OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Toʻlqinlar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiToʻlqinlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻlqinlar (hikoya)
Said Ahmad

Qishloq yoʻliga burilganimda adir orqasidan qovun tilimidek oppoq oy koʻtarildi. Gullab yotgan oʻriklar xira pardaga burkandi. Yoʻl chetidan yangi nish urgan sarimsoq hidi keldi. Kovakni tark etgan koʻklam elchisi qurilladi. Toʻnkarilib qolgan tilla qoʻngʻiz juda yaqinda dizillab-dizillab jim boʻldi.

Koʻklam nafasi gurkirab turgan mana shu yoʻllardan yurmaganimga oʻn sakkiz yil boʻlgan. Bu orada qancha suvlar oqib ketdi... Qancha voqealar boʻlib oʻtdi...

Yigitlar frontda jon olib, jon berayotgan ogʻir kunlar edi. Dala ishlari ayollarga qolib ketgan, hammasi tajang, hammasi asabiy edi. Ularning intizor koʻzlari front yoʻlida, qoʻllari mehnatda, frontchilarni zoriqtirmaslik, dushmanni tezroq yakson qilish uchun tinimsiz ishlar edilar. Stalingrad ostonalaridagi janglarda dushmanning uchta tankini yondirgan qahramon Oʻsarboy Omonboev oilasi haqida ocherk yozish uchun xuddi shu yoʻldan yurib qishloqqa kelgan edim.

Qishloq ancha fayzsiz boʻlib qolgan, yoʻllar oʻydim-chuqur, ish hayvonlarining tinkasi qurigan, yemga yolchimagan sigirlar sutdan qolgan edi. Ayollar durustgina kiyinishmas, pardoz-andoz koʻngillariga sigʻmasdi. Kimning qanaqaligi bilinib qolgan oʻsha paytlarda urushga chap berib bormay qolgan erkak zoti koʻzlariga balo boʻlib koʻrinardi.

Oʻsarboyning xotini Joʻraxon eri frontga ketgan ayollardan brigada tuzib, yuqori hosil olishda butun oblastga ovoza boʻlgan yigirma besh yoshlardagi qora qosh, loʻppi yuz, koʻkrakdor, polvon ayol edi. Oʻsarboy qahramon unvoni olgan kunning ertasigayoq kelganimda bir voqeaning ustidan chiqqan edim. Joʻraxonning brigadasi ishlayotgan katta yoʻl chetidagi terakka qizil etik kiygan xotinchalish bir yigit belidan hali kudungi buzilmagan sakkiztepki atlas bilan bogʻlab qoʻyilgan edi. Uning atrofini oʻrab olgan xotinlar goh xiring-hiring kulishar, goh uni qargʻashardi. Birov yigitning yuziga upa suradi, birov qoshiga oʻsma qoʻyadi.

Joʻraxon ikki qoʻlini beliga qoʻyib unga doʻq urardi.
— Shunaqami? Urugʻlikka qolganmisiz? Bu xotinlarning erlari frontda oʻq tagida yuribdi-ya, shularga koʻz olaytirdingmi? Ha, nomard! Hoy, Zebi, labiga qizil surt! Ishdan qaytishda shu ahvolda guzarga olib chiqamiz. Xaloyiq koʻrsin. Basharasiga tupursin. Qani, ish-ishingga joʻna hammang!

Xotinlar yigitni shu ahvolda qoldirib, chopiqqa tushib ketishdi.

Shiyponga chiqayotganimizda Joʻraxondan bu yigitning gunohini surishtirdim.
— Zebiga aylanishib qopti. Shunday suqsurday eri borki, koʻrganning koʻzi tegadi. Tirnogʻiga arzimaydi bu hebbim. Tushlikda Norin boʻyiga kel, sakkiztepki atlas sovgʻa qilaman debdi. Ushlab oldik.

Joʻraxon bu gaplarni shunday gʻazab bilan aytardiki, koʻzlari chaqnab, peshonalari, tirishib ketardi.
— Oʻziniyam shundogʻ doʻpposladikki, qoʻyib bersam xotinlar oʻldirib qoʻyishadigan, zoʻrgʻa ajratib oldim. Eri omon-eson qaytib kelguncha birontasining ham sha’niga yomon gap yuqtirmayman. Issiqmi, sovuqmi hammamiz birga baham koʻramiz, qaysi birining eridan xat-xabar uzoqsa, baravariga yupatamiz. Birga yigʻlaymiz, birga kulamiz. Shuning uchun ham ishning ogʻirligi uncha bilinmay ketadi. Axir bu bechoralarga ham qiyin, avji oʻynab-kuladigan payti...

To kolxoz mehmonxonasiga yetib borgunimcha mana shu voqea esimga tushdi. Hozir Joʻraxon ancha qarib qolgandir? Oʻsarboy urushdan eson-omon qaytib keldimikin?

