OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Yoʻlda (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiYoʻlda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻlda (hikoya)
Said Ahmad

Yonboshiga «prokat» deb yozilgan pachaqqina «Moskvich» gʻuborsiz tong havosini yorib oldinga intiladi. Kozimjon bu mashinani olganiga uch kun boʻldi. U xotiniga koʻpdan beri, togʻ yoʻllarini bir koʻrsataman, deb va’da qilib, sira fursat topolmay yurardi. Uning oʻz tili bilan aytganda: «Bizning xotin bir narsaga yopishdimi, boʻldi, pona bilan ajratib, ombur bilan tortib olinadi».

Darhaqiqat, Xosiyatxon shunaqa bir soʻzli ayol. Kozimjon shu besh yillik turmushlarida hali uning bir gapini ikki qilmagan. Qilolmaydi ham. To maktabning ikkinchi sinfigacha onasi opichlab borgan erka qizning talablarini rad qilishga Kozimjondek yuvosh odam ojizlik qilardi. Mana, Xosiyatxon Kozimjonning yonida husni bir jahon boʻlib oʻtiribdi. Uning chinakamiga koʻz-koʻz qilsa arzigulik husni bor edi. U mashinani, modani, atoqli ayollar davrasiga kirishni jon-dili bilan yaxshi koʻrardi. U Kozimjonga tegarkan, uning istiqbolida katta obroʻ, yengil mashina, dangʻillama imorat koʻrardi. Afsus, unaqa boʻlmadi. Kozimjon joʻngina injener chiqdi. Teatrda ham el qatori oʻrtaroqda oʻtirardi. Mashina qayoqda, shu bilan ikkinchi marta prokatga mashina olishi. Mana oʻzi rulda oʻtirib, Xosiyatxonni togʻ yoʻllarini aylantirishga olib ketyapti.

Shahar chiroqlari birin-ketin oʻchib, tong otdi. Bu payt ular ancha joyga borib qolishgan edi.

Togʻ yoʻli boshlandi. Pastak adirlar oralab ketgan kaftdek yoʻl ilon izi boʻlib malla rang qirlar orasida yoʻqolib ketardi. Tuman orasiga oʻralgan choʻqqining uchi qilich damidek yarqirab ketdi-yu, bir dam kimxob parchasidek bulut yalt-yalt yonib koʻzni qamashtirdi. Togʻ orqasida quyosh bosh koʻtargan edi. Ana endi, togʻ yoʻlining eng gashtli payti boshlanadi.

Mashina anchagina uringan, koʻp «shafqatsiz» qoʻllardan oʻtgani sababli yoʻl-yoʻlakay koʻksovga oʻxshab yoʻtalib borardi. Mana hozir ham yonbagʻirga yetmay suvi samovardek qaynab ketdi. Kozimjon bir juft azim yongʻoq tagiga kelganda toʻxtatib, qaynoq suvni toʻkib, chelakni koʻtarganicha soyga tushib ketdi.

U radiatorga suv quyayotganda ham, mashinaning u yoq-bu yogʻini aylanib, gʻildirak rezinalarini tepib koʻrayotganda ham Xosiyatxon mashinadan tushmadi.
— Pastga tushib bu yoqlarni tomosha qilsangiz-chi. Qarang, soyga qarang. Toshga urilib, biram gʻalati toʻzon otyaptiki.

Xosiyatxon mashinani judayam sogʻingan ekan, tushmadi. Pista chaqib oʻtiraverdi.

Yoʻl shu joydan boshlab tik qiyalab toqqa koʻtariladi. Yongʻoqning narigi tomoniga «Voditel, tormozlaringni tekshir!» deb yozib qoʻyilgan. Taxminan besh kilometrcha masofaga mashina tinimsiz koʻtarilishi kerak. Bu qiyaga uncha-muncha havaskor shofyorning yuragi dov bermasdi. Kozimjonning ham yuragi poʻkillab turibdi. Agar Xosiyatxon shoshirmaganda u motorni jindak sovutib olmoqchi edi. Boʻlmadi.
— Buncha imillaysiz, yura qolsangizsiz-chi. Choʻqqiga chiqib dam ola qolarsiz.

Kozimjon endi kabinaga kirgan edi, togʻ tomondan oʻrta yoshlardagi bir qishi koʻrindi. Uning egnida kombinezon, qoʻlida tuguncha. U Kozimjonga qarab qoʻl silkidi. Kozimjon endigina motorni oʻt oldirgan edi, yana oʻchirdi.
— Haydang!— dedi Hosiyatxon.
— Shoshmang, anavi kishining ishi borga oʻxshaydi.
— Ishi nima boʻlardi. Olib ket, deydi-da. Haydang, haydang!

