OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Turnalar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiTurnalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Turnalar (hikoya)
Said Ahmad

Tepalikdan oshib oʻtganimdan keyingina anhorning guvillashi eshitilmay qoldi. Dala jimjit. Shamol ananas hidini olib keladi. Qaerdandir, yaqinginadan turnaning qure-quresi eshitiladi. Bu ovoz negadir osmondan emas, pastdan kelardi. Atrofga alangladim. Sertuproq yoʻldan ikki yuz metrcha naridagi chaylada bir chol bukchayib oʻtiribdi. Qovun hidi oʻsha yoqdan kelardi. Shu topda juda-juda qovun yegim keldi. Beixtiyor chayla tomonga qayrilganimni bilmay qolibman. Paykalning har yer-har yerida tuzoqqa ilinayotgan bedanalarning patillashidan chol qimirlamay oʻtirganga oʻxshaydi, boʻlmasa tuzoqlardan xabar olmasmidi? Uning yonida arabi sholchaga bagʻrini berib bir turna yotibdi. U adir orqasiga botayotgan choʻgʻdek quyoshga qarab har zamon qure-qure deb qoʻyadi. Turna har qurelaganda boshidagi binafsha rang kokili qimirlab, qizgʻimtir shafaq nurida juda chiroyli yiltirab qoʻyadi. Bu gʻalati manzaraga mahliyo boʻlib, oyoq ostidagi qumgʻonga qoqilib ketibman. Chol choʻchib bosh koʻtardi. Koʻzlarini ishqalab bezovtalik bilan menga qaradi. Qoʻrqib ketdim. Odatda poliz qorovullarining iti boʻlguvchi edi, muni qarang, tashlanib qoladi, deb oʻylamabman ham. Shoshib-pishib:
— Itingiz yoʻqmi? — deb soʻradim.
— Yoʻq, yoʻq! — dedi chol. — Bemalol kelavering, it boqish menga toʻgʻri kelmaydi, turnani gʻajib qoʻyishidan qoʻrqaman.

Bamaylixotir yotgan turna mendan yotsirab seskanib turdi-da, chayla orqasiga oʻtib ketdi. Chol koʻrpacha yozib, meni yuqoriga taklif qilar ekan:
— Qoʻrqma, jonivor, — dedi. Keyin menga: — Xoʻsh, bolam, qaysi shamol uchirdi? Oʻzlari kim boʻladilar? Ulugʻlarimizdan boʻladilarmi?

Nima deyishimni bilmay, bir oz esankirab qoldim.
— Qishlogʻingizga mehmonmiz, otaxon, qovuningizning hidi dimogʻimga kirib, hech oʻtib ketolmadim. Nafs qurgʻur qoʻymadi, poezdga kech qolaman, deb halloslab ketayotgan odam shu yerga kelganda toʻxtab qoldim. Bitta qovun soʻyib bersangiz ham oʻzingiz bilasiz, soʻyib bermasangiz ham. Ammo haqini toʻlayman.

Chol ensasi qotgandek, gʻalati qilib iljaydi.
— Paykal boshidan qovun uzib sotgan dehqon nokas dehqon boʻladi, bolam, pulingizni belingizga tugib qoʻying, bozordan qovun olib yeysiz. Bu yerda qovun tekin. Uzib beraymi yo oʻzingiz uzasizmi? Yaxshisi, oʻzingiz uzing, ha, buning gashti boshqacha boʻladi. Polizning oyoq tomoniga oʻting, ananaslar oʻsha yoqda.

Chol yoʻl koʻrsatib, boya men qoqilgan qumgʻonni ariqqa botirib, yeroʻchoqqa qoʻydi. U tizzasida qasirlatib shox sindirar ekan, orqamdan qichqirdi:
— Qovunning aslini yeyman desangiz, shudring tegib tars yorilganini uzing, ana oʻshanisida gap koʻp, qirq yillik dardingizni sugʻurib oladi.

Chol aytgandek, poliz oyogʻiga kelganimda til bilan aytib boʻlmaydigan gʻalati holga duch keldim. Shamol tinganidanmi, yo havoga ananas isi oʻrnashib qolganidanmi, nihoyatda oʻtkir yoqimli hid dimogʻimga urildi. Huddi magazinda chit yirtilayotgandek tar-tar qilib ananaslar yorilar, urugʻi kesaklar ustiga shitirlab sochilib ketardi. Oyogʻim tagida tuzoqqa ilingan bedana besaranjom patilladi.

