OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Yer uygʻondi (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiYer uygʻondi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yer uygʻondi (hikoya)
Said Ahmad

Omontoyning bu yerda hali tanish-bilishlari yoʻq. Qoʻziboyga suyanib qolgan. Ayniqsa yangi kelgan kunlari qilgan yaxshiliklarini oʻla-oʻlguncha esdan chiqarmaydi. Xotini Iltifotxonning oʻgʻilchasi Tavakkaljondan koʻngli notinch edi. Omontoy bolaga raisning xotini Kokila qarab turganini aytib tinchlantirdi, chaqaloqqa yaxshi qarashini tayinlab, tugʻruqxonadan xotirjam chiqib ketayotganda Qoʻziboy idora oldida Usmonali aka bilan gaplashib turgan edi.

Omontoy Usmonali akani tanimaydi. Chiybaxmal gimnastyorkasining koʻkragida orden yaltirab turgan, qoshi, sochi oppoq, lekin moʻylovi toʻsdek qop-qora bu odamning oldiga borishga xijolat boʻlib, chetrokda Qoʻziboyning boʻshashini kutib turdi. Qoʻziboy nimalarnidir goh kulib, goh qizishib gapirar, Usmonali aka boʻlsa qoʻlidagi tol novdasini karki pichoq bilan yoʻnib, uning gaplariga diqqat bilan quloq solar edi. Koʻchaning narigi betida chang bosgan, qanotlari boʻyalaverib toshbaqaning kosasidek olachipor boʻlib ketgan eski «Pobeda» turardi. Usmonali aka shofyorga nimadir dedi. Peshonasining chap tomoni chandiq shofyor bola mineral suvidan boʻshagan shishasini koʻrsatdi.
— Qolmabdi, poʻkagi otilib, toʻkilib ketibdi. Qoʻziboy Usmonali akaning choʻllaganini bilib, uyiga choy ichgani taklif qilgan edi, koʻnmadi. Mashinani samovarga burishni buyurib, ikkovi piyoda yoʻlga tushishdi. Qoʻziboy yoʻlda toʻxtab, Omontoyga oʻgirildi:
— Ishing bormidi menda, matros? Qani, yuraver, samovarda gaplashamiz.

Qoʻziboy yoʻlda uni Usmonali aka bilan tanishtirdi.
— Matros bola. Boltiqning xoʻrozlaridan. Yaqinda kelgan.

Usmonali aka uning quyib qoʻygandek tiqmachoq gavdasiga, koʻndalang beqasamga oʻxshash telnyashkasini yorvoraman deb turgan koʻkraklariga, ikki qulogʻiga yetay deb turgan moʻyloviga qaradi.
— Ustaxonaga, mexanikka pomoshnik qilib qoʻysam taysallab koʻnmayotibdi, traktor berasan, oʻzim ekib, oʻzim teraman, deydi.
— Gapi toʻgʻri-da, shundoq bolani ustaxonada olib oʻtirasanmi? Qoʻy, dalaga chiqsin. Paxta eksin.

Kolxoz qishlogʻi orqada qoldi. Erta bahor shamoli gʻirillab esib turgan yassi choʻlning olis-olislaridan traktor gurillagani eshitiladi. Shudgor qilingan yerlarda hali ham sovuknafas kargʻalar alamzadalik bilan qagʻillab qor chaqirib, uchib-qoʻnib yurishibdi. Usmonali aka qoʻlini orqasiga qilib, keksalarga xos ogʻir qadam tashlab boradi. Uning kapaki solinaverib tag charmi qalinlashib ketgan etigining qoʻnjlari buklanib chang yigʻilib qolgan. Atrofi ajin bosgan koʻzlarini qisib, olislarga tikilib, jimgina oʻy surmoqda. Qoʻziboy har zamon gap qotib, uning xayolini boʻladi. Omontoy esa orqarokda allaqanday bir kuyni hushtakka solib pildirab boradi.

