OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Xotin (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiXotin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xotin (hikoya)
Said Ahmad

Munisxon eridan ajralish haqidagi arizasini sud qabul qilgani toʻgʻrisidagi xabar qogʻozi pochtadan kelganda ham, sud zalida oʻtirib erining gʻamgin qiyofasini koʻrganda ham bunchalik iztirobga tushmagan edi. U hozir ayvon labida gʻijimlangan gazetaga behush qarab oʻtiribdi. Kampir hovlida ivirsib goh oshxonaga, goh uyga kiradi... Qiziga bir nima deyishga tili bormaydi. Nima ham deya olardi u. Olti oydirki qizi Munis oʻz yogʻiga oʻzi qovriladi. Sevgan, ahdi paymonlar bilan tekkan erini tashlab keldi. Dardi ichida. Na ona, na ota unga botinib gapira oladi. Nima boʻlsa ham, koʻngli yarimta, deb yaxshi gapirib kelishadi. Ona boʻlsa xilvatda oh urib: «Qoʻshgani bilan qoʻshaqarisin, har qizki uydan chiqdimi, qaytib kelgulik qilmasin» deb pichirlaydi.

Munisxonning eridan ajralib kelganidan to shu kungacha chehrasida samimiy kulgini na ota, na ona koʻrdi. Uning yuzi za’faron boʻldi. Ayniqsa, bugun ertalab pochtalon tashlab ketgan gazeta noxush xabar keltirdi. Gazetada eri Joʻrabek toʻgʻrisida kattagina feleton bosilib chiqibdi. Oʻ maishiy buzuqlikda, qurilish materiallarini talon-toroj qilishda ayblangan edi. Munisxon bir necha bor oʻqigan bu aybnomaga tikilar ekan, ichidan kelgan kuchli xoʻrsiniqni toʻxtatolmay oʻrnidan turdi.

«Uning shu ahvolga tushib qolishiga men aybdorman. Nega uni tashlab keldim, nega oxirigacha olishmadim? Nega uni shu yoʻldan qaytarolmadim? Nega uning bema’ni ulfatlarini quvmadim?..»

Munisxon ana shunday iztirobli oʻylar bilan oʻzini oʻzi koyirkan, birdan koʻziga sud zali koʻrinib ketdi. Joʻrabek soch-soqoli oʻsib bir holi, bir sar qiyofada oʻtiribdi. U har zamon bunga yer ostidan qarab koʻyadi. Uning bevaqt ajin tushgan yuzlarida allaqanday tushunib boʻlmaydigan ifoda. Munisxon besh yil birga yashab uning yuzlarini, koʻzlarini bunaqa loqayd, ifodasiz koʻrmagandi. Hatto Joʻrabek biror narsadan gʻazablanganda ham koʻzlarida qandaydir tabassumga oʻxshagan bir ifoda boʻlardi. Hozir-chi? Oʻ endi hamma narsa tamom boʻldi, endi yashashning ham qizigʻi qolmadi, degandek, kurashda yengilgan, najot yoʻlini butunlay yoʻqotgan kishi kepatasida oʻtirardi. Munisxon oʻshanda oʻrnidan turib sud hay’atiga: «Yoʻq, erimni tashlamayman, axir men uni yaxshi koʻraman!» deb qichqirgisi keldi. Qandaydir bir kuch uni oʻtirgan joyiga mixlab qoʻygandek qimirlatmadi. Uyqusiz kechalar, tunni tongga ulab uni kutishlar, lazzatini, tinchini yoʻqotgan juftlik hayoti, tentishlar, to hushni yoʻqotguncha ichishlar, ta’nalar — hammasi, hammasi bir boʻlib, er-xotinni sud ostonasiga olib kelgan edi. Munisxondan ajralish Joʻrabekning xayoliga ham kelmagan edi. Bu mudhish soʻzni birinchi boʻlib Munisxon baland ovoz bilan aytdi. Bu gapning dahshatini Joʻrabek darrov sezmadi. Erlik gʻururi shundoq gapni aytgan xotiniga tik qarashga, uni elamaslikka majbur qildi. U bemahal portlagan bu bombaning dahshatini sud zalida sezdi. Sezdi-yu, endi kechikkanini, jafokash, chinakam munis doʻstini yoʻqotganini angladi. Unga shu topda birdan hayotning ma’nosi yoʻqolgandek, yashashning qizigʻi qolmagandek boʻldi. To sud majlisi tamom boʻlguncha murdadek jonsiz, hissiz oʻtirdi. Savollarga nima deb javob berganini, xotini unga qanday ta’nalar qilganini xuddi tush koʻrayotgandek juda xira, rangsiz, tovushsiz, faqat imo-ishoralardangina sezayotgandek edi. Munisxon esa ichki dard, iztirob kuchi bilan, ham gʻazab, ham nafrat yogʻilib turgan soʻzlar bilan uni ayblardi. Ha, Munisxon uni faqat, faqat ayblardi. Bir umr undan yaxshilik koʻrmagandek ayblardi. Ayblardi-yu, sevgan kishisidan, orzu-umidlaridan, niyatlaridan, birga kechirgan oydin kechalarning yorqin, allaqanday nurga, shu’laga toʻlgan xotiralaridan bir umr ajralayotganini sezmasdi. Shunday boʻldi. Besh yillik umrdan faqat oʻsha sud qarori qoldi, xolos. Endi ular bir-birlariga begona kishilar boʻlib qolishdi.

