolam, dostonim uzoq. Nima qilasan kitobimni varaqlab, bir benavo odamman, dardimni qoʻzgʻama!

Yoʻlovchilarning biri choy tutdi, biri qovun soʻyib oldiga kosa qilib qoʻydi. Xullas, uni gapga solishdi.
— Yetti bola tuqqanman. Hammasini tuproqqa berib birgina qizim bilan shoʻppayib qolganman. Men koʻrgan kunni it ham koʻrmasin, bolalarim. Xotin boshim bilan Poytuq istansasida hammollik qilganman. Odam oʻldirganman. Xotin kishi boʻla turib, azbaroyi tirikchilik ekan, konibodomlik zoʻr polvon bilan kurash tushganman. Yiqilganman.

Yoʻlovchilarning aqli shoshib qoldi. Bu qanaqa xotin oʻzi? Odam oʻldirgan, erkak bilan kurash tushgan?

Parovoz kichikroq bir raz'ezdda anchagina turib qolgandan keyin yana shitob bilan oldinga intildi. Hammaning qulogʻi kampirning ogʻzida. Kampir choydan bir hoʻpladi. Stakandagi choyning chayqalishiga ma’yus tikilib hikoyasini boshladi.
— Chuvamada bizni yetti qizlar deyishardi. Onam olti qiz tugʻib oʻgʻil dardida sigʻinib bormagan joyi qolmagan. Shohimardondagi Chakkatomarning suvini ham ichgan, Arslonbopdan hassa Muso olib kelib butun qishloqqa ulashgan. Toshkentga kelib Moʻyi muborakni ziyorat qilib, Tojixon eshonga qoʻl bergan. Shuncha sigʻinishlar zoe ketib men tugʻilgan ekanman. Onam bechora baribir oʻgʻildan koʻngil uzolmay otimni niyat qilib Oʻgʻilxon qoʻygan ekan. Esimda bor, to kuyovga chiqqunimcha ham boshimda telpak, belimda qiyiq, oyogʻimda etik edi. Oʻgʻil bolalar bilan oʻynardim. Oʻrtoqlarim nuqul oʻgʻil bolalar edi. Mahallaning kazo-kazolari, bas, qi-zing boʻyga yetdi, yuzini bekit, deganlarida ham otam rahmatlik, yuraversin, uni oʻgʻlim deganman, deb yuzimni bekitmagan.

Kuyovga chiqib, olti oʻgʻil, bir qiz koʻrdim. Ota-onam koʻrmagan baxtga yetdim, deb oʻylagandim. Yoʻq, nasib qilmagan ekan... Erim sartaroshlik qilardi. Kichkinagina doʻkonchadan tushgani bilan roʻzgʻorni amal-taqal qilib turardik. Yetti bolani bir amallab boqayotganimizga er-xotin xudoga ming marta shukur qilardik.

Kichkinam oʻshanda qoʻlimda edi. Erim kuni bilan tikka oyoqda ishlab kelib shu kenjatoyimni oʻynatib ovunardi. Shu kichkinagina baxtimizni ham xudo koʻp koʻrdi. Erimni mardikorga olishdi. Yigʻlab-yigʻlab istansada orqasidan qarab qoldim. Tirikchilik ekan, erimning doʻkonini oʻzim ochdim. Bolani bir chekkaga yotqizib qoʻyib, ustachilik qila boshladim. Azaldan yuzim ochiq boʻlganidan hech kim hayron boʻlmadi. Bola-chaqalik boʻlganimdan keyin ham dala-toshda ochiq yuraverdim. Ishim tigʻiz paytlarda erkaklar qatori samovarda bitta choy chaqirib ichib ketaverardim. Sal kunda qoʻlim kelishib qoldi. Bilmadim, yuzi ochiq xotinning sartaroshlik qi-lishi gʻalati koʻringanidanmi, yo ayol kishining qoʻli tegishiga ishqibozlik qilibmi, har qalay boshqa ustalardan koʻra menga odam koʻproq kelardi. Mijozlarimdan bittasi bir gap aytib qoldi. Ellikboshi oʻzining oʻgʻli oʻrniga mening erimni joʻnatgan ekan noinsof. Bu gapdan keyin sira chidamadim. Necha bor yoʻlini poyla-dim. Yoʻliqmadi. Bir kuni Andijondan hokim toʻraning oʻzi Chuvamaga kelarmish, degan gap tarqaldi. Qoʻchalarga suv sepildi. Samovarlarga odam sigʻmay ketdi. Ellikboshi allaqaysi goʻrda ekan, ot choptirib kelib qoldi. Uning soch-soqoli oʻsib ketgan, otdan tushiboq doʻkonimga oʻzini urdi.

— Qani, boʻl, soch-soqolni tarashlab qoʻy!

Boʻyniga lungi bogʻlab yuziga sovun surdim, ustarani qayishga ishqab turganimda ikki yelkamga shayton minib yoʻldan urdi. Kallamga kelgan oʻydan qoʻrqib ketdim. Qaltiradim. Ellikboshi pishqirib baqirdi:
— Muncha imillaysan. Boʻl tez!

U, kursi suyanchigʻiga boshini qoʻyib, shipga qarab oʻtiribdi. Koʻzimga ha deb, boʻrtib chiqib turgan kekirtagi koʻrinaverdi. Undan koʻzimni olib qochaman deyman, eplayolmayman. Iyagini chap qoʻlim bilan yuqoriga koʻtarib turib, shartta kekirtagiga ustarani botirganimni bilaman. Ellikboshi xirilladi. Toʻgʻrida turgan oynaga qon otilib sachradi. Navbat kutib turganlar gur etib koʻchaga qochishdi. Ellikboshi oʻrnidan turib ketdi, xirillab-xirillab ostonaga yetganda yiqildi.

Kampirning yuzlari bujmayib ketdi. Nursiz koʻzlari bir dam yalt etdi-yu, yana boyagicha xiralashib qoldi.
— Shu toʻpolonning ustiga qoʻsh otli izvoshda hokim toʻra kelib qoldi. Mirshablar qoʻl-oyogʻimni bogʻlab avaxtaga olib ketishdi. Poytuqda sud qilib kesib yuborishdi. Sibirga qarab ketyapman, koʻzimga bolalarim koʻrinadi.

Kampir derazadan tashqariga qaradi.
— Oʻshandan beri endi poezdga tushishim. Mana shu yerlardan oʻtgandim. Qarang, boshqacha boʻlib ketibdi. Dashti-biyobon edi oʻshanda. Qamoqqa tushganimga bir yildan oshganda sud qilishgan edi. Inqilob boʻlganini poezdda eshitgandik. Poezd Toshkentda bir hafta turib qolgandi. Oq poshsho taxtdan tushib, uzoq-yaqinda toʻs-toʻpolon boʻlayotgan ekan. Rabochiylar hamma vagonlarning eshigini ochib yuborishdi. Toʻrt kishi boʻlib oʻn sakkiz kun deganda goh aravada, goh piyoda yurib Poytuqqa yetib kelganmiz.

Kelsam uyim kul tepa boʻlib yotibdi. Bolalarim har tarafga tarqab ketishibdi. Dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib ketdi. U yoqqa yugurdim, bu yoqqa yugurdim, toʻrttasini topib keldim, uch bolam oʻlib ketgan ekan. Yigʻladim-siqtadim. Qandoq qilaman, odam bolasi har baloga koʻnaverar ekan. Qolganlarining umrini bersin, deb shukur qildim. Oʻzim loy qorib bir kulbani tikladim. Doʻkon ochsam, qoʻrqib hech kim soqol oldirgani kelmadi. Doʻkonni yopib Poytuqqa qatnab hammollik qildim. Ish boʻlmagan kunlarda toʻnka kavlab oʻtin qilib sotdim. Oʻsha kezlari qishloqda har kun bosqin. Ellikboshining kuyovi bosmachiga chiqib ketgan ekan, mening payimga tushib qoldi. Kechalari mijja qoqmay tiq etsa eshikka qarab yotaman. Bir kuni qizimni yonimga olib, Poytuqqa tushib ketgan edim; kelayotib Chuvamani bosmachi bosdi, deb eshitib qoldim. Qizimni yetaklaganimcha halloslab yugurdim. Uzoqdan, daraxtlar orasida tutun burqsiyapti. Qoʻrqib ketdim. Kelsam uyim yonyapti. Jinniga oʻxshab qopman. Oʻzimni hovliga urdim. Katta oʻgʻlim ayvonda, oʻrtancham ariq boʻyida qonga belanib yotibdi. Turgan joyimda qotib qolibman. Kenjam tutga chiqib olgan ekan, yigʻlashini ham bilmaydi, gapirishini ham. Faqat iyagi qimirlaydi, xolos.

Kampirning koʻzidan yosh dumalayverdi, dumalayverdi. Hammaning dili vayron boʻlib ketdi. Uni yupatishga hech kim soʻz topolmasdi. Uning dardini yengillatadigan soʻzni inson bolasi hali yarata olgani yoʻq. Hech kimdan sado chiqmasdi. Faqat vagonning bir maqomda tebranishidan chiqayotgan taraq-turuq hokim edi. Bu oʻngʻaysiz holdan yana kampirning oʻzi qutqardi. U boshidan oʻtgan mudhish kunlarni eslayverib koʻnikib ketganidan boʻlsa kerak, ortiqcha hayajonlanmay hikoyasini davom ettirdi.
— Sabr qilmay ilojim qancha. Chidadim. Qolganlarining umrini bersin deb yana yashab ketdim. Ikki bolam katta boʻlib boʻyga yetib qolishdi. Tirikchilik boshqacha boʻlib ketdi... Toʻrt yil selʼsovetga, uch yil kolxozga raislik qildim. Qizimni kuyovga berdim. Nevara koʻrdim. Oʻgʻlim ham kap-katta yigit boʻlib qolgan edi. Yurt qatori urushga joʻnatdim.

Kampir entikdi. Stakandan choy hoʻpladi. Qoʻli titrayotganidan darrov hoʻplayolmadi. Koʻzidan oqqan yosh choyga tomdi. Quyuq jigar rang choy yuzida uning tiniq koʻz yoshi bir doira yasadi-da, keyin aralashib ketdi.
— Kelmadi. Kenjaginam kelmadi. Tuprogʻini koʻzlarimga surolmay qoldim. Shuncha bola tugʻib, qum qisimlagandek quruq qoʻl bilan qolaverdim.

Zabunlikda qoldim, telbaman, telbaman, bolalarim. Gohida gapdan adashib ketaman. Tushlarimda oʻrnimdan turib ketib koʻchaga chiqqanda uygʻonib qolib qoʻrqib ketaman. Nevaram kuyovga chiqqanida notob edim, toʻyiga borolmadim. Oʻgʻil koʻrdi ham, borganim yoʻq. Mana suratini yubordi. Shu suratni koʻrdimu, oromim yoʻqoldi. Eski yaralarimning koʻzi ochilib ketdi. Yana telbalikka tushib qoldim.

Kampir suratni qoʻliga olib tikilib qoldi.
— Xuddi oʻzi, Kenjaginamning oʻzi. Bir tuki oʻzgamas... Surat qoʻldan-qoʻlga oʻtdi. Unda uch yoshlardagi jingalaksoch, burni yalpoqroq bola oʻyinchoq ot minib turardi.
— Shu suratni koʻrdimu, nazarimda Kenjaginam urushda oʻlmay shu atroflarda yurganga oʻxshay berdi. Hozir chevara koʻrgani emas, urushda yoʻq boʻlgan bolamni koʻrgani ketayotganga oʻxshayman. Keldik, shekilli. Bu qaysi istansa?

Kampir derazadan tashqariga qaradi. Poezd halloslab Toshkentga kirib kelayotgan edi.

Poezd xotinni Toshkentda qoldirib yana pishqirganicha oldinga intildi. Yoʻlovchilar derazadan bosh chiqarib bu ajoyib kampirga ehtirom bilan qoʻl silkib oʻtib ketishdi. Ularning har biri oʻtda kuymas, suvda choʻkmas xotinning qon va shon bilan yozilgan daftarini varaqlab ketishardi.

Sokin, osoyishta oqayotgan daryolarga shoʻngʻigan kishi uning tubida toʻfonlar borligini, qudratli oqim toshlarni qulatayotganini biladi. Qolgan umrini pisandasiz, shovqinsiz oʻtkazayotgan bu azamat xotinning qalbiga quloq solgan kishi ham suronli yillarning boʻronlarini eshitadi.

Ovqat vaqtida ham kampir boladan boʻshamadi. Ikki koʻzi unda. Oʻzi ovqat yedirib oʻzi yuvintiradi. Bola ham darrov unga elakisha qoldi. Bolalar shunaqa boʻladi: yaxshi gapirganga yopishadi. Kechasi bola buvisi bilan yotdi. Kampir uxlamadi. Yostiqqa tirsagini qoʻyib, unga tikilganicha tong ottirdi.

Uyqusiz bu kechada uning koʻnglidan ne gaplar oʻtdi ekan? Kim biladi, u tuproqqa bergan olti bolasining goʻdaklik yillarini eslagandir. Ularning beshigi tepasida tong ottirgan uyqusiz tunlarini koʻrgandir. Keksa qalbda nimalar borligini oʻzgalar ne bilsin!

Ne boʻlsa boʻldi. Oʻtganlar oʻtib ketdi. Ular qachonlardir boshqa odam boʻlib, qayta bosh koʻtarsalar ajab emas! Bugun kampir yoʻqotgan Kenjavoyi qayta tirilganini koʻrib turibdi. Demak, bu munis xotin dunyoda mevasiz daraxtdek yashagani yoʻq. Shu murgʻak bola uning ham oʻgʻli, ham nevarasi, ham chevarasi.

Kampir bolaga tikiladi. Koʻzlarida nimadir yiltiraydi. Bu alamli koʻz yoshimikin? Oʻlimlarga soʻz bermagan, boʻronlarda bukilmagan keksa ona qalbidan toshib chiqayotgan shaffof yolqinmikin?! Yo nuri oʻcha boshlagan koʻzlariga koʻchgan bola istiqbolining yorqin shu'lasimikin?!

Tong ota boshlagan subhisodiqda kampir chevarasining jingalak sochlariga termilib nimalarnidir pichirlaydi.

Yaqinroq kel, oʻquvchim! Uning lablariga qulogʻingnn tut!

Tabarruk onaning duosini olib qol!

Yoʻlda

Yonboshiga «prokat» deb yozilgan pachaqqina «Moskvich» gʻuborsiz tong havosini yorib oldinga intiladi. Kozimjon bu mashinani olganiga uch kun boʻldi. U xotiniga koʻpdan beri, togʻ yoʻllarini bir koʻrsataman, deb va’da qilib, sira fursat topolmay yurardi. Uning oʻz tili bilan aytganda: «Bizning xotin bir narsaga yopishdimi, boʻldi, pona bilan ajratib, ombur bilan tortib olinadi».

Darhaqiqat, Xosiyatxon shunaqa bir soʻzli ayol. Kozimjon shu besh yillik turmushlarida hali uning bir gapini ikki qilmagan. Qilolmaydi ham. To maktabning ikkinchi sinfigacha onasi opichlab borgan erka qizning talablarini rad qilishga Kozimjondek yuvosh odam ojizlik qilardi. Mana, Xosiyatxon Kozimjonning yonida husni bir jahon boʻlib oʻtiribdi. Uning chinakamiga koʻz-koʻz qilsa arzigulik husni bor edi. U mashinani, modani, atoqli ayollar davrasiga kirishni jon-dili bilan yaxshi koʻrardi. U Kozimjonga tegarkan, uning istiqbolida katta obroʻ, yengil mashina, dangʻillama imorat koʻrardi. Afsus, unaqa boʻlmadi. Kozimjon joʻngina injener chiqdi. Teatrda ham el qatori oʻrtaroqda oʻtirardi. Mashina qayoqda, shu bilan ikkinchi marta prokatga mashina olishi. Mana oʻzi rulda oʻtirib, Xosiyatxonni togʻ yoʻllarini aylantirishga olib ketyapti.

Shahar chiroqlari birin-ketin oʻchib, tong otdi. Bu payt ular ancha joyga borib qolishgan edi.

Togʻ yoʻli boshlandi. Pastak adirlar oralab ketgan kaftdek yoʻl ilon izi boʻlib malla rang qirlar orasida yoʻqolib ketardi. Tuman orasiga oʻralgan choʻqqining uchi qilich damidek yarqirab ketdi-yu, bir dam kimxob parchasidek bulut yalt-yalt yonib koʻzni qamashtirdi. Togʻ orqasida quyosh bosh koʻtargan edi. Ana endi, togʻ yoʻlining eng gashtli payti boshlanadi.

Mashina anchagina uringan, koʻp «shafqatsiz» qoʻllardan oʻtgani sababli yoʻl-yoʻlakay koʻksovga oʻxshab yoʻtalib borardi. Mana hozir ham yonbagʻirga yetmay suvi samovardek qaynab ketdi. Kozimjon bir juft azim yongʻoq tagiga kelganda toʻxtatib, qaynoq suvni toʻkib, chelakni koʻtarganicha soyga tushib ketdi.

U radiatorga suv quyayotganda ham, mashinaning u yoq-bu yogʻini aylanib, gʻildirak rezinalarini tepib koʻrayotganda ham Xosiyatxon mashinadan tushmadi.
— Pastga tushib bu yoqlarni tomosha qilsangiz-chi. Qarang, soyga qarang. Toshga urilib, biram gʻalati toʻzon otyaptiki.

Xosiyatxon mashinani judayam sogʻingan ekan, tushmadi. Pista chaqib oʻtiraverdi.

Yoʻl shu joydan boshlab tik qiyalab toqqa koʻtariladi. Yongʻoqning narigi tomoniga «Voditelʼ, tormozlaringni tekshir!» deb yozib qoʻyilgan. Taxminan besh kilometrcha masofaga mashina tinimsiz koʻtarilishi kerak. Bu qiyaga uncha-muncha havaskor shofyorning yuragi dov bermasdi. Kozimjonning ham yuragi poʻkillab turibdi. Agar Xosiyatxon shoshirmaganda u motorni jindak sovutib olmoqchi edi. Boʻlmadi.
— Buncha imillaysiz, yura qolsangizsiz-chi. Choʻqqiga chiqib dam ola qolarsiz.

Kozimjon endi kabinaga kirgan edi, togʻ tomondan oʻrta yoshlardagi bir qishi koʻrindi. Uning egnida kombinezon, qoʻlida tuguncha. U Kozimjonga qarab qoʻl silkidi. Kozimjon endigina motorni oʻt oldirgan edi, yana oʻchirdi.
— Haydang!— dedi Hosiyatxon.
— Shoshmang, anavi kishining ishi borga oʻxshaydi.
— Ishi nima boʻlardi. Olib ket, deydi-da. Haydang, haydang!

Kozimjon beixtiyor mashinani yurgizib yubordi, qayrilishga kelganda oʻsha tomonga bir nazar tashlagan edi, boyagi kishi yoʻl oʻrtasida unga qarab turardi. Kozimjonning ichi ezilib ketdi. Bechora, endi nima qiladi...
— Ha, muncha qovoq-dimogʻingiz osilib qoldi.
— Haligi odam...

Kozimjon gap topolmay qoʻl siltadi. U shitob bilan mashinaga gaz berdi. Motor xunuk bir gurillab tepalikka tarmashdi.

Aylanma yoʻllar boshlandi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Bir tomon bulutga sanchilgan choʻqqi, bir tomon toshqin togʻ darasi. Oʻngga sal jilsang, pastga qulaysan, chapga sal jilsang, yo toshga urilasan, yo qarshidan kelayotgan mashinaga urilasan. Oxiri ular suv almashtirish uchun maxsus tayyorlangan yalanglikka yetib toʻxtashdi. Bu yerda ulardan boshqa yetti choqli mashina turardi. Hammasi suv olishyapti. Kopotni ochib shamollatishyapti. Kozimjon ham ular orasiga suqildi.

Bu joydan pastliklar juda gʻalati koʻrinar edi. Kozimjon, oʻzimizda shunaqa xushmanzara joylar bor ekan-ku, odamlar qayoqlarga borib yurishadi-ya, deb dilidan oʻtkazib qoʻydi.

Darhaqiqat, yonbagʻirlar beqiyos chiroyli edi. Pastliklarda gʻuj-gʻuj pista daraxtlari, azamat toshlar orasida sinkaga solingandek koʻk suv goh koʻrinadi, goh koʻrinmaydi. Soyning narigi tomonida yalangʻoch togʻlar yuksala-yuksala vodiy yoʻlini toʻsib yotibdi. Uning qizil choʻqqilariga oftob tushib turibdi. Oʻngirlarda saratondan yashirinib qolgan qor uyumlari koʻrinadi.

Kallaqantdek choʻqqiga koʻtariladigan aylanma yoʻlga bosh koʻtarib qaragan kishi bir-birining ustiga mingashib yuksalgan yoʻlni koʻradi, mashina to choʻqqiga koʻtarilguncha shu yoʻldan toʻrt marta oʻtishi kerak. Kozimjon yuqoridan tushayotgan mashinaga qaradi, u to tushib kelguncha toʻrt aylandi-da, toʻdalashib turgan mashinalar oldida toʻxtadi.
— Choʻqqi orqasidagi yoʻlga xarsang qulagan, oʻtolmaysizlar. Ekskavatorchiga telefon qilishdi, kelsa yoʻlni ochib beradi.

Xosiyatxon hafsalasi pir boʻlib kabinadan tushdi. U yoq-bu yoqqa alanglab tomosha qila boshladi. Xarsangga oʻtirib olgan bir shofyor yigit atrofini oʻrab olganlarga yoʻlni tushuntirardi.
— Ikki yil shu yoʻl qurilishida ishlaganman. Ishning zoʻrini ana shunda koʻrganman. Koʻp ustalar bor edi. Ekskavator, bulʼdozer deganlar qumursqadek toʻlib ketgan. Oʻshanda odamlar tosh bilan, oftob bilan olishib ishlashgan. Siz manavi tayyor yoʻldan ketyapsiz. Eha, qurish oson boʻlmagan buni. Bir Rustamjon degani bor edi. Yo qudratingdan, tosh otishni oʻshanga chiqargan edi. Badani oftobda xuddi misga oʻxshab qizarib ketgan, oʻziyam miqti kelgan, tiqmachoq kishi edi, oʻzidan katta toshlarni pastga uloqtirardi-ya.

Bir kun koʻchki tushib bulʼdozerni bosib qolibdi. Har toshlarki, odamning vahmi keladi. Nachalʼnik kelib kim toshlarni olib tashlasa, besh norma yozaman, deb qoldi. Hech kimdan sado chiqmadi, Bir chetda papiros chekib oʻtirgan Rustamjon oʻrnidan turdi-da, piching qildi.
— Besh norma oʻzingizga siylov, nachalʼnik. Odamlarni oʻz ishiga yuboravering, Toshlarni oʻzim olib tashlayman.

Lekin odamlar ketishmadi. Qani, bu maqtanchoqning ishini bir koʻraylik-chi, deb turib olishdi.

Rustamjon bilagini shimarib ishga tushib ketdi, Xarsanglarni bir u yoqqa otadi, bir bu yoqqa otadi, odamning vahmi keladi, deng. Badanidan seldek boʻlib ter oqib turibdi. U, har tosh koʻtarganda bilagidagi, boʻyinlaridagi tomirlari barmoqdek-barmoqdek boʻlib shishib chiqadi. Tanasi boʻlsa oftobda yalt-yalt qiladi. U avval kabina tepasidagi toshlarni oladi. Keyin yon-verlarni tozalab bulʼdozerchiga qarab koʻz qisib qoʻyadi,
— Qani, kel, akasi, sal orqaga tort, keyin buradigan tomoningdan yoʻl ochib beraman.

Bulʼdozerchi orqaga surgandan keyin boshqalar ham qarab turishmadi. Koʻplashib toshlarni pastga uloqtirib tashlashdi. Nachalʼnik ham mard kishi edi. Bilagidagi soatini shart chiqazib Rustamjonning bilagiga soldi. Yoʻq, olmadi.

Yigit hikoyasini tugatishi bilan qoyadan tushgan shofyor luqma tashladi:
— Yoʻlni ochgani hozir Rustam akaning oʻzlari keladilar. Oʻsha kishiga telefon qilishdi-da.

Hamma jimib qoldi. Odamlarning koʻz oldiga toshlarni Farhoddek qulatgan Rustamjonning pahlavon qiyofasi kelardi. Kozimjonning ham, Xosiyatxonning ham koʻngliga Rustamjonni koʻrish niyati tushib qoldi, Hammaning koʻzi yoʻlda. Ammo Kozimjondan keyin pastdan hali bitta ham mashina chiqqani yoʻq. Birov yonbagʻirdan gul tergani, birov buloq suvidan ichgani tarqab ketdi. Faqat bir necha shofyor yigit oʻrtaga termos qoʻyib alyumin krujkada choy ermak qilib oʻtirishardi. Kozimjon toshga oʻtirib inson qoʻli bilan qurilgan yoʻlga qarab aqli lol boʻlib oʻtirardi. Pastlikdan mashina ovozi keldi. Hamma yoʻlga qaradi. Yuk mashinasi gurillab koʻtarilardi. Kuzovda kelayotgan Rustam akani dastavval boyagi shofyor yigit tanidi.
— Ana, kelyapti.

Kozimjon uni koʻrdi-yu, esankirab qoldi. Rustam aka, boya unga qoʻl siltab ola ket, degan kishi edi. Mashina ularning oldidan bir necha minut ichida oʻtib ketdi. Bu on Kozimjonning xayoliga nimalar kelmadi. Qani, shu asriy toshlar yorilib ketsa-yu, uni oʻz bagʻriga yashirsa. Kechalari ishqida kuyib yongan, erkalash uchun dunyodagi eng nozik, eng goʻzal soʻzlarni axtargan, hamisha koʻziga olovdek yonib turadigan xotini Xosiyatxon endi sovuq, juda ham sovuq koʻrinib ketdi. Endi uni soʻkish uchun eng haqoratli soʻzlar ham ojizlik qilayotgandek edi. Agar shu Xosiyatxon uni majbur qilmaganda, albatta, Rustamjonni ola ketardi. Nahotki shu qiyin yoʻlni qurgan odamni oʻzi qurgan yoʻldan olib ketishga ogʻrinsa. Uning orqasidan qarab qolganda koʻnglidan nimalar kechdi ekan...

Oradan bir soatcha vaqt oʻtib, yoʻl ochildi. «Oʻtaveringlar» degan xabar kelguncha, Kozimjondan sado chiqmadi. Xosiyatxon ham uning koʻnglidagi gaplarni sezib turgan ekan, yupatishga urinardi.
— Qoʻying, diqqat boʻlmang, ozib-yozib bir safarga chiqqanimizda meni xunob qilmang. Nimasidan xijolat boʻlasiz. Yoʻl qurilishida ishlagan boʻlsa, haqini olgan, tekinga ishlabdimi?

Kozimjon xotinini endi koʻrgandek boʻlib unga angrayib qarab turardi. Hamma ketdi. Ammo Kozimjon joyidan jilmasdi. Nazarida uning bu yoʻldan yurishga haqi yoʻqdek edi.

Choʻqqilardan osilib turgan anvoyi bulutlar ham, pastda toshdan toshga sakrab oqayotgan koʻm-koʻk suv ham, maysalar betida titrayotgan shabnam ham, uning xayolini tortmasdi, uni ovutolmasdi.

Kozimjon hech narsa boʻlgani yoʻq, deb oʻzini aldaydi. Xoʻp, shunday ham qilib koʻrsin. Ammo kechasi qanday uxlaydi? Rustamjon tushiga kirmaydimi? Togʻ-toshlarning qaldirashi uni qandoq uxlatadi, qandoq?

Poyqadam...

Voy qudamdan aylanay, ana kelishadi, mana kelishadi, deb ikki koʻzim koʻchada boʻldi-ya, toʻy qandoq oʻtganiniyam bilmadim. Voy boʻylaringizga tasadduq. Xush kelibsizlar. Hoy, Nigoraxonni uygʻotinglar. Dadalari bilan oyilari kelishdi.

Vahobjon bilan Manzurani quda ana shunday soʻzlar bilan kutib oldi.

Quda yoshi ellikdan oshgan boʻlsa ham yuzidan pardoz arimagan jikkakkina xotin edi. Uning yuzlari xuddi sharbati siqib olingan anor poʻstiga oʻxshab ketardi. Qoʻlidagi qoʻsha-qoʻsha uzuklar, boʻynidagi har biri noʻxatdek keladigan dur marjonlari, egnidagi yoshiga yarashmagan gulli krepdeshin koʻylagi uni allaqanday bachkana qilib koʻrsatar edi.

Vahobjon atrofga nazar tashladi. Katta hovlining boshidan oyogʻigacha qoʻyilgan stollardan hali dasturxon yigʻilmagan, gullar orasida boʻshagan shishalar, soʻrilarda toʻyda xizmat qilib charchagan kishilar yechinmay yotib qolishgan, yeroʻchoq oldida dasta-dasta yuvuqsiz laganlar yotardi. Hatto daraxt shoxlariga ilingan lampochkalar hali yoqugʻlik turardi.

Quda aya soʻrida yechinmay uxlab yotgan kishining oyogʻidan silkib uygʻotdi.
— Turing, hoy turing, qudalaringiz kelishdi.

Qora soqol bir kishi yostiqdan bosh koʻtarib atrofga alangladi. U Vahobjonlarni koʻrib iya, iya, deb oʻrnidan turarkan, koʻrpacha qatlarini titkilab nimanidir qidirardi.
— Hojar, tishimni koʻrmadingmi?
— Yoʻgʻ-a, qayoqqa qoʻygandingiz? Avval qudalaringiz bilan koʻrishib oling, keyin qidirarsiz.

Chol ildam yurib Vahobjonlar bilan quyuq koʻrishdi. Yoʻl boshlab uyga olib kirdi.
— Qani, qani, oʻtirishsinlar, oʻtirishsinlar, obbo quda-ey, koʻp kutdik. Juda koʻp kutdik. Toʻyga yetib kelolmadinglar-da. Hay mayli, sizlarga boshqa toʻy qilib beramiz endi. Hoy, Hojar, dasturxon keltir, keliningni uygʻot, oʻgʻlingni uygʻot, qaynata, qaynanalari bilan tanishib qoʻysin.

Chol uzr aytib tavoze bilan yuvingani chiqib ketdi. Er-xotin uy jihozlariga mahliyo boʻlib indamay oʻtirishardi.

Ular kirgan uy mehmonxona boʻlsa kerak, nihoyatda serhasham edi. Toʻrda pianino, burchakda kurant soat, devorda ham, yerda ham, divan ustida ham gilam. Shiftda billurin qandil. Javonlarda xitoy chinnilari, televizor ustida har xil chinni oʻyinchoqlar. Derazalarga ham toʻr, ham baxmal parda tutilgan.

Vahobjonning esi ogʻib qoldi. Butun umrini mehnat bilan oʻtkazgan, roʻzgʻorini bir me’yorda olib borgan Vahobjonga bu hashamlar allanechuk koʻrinib ketdi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Manzura kaftini iyagiga tiraganicha xayol surardi.

Nigora ularning bittagina bolasi. Vahobjon tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Ganjiravonda oʻttiz yildan beri oʻqituvchilik qiladi. Butun Ganjiravondagi kishilarning yarmidan koʻpini shu Vahobjon oʻqitgan. U qizini Toshkentga oʻqishga yuborayotganda ne-ne umidlar qilgan edi. Oʻqisa, institutni bitirib oʻziga oʻxshab oʻqituvchi boʻlsa, shu. Ganjiravonga kelib otasining ishini davom ettirsa. Kuyovi ham oʻqituvchi boʻlsa. Muallimlik qanday. yaxshi hunar. Qizi tushmagur nima qilib qoʻydi. Bir ogʻiz na otaning, na onaning roziligini olmay oʻzboshimchalik qilib qoʻyibdi. Kuyov nima ish qilsaykin? Oʻqiganmikin, ylmi bormikin? Biron hunarning boshini tutganmikin? Oʻzi axloqlikkina bolamikin?

Ichkariga oʻqdek otilib Nigora kirdi. U onasining boʻyniga osilib, u yuzidan, bu yuzidan choʻpillatib oʻpa boshladi. Dadasining yelkasiga osilib erkalandi. Koʻpdan sogʻintirgan bola ota-onaning yuragidagi gina-kudratni bir dam boʻlsa ham nari quvib yubordi. Nigora baxtiyor edi. Uning egnida yashnab turgan nikoh liboslari oʻziga biram yarashibdiki.

Nigora chiroyli qiz edi. Ota-ona topganlarini shu qizga sarflashardi. Ayniqsa u boʻyga yetib, qomati toʻlisha boshlagan paytlarda kiyinib koʻchaga chiqqanda Ganjiravon yigitlari esdan ogʻib qolishardi. Uning qoʻshiqlari, uning jarangdor kulgilari, boʻyi basti, keksa tollar soya tashlagan anhor boʻylarida xayolchan kezishlari Ganjiravonga biram yarashardi, biram yarashardi, Qishloq yigitlari atayin tegajogʻlik qilib uning oldidan «Men seni koʻrdim yana Ganjiravon koʻchasida», deb qoʻshiq aytib oʻtishardi. Nigora ham ularning hazillariga hazil bilan javob qaytarardi. Nigora tugʻilib oʻsgan qishlogʻining shaydo yigitlarini hasratda qoldirib kimni topdiykin? Ona ana shu toʻgʻrida oʻylardi.

Kuyov kirdi. U nihoyatda chiroyli, qora qosh, gavdasi quyilgandek, qirra burun, jingalak soch yigit edi. Egnidagi tugmasi chala qadalgan yoʻl-yoʻl yashil pijamasi oʻziga juda yarashib tushgan edi. U odob bilan qayin otasiga, qayin onasiga salom berdi. Keyin ularni narigi uyga taklif qildi.

Vahobjon bilan Manzura beixtiyor oʻrinlaridan turishdi. Ular bu zinadan tushib u zinaga koʻtarilishar ekan, Vahobjonda kuyovga allaqanday mehr uygʻongandek boʻldi. Ammo bu tuygʻu yasatilgan uyga kirishganda oʻzi ham ma’nosiga tushunib yetmagan allaqanday hislar bilan aralashib ketgandek boʻldi. Nigoraning uyi boyagi uy hashamidan oʻn chandon afzal edi. Vahobjon oltmish yoshga kirgan boʻlsa, shu olis umr davomida koʻrish u yoqda tursin, xayoliga ham keltirmagan buyumlar bor edi bu uyda. Hatto derazalarning yuqoridagi koʻzlariga rangli shishalar solingan edi.

Nigoraning yuzida, koʻzida: erim yoqdimi, degan ma’no porlab turardi. Tashqarida qayin otaning zardali tovushi eshitilardi. Kuyov kulib derazadan hovliga qaradi.
— Kechirasizlar, boboyning yasama tishlari yoʻqolib qolibdi, topolmay xunob boʻlyaptilar,— u Nigoraga yuzlandi,— ish boʻlmasa choy olib kelmaysizmi?

Nigora chiqib ketdi. Kuyov kecha toʻyning juda yaxshi oʻtganligi, araqning oʻzidan yetmish shisha ketganini, mehmonlar kabobga toʻyib qolib mantiga qaramaganlari, mast boʻlmagan odam qolmaganini gapirardi.
— Bizning boboy ham mast boʻlib qolganlaridan bilavering toʻyning qanaqa boʻlganini. Axir u kishini uncha-munchaga mast qilib boʻlmaydi-ya.

Vahobjonga bu uydagi buyumlardan tortib odamlarigacha begona, kuyov boʻlsa koʻziga allaqanday bachkana, yoqimsiz boʻlib koʻrindi. Qani endi vaqt oʻtmagan, toʻy boʻlmagan boʻlganda u albatta qizining qoʻlidan yetaklab chiqib ketardi. Na chora, boʻlar ish boʻlgan. Undan tashqari oʻz yoʻlini oʻzi topadigan yoshga yetgan qizining taqdiriga u qanday qilib hokimlik qila oladi.

Ikki shisha konʼyak koʻtarib quda kirdi. Uning egnida yangi toʻn, boshida toʻrt karjli surma rang doʻppi.
— Endi, quda aybga buyurmaysiz-da, bolalarimizning baxtli boʻlishiga andek tanavvul qilamiz-da! Ikromjon, ryumkalarni ol. Endi sen ichma. Kechagiga oʻxshab dovdirab yurma.

Derazadan isitilgan manti uzatishdi. Vahobjon ichmadi. Ota-bola bir shishani boʻshatishgandan keyin Vahobjon uzr soʻrab oʻrnidan turdi.
— Meni aybga buyurmanglar, qiladigan ishlarim bor edi. Onasi mayli qolsin. Ertaga bir xabar olarman.

Kayf qilib olgan quda uncha qarshilik koʻrsatmadi, kuyovning koʻzlari suzilib hadeganda tilla tishini koʻrsatib iljayaverdi. Ammo, quda aya yalinib esi ketdi.

Vahobjon tashqariga chiqib toʻyib nafas olgandek boʻldi. Sal nariroq borib birdan koʻngli buzilib ketdi. Uning bu kayfiyati uyiga oʻt ketganda bolasi qolib oʻzini qutqargan kishining ahvolini eslatar edi.

Vahobjon shu kuni kechgacha shahar koʻchalarida tentib yurdi. Mehmonxonaga kirib yotib yotolmadi, oʻtirib oʻtirolmadi. Yana koʻchaga chiqdi. Kech kirdi. Fontan atrofi odamlar bilan gavjum boʻldi. Bola yetaklagan juvonlar, hassasiga tayangan keksalar shaffof tomchilarning salqinida beozor sayr qilishardi. Hamma shod. Hammaning yuzida allaqanday baxtning, quvonchning tabassumi porlaydi. Faqat Vahobjon tajang. Shahar chiroqlari siyraklashdi, fontan atrofi boʻshab qoldi. Oxiri koʻkka intilgan toshqin fontan ham asta-sekin yerga singandek tindi. Vahobjon mashaqqat bilan oʻrnidan turib mehmonxonaga yoʻl oldi.

