OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Toʻyboshi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiToʻyboshi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻyboshi (hikoya)
Said Ahmad

Qoʻziboy raisning bugun shunday ishi koʻpayib ketdiki, «dod» deb yuborishiga sal qoldi. Hali u kiradi, hali bu kiradi, hammasi ham ataylab qilgandek, janjalli ish bilan kelgan. U idora oldida toʻplanib turgan kishilarning baravariga gap boshlaganidan ikki qulogʻini berkitib: «Voy, baraka topkurlar, qornim ochib, koʻzim tinib ketyapti, uyga borib, jinday bir balo yeb kelay» — dedi-da, qochgandek yugurib chiqib ketdi.

Oʻchakishganday, uyda ham Kokila tushlik qilmabdi. Oyoq mashinada gumburlatib atlas koʻylak tikyapti.
— Hoy, insofing bormi, oʻldim-ku, nahotki toʻrtta kartoshka bilan bir chaynam goʻshtni qozonga tashlab qoʻyish qiyin boʻlsa!

Kokila labi-labiga tegmay, bobillab berdi:
— Ishim boshimdan oshib yotibdi-yu, shu mahalda sizga ovqat pishirib oʻtiramanmi! Sizni kim aytadi, rais deb? Har raislar borki, qorni mana bundoq. Raissiz, haddingiz sigʻmaydimi. Otaboyga ayting, tushlikka osh buyurib qoʻysin.
— Otaboy tuyaning dumi yerga tekkanda osh qilib beradi, — deb poʻngʻilladi Qoʻziboy ensasi qotib.

Otaboy kolxozning ham xoʻjalik mudiri, ham buxgalteri. Kolxoz hali yosh, kichik boʻlgani uchun har ikki vazifani uning oʻzi bajaradi. Otaboy xasis boʻlganda ham uncha-muncha xasislardan emas, bitta gugurt choʻpini ikki boʻlib yoqadiganlardan. Odamlarning aytishlariga qaraganda, u ombordan don berayotganda taroziga ishonmay donalab sanab berarmish. Bir kuni reviziya komissiyasining raisi: bitta osh qilib bersang-chi, kechasi hisobot tayyorlaymiz, uyga borib oʻtiramizmi, deganda: palovni oʻlsam — yil oshimda yeysan, degan ham mana shu Otaboy boʻladi.

Otaboy aslida Zarkentdagi kolxozning zavxozi edi. «Boʻston» yosh kolxoz deb Usmonali aka uni bu yoqqa ataylab «qarz»ga bergan edi. Hali bironta kolxozning zavxozi mukofot olmagan, ammo Otaboy shu vazifada turib bir marta «Hurmat belgisi», ikki marta «Shavkatli mehnati uchun» medali bilan mukofotlangan.

«Boʻston» oyoqqa turib, belini koʻtarib olgandan keyin Usmonali aka: endi boʻldi, Otaboyni oʻzimga ber, deb qistab kelganida Qoʻziboy yarim hazil, yarim chin qilib: choʻlga kelgan odam qaytib ketmasdi-ku, dedi.
— Qandoq boʻldi, Otaxon, hamma oʻz odamini olib ketaversa, choʻlda kim qoladi?.. Yana oʻzingiz bilasiz!..

Usmonali akaning bir nima deyishga tili bormay, gapi ogʻzida qoldi. Xuddi Otaboyni jonidan sugʻurib berayotgandek, arang rozi boʻldi.

Shu-shu boʻldi-yu, Otaboy choʻlda qolib ketdi. Bu yerda uni yomon koʻradiganlar ham oz emas. Yomon koʻrishining sababi, har narsaga tixirlik qilaverishidan. Kechasi kelib idorani bir aylanadi, qopqogʻi ochiq qolgan siyohdonlarni koʻrsa joni hiqildogʻiga keladi: «Bu nima? Siyoh qurib qoladi-ku, ha, kolxozniki-da, ayama-ya, ayama!» Chiroq yoniq qolsa: «Stantsiyani tekinga qurganmiz, yoqaver, beli ogʻrimagan» deb shovqin soladi. Shofyorlarni aytmaysizmi, undan zirillashadi. Benzin olgani kelishganda albatta kilometrajni tekshirib koʻradi, agar moʻljaldan ortiq sarflangan boʻlsa, bobillab beradi: «Ha, Otaboyning benzin anhori bor, shundoq chelakni botiradi-yu, olib beradi. Kirakashlik qilishni bilasanlar, bir litr benzin sotib olsalaring asakalaring ketadi. Bor, toshingni ter, kim kataysa qilgan boʻlsa, ben-zinni oʻsha bersin!» Traktorchilar bilan boʻlsa doim gʻijillashgani-gʻijillashgan. Agar bironta traktorchi moʻljaldan oldin kombinezon olaman deb kelsa bormi, oldiga solib quvlaydi: «Ha, xotinchangizning qoʻllariga xasmol chiqkanmi, bundoq yuvib, yirtigʻini yamab bersalar».

