OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Tuynuk (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiTuynuk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tuynuk (hikoya)
Said Ahmad

Badalbek yangi ichkuyov boʻlganidan hali qoʻni-qoʻshnilarini tanimaydi. Bugun dam olish kuni, Badalbek nima qilishini bilmay hovlida aylanib yuribdi. Koʻchaga chiqay desa, qayoqqa boradi? Bitta yarimta oʻrtogʻini boshlab kelay desa, hali qayin onasining fe’lini bilmaydi. U qoʻlini orqasiga qilib aylanib yurarkan devor tepasidan bir gʻisht qiya boʻlib tushib ketay-tushib ketay deb turganini koʻrib qoldi. Darrov shotini sudrab kelib devorga tiradi. Shotining bir pogʻonasiga oyoq qoʻyishi bilan kallasiga: qoʻshnining xotini kishidan qochadigan boʻlsa, andeshalik ish boʻlmasmikin, degan oʻy keldi.

U poʻsht, deb devor tepasiga chiqdi-yu, qoʻshni hovliga qaramay osilib qolgan gʻishtni oldi. Bir mahal:
— Hormang, qoʻshni, — degan ovozni eshitib beixtiyor hovliga qaradi.

Moʻylovdor bir yigit deraza moylayotgan ekan, qoʻlidagi choʻtkasini bankaga tashlab devor tagiga keldi.
— Qani, bir tanishib qoʻyaylik, pochcha, — dedi u ham shotichasini sudrab kelib devorga tirmashar ekan.

Ularning har ikkovi ham devordan bel boʻyi baravar koʻtarilib qoʻl olib koʻrishishdi.
— Buni qaranga, qoʻshni, yoʻgʻ-e, pochcha, bitta shisha konyak qachondan beri egasini topolmay javonimning bir chekkasini xira qilib yotgandi. Egasi oʻzingiz ekan-ku. Hozir olib chiqaman.

Qoʻshni Badalbekning hay-haylashiga qaramay shotidan tushib uyga yugurdi. Birpasda shimining bir choʻntagida shisha, bir choʻntagida piyola bilan lapanglab chiqdi.
— Shoshmang, — dedi Badalbek ham boʻsh kelmay, — singlingiz antiqa varaqi qilgan edi, konyakka varaqidan boshqa zakuska oʻtaversin.

Badalbek bir taxsimcha qilib varaqi olib chiqdi.

Ikki qoʻshni devorga bagʻrilarini berib bir piyoladan otib gapga tushib ketishdi. Ikkinchi piyoladan keyin devorga minib olib, xotirjam uchinchi piyolani ichishdi.

Badalbekning qaynanasi qizini chaqirib, eringga ayt, yangi kuyov qoʻni-qoʻshnilar oldida uyat emasmi, deb qoldi. Ichkuyovga goʻrni bir nima deb boʻladimi? Dunyoda ichkuyovdan nozik narsa yoʻgʻ-a!
— Menga qarang, qoʻshni,— dedi moʻylov. — Asli bizga devorning keragi yoʻq ekan.

Bu gap Badalbekka ham yogʻdek yoqib tushdi.
— Mana shu gapingizga borman-da. Qoʻshni oshi uzatadigan kichkinagina tuynuk ochib qoʻysak boʻlarkan.
— Iya, iya, kichkina emas, durustroq, rasmana bir lagan osh oʻtadigan tuynuk boʻlishi kerak.

Ikkovi maslahatlashib hozirning oʻzida tuynuk ochadigan boʻlishdi. Qoʻshni u tamondan, Badalbek bu tomondan tesha urib ishga tushib ketishdi. Konyak zoʻr kelib birpasda tuynuk ochildi. Ammo moʻljal toʻgʻri boʻlmagan ekan, yonma-yon ikkita tuynuk ochilib qoldi. Qoʻshni hazilga olib: bittasi zakuska uzatishga, deb hiringlab kuldi.

Tuynukning chetlarini somonli loy bilan chiroyli qilib suvab qoʻyishdi. Tuynuk-ku chiroyli chiqdi-ya, ammo Badalbekning kuyovlik sarpolari rasvo boʻldi. Xotini gʻiring deyolmadi, ichkuyovga goʻrni bir nima deb boʻladimi!