Qattiq uxlab qolgan ekan, telefon tovushi uygʻotib yubordi. Boshqa nomer adashib tushib qolibdi. U qayta yotolmadi. Soatiga qarasa allapalla boʻlib qolibdi. Koʻchaga chiqdi. Qizinikiga borishga yuragi betlamay, mehmonxona ostonasida kunini kech qildi.

Qosh qoraygan mahalda Manzura keldi. U ham ma’yus edi. Er-xotin bir-biriga biron gap bilan ozor yetkazib qoʻymaslik uchun sun'iy iljayish bilan ichkariga kirishdi.
— Nigora qalay, xafa emasmi?— dedi Vahobjon.
— Binoyidek oʻynab-kulib yuribdi, Nega bormadingiz, xayrlashib ham kelmadingiz.

Vahobjon gap topolmay gardanini qashib qoʻydi.
— Biletni ertangi poezdga olaveraymi, yo bir-ikki kun turasanmi?— dedi Vahobjon. —Agar xoʻp desang, shaharning u yoq-bu yogʻini koʻrsatay.

Manzura qizini tashlab ketishga koʻngli boʻlmay, yuragining bir cheti uzilib qolayotgandek boʻlib turgan edi.
— Mayli, oʻzingiz bilasiz,— deya uning oʻziga tashladi.

Bugun Vahobjon oʻzi oʻqitgan ganjiravonlik vrach bolani uchratgan edi. U uyiga taklif qilgan. Vahobjon vaqt boʻlsa, albatta borishligini aytgan edi. Shu topda va’dasi esiga tushdi.

Shu kecha na er, na xotin qudalaridan gap ochmadi. Ammo, tong otguncha toʻlgʻanib chiqdi. Ertalab ular endi nonushtaga tayyorlanib turishganda kimdir eshikni bezovta taqillatdi. Vahobjon shoshib ochsa, notanish bir kishi koʻzlari besaranjom boʻlib turibdi.
— Tez borarmishsizlar. Darrov, darrov...— u shunday dedi-yu, shoshilganicha ketib qoldi.

Er-xotin nima gapligiga tushunolmay apil-tapil yoʻlga tushishdi.

Nigoraning hovlisi suv quygandek jimjit. Hovlidagi soʻrida chol peshonasini ushlaganicha qimirlamay oʻtiribdi. Vahobjonning yuragini birdan vahm bosdi, Nigoraga bir gap boʻlmadimikin! U otilganicha uyga intildi. Ichkaridan chiqib kelayotgan qudasi Hojar unga sovuq nazar tashlab oʻtib ketdi. Nigora uyning oʻrtasida qimirlamay turardi. U oyoq tovushini eshitib oʻgirildi, dadasini koʻrib hoʻngrab yigʻlab yubordi. Manzura kirdi.
— Peshonam qursin, toleim qursin!
— Nima boʻldi?— dedi Manzura hayajon bilan.
— Ikromjon akamni qamoqqa olib ketishdi. Hamma narsani xatlab ketishdi.

Hojar derazadan bosh suqdi.
— Kelinning oyogʻi «qutlugʻ» keldi-da! Ha, qadami «yoqdi».

Vahobjon beixtiyor oʻtirib qoldi. Atrofga gʻamgin nazar tashladi. Uy jihozlari koʻziga sovuq koʻrinib ketdi. Bu buyumlarning hammasi xatlangan, hammasining egasi boshqa, bular yurtning rizqidan yulib olingan narsalar. Bu uyda shu bitta Nigoragina halol edi. Yoʻq, u ham oʻgʻirlangan, oʻzi ham, baxti ham oʻgʻirlangan.
— Xafa boʻlma, qizim,— dedi Vahobjon,— ilojimiz qancha, begunoh boʻlsa chiqib qolar. Sabr qil.

Chol kirdi.
— Quda, bu ishning shundoq boʻlishini kim biluvdi, deysiz. Chaquvdan boʻldi. Yomon odam koʻp. Bor boʻlsang koʻrolmaydi, yoʻq boʻlsang berolmaydi. Endi bundoq qilsak.— U yonidan buklogʻliq qogʻoz chiqarib Nigoraga uzatdi. —Shu roʻyxatdagi narsalarni otamnikidan olib kelganman, oʻzimniki deb sudga ariza yozsangiz.

Vahobjon qizning qoʻlidan qogʻozni oldi. Roʻyxatda taxminan yangi pulda oʻn besh ming soʻmlik buyum yozilgan edi.
— Yoʻq,— dedi qat'iy ohangda Vahobjon. — Bunaqa ishga qoʻl urmaydi Nigora.

Chol boshini sarak-sarak qildi.
— Oʻzlaringizga qiyin boʻladi, mayli, mayli. Hojar derazadan bosh suqdi.
— Koʻnishmayaptimi? Bu tagi past qishloqilardan yaxshilik chiqadimi? Aylanay qudalar, xoʻp deb qoʻya qolsanglar olam guliston boʻladi-ya!
— Qoʻying, jinoyatlaringizga bizni sherik qilmanglar.
— Umid bilan quda boʻlgandik, mayli oʻzlaring bilasizlar.

Nigora hatto rozi boʻlishga ham tayyor turganda, kampir yana gapga suqildi.
— Aylanay Nigoraxon, bu yer ham oʻz uyingiz, bizni unutvormay tez-tez kelib turasiz-a!

Nigoraning koʻzlari yalt etib ochilib ketdi. Kelinlik liboslari muzga aylanib badanini sovutib yuborgandek boʻldi. Koʻzlariga gʻazab toʻlib atrofga jovdirab boqdi-yu, shaxt yurib narigi uyga chiqib ketdi. Bir ozdan keyin u oʻz onasi tikkan oʻsha oq krepdeshin koʻylagini kiyib, studentlik chamadonchasini koʻtarib chiqdi. Dadasiga ma’yus boqib dedi:
— Meni kechiring, dadajon. Oʻzini oʻzi oʻgʻriga tutqazib bergan, baxtini ham, oʻzini ham oʻgʻirlatgan qizingizni kechiring.

Nigoraning koʻzidan yosh chiqmadi. U dadil gapirar edi.

Vahobjon bilan Manzura qizini bundan uch kun avval chiqib ketgan yotogʻida qoldirib, yana Ganjiravonga qaytib kelishdi. Nigora uyiga endi ilgarigidek tez-tez xat yozmas, toʻgʻrisi nima deb yozishini bilmasdi. Yozganda ham sogʻ-salomatman deyishdan nariga oʻtmasdi. Oradan uch oy oʻtganda Nigoradan toʻrt varaq xat keldi. Xatda u Ikromning katta jinoyatchi ekanligi sudda ochilgani, oʻzi oʻn yilga kesilib, uy-joylari musodara qilinganini yozgan edi. Xatning oxirida u: ertaga davlat imtihonlari tugab, diplom qoʻlimga tegadi. Ganjiravonga qaytib borishga endi yuzim chidamaydi, Xorazmga yoʻllanma berishlarini soʻradim. Iltimosimni qaytarmasalar kerak, depti.

Manzura: «Jon bolam, dadang qarib qoldi, bir hafta boʻldi, pensiyaga chiqdi, Ganjiravonga kel, dadang oʻrniga oʻzing oʻqituvchi boʻl. Jon bolam, yoʻq dema», deb xat yozdi.

Togʻ afsonasi

Mashina xoʻp yaxshi narsa-yu, uning ham oʻziga yarasha nagʻmalari bor-da! Mashina olgan odamlarning xotinlari hazil aralash, bu mashina emas, kundoshim deyishar ekan. Sababi, er ishdan keliboq ovqatga ham qaramay, mashinasining tagiga kirib ketganicha yarim kechada moyga qorishib chiqar, azonlab yana mashinaga unnab ketarkan.

Vahobjon rayvodxozda texnik. Uning ham oʻziga yarasha koʻrimsizgina «Moskvich»i bor. Oʻzi haydaydi. Eski mashina mingan odam yaxshi shofyor hisoblanadi. Ha deb buzilaverganidan keyin u yogʻini kavlaydi, bu yogʻini kavlaydi, xullas, ichida nimasi boʻlsa, barini bilib oladi. Yaxshiyamki, Vahobjon hali uylanmagan. Uylanganda, albatta xotini chidamasdi, yo meni deysan, yo mashinani deysan, deb turib olardi. Rost-da, u boʻsh qoldi deguncha mashinani kavlaydi. Uni gurillataverib qoʻni-qoʻshnilarning joniga tegadi. Qoʻshnilar, shu Vahobjon uylana qolsaydi, oʻzidan tinchib ketarmidi, deyishadi. Ammo Vahobjonning hali-veri uylanadigan niyati yoʻqqa oʻxshaydi. Oʻzi mundoq birontasini topmaydi, qarindosh-urugʻlar topganini yoqtirmaydi. Kampir oyisi nolib qolsa, hazilga oladi-da, yana mashina tagiga kirib ketadi. Oxiri jonidan bezor boʻlgan qoʻshnilar kampirga chiqib yalinishadi:
— Oʻgʻlingiz mashinani kechasi garajga oborib qoʻysin. Uxlatmayotibdi.

Rayvodxozning garaji yoʻq, qayoqda qoldiradi. Undan tashqari oʻzingizga ma’lum. Vahobjonga kechalari ham u yoqni suv urib ketdi, bu yoqqa suv kerak, deb raislar telefon qilib turishadi. Shofyor olaylik, deyishsa qaysi shofyor bunaqa shaloq mashinaga — bunaqa bezovta ishga koʻnadi. Bitta-yarimta yanglishib kelib qolgan shofyorlar ham ikki kunga chidamay tashlab qochishadi. Xullas, bu ishga Vahobjonning oʻzidan boshqasi toʻgʻri kelmaydi.

Mana shu Vahobjon bahor toshqinida suv olib ketib, haligacha tuzatilmagan kanal toʻgʻonini tuzattirishga bir haftadan beri ovora edi. Shu paytgacha raislar shox bostirib, buyogʻiga shagʻal toʻktirib eplab kelishayotgan edi. Shu alpozda paxta sugʻorib boʻladimi, kim qancha suv olayotganini bilib boʻlmasa! Raislar bay-baylab vodxoz masalasini byuroga qoʻyib qolishdi-ku. Ana, vodxoz boshligʻining tipirchilab qolishini koʻring. Ikki kunda nement ham topildi, bulʼdozer ham, beton plitalar ham topildi. Kechasiyu kunduzi ish. Kolxozlar odam ham topib berishdi. Dorotdel yoʻlga «oʻtilmasin!» degan belgi qoʻyib, mashina va avtobuslarni vaqtincha boshqa yoʻldan qatnaydigan qilib qoʻydi.

Soch-soqoli oʻsib ketgan Vahobjon, projektor yonida turgan montyor bolaga baqiradi, shagʻal toʻkayotgan samosvalga chiroqni toʻgʻrila, kabelni tort, suv tegmasin, deb qichqiradi. Orqasiga tisarilib shagʻalli mashinaga yoʻl koʻrsatadi. Ish qizigandan qizib ketgan. Yoz kechalari shunaqa ishlashlik boʻladi. Ayniqsa bu tomonlarning oqshomiga hech narsa teng kelolmaydi. Daryo shovullaydi, togʻ orqasidan osmonga sut purkagandek boʻlib avval oy shu'lasi koʻrinadi, keyin oʻzi salmoqlab osmonga koʻtariladi-da, togʻ choʻqqisiga ayri minib turib qoladi. Biram chiroyli, biram yoqimli shabada esadi. Saraton dazmoldek qizdirgan toshlarni shu shabada puflab sovutadi. Oʻt-oʻlanlarni silkitadi. Joʻjasi hali uchirma boʻlmagan ona oʻrdaklarning allaga oʻxshash gʻalati gʻaqillashini uzoqlardan olib keladi. Kanalning betoʻsiq-betoʻlqin suvi oydinda xuddi poyoni yoʻq yaxlit oynadek yaltiraydi. Quloq boshida suv ochayotgan miroblarning tovushi eshitilib qoladi. Ayniqsa bittasi ezib-ezib ashula aytadi. Kechasi olisdan kelgan qoʻshiq gʻalati boʻlarkan. Odamning tomir-tomiriga kirib ketaman deydi. Betonchi bola ham qoʻshiqqa ishqivoz ekan. Ovozi biram doʻrillagan. Qoʻshiq soʻzlarini poyma-poy qilib xonish qilib qoladi. Quruvchilar atayin uni mayna qilib «yana boʻlsin», «doʻst», deb qoʻyishadi. Yigit ham ularning «iltimosi»ni yerda qoldirmay ashulaga ashulani ulab ketadi.

Toshga yomgʻir kor qilurmi

Muttasil yoqqan bilan...
— Doʻst, bu Navoiydanmi?
— Yoʻgʻe, Mashrabnikidir.

Qiyqiriq, kulgi.

Shu zaylda kulgi bilan, qoʻshiq bilan ish davom etadi. Vahobjon u yoqdan-bu yoqqa zir yugurib, ishni jadal-latadi. Kattakon bak oldida choy damlangan tunuka choynakni choʻqqa qoʻyib oʻtirgan cholning yoniga tushib ketayotgan edi, uzoqdan mashina chirogʻini koʻrib toʻxtadi. Mashina «oʻtilmasin!» belgisi qoʻyilgan muyulishdan oʻtib, toʻppa-toʻgʻri kelaverdi. Vahobjon ijrokomdan birov kelayotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Tikilib qarasa, tangadek zangori chirogʻi bor. Nechuk taksi mashinasi bu tomonlarga oʻtdi ekan, deb yoʻlga chiqdida, qoʻlini koʻtarib uni toʻxtatdi.
— Mumkin emas, belgini koʻrmadingizmi, qayting! Shofyor kabinadan bosh chiqarib, qoʻlini koʻksiga qoʻyib uzr aytgandek boʻldi.
— Koʻktoshga ketayotgan boʻlsanglar, Xonimobod tomondan aylanib oʻtasizlar.

Xonimoboddan aylanib oʻtish uchun ortiqcha oʻn toʻqqiz kilometr yoʻl yurish kerak. Har qanday odamga ham taksida borish jabr boʻladi.

Shofer kabinadan tushdi. Ikki qoʻlini beliga qoʻyib u yoq-bu yoqqa qaradi-da, oʻtib ketishning sira iloji yoʻqligini bilgandan keyin noiloj orqa eshikni ochib, ichkariga qarab yelkasini qisdi.
— Iloji yoʻq, opajon. Bu yogʻi koʻp qolmadi. Piyoda yigirma minutda yetasiz. Xonimoboddan borsangiz qimmatga tushadi. Mayli, desangiz, yana oʻzingiz bilasiz. Menga bari bir.

Mashinadan chamadon koʻtargan bir ayol tushdi. Vahobjon qorongʻida uning yuzini aniq koʻrolmadi. Ayol shofyor bilai ancha vaqtgacha nimanidir gaplashib turib qoldi. Keyin mashina orqasiga qaytdi. Ayol bitta-bitta bosib Vahobjonning oldiga keldi. Koʻktoshga qaysi tomondan borishni soʻradi. Tavba, ovozi tanish. Qaerda eshitgan bu tovushni? Shu payt shagʻal toʻkib boʻlgan samosval keskin burilgan edi, uning oʻtkir chirogʻida ayolning basharasi bir dam yorishib ketdi.

Sochlari boshiga chambarak qilingan, lablariga bilinar-bilinmas qizil surtilgan, yigirma-yigirma ikki yoshlardagi kelishgan qiz. Vahobjon uni tanidi. Bu qizni u bir marta, atigi bir marta koʻrgan. U bilan yonma-yon oʻtirib choy ichgan. Shu qizning oʻzi unga choy quyib bergan. Ammo Vahobjon, toʻgʻrisini aytganda, u quyib bergan choyni qiynalib ichgan: negaki bu qizning bir qoʻlida odamning kalla suyagi bor edi. Vahobjon oʻtgan yilning avgustida sirtqi institutga imtihon topshirgani Toshkentga tushgan edi. Konsulʼtatsiya oʻtkazadigan oʻqituvchining tobi qochib qolib, institutga kelolmay qolibdi. Dekan, Vahobjonga oʻqituvchining uyiga borishni maslahat bergan edi. Bordi. U Chilonzordagi katta koʻcha betidagi uyning ikkinchi qavatida yasharkan. Kirib gaplashdi. Bilmaganlarini soʻrab oldi. Oʻqituvchi Vahobjonga imtihonga kirsangiz boʻladi, deb maslahat berdi. U xursand boʻlib chiqsa mashinasining bir gʻildiragi shalpayib yotibdi, kamerining zolotnigini birov burab olib qoʻyibdi. Asfalʼt yoʻlkada «bosdimmi» oʻynayotgan qizchalar unga qarab turishardi. Ularning biri yaqin kelib shivirladi.

— Akbar minnarsangizni burab olib qoʻydi.
— Qanaqa Akbar?
— Hu anovi uyda turadi. Hozir qochib chiqib ketdi. Inobat opamlarning ukalari-da.

Vahobjonning juda jahli chiqib ketdi. Bu qanday gap! Zapas gʻildirak boʻlganda ham boshqa gap edi.

Vahobjon boyagi qiz koʻrsatgan uy eshigining tugmasini bosdi. Javob boʻlmadi. Yana qoʻngʻiroq tugmasini bosgan edi ayol kishining: «Hoy Akbar, eshikni och, birov keldi», degan tovushi eshitildi. Ha, deganda eshik ochilavermadi. Anchadan keyin shippak tovushi yaqinlashdi-da, eshik qarsillab ochildi. Vahobjonning qarshisida odamning kalla suyagini ushlagan koʻhlik bir qiz turardi. Vahobjonning yuragi orqasiga tortib ketdi. Qiz qoshlarini kerib, kimda ishingiz bor edi, degandek hayron boqib turibdi.
— Akbarda ishim bor edi. Chaqirib bersangiz.

Qiz ermak qilayotgandek orqasiga qarab qichqirdi:
— Hoy Akbar, oʻrtogʻing keldidar, bu yoqqa chiq.

Ichkaridan trusichan, olti yoshlardagi bir bola burnini tortib chiqdi. U Vahobjonni koʻrishi bilan toʻxtadi, keyin Vahobjonning oʻrtogʻi birdan orqasiga tiraqaylab qochib qoldi. Qiz nima gapligiga tushuna olmay hayron. Vahobjon boʻlgan gapni aytib berdi. Qiz xijolat boʻlib, undan uzr soʻradi-da, hozir oʻsha buyumni olib beraman, deb orqasiga burildi. Keyin toʻxtab qoʻlidagi kalla suyagini Vahobjonning qoʻliga tutqazdi.
— Hozir, hozir olib beraman.

Akbar vannaxonaning ichidan berkitib olgan ekan. Qiz yalindi.

Oxiri Akbar eshikni ochdi. Vahobjon qarasa u vannaga suv toʻldirib ming yamoq boʻlib ketgan avtokameraga nasos bilan yel berayotgan ekan.
— Bu oʻlgurga choʻmilishga kerak-da. Suzishga oʻrganayotganmish. Qani, ber, kim oʻrgatdi senga birovning narsasini olishni?!
— Magazinda yoʻq-da, boʻlmasa olarmidim,— dedi Akbar burnini tortib.

Shunday dedi-yu, vannadagi ilmateshik kamera ogʻzidan zolotnikni chiqazib berdi. Vahobjon qizga rahmat aytib tashqari chiqdi. Ust kiyimini yechib mashinaga domkrat qoʻyib gʻildirakni koʻtardi, uni chiqarib olib boshqatdan yel bera boshladi. To u ishini bitqazguncha qora terga tushib ketdi. Ancha kech ham boʻlib qolgan edi. Uning qiynalayotganini balkondan koʻrib turgan qiz:
— Kirib yuvinib oling,— dedi.

Vahobjon bir soʻz demay qaytib kirdi. Qiz yelkasida sochiq, qoʻlida sovun bilan uni kutib turardi.

U yuziga sovun surtayotganida ham, oppoq, kraxmallangan sochiqqa artinayotganida ham bir oʻy kallasidan ketmasdi.

«Qanday chiroyli qiz-a, ammo qoʻlidagi odamning kalla suyagi nimasi».
— Choy damlab qoʻydim, ichib ola qoling, qorningiz ham ochgandir.

Vahobjon uzr aytsa ham qiz qoʻymadi. Choy quyib uzatdi. Bola bechora ichishini ham, ichmasini ham bilmay hayron edi. Ichdi-yu, yana boyagi kallani esladi. Oxiri u qizga rahmat aytib ketar ekan, Akbarga zolotnik keltirib berishga va’da qildi.

Ana shu voqeadan keyin Vahobjon qizni uchratmadi. Uyiga, Akbarga va’da qilgan narsani olib borganda qiz yoʻq ekan. Mana oradan bir yil oʻtdi. U oʻsha qizni eslaganida nihoyatda koʻhlik bir qizning yuzi, koʻzi, kelishgan gavdasi koʻz oldiga kelardi-da, zum oʻtmay, bu goʻzallik oʻrnini tirjaygan kalla suyagi egallab olardi. Shuning uchun ham Vahobjon uni eslamaslikka tirishardi.

Mana bugun daryo shovullagan, shagʻallar qaldiragan togʻ oqshomida ikkovi yana baqamti kelib oʻtirishibdi. Qiz uni tanimagan boʻlsa kerak. Negaki Vahobjonning soch-soqoli oʻsib ketgan, kiyimlari chang, tuproq edi.

Ularning har ikkovi bir-birlariga qarab ancha turib qolishgandan keyin Vahobjon gap boshladi:
— Koʻktoshga ketyapman deng. U yerda qarindoshlaringiz bormi?
— Yoʻq,— dedi qiz.— Ishga shu yoqqa tayin qilishdi. Rayzdrav ixtiyoriga...

Qizning ovozi biram yoqimli, biram jarangli. Vahobjon seskanib ketdi. Demak, bu qiz rayonga doktor boʻlib kelyapti. U doktorlikni bitirgan. Odamning kalla suyagini bekorga koʻtarib yurmagan ekan u...
— Meni taniyapsizmi?— dedi Vahobjon.
— Yoʻgʻa,— dedi qiz yelkasini qisib.
— Uyingizga borganman. Akbarning ketidan vannaga kirganim...

Vahobjonning gapi ogʻzida qoldi.
— A-a-a, oʻsha sizmidingiz, buni qarang-a, tanimapman. Uyimizga yana bir kelgan ekansiz. Yoʻqligimni qa-rang-a.

Bulʼdozerchi Vahobjonni chaqirib qoldi, U qizga: «Hozir kelaman», deb chopganicha ketdi.

Alla mahal boʻlib qolgan edi. Vahobjon prorabga topshiriqlarni berib qizning oldiga qaytdi.
— Qani, mehmon ketdik. Koʻktoshga oʻzim oborib qoʻyaman.

Qiz qarshilik koʻrsatmay «Moskvich» eshigini ochdi. yoʻlga tushishdi. Oy xuddi mashina bilan yonma-yon ketayotganga oʻxshaydi. Soyadek boʻlib koʻrinayotgan togʻ tizmalari biram ajoyib, biram ajoyib.

Vahobjon rulʼ boshqarib borarkan oʻy oʻylardi.

«Qani endi shu qizga uylansam, menga tegarmikin? Tegmas, balki sevgani bordir».

Mashina motori bir-ikki yoʻtalib oʻchdi. Vahobjon shoshib tushib kopotni ochdi. Ventilyatsiya tasmasi uzilib ketibdi. Zapasi yoʻq. Endi nima boʻladi? Shu yerda tunab qolishdan boshqa iloj yoʻq? Ularning ikkovi ham hafsalalari pir boʻlib toshga oʻtirishdi.
— Qiziq boʻldi-ku!— dedi Vahobjon xijolat chekib. Qiz indamadi. U azamat togʻ tizmalariga, hoʻ koʻrinib turgan uchli qoyaga jigʻa boʻlib qoʻnib turgan baldoqdek oyga jimgina qarab oʻtirardi.
— Bilasizmi, men hech toqqa chiqmaganman. Buni qarang, kechasi, ayniqsa oydinda juda gʻalati boʻlarkan. Biram yaxshiki.

Qizning tovushidan sovuqqotganligi shundoqqina bilinib turardi. Vahobjon mashinani ochib old suyanchigʻini tushirib ketidagisiga yondoshtirib qoʻydi.
— Siz kirib bir oz mizgʻib oling.

Qiz avvaliga koʻnmay turdi. Keyin sovuqdan titrab ichkariga kirib ketdi. Vahobjon radioni sekinlab burab qoʻydi.

Tong oʻngirida yoqimli kuy oqar, kichkinagina, koʻrimsiz mashina ichida esa husni bir dunyo boʻlib bir qiz uxlardi.

Vahobjon uning atrofida papiros chekib aylanib yurdi.

Bu unga xuddi azaliy toshlar gerdaygan togʻ etagida tugʻilayotgan yangi doston, yangi afsonaga oʻxshardi.

Kim biladi, balki Vahobjon afsonavor bu oqshomda oʻz baxtini, muhabbatini qoʻriqlayotgandir,

Zora shunday boʻlsa!

Rahmat, azizlarim!

Buvaydadan avtobusga chiqishim bilanoq Muazzamga koʻzim tushib qoldi. U tirsagini derazaga qoʻyib xayol surib borardi. Boshida rangi koʻtarilgan sargʻish kosinka, egnida oddiygina shtapelʼ koʻylak. Sochini nari-beri oʻrib orqasiga tashlab qoʻyaqolgan. Muazzamni hech shu ahvolda koʻrmagan edim. U studentlar ichida eng yaxshi modalarni tanlab kiyardi, sochini boʻlsa kuniga har xil prichyoska qilmasa koʻngli joyiga tushmasdi. Uning oʻndan ortiq sumkachalari boʻlguchi edi. Hozir u ogʻziga qogʻoz yopib ip bilan bogʻlangan shisha banka, kostryulka, olma solingan toʻr savatni tizzasiga qoʻyib oʻtiribdi. Muazzam shu ahvolda ham chiroyli edi.

Uning yoniga borishni ham, bormaslikni ham bilmay, ikkilanib turib qoldim. Axir koʻrmaganimga ikki yildan oshdi. Uning ustiga Muazzam meni jinidan yomon koʻrardi. Studentlikda har ish oʻtadi, hozir oʻsha ishlarni oʻylasam badanimdan sovuq ter chiqib ketadi.

Kursdoshlarimiz orasida Muazzamning ishqida kuymagani yoʻq desam mubolagʻa boʻlmas. Men-ku jinnidan battar edim. Shu uchun kuniga soqol qirardim, yuvilaverib asli rangi qanaqaligi bilinmay ketgan shimimga kuniga dazmol bosardim. Ammo u menga qaramasdi. Men boʻlsam hadeb atrofida aylanishaverardim. Keyin bilsam, u frontdan duduq boʻlib kelgan Odil degan bola bilan kinoga borib yurar ekan. Juda diqqatim oshib ketdi. Shu bevafo dunyoda yashab nima qildim, deb oʻzimni pichoqlamoqchi ham boʻldim. Oxirgi marta oʻzimga kuch yigʻib, yotogʻining eshigini shartta ochib kirdimu, bilagidan ushlab: Muazzam, seni yaxshi koʻraman, sensiz yashayolmayman, dedim. U hiringlab kuldi.
— Mensiz bemalol yashayverasiz,— dedi Muazzam koʻzimni baqraytirib turib.
— Oʻzimni osib qoʻyaman,— dedim. Bilmadim oʻshanda bu gapni baqirib aytdimmi yo pichirlab aytdimmi, esimda yoʻq. Muazzam battar ermak qilib kuldi.
— Osolmaysiz, jon shirin. Agar osadigan boʻlsangiz, sport zalida arqon bor, oʻsha yoqqa kirib osing!

Koʻzimga qon toʻlib ketdi. Yotoq eshigini taraqlatib yopdimu, sport zaliga yugurdim. Darhaqiqat arqon bor ekan. Olib bir uchini bogʻlaydigan joy qidirayotganimda hushim joyiga keldi. Shoshma, oʻzimni osishga-ku osaman. Undan keyin nima boʻladi? Osilib yotgan oʻligimni koʻrganlar ham, osilib oʻlganimni eshitganlar ham, «ahmoq ekan» deydi-ku. Albatta shunday deydi. Oʻzimni oʻldirib boʻpman! Men hali unga koʻrsatib qoʻyaman.

Ammo nima qilib unga koʻrsatib qoʻyishni oʻylab-oʻylab topolmadim. Oʻqishlar tugab, har qayoqqa tarqab ketdik hamki, unga koʻrsatib qoʻyolmadim. Bolalarning aytishiga qaraganda, uning koʻziga koʻrinmay qolgan paytlarimda, ulardan meni soʻrarkan, ular koʻrmadik deyishsa: xudo rahmat qilsin, yaxshi bola edi... deb kularkan. Eshitib battar jahlim chiqardi.

Bu gaplarga ham ikki yil boʻpti. Vaqtning tez oʻtishini qarang!

Mana, Muazzam bilan bir avtobusda oʻtiribmiz. Uning ilgarigi oliftaliklari qolmagan koʻrinadi. Nima boʻldi? Nahotki shunday tam-tam qiz darrov boshqacha boʻlib qolgan boʻlsa? Yo erga tekkan boʻlsa, eri mundayroq odam chiqib qoldimikin? Toʻrvadagi narsalarni qayoqqa olib ketyapti? Boshiga biron kulfat tushdimikin? Balki unga narsa olib ketayotgandir? Sabrim chidamadi. Eski ginalarni unutib, oldiga borib oʻtirdim. U meni koʻrishi bilan koʻpdan yoʻqotgan kishisini topib olgandek koʻzlari yashnab ketdi. Shu mahal dilimdan bir gap oʻtdi. Uning bu qarashini oʻzimcha yoʻyib, nega senga tegmadim, senga tekkanimda bu ahvolga tushmasdim, degan ma’noni anglabman. Koʻrishdik, hol-ahvol soʻrashdik. Ishlarimni soʻradi. Uylanganimni, xotinim vrach ekanini aytdim. U bilinar-bilinmas kulib qoʻygandek boʻldi. Men undan ortiqcha gap soʻramadim. Nimani ham soʻrayman. Ahvoli ma’lum boʻlib turibdi-ku. Turmushi yaxshi emasligi, erdan baxtsiz boʻlgani kiyim-boshidan, rangi roʻyidan bilinib turibdi.

Qoʻqonda avtobusdan tushdik. Ostanovkada meni kutib turgan shofyorim rosa eshitadiganini eshitdi. Gʻildirak yel chiqazib yuborganini aytsa ham quloq solmay soʻkaverdim. Muazzamga oʻzimning kimligimni koʻrsatib qoʻyish uchun atayin shunday qildim. Mashinaga chiqa turib Muazzamga qoʻl uchini berib xayrlashmoqchi boʻlgandim, u gapim bor, ketmay turing, deb qoldi.

Axa, dedim ichimda, menga yetkazgan ozorlaringning qasdini olyapman, deb ich-ichimdan sevinib ketdim.
— Sizni koʻrib qolganim yaxshi boʻldi. Yuring, bir joyga borib kelamiz. Shofyorga javob berib yuboravering!

Rozi boʻldim. Ikkovlashib piyoda ketdik.
— Yoʻldan qoldirganim uchun xafa boʻlmaysiz-da. Atayin shunday qildim. Odiljonni koʻrib kelasiz.

Yurishdan toʻxtab qoldim. Oʻsha oʻzim yomon koʻradigan Odilning oldiga boramanmi? Kallamni shartta kesib tashlasa ham bormasman.
— Yuravering, yuravering, sizni koʻrsa sevinib ketadi.

U qoʻlimdan ushlab sudradi. Beixtiyor yurib ketdim. Ancha joygacha indamay bordik. Muazzam yoʻl chetida osilib turgan tol novdasidan koʻm-koʻk barglarini qisimlab sidirib oldi-da, ma’yus gapira boshladi.
— Bilaman, meni yomon koʻrasiz. Odiljonni boʻlsa koʻrarga koʻzingiz yoʻq. Hech boʻlmasa birga oʻqiganimizning hurmati bordir. Bilasizmi, xafa boʻlmangu, sizni hali ham uncha xush koʻrmayman. Koʻngil xushlamagan, har bir odam dushman emas-ku!

Hayronman, nima demoqchi, nima qilmoqchi? Shunaqa tushunib boʻlmaydigan xayollar bilan shahar kasalxonasi yaqiniga kelib qolibmiz.
— Shu yerda birpas kutib tura turing. Hozir chiqaman.

U shunday dedi-yu, shoshib kasalxona darvozasiga kirib ketdi. Ancha hayallab qoldi. Poylab oʻtirib, zerikib ketdim. Bu yerda men nima qilib oʻtiribman, deb oʻzimdan soʻrayman. Meni yomon koʻradigan odamning ketidan nima qilib ergashib yuribman? Keta qolaymi? Shu oʻtirishda Muazzamning meni xoʻrlaganlari koʻzimga koʻrinaverdi. Oʻrnimdan turdim. Endi ketmoqchi boʻlib turgan edim, Muazzam chiqib qoldi. Uning koʻzlari qizargan, boshidagi kosinkasi sirgʻalib yelkasiga tushib qolgan edi. U oldimga kelib nimadir demoqchi boʻldi-yu, gapirolmay birdan hoʻngrab yigʻlab yubordi. Nima deyishimni, nima qilishimni bilmay serrayib turib qoldim. Boya Odilning oldiga olib boraman degan edi. Demak, Odil kasalxonada. Nima boʻldi? Tinchlikmikan? Odilning tanasida yorilgan bombaning parchasi bor, davolatmay yuribdi, deyishardi. Dardi oʻshadir?
— Ketmoqchimisiz? Ketmang!— dedi Muazzam yalingan ohangda. — Ketib qolsangiz kim menga hamdam boʻladi?
— Nima boʻldi? Ayt?

Muazzam entikdi, jiqqa yosh toʻla koʻzlarini javdiratib qaradi.
— Ertaga Odiljonning oyogʻini kesishmoqchi.

Titrab ketdim. Bugun Muazzamni koʻrganimdan beri kallamga kelgan qasos olish niyati, maqtanish, unga oʻzimni koʻrsatib qoʻyish niyatlarim birdan qayoqqadir uchib ketdi-yu, vujudimga hokimlik qilayotgan oʻsha tuygʻular oʻrnini shafqat, odamiylik, hamdardlik egallab oldi.
— Oldiga kiring, yupating, darmon boʻling. Maktabdoshini koʻrib tanasiga quvvat kiradi. yoʻq demang!

Nahotki yoʻq desam. Nahotki birgina boqishim, yonida bir dam turishim oʻlimni yengish uchun kuch boʻlsa-yu, yoʻq desam. Men ham odamman.

Vrachlar meni Odilning oldiga kiritishmadi. Charchagan, operatsiya oldidan dam olsin, deyishdi. Oʻtirib xat yozdim. Qiziq-qiziq gaplardan yozdim. Universitetda qilgan qiziq-qiziq ishlarimizni, oʻsha paytda aytgan latifalarimizni yozib kiritdim. Xat tagiga imzo qoʻydim. Oʻqib yurgan paytimizda devoriy gazetaga burnimni katta qilib urib chiqishgan edi. Esimda turgan ekan, xuddi oʻshanday qilib surat chizib qoʻydim. Oʻzimga juda oʻxshaydi.

Xatni olib, albatta, xursand boʻladi. Bilaman. Bunaqa paytlarda bemorning xayolidagi dahshatli oʻylarni qochirish uchun shunday qilish kerak. Kulgi dahshatni quvadi. Oʻlimni yengadi!

Muazzam bilan yana Buvaydaga qaytdim. Uni yolgʻiz qoldirgim kelmadi. Men ketsam, u qandoq qilib tong ottiradi? Shunday paytlarda yonida odam boʻlsa tirgovich boʻladi.

U telefon stansiyasining orqasidagi kichkinagina hovlida turar ekan. Uy egasi — keksagina xotin bizni koʻrishi bilan tashvishlanib ayvonga tushdi. Muazzamning koʻzlari qizarganidan qoʻrqib ketdi shekilli, menga savol nazari bilan qaradi.
— Tinchlikmi, Odiljonning ahvoli qalay?

Yaxshi gap bilan kampirni tinchlantirdim. Muazzam uyga kirib ketgancha qaytib chiqmadi. Uning uyida chiroq ham yonmadi. Kampir menga supaga joy qilib berdi. Yechinmay yonboshladim. Chelakda muzlagan suvdek nursizgina oy koʻtarildi. Kampir hamon gʻimirsib, nimalardir qilib yuribdi. U mening uxlamaganimni bilib oldimga keldi.
— Yashirmang, mehmon, Odiljonning ahvoli qalay?—dedi u shivirlab.
— Ertaga oyogʻini kesishmoqchi,— dedim xoʻrsinib.

Kampir qimirlamay turib qoldi. Oy orqa tomondaligidan uning yuzi koʻrinmas, faqat sochlari kumushdek yiltirardi. U shu koʻyi ancha turib qolgandan keyin birdan tizzasiga urib oh urdi.
— Voy oydekkina bola-ya, voy shundoq guldek yigit-a! Voy esiz bola. Urushga qiron kelsin, urushni yer yutsin! Bu qirgʻin kelgurdan yigirma yildayam qutulmasak...
— Sekin, sekin, aya! Nima qilasiz Muazzamning yuragiga vahima solib. Mana koʻrarsiz, koʻrmagandek boʻlib ketadi.

Kampir boshini sarak-sarak qilib, ayvonga qarab ketdi.

Uxlayolmadim. Xayol ming yoqqa olib ketadi. U yoqqa agʻdarilaman, bu yoqqa agʻdarilaman, koʻzim ilinmaydi. Bilib yotibman. Muazzam ham shu ahvolda. U dunyoda eng yaqin kishisi halokat yoqasida turgan shu daqiqalarda uning tanasiga jon boʻlib kirishga tayyor. U eri bilan baravar oʻlim yoʻlini toʻsayotibdi. Toʻshakda yotgan bemor hayot uchun yolgʻiz oʻzi kurashmayotganini bilib turibdi.

Doʻst mehri, yor muhabbati har qanday ofatni daf qila olishini bilib turibdi.