Bir qoʻlimda bedana, bir qoʻlimda qovun — chaylaga qaytdim. Chol yeroʻchoqda oʻtni gurillatib yuborgan edi. U qoʻlimdagi qovunga qarab iljaydi.
— Shahar bolasiligingiz shatta bilinib qoldi-da?! Qovun degandi paykalning kesagida yorib yemagan odam, qovun yedim demasa ham boʻladi.

Chol kula-kula qinidan pichogʻini sugʻurib menga uzatdi-da, chayla tepasiga ilingan tugundan non, mayiz, turshak olib, dasturxon yozdi. Qovunga pichoq tortayotganimda ham, tilimlab yeyayotganimda ham chol hozir qiziq hodisa yuz beradigandek menga qarab iljayib turardi. Umrimda qovun yemagandek bitta ananasni pok-pokiza tushirib boʻldim. Chol qoʻlimga choy tutqazdi. Bir mahal qarasam, barmoqlarim bir biriga yopishib qolibdi. Chol xandon tashlab kuladi. Qumgʻondagi qaynoq suvni chapishtirib, qoʻlimga quyar ekan, ana shunaqa, oʻgʻlim deb qoʻydi.
— Bu ananasning yangi xili, urugʻiga ishqiboz koʻp. Oftob oʻchgan edi. Uzoqdan turnalarning qure-quresi baralla eshitildi. Chol osmonga qaradi. Qizgʻimtir pardaga oʻxshab koʻrinayotgan ufqdan koʻtarilgan turnalarning ayri karvoni oʻtib ketguncha undan nigohini uzmadi. Chayla orqasidagi turna bezovtalanib tinimsiz qurelar, osmonga qarab talpinardi. Turnalar ovozi tinganiga allaqancha vaqt oʻtgan boʻlsa ham, chayla orqasidagi yolgʻiz turnaning qanot silkishi tinmasdi. Birdan cholning chehrasi oʻzgardi. Koʻzlari qisilib, yuzidagi ajinlar ham koʻpayib ketgandek boʻldi. U mashaqqat bilan oʻrnidan turib, turnani chaylaga olib oʻtdi.
— Ha, jonivor, elatlaringni sogʻindingmi? Elatlaring issiq tomonlarga ketishyapti. Ucha qol, ucha qol sen ham, jonivor.

Turna binafsha kokillarini silkib, hamon issiq oʻlkalarga yoʻl olgan qardoshlari singib ketgan ufqqa boqardi.

Choldan turna qayoqdan bu yerda paydo boʻlib qolganini soʻradim.
— Shu bu yil erta koʻklam Andryushadan telegramma oldim. U, hozircha kelmay turing, olis safarga joʻnayapmiz, debdi. Oʻzim oʻsha kezlarda Leningradga otlanib turgan edim. Tarvuzim koʻltigʻimdan tushib, gangib qoldim. Bolaginamni juda sogʻingan edim-da. Yostiqqa bosh qoʻyaman, qani koʻzim ilinsa. Xayol oʻlgur hali u yoqqa sudraydi, hali bu yoqqa sudraydi. Mana shunaqa qilib choʻkkalab oʻtirib koʻzim ilingan ekan, tushimga Fazliddinim kirib qoldi. Xafa emish, akamni sogʻindim, nega xat yozmaydi, der emish. Shamsiddinimning halok boʻlganini undan yashirarmishman. Nima boʻldi-yu, tushim chalgʻib, Shamsiddinni koʻribman, u, nega Fazliddinning halok boʻlganini mendan yashirasiz, deb gina qilar emish. Qulogʻimga birdan gʻalati tovush eshitildi, choʻponlar eshigimizning tagidan qoʻy haydab oʻtishayotgan emish. Uygʻonib ketdim. Oʻngimda ham shu ovoz. Hovliga chiqdim, hovlimiz tepasida karvoni toʻzib ketgan bir gala turna faryod chekib, charx urib aylanayotibdi. Umrimda turnalarning bunaqa past uchishini endi koʻrishim. Tushligiga ham, oʻngligiga ham ishonolmay, hayron boʻlib ularning osmonda faryod chekishini kuzatib turdim. Ular shu koʻyi yarim soat chamasi aylanib yurishdi-da, keyin yigʻlayotgandek hazin qurelashib uchib ketishdi. Esimda: tom tepasida aylanishayotganlarida bir-ikkisi boʻgʻotga tegay-tegay deb shoʻngʻiganini ham koʻrib qolgan edim. Ertalab tomorqaga chiqsam, bir turna devor tagiga biqinib yotibdi. Ana shundan keyingina tundagi hangamaning sirini bildim. Bu turna qaerdadir yaralangan, ortiq uchishga madori yetmay, shu yerga kelganda safdan ajralib, yiqilgan. She-riklari uni tashlab ketolmay faryod chekayotgan ekanlar. Ana shundan beri turna menga juda oʻrganib qoldi. Uch kun boʻldimi, juda bezovta. Osmonda turna koʻrinsa, oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi.
— Ucholmaydimi?
— Ucholadi. Ba’zi-ba’zida uchib allaqayoqlarga borib keladi.

