OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Yalpiz hidi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiYalpiz hidi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yalpiz hidi (hikoya)
Said Ahmad

Kupe eshigini ochishim bilan ogʻziga soʻrgʻich kiygizilgan sut toʻla shishani kaftlari orasiga olib isitib oʻtirgan xotinni koʻrdimu nima qilishimni bilmay, turib qoldim.

Xotin ham avval esankirab, keyin mayingina kulib qoʻydi. Uning bu xil, har qanday erkak qonini koʻpirtiradigan shayton kulgichini ilgari ham bir koʻrgan edim. Tanimdan son-sanoqsiz chumoli oʻrmalagandek, gʻalati seskanish bilan chamadonchamni oʻrindiqqa qoʻydimu yana xotinga qaradim. Uning tizzasida yoʻrgaklangan bola. Poezd gʻildiragining tovushiga quloq solib, nimalarnidir oʻylayotganga oʻxshardi. U menga qaramay qoʻlidagi sut toʻla shishachani stolchaga qoʻydi-da, bolani tizzasidan olib, yoniga avaylab yotqizdi. Hamma yoqni yalpiz hidi tutib ketdi.

U yoq-bu yoqqa qaradim. Darhaqiqat, stolchada bir dasta choʻl yalpizi yotardi. Nima qilishimni, nima deyishimni bilmayman. Xotin ham betimga qarayolmaydi. Nazarimda, bu xotinning butun vujudi sirga, koʻzlari sehrga toʻla edi.

...Men u bilan burnogʻi yili saraton kunlarining birida avtobusda uchrashgan edim. Buvaydadan avtobusga chiqqanimda yonimda bir juvon oʻtirardi. Sal yoʻl yurishimiz bilan issiqina nafas boʻynimga urilgandek boʻldi. Yoʻq, nafas emas, atirgulning bagʻridan chiqadigan allaqanday begʻubor hid edi u. Qarasam, yonimda oʻtirgan xotin yelkamga boshini qoʻyib, uxlab qopti. Qoʻlidagi shohi tugunchasi oyogʻim tagiga tushibdi. Bir qoʻlimni arang choʻzib tugunchani yerdan oldimu uni uygʻotib yubormaslik uchun qimirlamay oʻtiraverdim. Avtobus bir silkindi. Xotinining boshi sirgʻalib koʻkragimga tushdi. Oʻrimga ilinmay qolgan soch tolalari tomogʻim tagiga kelib qoldi. Shunda dimogʻimga yalpiz isi urildi. Xotinning qulogʻida soʻlib qolgan yalpiz shoxini koʻrib qoldim.

Koʻpchilik oʻrtasida begona ayol koʻkragimga bosh qoʻyib ketishidan hijolat tortib, uni uygʻotmoqchi boʻldim. Sekin qulogʻiga pichirladim.
— Koʻzingizni oching, yaxshi emas.

Xotin koʻzini ochmadi, ingradi. Ichidan alamli bir nido chiqqandek boʻldi. Baxmaldek yumshoq lablari arang qimirladi-yu, suv, deya oldi, xolos.

Endi bildim. Xotin bexush boʻlib qolgan ekan. Orqamda oʻtirgan chol dashnom berdi.
— Uka, kelinni pastga olib tushing, koʻngli behuzur boʻlayotganga oʻxshaydi.

Uylanmagan boʻydoq edim. Bu gap qulogʻimga ham gʻalati, ham allaqanday xush yoqadigan boʻlib eshitildi.

Bu gap yonverimdagilarning qulogʻiga yetib, birpasda avtobus ichi shivir-shivir boʻlib qoldi. Kimdir tez ketayotgan avtobusda chayqala-chayqala oldinga intildi-yu, engashib shoferga nimadir dedi. Avtobus toʻxtadi.
— Uka, kelinni issiq kunda qiynab qoʻyibsiz. Pastga tushib, suv boʻyida picha dam olib oʻtiring. Kelasi avtobusda yetib olarsizlar.

Nima boʻlayotganini bilmasdim. Hammaning koʻzi menda. Beixtiyor xotinni suyab pastga olib tusharkanman, qulogʻimga bir gap chalinib qoldi:
— Erining bedavoligini qarang, oʻzi oydekkina ekan, dardi borga oʻxshaydi. Eri oʻlgur muncha lapashang boʻlmasa.