Konyak konyakligini qildi-yu, Badalbek ayvonda uxlab qoldi. Bir narsa taraqlab uygʻotib yubordi. Boshini koʻtarib qarasa kimdir tunuka tomni taraqlatib yuribdi. Badalbek jahl bilan hovliga tushdi. Bir bola tomda kaptar quvib yuribdi.
— Hoy, qanaqa yaramas bolasan, tush tomdan. He axloqsiz!

Tuynukdan qoʻshnining moʻylovi koʻrindi.
— Pochcha, undoq demasinlar, bizzi erkatoya.

Badalbek indamay uyga kirib ketdi. Kechga yaqin qoʻshnining soʻkingani eshitildi.
— Hu egangga oʻxshamay oʻl!

Badalbek hayron boʻlib turgan edi, baraq mushuk tuynukdan jon holatda sakrab oʻtib uning oyogʻiga suykaldi.
— Hoy, qoʻshni, unaqa demasinlar, mushuk hayvon, bilmagan-da!

Uch-toʻrt kungacha ikkala qoʻshni ne-ne umidlar bilan ochilgan qoʻsh tuynukka yaqin kelolmay yurishdi. Ichkuyovchilik emasmi, Badalbek sal narsaga zarda qiladigan, sal narsaga arazlaydigan qiliq chiqazdi. Qaynonasi uning bu fe’lidan kuyinib nasihat qilgan edi Badalbek bobillab berdi. Xotin oraga tushib ishni katta qilib yubordi. Butun oila a’zolari uch kungacha bir-birlariga toʻrsayib yurishdi. Roʻzgʻorchilik emasmi, yana boyagi-boyagi boʻlib ketishdi. Bular-ku unutib yuboriladi, ammo uydagi gap tuynukdan chiqib ketgan ekan ogʻizdan ogʻizga, quloqdan quloqqa oʻrmalab oʻtib moshdek gap tarvuzdek boʻlib uyga qaytib keldi. Badalbek qoʻshninikiga emas koʻchaga tuynuk ochganini bilib qoldi. Qoʻshni tushmagur bularnikidan tiq etib tovush chiqsa tuynuk tagiga kelib oʻtirib olar ekan.

Toʻyga kelolmagan ogʻaynilaridan uch-toʻrttasi Badalbekni tabriklash uchun sovgʻaga magnitofon koʻtarib kelib qolishdi. Hovliga suv sepib, supaga joy qildirib, oʻrtoqlarining oldiga dasturxon yozdi. Yigitlar magnitofonni qoʻyib yuborishdi. Devor orqasidan qoʻshnining yoʻtalganini Badalboy eshitmadi. Qoʻshni qattiqroq yoʻtaldi. Badalbek yana eshitmadi. Oxiri qoʻshni tuynukdan bosh chiqarib soat soʻradi. Ammo Badalbek qoʻshnining mehmonlar oldiga chiqqisi kelayotganidan bexabar bilagiga qarab: chorakam olti, deb qoʻyaqoldi. Qoʻshni birpasdan keyin yana tuynukdan bosh suqib, avtoruchkaning siyohi bormi, deb soʻradi. Badalbek yoʻq, dedi.

Mehmonlar oʻyin-kulgi qilib oʻtirishipti. Badalbek yelib yugurib xizmat qilib turibdi. Qoʻshni eshikdan kirib mehmonlar bilan birma bir koʻrishib, telefon qilmoqchi edim, deb ayvonga oʻtib ketdi. Ancha vaqtgacha kim bilandir choʻzilib gaplashdi. Hech kim uni dasturxonga taklif qilmaganidan, zarda bilan trubkani joyiga tashladiyu olifta yurish qilib chiqib ketdi. U chiqib ketganidan sal oʻtmay devordan tutun yopirildi. Mehmonlar oʻtirgan supa devor tagida boʻlganidan tutun buralib-buralib ularning ustiga yopirilardi. Birov yoʻtalib, birov koʻz yoshini artib nima boʻldi, degandek Badalbekka qaradi. Badalbek boʻlsa jahl bilan tuynukka boshini suqdi. Qarasa qoʻshni devor tagida katta samovarga hoʻl oʻtin tashlayapti.
— Hoy, qoʻshni, insof kerak, samovarni sal narroqqa oling.