Mehmonxona qorovuli hali suv quyilmagan hovuz oldida samovarga tarasha solayotgan edi. U yoshi yetmishlarga borib qolgan dilkash chol ekan, alla-pallagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdik. Gap orasida Oʻsarboyni surishtirdim.
— Omon-eson keldi. Hozir partkomimiz shu. Juda rejali, yaxshi bola. Bechora ish bilan ovunadi. Boʻlmasa allaqachon gʻam yeb qoʻyar edi uni. Shu vaqtgacha uylanmadi. Qandoq qilib ham uylanadi...

Cholning gaplariga tushunolmadim. U nima degani? Yo Joʻraxon uning kelishini kutmay, turmush qilib ketganmi, shundoq yigitning yuziga oyoq tirab-a?! Nahotki butun kolxoz ayollarini koʻz qorachigʻidek asragan dono xotin unga bevafolik qilgan boʻlsa? Ishonmayman!
— Nima boʻldi? Joʻraxon...

Nima deyishimni bilmay gʻoʻldiradim. Chol boshini sarak-sarak qilib uh tortdi:
— Boyoqish Joʻraxon Oʻsarboy kelmasdan olti oy burun qazo qilgan edi...

Ikkovimiz ancha vaqtgacha jimib qoldik. Gullab yotgan shaftoli shoxiga osilgan elektr lampasiga oʻzini urayotgan yorqanotlar dasturxon ustiga toʻkiladi. Hovuz chetidan aylanib oʻtgan tsement ariqda toʻlib oqayotgan boʻtana suv qirgʻoqqa shaloplab uriladi. Chol choynakni etagiga oʻrab, bagʻriga bosganicha hamon jim edi. Koʻnglim allanechuk boʻlib ketdi. Joʻraxon haqida undan boshqa gap soʻramadim. Soʻrashga jur’at qilolmadim ham.
— Shunaqa, oʻgʻlim. Joʻraxon tenggi yoʻq asl xotin edi. Xotin kishining qoʻlidan shuncha ish kelishiga ana oʻshanda ishonganmiz. Jamoa bamisoli bir xonadon-u, Joʻraxon uning onaxoni boʻldi-qoʻydi. Qani, biron kishi uning yoʻrigʻidan chiqsa-chi. Kuni bilan dala kezadi, kechalari uyma-uy yurib, a’zolarning tirikchiligidan xabar oladi. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, deganlari rost ekan. Takasaltanglik qiladiganlarga ham qattiq gapirmadi. Oʻzi oʻsha paytda hamma ham bir ogʻiz yaxshi gapning gadosi edi-da. Birini qizim dedi, birini singlim dedi. Ishqilib, hammani shirin soʻz bilan ishga soldi. Oʻsarboydan surunkasiga yetti oy xat kelmay qoʻydi. Joʻraxonning yuzi kuladi-yu, ichi yigʻlaydi. Umri qisqa ekan, xatini ham, oʻzini ham koʻrmay oʻlib ketdi, boyoqish. Odamzodni ish ovutadi, boʻlmasa gʻam yeb qoʻyadi. Oʻsarboyga qarab turib ichim achishadi.

Urushni qargʻayman. Nima qilsin, iloji qancha!

Chol gapini tugatib, ichkari kirib ketdi. Soʻrida gilam ustiga tanga-tanga boʻlib toʻkilgan shaftoli gullariga qarab xayol suraman. Meni bu yerga boshlab kelgan narsa Joʻraxon haqida kitob yozish niyati edi. Urush yillari frontga madadkor boʻlgan ayollar haqida kitob yozmoqchi boʻlganimda, dastavval xotiramga Joʻraxon kelgan edi. Bu asl xotin haqida bironta kitob yozilmay turiboq, uning ajoyib hayoti dostonga aylanib ketganini koʻrdim. Uning jonli, hech qachon oʻlmaydigan barhayot umri koʻz oldimdan hayajonli roman sahifalaridek birma-bir oʻtardi.
— Mehmon, endi yoting, charchab kelgansiz, xoʻroz ham ikkini chaqirdi.

Bari bir yotib uxlayolmadim. Ochiq derazadan oyning yarim oʻrogʻi moʻralab, terakzor orqasiga botib ketdi. Kech shabadasi uy ichiga dimoqqa xush keladigan allaqanday giyohlarning isini olib keladi. Shaftolizorda sa’vaning goh figʻonli nolasi, goh shiddatkor chaqchaqi tinmaydi. Juda uzokda, sokin kechaning tinchini buzib daryo shovillaydi.

Ertalab qorovul chol uygʻotganda kun yoyilib qolgan edi. Uzoq-yaqindan traktor shovqini eshitiladi. Qushlarning chugʻur-chugʻuri avjda. Chol dasturxon qoqqan joyda musichalar ushoq talashib patillashadi. Tiniq osmonda bu qaynoq, farogʻatli maskanni qoʻriqlayotgandek laylak aylanadi. Uning oppoq qanotlari quyosh tigʻida dam qilichdek yaltirab, dam oq ipakdek tovlanadi.
— Hozir Usarboy kelib qoladi. Ertalab shu yerda nonushta qilib, keyin dala aylanadi, — dedi chol yelib-yugurib choy damlarkan.

Sal fursat oʻtmay ikki kishi keldi. Ulardan qaysi biri Oʻsarboy ekanini darrov payqab oldim.