Bahor oftobi yashnab koʻzni oladi. Iliq shamol yuzga uriladi. Usmonali aka toʻxtab, engashib, shudgordan bir kesak olib, yuziga bosib koʻrdi. Keyin panjalarining orasiga olib, uqalab, yana marzaga otdi. U chang boʻlgan qoʻlini xuddi chapak chalayotgandek bir-biriga qoqib, Qoʻziboyga qaradi.
— Yer uygʻonibdi, uka.

Uning harakatlarini kuzatib turgan Omontoyning xayoliga bir narsa keldi. U Boltikda xizmat qilib yurganda qirgʻoqqa kelgan bolalar chigʻanoqni quloqlariga tutib koʻrishardi. Chigʻanokdan dengiz shovqini, dovullar, toʻlqinlarning guvullashi eshitilarmish. Usmonali akaning kesakni yuziga qoʻyib koʻrishidan, u xuddi yer qa’ridagi sadolarni eshitayotgandek edi.

Omontoyning koʻzlarini katta-katta ochib qarab turganini koʻrib, Usmonali aka iljaydi.
— Bu chol nima qilyapti, deb oʻylayotgandirsan-a, matros oʻgʻlim? Ajablanma. Bahor kezlari, oftob yerni qizdirganda yotib quloq sol. Ziyrak boʻlsang bilib olasan. Hozir yerning tagi toʻpolon. Shovqin-suron.

Omontoyning qulogʻiga yerni turtib chiqayotgan giyohlarning shitirlashi, tanasiga iliq oʻtgan daraxt tomirlarining ilondek vishillab chuqurlikka kirib ketayotgani, qurt-qumursqalarning harakati, nam tuproq tagida koʻpchib, poʻstini tashlayotgan urugʻlarning quyosh betini koʻrishga shoshib, yerni chatnayotgani eshitilib ketdi. Hozir yonma-yon ketayotgan kishi har kuni koʻrib yuradigan odamlaridan shu gapi bilanoq ajraldi-qoʻydi. Usmonali aka yer ilmini hammadan koʻra yaxshi biladigan aqli raso odamga oʻxshaydi...

Bahor bahorligini qilib, yerni qizdirib, timdalab, giyohlarning bosh koʻtarishiga yordamlashmoqda. Iliq shamol yerning oppoq koʻrpasini qimirlatib ketganiga hali unchalik ham vaqt oʻtgani yoʻq. Boʻgʻoz yer lorsillab, toʻlgʻoq tutib uygʻondi. Gurullagan motor shovqinlari uni bu yil barvaqtroq uygʻotib yubordi. Qadimdan xotirjam, shoshilmay bosh koʻtaradigan giyohlarni odamning qistalangi, turtkisi, shoshirishi bedor qildi. Asrlar oʻz erki, oʻz ixtiyori bilan yashagan boʻz dala odamga tobe boʻlib qoldi.

Xuddi mana shu yerlarning uyqusini qochirgan Usmonali aka boʻladi. U shu yerlarni goh qadamlab, goh otda, goh mashinada shamoldek kezib qaridi. Uning bolaligi ham, yigitligi ham shu yerlarda qoldi.

Norin suvlari kanaldan oqib, Yozyovon choʻllari oralab, hali yerni qondirmay turib, kanal boʻylariga ekilgan tollar hali tuzukkina poya bermay turib, urush bosh-lanib ketdi. Choʻlga otlanib turgan yigitlar shinel kiyib, dalani ayollarga tashlab ketishdi. Choʻl choʻlligicha qolaverdi. Kanal yoqalarida ochilgan yangi yerlargagina ketmonlab chigit ekildi, xolos.