Qoʻshni uning betiga qaramay toʻngʻilladi.
— Endi oʻz uyimda ham choy qaynatib icholmayman-mi?!

Badalbekning qaynonasi qoʻshnining fe’lini bilarkan shekilli, ayvonga joy qilib mehmonlarni oʻsha yoqqa taklif qildi. Magnitofon yana sayrab ketdi. Bir mahal tuynukdan qoʻshnining xotini bosh suqdi.
— Hoy, insof degan narsa bormi? Bolamni uxlatolmayapman-ku. Anavi savilning ovozini oʻchirsanglar-chi. Qanaqa betamiz ichkuyov ekan, bu!

Badalbekning zardasi qaynab shartta oʻrnidan turdi-yu, tuynuk ogʻziga samovar patnisni mixlab keldi. Qoʻshni ham daranglatib bir baloni qoqib tashladi. Ertasiga ikkala qoʻshni loyga qorishib bir-birining betiga qaramay tuynukni suvab qoʻyishdi.

Ana shundan keyin qoʻshnilar tinchib ketishdi. Yaqinda Badalbek eshigining oldidagi tolni sugʻarayotganida mahalla komissiyasining muovini bir gap aytib qoldi. Qoʻshni unga, sizga atab Yerevandan bir shisha antiqa konyak oldirib kelgan edim, manavi turqi sovuq qoʻshni ichib qoʻydi, konyak ham qulogʻini ushlagancha uvol ketdi deganmish. Badalbek ham boʻsh kelmadi.
— Yaxshi ham sizga buyurmagani, konyak emas, ichiga qant kuydirib solingan oʻzimizning jaydari araq edi,—dedi.

Ikki qoʻshni yuz koʻrmas boʻlib ketishardi-yu koʻpchilik boʻlib, yana tuynukni ochib qoʻyishdi. Qoʻshni singlisini kuyovga chiqazayotgan edi, mahalla aktivlari oʻrtaga tushib Badalbekning hovlisiga qozon qurishdi. Oʻsha tuynuk boshqatdan ochilib undan palov ham oʻtdi. Mastava ham. Toʻy oʻtib hali tuynuk bekilgani yoʻq. Ishqilib koʻz tegmasin, oxiri baxayr boʻlsin, shu tuynuk bahona oling qoʻshnim, bering, qoʻshnim, boʻlib turibdi.

Ha aytgancha qoʻshni uch-toʻrt kishi boʻlib ot soʻyib qazi qildirayotgan ekan, Badalbekka, siz ham sherik boʻling, deb katta boshini kichik qilib atayin chiqibdi, Badalbek ham odam, bir gap aytdi.
— Telefonga qiynalyapsiz, ikkovimizniki bir nomer boʻla qolsin.

Qoʻshni sevinganidash bitta konyagim bor, olib chiqaymi, deb qoldi.

Badalbek yoʻq deyolmadi.

Oʻsha kuni ikki qoʻshni bir-birini yalashdi, yulqashdi. Biri akamsan, dedi, biri ukamsan, dedi. Oxiri shu boʻldiki, bunaqa ahil qoʻshnilarga devordagi tuynuk torlik qilayotgani ma’lum boʻldi.

Hikoyamni nima bilan tugatay? Ular shu xilda ahil boʻlib ketishdi desamu, ketidan bir ishkali chiqib qolsa nima qilaman?

Oʻliptimi, ishkali chiqmas.

* * *

Ushbu hikoya bitib nashriyotga olib ketayotganimda yangi gap eshitib qoldim.

Ikki qoʻshni qalin ogʻayni boʻlib, ogʻiz-burun oʻpishib ketishipti. Oʻrtadagi devorni buzib qoq kesagini toklarining tagiga solishibdi. Hozir oʻsha devor oʻrnida taroqqa oʻxshagan chiroyli panjara qoʻndirishipti.

Boʻyoq qoʻshnidan, boʻyash Badalbekdan.