Otaboy koʻchada yurganda ikki koʻzi tomda, Mabodo bironta bola tomdagi kaptarga tosh otsa, shiferni teshasan, tirmazak, deb uyigacha quvib boradi.

Raykom sekretari byuro majlisiga kelganda mashinasining yogʻi tugab qolgan ekan. Qoʻziboy jindek bering, deb Otaboyga xudoning zorini qildiyamki, bari bir koʻnmadi.
— Hoy, birodar, mening mashinam hisobidan bering. Ertaga piyoda yursam yurarman, keling, uyatga oʻldirmang!

Otaboy bari bir unamadi. Uning fe’lini sekretar ham bilar ekan, kulib koʻya qoldi. Bir amallab yetib olarman, deb joʻnab ketdi. Shu voqeadan keyin odamlar sekretar Otaboyni sogʻ qoʻymaydi, bir kuni qasdini oladi deb yurishgan edi. Ammo sekretar rayon paxtakorlarining slyotida Otaboyni rosa maqtabdi. Qani endi, boshqalar ham kolxoz mulkini Otaboydek tejasa, debdi. Ana shundan keyin Otaboy battar boʻldi. Simyogʻochga chiqib elektr tuzatayotgan montyorlarga ham baqiradigan boʻldi.
— Hay, esing joyidami, arra kavushingni sekinroq botir, xodani timdalavorasan!

...Qoʻziboy ana shundoq odamga osh buyuradimi? Koki-la bu gapni oʻylab gapirdimi, yoʻqmi! Qoʻziboy yalinishga oʻtdi.
— Jon xotin, hech boʻlmasa bitta choy damlab ber, idorada odamlar kutib qolishdi.

Kokila tikayotgan ishini chetga olib qoʻyib, choynak koʻtarib hovliga chiqib ketdi. Qoʻziboy koʻrpachaga yonboshladi. U necha yillardan beri Kokila bilan yashab, haligacha uning fe’liga tushunolmasdi. Bir qarasa, undan mehribon odam yoʻq, bir qarasa tepa toʻnini teskari kiyib oladi. Shu topda qilib oʻtirgan ishini qarang! Mexanik Rahmatulla uylanayotibdi, kelinga koʻylak tikib oʻtiribdi. Chevarligimni koʻrsatib qoʻyaman, deb ertalabdan beri atlasni oldiga yozib, u yogʻidan oʻlchaydi, bu yogʻidan oʻlchaydi. Yaqinda hamma yoqni ivirsitib, oʻn oltita atlas koʻylak tikkan edi: havaskor qizlar kontsert koʻyishar emish. Bu atlaslarni Otaboydan undirguncha naq Qoʻziboyning ona suti ogʻziga keldi. Qoʻziboy hozir yon-boshlab yotib koʻzi ilingan ekan, Kokilaning kulgisidan uygʻonib ketdi.
— Turing, tura qoling, rais buva, Otaboy ataylab bir togʻora somsa yoptirib berib yuboribdi.

Qoʻziboy qarasa, stolda bugʻi chiqib turgan bir lagan somsa.
— Tushimmi, a! Shu oʻzimizning Otaboy yuboribdimi-a, yoʻq-e!

Kokila kulib yubordi:
— Oling, sovumasin. Otaboydan qishda qor, yozda oftob soʻrasangiz ham bermaydi. Oʻzim yopdim. Kecha, somsa yegim kelyapti, deganday edingiz.

Qoʻziboy toʻyib somsa yeb boʻlgandan keyin xotinini «duo» qildi.
— Krujogingning rivojini bersin. Oʻyinchi qizlaring Mukarramxon boʻlib ketsin! Yasha, xotin, juda bopta boʻldi.