Usmonali aka oʻsha paytlarda qirq besh yoshlarda, ayni kuchga toʻlgan, har yelkasida bittadan odam koʻtara oladigan baquvvat yigit edi. Oʻzi ishlab yurgan «Zarkent» kolxozida yigitlar birin-ketin frontga joʻnab ketib, miltiq koʻtarishga yaraydigan bir oʻzi qolganida, xijo-latdan harbiy komissariatga ketayotganida, rais Rahimberdi aka yoʻldan qaytarib keldi. Usmonali uning bir gapini ikki qilolmasdi. U ittifoq boʻyicha boobroʻ raislardan sanalardi. Shunday boʻlsa ham, ikkovlarining orasida birov sezmaydigan jindek sovuqchilik ham boʻlib oʻtdi. Usmonaliga bari bir Rahimberdi aka bilan birga ishlash nasib qilmadi. Raykom uni koʻz ostiga olib yurgan ekan, choʻlda yangi tashkil qilinib, hali qaddini koʻtarmay turib, azamatlarini jangga kuzatgan, oʻzi ni-hoyatda quvvatsizlanib qolgan kolxozga raislikka tavsiya etdi. Usmonali xotinlarga onaboshi boʻlib, urush davrini ham oʻtkazdi. Hatto rayonda uni «xotinlar kolxozining raisi» deb ham atashardi. Urush tugab, oʻsha «xotinlar kolxozi» hammaning ogʻzida doston boʻlib qoldi. Usmonali choʻldan yangi joy ochdi. Qoʻziboy armiyadan qaytib kelgan yili kolxozning kichik bir uchastkasi alohida kolxoz boʻlib ajralib chiqdi. Yosh kolxozga Usmonali otaliq qildi. Choʻlda nimaiki barpo qilgan boʻlsa pravlenie shu kolxozga hadya qildi. Bu orada Usmonali akaning belidan quvvat ketib, qariligi bilinadigan boʻlib qoldi. Ayniqsa, Rahimberdi akaning vafoti uning qaddini ancha bukib koʻydi. Pravleniega ariza berdi. Hali yigʻilish boʻlmay turiboq, chet el sayohati degan gap chiqib, bir oydan oshiq aylanib keldi. Keldi-yu, arizasini stol gʻaladonidan olib yirtib tashladi. U har yigʻinda, toʻyu hashamlarda faqat bitta gapni qaytaraveradigan boʻlib qoldi:
— Koʻrgan kuningga, yegan noningga, kiygan kiyimingga ming marta shukur qil! Odamzodning xorligini oʻz koʻzim bilan koʻrib keldim. Belingda jindakkina quvvat boʻlsa, mehnat qil, koʻzingda zigʻircha nur boʻlsa, mehnat qil. Ota-buvalarimizda bir gap bor: haddingdan oshsang, mozor kez. Ne-ne zukkolarning qabrini, odam bolasining yerda yotganini koʻrib, shukur qilasan. Men tiriklar mozorini, och-yalangʻochlar oʻlkasini kezib keldim.

Odam deganning xor boʻlishini oʻsha yerlarda koʻrdim. Koʻrdimu, oʻz uyimni, jannatga oʻxshagan yurtimni sogʻinib ketdim. Shunday qilib, Usmonali aka raislikdan tushmadi. Faqat ikki qoʻlini orqasiga qilib, sal bukilib yurishini, moʻylovini boʻyashini aytmasangiz, qariligi ham uncha bilinmay qoldi.

Choʻl oʻrtasidan kesib oʻtgan katta yoʻl yoqasidagi samovarga yetib kelishganda oftob ancha tik kelib qolgan edi.

«Boʻston»ning choyxonasi Fargʻona, Andijonga olib boradigan, choʻlni kesib oʻtgan katta yoʻlning yoqasida edi. »

Olis yoʻl bosib, choʻl quvib kelayotgan «ulugʻ»lar ham shu choyxonaga qoʻnib, bitta yaxna koʻk choy ichmasdan oʻtolmasdi.