Muz parchasidek oyni oppoq tong nafasi eritib yubordi-yu, azim teraklar uchidagi yaproqlar alvondek yaltiradi. Shu tarovatli tong payti maktabdoshimga umr tiladim:
— Yashashing kerak! Hali oldingda uzoq umr yoʻli bor, hayotda hali haqqing koʻp, hayot jomini umring oxirigacha sipqor, azizim!

Yana kasalxona ostonasidamiz. Bu gal Muazzam bilan ikkovimizga oq xalat kiydirib ichkariga boshlashdi.

Uzun koridordan oyoq uchida entikib, entikib boryapmiz. Odilni tezroq koʻra qolsam, operatsiyaga yotishi oldidan bir ikki qiziq-qiziq gaplar aytib ruhini koʻtarsam deyman.

Palataga kirdik. Burchakdagi karavotda Odil koʻkka boqib yotibdi. U nimanidir oʻylab, har zamon iljayib qoʻyadi. Oxiri odam sharpasini sezib, boshini biz tomonga burdi-da, birdan koʻzlari yashnab ketdi.

Muazzam ildam yurib, uning tepasiga keldi. Hayajonini yashirib uning hol-ahvolini soʻradi. Odil horgʻin-hasta tovushda javob berdi.
— Burunboyning xati menga jon berdi. Suratini koʻrib, bir kulaman, xatini oʻqib, bir kulaman. Oyogʻimni qirtillatib kesishyapti hamki, kulgim qistaydi.

U menga qarab mamnunlik bilan iljaydi. Demak, shu kechayoq oyogʻini kesishibdi.
— Rahmat, Burunboy...

Muazzamning koʻzlaridan duv etib yosh toʻkilib ketdi.
— Xafa boʻlma, Muazzam, omon qoldim-ku! Sizlar boʻlmasanglar oʻlib ketadigan narsa edim. Operatsiyani koʻtaradigan holim yoʻq edi.

Vrach, bemorni charchatib qoʻyasizlar deb, bizni chiqazib yubordi.

Tashqarida oftob yashnagandan yashnab ketgan. Tiniq begʻubor osmonda bir gala kaptar nurga choʻmilayotgandek goh shoʻngʻiydi, goh parlariga qoʻngan nurni toʻkib yubormoqchidek qanotlarini tinimsiz silkitadi.

Yana avtobus ostanovkasida toʻxtadik. Muazzam chiroyli bir tabassum bilan qoʻl berib xayrlashdi.
— Rahmat!

Boshimdan zar sochsalar, oyoqlarim ostiga poyondoz yozsalar, nurdan koʻylak tikib kiydirsalar, baridan kechardim-u, shu bir ogʻiz soʻz bilan qolardim.

Inson koʻksidan toshib chiqqan, uning qalbida eng ezgu hislari-tuygʻulari toblagan samimiy tashakkuridan qimmatliroq mukofot bormi odam bolasiga!

Kechikkan sevgi...

Sekretarʼ xotin barakning brezent eshigini koʻtarib ichkariga kirdi. Ismoiljon tikka turganicha alyumin krujkadan labini choʻchchaytirib qaynoq choy hoʻplardi. Sekretarʼ stolga qogʻoz qoʻyib indamay chiqib ketayotgan edi, Ismoiljon uni toʻxtatdi.
— Bu nima?
— Bashoratning arizasi. Ishdan boʻshatishingizny soʻrab yozibdi.
— Nega oʻzi kirmadi?
— Bilmasam.

U yelkasini qisib qoʻydi.
— Oʻzi kirsin!

Sekretarʼ chiqib ketdi.

Bashorat qurilishda desyatnik. Oʻzi uncha chiroyli boʻlmasa ham allaqaeri odamga juda yoqadi. Istarasi issiq deganlari shumikin? Ismoiljon shu toʻgʻon qurilishiga bosh injener boʻlib kelganda ham Bashorat shu yerda edi. Ular bir-birlari bilan juda koʻp gaplashishgan. Negadir Bashorat Ismoiljon bilan ochilib gaplashmasdi. Biroq nima aytadigan boʻlsa betiga qaramay yergami, botinkasining uchigami tikilib turib aytardi. Uning bu qiligʻidan koʻpincha Ismoiljonning ensasi qotardi. Ammo Bashorat ishiga pishiq qiz. Buni qurilishdagilarning hammasi ham tan olishadi.

Brezent eshik koʻtarilib sekretarʼ xotinning yuzi koʻrindi.
— Kirmasmish, qoʻl qoʻyib beraversin, deb aytdi.

Ismoiljon arizani olib yana oʻqib chiqdi. Aytarli tuzuk-quruq gap yoʻq. Oʻz ixtiyorim bilan depti. U qoʻliga qalam olib arizaning chetiga yozmoqchi boʻldi-yu, yana toʻxtadi. Bu nima qilgani, meni pisand qilmayaptimi? Gaplashishni ham istamaydi.
— Oʻzi qaerda?—dedi Ismoiljon hamon brezent eshikni paranjiga oʻxshab boshiga tashlab turgan sekretarʼ xotinga.
— Tashqarida oʻtiribdi.

Ismoiljon xotinning ketidan chiqdi. Oyoq tovushini eshitib Bashorat oʻrnidan turdi. Uning qovogʻidan qor yogʻardi.
— Nima boʻldi, nega boʻshaysan?
— Ketyapman,—dedi u Ismoiljonning betiga qarab emas, yerga oʻtirib etigini boshqatdan kiyayotgan ekskavatorchiga qarab.
— Ketishingga biron sabab bormi?
— Sabab yoʻq. Shundoq. Boshqa qurilishga ketaman.
— Birontasi xafa qildimi?

Bashorat bosh chayqadi.
— Arizamga qoʻl qoʻyib bering, gapni aylantirmang! Vassalom!

Ismoiljonning zardasi qaynab ketdi. Qurilish bosh injeneri bilan shunaqa gaplashadimi? Haddan oshib ketibdi-ku, bu qiz!
— Xoʻp, hozir qoʻl qoʻyib beraman.

U shunday dedi-da, ichkariga kirib ketdi. Birpasdan keyin Bashoratni sekretarʼ chaqirib buyruqni berdi. Bashorat buyruqqa qarab turib seskandi. Koʻzi tindi. Nahotki ikki yil ishlab mehnati singan joyni tashlab ketadi?
— Hisob-kitobni boshqarmaga borib qilasan,— dedi sekretarʼ va boshini sarak-sarak qilib barakka kirib ketdi.

Bashorat yolgʻiz qoldi. U bosh injenerning baragiga ma’yus qarab turdi-da, bitta-bitta qadam bosib yoʻliga ketdi.

Ekskavatorlarning shovqini olamni toʻldirgan. Skreperlar qiyqillaydi. Elektr payvandi oftobda shisha sinigʻidek yaltiraydi. Samosvallar har gal shagʻal agʻdarganda momaqaldiroqqa oʻxshagan ovoz chiqadi. Beton qoruvchi mashina qaldir-quldir qilib quloqni bitiradi. Mashinalar hamma yoqni changga toʻldirib u yoqdan-bu yoqqa oʻtib turibdi.

Bu shovqinlarga Bashorat koʻpdan koʻnikib ketgan. Endi qayoqqa boradi? Nima qilmoqchi oʻzi? Buni oʻzidan boshqa hech kim bilmaydi. Faqat shu yerdan ketsa boʻlgani. Qancha tez ketsa shuncha yaxshi.

Bashorat baxtini boshqa yerdan izlamoqchi. U bu yerdan baxtini topolmadi. Izzat-nafsi koyigan qiz shu shovqin-suronga toʻlgan joydan ketyapti.

U ma’yus qadam tashlab doʻng oshganida qarshisida toʻzon koʻtarib gazik kelardi. Bashorat darrov tanidi. Bu Ismoiljonning mashinasi, Bashorat qoʻlini koʻtardi. Gazik toʻxtadi. Hali egnidagi harbiy gimnastyorkasi eskirmagan shofyor bola kabinadan boshini chiqardi.
— Ha, opa, tinchlikmi? Qayoqqa ketyapsiz?
— Bitta xat yozib beraman, xoʻjayiningga berib qoʻyasan.
— Xoʻp, xoʻp, opa.

Bashorat chamadonchasidan daftarchani olib mashina kapotiga qoʻyib nimadir yozdi, oʻchirdi, yana yozdi. Yozganini yirtib tashladi. Oʻylab turib boshqatdan tez-tez yozdida, buklab shofyor bolaga berdi.
— Oʻziga ber!

Bola xatni yon choʻntagiga solib qoʻydi. Mashina u yoqqa, Bashorat bu yoqqa ketdi.

Iyulʼ quyoshi adirga tegay-tegay deb turibdi. Yana bir intilsa adir orqasiga dumalab tushib ketadi. Atrof qorongʻilashadi. Qurilish maydonida sonsiz chiroqlar yonadi. Projektorlarning nurli barkashi doʻngdan doʻngga sakrab oʻynaydi. Elektr payvandning chaqini bir daqiqadayoq olis-olislarga yetadi-da, hamma yoqqa yashil nur purkab soʻnadi.

Bashorat mana shu nurli, mana shu shovqinli hayot orasidan baxtini qidirgan edi. Uni topgan ham edi. U baxt deb diliga quvonch, koʻngliga ishonch-ilinj tugʻdirgan narsa baxti emas ekan. Ana shuning uchun ham u ketyapti.

Balogʻat yoshiga yetib, dilida muhabbat hislari uygʻongan qiz bolaning noumid boʻlishidan ogʻirroq narsa yoʻq. Boʻlmasa kattadan kichigi qadrdon boʻlib qolgan joydan ketish osonmi? Qim biladi, hali ham boʻlsa iziga qaytgani durustmidi? Yangi joy, yangi odamlar, yangi muhabbat... osonmi? Umr — oqar suv. Huv etadi oqadi, ketadi.

Shu xayol uni bir daqiqa toʻxtatdi. Qiz atrofga qaradi. Quyosh adirga yarim belidan botib turibdi. Azamat teraklarning uchi shamdek yonib koʻzni olmoqchi. Ufqda ikkita uzun-uzun kimxob kamardek bulut qimirlamay turibdi. Osmoni zaminda bitta laylak aylanyapti. Uning qanoti xuddi shamga oʻxshab yonadi. Gohi-gohida u, xuddi shishadan yasalganga oʻxshab ketadi.

Teraklar uchidagi shamlar oʻchdi. Atrofni nim qorongʻilik bosdi. Faqat laylak chiroqqa oʻxshab hamon porlaydi.

Qurilish shovqini ham eshitilmay qoldi. Uni dam-badam orqangga qayt, degandek eshitilib turgan bu tovushlar tingandan keyin Bashoratning oyoq olishi tezlashdi.

Qishloq yaqin qoldi. Uzoqda xonadonlarning chiroqlari miltirab koʻrindi.

Bashorat endi orqaga qaytish ilinjidan qutuldi.

Orqadan gurullab motor tovushi keldi. Zum oʻtmay oʻtkir nur uning soyasini oʻzidan ellik metrcha nariga uloqtirib tashladi. Bashorat oʻgirilib qaragan edi, yoruqdan koʻzi qamashdi. Mashina uning yonidan oʻtib ketdi-da, sal nari borib yoʻlning oʻrtasida koʻndalang turib oldi. Motor shovqini tindi. Chiroq ham oʻchdi. Qorongʻilikda erkak kishining ovozi eshitildi.
— Bashorat!

Bu Ismoiljonning ovozi edi.

Bashorat titrab ketdi. Oʻsha! Qiz qalbiga tosh otgan, qiz koʻnglida uygʻongan birinchi muhabbat hislarini pisand qilmagan kesak!
— Nega kelding?— dedi Bashorat titroq tovushda. Bu birinchi bor uni senlashi edi.— Tushuntirgani keldingmi?! Qurilishda obroʻying oshadi, shu yerdan koʻtarilib ketasan, deb aytgani keldingmi?! Bu gaplarni sendan koʻp eshitganman. Sen faqat shu gapni bilasan, yogʻochsan, toshsan, kesaksan. Darding yoʻq seni!

Bashorat hoʻngrab yigʻlab yubordi. Ismoiljon nima qilishini bilmay qotib turardi.

Osmonda yulduz uchdi. Uning papiros tutunidek ingichka chizigʻi qop-qora osmonda ancha turib qoldi. Oxiri u ham soʻnib ketdi.
— Sizga nima boʻldi, Bashorat? Sen uchun ketyapman deb xat bervoribsiz?
— Sizlama meni. Bilmading-a, sezmading-a! Yuragingda zarracha darding boʻlganda bilarding, sezarding!..
— Nimani bilaman, nimani sezaman?
— Axir tentak, bir yildan beri dardingda kuyib yonaman. Bir yildan beri meni uxlatmaysan. Bir yildan beri seni deb yashayapman. Bilmaysan, sezmaysan. Aminman, sezasan, nazar-pisand qilmaysan. Meni ermak qilish uchun atayin shunday qilasan.
— Voy, menga qara...

Ismoiljon shu gapdan keyin ancha jimib ketdi. Papiros chekdi. Gugurt chaqayotganda qoʻli titrayotganini Bashorat koʻrmadi.

Yulduzlar birin-ketin koʻz ochaverdi. Ushatilgan nondek boʻlib oy ham chiqdi. Ammo Ismoiljondan hali ham sado chiqmasdi. Yuk mashinasi keldi. Yoʻlda koʻndalang turgan mashinadan oʻtolmay signal berdi. Ismoiljonning hushi oʻziga kelib mashinasiga yugurdi. U to mashinani chetga olguncha shofyordan rosa soʻkish eshitdi. U gazigini chetga olaman deb orqa gʻildiragini ariqqa tushirib yubordi. U mashinani oʻnglaguncha Bashorat chamadonchasini bagʻriga bosganicha qimirlamay turaverdi. Oxiri Ismoiljon yana oldiga keldi.
— Kechir, meni Bashorat. Bilmabman. Bilsam nahotki senga shunaqa muomala qilardim. Men, oʻlay agar, bilmabman. Axir oʻzing oʻyla, men oʻzimni senga munosibmasman deb yurardim. Umrimda bir qizni sevmaganman, bunaqa ishlarni bilmaganman. Sevishni bilmaganman. Toʻgʻri aytding, yogʻochman, kesakman. Sevishga, ishq qoʻyishga vaqtim boʻlmagan. Oʻqishni bitirdimu shunaqa qurilishlardaman.

Bashorat ham titrab, qaqshab gapirardi.
— Nima kiysam sen koʻrgin deb kiyardim. Ammo sen tabelʼ taxtasidagi Bashoratning norma bajarishiga qararding. Ishdan horib, charchab kelamanu uxlamay ostonada yulduzlarga tikilib oʻtiraman. Seni oʻylayman. Soʻra, shu yulduzlardan soʻra. Ularni har kuni koʻraman. Har kuni gaplashaman. Shu yulduzlarning qaysi biri menikiligini bilolmayman xolos. Biron marta meni oʻylaganmisan?

Ismoiljon gap topolmay gʻudrandi.
— Menga qara, Bashorat, meni koʻp qiynama. Birpas oʻzimga kelib olay. Oyogʻimning tagida yer yoʻqqa oʻxshaydi, Ke, oʻtiraylik. Manavi yerga oʻtiraylik.

Ismoiljon Bashoratning qoʻlidan ushlab tol tagiga olib oʻtdi. Shundagina uning qoʻli titrayotganini bildi. Qiz koʻksida nimadir gʻalayon qilardi. Bu u chekkan iztiroblarning mukofotimi, unga kechalari uyqu bermagan yigitning koʻksida sevgi otashini yoqib intiqom olish tantanasimi, bilmasdi. Nima boʻlsa boʻlsin, Bashorat dilidagisini toʻkib soldi. Agar shunday qilmaganda bir kun oʻkinardi. Qachonlardir bir kun ilk muhabbat esga keladi. Esga kelganda ham galati hislar bilan, ajib xotiralar, eng ma’sum, eng begʻubor tuygʻular bilan aralashib keladi. Oʻshanda ilk muhabbat oʻz bagʻriga chaqiradi. Butun goʻzalligi, butun jozibasi bilan, tiniqligi, begʻuborligi bilan chaqiradi. Oʻshanda muhabbat oʻzining hech qachon qarimasligiga iqror qiladi.

Bir chiroyli, bir yoqimli shamol turdi. Tol shoxlari bir-biriga ayqash-uyqash boʻlib yerdagi oy tangalarini uchiradi, yondiradi, supuradi.
— Endi men gapiray. Kulmaysanmi, masxara qilmaysanmi. Jim oʻtirsang aytaman.
— Gapir!

U iztirob bilan oʻtgan bolaligini eslab ketdi. Goʻdak diliga ozor bergan, murgʻak xotirada bir umr oʻchmas iz qoldirgan ota qilmishini, oʻz bolasining koʻkragidan itargan ona qilmishini alam bilan esiga oldi. O, u kunlar unutilib ketsa boʻlmasmidi?

Ismoiljon papiros chekdi. Tolning shovullashiga bir muddat quloq solib turgandan keyin titrab gap boshladi.
— Kimligimni bilib ol. Kimman, qanaqa odamman, bilib qoʻyganing yaxshi. Sakkiz yasharimda dadam bilan ayam ajralib ketishdi. Oʻshanda ayam bilan qolganman. Yarim yil oʻtmay ayamning koʻziga shumshuk boʻlib qoldim. Ikki gapining birida, baxtimni qora qilyapsan, orqamda ergashgan bolam bilan meni kim olardi, deydigan boʻlib qoldi. Bu gaplarga bola ekanman-da, tushunmaganman. Keyin ayam erga tegdi, oʻgay dadam u yoqda qolib ayamning oʻzi chiqishtirmadi. Dadamning oldiga bordim. Uylangan ekan. U yerga ham sigʻmadim. Koʻchada qoldim. Ota-onam tirik boʻla turib detdomga kirishga jur'at qilolmadim. Maktabda yotib qolib oʻqidim. Birovlarning nonini yeb, birovlarning kiyimini kiyib katta boʻldim. Institutda oʻqib odam boʻlishni astoydil niyat qilgan edim. Niyatimga yetdim. Yotoqda yotib oʻqidim. Oʻqigan maktabimning direktori juda yaxshi odam edi. Maktabdan dars olib berdi. Ham oʻqidim, ham oʻqitdim. Yozgi kanikul paytlarda ham konstruktorlar byurosidan chertyoj koʻchirish ishini oldim. Diplom qoʻlga tegdiyu ishga tushib ketdim. Sevgi ishlariga, oʻyin-kulgiga vaqtim boʻlmagan. Oʻz tenglarimdek yayrab yashnamaganman.

Bashorat beixtiyor uning qoʻllaridan ushladi. Ismoiljon gapirolmay entikdi. Saldan keyin oʻzini oʻnglab yana gapira boshladi.
— Oʻtgan yilning oʻzida ikki marta sudga tushdim. Dadam sudga beribdi. Xotini oʻlib ikki yosh bola bilan qolibdi. Yordam soʻrab kelishga yuzi chidamay nafaqa undirish uchun sudga bergan ekan. Sud hukm qilib berdi. Sal oʻtmay ayam sudga berdi. Eri qamalib ketgan ekan, oʻgay bolalari chiqishtirmay uydan haydashibdi. Endi kerak boʻlibman. Nafaqa undirdi. Negadir oʻz onamga oʻxshamaydi. Koʻrib yuragim jiz etmadi ham. Shahardan joy topib koʻchirib olib borib qoʻydim. Borib turaman, boramanu begona odamning oldiga borgandek boʻlaman. Uylanib roʻzgʻor qiladigan paytimda yana tashvish. Oʻgay ukalar, dadam, onam... Oʻzim qolib ularning tashvishi bilan bandman. Bolaligimni juvonmarg qilishgan edi. Endi katta boʻlganimda ham shular gʻov. Qani aytchi, qachon sevaman, kimni sevaman? Qaysi bir bechorani tashvishlarimga sherik qilaman?

Ularning ikkovi ham jim qolishdi. Ismoiljon ust-ustiga chekar, har chekkanida papirosning qip-qizil choʻgʻi yuzini ojizgina yoritardi.

Bashorat oʻylardi. U haligacha Ismoiljonning toʻngligidan, oʻziga beparvoligidan koyinardi. U bechorani nimalar demadi? Kesak, dedi, tosh dedi. Bashorat yarimta oy atrofni arang yoritib turgan nim qorongʻi sokin dala chetida oʻtirib shu paytgacha diliga ham ozor, ham quvonch bergan yigitning koʻrgan kunlariga ich-ichidan achinib ketdi. Eng yaqin kishilari oʻgʻirlab ketgan shodligini, bolalik quvonchlarini qaytarib kelgisi, muhabbatga joy bermagan koʻksini parmalab otash solgisi, qoʻlidan yetaklab qoʻshiqqa oʻxshagan, nurga oʻxshagan, allaqanday ajoyib ohanglarga oʻxshagan muhabbat koʻchalariga boshlab ketgisi keldi. Qizlik gʻururini chetga surib qoʻyib entikib-entikib gapirdi:
— Meni kim sevardi deding. Men sevaman. Qaysi bir bechorani tashvishimga sherik qilaman, deding. Men sherik boʻlaman! Odam bolasining qalbida sevgigayam, gʻazabgayam, gʻam-tashvishgayam joy topiladi. Qalbga kirib olgan chinakam sevgi tashvishniyam, gʻamniyam, gʻazabniyam haydab chiqaradi. Shunaqa...

Yulduzlar hamon oʻchib, yonadi, qiyshiq oy terak uchiga jigʻa boʻlib, qoʻnib turibdi.

Terak uchidan oy dumalab tushib ketdi. Tong otib kelardi.

Ismoiljon Bashoratning qoʻlidan chamadonchani olib, mashina tomonga yurdi. Sal oʻtmay motor gurulladi. Bashorat mashinaga intildi.

Yeru koʻkka nur purkab otayotgan shu tong Bashoratga izlagan baxtini topib bergandek edi.

Yeru koʻkka nur purkab otayotgan shu tong Ismoiljonga yoʻqotgan shodliklarini qaytarib bergandek edi.
— Shu mening chinakam baxtimmikin?—deb oʻylardi Bashorat.
— Shu mening chinakam shodligimmikin?— deb oʻylardi Ismoiljon.

Koshki edi...

Gul haqida hikoyalar

Bir tomchi suv

Nigora bir haftagina qishloqqa onasining oldiga borib keladigan boʻlib qoldi. Eri komandirovkada. Uy Olgʻiz qoldi. Poezdga chiqib endi chamadonni oʻrniga qoʻyayotganida birdan boʻshashib ketdi.

Tuvakdagi gulga suv quyish esidan chiqibdi-ku.

Axir, Nigora uni qanday avaylardi. Kun ora suv quyib chamandek ochilib turgan gullarini hidlab, hidlab olardi. Nima boʻladi endi?

Eri Kozimjon Kislovodskdan atayin samolyotda olib kelgan edi. Ikki yildan beri uni parvarish qilardi. Yozda hovliga opchiqib ekar, kuz keldi deguncha yana tuvakka oʻtqazib, uyning kungay tomondagi deraza rahiga qoʻyardi. Nima boʻladi endi?

Bitta gul uchun orqaga qaytsinmi? Qaytardi ham, ammo poezd joyidan qoʻzgʻalib, shitob bilan oldinga intilib ketyapti.

To qishloqqa yetguncha ham shu gul uning xayolidan ketmadi. Nazarida sargʻayib soʻlayotgandek, qurib-qovjiragan barglari deraza oldiga toʻkilib yotgandek...

U qishloqning qatqaloq koʻchalaridan ketarkan, biron uyning derazasida gul koʻrdimi, boʻldi, xayoli yana uyiga uchib borar, qurib qolgan gul oldida ma’yus turgandek boʻlardi.

Nigora qaytayotganda qalin qor tushdi. Poʻstiniga oʻranib poezdga chiqdi-yu, vagon oynasidan oppoq dalalarni ma’yus tomosha qilib keldi. Nihoyat uyi ostonasiga ham yetdi. Qanday qilib eshikka kalit solganini, qanday qilib deraza oldiga kelib qolganini oʻzi ham bilmasdi.

Tuvakdagi gul hamon yashnab turardi. Uning koʻm-koʻk barglari tagidan yana kurtakchalar boʻrtib qolibdi.

Nigora ochilaman deb, turgan gʻunchaga engashib dimogʻini tegizdi. Biram xushboʻy, biram xushboʻy!

U, bir hafta suvsiz qolgan bu gulning avvalgidek yashnab turishiga hayron edi.

Oftob deraza qirovini eritib har kuni bir tomchidan tuvakka sachratganidan Nigora bexabar edi.

Bir tomchi suvda qanchalar qudrat borligini u sira-sira xayoliga keltirolmasdi.

Bobo, bola, gul

Bobo eshigi oldidagi supada soatlab oʻtirardi. Oʻtgan-ketganga choy tutib supachasiga taklif qilardi.

Bu bahor u supa yonboshiga kichkinagina gulzor qildi. Chiroyli joʻyakchalar tortib anvoyi gullar ekdi. Mana, bir tup atirgul gʻunchaga ham kirdi. Ayniqsa bitta gʻuncha ana ochilaman, mana ochilaman deb turibdi. Cholning ikki koʻzi shu gʻunchada.

Tikilgan qozon qaynamas degandek uning ochilishi juda qiyin boʻldi. Bobo unga tikilaverib koʻzlari toldi.

Bir kun ertalab odati boʻyicha sholchasini sudrab supaga chiqsa biram chiroyli boʻlib ochilibdiki. Chol tishsiz ogʻzini ochganicha unga tikilib qoldi. Sholchani supaga tashlab gul tepasiga kelib engashdi. Kafti bilan uni beozor koʻtarib huzur qilib hidladi.

Boboning tabiati ravshan boʻlib ketdi, Sholchani supaga xotirjam yozib choy olib chiqqani kirib ketdi. U qaytib qoʻlida choynak-piyola bilan chiqqanda gul bandida yoʻq edi. U hayron boʻlib u yoq-bu yoqqa qarasa koʻchaning narigi betida bir xotin aravachada oʻtirgan ikki yoshlar chamasidagi bolasiga oʻsha gulni beryapti.

Boboning gʻazabi qaynab ketdi. Bu nimasi, kap-katta odam, birovning gulini uzgani uyalmaydimi? Bu yashnab turgan gul qanchadan-qancha kishilarning bahri-dilini ochardi.

Bola onasining qoʻlidan gulni oldi-da, qip-qizil bargchalarini yulaverdi. Birpasda uning oppoq koʻylaklari, koʻk tovar koʻrpachalari gul yaproqlariga toʻldi.

Bola oppoq qoʻlchalari bilan shu yaproqchalarni birma-bir terib tiqmachoqdek tizzalariga sochar, qiyqirardi.

Bobo uning qiyqirishidan, gul barglarini sochib oʻynashidan zavqlanib ketdi. Boyagi jahlidan nom-nishon qolmadi. Qaytib supasiga oʻtirdi. Gulning birinchi gʻunchasi kuttirib ochiladi. Keyin biri ketidan biri ochilaveradi.

Bobo har gal ertalab chiqqanida gullarining yashnab ochilib turganini koʻrganida negadir oʻsha bolani eslaydi. Uning yana kelib gul uzishini, doʻmboq qoʻllari bilan uni silkitishini istardi.

Uning nazarida

Erta bahorning endigina yerdan qor ketgan kunlari edi.

Shahar oʻrtasidagi tugʻruqxona derazasi tagida bir xotin kichkina savatchada gunafsha koʻtarib turibdi. Bir yigitcha derazaga minib olib koʻzi yorigan xotini bilan gaplashyapti.
— Vaqti boʻldi, hozir olib keladi, koʻrasiz, biram chiroyli, burnilari xuddi chimchilagandek, koʻzlari qop-qora...

Ona bolasini ta’riflashga soʻz yetkizolmadi. Ota ogʻzining tanobi qochib iljayardi. Bolasini tezroq koʻra qolishga shoshardi.

Nihoyat doya xotin bolasini olib kelib qoʻliga berdi. Ona choyshabni yelkasiga tortib uni bagʻriga bosdi-da, choʻp-choʻp oʻpib oldi.

Bolaning burunlari yalpoq, peshonalari yogʻ surtgandek, koʻz oʻrnida ikkita chiziq edi. Umuman bola yangi tugʻilganda shunaqa boʻladi.
— Muni qarang, chiroyliligini qarang...

Ota derazadan sugʻurilib tushib boyagi xotindan bir dasta binafsha oldi-da, xotiniga uzatdi. Xotin baxtiyor koʻzlarini unga mehr bilan tikib hidladi. Keyin binafsha dastasini bolaning dimogʻiga tutdi. Bola gʻashi kelgandek lablarini qimtib qoʻydi. U shunday qilganda ogʻzi bir tarafga qiyshayib ketdi, ancha vaqtgacha urinib yigʻishtirib ololmadi.
— Voy, buni qarang, bilyapti, hidlashini qarang, voy tavba.

Bola hidlash u yoqda tursin, nima boʻlayotganini ham bilmasdi.
— Mushtdakkina bola bahor kelganini bilyapti-ya, binafsha hidlayapti-ya...

Mana shu voqeaga sakkiz yil boʻlgan. Oʻsha bola bir chiroyli, bir kelishgan qiz boʻlgan. Har bahor kelganda binafsha koʻrsa onaning bahri-dili ochilib ketadi.
— Voy tavba, mushtdek vaqtida binafshani bilganini qarang, hali koʻzini ochmagandayoq binafsha hidlagan-a...

Bu voqea endi ona xotirasida bir umr qoldi, deyavering.

Abadiy gul

Avtobus choʻl oʻrtasida toʻxtab, suv almashtirib olishi kerak. Bu yerda hech kim yashamaydi. Yoʻlovchi mashinalarning suv almashishiga atayin quduq qilingan. Quduqdan ikki metrcha narida bir tup atirgul ochilib turibdi. Uning yonidagi taxtachada shunday yozuv bor:

To mashina motori soviguncha u yoq-bu yoqqa qarab choʻlni tomosha qilishadi va albatta gulga koʻzlari tushadi. Shunda taxtachadagi yozuvni ham oʻqishadi. Birin-ketin piyolada suv oborib gul tagiga quya boshlashadi. Qarabsizki, hademay gul tagidagi chuqurcha suvga toʻladi.

Avtobus yana yoʻlga chiqadi. Kimsasiz choʻl oʻrtasida shu fayzsiz yerlarga jilva berib birgina gul qoladi. Yana avtobus koʻrinadi, kechga borib yana...

Choʻlning olovdek oftobi uning bargini quritolmaydi. Tomirlariga jon berib turgan tuproqning namini havoga uchirolmaydi.

Chunki bu yerdan kuniga uch marta odam oʻtadi, uch marta shu gulga suv beradi.

Bu — abadiy soʻlmas gul.

Jajji hikoyalar

Tansiq

Shahrimizga hali qirdan lola kelmagan edi.

Keksalar toʻqson chiqdi-yu, oppon-soppon hali turibdi. Bitta qor oʻtsin undan keyin hamal kiradi, deyishardi.

Ammo Chilonzor tomonda turadigan bir temiryoʻlchi juvon ochiq mashinada bir dasta lola koʻtarib oʻtdi.

Hammaning koʻzi uning qoʻlidagi lolada. Oʻtgan ham, ketgan ham qaraydi. Mashina tez yurganidan shamol lolani shunday hilpiratadiki, oftobda u xuddi lov-lov yonayotganga oʻxshaydi.

Shu payt shamol lolaning bittasini yulqib oldi-da, koʻcha oʻrtasiga uloqtirdi.

Mashinalar katta tezlik bilan biri ketidan biri uchib bormoqda. Shofyorlar lolaga yetay deganda rulʼ burib uning yonidan aylanib oʻtib ketishadi.

Mana shu ahvolda kun choshgoh boʻldi. Lola hali ham koʻcha oʻrtasida choʻgʻdek yonib turibdi. Mashinalar hamon uning yonidan aylanib oʻtib ketishyapti.

Yoʻlovchilar yuraklarini hovuchlab ishqilib mashina bosib, ezgʻilab ketmasin-da, deb tashvish qilishadi.

Oxiri koʻchani tartibga solib turgan militsioner chidamadi. Koʻcha oʻrtasiga tushdi.

Mashinalar biri ketidan biri tormoz berib toʻxtashdi.

Postovoy ohista borib lolani oldida, furajkasi tagidan chakkasiga qistirib qoʻydi.

Mashinalar gʻiz-gʻiz oʻtib turibdi. Shofyorlar, yoʻlovchilar chorraxaga kelganda mashina derazasidan bosh chiqarib, militsioner chakkasidagi lolaga qarashadi. Ularning yuzida bir chiroyli tabassum porlaydi.

Shu kuni lola ochilganini butun shahar bildi.

Odamlar diliga bu yil bahor vaqtliroq kirgandek boʻldi.

Bir umr...

Teatr maydonidagi sahn bahor kezlari juda gavjum boʻladi.

Qari-qartang, yosh-yalang skameykalarga oʻtirib olib oʻzlarini oftobga tovlashadi. Kampirlar aravachalarda nevaralarini olib kelib, oʻzlari koʻz oynak ustidan gazetani yalagudek qilib oʻqishadi.

Men ham boʻsh paytlarimda shu yerda hordiq chiqarishni juda yaxshi koʻraman.

Bir kun kioskadan gazeta olib oʻqib oʻtirgan edim, yonimda hassasini skameykaga tirab bir xotin oʻtirardi. Uning oldidagi havo rang aravachada nevarasi ipi tugmasiga bogʻlab qoʻyilgan qizil sharni ushlavololmay qiyqiradi. Kampir unga beparvo, oʻtgan-ketganlarni tomosha qiladi.
— Nevarami?— dedim. Kampir oʻgrilib qaradi.
— Yoʻq, aylanay, chevara. Chevara shirin boʻlarkan. Onasi yosh. Dadasining oʻzi bola. Oʻzim oyoqqa turgʻizib bermasam eplasholarmidi.
— Hali yurmaydimi?
— Yurish qayoqda aylanay. Endi toy-toy turyapti.

Bilaman, bolalar juda ayyor boʻlishadi. Koʻtaradigan odamni topishsa sira yerga oyoq qoʻyishmaydi. Bu bola ham shunaqa qilayotgandir. Kampirning mehribonligidan foydalanayotgandir.
— Yurib ham ketardi, qish paytida bola yurishga erinadi. Mana oftob odamning yelkasini qizdirib qoldi. Endi yurib ketar.

Kampir shunday deb bolani aravachadan oldi. Ikki qoʻltigʻidan ushlab yerga qoʻydi. Bola avvaliga tizzasini bukib tixirlik qilib turdi-da, keyin ikki oyogʻini yerga tiradi.
— Qani, amakinglarga bitta toy-toy turib bergin.

Kampir uni qoʻyib yubordi. Bola xuddi havoda muallaq qolgandek omonat turib qoldi, keyin birdan oldinga shoʻngʻib ketdi. Shu shoʻngʻiganda oʻng oyogʻini koʻtarib tashladi. Yiqilmadi. Keyin yana bir marta shunday qildiyu, mast odamdek gandiraklab yurib ketdi. Toʻrt-besh omonat qadam tashlab orqasi bilan oʻtirib qoldi. Kampir yugurib borib uni koʻtardi. Bola endi aravaga oʻtirgisi kelmay, yerga tushishga xarxasha qilaverdi. Kampir uni yerga qoʻyishga majbur boʻldi.

Shu alpozda bola uch-toʻrt marta yurishga intildi. Oxiri pildirab besh-olti qadam bosadigan boʻlib qoldi. Kampir xursand.

Ularga qarab turib, oʻylab ketibman.

Bolaning oyogʻi yerga tegdi. Birinchi qadami boshlandi.

Eh-he, bu odam hali hayotda qanchadan qancha yerlarni shu oyoq bilan bosib oʻtadi. Umr boʻyi...

Haykal

Buxoroda qadim imoratlar koʻp.

Bu koʻhna shahar koʻchalarida xayolchan kezarkanman bir toʻda sayyohlar boshi bulutga chulgʻangan minoraga qarab turishganini koʻrdim. Ularga keksa bir ilmiy xodim minora tarixini tushuntiryapti. Quloq soldim.
— Yetti yuz yil boʻlgan bu minoraning qurilganiga.

Sayyohlar hayrat bilan yoqalarini ushlashdi.

Men bu xil yodgorliklarni koʻp koʻrganman. Armanistondagi toʻrt ming yillik Dvin harobalari, Kegart qal'alarini, necha ming yillar muqaddam yozilib bizga yetib kelguncha toshga aylangan kitoblarni koʻrganman. Shularni odam yaratgan, ularda odam qoʻlining izi bor.

Buxoro koʻchalarida kezarkanman juda koʻp xotiralar xayolimdan oʻtadi. Asrlar qa’rida qolib ketgan jangu jadallarni koʻrgandek, qilich-qalqonlarning jarangini eshitgandek boʻlaman.

Bularning barini tarix shamollari uchirib ketdi. Odamlarning xotiridan yulib ketdi.

Ammo koʻhna devorda qolgan besh barmoq izi hali ham koʻrinib turibdi. Bu ming yillar qa’rida yoʻq boʻlib ketgan odam qoʻlining izi. Shu azamat binoga gʻisht tergan me’mor qoʻlining izi.

Odam qoʻligina odamga abadiy haykal qoʻyishiga ana oʻshanda ishonganman.

Gugurt

Ishdan juda tabiatim ravshan qaytdim. Endi qoʻlimga gulqaychini olib ayvonga chiqqan edim, eshik taqillab qoldi.
— Aytgancha, esimdan chiqibdi,— dedi jiyanim. — Mirvali aka ikki marta oʻgʻlini chiqazdi. Uyida mehmonlar bor emish, chiqarmishsiz. Hoynahoy yana bola chiqazadi.

Eshikni ochsam, darhaqiqat, Mirvalining oʻgʻli. Oʻsha gap. Hozir chiqaman dedimu, oʻylanib qoldim. Chiqsam, albatta ichkilik boʻladi. Chiqmasam, qiyomatlik qoʻshni, xafa boʻladi. Noiloj kiyinib Mirvalinikiga qarab ketdim.
— E, shunaqayam boʻladimi, shu ham qoʻshnichilikmi. Qiring uyga. Ishxonadan xoʻjayinlar kelishgan.