Shundaymi?

Munisxon oʻziga shunday savol berganda: «Dod!» deb yuborgisi: «Yoʻq!», «Yoʻq!» deb qichqirgisi kelardi. «Uni shu ahvolda tashlab ketmaganimda bunday boʻlmasdi. Kurashishim, butun borligʻim bilan kurashishim, uni shu yoʻlga boshlagan har qanday kuchdan zoʻr kelishim kerak edi. Nega shunday qilmadim? Nega uni yengmadim? Nega oʻzimni kurashdan chetga tortdim? Eng yaqin kishimni halokat yoqasiga tashlab, oʻzimni olib qochdim. Endi u butunlay halok boʻldi. Puliga, martabasiga doʻst boʻlganlar, uni shu yoʻlga boshlaganlar allaqachon begona boʻlib oldilar. Unga hamdard boʻladigan, yupatadigan, koʻngliga dalda beradigan yaqin kishisi qolmadi. Endi uni chinakam sharmandalik kutyapti».

Munisxon gʻijimlangan gazetaga loqayd termilib, ana shunday xayol surardi.

Hovliga hassaga tayangan dadasi kirdi. U ariqda shildirab oqayotgan suvda yuzini yuvib, hoʻl boʻlib ketgan soqollarini belbogʻiga artib, supaga oʻtirdi. Chol hassasining uchi bilan yer chizib, ancha vaqtgacha jim oʻtirgandan keyin, boshini koʻtarib, qiziga qaradi.
— Munis, qizim, baqqa kel. Hamma gapni eshitdim. Juda xunuk ish boʻpti. Xoʻsh, endi nima qilmoqchisan?

Munisxon yerdan bosh koʻtarmay, hamon oʻshanday oʻtirardi.
— Qizim, ota hech qachon oʻz farzandiga yomonlikni ravo koʻrmaydi. Gaplarimga astoydil quloq ber. Joʻrabek yetim bola. Sendan boshqa hech kimi yoʻq edi. Avvalambor, tashlab kelganing joʻyalik ish boʻlmagan edi. Hali ham boʻlsa yoʻlga otlan. Odamning taftini odam koʻtaradi. Yeniga bor. Shunday qilsang chinakam odamlik qilgan boʻlasan. Bor, unga hamdam boʻl.

Ertalab tong otishi bilan Munisxon yoʻlga chiqdi. Uni Toshkentga olib ketayotgan avtobus ham, poezd ham, nazarida, juda sekin yurayotganga oʻxshardi. Poezd ichi dim boʻlganidan yoʻlovchilar gazeta bilan oʻzlarini yelpirdilar. Bu tomonlarga pochta bir kun kechikib kelardi. Kechagi gazetaning Joʻrabek haqidagi feletoni yoʻlovchilarning ermagi boʻlib qoldi. Munisxon qayoqqa qaramasin, oʻsha gazeta. Xuddi ataylab qilgandek, gazeta toʻrt buklanganda oʻsha feleton mana men, deb koʻrinib turardi. Yoʻlovchilardek ermaktalab xalq kamdan-kam boʻladi. To Toshkentga yetib kelishguncha Joʻrabekning dostoni ogʻizlaridan tushmadi. Har kim oʻz fikrini aytardi.
— Bu yaramasni albatta sud qilishadi.
— Insonlik qiyofasini yoʻqotganlarning jazosini berish kerak.

Kela-kelguncha odamlarga orqasini oʻgirib ovqat yeb kelayotgan, boʻyni buqanikiga oʻxshagan bir kishi tovuqning oyogʻini lunjiga tiqar ekan, palagʻda tovush bilan dedi:
— Axir, xotini taloq, gʻar boʻl, oʻgʻri boʻl, insofli boʻl-da!