Bu yerda qadimdan bir tup sadaqayragʻoch bor. Uning necha yoshga kirganini, kim qachon ekkanini ham birov bilmaydi. Shu qayragʻoch bahona boʻlib, uni nishon qilib choʻl kezganlar salqinda dam olish uchun yoʻlni shu tomonga solganlar. Vaqt-soati kelib, Yozyovonga hujum boshlaganda, yana shu qayragʻoch nishon boʻlib, haybatli mashinalarning gʻildiragi uning roʻparasidan iz solib oʻtdi. Motorlar gurulladi, artezian quduqlardan shaffof suvlar chashmasi otilib chiqdi. Katta Fargʻona kanalining boʻtana suvlari choʻl qoʻyniga kirdi. Endi oʻsha bir tup sadaqayragʻoch atrofida qum boʻronlarini yelkasida silkitib tashlaydigan azamat teraklar, gʻuj-gʻuj tollar qad koʻtardi. Kustanay, Koʻkchatogʻ boʻz yerlarining gʻallalarini elevatorga tashib boʻlgan, to yangi hosilgacha boʻsh turgan sanoqsiz samosvallar shu tomonlarga qurilish uskunalari tashishga hasharga yetib keldi. Qogʻozdek oppoq uylar, kaftdek tekis yoʻllar, kechalari yoʻlovchilarni imlab chaqiradigan minglab chiroqlar choʻl jamolini ochdi. Choʻlda birinchi marta hosil olinganda Otaboy qiziqchilikka: «Choʻl kelini suvdan tiniq chiqdi!» deb hammani kuldirgan edi.

Uchovlashib samovarga kirishdi. Boshmaldogʻida ortigʻi bor samovarchi sergapgina yigit ekan, Usmonali akani koʻrib, bosar-tusarini bilmay qoldi. Birpasda: akademiyadan kelgan professorlarga devzira guruchdan oʻzi osh qilib bergani, Tamaraxonim «Boʻston»ning bogʻida kontsert koʻrsatganda parda orqasida turib yaxna koʻk choy quyib turgani, oʻzining talabiga binoan Halimaxonim radioda ikki marta qoʻshiq aytib bergani, Oʻrik domla kelini bilan arazlashib qolib, uning samovarida yana ikki kecha yotib qolgani, Toshkentdan kelgan bir yosh shoirga choʻlni «polniy» tushuntirganini gapirib berdi. Usmonali aka uning gaplariga kulib, iljayib quloq solardi.

Choy ustida Usmonali aka yana choʻl kezib yurganining sababini aytib qoldi.
— Uka, anchadan beri bir narsa miyamdan hech nari ketmaydi. Qizilsuvga bordim, kechadan beri qirgʻoqlarda sanqib yuribman.

Qoʻziboy hayron boʻlib, uning ogʻziga tikildi. Usmonali aka chorvadan gap boshladi. Kolxozlarning moli to Oloy vodiysiga borguncha piyoda necha yuzlab kilometr yoʻl bosishi, semirib, koʻkatga toʻyib kuzda qishlovga qaytishida yana shuncha yoʻl bosib, boyagi-boyagidek ozib qolishi anchadan beri boshini qotirayotganini aytdi.
— Agar shu tomonlardan Qizilsuvga koʻprik qurilsa, yoʻl qisqarishi mumkin-ku, ammo injenerlar bunga koʻnishmayapti. Qizilsuv bu tomonlarda juda yoyilib oqadi. Koʻprik qimmatga tushadi. Ular millionning nari-berisiga xomchoʻt qilishyapti. Besh-olti kolxoz birlashib, shu ishga qoʻl ursak qandoq boʻlarkin, deb ataylab oldingga qoʻndim. Nima deysan? — deb Qoʻziboyning ogʻziga tikildi.