Hamma yogʻimdan ter chiqib ketdi. Bu mening xotinim emas, sizlarga oʻxshagan oddiy yoʻlovchiman, deb baqirib yuborgim keldi. Ammo yelkamga osilgan nozik qoʻllar bunga monelik qilayotgandek indayolmasdim.

Avtobus meni mutlaqo notanish, lekiniga qaraganning koʻzini kuydiradigan husni bir jahon ayol bilan yoʻlga tashlab ketdi.

Saraton osmondan olov purkab turibdi. Uchkoʻprik yoʻlidagi tollarni bilasiz. Oxiri koʻrinmaydigan asfalt yoʻl xuddi poyoni yoʻq soyabon aravaga oʻxshaydi. Havoning dimligidan tol barglari ham qimirlamasdi. Belbogʻimni yechib, ariq boʻyidagi chim ustiga yozdim-u, uni oʻtqazdim.

Xotin eshitilar-eshitilmas dedi:
— Nafas ololmayotibman. Shabadaroq joyga olib boring.

Bu tashvishni oʻzimga qayoqdan orttirdim, dedim-u malol kelgandek uning oppoq bilaklaridan ushlab turgʻizdim-da, bir qoʻlimni belidan oʻtkazib (boshqa ilojim ham yoʻq edi), suv yoqalab olib ketdim.

Atrof jimjit. Na qush uchadi, na odam oʻtardi. Boʻy baravar qamishlar qilt etmaydi. Yalanglikroq joyga kelib toʻxtadik. Xotin sal oʻziga keldi.
— Voy-e, koʻkragimga shamol tegdi-ya!

Uning tilga kirishidan sevinib ketib, asta oʻtqazdim. Ammo u hali ham astoydil oʻziga kelmagan edi. Oyoqlarini sal bukib, tizzamga bosh qoʻyib, yarim ochiq koʻzlarini soʻngsiz osmonga tikkanicha qimirlamasdi. Kishi bilmas unga qarayman. Kiprik demagan qora duxobaning oʻzi. Ayniqsa chinnidek oppoq yuzida yanada qorayib turardi. Qoshi toʻmtoqroq. Oraligʻidagi bilinar-bilinmas oʻsma izi, iyagidagi tarikdek xoli, boʻynida qimirlamay turib qolgan ter tomchilari bemalol koʻrinib turardi. Ich-ichimdan, bu baxt qaydan keldi, deb qoʻyaman.

Ayolning qoʻli qimirladi. Giyohlarni timirskilab, birini uzdi. Bu choʻl yalpizi edi. Uni dimogʻiga olib bordi-da, bir hidlab, menga uzatdi. Hidladim. Ana shundagina men baxtni emas, baxt meni topganiga ishondim. Butun olam yalpiz hidiga toʻlib ketdi. Bir-birimizga tikilamiz. Ammo na undan, na mendan sado chiqadi. Bir-birimiz bilan koʻzlarimiz gaplashayotganga oʻxshardi. Uning koʻzlarini koʻrmagansiz. Hali hech bir inson bolasi bunaqa koʻz koʻrmagan.

Koʻzlarimiz gaplashardi.

Bilmadim, shu alfozda qancha vaqt oʻtirdik, Har qalay, podadan mollar qaytayotgan mahal edi. Buzoqlarning ayanchli ma’rashi qulogʻimga eshitilgandek boʻldi.

Nima boʻldi-yu, xotin sapchib oʻrnidan turib ketdi. Tugunini qoʻliga oldi.

Endi uning qoshlari chimirilgan, qilmishidan alamzadadek koʻrinardi. Bilaman, bexushlik begona kishining tizzasiga bosh qoʻyishga majbur qilganidan qattiq iztirob chekyapti. U kimningdir xotini. Bu behushlik uni ne kunlarga boshlashi mumkin. Ammo u mening unaqa bema’ni kishilardan emasligimni bilganda edi, bu xil xayollarga bormasdi. Bola boʻlib nomard xayollarga bormaganman. Shaytonning soʻziga kirmaganman. Buni xotin bilmasdi. Koʻzida qoʻrqinch va andisha olovi yonyapti.

