OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Xazina (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiXazina (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xazina (hikoya)
Said Ahmad

«
Hunarni asrabon netgumdir oxir,
Olib tuproqqami ketgumdir oxir.

Navoiy
»

Hamrohim «Temir koʻprik»da qoʻnib oʻtishimizga uncha roʻyxush bermagan boʻlsa ham, avtobusdan qoʻyarda-qoʻymay olib tushdim.
— Nima qilasiz vaqtni bekorga oʻtkazib, choy boʻlsa Chimqoʻrgʻonda ichardik-da.
— Bitta dutor eshitib ketaylik. Ajoyib bir mashshoq bor. «Tanavor»ni undan zoʻr chaladigani yoʻq. Eshitib oʻzingiz ham qoyil qolasiz.

Hamrohimning peshanasi tirishib gʻalati qarash qildi.
— E, suf sizga-e, hali shunga yoʻldan qolib oʻtiribmizmi?! Zap gʻalati odatlaringiz bor-da! Radiodan dutor eshitmaganmisiz?

Uning mendan juda hafsalasi pir boʻlgani koʻzidan bilinib turardi. Men ham shunday zavqsiz odamga yoʻldosh boʻlganimdan koyinib, indamay ketaverdim. Ikkovimiz shu koʻyi bir-birimizga qaramay koʻprikdan oʻtib, kanal boʻyidagi choyxona tomonga burildik. Endigina barg yozgan keksa tollar tagidagi soʻrilarda choyxoʻrlar uncha koʻp emas edi. Oldi chiy bilan toʻsilgan qator oʻchoqlar oldida shahardan chiqqan oshxoʻrlar ivirsib yurishibdi.

Kanal boʻyidagi soʻriga oʻtirib, dastyor bolaga koʻk choy buyurdik. Hamrohim hali ham chehrasi ochilmay suvning qirgʻoqqa sapchib urilishiga beparvo qarab oʻtirardi. Oxiri u yonidan buklangan gazeta olib «Tamakining zarari» degan kattagina bir maqolani oʻqishga unnab ketdi.

Bu kamgap, gʻalati odamning koʻnglini nima bilan olishni bilmay xijolat boʻlib qoldim. Bu yerga qoʻnib oʻtishdan maqsad unga Usta Maqsudning dutorini eshittirish, hordiq chiqarish edi. Oʻzim ham bu sozandaning mashqlarini bundan yigirma yil avval eshitganman. Oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsa ham, u chalgan kuyning ohanglari hali-hali qulogʻimdan nari ketmas edi. U vaqtda Usta Maqsud yigirma besh yoshlardagi, vujudidan kuch yogʻilib turgan baquvvat yigit edi. Katta Fargʻona kanali qurilishida muxbirlik qilib yurib, shu «Temir koʻprik»ka har kelganimda alla-pallagacha choy ichib oʻtirib, uning mashqlarini eshitardim. Kuni bilan tuproq qazigan quruvchilar to yarim kechagacha choyxonada qolib ketishar, ogʻir mehnat charchogʻini ijro etilayotgan kuyning sehri bilan unutishardi. Usta Maqsud, ayniqsa, «tanavor» yoʻllarini bilar, ularni ajib bir mahorat bilan ijro etardi. Bir kuni kechasi redaktsiyaga telefonda material berib, kechroq choyxonaga kelsam, soʻrilarda joy qolmabdi. Hamma jim. Oʻrtadagi soʻrida Usta koʻzlarini chirt yumib «Fargʻona tanavori»ni chalardi. Chetroqdagi soʻrida Yoʻldosh ota kuy maqomiga tebranib oʻtiribdi. U har zamon tizzasiga oriq barmoqlarini beozorgina urib qoʻyar, koʻzlarini Ustaning tor chertayotgan barmoqlariga tikib xayol surardi.

Men azim tup tolning bujur tanasiga suyanib, keksalar qalbida allaqachon uxlagan yoshlikning qaynoq hislarini uygʻotib yuborgan, yigitlar koʻksida yilt etgan muhabbat uchqunini alanga oldirayotgan sehrli kuy sadolariga berilib jimgina oʻtirardim. Usta tor chertishdan toʻxtab, atrofga kulimsirab bir nazar tashladi-da, dutorni ehtiyot qilib yoniga qoʻydi.

Odamlar uyqudan uygʻonib ketgandek atrofga qarab olishdi. Usta Maqsud ularni xuddi qoʻllaridan ushlab yoshlik koʻchalariga yetaklagandek: qara, yoshligingga boq, birinchi muhabbatingni esla, lola tergan adirlaringni, choʻmilgan soylaringni koʻr, deyayotgandek, hayot mashaqqatlaridan sen bilan yonma-yon turib oʻtgan umr yoʻldoshingning koʻksingga birinchi bor bosh qoʻyib ishqingga iqror boʻlgan paytidagi hayajonini esla, bu kunlarga yetolmay orzu-armonlarini senga tashlab ketganlarni unutma, degandek boʻlardi.