Mirvali allaqaysi bazada ekspeditor. Demak, baza xodimlari kelishgan. Ular bilan qanday til topaman. Nimani gaplashaman. To oʻylab boʻlgunimcha Mirvali qoʻlimdan sudrab ichkariga boshladi. Bir uy odam. Yuqorida, oʻng yuzida danakdek xoli bor oʻrta yashar bir kishi kahrabo sopli pichoq bilan qazi toʻgʻrayapti. U qazini har yaproqlaganda, piyolani boʻshatgan kishining ogʻziga oʻzi solib qoʻyadi. Xoldor kishi men bilan tirsagini tutib koʻrishdi.
— a’zamjon aka,— dedi Mirvali xoldor kishiga meni tanishtirib, — bu kishi kaminangizning yon qoʻshnisi boʻladilar. Oʻzimizning bola. Kirishimli.

Koʻpchilik bu gapdan keyin menga toʻrdan, a’zamjon akaning yonidan joy berdi. Oʻtirdim. To nafasimni rostlagunimcha, piyola qoʻlimga kelib qoldi.
— Olasiz, olasiz. Mirvalining esonligiga.

Noiloj qoldim. Koʻzimni chirt yumib turib ichib yubordim. a’zamjon aka oʻz qoʻllari bilan ogʻzimga zakuska solib qoʻydilar. Pastroqda oʻtirgan, qoʻliga uzuk taqqan yigitga a’zamjon aka ta’na qilib qoʻydilar.
— Boʻldi, sen ichma, rulda oʻtiradigan narsasan.

U yigit qoʻlini koʻksiga qoʻyib: «Xoʻp aka»,— dedi-yu, piyolani olib, yana shimirdi. a’zamjon aka peshonasini tirishtirib: «Shunaqasan-da»,— deb qoʻydi.

Oʻrtaga kabob keldi. a’zamjon aka oʻz qoʻli bilan ikki-ikki sixdan rasamadi bilan mehmonlarning likopchasiga qoʻydi.

Boya men kirganda, gap allaqanday artikul toʻgʻrisida borardi. Kabob ustida uzilgan gap ulanib ketdi:
— Oʻzidan koʻrsin, necha marta aytganman, revizor bilan orani buzma, deb. Revizor xalqi topaman desa, har qanaqasidan ham ishkal topadi.
— Sunnatingiz haddidan oshib ketdi, oʻzi. Roʻzgʻoriga ham savdoning pulidan oladi. Sotuvchining shoʻri, desangiz-chi,— dedi uzuk taqqan yigit.

Ularning gapiga quloq solib oʻtirib, shu bazadan mol oladigan biron doʻkonda ishkal boʻlganini sezdim. Ularning xotirjam gaplashishidan, doʻkon mudiri, eplashtirib tinchib ketishiga ham ishonib qoʻydim.

a’zamjon aka, hozir pora bilan ish bitkazish mumkin emasligi, pora bergan ham, pora olgan ham qiya boʻlib ketishini aytib qoldi.

Shunda bir gap esimga kelib, men ham suhbatga aralashib qoldim;
— Allaqaysi bir bazaning mudiri porani sanamasdan olarkan,— dedim. a’zamjon aka kabobni chaynamay lunjiga bosib turib basharamga qaradi:
— Xoʻsh, qandoq qilib olarkan?
— Oʻzining har qaysi doʻkon mudiriga kesib qoʻygan taksasi bor ekan. Ular mol olgani kelishganda papiros soʻrarkan, papiros bersa, gugurt soʻrarkan. Gugurtni chaqib yo qaytib berarkan, yo yoniga solib qoʻyarkan. Yoniga solsa, oʻsha doʻkon mudirining ishi bitgani, qaytib bersa shoʻri qurigani ekan.
— Shunaqami? Birinchi eshitishim,— dedi a’zamjon aka.— Bunaqasini birinchi eshitishim.
— Oʻsha gugurt qutisida pul boʻlarkan, choʻpini yondirayotganda ichiga qarab pulning bor-yoʻqligini bilarkan. Pul boʻlsa, yoniga solarkan, boʻlmasa, qaytib berarkan.

a’zamjon aka ogʻzidagi goʻshtni bir-ikki marta lunjida aylantirib yutolmadi, ogʻzidan olib xontaxtaning tagiga tashladi.
— Birinchi eshitishim. Tavba, sizga kim aytdi?

Oʻlay agar, kimdan eshitganim esimda yoʻq edi, shuning uchun ham tayinli bir gap aytolmadim.

Shundan keyin gap gapga qovushmadi. Suhbat muz boʻlib ketdi. Mehmonlar ichkilikka zoʻr berishdi. Tilim qichib yana bitta qiziq voqeani ayta boshlagan ham edim-ki, a’zamjon aka jerkib berdi. U ancha kayf qilib qolgan edi.
— Uka, siz bu gapni bir yoqqa qoʻyaturing, avval boyagi gapni ayting. Kim oʻsha poraxoʻr? Shuni ayting.

Nima deyishga hayronman. Gʻudirladim.
— Yoʻq, ayting. Aytmaganingizga qoʻymayman. Isbot qiling. Shunaqa.

Nima boʻlyapti, a’zamjon aka nima deyapti, sira tushunolmasdim.
— Aytmaysiz shundaymi? Demak, qoʻlingizda dalillaringiz yoʻq. Gaplashamiz, tegishli joyda gaplashamiz. Gugurt qutisidagi pulni oʻz koʻzingiz bilan koʻrganmisiz? Ushlab olganmisiz? Javob berasiz! Ha, shunaqa. Qachon, qaysi vaqtda, aytasiz. Kimdan, kimning oldida, aytasiz. Guvohlaringiz bormi?

Mehmonga chiqmay oʻlay. Oʻz boshimga qanday baloni orttirib oldim. Nima qilardim hikoya aytib.
— Siz bilan tegishli joyda gaplashib qoʻyaman. Boʻynimga qoʻyib bermasangiz, sharmandangizni chiqazaman. Bekorga benavat boʻladigan paytlar oʻtib ketgan.

Mirvali derazadan meni imlab chaqirdi. Oʻrnimdan turayotganimda, a’zamjon aka etagimdan tortib oʻtqazib qoʻydi.
— Oʻtirasan. Ketadigan boʻlsang familiyangni aytib, keyin ketasan,— deb turib oldi.

Jahl bilan etagimni siltab turdim-u, chiqdim ketdim. Orqamdan u hamon javrar edi: — Boʻynimga qoʻyib bersin, isbot qilsin. Unaqa zamonlar oʻtib ketgan.

Mirvali tashqariga chiqqanimda oʻpkalangandek boʻldi:
— Nima qilardingiz qoʻshni, shu gapni aytib. Endi ziyofat ham tatimaydi.
— Nega u kishiga alam qiladi? Men butunlay oʻzimga ham notanish odam toʻgʻrisida gapiryapman-ku.
— E, sodda ekansiz-ku, qoʻshni. Egasini topib gapirdingiz. Bu oʻtirganlarning yonidagi gugurtlar endi choʻntakdan chiqmaydi.
— Boʻlmasa, endi ketay, oʻtirishinglarni buzmay,— dedim-da, eshikka qarab yura boshladim. Uydan hamon a’zamjon akaning ovozi kelardi:
— Familiyasi Xajayip-a, gaplashib qoʻyaman!

Chol kuyov bilan kampir kelin

ZAGS eshigi oldidagi skameykada beqasam toʻn kiygan chol bilan krepjorjetdan koʻkrak burma koʻylak kiygan kampir oʻtiribdi. Cholning qoʻlida bir dasta gul. Kampir rezinkasi oyogʻini qisib yuborgan shekilli, kapron paypoqni himarib, toʻpigʻiga tushirib olibdi. ZAGS eshigiga kirgan ham, chiqqan ham ularga qarab iljayib qoʻyadi.

Navbat chol bilan kampirga keldi. Ikkovi qizil stol oldiga qoʻyilgan stulga omonatgina oʻtirishdi. Kampir roʻmolga yuzini oʻrab aksa urdi. Chol uni kishi bilmas bir turtdi. Kampir oʻrnashib oʻtirib oldi.

ZAGS mudirasi katta daftarni ochib cholga qaradi.
— Ismingiz, otangizning ismi, tugʻilgan yilingiz? Birinchi uylanishingizmi?

Chol hamma savolta javob berdi-yu, «Birinchi uylalanishingizmi», degan soʻroqqa nima deyishini bilmay ogʻzini ochganicha turib qoldi.
— Javob bermadingiz-ku?— dedi mudira. Chol shoshib javob qildi.
— Shu birinchi uylanishim, bolam. Shundoq deb yoz.
— Yoshingiz yetmish ikkiga kirib, endi uylanyapsiz-mi?
— Yoʻq bolam, avval uylanganman. Hakimjon boyvachcha oʻgʻlini sunnat qildirgan kuni uylanganman.

ZAGS mudirasi hayron qoldi.
— Hakimjon boyvachchangiz kim boʻldi?
— Xoʻjayinim-da. Hakimjon boyvachcha bilan bir onani emib katta boʻlganmiz. Otasi Ziyodulla koʻpos toʻrt dahaga tanigʻlik edi. Shu Hakimjon tugʻilganda onasining koʻkragiga sut kelmay, bizning volidaga emizdirgan. Katta boʻlganda xizmat haqingiz uchun oʻgʻlingiz Irismatni uylab qoʻyaman, deb va’da bergan. Koʻpos nomardlik qilib, katta boʻlganimizda Hakimjonni uylab, meni qirga molboqar qilib chiqarvordi. Hakimjon oʻgʻil koʻrdi. Oʻzi bu avlodning nasli toza emas ekan, kelinning ham koʻkragiga sut kelmay, bolani volidamizga emizdirdi. Shu bola katta boʻlib, sunnat qilinganda, men yigirma beshni urib qoʻygan edim. Jahlim chiqib Hakimning singlisini otga oʻngarib qochdim.

Kampir roʻmol orasidan gap qoʻshdi.
— Dovdiramay oʻling. Ot emas, eshakda opqochgan edingiz.
— Esimda yoʻq, esimda yoʻq. Sen aralashma, — dedi chol.
— Xoʻsh, nima qilgin deysiz? — deb soʻradi mudira.
— Bizni nikohlab qoʻy, bolam.
— Haligacha nikohinglar yoʻqmidi?
— Eski nikohni domkom inobatga olmayapti. Kesak-qoʻrgʻondagi Kofir qori nikohlagan edi. La’nati nikoh haqiga yangigina, atigi ikki marta boshlatilgan etigimni yechib olgan.
— Domkom nima deydi?
— E, bolam, tarixi uzoq bu gapning. Hukumat Chilonzordan yangi uy bergan edi. Domovoydan oʻtaman, deb domkomning oldiga tushsam, kampirimni oʻtkazmadi. Buvim sizning xotiningizliklarini men qayoqdan bilaman, deydi. Oʻn toʻrt nevara, sakkiz chevaramni yetaklab aldiga tushdim. Koʻnmaydi. Hujjat kerak, deydi. Qanaqa hujjat kerak, desam, zakska qogʻozini olib keling, deydi. Mana oldingga keldim. Bir balo qil.

ZAGS mudirasi kuldi.
— Boʻpti, ota, hozir toʻgʻrilab beraman. Endi, aybga buyurmaysiz, qoida shunaqa, soʻroqlarimning bittasini ham qoldirmay javob byorasiz.

U kampirga murojaat qildi.
— Ismingiz nima, buvi?
— Quloqdan qolgan, qattiqroq gapir, bolam. Oti Xalcha edi. Qarib, boʻshashib qolganidan uni Xalta deb chaqiraman. Qaysi birini yozsang ham bizga bari bir.
— Xohlab tegyapsizmi, buvi?— dedi mudira qattiq tovushda.

Kampir cholga qarab mugʻombirona kulib qoʻydi.
— Oh, bolam, yoshligim qaytib kelsa bu sassiq cholga oʻlsam ham tegmasdim. Oʻttiz besh yil oldin meni urgan.
— Eski gapni qoʻy,— dedi chol. — Doʻxtir isparapkasi yoʻq gapni gapirma. Xohlaydi, xohlamay qayoqqa borardi.

Kampir yana gapirdi:
— Hu, oʻsha, qoʻsha qaringlar, degan kofir qorini yer yutsin.
— Qargʻama. Kofir qorini yer yutganiga oʻttiz yildan oshib ketdi. Koʻrdingmi, qizim, shu xotin bilan bezakun qirq ikki yildan beri yashayapman.

ZAGS mudirasi ularning gapiga qotib-qotib kulardi.
— Asli bu kampir yaxshilikni bilmaydigan narsa. Domovoydan ham bir amallab oʻtkazardim. Bu yoqda boshqa gap ham chiqib qoldi. Hukumat menga oltmish soʻm pensiya beradi. Shu kunda sal tobim aynib, yuribdi. Oʻlib-netib qolsam pensiyamni shu olsin, deb zakska qildiryapman. Zakska boʻlmasa bunga pensiyamni bermaydi.

Kampirning jahli chiqib ketdi.
— Pensiyangizga zor emasman. Bitta jonimni nevara-chevaralarim boqib olar. Oʻligim koʻchada qolmas.
— Koʻrdingizmi. Qulogʻim kar deydi-yu, oʻziga kerakli gapni darrov eshitadi.
— Bunaqa gaplarni qoʻyinglar. Odamlar kutib qolishdi. Xoʻsh, xohlaysizlarmi?

Eshikda kutib qolgan betoqat kelin-kuyovlar ichkariga bostirib kirishdi. Chol bilan kampirning muomalarini koʻrib, gurillab kulib yuborishdi.
— Xoʻp, — dedi chol oʻrnidan turarkan. — Hammasiga roziman. Ishni tezroq bitkaz, bolam.

Orqadagilardan biri gap qotdi.
— Oʻpishishmasa qogʻozni bermang.
— Iya, hali shunaqasi ham bormi? — dedi kampir hayron boʻlib.
— Ha, qoida shunaqa, — dedi mudira jiddiy.

Ular noiloj qolishdi. Chol kampirning yelkasiga qoʻlini tashlab uni oʻziga qaratdi.
— Oʻptirish ham esingdan chiqib ketgandir. Shoshma! Chol bir yutinib yengini shimardi-da kampirni oʻpdi.
— Ha, xotincha, oʻptirishni senga-yu, oʻpishni menga chiqazgan-da!

Kulgidan ZAGS derazalari zirillab ketdi.

Chiroqni oʻchir

Majlis raisi tikuv fabrikasining direktori Azlarovga soʻz berdi. Azlarov salmoqli qadamlar bilan bitta-bitta bosib minbar tomonga yoʻl olgan edi, qornida bir nima uzilib ketgandek ikki bukchayib, arang minbarga yetib oldi.

Oʻrtoqlar!

U «oʻrtoqlar»ni shunday qattiq aytdiki, oldidagi qogʻoz ogʻzidan chiqqan shamoldan uchib polga tushdi. Qogʻoz dokladning birinchi beti ekan shekilli, Azlarov boshqa gap aytolmay jahl bilan yana bir marta «oʻrtoqlar» dedi.

Prezidiumdagilar poldan qogʻozni olib uning oldiga qoʻyishdi.

Azlarov birinchi varaqdagi gaplarni tutilmay oʻqib berdi. Ya’ni, fabrika kvartal ishlab chiqarishini muvaffaqiyat bilan yakunlagani, mahsulot sifati koʻtarilgani, hamma mollar a’lo navga oʻtganini goh iljayib, goh pisanda qilib oʻqib berdi. Birinchi varaqdagi gaplar tamom boʻldi shekilli, ikkinchi varaqni ochmay sarosimaga tushib ancha turib qoldi. Nega u ikkinchi varaqni ochmaydi. Xuddi sandalda qoʻlini isitayotgandek yuqoriga chiqarmaydi?

Azlarov shu kuyi uzoq sarosimada turgandan keyin qogʻozni tili bilan varaqlab ochdi-da, qolgan joyidan olib ketdi.

Uning bu ishidan zaldagilar kulishni ham, kulmaslikni ham bilmay, birov iljayib, birov ogʻzini ochmay yoʻtalib qoʻyaqoldi. Ammo Azlarov to dokladi tugaguncha qolgan yetti bet qogʻozni ham tili bilan varaqlab ochdi.

Doklad qarsaklar bilan tamom boʻldi.

Doklad-ku, tamom boʻldi, nega endi Azlarov minbardan tushmaydi. Zalga qaraydi, javdiraydi, prezidiumga qaraydi, javdiraydi. Nima boʻldi?

Majlis raisi fabrika veterani — keksa ishchi Qosim otaga soʻz berdi. Ammo Azlarov minbarni boʻshatmadi. Chol sahnada turib Azlarovga boshdan-oyoq bir qarab chiqdi-da, sahnaning bu chetiga oʻtib, gapini boshladi.
— Oʻrtoqlar! Fabrikamiz kvartal planini oshirib bajargani rost. Dokladchi oʻrtoq Azlarov mahsulot sifati haqida yolgʻon gapirdi. Tikkan kiyimlarimizning sifati rasvo. Men sizga fabrikamizda takilgan eng yaxshi kostyum shimlardan bittasini koʻrsataman.

Chol Azlarovta yuzlandi.
— Oʻrtoq direktor, sizning kostyumingiz maxsus zakaz bilan fabrikamizda tikilgan, bu yoqqa oʻtib xalqqa bir koʻrsating. Koʻrib qoyil qolishsin.

Azlarov nimadir, deb gʻuldiradi. Nima deganini birov tushunmadi.
— Koʻrsata olmaydi, hatto minbarning kamgagidan chiqolmaydi ham. Boya doklad yozilgan tezis qogʻozlarni tili bilan varaqlashiga nima sabab bilasizlarmi? Oʻzim aytib qoʻyaqolay. Bitta «Oʻrtoqlar!» deb kuchangandayoq a’lo navli shimning tugmalari yerga toʻkilib ketib, oʻrtoq direktorniig ikki qoʻli band boʻlib qolgan.

Chol zalga qarab kimnidir qidira boshladi. U axtargan odamini topib, xursand boʻlib ketdi.
— Hoy montyor bolam, chiroqni birpas oʻchir, Azlarov uyiga borib boshqa shim kiyib kelsin.

Hali kulgi bosilmagan ham ediki, chiroq lip etib oʻchdi. Chiroq yonganda Azlarov minbarda yoʻq edi, Majlis raisi navbatdagi notiqqa soʻz berdi.

Sobiq

Xoh ishoning, xoh ishonmang, birinchi kuniyoq toʻqqiz tonna paxta teribman. Avvaliga oʻzim ham hayron boʻlib qoldim. Tavba, shuncha paxtani oʻzim terdimmi, yo birov qoʻshib qoʻydimi? Ertasiga bir gʻayratga oʻn gʻayrat bilan paxta terish mana bunaqa boʻladi, deb ishga tushib ketdim. Toʻqqiz yarim boʻpti. Oʻsha kuni oblastdan, Toshkentdan muxbirlar bosib ketdi. Ovozimni lentaga yozib radiodan eshittirishdi. Televizorda ikki marta koʻrsatishdi. Hamma yoqni xat bosib ketdi. Bunaqa obroʻ kimning tushiga kiribdi deysiz. Ruhim tetik, bir gapirib oʻn kulaman. Yoʻtalsam ham labbay, deb turishibdi. Raisimiz u yoqqa borsam u yoqqa, bu yoqqa borsam bu yoqqa ergashadi. Bechora meni yeru koʻkka ishonmaydi. Ikki gapning birida:
— Oʻzingni tut, katta-kichikning oldida sharmanda qilma. Sen bizning mash'alimizsan. Ha, shundoq, soqolingni kunda olib tur. Dazmol bosilmagan shim kiyma, — deb nasihat qilib turadi.

Ikki kundan keyin gazetaning birinchi betida chakkamga paxta qistirib kulib turgan suratim chiqdi. Oʻsha kuni rais Berdali aka, yap-yangi «Volga»sini ishlab turgan joyimga yuboribdi. Tez yetib kelsin, deb tayinlabdi. Obbo, bir gap boʻlganga oʻxshaydi, deb ishni tashlab idoraga qarab ketdim. Borsam rais ikki oyogʻini bir etikka tiqib, kutib turgan ekan.
— Keldingmi uka, tez boʻl. Kengashga ketasan. Poezd bileting tayyor, uyingga borib kiyinib olgin-u, yoʻlga chiq.

Ketdim. Kengash ertasiga ochilar ekan, uch kun oblastda qolib ketdim. Kelgan kunimoq toʻppa-toʻgʻri dalaga chiqib, endi mashinaga yetay deb qolgan edim, yana oʻsha «Volga» kelib olib ketdi. Idora oldida, usti yopiq yuk mashinasi turibdi. Idoraga kirishim bilan yetti-sakkiz odam atrofimni oʻrab olsa boʻladimi. Kinochilar ekan. Paxta terishimni kinoga olamiz, deb atayin Toshkentdan kelishibdi. Raisning gapini qarang. Ummatalining mashinasida kinoga tushsin, oʻsha tomonda paxta yaxshi ochilgan, kinoda chiroyli chiqadi deb turib oldi. Ummatalining yeriga qarab ketdik. Kinochilar oʻlarcha ezma, shoshmagan odam boʻlishar ekan, ikki kun ovora qilishsa boʻladimi. Mana, chiqib qolsa koʻrarsizlar, qandoq qilib mashina haydashimdan tortib, peshonamdagi terni qanaqa qilib, qaysi qoʻl bilan sidirib olishimgacha apparatga olishdi.

Kinochilardan qutulib uyga holdan toyib keldim-u, kiyim-boshim bilan uxlab qopman. Ertalab raisning oʻzi uygʻotdi.
— Tez boʻl, kutib qolishdi!
— Tagʻin kinomi? Kecha tamom qilishgan edi-ku?
— Yoʻq, boshqa gap. Rayonda yangi qurilgan madaniyat uyining ochilish marosimi boʻladi. Ilgʻor mexanizatorlardan bir kishi tabrik nutqi soʻzlashi kerak. Sen gapirasan. Qani, ketdik.

Gapni ham, ammo-lekin, bopladim. Kunora nutq soʻzlab turgandan keyin usta boʻlib ketarkansan. Rosa chapak boʻldi. Ichkariga mehmonlar uchun joy qildirib qoʻyishgan ekan. Artistlar bilan birga oʻsha yoqqa kirdik. Rosa pivoxoʻrlik boʻldi.

Uyga kelib endi yotgan edim, eshik taqillab qoldi.

Chiqsam soch qoʻygan, ingichka moʻylovli bir yigit turibdi. Yelkasida bir metrli faner sumka.
— Xizmat, uka, ishlari bormidi?
— Atayin oʻzlarini yoʻqlab keldim. Suratingizni ishlashim kerak. Vistavkaga qoʻyiladi.

Undoq desam, bundoq dedi, bundoq desam, undoq dedi. Sira gapimga koʻnmaydi. Janjallashib raisning oldiga bordik. Rais koyib berdilar.
— Esing joyidami? Bu vistavkaga qoʻyiladigan suratlarning roʻyxatini oblastdan tasdiqlashgan. Qani, darrov boʻl.

Oʻzingiz bilasiz, raisimizning gapini ikki qilib boʻlmaydi. Ishga tushib ketdik. Rassomi tushmagur hali yosh, tajribasi pishmagan ekan. Rosa toʻqqiz kunda oʻzimga oʻxshatdi. Bu orada uyim xatga toʻlib ketdi. Pionerlar bilan uchrashuv, meditsina xodimlari bilan uchrashuv, mebelʼ fabrikasi ilgʻor ishchilari bilan uchrashuv... Albatta rais bularga oʻzi bilib muomala qildi-yu, ammo, rayonimizdagi pojarniy komandasining keksa xodimi pensiyaga chiqayotgani sababli tabriklashni menga yuklab qoʻysa boʻladimi. Bordim. Bularning tantanasi gʻalati boʻlarkan. Yolgʻondakamiga oʻt ketdi qilib, birdan gupir-gupir yugurib qolishdi. Biri suv sepayapti, biri bolta bilan eski yashiklarni parchalab tashlayapti. Rosa odam yigʻildi. Men uchinchi boʻlib soʻzga chiqdim...

Oʻsha kuni shamollab qolgan ekanman. Toʻrt kun yotib oldim. Darmonim qurib ishga ketayotsam, rais qovoq-dimogʻini osiltirib samovarning soʻrisida oʻtiribdi. Indamay oʻtib ketish uyat. Odobdan emas. Qoʻrqa-pisa salomlashdim. U meni koʻrdi-yu, koʻzlari yashnab ketdi.
— E, bormisan! Juda uzoq yotib olding-ku. Bu yoqda shuncha ish, shuncha joydan taklif. Sen boʻlsang arzimagan kasalni bahona qilib yotibsan. Allaqayoqdan atoqli polvon kelayotgan emish, vokzalga chiqib kutib oluvchilar roʻyxatining boshida sen turibsan. Shu bugun kech soat yettida poezd keladi. Kechikmay yetib bor. Mashinani tayinlab qoʻyganman.

Bir nima dey desam, raisning fe’lidan qoʻrqaman. Chidamadim. Oxiri yorildim:
— Axir, rais buva, bu yoqda shuncha...

Aytdim-ku, rais ogʻiz ochirgani qoʻymaydi deb, urishib berdi.
— Uncha-muncha odam qadam bosolmaydigan joylarga borayapsan. Noz qilma. Yigit kishining boshiga baxt bir qoʻnadi. Qani tur, tayyorgarligingni koʻr! Fizkulʼtura komitetidan telefon qilib quloq miyamni qoqib qoʻlimga berishdi. Uyaltirma-da, uka.

Xuddi soat yettida stansiyaga chiqdim. Koptok tepadiganlarning jamikisi gul koʻtarib kelgan, poezdning vagonlariga yugurishadi. Bir mahal qarasam oltinchi vagonning eshigidan boʻyi salkam bir terak keladigan ekskavator nusxa bir odam tushib kelyapti. Tikilib qarasam, bir yili dom otdixga borganimda tarvuzni butun yutib oʻyin koʻrsatgan polvon. Rayonimizga tosh otib oʻynashni koʻrsatgani kelgan ekan. Toʻrt kishi, toʻrt kishi boʻlib yigirmata toshni sudrashib tushirib qoʻydik. Stansiya bufetida jindek hozirlik koʻrib qoʻyishgan ekan, oʻtirishdik. Polvonni tabrikladik. Yaxshi kutib olganimizdan sevingan polvon oxirida soʻzga chiqib, olti kishilikni bir qilib kosaga quyib qadah koʻtardi. Hammamiz kayf qilib qolib, toshlar stansiyada qolib ketaveribdi. Qolsa qolavermaydimi, uni koʻtaradigan mard qayoqda.

Mana, oktyabrʼ oyi ham oxirlab qoldi. Mashina terimi tugay deb turibdi. Harna boʻlsa ozroq terib olay, deb dalaga chiqsam mashinam joyida turibdi. Bechorani biram chang bosibdiki, kimdir boʻr bilan yoniga: «Kolxozimizning sobiq voditeli falonchi mavsumda bir hafta dalaga chiqib, shu mashinada paxta tergan» deb yozib ketibdi. Juda alam qildi.

Bunaqa beodob gap yozgan odamni topib rosa ta’zirini berardimu, ishim tigʻizroq edi-da. Axir bugun, yosh drujinachilar bilan rayon markazidagi somsapazlikni tekshirishimiz, kaloriyasini aniqlashimiz kerak.

Tuynuk

Badalbek yangi ichkuyov boʻlganidan hali qoʻni-qoʻshnilarini tanimaydi. Bugun dam olish kuni, Badalbek nima qilishini bilmay hovlida aylanib yuribdi. Koʻchaga chiqay desa, qayoqqa boradi? Bitta yarimta oʻrtogʻini boshlab kelay desa, hali qayin onasining fe’lini bilmaydi. U qoʻlini orqasiga qilib aylanib yurarkan devor tepasidan bir gʻisht qiya boʻlib tushib ketay-tushib ketay deb turganini koʻrib qoldi. Darrov shotini sudrab kelib devorga tiradi. Shotining bir pogʻonasiga oyoq qoʻyishi bilan kallasiga: qoʻshnining xotini kishidan qochadigan boʻlsa, andeshalik ish boʻlmasmikin, degan oʻy keldi.

U poʻsht, deb devor tepasiga chiqdi-yu, qoʻshni hovliga qaramay osilib qolgan gʻishtni oldi. Bir mahal:
— Hormang, qoʻshni, — degan ovozni eshitib beixtiyor hovliga qaradi.

Moʻylovdor bir yigit deraza moylayotgan ekan, qoʻlidagi choʻtkasini bankaga tashlab devor tagiga keldi.
— Qani, bir tanishib qoʻyaylik, pochcha, — dedi u ham shotichasini sudrab kelib devorga tirmashar ekan.

Ularning har ikkovi ham devordan bel boʻyi baravar koʻtarilib qoʻl olib koʻrishishdi.
— Buni qaranga, qoʻshni, yoʻgʻ-e, pochcha, bitta shisha konʼyak qachondan beri egasini topolmay javonimning bir chekkasini xira qilib yotgandi. Egasi oʻzingiz ekan-ku. Hozir olib chiqaman.

Qoʻshni Badalbekning hay-haylashiga qaramay shotidan tushib uyga yugurdi. Birpasda shimining bir choʻntagida shisha, bir choʻntagida piyola bilan lapanglab chiqdi.
— Shoshmang, — dedi Badalbek ham boʻsh kelmay, — singlingiz antiqa varaqi qilgan edi, konʼyakka varaqidan boshqa zakuska oʻtaversin.

Badalbek bir taxsimcha qilib varaqi olib chiqdi.

Ikki qoʻshni devorga bagʻrilarini berib bir piyoladan otib gapga tushib ketishdi. Ikkinchi piyoladan keyin devorga minib olib, xotirjam uchinchi piyolani ichishdi.

Badalbekning qaynanasi qizini chaqirib, eringga ayt, yangi kuyov qoʻni-qoʻshnilar oldida uyat emasmi, deb qoldi. Ichkuyovga goʻrni bir nima deb boʻladimi? Dunyoda ichkuyovdan nozik narsa yoʻgʻ-a!
— Menga qarang, qoʻshni,— dedi moʻylov. — Asli bizga devorning keragi yoʻq ekan.

Bu gap Badalbekka ham yogʻdek yoqib tushdi.
— Mana shu gapingizga borman-da. Qoʻshni oshi uzatadigan kichkinagina tuynuk ochib qoʻysak boʻlarkan.
— Iya, iya, kichkina emas, durustroq, rasmana bir lagan osh oʻtadigan tuynuk boʻlishi kerak.

Ikkovi maslahatlashib hozirning oʻzida tuynuk ochadigan boʻlishdi. Qoʻshni u tamondan, Badalbek bu tomondan tesha urib ishga tushib ketishdi. Konʼyak zoʻr kelib birpasda tuynuk ochildi. Ammo moʻljal toʻgʻri boʻlmagan ekan, yonma-yon ikkita tuynuk ochilib qoldi. Qoʻshni hazilga olib: bittasi zakuska uzatishga, deb hiringlab kuldi.

Tuynukning chetlarini somonli loy bilan chiroyli qilib suvab qoʻyishdi. Tuynuk-ku chiroyli chiqdi-ya, ammo Badalbekning kuyovlik sarpolari rasvo boʻldi. Xotini gʻiring deyolmadi, ichkuyovga goʻrni bir nima deb boʻladimi!

Konʼyak konʼyakligini qildi-yu, Badalbek ayvonda uxlab qoldi. Bir narsa taraqlab uygʻotib yubordi. Boshini koʻtarib qarasa kimdir tunuka tomni taraqlatib yuribdi. Badalbek jahl bilan hovliga tushdi. Bir bola tomda kaptar quvib yuribdi.
— Hoy, qanaqa yaramas bolasan, tush tomdan. He axloqsiz!

Tuynukdan qoʻshnining moʻylovi koʻrindi.
— Pochcha, undoq demasinlar, bizzi erkatoya.

Badalbek indamay uyga kirib ketdi. Kechga yaqin qoʻshnining soʻkingani eshitildi.
— Hu egangga oʻxshamay oʻl!

Badalbek hayron boʻlib turgan edi, baraq mushuk tuynukdan jon holatda sakrab oʻtib uning oyogʻiga suykaldi.
— Hoy, qoʻshni, unaqa demasinlar, mushuk hayvon, bilmagan-da!

Uch-toʻrt kungacha ikkala qoʻshni ne-ne umidlar bilan ochilgan qoʻsh tuynukka yaqin kelolmay yurishdi. Ichkuyovchilik emasmi, Badalbek sal narsaga zarda qiladigan, sal narsaga arazlaydigan qiliq chiqazdi. Qaynonasi uning bu fe’lidan kuyinib nasihat qilgan edi Badalbek bobillab berdi. Xotin oraga tushib ishni katta qilib yubordi. Butun oila a’zolari uch kungacha bir-birlariga toʻrsayib yurishdi. Roʻzgʻorchilik emasmi, yana boyagi-boyagi boʻlib ketishdi. Bular-ku unutib yuboriladi, ammo uydagi gap tuynukdan chiqib ketgan ekan ogʻizdan ogʻizga, quloqdan quloqqa oʻrmalab oʻtib moshdek gap tarvuzdek boʻlib uyga qaytib keldi. Badalbek qoʻshninikiga emas koʻchaga tuynuk ochganini bilib qoldi. Qoʻshni tushmagur bularnikidan tiq etib tovush chiqsa tuynuk tagiga kelib oʻtirib olar ekan.

Toʻyga kelolmagan ogʻaynilaridan uch-toʻrttasi Badalbekni tabriklash uchun sovgʻaga magnitofon koʻtarib kelib qolishdi. Hovliga suv sepib, supaga joy qildirib, oʻrtoqlarining oldiga dasturxon yozdi. Yigitlar magnitofonni qoʻyib yuborishdi. Devor orqasidan qoʻshnining yoʻtalganini Badalboy eshitmadi. Qoʻshni qattiqroq yoʻtaldi. Badalbek yana eshitmadi. Oxiri qoʻshni tuynukdan bosh chiqarib soat soʻradi. Ammo Badalbek qoʻshnining mehmonlar oldiga chiqqisi kelayotganidan bexabar bilagiga qarab: chorakam olti, deb qoʻyaqoldi. Qoʻshni birpasdan keyin yana tuynukdan bosh suqib, avtoruchkaning siyohi bormi, deb soʻradi. Badalbek yoʻq, dedi.

Mehmonlar oʻyin-kulgi qilib oʻtirishipti. Badalbek yelib yugurib xizmat qilib turibdi. Qoʻshni eshikdan kirib mehmonlar bilan birma bir koʻrishib, telefon qilmoqchi edim, deb ayvonga oʻtib ketdi. Ancha vaqtgacha kim bilandir choʻzilib gaplashdi. Hech kim uni dasturxonga taklif qilmaganidan, zarda bilan trubkani joyiga tashladiyu olifta yurish qilib chiqib ketdi. U chiqib ketganidan sal oʻtmay devordan tutun yopirildi. Mehmonlar oʻtirgan supa devor tagida boʻlganidan tutun buralib-buralib ularning ustiga yopirilardi. Birov yoʻtalib, birov koʻz yoshini artib nima boʻldi, degandek Badalbekka qaradi. Badalbek boʻlsa jahl bilan tuynukka boshini suqdi. Qarasa qoʻshni devor tagida katta samovarga hoʻl oʻtin tashlayapti.

— Hoy, qoʻshni, insof kerak, samovarni sal narroqqa oling.

Qoʻshni uning betiga qaramay toʻngʻilladi.
— Endi oʻz uyimda ham choy qaynatib icholmayman-mi?!

Badalbekning qaynonasi qoʻshnining fe’lini bilarkan shekilli, ayvonga joy qilib mehmonlarni oʻsha yoqqa taklif qildi. Magnitofon yana sayrab ketdi. Bir mahal tuynukdan qoʻshnining xotini bosh suqdi.
— Hoy, insof degan narsa bormi? Bolamni uxlatolmayapman-ku. Anavi savilning ovozini oʻchirsanglar-chi. Qanaqa betamiz ichkuyov ekan, bu!

Badalbekning zardasi qaynab shartta oʻrnidan turdi-yu, tuynuk ogʻziga samovar patnisni mixlab keldi. Qoʻshni ham daranglatib bir baloni qoqib tashladi. Ertasiga ikkala qoʻshni loyga qorishib bir-birining betiga qaramay tuynukni suvab qoʻyishdi.

Ana shundan keyin qoʻshnilar tinchib ketishdi. Yaqinda Badalbek eshigining oldidagi tolni sugʻarayotganida mahalla komissiyasining muovini bir gap aytib qoldi. Qoʻshni unga, sizga atab Yerevandan bir shisha antiqa konʼyak oldirib kelgan edim, manavi turqi sovuq qoʻshni ichib qoʻydi, konʼyak ham qulogʻini ushlagancha uvol ketdi deganmish. Badalbek ham boʻsh kelmadi.
— Yaxshi ham sizga buyurmagani, konʼyak emas, ichiga qant kuydirib solingan oʻzimizning jaydari araq edi,—dedi.

Ikki qoʻshni yuz koʻrmas boʻlib ketishardi-yu koʻpchilik boʻlib, yana tuynukni ochib qoʻyishdi. Qoʻshni singlisini kuyovga chiqazayotgan edi, mahalla aktivlari oʻrtaga tushib Badalbekning hovlisiga qozon qurishdi. Oʻsha tuynuk boshqatdan ochilib undan palov ham oʻtdi. Mastava ham. Toʻy oʻtib hali tuynuk bekilgani yoʻq. Ishqilib koʻz tegmasin, oxiri baxayr boʻlsin, shu tuynuk bahona oling qoʻshnim, bering, qoʻshnim, boʻlib turibdi.