Boyatdan beri gapga aralashmay bir chekkada moʻylovini oʻynagancha jimgina quloq solib oʻtirgan Omontoy Qoʻziboyga qaradi. Qoʻziboy chakkasini qashib, nima deyishini bilmay, xayol surib qoldi.
— Oʻylanib qolding? — dedi Usmonali aka unga qarab. — Nima, yuraging dov bermayaptimi?
— Kolxoz yangi boʻlsa, a’zo hali yuzga ham yetmagan boʻlsa. Chorva ham, oʻzingiz bilasiz, hamin qadar. Kassada boʻlsa xemiri yoʻq. Qurilish boshqarmasi uylarni nasyaga qurib tashlayapti. Selxozbank bir kun kelib giribonimdan xippa boʻgʻib, pulini qistaydi. Hozircha koʻprikka unchalik muhtojligim yoʻqqa oʻxshaydi.

Usmonali akaning qoshlari kerilib, basharasi tirishdi.
— Haliyam xom ekansan-ku! Kolxoz shu yetmish uch boshdan boʻlak koʻy boqmaydi, shu bilan tamom deb yuribsanmi? Bekor aytibsan. Yo puldan choʻchiyapsanmi? Agar choʻchiyotgan boʻlsang, pulni mendan ol. Uch yil muddatga qarz beraman. Koʻnasanmi? Mayli, oʻylab koʻr. «Guliston» rozi.
— «Guliston»ning puli koʻp-da!
— Qarab tur, seniki ham koʻpayadi. Xarajatning yarmini davlat koʻtaradi. Yoʻq dema, bari bir, sen yoʻq desang, oʻzimiz ham quraveramiz. Keyin bu yoʻldan mol haydagani xijolat boʻlib yurasan.

Koʻprik toʻgʻrisida boshqa gap boʻlmadi. Usmonali aka u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirgandan keyin qoʻshni kolxozga oʻtib ketdi.

Oradan besh kun oʻtib, Omontoyning qistovi bilan Qoʻziboy bu masalani pravlenie majlisiga qoʻydi: bu fikrni juda ozchilik ma’qulladi. Koʻpchilik qarzga botishni istamay, hozircha koʻprik zarur emasligini aytishdi. Pravlenie koʻprik xususida aniq bir fikrga kelmay tarqaldi.

Omontoy ikki marta mototsiklda Qizilsuv boʻylarini aylanib chiqdi. U har gal oʻsha tomondan qaytib kelganda injenerlarning xomchoʻt hisobiga hayron boʻlardi.

Kechasi oʻgʻlini uxlatib qoʻyib, muk tushganicha qogʻozga nimalarnidir chizdi, nimalarnidir hisobladi.

Omontoy bola vaqtlarida ham temir-tersakka oʻch edi. Ota frontdan qaytmagan, yolgʻiz qoʻl ona nogironlikda dalada ishlab durustgina roʻzgʻor tebratolmas edi. Uyda pilla tutib, koʻrpa qavib, tirikchilikni amal-taqal qilib turardi. Shoʻx-olov Omontoyga kiyim chidamasdi. Bugun kiyganini ertasigayoq yirtar, allaqayoqlardan temir-tersak surib kelib, kiyimlarini rasvo qilar edi. Onasi, Birinchi may arafasida oʻrtoqlari oldida oʻksimasin, deb qoʻliga pul berib, oʻzini bozor kuni Margʻilonga avtobusda joʻnatdi. Orqasidan: «Etik ol, shim ol, boʻynigga oʻlchab toʻn ol. Belingdagi pulni Qosim akaga ber, ehtiyot boʻl, yoʻqotib qoʻyma!» deb tayinlab qoldi.

Omontoy shaharni toza aylandi. Magazin vitrinalari oldida velosiped tuzatadigan ustaning doʻkoni oldida erinmay uzoq-uzoq turib qoldi. Ayniqsa, kultmagdagi yap-yangi yaltirab turgan mototsikl koʻzini oʻynatdi. Sira ketolmadi. Xullas, shunday boʻldiki, Omontoy kechqurun uyga shalagʻi chiqib ketgan bir eski mototsikl yetaklab kirib keldi. Onasining koʻngli ozib qolay dedi. Yigʻladi, siqtadi. Umrida birinchi marta bitta-yu bitta oʻgʻlining yuziga shapaloq tortib yubordi. Yosh bolaga pul berib shaharga tushirgan oʻzini kuyib-kuyib qargʻadi.
— Koshki oʻzimning pulim boʻlsa, birovniki-ya! Endi nima qilaman, egasiga nima deyman?