Hamrohim «Tamakining zarari»ni oʻqib boʻlgunicha oʻsha unutilmas sirli tunni esladim. Shu topda Usta Maqsuddan yana bir marta oʻsha kuyni eshitgim keldi. Atrofga alanglab uni qidira boshladim. Qayragʻoch tagidagi soʻrida oldiga choynak qoʻyib yolgʻiz oʻzi xayol surib oʻtirgan ustani koʻrib, hamrohimni turtib qoʻydim.
— Ana shu kishi Usta Maqsud boʻladi. Hozir iltimos qilaman, yoʻq demaydi. Odatini bilaman.

Shu gapni aytdim-u, choyxonachi bolaga dutor keltirishni buyurib, oʻzim ustaning oldiga qarab ketdim. U bir qarashdayoq meni tanidi.
— E, muxbir uka, bormisiz? Biz tomonlarga sira kelmay ketdingiz.

Hol-ahvol soʻrashdik. Kanal qurilishidagi qadrdonlarni esga oldik. Men unga Yozyovonga keta turib, atayin u bilan uchrashgani «Temir koʻprik»da tushib qolganimni aytdim.
— Yoʻldosh otaga chalib bergan mashqingiz hali ham qulogʻimdan nari ketmaydi. Malol kelmasa bir eshitib ketsam. Juda koʻpdan beri orzu qilaman.

Usta besaranjom boʻlib qoldi. Sal fursat oʻtmay koʻzlarini bir nuqtaga tikib, ogʻir tin oldi. Xijolat chekayotgandek iymanib dedi:
— Dutor ushlamaganimga oʻn besh yilcha boʻlib qoldi. Shunaqa...

U gapini tugatmay toʻnining yengini bilagigacha shimardi. Koʻzlarimga ishonmay qoldim. Chap qoʻlining tirsagidan pasti yoʻq. Bir vaqtlar torlarni beqiyos chertgan, san’atiga koʻplarni qoyil qoldirgan barmoqlar endi yoʻq edi. Nahotki...
— Dutor chaladigan qoʻlni urush kesib tashlagan. Nima deyishimni, nima qilishimni bilmay esankirab qoldim. Torlarni chertishga, pardalar ustida yoʻrgʻalashga mohir boʻlgan qoʻllar kezi kelganda miltiq tepkisini bosishga ham qodir ekanligi haqida sira oʻylab koʻrmagan edim. Shu topda oddimda oʻtirgan kishining sevgan san’atidan, kasbidan ajralganini, uning ajoyib mahoratidan kishilar benasib boʻlganini koʻrib, bu urush yolgʻiz shaharlarnigina vayron qilmadi, yolgʻiz otani boladan, bolani onadan judo qilmadi, balki omon qolganlarning ham tanasida jarohat izlari qoldirib ketganini koʻrib turardim. Oraga juda noqulay jimlik tushdi. Usta oq oralab qolgan moʻylovining uchini buragancha nimanidir oʻylab, yerda lip-lip oʻchib-yonib oʻynayotgan oftob tangalariga tikilib oʻtirardi. Bu sovuq sukunatni choyxonachi bola buzdi. U yoʻl-yoʻlakay changini artib kelgan dutorni tingʻillatib bir chertib, koʻrpacha ustiga qoʻyib ketdi.

Usta hayron boʻlib bir menga, bir dutorga qarab kiprigini pirpiratdi. Mening juda ham mulzam boʻlganimni sezgan Usta Maqsud oʻrnidan turib dutorni qoʻliga oldi.
— Dutor eshitgingiz kelayotgan boʻlsa, baqqa yuring!

Itoatkorlik bilan unga ergashdim. Choyxonadan chiqmay turib hamrohim borligini, agar malol kelmasa uni ham boradigan joyimizga ola ketishimizni soʻradim. Usta rozi boʻldi. Ammo, hamrohim ensasi qotgandek peshanasini tirishtirib zoʻrgʻa koʻndi.
— Aslida oʻzim ketaversam boʻlarkan. Nega ham gapingizga kirib avtobusdan tushib qoldim-a!