Chol gapidan toʻxtab, nimagadir quloq sola boshladi.
— Poezddan qoldingiz, bolam. Stantsiyaga yetolmaysiz. Poezd kelyapti, — dedi chol chiroq yoqar ekan.

Darhaqiqat, yer titrayotgandek boʻldi, olisdan parovozning qichqirgani eshitildi. Bir ozdan keyin terakzor orqasidan shiddat bilan poezd oʻtib ketdi.
— Joy qilib beraman, uxlang, ertaga ketasiz endi.

Chol yostiq oʻrniga choponini dumaloqlab qoʻydi-da, oʻzi tuzoqlardan xabar olgani ketdi. Yonboshladim. Qayoqda uyqu keladi, deysiz. Chol gʻimirsib palaklarni bosib olmaslik uchun ehtiyot bilan joʻyakdan joʻyakka sakrab, ilingan bedanalarni bir xalta qilib olib keldi. Chayla orqasiga oʻtganicha yarim soat chamasi yoʻq boʻlib ketdi-da, meni uxlagan deb oʻylab, oyoq uchida chaylaga kirdi. Bir chekkada xomush yotgan turnaga tikilib, uning tovus pati-dek chiroyli kokilini siladi. Nimalardir deb pichirlab ham qoʻydi. Men chalqancha yotib cholni, uning bolalarini oʻylardim. Demak, uning ikki oʻgʻli halok boʻlgan. Leningradda bir oʻgʻli bor. Nega oti Andryusha?! Soʻrasammikin? Xayol aralash yonimga yechgan shimimning choʻntagidan papiros olib, gugurt chaqdim. Chol oʻgirildi.
— Uxlamadingizmi?
— Yoʻq, uyqu kelmayapti, otaxon.

Chol indamay chiroqni puflab oʻchirdi-da, koʻrpa ustiga chordona qurib oʻtirib oldi. Oydinda uning yuzi, koʻzi, koʻksiga tushgan oppoq soqoli koʻrinib turardi. Ancha vaqtgacha olisda ogʻir yuk tortayotgan parovozning gupillashiga quloq solib jim oʻtirdim. Parovoz ovozi ham tinib, keng dalada chirildoqlar uni qoldi, xolos.
— Ota, bir narsa soʻrasam malol olmaysizmi?
— Soʻrang, bolam.
— Oʻgʻillaringizni gapirib bersangiz, Andryushani ham.

Cholning eti junjidi shekilli, bir tebranib, koʻrpani yelkasiga tortdi. Oy botdi, endi uning basharasini aniq koʻrib boʻlmadi. U nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi-yu, ogʻir xoʻrsiniq gapirgani qoʻymadi. Bunaqa xoʻrsiniq odamga faqat eng yaqin kishisini qabrga qoʻyayotgan paytda keladi. Chol peshonasini uqaladi, soqolini tutamlab, tizzasiga shapillatib bir urdi. Keyin boshini koʻtarib, qorongʻilik qa’riga tikilib qoldi.
— Oʻgʻlim, sabru bardosh degan narsa boʻlmasa, odam bolasini gʻam yeb qoʻyadi. Mana, yashab yuribman. Yiqilib qolarmikanman, degan edim, ikki azamatimdan judo boʻlib ham yiqilmadim-a!