Ketdik. Tol tagida avtobus kutyapmiz. U betimga qaramaydi. Qovogʻi soliq. Unga hatto jahl ham yarashardi. Har zardali qarashida vujudim oʻrtanib ketardi.

Avtobus kelganda pillapoyaga oyoq qoʻyar ekan, yana bir marta qaradi. Bu qarashda meni ermak qilishmi, rahmat aytishmi — bilib boʻlmaydigan bir ifoda bor edi.

U ketdi.

Hali-hali bu qarashning ma’nosiga yetolmadim. Bugun vagon kupesida unga yana duch keldim. U yana kuldi. Bu mayin kulgisi meni yana xayolga soldi. Nega kuladi? Ermak qilyaptimi?

Provodnik ikkalamizga ham bir stakandan choy keltirib qoʻydi. U stakandan choy hoʻplab turib, vagon silkinishidan qalqib ketdimi, kulaman deb shunday qildimi, har qalay, atlas koʻylagiga choy toʻkildi. Menga qaradi.
— Eslab hali ham kulib yurgandirsiz?

Bu gapning ma’nosiga yetdim.

Yana jim ketdik. Derazadan bogʻlar oʻtyapti. Simyogʻochlar bir-birini quvyapti. Ikkovimiz oʻtmish xayollari bilan bandmiz. Oxiri sabrim chidamay soʻradim.
— Endi tuzalib ketdingizmi?
— Ha, tuzalib ketdim. Buning uchun sizga rahmat aytishim kerak edi. Hali ham boʻlsa aytib qoʻyish — qiyomat qarzim. Rahmat. Vijdonli yigit ekansiz. Bilasizmi? — u menga bir oz tikilib turdi-da, kulimsirab qoʻydi. — Siz oʻshanda baxtingizni yoʻqotgansiz.

Hayron boʻldim. Unga savol nazari bilan boqdim.
— Bilmadim, — dedi u koʻzlarini yerga qadab. — Balki adashayotgandirman. Ehtimol, bir falokatdan qutulgandirsiz? Ehtimol, men baxtimni topgandirman? Ehtimol, baxtimni yoʻqotgandirman? Bilmayman. Har qalay, oʻshanda yo men sinovdan oʻtdim, yo siz sinovdan oʻtdingiz. Oʻsha paytda men odam bolasiga ishonmas edim. Tasodifdan oʻrgilayki, oʻshanda sizga yoʻliqdim. Agar boshqa kishining qoʻliga tushganimda bir umr vijdon azobida qolib ketarmidim...

Xotinning koʻzi jiqqa yoshga toʻldi. Bir kiprik qoqsa, oppoq yuzlarini yosh yuvib ketadi. Ammo u kiprik qoqmadi. Soʻngsiz qora kechalarni bagʻriga sigʻdirgan baxmal koʻzlar bu yoshlarni shimib ketgandek boʻldi.

Endi u koʻzyoshsiz, unsiz yigʻlardi.

U yana tilga kirdi. U gapirardi-yu, ovozi titrardi.
— Bolam hurmati, ishoning, men oʻsha kuni yomon niyat bilan koʻchaga chiqqandim. Meni siz oʻlimdan qutqardingiz. Qattiq alam oʻtgan edi oʻshanda.

Uning tushunib boʻlmaydigan gaplari yana hayron qilib qoʻydi meni.
— Hayron boʻlmang. Xotin kishi qattiq oʻch oladi. Siz erkaklar ayol zotining irodasi boʻsh boʻladi, har qanday xoʻrlikka chidayveradi, deb oʻylaysiz. Yoʻq, aslo unaqa emas. Men ham erimdan oʻch olmoqchi edim.

Xotin deraza tarafga qarab jim boʻlib qoldi. Poezd katta bir koʻprik ustidan guvillab oʻtib ketdi. Sal nariroq borib gudok berdi. Yoʻl pastlashayotganidan kupe eshigi sirgʻanib ochilib ketdi. Oʻrnimdan turib berkitib qoʻydim. Xotin yana oʻgirildi.
— Bilasizmi, oʻrtada hurmat, andisha boʻlmasa, er-xotinlik uy zindon boʻladi. Ayniqsa, oraga xiyonat oralasa tamom.