Kozimjon beixtiyor mashinani yurgizib yubordi, qayrilishga kelganda oʻsha tomonga bir nazar tashlagan edi, boyagi kishi yoʻl oʻrtasida unga qarab turardi. Kozimjonning ichi ezilib ketdi. Bechora, endi nima qiladi...
— Ha, muncha qovoq-dimogʻingiz osilib qoldi.
— Haligi odam...

Kozimjon gap topolmay qoʻl siltadi. U shitob bilan mashinaga gaz berdi. Motor xunuk bir gurillab tepalikka tarmashdi.

Aylanma yoʻllar boshlandi. Er-xotindan sado chiqmasdi. Bir tomon bulutga sanchilgan choʻqqi, bir tomon toshqin togʻ darasi. Oʻngga sal jilsang, pastga qulaysan, chapga sal jilsang, yo toshga urilasan, yo qarshidan kelayotgan mashinaga urilasan. Oxiri ular suv almashtirish uchun maxsus tayyorlangan yalanglikka yetib toʻxtashdi. Bu yerda ulardan boshqa yetti choqli mashina turardi. Hammasi suv olishyapti. Kopotni ochib shamollatishyapti. Kozimjon ham ular orasiga suqildi.

Bu joydan pastliklar juda gʻalati koʻrinar edi. Kozimjon, oʻzimizda shunaqa xushmanzara joylar bor ekan-ku, odamlar qayoqlarga borib yurishadi-ya, deb dilidan oʻtkazib qoʻydi.

Darhaqiqat, yonbagʻirlar beqiyos chiroyli edi. Pastliklarda gʻuj-gʻuj pista daraxtlari, azamat toshlar orasida sinkaga solingandek koʻk suv goh koʻrinadi, goh koʻrinmaydi. Soyning narigi tomonida yalangʻoch togʻlar yuksala-yuksala vodiy yoʻlini toʻsib yotibdi. Uning qizil choʻqqilariga oftob tushib turibdi. Oʻngirlarda saratondan yashirinib qolgan qor uyumlari koʻrinadi.

Kallaqantdek choʻqqiga koʻtariladigan aylanma yoʻlga bosh koʻtarib qaragan kishi bir-birining ustiga mingashib yuksalgan yoʻlni koʻradi, mashina to choʻqqiga koʻtarilguncha shu yoʻldan toʻrt marta oʻtishi kerak. Kozimjon yuqoridan tushayotgan mashinaga qaradi, u to tushib kelguncha toʻrt aylandi-da, toʻdalashib turgan mashinalar oldida toʻxtadi.
— Choʻqqi orqasidagi yoʻlga xarsang qulagan, oʻtolmaysizlar. Ekskavatorchiga telefon qilishdi, kelsa yoʻlni ochib beradi.

Xosiyatxon hafsalasi pir boʻlib kabinadan tushdi. U yoq-bu yoqqa alanglab tomosha qila boshladi. Xarsangga oʻtirib olgan bir shofyor yigit atrofini oʻrab olganlarga yoʻlni tushuntirardi.
— Ikki yil shu yoʻl qurilishida ishlaganman. Ishning zoʻrini ana shunda koʻrganman. Koʻp ustalar bor edi. Ekskavator, buldozer deganlar qumursqadek toʻlib ketgan. Oʻshanda odamlar tosh bilan, oftob bilan olishib ishlashgan. Siz manavi tayyor yoʻldan ketyapsiz. Eha, qurish oson boʻlmagan buni. Bir Rustamjon degani bor edi. YO qudratingdan, tosh otishni oʻshanga chiqargan edi. Badani oftobda xuddi misga oʻxshab qizarib ketgan, oʻziyam miqti kelgan, tiqmachoq kishi edi, oʻzidan katta toshlarni pastga uloqtirardi-ya.

Bir kun koʻchki tushib buldozerni bosib qolibdi. Har toshlarki, odamning vahmi keladi. Nachalnik kelib kim toshlarni olib tashlasa, besh norma yozaman, deb qoldi. Hech kimdan sado chiqmadi, Bir chetda papiros chekib oʻtirgan Rustamjon oʻrnidan turdi-da, piching qildi.
— Besh norma oʻzingizga siylov, nachalnik. Odamlarni oʻz ishiga yuboravering, Toshlarni oʻzim olib tashlayman.

Lekin odamlar ketishmadi. Qani, bu maqtanchoqning ishini bir koʻraylik-chi, deb turib olishdi.