Bu gaplarga Omontoy koʻzini loʻq qilib, burnini tortib quloq solar ekan, koʻzidan moʻltirab yosh oqayotganini sezmasdi. Ona oʻgʻlining ahvoliga qarab ichi achishdi. Otasi boʻlsa unga nimalar qilib berardi! Unda nima ayb? Bola bola-da, havas qiladi! Dadasiz oʻsib nima orzu-havas koʻrdi bola? Ona bechora ham nima qilsin, qoʻlida boʻlsa qarab turarmidi. Oʻrikka suyanib qiyshayib turgan mototsiklga qarab ona yigʻladi, bola yigʻladi. Oxiri Qosim akaga erining tilla soatini yuragidan sugʻurgandek qarz oʻrniga olib borganda juda xafa boʻlib ketdi.
— Singlim, xafa boʻlmang, bola-da, soatni ehtiyot qilib qoʻying. Omontoy katta boʻlganda taqadi. Marhum oʻrtogʻim shu umid bilan sizlarni menga tashlab ketganmidi? Pulga muhtoj emasman. Oʻsha pul sizlarga mening yordamim boʻlsin. Mana bu pulga, — u yonidan pul olib, sanab, uch yuz soʻm uzatdi. — Omontoyga bayramga uncha-muncha olib bering, oʻksimasin.

Ona birovning qoʻliga qarab qolganidanmi, yo Qosim akaning odamgarchiligidanmi, kiprik qoqib birdan yigʻlab yubordi. Qosim aka uni yupatib, ostonagacha kuzatib qoʻydi. Nimaiki kerak boʻlib qolsa, tortinmay kelaverishini tayinladi.

Ona qachonlardir, nasib qilsa bu saxiy, odamgarchilikni biladigan muruvvatli kishiga bir yaxshilik qilishni diliga tugib qoʻydi.

Omontoy oʻsha eski mototsiklning u yoq-bu yogʻini titkilab, oxiri yurgizdi. Kolxoz ustaxonasidagilarning miya-sini achitib, hali undan u asbobni, hali bundan bu asbobni soʻrab, eshitadigan gapini rosa eshitdi. Bu xira, oʻz soʻzli bola oxiri ustaxonadagilarning mehrini oʻziga tortdi. Omontoy deyarli har kuni ustaxonaga kelar, nima balolarni yasab, uyiga olib ketar edi. Yoz oylarining birida Omontoy birvarakayiga oʻn kuncha ustaxonaga kelmay, yoʻq boʻlib ketdi. Bola oʻsha kezlarda tomorqadagi hujraga kirib olib, odamning gʻashiga tegadigan tovush chiqazib temir arralar, daraxtlarga sim tortib, lampochkalar ilar edi. Onasi bir kun daladan qaytsa, ayvonning shiftida elektr yonib turibdi! Tomorqada mototsikl tinmay potillaydi. Hovli toʻla bola.

Ayvonning devoriga choyshab osilgan. Unda nima balolar lip-lip qilib koʻrinyapti. Bu Omontoyning «kino»si edi. U onasining koʻzoynagidan, non qutisidan, qoʻl mashinasining gʻildiragidan kino apparati yasagan edi. Qishloqqa keladigan koʻchma kinoning uquvsiz mexaniklari uzib tashlagan yamoq lentalardan yigʻib, olaquroq «kinofilm» qilgan edi. Unda Tarzan, Radj Kapur, Charli Chaplin, Bagʻdod oʻgʻrisi hamda har xil josuslar bor edi.

Hamma yoqni ivirsitib yuborgan bolalarni haydashga onaning koʻngli boʻlmadi. Bir chekkada oʻtirib u ham «kino» koʻrdi.