U shoshilganicha idoraga yugurdi. Koʻp odamlarning ishini sekretarning oʻzi bitkazib yuboribdi. Bir toʻda komsomol qizlar uni kutib turishgan ekan, baravar chuvillashib idoraga kirishdi. Yaqinda komitet sekretarligiga saylangan Anzirat degan qaqajon qiz bidirlab gapira ketdi:
— Bilasizmi, bilasizmi, rais aka, yangicha toʻy qilmoqchimiz. Bilasizmi, Rahmatulla Naimani olyapti. Taniysiz-ku!
— Ha, taniyman. Xoʻsh, nima qil deysizlar!
— Bilasizmi, shu haligi toʻy xarajatlarini kolxoz boʻyniga olsa, kelin bilan kuyovning sarpolarini ham...

Qoʻziboy boshini qashidi. Iljayib, entikib turgan Anziratga qaradi.
— Xoʻp. Otaboyga aytinglar, hamma narsani toʻgʻrilab bersin.

Anzirat tizzasiga shapatilab urib, stolga oʻtirib qoldi. Boshqa qizlar ham hafsalalari pir boʻlib, bir-birlariga yer ostidan qarab olishdi. Anzirat koʻzlarini pirpiratib oʻrnidan turdi.
— Mayli, qoʻya qoling boʻlmasa. Oʻzimiz bir amallab eplashtiramiz. Kunimiz Otaboy akaga qolgan boʻlsa, toza boʻlgan ekan.

Qiz hali gapini tugatmagan ham ediki, eshik ochilib Omontoyning moʻylovi koʻrindi. Rais shoshib qichqirdi:
— Hoy, Moʻylov, bu yoqqa kir! Sovuq suvdan ham zarur boʻlib turgan eding.

Omontoy nima gap degandek bir qizlarga, bir raisga qarab angrayib turardi.
— Ogʻayni, manovi qizaloqlarning dodlarini eshit. Qoʻziboy unga hozirgi boʻlgan gapni aytib berdi. Otaboy Omontoyni juda yaxshi koʻrardi. Uning qiziq-qiziq gaplarini eshitib qotib-qotib kular, gʻayratiga, qilgan ishlariga qoyil qolardi. Omontoy ham uni eritish yoʻllarini bilardi. Hech kim, hatto rais ham undirolmagan narsalarini Omontoy ikki ogʻiz gap bilan undirib ketardi.

Maslahat bilan Otaboyni shu yerga chaqiradigan, gapni avval Omontoy boshlaydigan boʻldi.

Zum oʻtmay, qoʻlida kalit, koʻzoynagi peshonasida Otaboy kirib keldi. U hamma bilan bir-bir koʻrishib chiq-qach, raisning stoliga bir qogʻoz qoʻyib, xitob alomatidek, qaqqayib turib oldi.
— Bu nima? — dedi Qoʻziboy qogʻozga qarab.
— Choyxonadagi televizorni tuzattirishgan ekan, pulini buzgan odam toʻlasin, men toʻlamayman.

Qoʻziboy, bu ish bir gap boʻlar, deb qogʻozni stol tortmasiga solib qoʻydi.
— Omontoyning sizga gapi bor ekan, eshiting. Omontoy bir yoʻtalib gap boshladi:
— Otaboy aka, qizlar sizni toʻyga aytib kelishibdi. Kuyov yetim bola. Quda tomon bilan oliq-soliqqa oʻzingiz turib berasiz. Toʻyboshi qilib pravlenie sizni tasdiqladi. Bilib qoʻying, agar toʻy yaxshi oʻtmasa, oʻzingizni yaxshilab muhokama qilamiz. Toʻyda mundoq soqol-poqolni tarashlab, ordenlaringizni taqib oling.

Otaboy yoyilib iljaydi.
— Boplaymiz, matros bola, bu yogʻidan xotirjam boʻlavering. Kuyovni menga roʻpara qilib qoʻying, dastmoyasini ekonom qilib, yaxshi toʻy qilib beraman.

Omontoy doʻppisini peshonasiga surib, qoq miyasini qashib raisga ma’noli qarab qoʻydi. Rais, boʻsh kelma, degandek unga imladi.
— Gapimga tushunmabsiz, — dedi Omontoy unga jiddiy tikilib. — Toʻy kolxoz hisobidan boʻladi.
— A? Xarajatni qaysi moddadan olaman?
— Qaysi moddaga toʻgʻri kelsa oʻshandan-da!
— Reviziya komissiyasi naq meni gʻajib tashlaydi-ku!

Qoʻziboy «xotirjam boʻlaver» deb uni sovuta boshladi.
— Bu yogʻini kelishib olganmiz. Madaniy-oqartuv fondimiz hisobidan smeta qilinglar. Bilib qoʻying, choʻlda birinchi toʻy boʻlyapti-ya! Bu xalqaro ish. Yeshlar bilan hazillashmang, agar shu ishni buzsangiz, keyin chatoq boʻladi, bir aytib qoʻradim-da, ha.