U hali yoshi ellikka bormay yuzini ajin bosgan, jikkakkina bir kishi edi. Oʻng qoʻlining bosh barmogʻi sargʻayganidan maxorka chekishini bilib olish qiyin emasdi. Nonushta paytida Joʻraxon haqida kitob yozmoqchiligimni aytdim. Joʻraxon nomini tilga olishim bilanoq Oʻsarboy yangilangan dardini yashirishga urinib, cholning qoʻlidan choynakni olib, oʻzi quya boshladi. Koʻzini yashirish, nima bilandir alahsish uchun shunday qilayotgani sezilib turardi.
— Mayli, — dedi u oftobda joʻjalarini qanoti ostiga olib, xurpayib yotgan tovuqqa tikilib, — juda xursand boʻlamiz.
— Avval Joʻraxon opaning qabrlarini bir ziyorat qilsam degan edim...

Oʻsarboy gʻalati holga tushdi. Uning bu holati, koʻz qarashlari, rangining goh boʻzarib, goh oqarishi Toshkentda boʻlgan bir voqeani eslatib qoʻydi. Tramvayda besh yoshlardagi bir bola yonimga oʻtirib qolib, undan qayoqqa ketyapsan, deb soʻraganimda, uydan detdomga ketyapman, degan edi. Ota-onang yoʻqmi, deb soʻradim. Bor, deb javob berdi bola. Boʻlmasa, dadang ham, onang ham seni yomon koʻrishar ekan-da, detdomga berishibdi, dedim. Oʻshanda bolaning koʻzi olazarak boʻlib qolgan, xuddi Oʻsarboyning holiga tushib, qiynalgan edi. Keyin u qiynala-qiynala past ovoz bilan «dadamlarning ham, oyimlarning ham koʻzlari koʻr» degan edi. Juda hijolat chekkan edim, shu murgʻak bola qalbini tirnab yotgan alamli faryodini tiliga chiqarishga majbur qilganim uchun hali-hali oʻzimni kechirolmasdim. Yana nima qilib qoʻydim? Nahotki Oʻsarboyning ham ichida shunga oʻxshash tilga chiqsa, tilni, dilda qolsa dilni kuydiradigan faryodi boʻlsa?! Nima qilib qoʻydim?..

Oʻrtaga juda ham sovuq jimlik choʻkdi. Chol bir yutinib oldi. Oʻsarboy oʻrnidan turib, hovuz boʻyiga borib maxorka oʻradi. Cholning yupqa labi titrab, zoʻrgʻa: «Joʻraxonning qabri yoʻq. U suvga choʻkib ketgan...» deya oldi.

Tushga yaqin choy bilan ikkovlon piyoda daryo tomon ketdik. Yoʻlda u Joʻraxonning halokatini aytib bordi.
— Oʻshanda adirdan sel kelgan edi. Chorvalar hali toqqa joʻnatilmagan, shu daryo chetidagi sayxonda oʻtlab yurgan edi. Sel juda xunuk keldi. Koʻp daraxtni, uylarni nobud qildi. Qoʻy-qoʻzilarni oqizib keta boshladi. Suvda mol bilan echki durust suzar ekan. Qoʻy jonivor dumbasidan choʻkib, oʻzini eplolmay qolarkan. Hamma oyoqqa turdi. Joʻraxon jon olib, jon berib oʻzini suvga otar, hali qoʻy, hali qoʻzini oyogʻidan sudrab chiqardi. Kechasi, birov-birovni koʻrmaydi. Yomgʻir savalab turibdi. Birdan choʻpon ota suvning oʻrtasida goh koʻrinib, goh choʻkib, qoʻl silkita boshladi. Joʻraxon oʻsha tomonga suzib ketdi. Chaqmoq nurida daryo oʻrtasida uning koʻylagini bir koʻrib qolganimni bilaman, xolos. Yana chaqmoq chaqqanda daryo betida hech narsa koʻrinmay qoldi. Toʻlqin choʻpon otani narigi qirgʻoqqa irgʻitib tashlabdi. Bir haftagacha qayiq bilan Joʻraxonning jasadini qidirdik. Topilmadi... Hammamizni dogʻi-hasratda qoldirib ketdi.

Adir oshishimiz bilanoq daryo shamoli esdi. Qirgʻoqqa yaqin kelganimizda xarsang ustida maxorka chekib oʻtirgan Oʻsarboyni koʻrdim. Uning gavdasi kichrayib, yuzidagi ajinlari koʻpayib ketganga oʻxshadi.

Hech birimizdan sado chiqmasdi.

Daryo juda sokin. Joʻraxon azim daryoga aylangan-u, mehnati singgan, peshona teri toʻkilgan dalalar atrofida javlon urib aylanardi. U yuzlab irmoqlardan qon tomiridek oqib, kishilarga, maysa-giyohlarga hayot suvi olib kelardi.

Adirdan terib kelgan lolalarni toʻlqinlar ustiga sochdim.

Daryo shovullar, tiniq, begʻubor koʻkda qushlar javlon urib uchishardi.

1960