OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Yelim (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiYelim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yelim (hikoya)
Said Ahmad

Hammom oʻzi shunaqa joy, hammani onadan tugʻma qilib qoʻyadi. Kim paygʻambaru, kim ummat — bilib boʻlmaydi. Odam bolasi kiyim bilan ekan.

Bu gaplarning ma’nisini Musaxon pochchadan soʻrang. U kishini tanimassiz, ehtimol: boʻyi pastgina, qoʻllari kaltagina odam. Oʻzi shu yaqin oʻrtadagi raz’ezdlardan birida bufetchilik qiladi. Qilaman desang, kalta qoʻl bilan ham ancha ish qilish mumkin ekan. Kichkinagina bufetning orqasidan kalta qoʻl bilan bola-chaqa boqib, orzu-havas koʻrib, uchastka tiklab, kelin tushirib, qiz chiqarib yuribdi-ku, bundan ortigʻi kimga kerak!

Xoʻsh desangiz, Musaxon pochcha yaqinda hammomga tushgan ekan. Yechinib issiq xonada mazza qilib terlabdi-da, sovuqxonaga kirib choʻmila boshlabdi. Boya aytdim-ku, qoʻllari kalta deb. Kimning qoʻli uzun kimning qoʻli kaltaligini bilmoqchi boʻlsangiz, hammomga tushing, Mana, Musaxon pochchaning nimaligi ham bilinib qoldi. Choʻmilayapti-ku, orqasiga sovun tegmaydi. Ikki kuragining orasi magʻzava boʻlib turibdi. U tosni boshiga kiyib, xonalarni aylanib chiqdi. Tanish yoʻq. Bir oʻrta yashar kishi Qorboboga oʻxshab koʻpikka belanib oʻtiribdi.
— Hoy uka, — dedi Musaxon pochcha, — orqamni ishqab qoʻysangiz-chi, baraka topkur.

U kishi boshidan suv quyib oʻrnidan turdi. Musaxon pochcha engashib turdi, u boplab ishqab qoʻydi. Shundan keyin Musaxon pochcha yana tosni boshiga kiyib, indamay ketaverdi. Ishqalagan kishi piching qildi:
— Ho mulla aka, rahmat qani?

Musaxon pochcha doʻngʻilladi:
— Har bir toʻqqiz pullik narsaga ham rahmat aytaversang, butun tirikchilikni yigʻishtirib qoʻyib, rahmatdan boʻshamay qolasan. Shunga ham rahmatmi?

Musaxon pochcha shundan keyin boshidan uch-toʻrt tos suvni shar-shar toʻkdi-yu, kiyingani chiqib ketdi. Oʻsha kuni u atirsovundek yaltirab, qip-qizil boʻlib avtobusda raz’ezdga chiqib ketdi-da, bufetni ochdi. Odam yaxshi yuvinsa, toza kiyinsa, tabiati ravshan boʻladi. Musaxon pochcha bugun bir gapirib oʻn kuladi. Nazarida savdo ham yaxshi ketayotganga oʻxshaydi. Xullas, Musaxon pochcha bugun dimogʻida eng kamida yetti-sakkiz qoʻshiqni hirgoyi qilib, ishni tamom qildi. Tushgan pullarini sanab hamyonga urib, kundagi odati boʻyicha kech oltidagi skoriy bilan stantsiyaga kelib pul topshirdi. Buxgalter «pochcha, yangi xoʻjayin bilan tanishib chiqmaysizmi?» deb qoldi.
— Tanishamiz, tanishamiz. Quruq kirsak boʻlaverarmikin? Bu galcha shundoq boʻlib tursin.

U shunday deb, labida ertalabdan qolgan tabassum bilan direktor kabinetining eshigini ochdi.

Ochdi-yu ostonadan na u yoqqa, na bu yoqqa oʻtishini bilmay turib qoldi.
— Kelavering, kelavering, bemalol, — dedi direktor.

Musaxon pochcha boʻshashib oldinga yurdi. U tamom oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Bu, direktor, ertalab hammomda Musaxon pochchaning orqasini ishqab qoʻygan kishi edi. Direktor ham uni tanidi.

Musaxon pochcha qani nima boʻlarkin deb, indamay boshini egib turaverdi... Oxiri direktorning oʻzidan sado chiqdi:
— Siz ham bizning sistemada ishlaysizmi?

Bu nima degani? Bu sistemaga toʻgʻri kelmaysan degani emasmi?
— Ha, endi, bola-chaqaning nasibasi ekan, qimirlab turibmiz.
— Juda soz, — dedi direktor salmoqlab.

Musaxon pochchaning boʻladigani boʻlib qoldi. Beixtiyor choʻntagiga qoʻl solib, bufetning kalitini ushladi:
— Jon uka, bir ahmoqlik qildim, kechiring. Meni quvmang. Sizdek odamga shunday itlik qildim, jazomni xudo bersin.

Direktor hayron boʻldi:
— Siz menga nima gunoh qila qolgandingiz?
— Bugun ertalab, ertalab hammomda orqamni ishqab qoʻygandingiz.

Direktor kulib yubordi.
— E, oʻsha kishi sizmidingiz? Butunlay esimdan chiqib ketgan ekan. Xoʻsh, nima qilibdi?
— Rahmat aytish esimdan chiqqan ekan. Ataylab shuni aytgani keldim. Qulluq, qulluq, uka, martabangiz bundan ham baland boʻlsin. Endi bizga javobmi?

Direktorning ensasi qotib: «javob», dedi. Musaxon pochcha orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

U chiqib ketgandan soʻng, direktor sekretarni chaqirib, bu odam kelsa ikkinchi oldimga kiritmang, deb tayinladi. Ammo Musaxon pochcha kunora kelib sekretarning bay-baylashiga qaramay kabinetga kirar, shundoq martabali odamga orqasini ishqalatgani uchun uzr aytib ketishni kanda qilmasdi.

Oxiri direktor bezor boʻlib ketdi. Qandoq qilsin. Iloji yoʻq. Bu toifa odamlardan qochib qutulmasang boshqa yoʻl bilan qutulib boʻlarmidi. Yelim-ku, yelim ular.