Ha aytgancha qoʻshni uch-toʻrt kishi boʻlib ot soʻyib qazi qildirayotgan ekan, Badalbekka, siz ham sherik boʻling, deb katta boshini kichik qilib atayin chiqibdi, Badalbek ham odam, bir gap aytdi.
— Telefonga qiynalyapsiz, ikkovimizniki bir nomer boʻla qolsin.

Qoʻshni sevinganidash bitta konʼyagim bor, olib chiqaymi, deb qoldi.

Badalbek yoʻq deyolmadi.

Oʻsha kuni ikki qoʻshni bir-birini yalashdi, yulqashdi. Biri akamsan, dedi, biri ukamsan, dedi. Oxiri shu boʻldiki, bunaqa ahil qoʻshnilarga devordagi tuynuk torlik qilayotgani ma’lum boʻldi.

Hikoyamni nima bilan tugatay? Ular shu xilda ahil boʻlib ketishdi desamu, ketidan bir ishkali chiqib qolsa nima qilaman?

Oʻliptimi, ishkali chiqmas.

* * *

Ushbu hikoya bitib nashriyotga olib ketayotganimda yangi gap eshitib qoldim.

Sher

Yoshlik paytlarimda Qoʻzivoy degan oʻrtogʻim boʻlguvchi edi. Buni qarang, shu koʻchadan oʻtib keta turib oʻshani koʻrgim kelib, samovarga kirdimu surishtirdim.
— Qaysi Qoʻzivoy, — deyishdi samovardagilar hayron boʻlishib.
— Moʻminjon akaning oʻgʻlida.
— E-ha, — dedi qulogʻiga tanga qistirgan moʻylovdor samovarchi. — Qoʻzivoy demang, Shervoy deng. Shundoq boʻlib ketgan.

Hayron boʻldim. Qoʻzi qoʻyning bolasi, yuvosh narsa boʻladi. Moʻminjon aka ham, oʻz otidan ma’lumki, qoʻy ogʻzidan choʻp olmaydigan odam. Nega shu odamning ne umidlar bilan moʻmingina boʻlsin deb ism qoʻygan bolasi birdan sherga aylanib qoldi? Mening hayron boʻlayotganimni sezgan samovarchi kulib gap qoʻshdi.
— Qoʻzivoyni sher emizgan. Sher boqqan.

U shundoq dediyu, samovarning tagiga choʻp tiqib, oʻz ishiga ovora boʻlib ketdi. Undan boshqa gap soʻrolmadim. Indamay chiqib ketayotgan edim katta tolningʻ tagiga bir taksi kelib toʻxtadi. Undan qorin tashlagan, soqol moʻylov qoʻygan bir kishi tushdi. Tikilib qarasam Qoʻzivoy. Voy tavba, odam degan ham shunaqa toʻlishib ketadimi. Qoʻzivoyning ochiq koʻkragidan yoli buralib, buralib chiqib turibdi. Basharasi ham, koʻkragi ham xuddi sherga oʻxshaydi. Sher deyishlari bejiz emasga oʻxshab qoldi. Oʻxshaydi, oʻlay agar oʻxshaydi.

Oʻzimni tanitgan edim Qoʻzivoy quchogʻini ochib kelib, bagʻriga bosib koʻrishib ketdi. Voy boʻ! Odam bolasida shunaqa kuch boʻladimi? Qovurgʻalarim qisirlab ketdi-ku! Sher deganicha bor. Sher, Sher!
— Sher boʻlib ketibsan-ku,— dedim belimni silab.

Bizning uchrashuvimizni kuzatib turgan samovarchi yana gap qotdi.
— Sherning normasini urib turgandan keyin sher boʻladi-da!

Uning gapiga tushunolmadim.

Samovarga kirdik. Qoʻzivoy xaltasidan bir boʻlak son goʻshtini olib podnosga tashladi.
— Qovurma-povurma qilib tashla, oshnam kelib qoptilar. Qolganini bitta-yarimtaga pullarsan.

Oʻsha kuni kechgacha qolib ketdim. Qovurma juda antiqa boʻlgan ekan, gapning ochigʻini aytsam bunaqa shirin goʻshtni umrimda yemagan edim.
— Menga qara, Qoʻzi, qaerda ishlayapsan? Nima ish qilasan?
— Soʻrama, oshna, ishimning mazasi yoʻq. Senga oʻxshagan ogʻaynilarim katta-katta ishlarda turib, men bechora qayoqdagi past ishlarda yuribman. Hayvonot bogʻiga zavxozman. Qayoqdagi hayvonlar orasida yuribman.

Unga rostdanam rahmim keldi. Bir oʻng kelib qolsa durustroq ishga oʻtqazib qoʻyishni niyat qilib qoʻydim. Rost-da, gavdasi ham, kuchi ham sherga teng keladigan bir qadrdonim hayvonlar orasida yursa, yaxshimi!

Oradan oʻn kunlar chamasi oʻtib bolalarni hayvonot bogʻiga olib bordim.

Aylanib turli-tuman hayvonlarni tomosha qilib yuribmiz. Zambargʻaltakka suyak-sayoqlarni solib gʻildiratib kelayotgan Qoʻzivoyga koʻzim tushib qoldi. U gʻaltagini sher qamalgan qafasning oldiga kelib toʻxtatdi.

Sher oʻladigan darajada ozib, choʻp boʻlib ketibdi. U Qoʻzivoyga xoʻmrayib qaradi-da, keyin yuzini teskari oʻgirib oldi.

Astoydil qarasam qafasdagi rostakam sher bir vaqtlar men bilgan Qoʻzivoyga oʻxshab qopti. Ipdak ingichka Qoʻzivoy rasmona sherga aylanib ketibdi. Nazarimda Qoʻzivoy qafasda-yu, sher bu yoqda turganga oʻxshaydi.

Endi bildim. Samovarchi bilib aytgan ekan.

Qoʻzivoy sherga beriladigan goʻsht-yogʻlarni yeb oʻzi sher boʻlib, sherni Qoʻzivoy qilib qoʻyibdi.

Tamom, davomi yoʻq

Er-xotin baxtiyor edi.

Xotin lampochkaga bolasining paypogʻini kiydirib, tavonini yamab oʻtirardi. Er divanga yonboshlab beozor mudrardi. Xotin erining mudrashini tarqatmoqchi boʻlib, biron gap oʻylab topaman deydi-yu, gap oʻlgir kela qolmaydi. U oʻylab-oʻylab oxiri bir gap topgandek boʻldi.
— Hoy, er, muncha mudraysiz? Mundoq erkaklarga oʻxshab qiziq-qiziq gaplardan aytib kuldirsangiz-chi.

Er bir koʻzini arang ochib esnadi-da, eshik gʻichillaganga oʻxshash gʻalati tovushda poʻngʻilladi.
— Ha, qiz bolamiding-ki...

U shunday dedi-yu, yana koʻzini yumdi.
— Shoshmang, shoshmang, koʻzingizni oching. Mabodo oʻn sakkiz yashar yigit boʻlib qolsangiz, nima qilardingiz? Yana oʻzimga uylanarmidingiz?

Er ensasi qotgandek joyidan qoʻzgʻaldi. Erinchoqlik bilan divanga chordana qurib oldi-da, labining bir tomoni bilan iljaydi.
— Bu masalani durustroq oʻylab koʻrish kerak boʻladi. Qani endi oʻsha oʻn sakkiz yoshim qaytib kelsa, oʻzim bilardim-a, oʻzim bilganim shuki, senga uylanmasdim, Voobshe, uylanmasligim ham mumkin.

Erning birdan faylasufligi tutib ketdi.
— Agar inson bolasiga ikki marta yashash imkoniyati berilsa, koʻp xato ishlar toʻgʻri boʻlib ketardi. Mana, oʻpkamning mazasi yoʻq, bu nimadan, papirosdan. Birinchidan, shu qurib ketgurni chekmasdim. Mana, oshqozonimning mazasi yoʻq. Nimadan, ichkilikdan. Ikkinchidan, shu aroq oʻlgurni ichmasdim. Koʻrib turibsanki, asabimning mazasi yoʻq, buning nimadanligini bilmaysan-a, bilmaysan. Bu sening javringdan. Oʻn sakkiz yoshga sirpanib qaytib tushib qolsam, eng birinchi qiladigan ishim senga uylanmaslik. Mabodo oʻzingta uylanadigan boʻlsam, oldingga qoʻyadigan shartlarimni bitta obshiy daftarga erinmay yozib chiqardim. Masalan, unda shunaqa shartlar boʻlardi:

«Dazmol bosishni bilasizmi, jonim? Piyoz toʻgʻragan pichoqda qovun soʻymaysizmi? Tugma degan jonivorni qadashni bilasizmi? (Voobshe, tugmaning teshigi qaerdaligini bilasizmi?) Telefonning qulogʻi sizdan boʻshaydimi? Ulama sochni uydayam taqib yurmaysizmi? Biron joyga mehmonga boradigan boʻlsak, vaxliroq kiyinib olish qoʻlingazdan keladimi? Biron yili kurort degan joydan qolasizmi? Mehmon kelsa hammadan oldin toʻrga chiqib olib, ishni menga tashlab qoʻymaysizmi? Yopkan noningizdan qil chiqmaydimi? Majlisdan, yoʻq, voobshe, kech kelganimda kostyumimning yoqasini hidlab koʻrmaysizmi? Xullas, meni tinch qoʻyasizmi yoʻqmi?..»

Mana shu shartlarga koʻnsang oʻzingga uylanardim. Boʻlmasa kimga uylanishni, baraka topkur, oʻzimga qoʻyib ber!

Xotin xandon tashlab kuldi. Uning bu kulgisida alam bilan zaharxanda aralashga oʻxshardi. Er yana tilga kirdi.
— Xoʻsh, endi sen ayt. Mabodo, falakning gardishi aylanib, sen oʻn sakkiz yashar qiz bola boʻlib qolsang yana oʻzimga tegarmiding? Bilaman, albatta oʻzimga tegarding, mendaqa tayyor er, voobshe, mendaqa laqma er kosmosda ham, yerda ham topilmaydi. Endi xotin tilga kirdi.
— Mabodo atom bombasini bir yelkamga, vodorod bombasini bir yelkamga osib qoʻyib, shu Sotimxoʻjaga tegmasang, hozir portlatvoraman desa, portlatvor-e, jonim rohat oladi, derdim.

Er ikki koʻzini soqqadek dum-dumaloq qilib, «voy-boʻy» deb yuborganini bilmay qoldi.
— Agar yaxshilikchasiga, shunga tegasanmi, deb soʻrashsa oltita odamni guvoh qilib, uch tom kitobga sigʻadigan shartlarni oldingizga koʻndalang qilib qoʻyardim. Shartlarim mana bundoq boʻlardi:

«Singlingizga meni yomonlamaysizmi? Kayf ustida bogʻchadan oʻzingizniki qolib birovning bolasini yetaklab kelmaysizmi? Papiros kulini gilamga tashlamaysizmi? Echki goʻshti bilan qoʻy goʻshtining farqini bilasizmi? Dugonalarim mehmonga kelganda toʻrga chiqib, suyalib oʻtirib olmaysizmi? Mast boʻlib qolib, meni tanimay, oʻzimni oʻzimga yomonlamaysizmi? Tish choʻtkasi bilan brezent botinkangizni tozalamaysizmi? Sakkizinchi martning nima ekanini bilasizmi? Majlisdan kelganingizda yon choʻntagingizdan ikkita kino bileti chiqmaydimi? Maosh olganda paypoqqa pul bekitmaysizmi? Mensiz mehmonga borganingizda galstugingizni teskari taqib tong otarga yaqin kelmaysizmi?..»

Er «voydod», deb oʻrnidan turib ketdi. Xotin yana davom ettirmoqchi edi, er qoʻlini koʻksiga qoʻyib, tavba qildim, deganga oʻxshash gʻalati koʻz suzdi. Yoʻq, xotin boʻsh kelmadi. Oxir er tiz choʻkib xotinining etagini oʻpdi.
— Jon xotin, oʻrgilay xotin, endi bas qil. Oʻn sakkiz yoshga qaytib tushmay men oʻlay. Voy-boʻ... ichingda shuncha darding bormidi! Qoʻy endi, kechqurun majlisga boradigan odamman, nastroenamni buzma.

Xotin ikki qoʻlini beliga tirab engashdi:
— Nima, bugun dam olish kuni, qanaqa majlis boʻladi?!

Er nima deyishini bilmay, koʻzlarini pirpiratib turib qoldi.

Yuk

Kupega kirganimda pastki qavatning ikkalasi ham band edi. Oʻng tomonda hassaga tayanib bir moʻysafid, chap tomonda esa tugunchasini tizzasiga qoʻyib homilador xotin oʻtirardi. Xotin meni koʻrishi bilan oʻrnidan turdi.
— Joyingizni olib qoʻymadimmi?

Mening joyim yuqorida edi. Uni tinchitib, chamadonchamni polkaga irgʻitdim-da, oʻzim ham bir sakrab chiqib oldim. Poezd joʻnashiga uchinchi qoʻngʻiroq urilganda ikki qoʻlida zildek chamadon koʻtargan boʻyni yelkasiga tutashib ketgan bir kishi kirdi. U atrofga qaramay, toʻppa-toʻgʻri xotinga yuzlandi.
— Joyni boʻshating, bu meniki.

Xotin iymanib oʻrnidan turdi. Shu payt eshik oldi-da provodnik paydo boʻldi.
— Grajdanin, siz yuqoriga chiqa qoling, bu odam, koʻrib turibsiz-ku, homiladorlar.

Boʻyni yoʻgʻon passajir istehzo bilan kuldi.
— Attang, bilet olayotganda kassirga qorinni koʻrsatmagan ekanman-da.

Xotinning lablari titrab, koʻz milklari namlandi. Bu beodob odamning qiliqlariga chidayolmagan chol oʻz joyini boʻshatib, inqillab yuqoriga chiqdi. Xotin hijolat, chol tajang. Boʻyni yoʻgʻon boʻlsa pixillab, qornini qashiydi.

Men uning sovuq qiliqlariga qarab yotib, yoshlikdagi bir oʻrtogʻimni eslab ketdim. Bolaligimda Oppon degan bir oʻrtogʻim boʻlardi. Sira boshidan qasmoq arimasdi. Onasi uni choʻmiltiradigan boʻlsa ertalabdan boshiga qatiq chaplab qoʻyardi. Oppon koʻchaga chiqiboq boshidagi qatiqni barmogʻi bilan sidirib yalab qoʻyardi. Oppon bilan soyda mol boqardik. Sigirlarni oʻtga haydab, yumronqoziqning iniga suv quyib oʻynardik. Oshnam doʻppisida suv tashir, men esa in ogʻzida yumronqoziqning chiqishini kutib oʻtirardim. Bir gal oshnam juda uzoqlab ketdi. Kutib oʻtirib zerikdim. Uni qidirib borsam, sigirimizning tagiga kirib, miq-miq emyapti.

Ikki oyoqli buzoqning badnafsligiga chiday olmagan sigir shatirlatib uning peshonasiga tepdi. Oshnam oʻtga dumalab ketdi.

Bu boʻyni yoʻgʻon odamning qaeridir oʻsha oshnamga oʻxshab ketardi. Axir, oradan 30 yildan ortiq vaqt oʻtdi. Unutgan boʻlishim mumkin. Oʻsha oshnamning oʻng peshonasida sigir tuyogʻining izi bor edi. Engashib qaradim. Yo tavba, oʻzi. Beixtiyor qichqirib yubordim.
— Hoy, hoy, menga qara! Oppon emasmisan?

Oshnam boʻynining yoʻgʻonligidan darrov qaray olmadi. Butun gavdasi bilan burildi. Qoshlarini kerib, yelkasini qisgandek boʻldi. Yelkasi bilan boʻyni bir boʻlganidan qornining oʻzi silkindi, xolos.
— Tanimayapman, birodar, oʻzingizni taniting.

Choʻkkalab oʻtirib oldim.
— Nahotki tanimayapsan?! Peshonangdagi tir-tiq...

Oppon endi tanidi.
— E, u gaplar oʻtib ketgan.
— Qaerdasan? Nima ish qilyapsan?

Oppon bu savolga hali-beri javob bermoqchi emas edi. Oldiga yozib qoʻygan yaxna goʻsht, shokolad, sarimsoq, piyoz, olmalarni bitta-bitta tanlab lunjiga tiqardi. Uning oʻrniga chol javob qildi.
— Opponbek yogʻliq ish topib olganlar. Tugʻruqxonada peredacha qabul qiladilar. Uncha-muncha suyunchi olib turadilar.

Chol Opponni gapirgani qoʻymay, qulfi-dili ochilib ketdi.
— Esingizdami, Opponbek, kelinimdan xabar olgani borganimda sizga yoʻliqqan edim. Qogʻozga ham qaramay, javob qilgan edingiz. Keliningiz oʻgʻil tugʻdi, nevara muborak, deb besh soʻmimni olgan edingiz. Shu gapdan keyin kelinim rosa ikki hafta oʻtganda qiz tuqqan.

Oppon qirrali stakan labiga tuxum urib chaqdi-da, yaxshilab archib, lunjiga soldi. Keyin palagʻda tovush bilan poʻngʻilladi:
— Tuhmat.
— Axir, Oppon, jiyaning seni institutni bitirib, injener boʻldi degan edi-ku.

U tuxumni yutib, ketidan ogʻziga soladigan narsa qidirarkan, javob berdi:
— Yoningda bitta diploming boʻlsa biqiningdan teshib chiqmas, biron kuningga yarab qolar.

Kattagina bir stansiyaga yaqinlashar edik. Oppon shoshib-pishib yuklarini yigʻishtirib koridorga otildi. Kupeda undan yodgor boʻlib tuxum poʻchoqlari, shoʻr baliqning dumi, gʻijimlangan qogʻozlar qoldi.

Chol afsuslangandek uh tortib qoʻydi.
— Xudo koʻrsatmasin, shunaqa odamlar hukumatga bir ish koʻrsatib qoʻysa bormi, tramvayga ham pul toʻlamay qoʻyadi. Shu toifa odamlar hamisha yurt mendan qarzdor deb biladi. Yurtdan qarzi boʻlsa bermaydi. Axir, nomard, yoʻling bir stansiyagina ekan, nima qilarding xotin kishini bezovta qilib?

Chol stol ustida tebranayotgan stakanga qarab nimanidir oʻyladi.
— Poezd tezlab ketdimi deyman?
— Ha, — dedim, — boyagi ogʻir yuk tushib qoldi. Parovoz yana tezlab ketadi endi.

Darhaqiqat, poezd uchar, provodnik boʻlsa Oppondan qolgan sarqitlarni qirtishlab soʻkinardi.

Sagʻana

Oʻlik degan oʻz izzati bilan kafaniga oʻralib, tobutda qimirlamay yotgani durust boʻlarkan. Tobut yoʻlakda, kafan gʻassolning yelkasida. Ammo murda hovlida kelgan- ketganlarga qoʻl qovushtirib, derazadan patnis uzatib, koʻngil soʻraganlarga, «bandalik ekan, qandoq qilay...» deb yursa juda xunuk koʻrinar ekan.

Mahalla qorovuli tong qorongʻisida xonadonlarning eshigini taqillatib, Boqi Xalfa omonatini topshirdi, peshinga janoza oʻqiladi, deb xabar berdi. Odamlar ertalab ishga ketish oldidan marhumning qarindoshlaridan birrov koʻngil soʻrab chiqaylik, deb yigʻilishdi, ammo eshik oldida Boqining bel boylab turganini koʻrib, hang-mang boʻlib qolishdi. Oʻlgan boshqa Boqi boʻlsa kerak, mahallada yana Boqi otli odam bormidi, deb oʻylanib qolishdi.

Bu mahallada shu Boqidan boshqa Boqi yoʻq edi. «Oʻlgan» ham shu Boqining oʻzginasi edi.

Boqi Xalfa — ancha toparmon-tutarmon kishilardan. Sibirga olma oboradi —pul topadi. Shisha banka yigʻib, yuvib sotadi — pul topadi. Choydan chiqqan zar qogʻozni qirqib, oynaga yopishtiradi, makkai-mukarramaning surati bu, deb sotadi — pul topadi. Xom yongʻoq poʻstlogʻini quritib elakdan oʻtkazib, xinaning asiliga kepqoling, deb yana pul topadi. U yoqqa boradi — pul topadi, bu yoqqa keladi — pul topadi.

Yoshi ham paygʻambarga akalik qilsa boʻladigan joyga borib qolgan. Shariatpanoh musulmonlar paygʻambar yoshidan nariyogʻini harom sanashadi. Xalfa ham harom yoshdan hazar qilib, tirik vaqtida janozasini oʻqitib qoʻymoqchi boʻldi.
— Oʻlib ketsam, zumrasha bolalar menga janoza oʻqitarmidi, harakatimni qilib qoʻyishim kerak...

Boqi shu niyatda katta qabristondan bir yarim murda sigʻadigan joyni olib, taksida gʻisht, sement tashitib, tirik odamning ham havasi keladigan qilib sagʻana qildirdi, patnisdek keladigan marmarga yarmi forscha, yarmi oʻzimizning tilda nomini qoʻshdirib bayt ham bittirib qoʻydi.

«Tuproq aro yotur munda, Soqi oʻgʻli Boqi murda.

Tavalludi 12... hijriy, vafoti 13... hijriy».

Sagʻana bitib, janozaga tayyorlik tamom boʻlgandan keyin, Boqi katta qozonda osh damlatib, yurtga yedirmoqchi boʻldi. Toʻrt mahalladan odam aytildi. Ikki qori biri olib, biri qoʻyib, oʻqib turibdi. Ayniqsa, Satang qori deganining ovozi bulbuldek ekan, qiroatini kelishtirolmasa ham patnis ashulaga oʻxshatib sura orasida ikkita katta avj qoʻshib aytarkan.

Gʻassol koʻpni koʻrgan, ish bilarmon kishi edi. U «murdani» chetga chaqirib:
— Boshpurtni topshirib, domovoydan oʻchmagan boʻlsangiz, sizni yuvmayman, benovot boʻlishdan qoʻrqaman, — deb qoldi.

Boqi Xalfa yonidan falonchi oʻldi, koʻmish mumkin, degan qogʻozni olib koʻrsatdi. Ana shundan keyin gʻassol ikki chelak issiq suv olib, Boqini ichkari uyga boshlab kirdi. Uni yechintirib, taxtaga tortdi. Doka xalta bilan badanini obdon sovunlab yuvib, irimiga bosh-oyoq kafan aylantirib, yana yechib oldi.

Xalfa atir sovundek yiltirab chiqqanda mahallaning oʻyinqaroq bolalari, savobdan quruq qolmaylik, deb oʻchoq oldida qittak-qittak qilishayotgan edi. Ular Boqini koʻrib bir-birlarini turtib qoʻyishdi.
— Mulla amaki oydek chiroyli oʻlik boʻptilarmi...

Marosim tugadi. Janoza ham oʻqildi. Murda armonda qolmasin, deb uni bir necha minut tobutga ham solib olishdi. Boʻsh tobutni yerdan koʻtarishayotganda boyagi mast yigitlardan biri:
— Mulla amaki qanaqa odam edilar?— deb qoldi. Bu gap goʻrga qoʻyiladigan paytda aytilguchi edi. Biroq shu topda mast odamning gapini chuvalashtirmaslik uchun:
— Durust odam edi, — deb qoʻya qolishdi.

Shu kuni xotinlar yoʻlakda chuvvos solib tobut orqasidan sochlarini yulib qolishdi.

Hangomaning qizigʻi keyin chiqdi. Boqi oʻlishga oʻlib qoʻyib, tirik paytida koʻrmagan shoʻrishlarga duchor boʻldi. Murdaning uyda yotib yurganidan darak topgan uchastkavoy yoʻq odam uyda turishga haqi yoʻq, deb poʻpisa qildi. Shundan keyin u kechasi devor panalab kelib, tomda yotib yurdi. Kuz kirib, tomga qirov tushib, yotish qiyin boʻlib qolgandan keyin koʻrpa-yostigʻi bilan marmar viveskali dangʻillama gʻishtin sagʻanasiga koʻchib ketli.

U, qora kunimga yarab qolar, deb ikki ming soʻm pulni omonat kassaga qoʻygan edi. Shu pul endi asqotib qoldi. Kassaga borgan edi, pasport soʻradi. U oʻlgani uchun pasport koʻrsatolmadi, oʻlganman, deyishga qoʻrqdi.
— E, esi yoʻq murda, — deb peshanasiga shatirlatib bittani tushirdi.

Hozir Boqi Xalfa goʻrkovning choʻzma-chalpagiga sherik boʻlib, uning ensasini qotirib yuribdi. Goʻrkov ham anoyi emas ekan:
— Sizdaqa tekinxoʻr murdalarning koʻpini koʻrganmiz. Ishlagan tishlaydi. Choʻzma-chalpak haqiga lahadbop qilib guvala quyib berasiz. Boʻlmasa sagʻanangizga boshqa oʻlik qoʻyvoraman, — deb toʻpolon qilib qoldi.
— Obbo! — dedi Xalfa. — Har bir bandai moʻmin vaqtida, oʻz ajali bilan oʻlgani durust ekan.

Taqdirga tan bergan Boqi hozir belini boylab guvala quyyapti. Charchagan paytlarida qaddini rostlab, doʻmbayib ketgan qabrlarga hasad bilan qarab qoʻyadi. Kech kirishi bilan marmar lavha tagidagi teshikdan emaklab kirib ketadi. Goʻrkov unga hazillashib:
— Joyingiz jannatda boʻlsin, xalfam, ertaga vaqtliroq chiqing! Guvaladan qarzingiz bor, — deb hiring-hiring kuladi.

Yelim

Hammom oʻzi shunaqa joy, hammani onadan tugʻma qilib qoʻyadi. Kim paygʻambaru, kim ummat — bilib boʻlmaydi. Odam bolasi kiyim bilan ekan.

Bu gaplarning ma’nisini Musaxon pochchadan soʻrang. U kishini tanimassiz, ehtimol: boʻyi pastgina, qoʻllari kaltagina odam. Oʻzi shu yaqin oʻrtadagi raz'ezdlardan birida bufetchilik qiladi. Qilaman desang, kalta qoʻl bilan ham ancha ish qilish mumkin ekan. Kichkinagina bufetning orqasidan kalta qoʻl bilan bola-chaqa boqib, orzu-havas koʻrib, uchastka tiklab, kelin tushirib, qiz chiqarib yuribdi-ku, bundan ortigʻi kimga kerak!

Xoʻsh desangiz, Musaxon pochcha yaqinda hammomga tushgan ekan. Yechinib issiq xonada mazza qilib terlabdi-da, sovuqxonaga kirib choʻmila boshlabdi. Boya aytdim-ku, qoʻllari kalta deb. Kimning qoʻli uzun kimning qoʻli kaltaligini bilmoqchi boʻlsangiz, hammomga tushing, Mana, Musaxon pochchaning nimaligi ham bilinib qoldi. Choʻmilayapti-ku, orqasiga sovun tegmaydi. Ikki kuragining orasi magʻzava boʻlib turibdi. U tosni boshiga kiyib, xonalarni aylanib chiqdi. Tanish yoʻq. Bir oʻrta yashar kishi Qorboboga oʻxshab koʻpikka belanib oʻtiribdi.
— Hoy uka, — dedi Musaxon pochcha, — orqamni ishqab qoʻysangiz-chi, baraka topkur.

U kishi boshidan suv quyib oʻrnidan turdi. Musaxon pochcha engashib turdi, u boplab ishqab qoʻydi. Shundan keyin Musaxon pochcha yana tosni boshiga kiyib, indamay ketaverdi. Ishqalagan kishi piching qildi:
— Ho mulla aka, rahmat qani?

Musaxon pochcha doʻngʻilladi:
— Har bir toʻqqiz pullik narsaga ham rahmat aytaversang, butun tirikchilikni yigʻishtirib qoʻyib, rahmatdan boʻshamay qolasan. Shunga ham rahmatmi?

Musaxon pochcha shundan keyin boshidan uch-toʻrt tos suvni shar-shar toʻkdi-yu, kiyingani chiqib ketdi. Oʻsha kuni u atirsovundek yaltirab, qip-qizil boʻlib avtobusda raz'ezdga chiqib ketdi-da, bufetni ochdi. Odam yaxshi yuvinsa, toza kiyinsa, tabiati ravshan boʻladi. Musaxon pochcha bugun bir gapirib oʻn kuladi. Nazarida savdo ham yaxshi ketayotganga oʻxshaydi. Xullas, Musaxon pochcha bugun dimogʻida eng kamida yetti-sakkiz qoʻshiqni hirgoyi qilib, ishni tamom qildi. Tushgan pullarini sanab hamyonga urib, kundagi odati boʻyicha kech oltidagi skoriy bilan stansiyaga kelib pul topshirdi. Buxgalter «pochcha, yangi xoʻjayin bilan tanishib chiqmaysizmi?» deb qoldi.
— Tanishamiz, tanishamiz. Quruq kirsak boʻlaverarmikin? Bu galcha shundoq boʻlib tursin.

U shunday deb, labida ertalabdan qolgan tabassum bilan direktor kabinetining eshigini ochdi.

Ochdi-yu ostonadan na u yoqqa, na bu yoqqa oʻtishini bilmay turib qoldi.
— Kelavering, kelavering, bemalol, — dedi direktor.

Musaxon pochcha boʻshashib oldinga yurdi. U tamom oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Bu, direktor, ertalab hammomda Musaxon pochchaning orqasini ishqab qoʻygan kishi edi. Direktor ham uni tanidi.

Musaxon pochcha qani nima boʻlarkin deb, indamay boshini egib turaverdi... Oxiri direktorning oʻzidan sado chiqdi:
— Siz ham bizning sistemada ishlaysizmi?

Bu nima degani? Bu sistemaga toʻgʻri kelmaysan degani emasmi?
— Ha, endi, bola-chaqaning nasibasi ekan, qimirlab turibmiz.
— Juda soz, — dedi direktor salmoqlab.

Musaxon pochchaning boʻladigani boʻlib qoldi. Beixtiyor choʻntagiga qoʻl solib, bufetning kalitini ushladi:
— Jon uka, bir ahmoqlik qildim, kechiring. Meni quvmang. Sizdek odamga shunday itlik qildim, jazomni xudo bersin.

Direktor hayron boʻldi:
— Siz menga nima gunoh qila qolgandingiz?
— Bugun ertalab, ertalab hammomda orqamni ishqab qoʻygandingiz.

Direktor kulib yubordi.
— E, oʻsha kishi sizmidingiz? Butunlay esimdan chiqib ketgan ekan. Xoʻsh, nima qilibdi?
— Rahmat aytish esimdan chiqqan ekan. Ataylab shuni aytgani keldim. Qulluq, qulluq, uka, martabangiz bundan ham baland boʻlsin. Endi bizga javobmi?

Direktorning ensasi qotib: «javob», dedi. Musaxon pochcha orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

U chiqib ketgandan soʻng, direktor sekretarni chaqirib, bu odam kelsa ikkinchi oldimga kiritmang, deb tayinladi. Ammo Musaxon pochcha kunora kelib sekretarning bay-baylashiga qaramay kabinetga kirar, shundoq martabali odamga orqasini ishqalatgani uchun uzr aytib ketishni kanda qilmasdi.

Oxiri direktor bezor boʻlib ketdi. Qandoq qilsin. Iloji yoʻq. Bu toifa odamlardan qochib qutulmasang boshqa yoʻl bilan qutulib boʻlarmidi. Yelim-ku, yelim ular.

Bir yuz yetmish sumlik xurrak

(Bir oblastʼ teatridan reportaj)

Tomosha boshlanishiga hali oʻn toʻrt minut bor. Artistlar grim qilib boʻlishgan. Sahna orqasida qilich-qalqon taqqan, dubulgʻa kiygan kishilar domino oʻynab oʻtirishibdi. Bosh rolda chiqadigan atoqli artistka parda chetini koʻtarib zalga moʻraladi. Oldingi qatorda ikki kishi, oʻrta qatorda besh kishi oʻtiribdi. Hamon koʻchada tomoshabin chaqirayotgan toʻrt karnay, besh surnay va olti chirmandaning shovqini eshitilib turibdi. Atoqli artistka etagini sudrab direktor kabinetiga keldi.
— Boʻladimi?
— Boʻlish-boʻlmasligini ixtiyorimizda qolgan oʻn ikki minut hal qiladi.

Direktor shunday dedi-yu, bosh administratorga yuzlandi.
— Sbor qancha?
— Oʻn sakkiz soʻm.
— Qoidada qanday?
— Sbor oʻn toʻqqiz soʻmdan, tomoshabin oʻn beshtadan oshsa spektaklʼ koʻrsatilaveradi.
— Boʻlmasa tomoshani qoldiramiz.
— Haqqimiz yoʻq. Qoidada spektaklʼ boshlanish minutida tomoshabin oʻn beshtaga yetmasagina qoldiriladi. Yana sabr qilamiz.

Direktor dargʻazab boʻldi.
— Bitta odamni kutib oʻtiramizmi? Bordi-yu oʻsha oʻn beshinchi tomoshabin kelib qolsa shoʻrimiz quriydi-ku.

Bir hisoblab koʻring, oʻsha bitta tomoshabin bizga necha soʻmga tushadi.

Bosh administrator stolga bagʻrini berib oʻtirdi-da, qoʻliga qalam-qogʻoz olib hisoblab ketdi.
— Bugungi tomoshaga qirq olti odam qatnashadi. Sakkiz sahna ishchisi, bir rejissyor, bir rejissyor yordamchisi, elektr ustasi, ikki grimchi, sahna mashinisti, kostyumchi, bir pojarniy, suflyor, sartarosh, toʻqqiz chalgʻuvchi, bir dirijyor, ikki shofyor, toʻrt kontrolyor, bosh rassom, badiiy rahbar, jami sakson besh kishi qatnashar ekan.

Direktor barmoqlarini bukib, nimalarnidir sanay boshladi.
— Elektr energiyasini hisoblamadingiz. Boz ustiga uch uborshitsa. Tomosha davomida ikkita vaza sinishi kerak, — direktor artistkaga qaradi.— Undan tashqari sizning oshigʻingiz uchinchi koʻrinishda koʻylagini yirtib tashlaydi. Oʻn olti marta oʻq uziladi. Ana shularni bir choʻtga solib koʻring-chi, bugungi tomoshaga qancha xarajat boʻlarkin? Maoshlar ham hisobga kirsin.

Endi ikkovlab hisoblab ketishdi. Bunaqa hodisa ilgarilari ham boʻlib turar ekan, shekilli, hisob birpasda chiqdi. Bosh administrator boshini koʻtardi.
— Bugungi tomoshamizga bir yuz sakson toʻqqiz soʻmu yetmish toʻrt tiyin xarj boʻlar ekan.
— Daromad-chi?
— Oʻn toʻqqiz soʻm. Ana shu oʻn toʻqqiz soʻmni chiqarib tashlasak bir yuz yetmish soʻmu yetmish toʻrt tiyin zarar qilarkanmiz.

U gapni tugatmagan ham ediki, uch marta chiroq oʻchib tomosha boshlanishidan darak berdi. Direktor bilan bosh administrator zalga qarab yugurishdi.
— Xayriyat, oʻn toʻrt kishi — dedi direktor hovliqib, — qoldiring!

Uning yonida turgan kontrolyor shoshib gapga aralashdi.
— Bufetda yana bitta tomoshabin oʻtiribdi. Uning gapi tugamay oʻrta yashar bir kishi kirib, oʻz oʻrnini qidira boshladi.

Tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan direktor teatrga bir yuz yetmish soʻmu yetmish toʻrt tiyin zarar keltiradigan shu tomoshabinning yoqasidan boʻgʻib, koʻchaga opchiqib tashlagudek unga oʻqraydi.
— Menga qarang, — dedi u administratorga. — Yalining, yolvoring, mayli uch-toʻrt soʻm xarj boʻlsa ham mayli. Bufetga opkirib u-bu olib bering. Biletni topshirib, pulini qaytarib olsin.
— Koʻnarmikin?
— Koʻndiring. Koʻnmasa kabinetimga chaqiring, ikki kishilashib yalinamiz.

Administrator ming tavoze bilan oʻn beshinchi tomoshabinning oldiga bordi. Unga kamoli ehtirom bilan salom berdi. Dilidagi gaplarni astoydil tushuntirib toʻkdi. Oʻn beshinchi tushmagur bir soʻzli oʻjar odam ekan. Koʻnmadi.
— Aka, shu tomoshani koʻramiz, deb atayin uzoqdan kelganmiz. Koʻramiz.
— Jon aka, teatrga rahmingiz kelsin. Artistlarga rahmingiz kelsin. Bola-chaqangizning rohatini koʻring-u, tomoshamizni koʻrmang.
— Koʻramiz, koʻrmay ketmaymiz.

Administrator boshqa yoʻl bilan unga ta’sir oʻtkazmoqchi boʻldi.
— Shu ham tomosha boʻptimi, aka. Undan koʻra direktor kabinetiga kirib pivoxoʻrlik qilamiz. Direktorimizning oʻzlari eriydilar.
— Boʻlmaydi. Tomosha koʻrgani kelganmiz.

Bu orada qolgan oʻn toʻrt betoqat tomoshabin chapakchalib, parda ochilishini talab qila boshladi. Administrator noiloj direktor kabinetiga kirib boʻlgan voqeani aytib berdi. Endi u ham noiloj edi. Nihoyat tomosha boshlandi.

Sahnada qirqdan ortiq odam u yoqdan bu yoqqa yugurib miltiqbozlik qilyapti. Oʻlganlar oʻlib, qolganlar qochyapti. Orkestr tinmay gʻat-gʻut, gumbir-gumbir qilib turibdi. Oʻrtada boyagi taniqli artistka sochini yulib faryod chekyapti...

Antrakt boshlandi. Oʻn beshinchi qaysar tomoshabin bufetga chiqib ikki shisha limonadni urib kelib, yana oʻz joyiga oʻtirdi.