Ana shu voqeadan keyin Qosim aka, bolani injenerlikka oʻqitish kerak, degan oʻy bilan onasiga maslahat soldi. Ammo Omontoy birdan matroslikka havas qilib qoldi-yu, oʻninchini bitirib, dengizga qarab ketdi.

Bugun Omontoy Qizilsuv boʻylarini aylanib kelgandan keyin koʻprik qurish haqida uni, injenerlar aytgancha bir millionga emas, olti yuz ming soʻmcha xarajat qilib, yaxshilab qurish mumkinligini isbot qilmoqchi boʻldi. Hozir u muk tushgancha qogʻozda ana shularni hisoblab koʻrmoqda. Vaqt allamahal boʻlib qolgan.

Tavakkaljon u yonboshidan-bu yonboshiga agʻdarilib: «Aya!» deb ijirgʻandi. Omontoy borib uning yuzidan oʻpdi-da, koʻrpasini ustiga tortib, yostigʻini tuzatdi.

Hamma vaqt shovqin-suron, toʻpolon bilan yashagan, bola tabiati hatto ota boʻlguncha saqlangan Omontoy oʻgʻliga qarab turib birdan katta boʻlib qolganini sezdi. Bolasining pish-pish nafas olib yotganini koʻrib, oʻz dadasini, onasini esladi. Choʻlga tuz-nasiba tortib kelganidan tortib xotini, shu choʻlda tugʻilgan, hozir tugʻruqxonada tamshanib yotgan chaqalogʻi Boʻstongacha bir-bir koʻz oldidan oʻtaverdi. Onasi tirik boʻlganda qanday boʻlar-di-ya! Nevarasining peshonasidan oʻpardi, stol ustidagi qogʻozlariga qarab: «Koʻpriging ham bitadi, mana koʻrarsan!.. deb uning yuragiga dalda berardi.

Omontoy oʻgʻlining yuziga yuzini qoʻyib, birpas orom olmoqchi boʻldi-yu, koʻzini uyqu bosib, mudrab ketdi. Otaboyning xoʻrozi qichkirganini ham sezmay, dong qotib uxlab qoldi.

Tashqarida birov gugurt chaqqandek, tong yorishib kelardi.

* * *

Omontoy Usmonali akani idoradan topolmadi. U Rahimberdi akaning qabriga marmar lavha oʻrnatish marosimiga ketgan ekan. Qachon qaytishi ma’lum emas. Omontoy yoʻlovchi mashinadan yalinib bakini benzinga toʻlatib oldi-da, neft tozalash zavodi qurilishi montajchilariga yoʻliqmoqchi boʻlib, mototsiklini potillatib ketdi. Montajchilar tushlikka chiqib, Gʻozi aka kontorada bosh injener bilan gʻijillashib turgan ekan. U Omontoyga qaramay jahl bilan hovliga chiqib ketdi. Omontoy unga darvoza oldida yetib olib, zarur ish bilan kelganini aytgan edi, u sal yumshab nima ishi borligini soʻradi. Omontoy gapini aytdi. Gʻozi aka uni qoʻlidan yetaklab yana kontoraga olib kirdi. Chertyojlarini koʻrib, tashlab ke-tishini soʻradi.
— Shu bugunoq koʻrib chiqaman. Raschyotni toʻgʻri olganmisan ishqilib?

Omontoy bosh irgʻab koʻzlarini pirpiratdi. Gʻozi aka uning kiftiga qoqdi.

Omontoy oʻsha kuni qishloqqa qaytmadi. Armiyadan kelganidan beri qoʻli tegib Qosim akadan xabar olmagan edi. Onasining ma’rakasida bir koʻrganicha qayta koʻrmagan. Borolmaganiga xijolat boʻlib yurardi. «Shu bugun xonasi kelib qoldi, boboy bilan bir gaplashib yotay» deb bozordan uncha-muncha sovgʻa olib, Qosim akanikiga qarab joʻnadi.