Raisning poʻpisa qilib «xalqaro ish» deganidan keyin Otaboy sal boʻshashdi. Lekin, javobgarligini olmayman, oldin qaror chiqarib, hujjatlarni mixday qilib berasizlar, deb turib oldi. Rais rozi boʻldi. Qizlar kechqurun Omontoy bilan uning oldiga keladigan boʻlishdi. Bir soat oldin hamma gapga koʻnib chiqib ketgan Otaboy kechga borib aynidi-qoʻydi. Kitob-daftarlarini rosa varaqlab: «Hech qaysi moddaga toʻgʻri kelmaydi» debdi-yu, omborni qulflab ketibdi. Kokila qidirib, uni uyidan topdi. Bir chelak iliq suvga margantsovka solib, oyogʻini botirib oʻtirgan ekan. U Kokilani koʻrdi-da, shimining pochasini tushirib, tizzasini yopdi. Xotini Shodmon xola oʻchoqdan bir xokandoz choʻgʻ olib chiqayotgan edi, shoshib qolganidan Kokila bilan xokandozni uning yelkasidan oshirib koʻrishdi.

Shodmon xola Otaboydan yetti yosh katta, ba’zi hazilkashlarning gapiga qaraganda, u xarajatdan qochib, surnaychiga ham pulmi deb, atayin oʻzidan katta xotinga uylangan emish. Ularning toʻylari ham unchalik dabdabali toʻy boʻlmagan. Kolxozning godovoy toʻyi kuniga toʻgʻri keltirilgan. Ularning ZAGSdan oʻtishlarini birov eshitsa, kulaverib ichagi uziladi.

Muhabbatdan mast, karaxt boʻlgan Otaboy ZAGS mudirining savollariga poyintar-soyintar javoblar berib esankirayvergan. U shunchalik esankiraganki, yanglishib, xotinining familiyasiga oʻtib ketganini oʻzi ham bilmay kolgan. U hozir toʻrt bolali boʻldi, hali ham xotinining familiyasida!

Shodmon xola yelib-yugurib Kokilani toʻrga oʻtqazdi. Otaboy oyogʻini chelakdan chiqazib, nima gap degandek, Kokilaga qaradi. Kokila he yoʻq, be yoʻq birdan bidirlab ketdi.
— Qani, shu toʻy buzilsin-chi, qani buzilsin-chi, radiouzeldan gapirib sharmanda qilarman, yoshlarning baxtli turmush yoʻliga gʻov solyapti, deb ovoza qilaman. Gazetaga ham yozvoraman.

Otaboy munaqa poʻiisalarni eshitaverib eti oʻlib qolganidan pisand qilmadi. Qaytaga, jahli chiqib ketdi.

Omontoy aralashmasa ish buziladigan. U Otaboyni yengidan kirib yoqasidan, yoqasidan kirib yengidan chiqdi. Toʻy yanagi haftaga tayin qilindi. Otaboy toʻyboshi boʻldi. U oʻsha kuni ordenlarini taqib, mehmonlarni kutib, dasturxonning kam-koʻstidan xabardor boʻlib turdi.

Toʻy qizigandan qizib ketdi. To yarim kechagacha umrida oʻyin-kulgi koʻrmagan choʻlda hofizlarning xonishi eshitildi. Chirmanda qarsillar, nogʻora taraklar, yigit-qizlarning qiyqirigʻi, gurillab yonayotgan gulxan uchqunlari choʻl shamollari qanotida olis-olislarga uchib ketardi.

Otaboy kayf qilib qoldi. Gandiraklab oʻrtaga tushib, Kokilani oʻyindan toʻxtatdi. U qoʻl koʻtarib shovqinni bosaman dedi-yu, yiqilay dedi. Odamlar birdan jim boʻlishdi.
— Oʻrtoooqlarrr! Qancha toʻying boʻlsa koʻrsat! Oike, choʻlingniyam uylantirvoraman! Qancha kerak? Pulning hammasi Otaboy akangda-da!

Omontoy uni dast koʻtarib, davradan olib chiqdi-da, soʻriga yotqizib qoʻydi. Kokila gulxan atrofida yoʻrgʻalar, Omontoy matroschasiga oyogʻini yerga urib, quloch yozib, unga iyak qoqib borardi. Qiyqiriq, kulgi, chapak... Shu kecha choʻl ham uxlamadi, odamlar ham...

1961