U ikki qoʻlini chalishtirib sahnaga qarab oʻtiraverdi, rolʼ oʻynayotganlar ora-sira unga qarab qovoqlarini solib qoʻyishardi. U esa hamon beparvo. Administrator qorongʻida timiskilanib yana uning oldiga keldi.
— Qoʻying endi, uyingizga borib uxlasangiz-chi, Nima qilasiz bizni qiynab. Uyqungiz kelib koʻzlaringiz qisilib ketyapti.
— Nima dedingiz? Uyingga borib uxla deysizmi? Qishloqdan kelganman.
— Qaysar, qaysar, bir yuz yetmish soʻmu yetmish toʻrt tiyinga tushiryapti-ya!

Sahnada hamon gumbur-gumbur. Zalda atigi bittagina odam, u ham boʻlsa bilinar-bilinmas xurrak otyapti.

Gap

Hamma gap gapda.

Soliya amma qorani oq deb ishontira oladi. Oqni qora qilib koʻrsatish unga bir qultum suvni yutgandek gap.

Kelinini yomonlaganda:
— Ha, ishlab nima topardi. Yarim oylik moyanasiga sakkizta dirdov qoʻy ham kelmaydi.

Oʻgʻlini maqtaganda:
— Yarim oylik moyanasiga sakkizta boʻrdoqi tovuq keladi.

Kuyovini maqtaganda:
— Kuyovimning ichganidan boʻshagan shishalariga ikki oila bemalol roʻzgʻor tebratsa boʻladi.

Akasini maqtaganda:
— Ishqilib topib kelmasa hamki, erkaklik uyning fayzi boshqacha boʻladi-da.

Qudasini yomonlaganda:
— Biram bachkana, biram bachkana, kalavotda yotishiga balo bormi?

Qizini maqtaganda:
— Shu kenja qizim ham opalariga oʻxshab nozikkina chiqdi. Yursa hovli toʻlib ketadi. Avtomobili yoʻq odam ostonamga sovchi yuborib, ovora boʻlmay qoʻyaqol-sin.

Oʻzini gapirganda:
— Yoshligimdayam shunaqa kelishimlikkina edim, uncha chiroylik emasdim-ku, lekin istaram oʻlgur issiq.

Xullas, kim qanaqaligini bilmoqchi boʻlsa Soliya ammani oyna qilib qarasin. Oʻzini «tochniy» koʻradi.

Adresi: Koʻkcha, Qatiq bozori.

Chuchvara

Majlisda unga:
— Sen bola, chuchvarani xom sanab yuribsan. Shoshma hali, joʻjani kuzda sanaymiz. Bu qanaqasi, sirkang suv koʻtarmaydigan boʻlib qopti, — deyishdi.

Xoliqning tepa sochi tik boʻlib ketdi. U uch yildan beri paxta brigadasida boshliq. Brigadaga oʻtishdan avval parranda fermasida, undan keyin uzumchilik zvenosida edi. Paxtaga oʻtib hech kimga gap bermay qoʻygan. Chopiq ham, sugʻorish ham rasvo. Ana shuning uchun uni bugun taxtaga tortib, rosa tanqid qilishdi. Ammo umrida tuzukkina tanqid yemagan Xoliq bu gaplarni shaxsiyatdan deb tushunib, oʻrnidan turib ketdi.
— Endi menga navbat! Mening sha’nimga juda koʻp nojoʻya gaplarni aytdinglar. Hammasiga javob tayyor: chunonchi, sirkasi suv koʻtarmaydi, dedinglar. Nimaga shama qilyapganlaringni bilaman. Uzumchilik zvenosida ishlaganimda sirka solganman. Lekin, men uni chugʻurchiq choʻqigan gʻujumlardan solganman. U suv koʻtaradimi, yoʻqmi — Oʻzim bilaman. Ikkinchi masalaga oʻtaylik: joʻjani kuzda sanaymiz, dedinglar. Bundan ikki yil oldin parranda fermasini uchma-uch qilib topshirganman. Joʻjasi ham, xoʻrozi ham toʻppa-toʻgʻri chiqqan. Endi uchinchi masala: chuchvarani xom sanadi, deysizlar. Mana shu gap menga ogʻir botdi. Qani aytinglar-chi, mening chuchvara sanayotganimni kim koʻripti? Kimning uyiga kirib chuchvaraga qoʻl tegizibman? Voobshe, men chuchvara yemayman.

Xoliq asosiy masalani chetga surib, gapni chuchvara tarafga buradi.

Uning ezmaligi me’dasiga tekkan agronom dungʻilladi:
— E, chuchvarang qursin, paxtadan gapir!
— Yoʻq, — dedi Xoliq qat'iy, — men chuchvara masalasini biryogʻlik qilmasdan boshqa gapga oʻtmayman!

Oʻtirganlar baravardan uh tortib yuborishdi.

XURRAK

Odamning qanaqaligi safarda bilinadi.

Kalonxoʻjaev oʻrinbosar tanlashga juda usta odam. Mana, Moʻminov degan moʻmingina odamni oʻziga oʻrinbosar qilib oldi. Bechora Moʻminov musichaning oʻzi. Kalonxoʻjaev qoʻngʻiroq bosib chaqirganda egilib, gʻildirakka oʻxshab gʻildirab kiradi-da, uning gaplarini churq etmay eshitib, koptokka oʻxshab yana dumalab chiqib ketadi.

Umuman Kalonxoʻjaev oʻrinbosardan yolchib qoldi. Bugun ular safarga — komandirovkaga chiqishdi. Moʻminov qoʻsh chemodan koʻtarib Kalonxoʻjaevning orqasidan mehmonxona nomeriga kirdi. Choy opkeldi, handalak opkeldi.

Kalonxoʻjaevning jahli chiqdi. Moʻminovning yelkasidan turtib uygʻotdi. U bechora momaqaldiroqdek bir-ikki qaldirab, xurragining oxirini katta avj bilan tushirib, boshini koʻtardi.
— Nima gap, xoʻjayin, choymi? Hozir.
— E, xurrak ham evi bilan-da!
— Xoʻp, xoʻjayin, bu yogʻi evi bilan boʻladi.

U bu gapni shunday ishontirib aytdiki, boshqa gapga oʻrin qolmay Kalonxoʻjaev yana yotdi.

Uyqu shirin narsa. Uyqusi nozik kishiga pashsha gʻingʻillasa ham boʻldi — uxlolmaydi. Kalonxoʻjaev deganimiz esa, yostigʻiga qirov tushsa ham ovozini eshitadigan odam. Mana u koʻzini yumdi. Yumdi-yu, yuragi oʻynab ketdi. Kimdir derazadan bomba tashladi. Bomba yomon portlarkan. Derazalar zirilladi, eshikning qulfi buzilib, ochilib ketdi. Kalonxoʻjaev dod, deb oʻrnidan turdi. Yoʻq, hamma yoq tinch. Moʻminov bitta, ammo kelishtirib kalta xurrak tortgan ekan.

Kalonxoʻjaev qayta yotolmadi. Stulga oʻtirib, mudray boshladi. Birdan pulemyotbozlik boshlanib qoldi. Bu ovozing oʻchkur pulemyotning lentasi nega tamom boʻlmaydi-ya! Koʻzini ochib qaray desa, Kalonxoʻjaevda qani yurak. U arang bir koʻzini ochib qaragan edi, pulemyot-mulimyot yoʻq. Moʻminov labini titratib xurrak otyapti. Qalonxoʻjaev gʻazab bilan qoʻliga qogʻoz, qalam oldi-da, nimalarnidir yozdi. Keyin Moʻminovning tepasiga kelib yelkasidan turtdi.

Moʻminov erinib koʻzini ochdi. Kalonxoʻjaevni koʻrib:
— Choymi, xoʻjayin!—dedi.

Kalonxoʻjaev qogʻozni qoʻliga tutqazdi. Moʻminov xatni chiroqqa solib oʻqisa, buyruq:

«... ishni eplolmagani uchun vazifasidan boʻshatilsin!

  Kalonxoʻjaev...»

Iqror

Rahmonali koʻngli poshsho boʻlib kelardi. Bugun ham xotinini dogʻda qoldirib, oʻsha joyga bordi. Maishat kechagidan ham zoʻr boʻldi. Bugun xotiniga nima bahona qilsa ekan? U uyga yaqinlashgan sari bahona topishga shoshardi. Shunga ham bahonami? Kechagi majlisning davomi boʻldi, deb qoʻyaqoladi-da!

Taksi ularning eshigi oldiga kelib toʻxtashi bilan orqama-orqa yana bir taksi keldi. Undan roʻmolga oʻralgan bir ayol tushdi. Rahmonalining yuragi orqasiga tortib ketdi. Bu uning xotini Zarofat edi. Obbo, poylab borganga oʻxshaydi. Bilgan, qaerdaligini, kimning uyidaligini bilgan. Ikkala taksi ham qorongʻu koʻchani yoritib orqaga qaytishdi. Rahmonali yuragi betlamay boʻshashib soʻradi:
— Zarofmisan?

Zarofat javob oʻrniga hoʻngrab yigʻlab yubordi.

Rahmonalining badaniga titroq kirdi. Oyogʻi qaltiradi. Endi nima qilsaykin? Tonsinmi? Koʻzini baqraytirib turib-a?

Zarofat piq-piq yigʻlaganicha uning yonidan oʻtib eshikka kalit solib ochdi. Er-xotin oldinma-ketin hovliga kirishdi. Rahmonalining kallasi mokiday ishlardi-yu, befoyda edi. Nima desaykin? Tonib boʻlmaydi. Boshqa bahonaning iloji yoʻq. Hammasini koʻrgan. Bilgan. Qiyomat qiladi. Har holda hovlida gap boshlasa, toʻpolon boʻlib, qoʻni-qoʻshnilar eshitishi mumkin. Nima boʻlsa ham uyga kirib gaplashish kerak. Uning koʻnglini olish kerak. Xotinlarni yaxshi gap bilan yoʻlga solsa boʻladi. Qani, bir urinib koʻrsin.

Rahmonali shu oʻylar bilan ichkariga kirdi. Xotini stolga boshini qoʻyib hamok piqillab yigʻlardi.

Bu ahvolda uni hech narsaga koʻndirib boʻlmaydi, deb dilidan oʻtkazdi Rahmonali. Toʻgʻrisini aytib, tavba qilish kerak. Bundan boshqa yoʻl yoʻq! Rahmonali jur'atsizlik bilan xotinining tepasiga keldi.
— Xotin, nima desamikin? Nima boʻlganini oʻzing bilib turibsan. Ahmoqlik qildim. Nima qilay, egilgan boshni qilich kesmaydi.

Zarofat yalt etib unga qaradi. Rahmonalining yuragi jigʻ etib ketdi. Muz parchasini yutvorgandek ancha vaqtgacha oʻziga kelolmay entikib turib qoldi.
— Bunaqa qarama-da, aybimni boʻynimga olyapman-ku, tagʻin nima deysan. Shu ikki bolaning hurmati, endi bunday qilmayman. Kechagi majlis ham yolgʻon edi. Kecha ham hali oʻzing koʻrgan joyga borgan edim. Uning qosh-koʻzlariga uchibman. Shirin soʻzlariga uchibman. Ayb oʻzimda, bola-chaqalik kap-katta odam begona xotinga aylanishib yuribman...

Zarofat yana unga qaradi. Endi uning koʻzlaridan oʻt chaqnardi. Rahmonali bu qarashlarga tob berolmadi. Butun vujudi karaxt boʻlib qotib turardi. U koʻzlarini chirt yumganicha, yana gapirdi.
— Istasang, ikkinchi bunday qilmaslikka raspiska beraman. Koʻr ekanman, qadringni bilmagan ekanman. Mayli, ur, uraqol meni, tep, orqamga tep, roziman, mendaqa yaramas erning jazosi shu.

Zarofat uning gaplariga chidolmay narigi uyga chiqib ketdi. Orqasidan Rahmonali ergashib kirdi.
— Endi qoʻygin, jon xotin, erkak boshimni xam qilib toʻgʻrisini aytyapman. Nahotki kechirmasang. Endi u xotinning basharasiga ham qaramayman. Tamom. Poy-lab boribsanda-a, hammasini koʻribsanda-a, shunchaki, koʻngli uchun bordim. Turgan-bitgani boʻyoq.
— Nari turing, yaqin kelmang! Essiz odamgarchilik.

Rahmonali tiz choʻkdi:
— Oyogʻimdan oʻp desang oʻpaman. Orqamdan emaklab yur desang emaklab yuraman, meni kechirsang boʻlgani. Endi ishdan bir sekund ham kechikmay uyga kelaman. Koʻrasan, bundan buyon moyanamga ham baraka kiradi. Aytdi dersan. U yaramas xotinga endi hech narsa olib bermayman.

Zarofat oʻgirilib qaragan edi, Rahmonali orqasida, oyogʻining tagida tiz choʻkib, koʻzlarini pir-piratib turibdi. Zarofatning rahmi kelib ketdi. Bir zumda kallasidan: qilmishiga pushaymon boʻlib turibdi-ku, hammasini aytib beryapti-ku, mayli bu galcha kechira qolay, degan oʻy oʻtdi.
— Turing oʻrningizdan. Uyat kerak. Bu galcha kechirdim, ikkinchi shunaqa ish qilsangiz, ostonaga qadam qoʻymay oʻsha yoqdan daf boʻling.

Rahmonaliga jon kirdi. Xotinining oyogʻidan, bilaklaridan, yelkalaridan yigʻlab-yigʻlab oʻpdi.
— Muni qara-ya, boribsan-a, koʻribsan-a.

Zarofat piqillab kulib yubordi:
— Hech qayoqqa borganim yoʻq. Sizni kutib oʻtirib uxlab qopman. Tush koʻrsam, siz oʻlib qopsiz. Idorangizdagilar qabristonda miting qilib koʻmib qoʻyishdi. Uygʻonib ketib biram koʻnglim gʻash boʻldiki, yotib yotolmadim, oʻtirib oʻtirolmadim. Xayolimda sizga bir nima boʻlgandek, yo avtobus, yo tramvay urib ketgandek boʻlaverdi. Idorangizga bormoqchi boʻlib taksiga chiqayotsam, oʻzingiz kelib qoldingiz. Men bu yoqda qandoq tashvishlar qilib yuribman-u, siz boʻlsangiz...
— Boʻldi, boʻldi, bu yogʻini gapirma. Gapni tamom qildik-ku. Aylantirma.

Rahmonali yechina turib, e ahmoq deb, peshonasiga bitta urdi.

Bu hangoma er-xotinning orasida qolib ketdi. Ammo Rahmonali ertalab ishga ketayotganida xotinining qoʻlidan oʻpib, ishdan kelganida peshonasidan oʻpishini eshitganlar nima gapligini bilolmay hayron.

Bordi-yu, olgan maoshining tiyin-tiyinigacha sanab xotinining qoʻliga berishini eshitsalar, nima deyisharkin?

Har qalay, uydagi gapning koʻchaga chiqmagani durust boʻldi. Rahmonali bu sirni mendan boshqa kishiga aytmagan. Men ham haligacha sir saqlab yuribman.

Xomtalash

«Kambagʻal boʻlsang koʻchib boq, boyvachcha boʻlsang oʻlib boq» degan gapda hikmat koʻp ekan. Bu hikmatning ma’nisi kechqurun bilindi. Mahallaning soʻfisi marhumning bevasini ayvonga chaqirib, qolgan marosimlarni qandoq oʻtkazish toʻgʻrisida yoʻl-yoʻriq koʻrsata boshladi.
— Yanga, bir oʻlim hammamizning ham boshimizda bor. Oʻlgan oʻldi. Qolganga qiyin. Endi shundoq qilsangiz: yettisiga bir qoʻy soʻyasiz. Olti mahalladan odam aytiladi. Alalxusus, yigirmasida ham shundoq boʻladi. Har shanba kuni mahalla qariyalarini chaqirib, osh-tuz qilib duoyi-fotihani uzmaysiz. To qirq kungacha arvoh chirqillab, uy atrofida aylanib yuradi. Ha, shundoq.

Kampir koʻzlarini pirpiratib nima deyishini bilmay turardi. Uning eri unchalik oshib-toshib ketmagan, roʻzgʻoriga yarasha pul topib kelgan odam edi. Oʻlgandan keyin bunaqa xarjlarni sira xayoliga keltirmagan. Kampirni vahm bosdi. Bir yilgacha bu tariqa xarjlarga pulni qaydan oladi. Rasm-rusmni qilmasa ayb boʻladi. Yurt nima deydi? Arvoh eshik oldida chirqillab yurgan boʻlsa. Soʻfi yana gap boshladi.
— Yanga, marhumning qarindosh-urugʻlari koʻp edi. Akasi, ukasi, singillari, jiyanlari. Bu hovli marhumning otasidan qolgan. Hovlida shu sagʻirlarning mahri bor. Ana, eshik oldida turishipti. Shu gap janjalga qolmay, issigʻida hovliga narx qoʻyib merosxoʻrlarning mahrini belgilab qoʻysak.

Eshik oldida turgan mahrtalablar quloqlarini ding qilib ayvon tarafga qarashdi. Hammasining egnida qimmatbaho kiyimlar, qoʻllarida tilla soat, oyoqlarida xirom etik, uchi nayza tufli. Biri qorin tashlagan, birining boʻyni yiltiragan, biri brilliant koʻzli uzuk taqqan...

Beva kampirning egnida qora koʻylak, boshida ham motam munosabati bilan boʻyalgan shtapelʼ roʻmol. Oyogʻida tak charmi ikki marta yangilangan kavush. Uning holatidan, nihoyatda tang ahvolda qolgani bilinib turardi. Oxiri u jur'atsizgina qilib gapirdi.

— Bu, axir, oʻlikni talash emasmi? Bu uy oʻlgur ertami-indin buzilib ketadi. Nimasini talashishadi. Bir yilgacha marosimlarni oʻtkazaman, deb qoqqanda qozigʻim, osganda xurmacham qolmaydi. Jigar boʻlsa, aka boʻlsa, uka boʻlsa, singil boʻlsa, mundoq yonimga kirib xarjlarni sal yengillatishsin-da.

Boʻyni yiltiragan mahrxoʻr tilla tishini yaltiratib gap qotdi.
— Kelin aya, sarfni ayamay qilavering. Hovli sotilgandan keyin mahr hisobidan raschyotini toʻgʻrilaymiz. Bu yogʻiga xotirjam boʻlavering.
— Ha, shundoq boʻlaversin, — dedi qorin tashlagan mahrtalab. — Ammo, lekin, xarjni unchalik katta qilib yubormang. Mahr taqsimida uncha-muncha qoʻlimizga ham tegadigan boʻlsin.

Marvarid shodali zirak taqqan, ponbarxat koʻylagining yengini shimarib bolasiga holvaytar yedirayotgan mahrxoʻr xotin gap qotdi:
— Qandoq xarj boʻlsa akalarim, ukalarim hisobidan boʻlsin, xotin boshim bilan nega men qilarkanman. Mening mahrimni bechiqim qilib berasizlar.

Beva kampirning koʻzlarida yosh yiltiradi.
— Qandoq qilaman? Bu xarjlarni qayoqdan olaman?

Soʻfi oʻylab turib juda ham «ma’noli» bir gap aytdi.
— Hoziroq hovliga baho qoʻyish kerak. Ana shu baho hisobidan birovdan pul koʻtariladi.

Boʻyni yiltiragani bu gapni ma’qulladi.
— Shundoq boʻlgani ma’qul. Masalan, men hovli hisobidan qarz berib turishim mumkin. Ammo uch-toʻrt kishining guvohligida.

Shu payt eshikdan ikki xotin kirdi. Boya mahrni bechiqim olaman deyayotgan xotin oʻrnidan tura solib kelgan xotinlarning boʻyniga osildi.
— Jigarimdan ayrilib qoldimo...

Sandiq toʻla sariq gul
Taqsam ado boʻlmaydi.
Jigarimning dardini
Aytsam ado boʻlmaydi.
Voy akaginam qandoq odam edi-ya, shundoq mehribonimdan ajraldimo...

U yigʻini tugatib, yana orqaga qaytdi. Soʻfining oldiga kelib:
— Har kimning mahrini oʻz qoʻliga berasiz, — dedi.
— Xoʻp, opa, xoʻp. Narxi ochildi. Ukangiz qarz berib turadigan boʻldilar.

Xotirjam boʻlgan xotin yana ovozini baland qoʻyib yigʻi boshladi.

Uzun-uzun argʻamchi
Yoʻlda yotsa maylimi.
Shundoq aziz jigarim
Goʻrda yotsa maylimi.
Akaginamdan ayrilib qoldimo-o-o...

Ham eridan, ham hovli-joyidan ayrilgan kampir koʻzidan milt-milt yosh oqizib, qimirlamay turardi.

Mening doʻstim Babbaev!

Ne’mat Boboev bilan bir hovlida turamiz. U yoshlikdan tepkilashib katta boʻlgan ogʻaynim boʻladi. Chilonzordan uy olganimizda ham ikkovimiz bir joyga tushib qolganmiz. U uchinchi qavatda, men ikkinchi qavatdaman. Kechqurunlari hovlida domino oʻynaymiz. Termosda choy damlab tushib rosa choyxoʻrlik qilamiz. Ne’mat qurmagur juda odamjon narsa. Har gapiga maqol, matal qoʻshib gapiradi. U shundoq mehribon, shundoq mehribon...

Mana shu eng yaqin ogʻaynim bir kun pastga pijama kiyib bir qoʻlida termos, bir qoʻlida piyola bilan tushdi.
— Qalay, ishlar joyidami? — dedim kursidan unga joy koʻrsatib.
— Aslida yuztadan otib tashlasak ham boʻladigan.

Uning gapiga tushunolmay hayron boʻlib turgan edim, oʻzi yorila qoldi.
— Sababi shuki, bugun ministrlikdan buyruq oldim. Ya’ni sizlarning zavodlaringa direktor boʻldim.

Haqiqatan ham bunaqa yangilik uchun yuzta emas, ikki yuztadan otsak ham bemalol boʻlaveradi. Ammo biz bunaqa qilmadik. Men doʻstimni astoydil tabrikladim. Toʻgʻrisi, ilgarigi direktorimiz sal qoʻpoldoʻzroq edi. Men necha yildan beri zavodda injener boʻlsam unga bironta taklifimni oʻtkazolgan emasman. Bu toʻgʻrida Ne’matga koʻp gapirganman. Ne’mat bu gaplarni eshitganda kuyib yonib ketardi. Direktorimizni byurokrat, laqma, prinsipi yoʻq, qoʻpol va yana allanimalar deb soʻkardi. Uning direktor boʻlib kelishiga suyinganimning sababi ham shu-da! Har qalay u tushungan odam. Ixtiroimdan xabardor. Chertyojimning koʻp joylarini oʻzi bilan maslahatlashganman. U doimo: «Agar shu ixtiro amalga oshsa, zavod yiliga kamida ikki yuz ming iqtisod qiladi» deb meni ishontirardi. Mana, Ne’matning oʻzi direktor. Ura!..

Ertalab ishga u vaqtli ketib qolgan ekan. Qoʻshnilarning aytishiga qaraganda u havo rang «Volga»da ketibdi. Hay, men ham zavodga yetib keldim.

Smena oxirlashib qolgan edi. Telefonda sekretarʼ qiz meni direktor chaqirayotganini aytib qoldi. Bordim. Eshikni ochib kirishim bilan Ne’mat basharamga qarab:
— Sizda madaniyat degan narsa bormi? — deb qolsa boʻladimi.

Hayron boʻlib eshik bilan uning stoli oraligʻida toʻxtab qoldim.
— Sekretardan, kirsam mumkinmi, deb soʻrash kerak.
— Jinni boʻldingmi, Ne’mat.
— Men sizga Ne’mat emasman, oʻrtoq Babbaev boʻlaman, oʻrtoq Xajjayip.

Indamadim. Oʻzi stol oynasini bir oz chertib oʻtirib gap boshladi.
— Oʻrtoq Xajjayip, sizni chaqirtirishimning sababi shuki, biz siz bilan bevosita zavod xoʻjaligiga javobgar kishilarmiz. Ishlab chiqarishni minimumdan maksimumga koʻtarishda komandirlik qilishimiz lozim.

E, attang, dedim ichimda. Har gapiga maqol, matal qoʻshib gapiradigan, bir ogʻiz gapi bilan odamning ichiga kirib ketadigan bola tamom boʻpti-ku!
— Menga qara, qoʻy bu olifta gaplarni. Toʻppa-toʻgʻri, odamga oʻxshab gapiraver.

Ne’matning koʻzlari dum-dumaloq boʻlib ketdi. Aftidan u rahbar xodim, albatta jiddiy gapirishi shart, kulish, hazil qilish rahbar obroʻsini toʻkadi, deb oʻylasa kerak, qoʻrqib ketdi. Yana oʻzim gap boshladim.
— Albatta mening chertyojim masalasida chaqirgan boʻlsang kerak. Shuni endi amalga oshirsak, boʻlar, a?

Ne’mat ranglari oqarib angrayib turardi. Gapim tamom boʻlishi bilan boshini sarak-sarak qildi.
— Bu yerdagilar ham, eski direktor ham ikkovimizning oʻrtoq ekanligimizni yaxshi bilishadi. Agar loyihangni amalga oshiradigan boʻlsam, albatta: oʻz oʻrtogʻini qoʻllayapti deyishadi. Umuman bu loyiha bizga toʻgʻri kelmaydi.
— Xoʻsh, nega toʻgʻri kelmas ekan.
— Birinchidan, bu dastgohni yasash uchun bir necha odam ovora boʻladi. Quyuv sexi ham, yigʻuv sexi ham planni bajarolmay sudralayotgan ekan, uning ustiga plandan tashqari xonaki qilib sening dastgohingni yuklasak ularga javr boʻladi.
— Besh olti kun javr boʻlgani bilan bu yogʻiga kollektivimizning qoʻlidan ogʻir ishni oladi-ku.
— U keyingi gap. Naqdi kerak bizga. Bor dastgohlarimiz binoyidek kunimizga yarab turipti.

Shunday tutaqib ketdimki, oʻrnimdan turib qolganimni oʻzim bilmabman.
— Hoy, menga qara. Oʻzing emasmiding, shu dastgoh bitsa zavod yiliga ikki yuz ming iqtisod qiladi, degan. Oʻzing emasmiding, eski direktorni byurokrat, landavur, prinsipi yoʻq laqma degan...

Ne’mat qoʻllarini ikki tomonga yozdi.
— Tashqaridan qaraganda hammamiz ham shunaqa deymiz. Javobgarlik boʻynimizga tushganda oʻylab qolamiz.
— Oʻz ogʻaynisining ishini amalga oshiryapti deyishlaridan qoʻrqaman, deysan. Nima, shaxsiy ishimga qarashyapsanmi. Hamma ham oshna boʻlsa, butun kollektiv bir ogʻayni boʻlsa, qandoq yaxshi.

Ne’mat oʻrnidan turib ketdi.
— Bas qiling, oʻrtoq Xajjayip, gap tamom!
— Xoʻp, — dedim — kechirasiz oʻrtoq Babbaev.

Chiqib ketdim.

Qechqurun Ne’mat yana termos koʻtarib tushdi. Men uning oldiga borib, mumkinmi, oʻtirsam, oʻrtoq Babaev, dedim.
— Otimni aytsang oʻlasanmi. Oʻtiraver, — dedi.
— Axir boya zavodda kabinetingda...

Ne’mat iljaydi.
— U zavod, bu koʻcha, uy. Xoʻsh sogʻliging yaxshimi, gʻalati tarvuz olib keldim, xolodilʼnikka tiqib qoʻyibman, hozir chiqib qotiramiz.

Yo tavba. Shu yoshga kirib bir umr birga boʻlgan ogʻaynimning qanaqaligini bilmagan ekanman. Shuncha vaqtdan beri odamning jonidek boʻlgan yigit orqasi stulga tegdi-yu boshqacha boʻldi, qoʻydi-ya.

Shu kecha rosa domino oʻynadik, men uni yutaverib toʻrt marta stol tagidan emaklatib oʻtkazdim. Peshonasiga echkining suratini yopishtirdim. Hamma oʻyinlarimiz samimiy, begʻaraz oʻtdi. Ammo...

Ammo ertasiga ishga borganimda u yana boshqacha boʻlib qolibdi. Nuqul oʻrtoq Xajjayip deydi. Otini aytsam chirsillab, oʻrtoq Babbaev degin deb koʻrsatma beradi.

Xotinboz chumchuq

Bir jurnalda «Xotinboz chumchuq» degan hikoya bosildi.

Hikoyada nimalar deyilganini bu yoqqa qoʻyib, uni kim yozganidan gaplashaylik.

Choyxonachi Alimat buva uvali-juvali chol. Nevaralari shunday koʻpki, nomlarini adashtirib Solini Vali, Valini Soli deb yanglishib yuradi. Alimat buva nevaralariga qaysi ertakni aytsa, buni aytgansiz, deb janjal qilishadi. U oʻylab, ichidan toʻqib ertak aytadigan boʻlib qolgan. Ayniqsa ertakka toʻymaydigan bitta Kenjavoy degan nevarasi ham bor. Choy ustida xam, osh ustida ham:
— Buva, davay, ertak aytib bering, — deb harxasha qilaveradi.

Chol dunyodagi jamiki ertaklarni aytib boʻlgan. Yangisini toʻqib charchagan. U oxiri oʻylab-oʻylab ertak toʻqidi, ya’ni:
— Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bitta chumchuq bor ekan...

Oradan ancha vaqt oʻtib, nima ham boʻldi-yu, bir jurnalda oʻsha «Chumchuq» lop etib chiqib qoldi. Chol mundoq qarasa, oʻzi toʻqigan ertak hikoya boʻlib chiqibdi. Hikoyachaning tepasiga Kenja Alimatov, deb yozib qoʻyipti. Kenja — Alimat otaning oʻsha zumrasha nevarasi, endi oʻn toʻrt yoshga kirgan. Samovardagilar «Xotinboz chumchuq»ni rosa choʻzgʻilab oʻqib chiqishdi.

Hay, bu ham oʻtdi. «Xotinboz chumchuq» odamlarning esidan ham chiqib ketdi. Ammo oradan bir oy oʻtar-oʻtmas gazetada «Xotinboz chumchuq» sarlavhasi ostida maqola chiqdi. Gazeta qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Oʻqigan ham oʻqidi, oʻqimagan ham oʻqidi. Maqola shunday boshlanardi:

«Yozuvchi Kenja Alimat oʻzining «Xotinboz chumchuq» asari orqali oramizdagi xotinbozlarni satira oʻti bilan kuydirishga uringan va uni muvaffaqiyatli hal qila olgan.

Asarda yozuvchining katta hayot tajribasi borligi yaqqol sezilib turibdi. Uning koʻzi oʻtkir, fikri tiniq. Ayniqsa tili oʻynoq va jozibador. Tabiat manzaralarini juda usta rassomdek noziklik bilan chizadi.

Avtor hayotni oʻz koʻzi bilan koʻradi. Undai ma’lum darajada falsafiy xulosalar ham chiqaza oladi. Hayot tajribasi, klassiklarni qunt bilan oʻrganishi, oʻzidan oldin shu mavzuga qoʻl urgan yetuk avtorlarning asarlaridan ijodiy foydalanishi avtor mahoratiga oʻz ta’sirini oʻtkazgan.

Ayniqsa, asar oxiridagi xotinboz chumchuqning boshqa chumchuqlar orasida fosh boʻlib, oʻz xotini tomonidan ushlab olinish kartinasi nihoyatda yorqin, oʻquvchining u yoki bu esida qoladigan darajada aniq tasvirlanishi muvaffaqiyatni ta’minlagan... Oʻquvchi xotinboz chumchuqning proobrazini koʻz oldiga keltirib turadi. Undan jirkanadi, nafratlanadi, gʻazablanadi, v. b.

Xotinboz chumchuq Kant aytgandek, men bor — olam bor, deb oʻylaydi.

Avtor chumchuq qiyofasini yaratishda novatorlik yoʻlidan boradi. Personajini individuallashtiradi. Xarakter yaratadi. Misollarga murojaat qilamiz:

«Uning ikkita qanoti bor, bir tumshuq, ikkinchi oyogʻi mavjud».

Qarang! Naqadar tiniq, aniq, ajoyib, noyob portret.

Kenja Alimat chumchuq ini orqali salbiy chumchuqlarning xususiy mulkchiligini alamli satrlarda fosh qiladi.

...Keksa tol poyalari orasida oʻziga xos xashaklardan haromxoʻrlik bilan yigʻilgan uya...

Yuqoridagi misollar avtor mahoratini belgilovchi omillar sifatida bizni quvontiradi. Yana misol...

«Xotinboz chumchuq gulzor oldida bir oyogʻida romashka ushlab, tumshugʻi bilan uning barglarini bittalab yulyapti:
— «Keladi, kelmaydi, keladi...»

Ana gulzor tomondan olifta patli satang chumchuq paydo boʻldi.

Xotinboz chumchuqning yuragi oʻynadi. Shoshib uning istiqboliga chiqdi».

Bunday tasvirlar asarda koʻp.

Ammo asar bir qator kamchiliklardan ham xoli emas.

Ayniqsa kompozitsion tarqoqlik seziladi. (Chumchuqlar har yoqqa tarqab uchib yurishadi.)

Xotinboz chumchuqning chirqillashi jibilajibonning sayrashini eslatib qoʻyyapti. Satang chumchuq Qarqunoqning xuddi oʻzginasi.

Asar syujeti koʻproq ocherkni eslatadi.

Avtor bundan buyon chumchuqlar orasida koʻproq boʻlsa, ularning hayotini oʻrgansa, tili, odatlarini qunt bilan kuzatsa, faqat yutadi, yana ijod choʻqqilariga parvoz qiladi.

Umuman olganda «Xotinboz chumchuq» keng kitobxon ommasining oʻsib borayotgan didini, talablarani qondira oladigan ajoyib sermazmun asardir.

Biz talantli Kenja Alimatdan ariq boʻylaridan sovun oʻgʻirlaydigan Zagʻizgʻon, uzumlarimizni choʻqib ketadigan Chugʻurchiq, giloslarimizni yeb qoʻyadigan Tutxoʻrak singari parrandalar haqida polotnolar kutishga haqlidirmiz...»

Ana shu maqola bosilib chiqqan kuni ertakchi chol Alimat buvaning zumrasha nevarasi, ya’ni «hayotdan falsafiy xulosalar chiqarib oladigan yozuvchi Kenja Alimat» tomda oʻz tengi bolalar bilan kaptar quvib yurardi.

Musicha

Agar Jumavoyning bolasi ikkita boʻlganda bunchalik kuymasmidi. Oʻzi odam boʻlib, yeb koʻrish u yoqda tursin, yalab koʻrmagan taomlar bilan boqqan, bobokalonlari izvosh u yoqda tursin, qoʻqon aravaga tusholmay zor qaqshab ketishiga qaramay, «Volga»da allalab katta qilgan, dom otdixlarni ravo koʻrmay kurortlarga yuborib oʻynatgan, peshonasidagi shu bittayu-bitta bolasini militsiya qamab qoʻysa, bunga qandoq qilib chidash mumkin?!

Jumaboyning xotini boʻlsa, oʻtirgani joy topolmaydi.
— Par yostiq oborsam olarmikin. Bolaginamga mol goʻshti yoqmasdi. U yerda limon choy berisharmikin? Kechasi uygʻonib sovuq choy soʻraydigan odati bor edi. Voy dod, endi nima boʻladi?

Jumavoy xotiniga qarab moʻltiraydi. Xotini ikki qoʻlini beliga tirab, unga zugʻim qiladi:
— Oʻtiraverasizmi?! Mundoq otalarga oʻxshab harakat qilsangiz-chi!
— Oʻylayapman, chorasini oʻylayapman. Mahalladan bir xarakteristika olish kerak, maktabiga borib, komsorgdan ham bitta xarakteristika soʻraymiz. yoʻq deyishmas.

Jumavoy shoshib, koʻchaga chiqib ketdi. Xayriyat mahalla komissiyasining raisi choyxonada domino oʻynab oʻtirgan ekan. Boʻlgan gapni shundoq-shundoq boʻldi, deb tushuntirdi.
— Yomon urgan ekanmi? — dedi u Jumavoyga qarab.
— Kayfda boʻlgan gap, shuni ayb demasa ham boʻlardi. Kaltak yegan odamning burni sal shikast topibdi. Teshigi butun, bemalol nafas olsa boʻladi.
— Oʻnisi-chi? — dedi mahalla komissiyasi.
— Unisi sal mundogʻroq, bir poy qulogʻi yarmigacha yirtilgan. Doktorlar tikib beradi. Soch oʻstirsa, koʻrinmay ketadi. Eshitaman desa, bitta quloq bilan ham har qancha gapni eshitsa boʻladi.

Komissiya raisi idorani ochib, xarakteristika yozishga tushdi. Jumavoy rais ushlagan ruchka bitta harf yozsa, bitta, ikkita harf yozsa, ikkita, ishqilib izma iz oʻqib boraverdi.

«...mahallada musicha shoʻxlik qilsa qiladiki, Joʻravoy shoʻxlik qilmaydi, hech kimning derazasini sindirmagan, hech qaysi toʻyda toʻpolon qilmagan, mahallada hamma, bola boʻlsa Joʻravoydek boʻlsin, deb niyat qiladi...»

Xarakteristika bitdi. Komissiya raisi qogʻozni Jumaboyga uzatar ekan, ma’noli iljayib qoʻydi. Jumavoy bunaqa iljayishlarning ma’nisiga yetadi.
— Erkatoy omon-eson qutulib chiqsa, ziyofat boshida oʻzlari turadilar, — deb uni xotirjam qildi.

Er-xotin xalloslab Joʻravoy oʻqiydigan texnikumga qarab chopishdi. Xayriyat komsomol komitetining sekretari endi idorasiga kiraman, deb turgan ekan. Unga yalinishdi, yolvorishdi, xullas eritishdi.
— Jon uka, u qilmapti, biz qipmiz. U emas, biz benavot. Shuni bir balo qiling. Bir varaq qogʻozni bizdan ayamang.

Sekretarʼ hali yosh, umrida unga birovning ishi tushmagan, xomgina yigit ekan, bularning nolasidan yigʻlavoray dedi. Ikki koʻzida jiqqa yosh bilan qoʻliga ruchkani oldi-yu, yaxshilab xarakteristika yozib berdi.