Uning gapi Munisxonga qattiq botdi. Bir nima de-yishga ogʻzi bormay, qoshlarini chimirdi. Buqaboʻyin kishi gazetani «sharr» etib yirtib, xuddi feletonli joyiga lunjining yogʻini artib, yana gap qotdi:
— Qizi taloq muxbirlar ham koʻp gʻalamis boʻlishadi-da. Ha, endi shundoq boʻlgan ekan, koʻrib-koʻrmaslikka olib ketavermaysanmi. Hukumatning dargohi katta, omborning eshigi tor, tuynugi keng. Ozroq olgan bilan gʻaznasi tamom boʻp qolarmidi? Muncha kovlashtirasan, siynitaloq, oʻzvag boʻlganingdan keyin oʻzvagingga qayish-da. Hukumat uni qamab qoʻysa, noning ikkita boʻladimi sening?

Oʻtirganlarning etagiga oʻt tutashgandek baravar oʻrnilaridan turib ketishdi. Yuqorida kitob oʻqib yotgan yoshgina bir yigit «gup» etib oʻzini pastga otdi. Buqa-boʻyinning yoqasidan olib, yoʻlakka sudradi. Boshqasi uning yukini yigʻishtirib orqasidan irgʻitdi. Poezd duvarakkina bir raz’ezdga kelib qolgan edi, buqaboʻyinning bay-baylashiga karamay, uni vagondan tushirib yuborishdi. Poezd joyidan jildi hamki, hech kimdan sado chiqmadi: bu odam hammani — hukumatni, oʻzbeklarni, muxbirlarni — hamma, hammani haqoratlab ketgan edi. Goʻyo koʻkarib zaharga toʻlgan chayon kovakdan chiqdi-yu, bu yerdagilarning tanasidan oʻrmalab jamiyat ichiga kirmoq-chi, ularga nish urmoqchi boʻlgandek edi.

Munisxonning koʻziga eri Joʻrabek koʻrinib ketdi. Nahotki u ham chayon boʻlsa?! Nahotki u ham odamlarga nish urmoqchi boʻlsa?

Bu asabi qaynagan yoʻlovchilar uchun Joʻrabek bilan boyagi buqaboʻyinning qanday farqi bor? Ikkovi ham bir emasmi?! Yoʻq! Joʻrabek adashgan, u chayon emas, chayon emas...

Munisxon ming azob bilan bir umr kelmas boʻlib ketgan uyining ostonasiga qadam qoʻydi. Erining farzandsiz beva ammasi uni juda sovuq kutib oldi. Koʻz qarashlaridan: sevinganingdan keldingmi, uning holidan kulgani keldingmi, degan ma’no anglashilardi. Munisxon uyga kirdi. Bir vaqtlar yogʻ tushsa yalagudek top-toza uy nihoyatda besaranjom, fayzsiz edi. Kuldon papiros qoldiqlariga toʻlib ketibdi. Karavotning bosh tomonida polga juda koʻp kul toʻkilgan. Koʻp chekibdi, kechasi ham chekadigan boʻlib qolibdi, deb dilidan oʻtkazdi Munisxon.

U bir vaqtlar yoshlikning qaynoq muhabbati yoritgan uyda shu koʻyi uzoq kezib yurdi. Ohak choʻtkasining devord-gi bilinar-bilinmas izlari unga shu uyda oʻtirgan kelinlik damlarini, elektr simlarining buramalari shiftga qarab surgan oʻylarini, hozir chang bosgan ramka ichida jilmayib turgan qoʻngʻir soch Joʻrabekning surati toʻy oldidagi va’dalarni eslatardi. Munisxon uni qandoq sevardi! Qani u ehtiroslar, qani u erkalanishlar! Uni bu yerga na yoshlik xotiralari, na ehtiros, na dilni erkalovchi oshiqona soʻzlar boshlab keldi. Munisxonni doʻstlik, qadrdonlik, qolaversa uning birinchi qalb yolqinini olib qolgan, ilk sevgisini, siru sehrga toʻla qaynoq muhabbatini bagʻriga yashirgan, bir vaqtlar eng aziz, eng yaqin, hozirda esa begona boʻlib ketgan kishisining boshiga tushgan musibatga hamdard boʻlish, odamlik qilish hissi boshlab kelgan edi. Kim biladi, oʻchgan oʻt qayta yonarmi-kin. Agar u kulga aylanmagan boʻlsa, yonmogʻi mumkin.

Munisxon xayollar, xotiralarga berilib Joʻrabekni kutdi. U kelmadi. Ish vaqti tugaganiga ham bir soatdan oshdi. Hamon undan darak yoʻq edi. Munisxonni vahima bosib, hovliga chiqdi. Kampir ham bezovtalanib, tiq etsa eshikka qarardi. Munisxon koʻchaga yugurdi-yu, duch kelgan «taksi»ni toʻxtatib, Joʻrabekning ishxonasiga qarab ketdi. Qurilish maydonida odam koʻp edi. Qandaydir yigʻin boʻlyapti. Munisxon odamlarni oralab ichkariga intildi.