Rustamjon bilagini shimarib ishga tushib ketdi, Xarsanglarni bir u yoqqa otadi, bir bu yoqqa otadi, odamning vahmi keladi, deng. Badanidan seldek boʻlib ter oqib turibdi. U, har tosh koʻtarganda bilagidagi, boʻyinlaridagi tomirlari barmoqdek-barmoqdek boʻlib shishib chiqadi. Tanasi boʻlsa oftobda yalt-yalt qiladi. U avval kabina tepasidagi toshlarni oladi. Keyin yon-verlarni tozalab buldozerchiga qarab koʻz qisib qoʻyadi,
— Qani, kel, akasi, sal orqaga tort, keyin buradigan tomoningdan yoʻl ochib beraman.

Buldozerchi orqaga surgandan keyin boshqalar ham qarab turishmadi. Koʻplashib toshlarni pastga uloqtirib tashlashdi. Nachalnik ham mard kishi edi. Bilagidagi soatini shart chiqazib Rustamjonning bilagiga soldi. Yoʻq, olmadi.

Yigit hikoyasini tugatishi bilan qoyadan tushgan shofyor luqma tashladi:
— Yoʻlni ochgani hozir Rustam akaning oʻzlari keladilar. Oʻsha kishiga telefon qilishdi-da.

Hamma jimib qoldi. Odamlarning koʻz oldiga toshlarni Farhoddek qulatgan Rustamjonning pahlavon qiyofasi kelardi. Kozimjonning ham, Xosiyatxonning ham koʻngliga Rustamjonni koʻrish niyati tushib qoldi, Hammaning koʻzi yoʻlda. Ammo Kozimjondan keyin pastdan hali bitta ham mashina chiqqani yoʻq. Birov yonbagʻirdan gul tergani, birov buloq suvidan ichgani tarqab ketdi. Faqat bir necha shofyor yigit oʻrtaga termos qoʻyib alyumin krujkada choy ermak qilib oʻtirishardi. Kozimjon toshga oʻtirib inson qoʻli bilan qurilgan yoʻlga qarab aqli lol boʻlib oʻtirardi. Pastlikdan mashina ovozi keldi. Hamma yoʻlga qaradi. Yuk mashinasi gurillab koʻtarilardi. Kuzovda kelayotgan Rustam akani dastavval boyagi shofyor yigit tanidi.
— Ana, kelyapti.

Kozimjon uni koʻrdi-yu, esankirab qoldi. Rustam aka, boya unga qoʻl siltab ola ket, degan kishi edi. Mashina ularning oldidan bir necha minut ichida oʻtib ketdi. Bu on Kozimjonning xayoliga nimalar kelmadi. Qani, shu asriy toshlar yorilib ketsa-yu, uni oʻz bagʻriga yashirsa. Kechalari ishqida kuyib yongan, erkalash uchun dunyodagi eng nozik, eng goʻzal soʻzlarni axtargan, hamisha koʻziga olovdek yonib turadigan xotini Xosiyatxon endi sovuq, juda ham sovuq koʻrinib ketdi. Endi uni soʻkish uchun eng haqoratli soʻzlar ham ojizlik qilayotgandek edi. Agar shu Xosiyatxon uni majbur qilmaganda, albatta, Rustamjonni ola ketardi. Nahotki shu qiyin yoʻlni qurgan odamni oʻzi qurgan yoʻldan olib ketishga ogʻrinsa. Uning orqasidan qarab qolganda koʻnglidan nimalar kechdi ekan...

Oradan bir soatcha vaqt oʻtib, yoʻl ochildi. «Oʻtaveringlar» degan xabar kelguncha, Kozimjondan sado chiqmadi. Xosiyatxon ham uning koʻnglidagi gaplarni sezib turgan ekan, yupatishga urinardi.
— Qoʻying, diqqat boʻlmang, ozib-yozib bir safarga chiqqanimizda meni xunob qilmang. Nimasidan xijolat boʻlasiz. Yoʻl qurilishida ishlagan boʻlsa, haqini olgan, tekinga ishlabdimi?

Kozimjon xotinini endi koʻrgandek boʻlib unga angrayib qarab turardi. Hamma ketdi. Ammo Kozimjon joyidan jilmasdi. Nazarida uning bu yoʻldan yurishga haqi yoʻqdek edi.

Choʻqqilardan osilib turgan anvoyi bulutlar ham, pastda toshdan toshga sakrab oqayotgan koʻm-koʻk suv ham, maysalar betida titrayotgan shabnam ham, uning xayolini tortmasdi, uni ovutolmasdi.

Kozimjon hech narsa boʻlgani yoʻq, deb oʻzini aldaydi. Xoʻp, shunday ham qilib koʻrsin. Ammo kechasi qanday uxlaydi? Rustamjon tushiga kirmaydimi? Togʻ-toshlarning qaldirashi uni qandoq uxlatadi, qandoq?