Tashqariga chiqib, er-xotin mamnun, bir-birlariga qarab olishdi.
— Xotin, endi mundoq qilsak, sen anavu qulogʻi yirtilgan bolaning uyiga borib, koʻz yoshi qil, da’vosidan kechmaguncha yigʻlayver, koʻz yoshi toshni ham eritadi. Men anavu burni gʻajilganiga boray, oʻshanisi oyogʻini tirab turibdi. Koʻnmasa oʻzini benavot qilamiz.

Er-xotin ikki tomonga ajralishdi.

Oxiri shu boʻldiki, ikki kundan keyin Joʻravoy chiqib keldi. Shu kuni kechqurun Jumavoy katta ziyofat qildi.

Ziyofatga kelganlar:

1) Odilov Fozil Toʻraevich, mahalla komissiyasining raisi, 1913 yilda tugʻilgan.

2) Qobilov R. D. Texnikum komsorgi, 1943 yilda tugʻilgan.

3) Ziyoev Rahim Isaevich, uchastkavoy, 1933 yilda tugʻilgan.

4) Ahrorov Mannop (pasporti yoʻq, tugʻilgan yili noma’lum, bekor).

Ziyofat juda quyuq boʻldi, konʼyakdan besh shisha, aroqdan ikki shisha ichildi. Joʻravoy andak kayf qilib qoldi.

Joʻravoydan kaltak yeganlar:

(Yuqoridagi roʻyxatga qaralsin)

«Tez yordam» mashinasida olib ketilganlar.

(Roʻyxatning birinchi va ikkinchi raqamlariga qaralsin.)

Joʻravoyni oʻsha kuniyoq, ertalab chiqib kelgan joyiga oborib qoʻyishdi. Ahvoli yaxshi. Qon bosimi qanoatlanarli. Uyqusi me’yorida. Ishtahasi durust. Oʻzini juda yaxshi sezyapti.

Ziyofat paytida kaltak yeganlarning sogʻligʻi haqida hali aniq ma’lumotlar olingani yoʻq. Chunki roʻyxatning birinchi raqamida ismi zikr etilgan kishi oʻziga kelmagan. Ukol qilish va qon quyish davom etmoqda.

Sud

Sarguzasht

Saraton kunlarining birida

Saratonning jazirasi avjga chiqqan, quyosh osmondan nur emas olov toʻkayotgandek.

Yotoqda mendan boshqa hech kim yoʻq. Hamyotoqlarim salqin parklarda dars tayyorlagani, ba’zilari konsulʼtatsiyaga ketishgan.

Sal kamxarjroq boʻlganimdan nonga kunim qolib, issiq yotoqda dimiqib dars tayyorlayapman, kunning issigʻi hatto boshimdagi doʻppimni ham kuydirayotganga oʻxshaydi. Miyamga oʻlay agar bir nima kirsa. Oʻqiganim kallamga kirmay, sochlarim orasida qolib ketayotganga oʻxshaydi.

Saratonning jazosi koʻkchoy deganlar. Choynakni koʻtarib pastga tushdim. Koʻchaning narigi betidagi choyxonaga oʻtmoqchi boʻlib avtobus oʻtib ketishini kutib turibman. Birdan qayragʻoch tagidagi skameykada yonboshlab yotgan bir kishiga koʻzim tushdiyu, orqamga qaytdim. Yoshi oltmishlarga borib qolgan bir kishi boshini skameykadan osiltirib yotibdi. Avvaliga uni uxlab qolgan gumon qilgan edim. Yaqiniga borsam uxlaganga oʻxshamaydi. Yerda eskirib ketgan bir charm portfelʼ. Portfelning qopqogʻi ochilib qolgan. Yerda bir-ikkita oʻn soʻmlik sochilib yotibdi. Shoshib uni uygʻota boshladim. Boshini koʻtarib toʻgʻrilab yotqizib qoʻydim. Chol hamon uygʻonmas edi.

Birdan koʻnglimga shayton kirdi. Oʻyim buzildi. Shoshib atrofga qaradim, hech kim yoʻq. Cholning yarim ochiq koʻzlarida nazarimda nur soʻngandek edi. Ajib bir chaqqonlik bilan portfelni oldimu qoʻynimga tiqqanimcha yotoqqa qarab chopdim.

Toʻrtinchi qavatga qanday chiqqanimni bilmayman. Yotoqqa kirdimu portfelni toʻshagim tagiga tiqib ustiga oʻtirib oldim. Yuragim shunday dukillab urardi-ki devor soatning tukillashiga oʻxshab oʻzimga ham eshitilib turibdi.

Nima qilishimni bilmay yana oʻrnimdan turdim. Deraza oldiga kelib pastga qaradim. Chol hamon oʻsha holicha qimirlamay yotibdi.

Xayolimga, oʻrtoqlarim kelib qolsa nima qilaman, yo boʻlmasa qochayotganimni birov koʻrgan boʻlsa qidirib kirsa nima qilaman, degan oʻy keldi. Toʻshak tagiga qoʻl suqib yana portfelni oldimu pechkadek qizib yotgan cherdakka chiqa boshladim. Emaklab borib uyilib yotgan uvadalar orasiga portfelni tiqib, qaytib tushdim. Yotoq eshigini ochishim bilan yana oʻzimni derazaga urdim.

Endi cholning tepasiga odam yigʻilgan. Gullarga qarab yuradigan bogʻbon amaki qoʻlidagi piyoladan uning yuziga suv sepyapti. Darrov derazadan nari ketdim. Tashqariga chiqishga ham, yotoqda yolgʻiz qolishga ham qoʻrqaman.

Bir soat oʻtdimi, ikki soat oʻtdimi bilmayman. Shuncha vaqt qimirlamay tik turganimni ikki tizzamda darmon qolmaganidan bildim.

Qilib qoʻygan ishimning dahshatini mana shu oʻtgan vaqt ichida bilib qoldim. Peshonamga shatillatib tushirdim.
— Nima qilib qoʻydim? Oʻgʻri boʻlib qoldimmi?

Shart oʻrnimdan turdimu cherdakka chiqdim. Uvada orasidan portfelni olib yana yotoqqa tushdim. Uni pastga, toʻdalanib turgan kishilar tepasidan irgʻitmoqchi boʻlib derazadan qaradim.

Endi skameyka oldida hech kim yoʻq. Tez yordam mashinasi shitob bilan chorraxani kesib oʻtib ketdi. Tamom! Boʻshashib yana karavotimga oʻtirdim. Portfelni ochdim. Bir dasta pul. Vedomostʼ. Pulni sanadim. Bir ming ikki yuz oʻn olti soʻm. Yana allaqancha tanga-chaqa. Vedomostga koʻz tashladim. Oʻn yettinchi maktab oʻqituvchilarining otpuska puli.

Koridorda oyoq tovushlari eshitila boshladi. Qoʻrqib portfelni yana toʻshak tagiga tiqdimu qimirlamay oʻtiraverdim. Eshik ochilib Sayfi bilan Umar kirdi. Ular basharamga qarab hayron boʻlib qolishdi.
— Nima boʻldi? Tobing yoʻqmi? Ranging oqarib ketibdi.

Ularga nima deb javob berganim hozir esimda yoʻq. Sayfi choynakdan suv topolmay stakanda ilib qolgan choyni ogʻzimga tutdi.
— Ich, ich, ogʻayni. Oftob urgan boʻlmasin tagʻin.

Choyni ichmay qaytardim.
— Bunaqa oʻzingni qiynab dars tayyorlama-da. Dam olib, kallani mundoq shamollatib tayyorlash kerak. Oʻzingni urintirib qoʻyibsan, oshna, — dedi Sayfi. — Pastdan qaynoq choy opchiqib beraymi?

Sayfi tunika choynakni qoʻliga oldi. Shu topda mening birdan-bir dushmanim boʻlib shu choynak yiltirab turardi.
— Yoʻq, — dedim qat'iy qilib. — Choy ichmaymai. Oftobda sal koʻproq yurib qoʻygan ekanman. Boshim aylandi. Salda tuzalib qolaman.

Ular birpas hayron boʻlib turishgandan keyin kitob daftarlarini tumbochkaga qoʻyib yana chiqib ketishdi. Yana yolgʻiz qoldim. Bu xilda oʻtiraversam qiynalib ketadiganga oʻxshayman. Asta oʻrnimdan turib boshimga shuncha kulfatlar solgan portfelni toʻshak tagida yolgʻiz qoldirib chiqib ketdim.

Bogʻbon amaki gullar tagini ketmonlab yurgan ekan. Menga bir qaradiyu, indamay ishini qilaverdi.

Yuragim shuv etib ketdi. Nega unday qildi? Ilgarilari har koʻrganda gulqaychisini beliga qistirib ahvolimni soʻrardi. Mening musofirligimni, qarashadigan hech kimim yoʻqligini bilib nevarasi tushlik olib kelganda, albatta, chaqirtirib tushardi. Birga tushlik qilardik. Nechuk bu gal menga bu xil sovuq qaradi? Yo qilmishimni koʻzimdan bilib oldimi? Yo boʻlmasa portfelʼ olib qochganimni koʻrganmidi? Qoʻrqib ketdim. Indamay boshimni egib oʻtib ketaverdim.

Sal nari borib sekin orqamga qaradim. U hamon oʻz ishi bilan band. Ketmonini nazarimda jahl bilan yerga urayotganga oʻxshardi. Orqamga qaytdim. Yaqin kelib salom berdim. Chol boshini koʻtarib salomimga sovuqqina alik oldi-da, ketmonini marzada qoldirib, chetga chiqdi. Nos chekdi.
— Sal xafaroq koʻrinasiz? — dedim uni sinamoqchi boʻlib.
— Noinsof, noinsof koʻp, bolam. Kuppa kunduzi bir bechorani shilib ketishdi. Agar oʻsha yaramas qoʻlimga tushgandami, shu ketmon bilan kallasini majaqlab tashlardim.

Tanamga sal jon kirgandek boʻldi. Xayriyat, chol bilmagan ekan. Holdan toyib uning yoniga oʻtirdim. Bogʻbon amaki oʻzidan-oʻzi xunobi oshib gapirardi.
— Necha marta aytganman, pensiyaga chiq, deb. Yoʻq, koʻnmadi. Yuragi oʻzi ma’lum narsa. Hoy doʻstim, endi bas, ishlama, dedim, qani endi bu oʻjarni koʻndirib boʻlsa. Mana, nima boʻldi? Bir ming ikki yuz soʻm-a. Qoshki oʻziniki boʻlsa. Xalqniki, muallimlarniki-ya!

Chol boshini sarak-sarak qilib boʻlgan voqeani gapirib berdi.
— Bankadan pul olib kelayotgan ekan. Issiqda yuragi besaranjom boʻlib qopti. Tramvaydan tushibdi-yu, Mardonni oldida birpas oʻtirib dam olay deb mening oldimga arang yetib kepti. Aksiga olib men oʻlgur qovun olgani ketgan edim. Qovun yemay zaharni yesam boʻlmasmidim. Boyaqish meni kutib oʻtirib koʻngli bexud boʻlib qopti. Pul toʻla papkasini bir noinsof koʻtarib ketibdi. Olgan odamga buyurmasin. Kafaniga, oʻlimiga yarasin shu pul.

Chol oʻgʻrini astoydil qargʻardi. Uning har bir gapi yuragimni teshib ketyapti. Uning gaplari qulogʻimga emas, badanimga oʻq boʻlib sanchilardi.

Pulni olib tushib bogʻbon amakimning qoʻliga bersammikan? Nima deb beraman? Men olgan edim, desam keyin yomon boʻlmasmikin? Topib olgandim, deyaymi? Yoʻq, boʻlmaydi. Koʻzimga tergov, sud, qamoq koʻrinib ketdi.

Yaxshisi yopigʻlik qozon yopigʻligicha qolavelsin. Olganimni hech kim koʻrmapti-ku nimadan qoʻrqaman. Biroq bogʻbon amakimning qargʻishi, koʻngli behuzur boʻlib qolgan kassir cholning yarim ochiq nursiz koʻzlari ichimni timdalardi.

Chol oʻrnidan turib yana gullar orasiga kirib ketdi. Bir oʻzim qoldim. Nima qilishimni bilmayman. Asta turdimu boshim oqqan tarafga qarab keta boshladim.

Ancha kech kirib qolgan. Ishdan qaytayotgan kishilar trotuarlarni toʻldirgan. Kallamga hech narsa kirmaydi. Odamlarga turtinib-surtinib ketyapman. Qornim ochmi, toʻqmi bilmayman. Kim menga qarasa turgan joyimda qotib qolaman. Qochishga payt poylayman.

Ba’zan qilib qoʻygan xatomni tuzatish qiyin ekanini anglab oʻzimcha rejalar tuzaman.

Yangi kostyum olsam. Endi yotoqda turib nima qilaman. Kvartira olib koʻchib ketaman. Soat olaman. Tilla soat olsam ham boʻladi. Yangi etik olish kerak. Uylanib olsammikin?

Shunday shirin orzularimni boʻlib cholning yarim ochiq nursiz koʻzlari koʻrinib ketadi.

Uning holi nima kechadi? Yuragi yomon ekan, oʻlib qolsa nima qilaman? Oʻqituvchilar nima qilishadi?

Shu payt koʻzim magazinning yaltiragan vitrinasiga tushib qoldi. Bu yuvelir magazin edi. Tilla soatlar, billur idishlar koʻzni qamashtiradi. Beixtiyor ichkariga kirib qopman. Shunday badavlat edimki, bu doʻkondagi eng qimmatbaho buyumlarni xarid qilishga ham qurbim yetardi. Shoshilmay rosa aylandim. Qay xil soatni olishimni moʻljallab qoʻydim. Oyna tagida ustiga tilla suvi yurtilgan kumush papirosdon turipti. Ana shuni ham olish kerak. Bu papirosdonga qahrabo mushtuk yarashadi. Albatta olaman.

Nimaga qoʻl uzatsam yetadigandek edi. Rosti ham shunday. Endi eng yaxshi restoranda ovqatlanaman. Bundan buyon stipendiya kutib oʻtirish yoʻq. Jagʻimga qoplama qilib tilla tish quydirsam ham boʻladi.

Ana shunday niyatlar bilan magazindan chiqdim. Ertaga bugun oʻylagan, niyat qilgan narsalarimni olaman. Ertaga mening hayotim yangicha boshlanadi.

Men baxtiyor edim. Ilgari hech qachon oʻylab koʻrmagan, hatto xayolimga kelmagan narsalar toʻgʻrisida oʻylayman. Qadam tashlashim ham, atrofga qarashim ham boshqacha edi. Men yerni bosib ketayotganim yoʻq. Yer meni koʻtarib borayotganga oʻxshaydi.

Hushtak tovushidan choʻchib ketdim. U yoq-bu yoqqa qaradim. Moʻylovdor bir militsioner lunjini toʻldirib hushtak chalardi. Unga qarasam jahl bilan meni imlab chaqiryapti.

Kallamdagi xayollar, shirin orzular shu topdayoq qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Oʻzligimni yoʻqotib murdaga aylandim. Oʻlimga oʻz oyogʻi bilan ketayotgandek unga qarab yura boshladim. Birdan, qochsammikin, deb oʻyladimu, shu topdayoq orqamga burilib tiraqaylab qocha boshladim. Yana hushtak ovozi quloqlarimni teshgudek boʻldi. Qarshimdan kelayotgan baquvvat bir yigit oyogʻimdan chalib yubordi. Munkib ketdimu, yiqilmadim. Zum oʻtmay militsioner yetib keldi.

Tamom boʻldim!

Sud, dahshatli qora kursi. Hukm!

Militsioner oʻng qoʻlini chakkasiga qoʻyib chest berdi.
— Grajdanin siz...

Gʻuldirab qoldim.
— Men, men bilmasdan... — boshqa gap aytolmadim.
— Siz, — shoshilmay salmoqlab gapirardi. — Siz nega koʻcha qoidasini buzasiz? Oz boʻlmasa mashina urib ketay dedi-ku...

U boshqa nimalar dedi bilmayman. Entikaman xolos.

Atrofni odam oʻrab olgan edi. Militsioner to shtraf kvitansiyasini yozib boʻlguncha sal oʻzimni oʻnglab oldim.

Yotoqqa qarab ketyapman. Yurayotganim yoʻq. Sudralayapman. a’zoyi badanimda jon asorati yoʻq. Murdaga oʻxshayman.

Nazarimda kaltak yegandek butun vujudim zirqirab ogʻriydi.

To toʻrtinchi qavatga chiqquncha ikki marta zinada oʻtirib dam oldim.

Sayfi bilan Umar shaqillatib domino oʻynashayotgan ekan, ularga ham qaramay oʻrnimga choʻzildimu koʻzimni yumdim. Ammo toʻshak tagidagi portfelʼ belimga botib uxlagani qoʻymasdi. U yoqqa agʻdarilaman, bu yoqqa agʻdarilaman, boʻlmaydi. Meni shunchalar notinch qilayotgan portfelni olib uloqtirgim keldi. Iloji yoʻq-da!

Shunchalar charchashimga qaramay uxlayolmadim. Endi koʻzim ilinganda tushimga yarim ochiq nursiz koʻz kiradi, uygʻonib ketaman. Yana koʻzim ilinishi bilan oʻzimni tergovchi oldida koʻraman, yana uygʻonaman.

Bir mahal qattiq uxlab qolgan ekanman. Nima boʻldi-yu, bogʻbon amaki qaydandir paydo boʻldi. Belimdan azot koʻtarib derazadan uloqtirdi. Pastga shitob bilan tushib ketyapman. Pastda katta gulxan. Mana hozir olovning qoq oʻrtasiga tushaman. Yonayotgan olov emasmish. Pul toʻla portfelʼ emish. Portfelʼ ustiga belim bilan tushdim. Dod deb koʻzimni ochib yubordim.

Sayfi bilan Umar ham qattiq uxlab qolishgan ekan. Xayriyat alaxsiraganimni, dod deganimni bilishmadi.

Belimga botayotgan portfelni tortib yastiq tagiga bostirdim-da yana koʻzimni yumdim. Bu gal qattiq uxlab qopman. Hech qanaqa tush koʻrmadim.

Qoʻlbola kosmonavt

Juda qattiq uxlab qolgan ekanman. Allanarsaning portlashidan uygʻonib ketdim. Koʻzimni ochsam Sayfi elektrplitaga choy qoʻyaman deb agʻdarib yuboripti. Plita spirallari bir-biriga tegib zamikanie boʻlib, yotoq koridoridagi probkani kuydirib yuboripti. To kiyinib olgunimcha komendant kirib shovqin koʻtardi.
— Yotoqqa oʻt qoʻyvorib tinchiysizlarmi? Bundan keyin kimda kim plita qoʻysa mendan xafa boʻlmasin. Pojarniyga oʻzim tutib beraman.

Sayfi undan uzr soʻrab elektrni tuzatib qoʻyishni boʻyniga oldi.
— Kerakmas, — dedi komendant. — Elektrdan ham zarur ish bor. Qani boʻlinglar. Pastda mashina kutib turipti. Qurilishga hasharga borasizlar. Bugun texnikum boʻyicha jami studentlar yotoq qurilishiga hasharga boradi. Qani, tez-tez. Elektrni montyor chaqirib oʻzim tuzattirib qoʻyaman.

Komendant qistalang qilib hammamizni pastga haydab tushdi. To avtobusga chiqib joʻnab ketgunimizcha turib oldi.

Shahar chetida texnikumimiz uchun yangi bino, yotoq qurilayotgan edi. Bundan ilgarilari ham ba’zan hasharga borib turardik. Qurilish ishlari choʻzilib ketib sentyabrda oʻqish boshlanguncha asosiy korpusning bitmay qolish xavfi tugʻilganidan direksiya keyingi paytlarda xasharga zoʻr bergan edi.

Student xalqi gʻalati xalq boʻladi. Och boʻlsa ham ashula aytadi, toʻq boʻlsa ham ashula aytadi.

Bir avtobus bola ovozining boricha qoʻshiq aytib ketyapmiz. Men ham yotoqda uncha-muncha xirgoyi qilib turardim. Quvnoq, gʻam-tashvish nimaligini bilmaydigan oʻrtoqlarimga qoʻshilib ashula aytib ketyapman. Oʻrtoqlarim avjini sen aytasan, deb qolishdi. Yoʻq demadim. Endi katta avjga chiqqan ham edimki, xayolimga lop etib yastiq tagidagi portfelʼ kelib gʻiq etib toʻxtab qoldim. Sayfi ovozining boricha qichqirdi.
— Patefonning tanobi uzilib ketdimi?
— E, olsang-chi!
— Ha, qani, — degan ovozlar koʻtarildi.

Harchand ovoz chiqaraman deyman, qani ovoz chiqsa. Hiqillayman xolos.

Kimdir zarda bilan dedi:
— E, bor-e. Umar, oʻzing ol.

Hamma ashula aytayapti. Bitta men aralasholmayman. Yuragimda ot chopyapti. Shuncha pul yastiq tagida yotibdi. Uning ustiga komendant montyor olib kirgan boʻlsa, bordi-yu koʻzi tushib qolsa, nima boʻladi? Oʻldim!

To qurilish boʻlayotgan joyga yetgunimizcha boʻladiganim boʻldi.

Tengqurlarim orasida baquvvati men. Shuniig uchun ham meni zambil koʻtarishga qoʻyishdi. Qizlar gʻisht solib berib turadigan boʻlishdi.

Ishga kelganda oʻgʻil bolalardan koʻra qizlar durust. Qizlarning joni qirqta, degan gapga shu yerda ishonib qoʻydim. Menga bir minut dam berishmaydi. Uchinchi qavatga pillapoyadan gʻisht toʻla zambil koʻtarib chiqish osonmi? Qaytib tushishimiz bilan darrov toʻldirib qoʻyishadi. Yana likonglab yuqoriga oʻrmalab ketamiz. Umar ozgʻin, chillakdak yigit boʻlsa ham juda chayir. Shundoq issiq kunda terlamaydi ham. Ha, jindek dam olaylik, desam koʻnmaydi. Qizlarni oldida sharmanda boʻlamiz, deb orqamdan pildirab koʻtarib ketaveradi. Jindakkina orom olsam edi. Yotoqda qolgan pulimni oʻylardim. Umar ham, Sayfi ham, qizlar ham nima gʻamda ekanimni bilishmaydi-da, ularga bu gapni aytib boʻlarmidi?

Qoʻllarim qavarib ketdi. Oxirgi gʻishtni yuqoriga opchiqib tushdik. Yana mashina kelguncha birpas dam olmoqchi boʻlib oʻtirdik.

Toʻgʻrisi shu dam bahonasida juftakni rostlab qolmoqchi edim. Shu niyat bilan bolalarga qanday bahona topsam ekan deb oʻylab oʻtirgan edim. Men oʻtirgan beton supacha sekin-sekin lapanglay boshladi. Avvaliga Umarmi, Sayfimi, tegajogʻlik qilib qimirlatayotgan boʻlsa kerak deb indamay oʻylab oʻtiraverdim. Qarasam, supacha osmonga chiqib ketyapti. Qoʻrqib ketdim, qoʻrqqanimni qizlardan yashirib iljayib turaverdim. Qeyin bilsam, beton armaturaning ustida oʻtirgan ekanman. Koʻtarma kran meni ham armaturaga qoʻshib koʻtarib chiqib ketyapti. To oʻzimni oʻnglab olgunimcha toʻrtinchi qavatning tomi roʻparasiga opchiqib qimirlamay qoldi. Betonning bir tarafi koʻtarilgan boʻlganidan kranchi meni koʻrmay qolipti.

Pastda qolganlar qiyqirib kulishadi. Men boʻlsam jonimni hovuchlab kran zanjirini mahkam ushlab olganman. Gʻiqillab turgan kranning ovozi oʻchdi.

Toʻrtinchi qavat devorida turgan xotin qoʻlidagi bayroqchasini silkitdi. Kranchi butkasidan bosh chiqarib:
— Tok yoʻq. Obed payti boʻlganidan tokni uzib qoʻyishdi, — deb qichqirdi.

Obbo! Rasvo boʻldi. Yana qancha vaqt osmonda muallaq turishimni bilmayman. Bu padar la’nati tok qachon ulanadi. Kran zanjiri uzilib ketsaya! Yerdan meni otashkurakda ham qirib olib boʻlmaydi. Faqat koʻylagimning tugmasigina butun qolishi mumkin.

Agar men urf-odatlarga ishonsam, tirik qolish uchun portfeldagi pullarni sadaqa qilib yuborardim. Qayoqdan ham qurilishga keldim. Mana, pastda hamma oʻrtoqlarim tushlik qilishyapti. Umar kattakon qovunni tilimlab qizlarga uzatyapti. Sayfi boʻlsa hadeb tilini chiqarib meni ermak qiladi. Shu topda hazilga balo bormi? Echkiga jon qaygʻi, qassobga moy qaygʻi.

Nima bilandir oʻzimni alaxsitmasam boʻlmaydiganga oʻxshaydi. Pastga qarasam koʻzim tinib ketyapti. Yuqoriga qarasam ingichka simga besh tonnalik men oʻtirgan beton ilinib turipti.

Koʻzimni chirt yumib oldim. Durustroq, koʻngilni koʻtaradigan narsalarni oʻylash kerak. Nimani oʻylasamikin?

Nimani oʻylasam ham koʻzimga portfelʼ koʻrinadi. Yaxshisi yana shuni oʻylab qoʻyaqolay.

Oʻzimcha bir ming ikki yuz soʻmga nimalar olishimni oʻylayman. Xayolda shahar magazinlarini aylanib chiqaman. Ilgari koʻrganda koʻzni oʻynatadigan buyumlarni nazar-pisand qilmay qoʻyganman. Oʻzimcha, nima balo, doʻkonlarda durust mol yoʻq, deb savdo ministridan nolib qoʻyaman, rost-da, puling boʻlsa-yu, boʻyingga loyiq qorakoʻl palʼto topolmasang.

Xotin-qizlardan jahlim chiqadi. Dunyoda qandoqki yaxshi mato boʻlsa xotin-qizlarga. Biz shoʻring qurgʻur erkaklarning kiyimlari bir xil. Qora, koʻk, kul rang, jigar rang, vassalom. Mototsiklning yaxshisi necha pul turarkin? Velosiped minishga uyalaman. Koʻrganlar nima deydi?

Shirin xayollardan mast boʻlib sekin koʻzimni ochaman. Koʻzimni ochamanu, osmonu falakda muallaq turganimni koʻrib xafa boʻlib ketaman. Pastda chap qoʻli bilan boshidagi doʻppisini ushlab Sayfi hazil qiladi.
— Hoy, kosmonavt papiros chekma, havoning quyuq qatlamida kuyib ketasan.

Uning bu bema’ni hazili uchun boplab bir soʻkay deyman-u, qizlar oldida aytishga istixola qilib indamayman. Tishlarimni gʻichirlataman. Hali shoshmay tur.

Shu alpozda oyogʻim yerga, boshim osmonga tegmay oʻtirdim.

Xayriyat tok keldi. Kranchi beton bilan qoʻshib meni ham toʻrtinchi qavatning devoriga qoʻndirdi. Gandiraklab oʻlar holatda pastga tushdim. Umar shapkasini buklab mikrofonga oʻxshatdi-da, ogʻzimga tutdi.
— Diqqat, diqqat, kosmodromdan gapiramiz, Mikrofonimiz qoʻlbola kosmonavtning ogʻziga toʻgʻrilangan. Oʻrtoq kosmonavt, uchish qanday oʻtdi?

Jahlim chiqib ketdi.
— Bor-e, aravangni tort, — deb yubordim.

Shu orada toʻrtta samosval oldinma ketin gʻisht toʻkib ketdi. Sayfi yana zambilni roʻpara qildi.
— Insofing bormi? Hali tushlik ham qilganim yoʻgʻa.
— Biratoʻlasi kechki ovqatga qoʻshib yeysan. Qani koʻtar!

Zarda bilan uni itarib yubordim-da, nari ketdim. Umar mehribonchilik qilib mening tarafimni oldi.
— Koʻp qiynama. Ovqatini yeb olsin.

Taxtadan omonatgina tiklangan barakka kirib sovub qolgan shavlani yeya boshladim. Ovqat yeyapmanku, xayolim qochishda. Ha, qochish kerak!

Shavla ham chala qoldi. Barakning orqasiga oʻtib vodoprovoddan suv ichmoqchi boʻlib taxtalar oralab koʻchaga chiqib ketdim.

Yoʻl boʻyida bugun kuni bilan bizga gʻisht tashigan samosval turardi. Shofyor yigit maykachan boʻlib olgan, qora moyga qorishib ketgan qoʻllari bilan hadeb peshona terlarini sidiraverganidan apti-basharasi qopqora boʻlib ketibdi. U meni koʻrib iljaygan edi oppoq tishlari yaltirab ketdi. Uning bu koʻrinishi fotosuratning negativini eslatardi.
— Vox. Seni qaysi shamol uchirdi, uka? Beri kel!

Menda nima ishi bor ekan deb oldiga bordim.
— Uka gʻildirakka mix kirib yelini chiqazvordi. Prorabga necha marta aytaman, havozadan boʻshagan taxtalarni yoʻlga tashlanmasin, deb. Shu bugun ikki marta balonim teshildi. Kel, uka, yangi kamera qoʻydim. Yel urishib yubor.

E, bor-e, deb ketib qolmoqchi edim. Shofyor shunday ishonch bilan, xuddi ukasiga ish buyurayotgandek qilib gapirgan ediki, beixtiyor nasos tutqichiga qoʻl yuborganimni bilmay qolibman.

Ikkalamiz galma-galdan yel berib balonni shishirib oldik. Shunga ham salkam bir soat ketdi. Gʻildirakni oʻqqa joylayotganimizda u yana oppoq tishlarini yaltiratib mamnun jilmaydi.
— Rahmat uka. Yaxshi bola ekansan. Qani endi hamma ham senga oʻxshagan insofli boʻlsa. Bitta yaramas togʻamning portfelini oʻgʻirlab ketibdi. Kasalxonaga borib koʻrib keldik. Yuragi yomon edi, oʻlib qolishiga sal qoldi. Boʻldi, rahmat uka.

Shofyor bu gapi bilan gʻildirakka emas, mening ichimga yel bergandek boʻldi. Yorilib ketay dedim. U bilan xayrlashmay yoʻlga chiqdim.

Kuni bilan surgan xayollarim havoga uchdi-ketdi. Shoferning birgina gapi meni shuncha rohatlardan mahrum qildi. Oʻzimni oʻzim qargʻay boshladim.

Qayoqdan ham shu pul oʻlgurni ola qolgandim. Shu pul deb tinchimni yoʻqotdim. Hozir boramanu, portfelʼ-mortfeli bilan anhorga uloqtiraman. Shunday qilsam tinchiymanmi?

Shoshma, dedim oʻzimga oʻzim. Egasiga qaytib berishning-ku iloji yoʻq ekan. Suvga oqizishdan nima foyda. Yoʻq boʻladi, ketadi. Yaxshisi bekor ketkizmaslik kerak.

Ha deb chol nima boʻldi, endi u nima qiladi deb tashvish qilavermasligim kerak. Boʻlar ish boʻldi. Qarib qolgan odamni sud qilisharmidi.

Tamom! Pul endi meniki!

Tiqilinch tramvaylarga osilib yotoqqa keldim. Darvoza oldida komendant papiros chekib turgan ekan. U meni koʻrishi bilan he yoʻq, be yoʻq familiyamni surishtirib qoldi.
— Familiyang Tursunov, a?

Nima deb javob qilishimni bilmay esankiradim.
— Karmisan? Soqovmisan? Nega indamaysan? Familiyang Tursunovmidi?

Sekingina ha, deb javob qildim.
— Oʻqituvchilar xonasiga kir. Seni militsiya leytenanti kutib oʻtiripti.

Jon-ponim chiqib ketay dedi. Yuray desam oyogʻim qimirlamaydi. Gapiray desam tilim aylanmaydi. Koʻzimga dunyo ostin-ustun boʻlib ketdi. Hamma narsa teskari koʻrinadi. Komendantning boshi yerda, oyogʻi osmonda, toʻxtab turgan mashina xuddi toʻntarilib qolgan toshbaqaga oʻxshaydi. Maydondagi fontan osmondan yerga qarab suv purkayotgandek.
— Nega qimirlamay turib qolding. Kir ichkariga.

Komendantning ham ovozi tomdan tushayotgandek boʻldi.

Zoʻr mashaqqat bilan oyogʻimni koʻtardim. Brezent tuflim choʻyandan quyilgandek biram ogʻirki, koʻtarib boʻlmaydi.

Hay, bir amallab ichkariga kirdim. Koridorga yetganda, sal hushim joyiga tushib nima qilsam ekan, degan gap kallamga keldi. Toʻxtadim. Qochib qolaymi? Hali bu savolga javob topib ulgurmagan ham edimki, komendant orqamdan yetib keldi.
— Kiraver, kir!

Oldinma-ketin ichkariga kirdik. Stol oldida telefon trubkasini qulogʻiga qoʻyib militsiya ofitseri turipti. U menga boshdan oyoq xoʻmrayib qarab qoʻydi-da, gapini davom ettiraverdi.
— Topamiz, topamiz, oʻrtoq nachalʼnik. Hali mening qoʻlimdan bironta jinoyatchi qochib qutulmagan. Albatta topaman. Topdim deyavering. Xoʻp-xoʻp.

U maqtangannamo bir kerishib, trubkani joyiga qoʻydi. Keyin menga sinovchan nazar tashladi. Biram koʻzi oʻtkir ekanki. Qaraganni teshaman deydi.
— Familiyang Tursunov-a? Bilamiz. Hammasini bilamiz.

Qoʻlga tushdim, dedim ichimda.
— Xoʻsh, oʻzing ayt. Nima qilaylik. Ayt. Aytaver.

Bu odam hammasini bilarkan. Tonsammikin? Bordi-yu guvohlari boʻlsa. Yaxshisi toʻppa-toʻgʻrisini aytib afv qilishlarini soʻraymi? Hayronman.
— Sheriklaring qani?
— Sheriklarim yoʻq, — dedim.
— Iya, — dedi ofitser qoshlarini kerib, — Halitdan yolgʻon gapiryapsanmi?

Boʻlar ish boʻldi. Bor gapni aytaveraman.
— Bir oʻzimman. Sheriklarim yoʻq.

U choʻntagidan qogʻoz chiqazib hamyotoqlarimni birma-bir aytib chiqdi.
— Bular kim boʻladi?
— Kursdosh hamyotoqlarim.
— Men ham ana shularni soʻrayapman. Menga qara, bola. Qechadan boshlab sen, sheriklaring, bildingmi, sheriklaring bilan, — u labini tishlab ancha vaqt turib qoldi. — Drujinachilar safiga qabul qilindinglar, Tushundingmi, Tursunov? Ertaga kechqurun kelib mashgʻulot oʻtkazaman. Eng avval samboni oʻrgataman. Boʻpti. Oʻrtoqlaringga aytib qoʻy. Kechqurun kino-pinoga quyon boʻlib qolishmasin.

Leytenant qachon chiqib ketdi, xayrlashdimmi, xayrlashmadimmi, bilmayman.

Esimni oʻnglab koridorga chopib chiqdim-da, oʻqdek otilib toʻrtinchi qavatga koʻtarildim. Yotogʻimiz eshigi ochiq. Kimdir karavotdagi koʻrpa toʻshaklarimni yigʻib qoʻyipti. Qoʻrqib ketdim. Jon holatda toʻshakni yozib yostiq tagini qaradim. Hayriyat, portfelʼ joyida turipti. Allaqaysi karavot tagidan pol yuvayotgan yotoq navbatchisining ovozi eshitildi.
— Oʻrningni men yigʻib qoʻydim. Montyor shnurni yangiladi. Koʻrpangga ohak toʻkilmasin deb shunday qildim.

Portfelga birovning koʻzi tushmasin deb yastiq jildi orasiga tiqivordim.

Qurilishdan qaytgan hamyotoqlarimning gangir-gungir tovushini eshitib darrov yastiq jildining tugmalarini sola boshladim.

Xayolimda bir gap. Portfel-ku turipti. Ichidagi omonmikin?

Toʻqqiz kilogrammli tarvuz

Shuncha pul kissangda tursayu imillab soqol olsang. Yoʻq, shoshilish kerak. Bir joyda qimirlamay turish puli yoʻq odamlarning ishiga oʻxshab ketdi. Shoshib betimni yuvdimu koʻchaga otildim. Bugun menga eng ajoyib, lazzat baxsh etadigan kun. Shoshilish kerak. Shahar magazinlarida shamoldek yelib koʻzga nima koʻrinsa xarid qilaverish kerak.

Toʻrt qavat imorat zinasidan yurib emas, uchib tushdim. Yoʻlda uchragan ogʻaynilarim koʻzimga juda mayda, nochor kishilar boʻlib koʻrinyapti, Hech kimni nazar-pisand qilgim kelmaydi.

Gulzor oldidan oʻtib ketyapman. Bogʻbon amaki skameykaga belbogʻini yozib bir bosh uzum, non qoʻyib, nonushta qilyapti. Shu ham nonushta boʻptimi? Billur qadahlarga konʼyak, qovurilgan goʻsht bilan nonushta qilmagandan keyin shuni ham umr deb boʻladimi? Bu chol umrboʻyi shu xil nonushta qilib kelgan boʻlsa kerak. Bechora!

Birdan cholning koʻzi menga tushib qoldi,
— E, bolam, kel. Oʻzim ham kelib qolarsan, deb turgan edim. Oʻtir, birga nonushta qilamiz.

Shuncha pulim, shuncha imkoniyatim boʻla turib shu arzimas ovqatni yeymanmi?
— Olsang-chi, muncha imillaysan?

Chol uzumni shingillab qoʻlimga tutqizib qoʻydi.
— Malol kelmasa senga bitta ishim bor edi. Bolam, illo yoʻq demaysan.