U ichki dard toʻlkinida hikoyasini boshladi:
— Urush boshlangan yili Shamsiddinim yigirma ikki yoshda, Fazliddinim oʻn toʻqqiz yoshda edi. Shamsiddinimni askarlikka olishmadi. Bir koʻzi nogiron edi. Umarxoʻja boyvachcha oʻgʻliga sunnat toʻyi qilganda katta bazm berib, mushakbozlik qildirgan edi. Oʻshanda Shamsiddinim yoʻlga kirmagan buvak edi. Onasi rahmatlik belanchakka yotqizib qoʻygan ekan, osmonda yorilmay qolgan mushak bolaning belanchagiga tushib yorilsa boʻladimi! Yuzi kuyib, chap koʻzini butunlay koʻrmaydigan qilib qoʻygan. Shuning uchun ham askarlikka olishmay, mehnat armiyasiga arang olishgan edi. Fazliddinimni undan bir oy burun Poytuq stantsiyasidan urushga joʻnatgan edim. Fazliddinim Leningraddan, Shamsiddinim Podgora degan shahardan xat yozib turishdi. Podgoraga borganmisiz? Men borganman. Shamsiddinimga haykal oʻrnatishganda chaqirishgan edi. U yerda kattakon elektrostantsiya bor. Nemis Moskvaning eshigini qoqaman deb qoʻl choʻzib turganda poytaxtga shu stantsiya mador boʻlgan. Uning zavodlarini shu stantsiya yurgizib turgan. Shamsiddinim oʻsha stantsiyaga kelgan koʻmirni vagondan tushirib, kichkina vagonchalarga ortar ekan. Nemis shu shaharning payiga tushib, ustma-ust samolyot yuborib turgan... Mingdan or-tiq kishi kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlagan. Shamsiddinim ertalab ishga ketayotganda birdan trevoga boʻlib, osmonda nemis samolyoti koʻrinibdi. Shahar ustida ikki aylanib, stantsiyaga bombasini tashlayolmay bolalar bogʻchasining hovlisiga tashlab qochibdi. Tasodif boʻlib, la’natining bombasi yorilmay, bolalar oʻynaydigan qumga sanchilib qolibdi. Hamma tashvishda, odamlar ana yoriladi, mana yoriladi deb jonlarini hovuchlab qolishganmish. Bolalarni aytmaysizmi! Derazadan qarab javdirab turishganmish. Shamsiddinim yugurib kelib, bombani qumdan sugʻurib, maydonga qarab chopibdi. Ancha nari borib yiqilibdi. Bir koʻzi ojiz emasmi, shoshganidan yelkasini sim yogʻochga urib olgan ekan. Bomba portlab, tilka-pora boʻlibdi. Urush tugamayoq bordim. Qabrini quchoqlab yigʻladim. Oʻsha bogʻchani Shamsiddinimning no-miga qoʻyib, hovlisiga haykalini oʻrnatishdi. Toʻngʻich oʻgʻlimdan ana shundoq judo boʻlganman, bolam. Chol entikdi. U yigʻlar edi.
— Yupatmang, bolam. Bir oz yigʻlay, dardim yengilashadi. Ichimni boʻshatib olay.

Chol shunday dedi-yu, oʻkirib-oʻkirib yigʻladi.
— Akasining oʻlganini Fazliddinimga bildirmadim. Bir yilgacha akamning adresini yuboring, deb xat yozdi. Anov-manov deb paysalga soldim. Yoʻq, kenjatoyimning ham umri qisqa ekan. Dengizda choʻkib oʻldi. Na qabri qoldi, na bir libosi. Meni dogʻ-hasratga tashlab ketdi...