Eshik oldida oltmishlarga borib qolgan oppoq soqolli bir chol oʻtirardi. Chol uni koʻrib bir-ikki qadam oldinga yurdi. Yurdi-yu, oyogʻidan quvvat ketib, choʻkkalab yiqilay dedi. Omontoy ildam borib uning qoʻltigʻidan koʻtardi.

Bu chol, toʻqigan atlaslari vodiyga ovoza boʻladigan Usta Qosim edi. U Omontoyning dadasi bilan qadrdon, yoshlikdan oʻrtoq edi. Endi qarib, zax doʻkonda orttirgan bodi kuchini koʻrsatgan edi. U Omontoyning qaddi-qomatiga, shop moʻyloviga qarab, koʻzlari yashnab ketdi. Omontoy unga doʻstini eslatgandek boʻldi.

Omontoy koʻp vaqtlardan beri suvga tushsa buzilmaydigan qoʻl soat olib qoʻygan edi. Oʻsha soatni olib, cholga tutdi.
— Hojati yoʻq, bolam, menga soatning zarurligi yoʻq. Oʻzing taq, yosh narsasan!..
— Oling, oling, ota, ataylab sizga olganman. Onam shunday deb vasiyat qilganlar.

Ota bir vaqtlar kampirning qarz oʻrniga tilla soat olib kelganini esladi. Kulib turgan koʻzlarini ma’yuslik bosdi.
— Marhuma topilmaydigan xotin edi.

Chol to yarim kechagacha uning dadasidan, onasidan gapirib berdi. Ertalab ketayotganida koʻziga yosh olib, uni duo qildi. Tez-tez kelib turishini soʻradi:
— Gʻanimat boʻlib qoldim, bolam, — dedi.

...Gʻozi aka Omontoyning loyihasiga anchagina oʻzgartishlar kiritibdi.
— Aniq hisobda oʻsha injenerlarning xomchoʻtiga qaraganda uch baravar arzon bahoda koʻprik qurish mumkin! — dedi.

Omontoy loyihani unga tashlab, oʻzi Usmonali akani xursand qilish uchun Zarkentga qarab joʻnadi.

* * *

Bu bahor ham choʻl shamollari maysa-giyohlarni silkib oʻynayotgan tongda yana Markaziy Fargʻonaga bordim. Omontoyning qizi Boʻstonxon toy-toy turadigan boʻlib qolibdi. Tili ham chiqay-chiqay deb turibdi. Allanimalarni chugʻurlab gapirardi. Omontoyning ishi boʻlsa juda jadal, kallayi saharda chiqib ketganicha yarim kechada qaytadi. Bolalari kutib oʻtirib uxlab qolishar ekan. Kokila hali ham oʻsha-oʻsha. Havaskor qizlarga oʻyin oʻrgatib, dala shiyponlarida kontsert qoʻyib yuribdi. Radio-uzelga ega chiqib, odamlarga gap eshittirmay, nuqul magnitafondan hindcha qoʻshiq eshittirgani eshittirgan. Qoʻziboy rais hali ham undan zirillaydi.

Usmonali aka mashinasida yangi koʻprikka olib bordi. Omontoy ham, Qoʻziboy ham oʻsha yerda edi. Choʻl kolxozlari Choʻng Oloy yaylovlariga poda haydashayotgan ekan. Omontoyning soch-soqoli oʻsib ketibdi. Osma koʻprikdan oʻtayotgan qoʻylarga qarab ikki qoʻlini beliga qoʻyib, chiranib qarab turardi. Pastda hayqirib oqayotgan Qizilsuv sharsharalariga parvo ham qilmaydi. Dengiz dovullari bilan olishgan matros bunaqa mayda toʻlqinlarni toʻlqin dermidi! Uning kekkayishiga anchadan beri razm solib tikilib turgan Usmonali aka zavqlanib ketdi:
— Yashavor-e, Moʻylov, choʻl Ziganshini ekansan-ku!..

1961