U ham alam, ham iztirob bilan menga ikki yildan beri jumboq boʻlib, xayolimni band qilib yurgan sirni ocha boshladi.
— Erimni yaxshi koʻrib tekkanman, chiroyli yigit edi. Koʻp qizlarni kuydirgan. Ancha-muncha oʻrtacha qizlarga qayrilib ham qaramasdi. Ertalab uydan chiqib ketayotganda orqasidan tamosha qilib qolardim. Kechqurunlari ikki koʻzim koʻchada edi. U eshikdan uyimga oftobga oʻxshab kirib kelardi.

Ana shundoq er menga xiyonat qildi. Jazman orttirdi. Bilasizmi, sevgan kishing, dunyoda yagona baxtim deb bilgan kishing xiyonat qilsa chidab boʻladimi? Axir butun umrimni unga bagʻishlagan boʻlsamu, kelajak baxtimni usiz tasavvur qilolmasamu, menga xiyonat qilsa. Bunga chidab boʻlarmidi. Lekin butun kuchimni, butun sabrimni bir joyga jamlab chidadim. Uni insofga chaqirdim. Boʻlmadi. His-u tuygʻularimni oyoq osti qilgan kishi oldida koʻz yoshi toʻkishga gʻururim yoʻl bermadi. Bunday qilolmasdim ham. Uning jazmani oldiga borib, erimni tinch qoʻy deyishga ham gʻururim yoʻl bermadi.

Butun vujudimni oʻch olish hissi qamrab oldi. Oʻzimni oʻldirmoqchi boʻldim. Mayli, shu oʻlimim bilan uni vijdon azobiga tashlab ketaman. Bu dogʻ uni oʻla-oʻlguncha qiynasin, dedim.

Shu niyat bilan uydan chiqdim. Yoʻlda keta turib har xil xayollarga boraman. Nimani oʻylasam ham, erimdan qasos olishga borib taqalar edi. Ana shunda siz paydo boʻldingiz. Boʻlmasa, bilmadim nima boʻlardi. Qabrimdan shu paytgacha ikki marta giyoh koʻkarib chiqarmidi.

U yuzlarini ikki qoʻli bilan toʻsib, oʻksib yigʻlab yubordi. Uni yupatishga soʻz topolmasdim.

Xotin ingragan tovushda dedi:
— Kechiring. Sizdan umr boʻyi minnatdor boʻlib yashayman. Xotiningiz qandoq baxtli ekan, — uning bu gaplari juda uzoqdan eshitilayotganga oʻxshardi. Jahl bilan uning koʻzlariga qaradim. Endi u koʻzlarda andisha izlari yoʻq edi. Allaqanday nur porlab turardi.
— Qaysi baxtli qiz ekan u sizni sevgan. Bu gaplarimga hayron boʻlmang. Men eng avval vafodor odamni, nomusli odamni baxtli deyman. Baxt tushunchasini oʻylaganimda dastavval nomus, vafo koʻrinadi. Mana shu ikki narsa boʻlmasa doʻst doʻstning, er xotinning, xotin erning koʻzini oʻyadi. Agar men shoir boʻlsam, yozuvchi boʻlsam, vafo haqida, inson nomusi haqida kitob yozib charchamasdim.

Bu xotinning gaplari meni oʻylantirib qoʻydi. Uning bu gaplari chin haqiqat edi. Insonni jasoratga, xayrli ishlarga yetaklaydigan shu emasmi?!

U kichkinagina raz’ezdda tushib ketdi. Koʻnglida tugilib yotgan armonini toʻkib, bagʻrini ezib yotgan toshni irgʻitib tashlab, qushdek yengil boʻlib, manzilida tushib qolgan edi.

Kupega qaytib kirdim.

Stolcha ustida yalpiz yotardi. Olib hidladim.

Ana shundan beri qayda yalpiz koʻrsam, u keksa tollar soya tashlagan Buvayda yoʻllarini koʻraman. Bu yoʻllar bir nopok er jabrini tortgan, shu jabr-alam qasosga yetaklagan dilbar, dilbaru qaysar, bir soʻzli juvonni eslatadi.

U erini tashlab ketdimikin? Tashlab ketgandir. Undan qasos oldimikin? Tashlab ketishdan ortiq qasos boʻlmaydi-ku!

Yalpiz hidi menga ana shularni eslatib qoʻydi.

Fargʻona, 1960 yil.