Osmondan argʻimchoq solib, yana turna oʻtdi. Chol turnalarning qaychiga oʻxshash karvoniga tikilib turib gapini davom ettirdi:
— Dunyoda farzand koʻrmagandek yana soʻqqabosh boʻlib qoldim. Oʻzimni qayoqqa qoʻyishimni bilmayman, devonaga oʻxshab gangib yurdim. Raisimiz esli ayol edi. Ovunsin deb qangʻillab qolgan hovlimga margʻilonlik bir agronomni koʻchirib keldi. Andijonga olib tushdi. Leningraddan koʻchirib keltirilgan yetim bolalardan birini olib berdi. Boya sizga aytgan Andryushamni ana oʻshanda boqib olgan edim. Uni ortmoqlab katta qildim. Qarindoshlari koʻp izlashdi. Bildirmadim. Bolaning esi kirgan sari ota-onasini yoʻqlaydigan boʻldi. Unga qarab turib yurak-bagʻrim ezilib ketadi. Oxiri chidamadim. Leningradga xat yozdirib, Andrey Karpovni darakladim. Bolaning otasi ham, onasi ham qurshovda oʻlib ketishgan ekan. Bittayu bitta opasi bor ekan. Bola chidab turolmadi. Qanot paydo qilib, opasining yoniga uchib borgudek talpinib qoldi. Jigar ekan-da! Oq fotiha berib safarga kuzatmoqchi boʻldimu oʻyim buzildi. Yolgʻiz yuborishga koʻnglim boʻlmadi. Birga ketdim. Andryushamni opasining oddiga qoʻyib qaytdim. Yana yakkalikda, zabunlikda qoldim... Andryusham uylandi. Hozir bitta oʻgʻli bor. Otini Sobir qoʻyibdi. Mening otim Sobir-da! Yaqinda kelib ketishdi. Poytuq stantsiyasida vagonga oʻtqazayotibmanu, yosh bolaga oʻxshab hoʻng-hoʻng yigʻlayman. Bola, dedushka, deb boʻynimga osiladi. Toʻqqizta ananasni vagonga chiqazib berdim, aynimay borarmikan, a, bolam?

Andryusham ketgandan keyin yashashning sira ham qizigʻi qolmadi, har saharda xudodan oʻlim tiladim. Nevaramni koʻrdim, endi sira oʻlgim kelmaydi. Qarib qolayotganimdan oʻkinaman. Shu bolaning kamolini koʻrsam edi, deyman. Hay mayli, dunyoning ishlari shunaqa ekan...

Yostiqqa bosh qoʻyib, bari bir uxlayolmadim. Belanchakda yorilgan mushak, bomba zarbidan tilka-pora boʻlgan tana, zangori toʻlqinlar yutgan navqiron yigit, vagon oynasidan bobosiga talpingan goʻdak koʻzimga koʻrinaverdi. Shunday xayollar bilan koʻzim ilingan ekan, qulogʻimga elas-elas turna ovozi eshitildi. Yaqin oradan qandaydir qush besaranjom qanot qoqqandek boʻldi. Chol sapchib turdi. Men ham koʻzimni ochdim.
— Ketdi! — dedi chol alamli bir tovushda.

Chol tikilgan tomonga qaradim. Koʻkda argʻimchoq solib uchayotgan turnalar karvoniga qarab cholning turnasi ham shitob bilan uchib borar edi. Ana, uning karvonga yetishiga ozgina qoldi. Karvon yarim doira yasab unga peshvoz chiqdi. Karvonning safi buzildi. Toʻzgʻib ketgan turnalar toʻyxonadagi xotinlarning qiy-chuvini eslatuvchi bir tovushda shovqin solishdi. Keyin karvon safini oʻnglab, biz qarab turgan chayla tepasida bir aylanib silkinib-silkinib ufqqa qarab oʻtib ketdi. Chol quvonchmi, ma’yuslikmi, bilib boʻlmaydigan gʻalati ohangda:
— Ke-etdi-i-i!!! — dedi.

Har bahor koʻkda turnalar karvonini koʻrganimda, ularning begʻubor firuza osmonda argʻimchoq solib uchishini kuzatganimda alamzada, hijronzada, lekin metin irodali oʻsha Sobir boboni eslayman. Bu turnalar menga ananas hidi anqigan chaylani, oppoq soqoli koʻksiga tushgan nuroniy cholni, uning mard, oʻlimdan ham zoʻr oʻgʻillarini, Andryushani, kichik Sobirni eslatadi.

Oʻsha mayib turna cholning qoʻlida shifo topib, yana oʻz karvoniga qoʻshilganini bilarmikin? Har koʻklam oʻsha chayla ustidan oʻtayotganda bobosini eslab qoʻyarmikin? Eslasa kerak deyman! Men uning shu chayla ustidan chiroyli binafsha kokillarini silkib, boboga ta’zim qilib oʻtishini juda-juda istardim.

1960