Prezidium stoli atrofida oʻtirganlar orasida Joʻrabek koʻrinmasdi. Munisxonning yurak oʻynogʻi battar oshdi. Nafasini rostlab yonidagi yigitdan soʻradi:
— Majlis boʻlyaptimi?
— Yoʻq, oʻrtoqlik sudi boʻlyapti. Boshligʻimizni sud qilyapmiz. Hu, anovi chap tomonda orqasini oʻgirib oʻtirgan kishi, oʻzi yaxshi odam edi-yu, ulfatlari rasvo qilishdi-da, qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar, deb shuni aytadilar-da!..

Birdan gʻovur bosilib, maydon suv kuygandek jimib qoldi. Soʻnggi soʻz aybdorga berilgan edi. Joʻrabek boshini egib, xaloyiqqa qaramay, ogʻir qadamlar bilan stol oldiga keldi. Munisxon titrab ketdi. Eri ancha ozib qopti. Koʻzi ich-ichiga botib ketibdi. Joʻrabek bir yutinib oldi-da, boshini koʻtarib gʻamgin yuz bilan gap boshladi:
— Meni yomon ulfatlarga qoʻshilib shunday boʻldi, dedinglar. Toʻlaganning, Orifning gapiga kirdi, dedinglar. Toʻgʻri, shunday boʻldi. Nega ular boshqa odamni yoʻldan urmay, meni yoʻldan urishdi? Boʻsh daraxtni qurt yeydi. Men boʻsh daraxt ekanman. Mustahkam chinorlarga qurtlarning tishi oʻtmaydi. Qurtlarni yoʻqotishdan avval qurtlarga yem boʻladigan daraxtni qirqish kerak. Menga qoʻyilgan ayblarning hammasiga iqrorman. Men qilgan ish xato emas, jinoyat. Xato tuzatiladi, jinoyatchi jazolanadi. Menga jazo beringlar. Men bir marta jazolangan odamman, koʻzim ochilmagan. Sevgan xotinim tashlab ketgan. Shunda ham yoʻlimni topib olmaganman. Endi menga kattaroq jazo beringlar.

Joʻrabek boshqa gapirmadi. Yana boshini egib, joyiga borib oʻtirdi. Sud hukmga kirdi. Yana odamlarning gʻovur-gʻuvuri boshlandi. Munisxon odamlarga orqa oʻgirib oʻtirgan erining yelkasidan koʻzini uzmay, hamon tik turganicha qimir etmasdi. Sud hay’ati yana minbarga chiqdi. Rais hukmni oʻqidi. Jinoyatchini trest boshliqligidan bekor qilib, betonchilar brigadasi ixtiyoriga yuborish, undan talon-taroj qilingan qurilish materiallari uchun sakkiz ming yetti yuz soʻm undirib olish haqidagi hukmni odamlar qarsaklar bilan qarshi oldi.

Munisxon beixtiyor bilagidagi tilla soatini ushladi. Toʻy kuni eri sovgʻa qilgan brilliant koʻzli uzugini barmogʻidan chiqazdi.

Birpasda maydon boʻshab qoldi. Joʻrabek hammadan keyin oʻrnidan turdi. Hech qayoqqa qaramay asta-asta yurib maydonchadan chiqdi-da, xuddi mast odamdek gandiraklab koʻchaga burildi. Munisxon unga ergashdi. Kech kirib, atrof qorongʻilashib qolgan edi. Joʻrabek kran tepasidagi projektor yoritib turgan gʻisht uyumi oldida toʻxtab, papiros tutatdi. Munisxon qadamini tezlatib unga yaqinlashdi.
— Joʻraka!

Joʻrabek qulogʻiga chalingan tanish ovozdan seskanib ketdi. Qoʻlida yonib turgan gugurt choʻpini qayoqqa tashlashni bilmay esankiradi. To Munisxon yetib kelguncha gugurt oxirigacha yonib qoʻlini kuydirdi. Munisxon chidab turolmadi, yugurgancha kelib Joʻrabekning boʻyniga osildi. Joʻrabek qaltirardi. Bu hayajondanmi, xoʻrlikdanmi, bilish qiyin edi.

Atrofni larzaga solib kelayotgan buldozerning oʻtkir chirogʻi har silkinganda ularning soyasini goh baland imoratlarning uchiga, goh tosh, shagʻal uyumlarining doʻngiga uloqtirar, muyulishga kelganda esa ularning juft soyalarini atroflarida yarim doira qilib aylantirardi...

1948