Koʻprikdan oʻtganimizdan keyin Usta dutorni menga berib, koʻcha betidagi eshikka kirib ketdi-da, hayal oʻtmay yana qaytib chiqdi.
— Inobat oltinchining yerida ekan, oʻshaqqa boramiz. Inobat kim? Oltinchi brigadaning dalasida nima qilamiz? Bu toʻgʻrida undan soʻrashga jur’at qilmay orqasidan ergashib ketaverdik. Hamrohim har zamon menga qarab bir xoʻmrayib qoʻyardi. «Nima, umrida dutor eshitmagan ekanmanmi, namuncha zarur boʻlmasa» deb ustaga bildirmay mingʻillar edi. Shudgor qilingan katta yerdan aylanib oʻtishimiz bilan birdan traktor shovqini eshi-tildi. Tutzordan bir gala zagʻcha qagʻ-qagʻ qilib osmonga koʻtarildi. Usta hamon churq etmasdi. Dala shiyponiga yetib kelganimizdan keyingina uning chehrasi ochilgandek boʻldi. Bu yerda oʻn chogʻlik kishi dalaning har yer-har yerida nima bilandir mashgʻul boʻlib yurardi. Shudgor qilingan dalaning u boshidan bu boshiga sim tortilib, traktor shu sim yoqalab chigit qadab kelardi. Hali gullamagan yovvoyi jiyda tagidagi yeroʻchoqqa oʻt qalab oʻtirgan xotin bir dasta kosa koʻtarib ariq tomonga oʻtdi. Usta tepaga kelgan quyoshga koʻzini qisib qarab: «Ayni tushlik paytida kelibmiz», dedi. Traktor yerning narigi boshida toʻxtab, undan konbinezon kiygan oʻrta yashar bir juvon tushdi. U shiypon tomonga qarab oldida oʻlchov simiga qoziq koqayotgan kishiga nimadir deb qichqirdi.

Birin-ketin shiyponga odam yigʻila boshladi. Traktorchi juvon Ustani koʻrib: «Ha, domlaka, nima qilib yuribsiz!» — dedi uning qoʻlidagi dutorga hayron boʻlib qararkan.
— Mehmon boshlab keldim, qizim. Dutoringni eshitgani ataylab uzoqdan kelishibdi. Yoʻq demay chalib ber, Inobat qizim.

Inobat qoramoy boʻlib ketgan qoʻllarini latta bilan artib, dutorni oldi. Tik turganicha bir tizzasini sal bukib koʻtardi-da, dutor pardalarini qulogʻi yaqiniga olib borib sozlay boshladi.
— Nimani chalib beray? — dedi u shiypon zinasiga oyoq qoʻyar ekan.
— Nimani chalib bersin? — deya bizga yuzlandi Usta.

Men undan Usta akaning Yoʻldosh otaga chalib bergan «Fargʻona tanavori»ni chalishini iltimos qildim.

Inobat koʻrpacha ustiga oʻrnashib oʻtirib olgandan keyin dastroʻmolini hoʻllab, torlarni artib, ustasining salobati bosayotgandek jur’atsizlik bilan kuyni boshladi. Yer ostidan hamrohimga qaradim. U goʻyo hech narsa boʻlmagandek oʻchokdan chiqayotgan tutunga loqayd qarab oʻtirardi. Avvaliga hissiz, shunchaki boshlangan kuy birdaniga oʻtirganlarning xayolini olib qoʻydi. Inobat koʻzlarini yumib, oʻzi chalayotgan kuydan oʻzi ta’sirlanib tebranar, goh koʻzini ochib oftobda gulxandek yonayotgan adirdagi lolalarga qarar, goh boshini sal orqaga tashlab shiftdagi qaldirgʻoch uyasiga tikilganicha kiprik qoqmay turib qolardi. Qoʻllari pardalar ustida erkin yoʻrgʻalar, goʻyo dutor dastasini ezib undan anvoyi ohanglarni siqib olayotgandek, barmoqlari esa torlarni xuddi qalbni tirnayotgandek timdalardi. Odam qalbiga togʻ havosidek yoqadigan kuy yaratayotgan mana shu qoʻllar bundan bir necha minut ilgari ogʻir traktor murvatlarini boshqarganiga sira ishongim kelmasdi. Bu kuy menga yoshligim, bolaligimni yana qaytarib keldi. Torlarning goh dengiz dovullaridek shiddatkor, goh sahar yellaridek yumshoq sadolari yillar oʻtib qalb qa’rida unutilib ketgan ajib bolalik hislarini tugʻyonga keltirdi. Vujudimda haligacha hech kim bilmagan va hech kim qilolmaydigan allaqanday zoʻr, juda ham zoʻr ishlar qila olishga qodir bir kuch paydo boʻlayotgandek edi. Dutoriga joʻr boʻlgim, atrofda mavj urib turgan bahor manzaralarini qoʻshiqqa solib kuylagim kelardi. Hamrohimga qaradim: uning koʻzida yosh yiltirardi. U iyagini kaftlari orasiga olib jimgina oʻtirar, yelkasi tez-tez silkinayotganini sezmasdi.

Negadir Usta Maqsudning yuz-koʻzida hayajon sezmadim. U kuyning odamlarga ta’siridan koʻra, ijrochining torni qanday chertishiga, pardalarni qanday bosishiga koʻproq diqqat qilardi. Ustaning koʻz qarashlarida, yuz ifodalarida adashmasmikan, usuldan chiqib ketmasmikan, degan tashvish sezilib turardi.

Nazarimda, bu usta san’atkor uzoq yillar mehnat mashaqqat bilan topgan xazinasini eritib, shogirdining qalbiga quyayotganga oʻxshardi. Inobat esa bu san’at gavharining ustidagi chang-gʻuborni artib, unga yangi jilo, yangi sayqal berib kishilar yuragiga olib kirardi.

1960