Uning menda qanday ishi boʻlishi mumkin ekan, deb hayron boʻlib turgan edim, oʻtirgan yerida hassasi bilan skameyka orqasida tizza boʻyi boʻlib ochilib yotgan gullar orasini titkiladi. Ariq ichida kattakon tarvuz yotardi.
— Xoltoyni koʻrib kelmoqchi edim. Tarvuzning kattarogʻini olib qoʻyipman. Oʻzim koʻtarib borolmaydiganga oʻxshayman. Ogʻir, toʻqqiz kilo keldi. Birga borib kelaylik. Kasalxona uzoq emas, yaqin.

Nima deyishimni bilmay indamay turib qoldim. Yoʻq, desam chol ranjiydi. Boya aytdimku, chol uyida tansiqroq ovqat boʻlsa menga ilinadi deb. Shundoq odamning gapini qaytarishga koʻnglim boʻlmadi. Xoʻp dedim.

Chol dasturxonga fotiha oʻqib belbogʻidagi ushoqlarini gulzor ichiga qoqdi.
— Qani, tarvuzni koʻtar. Ketdik!

Chol oldinda hassasini doʻqillatib ketyapti. Men orqasida bugun qiladigan xarjlarimni oʻylab ketyapman.

Dunyoda uch narsa yomon deyishardi. Biri — yolgʻiz qoʻyni yetaklash, ikkinchisi — birovni kutish, uchinchisi — tarvuz koʻtarish.

Shu gapning chinligiga ishondim. Bu tarvuz qurib ketgurning ushlaydigan joyi boʻlmasa. Silliqligini aytmaysizmi. Oʻng qoʻltigʻimga olib koʻraman, chap qoʻltigʻimga olib koʻraman. Boʻlmaydi. Qornim ustiga qoʻyib orqaga gavdamni tashlab koʻtarib koʻraman. Shu payt bitta xira pashsha burnimga qoʻnib jonimdan bezor qilyapti. Kallamni silkitaman, qani bu xira oʻlgur uchib ketsa. Birdam uchadiyu yana yo qulogʻimga, yo iyagimga qoʻnib oladi. Juda yomon boʻlar ekan. Jonim xalqumimda likillab turganga oʻxshaydi. Sal yoʻtalsam gʻiq etib chiqib ketadigandek.

Dod devorgim keladi.

Yonimda naqd bir ming ikki yuz soʻm pul boʻlsa. Uni ichimdan sirib bogʻlab olgan boʻlsam. Axir shu ham insofdanmi? Cholning ketidan oʻlasi boʻlib tarvuz koʻtarib yurish mendek bir puldorga yarashadigan ishmi? Odamlarning gapiga ham ishonmay qoʻydim. Puli borning qoʻli uzun boʻladi. Hamma unga ta’zim qiladi, deyishardi.

Bekor gap! Qoʻli uzun boʻlsa men boʻlardim, ta’zim qilishadigan boʻlsa eng avval menga ikki bukilib ta’zim qilishardi. Qani u ta’zim?

Shu badbaxt tarvuzni yerga bir uraymi? Hozir uraman. Yerga tushib majaq-majaq boʻlib ketsin. Menga desa urugʻlari hamma yoqqa sochilib ketsin?

Chol birdan toʻxtadi.
— Bolam, sen mana shu yerda sal damingni olib tur. Nonvoyxonadan ikkitagina issiq non olib chiqay.

Choyxonaga yaqin kelib qolgan edik. Soʻriga oʻtirdim. Chol hassasini toʻqillatib bozor ichiga kirib ketdi. Xuddi atayin meni ermak qilgandek boyagi xira pashsha oʻtirishim, ikki qoʻlim boʻshashi bilan uchib ketdi. Sal jonim orom olgandek boʻldi. Jindek sabr qilish kerak. Manavi tarvuz oʻlgirni kasalxonagacha oborib beray. Ana undan keyin ixtiyor oʻzimda. Nima qilsam ham oʻzim bilaman.

Shunday xayollar bilan bir oz oʻylanib oʻtirdim. Chol keldi. Yana boshlashib yoʻlga tushdik.
— Senga ham ikkitagina issiq non oldim. Hali tushlik qilib olarsan. Ma, belingga tugib qoʻy.

Yoʻq, desam chol qoʻymadi. Ikki qoʻlim band boʻlganidan cholning oʻzi non oʻralgan qogʻozni qoʻynimga tiqib qoʻymoqchi boʻldi. Etim seskanib ketdi. Mana, u nonni joylayapti. Naq eski bahoda oʻn ikki ming soʻm pul boylab qoʻyilgan joyga qoʻli tegay, tegay deyapti.
— Nima balo, bolam, nosqovogʻing bormi? Belingga nima tugib qoʻygansan?

Nima deyishimni bilmay dovdiradim.
— Hammomga tushmoqchi edim, sovun, sochiq, degandek...
— Bu ishing ma’qul. Odam degan pokiza yurishi kerak. Toza yurgan odamning tabiati ravshan boʻladi. Oʻzi sogʻlom boʻladi. Yuz koʻzidan nur yogʻiladi. Hammomga tushmagan odamni odam dema. Unaqa odamning basharasidan kul yogʻilayotganga oʻxshaydi. Mening Homidvoy degan sayramlik oshnam bor, Hammomga tushishni ana oʻshanga chiqazgan. Qachon qarasang qoʻltigʻida sochiq. Basharasi bamisoli lampochkaga oʻxshab yaltarab turadi. Qaerda sovun koʻrsa, albatta toʻxtaydi, bir yuvinib oʻtib ketadi. Uyda sovunga qiron keltiradi. Ana shunaqa, bolam. Toza yurgan odamning vijdoni ham toza boʻladi. Haromga yoʻlamaydi. Shu nazarimda ogʻaynimning pulini olgan yaramas ham juda iflos odamga oʻxshaydi. Hammom betini koʻrmagan isqirt boʻlsa kerak. Soch soqoli oʻsib ketgan, basharasini pashsha talagan odam boʻlsa kerak. Juvonmarg boʻlsin u. Goʻrida toʻngʻiz qoʻpsin!

Padaringga la’nat boyagi pashsha hali ham ergashib kelayotgan ekan, yana burnimga qoʻnib olsa boʻladimi? Chol hozir, isqirt odamning, vijdoni nopok odamning basharasini pashsha talaydi, dedi. Menga atayin shunaqa deyatgani yoʻqmi? Azbaroyi xudo, shu pashsha qoʻlimga tushsa naq gʻajib tashlayman. Yoʻq, undan ham battar qilaman.

Qayoqdan ham cholga yoʻliqdim. Mana, yana toʻxtadi. Oʻziga oʻxshagan bir cholni topib qayoqdagi gaplarni choʻzgʻilayapti.
— Indingami, boʻpti. Ammo-lekin sen yutib chiqsang kerak. Sening gullaring oldida meniki nima boʻpti.
— Yoʻq, yoʻq, unaqa dema. Sening duxoba gulingga hamma qoyil qoladi. Boʻpti. Oʻsha yerda uchrashamiz.

Ular shu koʻyi yarim soatcha guldan gaplashishdi. Oxiri ogʻaynisi bilan xayrlashib yana yoʻlga tushdi. Qoʻllarim tolib ketdi. Belim naq uzilib ketaman deydi.
— Haligi oʻrtogʻimni tanimaysan-a. Gulchilikda undan oʻtadigani boʻlmaydi. Indinga seni ham gul vistavkasiga olib boraman. Koʻrasan! Mening gullarimni ham koʻrasan. Bu ogʻaynim, albatta, birinchilikni oladi. Gʻalati odam, u. Burnoq yili terakka oʻn xil atir gul payvand qilgan. Qizil, sariq, pushti, oq gullar terakning qilt uchida ochilib turipti. Mahallasining qay burchidan qarasang ham koʻrinadi. Oʻsha gul payvand qilingan terakni uch marta kinoga olishdi. Jurnallarda ham surati chiqqan.

Chol, balki juda qiziq gaplarni aytayotgandir. Ammo bu gaplarning menga sira ham qizigʻi yoʻq. Mana, u bu gapni tamomlab boshqasini boshladi.
— Butilkaning ichida bodring bitganini koʻrganmisan?

Istar-istamas, yoʻq, dedim.
— Bilmaysan, koʻrmagansan, tushingda ham koʻrmagansan. Mana bundoq bir shishaning ichida bodring. Uning ichiga qandoq qilib bodring siqqan? Hech kim bilmaydi. Bilasanmi, ogʻaynim nima qilgan? Bodring guldan chiqib endi naychalayotganda shishaning ichiga tiqib qoʻygan. Bodring oʻsha shisha ichida oʻsib pishgan. Pishgandan keyin dumini uzib tashlagan. Hozir uyida shunaqa antiqa bodringdan toʻrttasi bor. Tuzlab qoʻyipti. Yeyman degan odam shishani sindirib ichidan oladi. Ha, shunaqa, bolakay.
— Yetay dedikmi, ota? — dedim norozi ohangda.
— Charchading-a, bolakay, yetdik. Hu anavu darvoza kasalxona. Kiramizu oshnamni chaqirtiramiz. Shu bilan vassalom.

Kirib tarvuzni qoʻliga beramanu salom alikni nasiya qilib quyon boʻlaman.

Darvozadan kirdik. Kasalxonaning hovlisi kattakon bogʻ ekan. Daraxtlar tagidagi stulchalarda xalat kiygan bemorlar gaplashib oʻtirishipti. Chol u yoqdan-bu yoqqa alanglab oldi. Keyin bir tanishini koʻrib undan ogʻaynisining qaysi palatada ekanini surishtira boshladi.
— Xoltoy ota, hu anavu daraxt tagida direktorlari bilan gaplashib oʻtiriptilar. Boravering.

Ikkovlashib oʻsha tarafga ketdik. Bir koʻzoynakli oʻrta yashar kishi kim bilandir qizishib gaplashyapti. Orqasini oʻgirib oʻtirgan bemor hassasining uchi bilan yer chizyapti. Yaqiniga bordik. Bemor chol oʻgirildi.

Oʻsha. Skameykada koʻngli ketib qolgan chol.

Beixtiyor toʻxtab qoldim. Qoʻlimdagi tarvuz tushib ketay dedi. Uning koʻzlari men koʻrgandagidek nursiz, xira emas. Ammo juda ma’yus.

Bogʻbon amaki u bilan juda quyuq koʻrishdi-da, qoʻlidagi gazetaga oʻralgan narsalarni stol ustiga qoʻydi.
— Bolam, — dedi menga qarab, — tarvuzni bu yoqqa olib kel.

Avvaliga bogʻbon cholning gapiga tushunmadim. Uning nima deganini anchadan keyin tushundim. Tarvuzni oborib stolga qoʻydim. Qoʻydim-u, yuragimning gupillab urishini aniq eshitdim. Bemorning koʻzlariga qaramay sekin tisarilib yerga qarab turaverdim.
— Oʻtir, bolam, — dedi bemor, — manavi stulga oʻtir.

Oʻtirdim.

Oraga sovuq jimlik tushdi. Boya biz kelganda ularning gapi, boʻlinib qolgan ekan. Ulab yuborish qiyin boʻldi shekilli, direktor papiros tutatib yerdagi soyalarga ancha vaqt qarab turgandan keyin juda ham qiyinchilik bilan gapira boshladi.
— Nima qilishga hayronmiz. Maorifga xabar qildik. Militsiya bu ish bilan hozir qattiq shugʻullanyapti. Qosimovning putyovkasi kelgan edi. Soyuzga qaytib topshirib yubordik.

Bemor chol ingraganga oʻxshash ovoz chiqardi.
— Oshqozonining mazasi yoʻq edi. Kurortga bormasa boʻlmaydi. Meni deb putyovkadan ajralib qopti-da. Putyovkani chakki qaytarib yuboribsizlar. Kecha kampirim kelgan edi. Hovlimizning yarmini sotmoqchimiz. Yana bir ikki kun sabr qilinglar, toʻlaymiz. Sogʻayib chiqay.

Direktor xijolatlik bilan e’tiroz bildirdi.
— Sotmang. Hovli sotish nimasi. Boshqa biron ilojini topish kerak.
— Boshqa iloji yoʻq. Oʻqituvchilar otpuskaga chiqishlari kerak-ku, axir, yil boʻyi ishlab, endi dam olamiz deyayotganlarida bundoq boʻlib oʻtirsa...

Ichimdan bogʻlab olgan pul toʻla belbogʻ tanamni kuydirib tashlayotgandek boʻldi. Agar sharmandalik boʻlmasa, shu oʻtirganlarning ta’nali boqishlariga tob berishning iloji boʻlsa belbogʻni yechib pulni stol ustiga tashlardim. Afsuski, bunday qilishning sira iloji yoʻq. Bu ahvolda ularning alamli suhbatlariga quloq solib oʻtirish ham mumkin emas. Ularning har bir soʻzlari meni boʻgʻizlar, har daqiqada ming martadan oʻldirar edi.

Oʻrnimdan turdim.
— Ketmoqchimisan? Shoshma, — dedi bogʻbon amaki. — Birga ketamiz.
— Zarur ishim bor, — dedim eshitilar eshitilmas.
— Ha, aytgancha hammomga tushmoqchi eding-a. Mayli, bora qol.

Oʻlgandan battar boʻlib tashqariga chiqdim.

Darmonim qurib uzoq borolmadim. Koʻchaning narigi betiga oʻtib keksa tol tanasiga suyanganimcha qancha turganimni bilmayman. Koʻchalarda chiroqlar yonipti. Oʻtkinchilar ham siyraklashib qolipti. Kuni bilan tuz totganim yoʻq. Ammo hech narsa yegim kelmaydi. Tomogʻim qurib chanqab ketyapman. Koʻzimni ochsam bemor cholning xira koʻzlari koʻrinadi, yumsam uning titroq tovushi eshitiladi.

Bu keksa, bemor kishining shundogʻam oz qolgan umrini men qisqartirayotganimni oʻzim bilib turibman.

Hayotda insonlarning koʻp yaxshiliklarini koʻrdim. Mana shu mutlaqo begona bogʻbon cholning oʻzi menga qancha yaxshiliklar qildi. U menga ishonadi. Xuddi oʻz bolasidek haddi sigʻib ish buyuradi. Uyida tansiqroq ovqat pishirilsa nasibang, deb olisdan hassasini doʻqillatib olib keladi.

U mendan nima yaxshilik koʻrdi. Shu yaxshiliklarning evaziga men nima qildim. Hatto tom shuvoq qildirganda ham xasharga bormadim. Men oʻzim kimman? Nimaman? Odammanmi? Undan ortiq oʻqituvchining yozgi dam olishidan, hatto oshqozoni yil boʻyi azob bergan bir keksa oʻqituvchining davolanishidan ham mahrum qildim. Menga nima boʻldi? Bunday pastkashlik menga qaydan ilashdi? Turgan bitganim harom! Odamlar nega mendan jirkanishmaydi?

Osmon toʻla yulduzlar

Balogʻat yoshidan hatlab oʻtganimga ham ancha boʻldi. Haligacha biron qizni yaxshi koʻrib qolganim yoʻq. Sevgi odam yuragiga tiniqlik, nur, koʻngilga ezgu-orzular soladi, deyishadi.

Hamyotoq oʻrtoqlarim sevgi-muhabbatdan gaplashayotganda koʻzlari, basharalari juda gʻalati boʻladi. Xuddi shirin bir narsa yeyayotgandek koʻzlari yumilib ketadi. Kuniga soqol qirtishlashadi. Shimlariga suv purkab toʻshak tagiga bostirib yotishadi. Yaxshi koʻrgan qizlarining suratini tumbochka ustiga qoʻyib, soatlab tikilib oʻtirishadi. Nega men shunday qilolmayman? Koʻngilni yoritadigan qanday niyatlarim bor?

Mana shu savoldan koʻzlarim chaqnab ketdi.

Shu paytgacha bu toʻgʻrida sira oʻylab koʻrmagan ekanman. Juda arzimas narsalar haqida kallani shishirib yurgan ekanman.

Pul, yaxshi kiyinish, yaxshi yeyish. Mana shular mening orzum, mening niyatim, qolaverea hayotdan ilinjim shular edi. Yoʻq. Ana shuning uchun ham yuragimga sevgi kelmagan. Sevgisiz yashashning dahshati butun tanimga zirqiroq soldi.

Uch kun boʻldi basharamni soqol bosib ketganiga. Shu uch kundan beri isqirt boʻlib yuribman. Birovlarning mehnat qilib topgan pullarini belimga tugib pastkash niyatlarimdan mast boʻlib, shabkoʻr odamdek oyoq ostidan narini koʻrolmay yuryapman. Xoʻsh, bu pullarni ham sovurib boʻlarman. Tilla soat taqib qaysi bir qimmatli umrimni hisoblayman. Eng yaxshi kostyumni kiyib olib qaysi bazmga, qaysi ziyofatga boraman? Kimim bor? Kim meni toʻyga aytadi? Xoʻsh pul ham tugaydi? Unda nima boʻladi?

Demak, demak qolgan umrim birovlarning choʻntagiga tikilib oʻtarkan-da! Mehnatchi? Qachon mehnat qilaman?

Mana shunday dahshatli xayollar bilan shahar kezib yuribman. Koʻchalar jimjit. Tramvaylarda ham odam siyrak. Deraza chetiga bosh qoʻyib konduktorlar mudrab ketyapti. Mana, ikki pritsepini sudragan tramvay ostanovkaga kelib toʻxtadi. Hech kim chiqmadi ham, tushmadi ham. Hatto keksa konduktor bosh koʻtarib qaramadi.

Bilaman. Bu odamning ham bola-chaqalari bor. Keksaligiga qaramay ishlayapti. Kuni bilan saraton choʻqqa aylantirgan tiqilinch tramvayda shaharning u boshidan bu boshiga qatnaydi. Shu mehnati bilan roʻzgʻor tebratadi. Ishlab topgan har bir tiyiniga qanchalab peshana teri tomadi.

Tramvay qayilishdan gʻiqillab oʻtib ketdi. Yana azamat shaharning sokin tuni hokim boʻlib qoldi.

Oldimdan tez yordam mashinasi oʻqdek uchib oʻtib ketdi. Vrachning oq xalati koʻzimga arang chalinib qoldi.

Qaerdadir, kimdir betob. Mana shu oq xalat kiygan kishi uni oʻlimning omonsiz changalidan qutqaradi. Bu odam oʻlim bilan olishgani, uni yenggani ketyapti.

Xuddi kunduzdek yorugʻ sokin koʻchaning oʻrtasida, asfalʼtda bitta-bitta bosib militsioner yuripti, Bu odam tong otguncha uxlamaydi. Odamlar tinch uxlasin, deb uyqusidan kechib tunni tongga ulaydi.

Qaydadir parovoz qichqirdi. Qaydan kelayotganikin? Olis choʻllar, dovonlar, togʻ tonnellaridan oʻtib kelayotgan bu karvon shahri azimga yetdim, deb qichqiryapti. Uning qichqirishi goʻyo, ey azamat shahar senga qoʻriq yerlarning nonini olib keldim, poyonsiz oʻrmonlardan yogʻoch, yer qa’ridan koʻmir, ma’dan olib keldim, deyayotganga oʻxshardi. Mashinistning oʻt yalligʻida yaltiragan qoramoy basharasi koʻzimga koʻringandek boʻldi.

Shahar uyquda. Qorongʻi kechada projektorini nurli oʻqdek otib tepamda koʻtarma kran gʻiqillayapti. Elektr payvandi chaqin chaqyapti. Uy qurishyapti.

Yonboshiga «non-xleb» deb yozilgan mashina oʻtdi. Sokin kechada issiq non hidi ancha vaqtgacha turib qoldi.

Ketyapman. Shoshilmay oʻz taqdirim, qilmishlarim haqida oʻylab ketyapman. Vaqt alla-palla boʻlib qolgan. Tramvay, avtobuslar ham yotgan. Katta shahar koʻchasida militsioneru men uygʻoq. Toʻrt qavatli uyning hamma uylarida chiroq oʻchganu ikkinchi qavatidagi bitta uyning derazasi yorugʻ, undan pijama kiygan, sochlari toʻzgʻib ketgan bir kishi koʻrinadi. U tinimsiz sigareta chekyapti. U koʻz oynagini qoʻliga olib, qorongʻi boʻshliqlarga tikilganicha qimirlamaydi. Kim boʻldi bu? Shoirmi? Injenermi? U kim boʻlmasin uxlamayapti. Bu odam tong otguncha yurtga bir nima sovgʻa qiladi. Ye she’r, yo yangi qoʻshiq, yo tarixning varaqlanmagan bir sahifasi paydo boʻlyapti.

Oʻrda koʻprigiga kelib qolibman. Anhorga tikilganimcha oʻysiz, hissiz turib qoldim. Suv jimir-jimir qilib oqyapti. Qirgʻoqdagi chiroqlarning aksi suvning eng tagigacha sanchilgandek. Mayda toshlar ustiga qadalgandek.

U yoq-bu yoqqa qaradim. Koʻprikning u tomonidagi sabzavot doʻkoniga pomidor tushirishyapti. Sekin belimdan necha kundan beri meni odamgarchilikdan chiqazgan pul tugilgan belbogʻni yechdim. Uni hozir suvga uloqtiraman. Uloqtiramanu, asli holimga, jinoyatga qoʻl urmagan pok odamga aylanaman.

Belboqni changallab turipman. Mana oʻng qoʻlimni koʻtarib qulochkashlab turib, anhorning oʻrtasiga uloqtiraman.

Oyoq tovushini eshitib qoʻlimni shoshib pastga tushirdim. Koʻprik tarafga qarab yoshgina bir yigit kelardi. U menga yaqin kelib toʻxtadi.
— Ogʻayni, bitta chektirsang-chi?

Shunday karaxt edimki, bu yigitning menda nima ishi borligiga, nima qilib oldimda toʻxtaganiga tushunmasdim. Boshdan oyoq qaradim.

Oyogʻida etik, egnida joʻngina qora xalat.
— Bitta chektirsang-chi, karmisan?

Shundagina hushim oʻzimga keldi. Chekmasligimni aytdim. U afsuslangan bir qiyofada qoshlarini kerdi.
— Gugurt bor-u, papiros yoʻq. Ikki soat boʻldi tamom boʻlganiga. Quloqlarim shishib, kallam gʻuvillab ketyapti.

Shu payt papirosini yiltiratib militsioner yetib keldi.
— Ha, montyor bola. Nima qilib yuribsan?
— Xumor boʻlib ketdim, oʻrtoq nachalʼnik. Militsioner yonidan bir pachka papiros olib unga uzatdi.
— Chek, chekaver, ogʻayni. Koʻchani shundoq yoritib qoʻyipsanu, sendan papiros ayaymanmi.

Montyor yigit shoshib papiros oldi, shoshib oʻt oldirdiyu, maza qilib cheka boshladi. Militsioner menga qaradi.
— Sen bola nima qilib shahar kezib yuribsan? U yoqqa borasan angrayasan, bu yoqqa kelasan angrayasan. Xoʻsh, nima qilib yuribsan?

Hech kimdan bunaqa soʻroq kutmaganimdan esankirab qoldim.
— Oʻzim, shundoq.
— Imtihondan yiqildim. Uyqum qochib ketdi.
— E, — dedi u achinib. — Bu ishing chakki boʻpti. Men ham bir marta yiqilganman.

Hayron boʻldim. U qanaqa imtihondan yiqilishi mumkin. Oʻzi militsioner boʻlsa.
— Hayron boʻlma. Militsionerlar ham oʻqiydi. Men sirtqining uchinchisidaman. Yiqilganimning sababi shu boʻlganki...

U xotiralarga berilib ketgandek suvning jimjimasiga tikilib ancha vaqtgacha turib qoldi. Keyin boshini koʻtarib kulimsiradi.
— Mundoq boʻlgan. U paytda men qidiruv boʻlimida inspektor edim. Ertaga imtihon boʻladi deb turgan paytimda boshligʻimiz menga bir ish topshirib qoldi. Urush vaqtida Toshkentga kelib qolgan leningradlik bir bolani dadasi qidirtiribdi. Ikki yildan beri qidirib topisholmas ekan. Shuni oʻzing topasan, deb qoldi. Yoʻq deb boʻladimi? Bizda harbiy intizom. Bajarish shart.
— Topdingizmi? — dedim shoshib.
— Hovliqma, bola, hozir aytib beraman. Shu desang, imtihonlar ham qolib ketdi. Butun Uzbekistonni qidirdim. Xat yozmagan shaharim qolmadi. Oxiri topdim.
— Qaerdan topdingiz?
— Muni qarangki, oʻsha odam bilan har kuni ming marta gaplashib, bir xonada ishlarkanmiz. Hatto oʻsha odamning oʻzi menga qoʻshilib qidirishib yuripti. Boʻlimimizdagi laborant yigit oʻsha ekan. Rosa qiziq boʻlgan-da, oʻshanda. Bola vaqtida nomi ham, familiyasi ham boshqa ekan. Boqib olgan odam oʻz familiyasiga oʻtkazib qoʻygan ekan. Ana oʻshanda dars tayyorlash qolib ketib burnimning toʻgʻrisidagi odamni oʻn beshta shahardan qidirganman. Oxiri boshqarmadan a’lo, institutdan ikki baho olganman.

Montyor bola yana ikkita papiros olib ketdi. Militsioner ham ketarkan, dedi:
— Endi bor. Yotib damingni ol. Hali zamon tong otib qoladi. Boʻladi. Studentlikda har gap boʻladi. Xoʻp boʻlmasam, postni bir aylanib chiqay.

U ketdi. Pul toʻla belbogʻni changallaganimcha yolgʻiz qoldim. Sal oʻtmay militsioner yana orqasiga qaytdi. Bu gal uning qovogʻi soliq. Menga juda yomon qarardi.
— Qani marsh, joʻna. Sendaqa irodasi boʻsh studentlarning koʻpini koʻrganman. Bilaman. Oʻzingni suvga tashlamoqchisan. Boshimni baloga qoʻymoqchisan.

Bir gap demay nari ketdim. Orqamdan u javraganicha qoldi.
— Ha, yoshlar, yoshlar. Jonining qadriga yetmaydi. Bitta bolaga ota boʻl, jon shirinligini ana oʻshanda bilasan.

Yoz kechalari juda vaqtli tong otardi. Ufq cheti qizil alvondek boʻzarib kelyapti. Avtobuslar serharakat boʻlib qoldi.

Bu musaffo tong hammaning diliga yorugʻlik, olijanob rejalar solyapti. Odamlar orom uyqusidan keyin yangi umr, yangi istaklar bilan yostiqdan bosh koʻtarishyapti.

Faqat mening yuragim boʻsh. Bu tiniq, tarovatli tong mening yuragimga zarracha ham nur tashlamayapti. Mening yuragimda hali tong otgani yoʻq. Osmon toʻla yulduzlar birin-ketin oʻchib oftobga yoʻl boʻshatishyapti.

Yotoqqa keldimu koʻrpaga burkanib yotib oldim. Hali ham koʻzlarimga uyqu ilinmaydi.

Uygʻongan shaharning shov-shuvidan, odamlarning oyoq tovushlaridan, oftob tigʻidan qochib burkanib yotibman.

Koʻzimga bemor chol, mudragan konduktor, ikkinchi qavatda tong otguncha chirogʻi oʻchmagan ijodkor, oʻlim bilan olishgani ketayotgan vrach, uxlamay shaharga nur taratayotgan montyor yigit va nihoyat odamlar tinch uxlasin deb shaharning u boshidan bu boshiga piyoda qatnab turgan militsioner koʻrinaverdi. Oʻzimni ularga solishtirib koʻryapman.

Butun alamlarimni, xoʻrliklarimni bagʻrimdan chiqarib yuborgudek boʻlib yigʻlab yubordim.

Qalbimdagi dogʻlarni bu koʻz yoshlari yuvolsa edi, butun vujudimni koʻz yoshiga aylantirib yigʻlardim.

Bu ojizlik, chorasizlik koʻz yoshlari ekanini bilardim...

Xayr, sershovqin shahar!

Bugun badbaxtlik umrimning soʻngi boʻlishini istardim.

Shu niyat bilan oʻrnimdan turdim. Necha kundan beri bu oyoqlar jinoyat yukini koʻtarib yuraverib holdan toydi. Endi bu oyoqlarning yukini yengil qilmoqchiman.

Sartaroshxonaga kirdim. Usta basharamga sovun surtib qirt-qirt soqol olyapti. U basharamni odam qiyofasiga kiritmoqchi. Oh, u birgina basharamni tozalash bilan qalbimdagi dogʻni tozalayolmasligini bilsaydi. Sekin oʻz betimga qarayman. Naqadar hayosiz koʻzlar bu. Ozib ketibman. Faqat shu beibo koʻzlarimgina mushuk koʻzidek yiltirab turipti.

Bogʻbon amakini qidirib gulzor oldiga keldim. Yoʻq. Eng zarur paytda, mening taqdirim hal boʻlayotgan bir paytda shu yerda boʻlsa-chi. Uni koʻp kutdim. Kelmadi. Tezroq kela qolsaydi. Niyatimdan qaytmasdan, yana harom, nopok niyatlar kallamga uya qurmasdan kela qolsaydi.

Axir, men oʻzimni bilaman. Miyamda tugʻilgan va qat'iy deb ishongan fikrlarimdan ham juda koʻp marta qaytgan odamman. Men ana shunaqa subutsiz odam edim.

Xayriyat, bogʻbon amaki kelib qoldi.
— Baxayr, bolam, nima qilib oʻtiripsan?
— Dam olib oʻtiripman.

Shunday dedimu oʻrnimdan tura solib nari ketdim. Shu ketganimcha oldiga qaytmadim. Bir mahal qarasam, koʻchaning narigi betida undan qochgandek yugurib ketyapman.

Hozirgina aytayotgan edim-a, fikridan, niyatidan tez qaytadigan odamman deb. Men cholning oldiga nima uchun kelayotgan edim? Unga butun qilmishlarimni aytmoqchi, uning bemor doʻsti boshiga tushgan kulfatning sababchisi menman, demoqchi edim. Mana, aytolmay qochib ketdim.

Endi birgina yoʻl qoldi. U ham boʻlsa kasalxonaga borib bemorning oldiga pullarini qoʻyib, meni nima qilsangiz qiling, men oʻgʻriman, deb aytish. Shunday qila olamanmi?

Oʻyladim. Oʻylagan sarim dahshatli olov ichiga kirib ketayotganga oʻxshayverdim.

Nima qilay boʻlmasa? Nima qilsam pul egasiga tegadi? Bu xilda belimga boylab to oʻlgunimcha yurolmayman-ku?! Nimadir qilish kerak.

Ochiq oydin iqror boʻlishga-ku qoʻrqyapman. Meni jazolaydilar, ta’na qiladilar, peshonamga oʻgʻri, degan mal'un tamgʻani bosadilar, deb qoʻrqyapman. Agar shu qoʻrquv boʻlmaganda allaqachon pulni egasiga topshirib tinchib olgan boʻlardim.

Pochtaga kirdim.

Birov xat joʻnatyapti, birov olis yurtdagi doʻstiga sovgʻa yuboryapti. Qaerda, mening kimim bor? Kimga xat yozamanu, kimga sovgʻa joʻnataman?

Birdan miyamga yalt etib bir oʻy keldi.

Portfelni pochtadan joʻnatsammikin? Qimga yuboraman? Aytgancha vedomostda maktab adresi bor. Shunday qilaman.

Kichkinagina bir quti olib roʻmolga tugib olgan portfelni, ichidagi jamiki qogʻozlari bilan, pullari bilan joyladim.

Shu payt koʻnglimni yorituvchi gʻalati hislar birin-ketin quyilib kela boshladi.

Darrov bir varaq qogʻoz oldimu qalamni tishlab oʻylab ketdim.

«...Sizlardan uzr soʻramoqchi emasman. Faqat yuragimni boʻshatish uchun nimalar deyishim kerak. Ha, men oʻgʻrilik qildim. Mehnat bilan topgan pullaringni olib qoʻydim. Bu faqat pastkashlarning pastkashi qilishi mumkin boʻlgan ish, xolos. Pulingizni yoʻqotgan kassir chol kasalxonada ogʻir ahvolda yotibdi. Agar men shu ishni qilmaganimda, balki uning dardi bunchalik ogʻirlashmagan boʻlardi. Hammasini bilib, koʻrib, eshitib turibman. Vedomostning oltinchi qatoridagi Karimov familiyali oʻqituvchi sanatoriyaga borolmadi. Chunki putyovka puli menda. Endi u balki bu yil oshqozonini davolayolmas. Men uning ham dardini ogʻirlashtirdim.

Pullaringizning bir tiyiniga ham tegmadim. Butunligicha qaytaryapman. Buning uchun rahmat eshitishni istamayman. Bu xil ishga rahmat aytilmaydi.

Bu qilmishlarim uchun meni sudga berish, jazoga torttirish kerak edi. Men ana shundan qoʻrqib bir necha kundan beri pullaringizni koʻtarib yuribman. Endi oʻz jazomni oʻzim bermoqchiman, Axir dunyoda vijdon sudi ham bor-ku? Eng dahshatli, eng adolatli sud vijdon sudi. Bu sudning hukmi to umrning oxirigacha afv etmaydi. Jazolayveradi, jazolayveradi...».

Shu xat mening kimligimni, qilmishimning naqadar mudhishligini oʻzimga aniq koʻrsatib qoʻydi.

Quti ustiga maktab adresini yozdimu pochtachiga topshirib yana tashqariga chiqdim.

Qushdek yengil edim. Koʻksimni bosib yotgan yuk endi yoʻq. Bir oʻzim, boʻsh xayollarim, qurumdan tozalangan, ammo hali oʻt yoqilmagan moʻridek huvullab qolgan qalbim bilan yolgʻiz qoldim. Endi bu yurakni yaxshi hislar bilan toʻldirish kerak.

Xuddi umrim daftarining ikki baho qoʻyilgan ilk sahifasini yirtib tashlagandekman. Endi bu daftarni nima bilan toʻldiraman?

Bu endi mening hayotdan ilinjim, birinchi qadamni qay xilda bosishimga bogʻliq.

Texnikum direktoriga, meni oʻqishdan chiqazishlarini soʻrab ariza qoldirdim-da, arzimas buyumlarimni koʻtarib yoʻlga chiqdim.

Sayfi bilan ham, Umar bilan ham xayrlashmadim. Nopok qoʻllarim bilan ularning qadoqli qoʻllarini bulgʻatgim kelmadi.

Ketyapman. Shahar chetiga yetishim bilan qirgʻoqqa sapchib oqayotgan anhorda shoʻngʻib-shoʻngʻib choʻmilgim keldi.

Suv shu qadar tanga yoqardiki, aslo chiqqim kelmasdi. Anhor chetidagi tizza boʻyi keladigan joyda tanimga sovun surib rosa ishqayapman. Kirlarim suv betida birdam aylanib olislarga oqib ketyapti.

Shu payt bogʻbon amakining gaplari esimga tushib ketdi.
— Toza yurgan odamning vijdoni ham toza boʻladi.

Shu gapning rostligiga endi ishonyapman. Qancha yuvinsam shuncha fikrim tiniqlashayotganga oʻxshaydi.

Katta sement koʻprik ustidan tinimsiz mashinalar oʻtib turipti. Odamlarning keti uzilmaydi. Men ham ana shu mehnatkash odamlar orasida boʻlgim keladi. Qachonlardir men ham shulardek mehnat qilaman. Peshopa terim toʻkilgan tiyinni xarjlab kun kechiraman. Mana shu kun mening eng baxtli kunim boʻlishi kerak. Men ana shu kunni tezroq koʻrishga shoshilyapman.

Shoshib kiyindimu katta yoʻlga qarab soʻqmoqdan chiqdim.

Bu yoʻlning soʻnggi koʻrinmaydi. Tekis asfalʼt goʻyo ufqqa nayzadek sanchilgan. Mana shu soʻngsiz yoʻlning qaysi bir bekatida mening baxtim kutib turganikin? Shu yoʻlning qaysi bir bekatiga mening peshona terim toʻkilarkin? Oʻsha bekatga tezroq yetishga intilyapman. Oyoq olishim ildamlashyapti.

Orqamga qaradim.

Sershovqin shaharning koʻkka intilgan imoratlari, zavodlarning baland korpuslari hali ham koʻrinib turipti.

Men shu shaharda bir yil yashadim. Bu shahar oʻz farzandidek boshimni silab bagʻridan menga joy berdi. Non berdi, tuz berdi. Men...

Men uning nurli koʻchalarida gʻijimlab tashlangan chiqindi qogʻoz parchasidek u yoqdan-bu yoqqa uchib yurdim. Supurgiga chap berib sudralib yurdim. Odamlariga xiyonat qildim. Koʻzga tushgan qum donasidek odamlarga azob berdim.

Kechir, onadek aziz shahar! Senga farzandlik qilolmadim. Biron imoratingga gʻisht qoʻyolmadim. Qoʻyningda burgadek oʻrmaladim, xolos.

Qachondir yana bagʻringa qaytaman. Odam boʻlib qaytaman. Farzandlik qarzimni uzgani kelaman. Shunda ostonangga qadam qoʻyishim bilan bosh egib ta’zim qilamanu, assalomu alaykum, ona deyman.

Hozircha huzuringga kelolmayman. Oʻzimni oʻzim sud qildim. Oʻzimga oʻzim dahshatli hukm chiqardim.

Bu hukm sud majlisida chiqarilib qogʻozga yozilgan hukmdan oʻn chandon ogʻir. Bu hukm mening jigar bagʻrimga, qalbimga, butun vujudimga bitilgan.

Bu qat'iy, uni hech qanday farmon bilan afv qilib boʻlmaydi.

Oʻgirilib yana soʻngsiz yoʻlga tikildim.

Ishonch bilan, qandaydir yorqin umidlar bilan yoʻlga tushdim.

Ketyapman.

Bu mening kattakon yoʻldagi birinchi qadamim boʻlishiga ishonaman.

Oʻylayapman. Bu oʻylar ertangi porloq kunimning aniq rejalari boʻlishiga ishonaman.

Qaydasan, mening nurga burkangan qoʻnalgʻam?

Xuddi soʻrogʻimga javob bergandek simyogʻochdagi qaldirgʻochlar yuraver, yuraver, deb chugʻurlashadi.