OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Yuk (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiYuk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/04
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yuk (hikoya)
Said Ahmad

Kupega kirganimda pastki qavatning ikkalasi ham band edi. Oʻng tomonda hassaga tayanib bir moʻysafid, chap tomonda esa tugunchasini tizzasiga qoʻyib homilador xotin oʻtirardi. Xotin meni koʻrishi bilan oʻrnidan turdi.
— Joyingizni olib qoʻymadimmi?

Mening joyim yuqorida edi. Uni tinchitib, chamadonchamni polkaga irgʻitdim-da, oʻzim ham bir sakrab chiqib oldim. Poezd joʻnashiga uchinchi qoʻngʻiroq urilganda ikki qoʻlida zildek chamadon koʻtargan boʻyni yelkasiga tutashib ketgan bir kishi kirdi. U atrofga qaramay, toʻppa-toʻgʻri xotinga yuzlandi.
— Joyni boʻshating, bu meniki.

Xotin iymanib oʻrnidan turdi. Shu payt eshik oldi-da provodnik paydo boʻldi.
— Grajdanin, siz yuqoriga chiqa qoling, bu odam, koʻrib turibsiz-ku, homiladorlar.

Boʻyni yoʻgʻon passajir istehzo bilan kuldi.
— Attang, bilet olayotganda kassirga qorinni koʻrsatmagan ekanman-da.

Xotinning lablari titrab, koʻz milklari namlandi. Bu beodob odamning qiliqlariga chidayolmagan chol oʻz joyini boʻshatib, inqillab yuqoriga chiqdi. Xotin hijolat, chol tajang. Boʻyni yoʻgʻon boʻlsa pixillab, qornini qashiydi.

Men uning sovuq qiliqlariga qarab yotib, yoshlikdagi bir oʻrtogʻimni eslab ketdim. Bolaligimda Oppon degan bir oʻrtogʻim boʻlardi. Sira boshidan qasmoq arimasdi. Onasi uni choʻmiltiradigan boʻlsa ertalabdan boshiga qatiq chaplab qoʻyardi. Oppon koʻchaga chiqiboq boshidagi qatiqni barmogʻi bilan sidirib yalab qoʻyardi. Oppon bilan soyda mol boqardik. Sigirlarni oʻtga haydab, yumronqoziqning iniga suv quyib oʻynardik. Oshnam doʻppisida suv tashir, men esa in ogʻzida yumronqoziqning chiqishini kutib oʻtirardim. Bir gal oshnam juda uzoqlab ketdi. Kutib oʻtirib zerikdim. Uni qidirib borsam, sigirimizning tagiga kirib, miq-miq emyapti.

Ikki oyoqli buzoqning badnafsligiga chiday olmagan sigir shatirlatib uning peshonasiga tepdi. Oshnam oʻtga dumalab ketdi.

Bu boʻyni yoʻgʻon odamning qaeridir oʻsha oshnamga oʻxshab ketardi. Axir, oradan 30 yildan ortiq vaqt oʻtdi. Unutgan boʻlishim mumkin. Oʻsha oshnamning oʻng peshonasida sigir tuyogʻining izi bor edi. Engashib qaradim. Yo tavba, oʻzi. Beixtiyor qichqirib yubordim.
— Hoy, hoy, menga qara! Oppon emasmisan?

Oshnam boʻynining yoʻgʻonligidan darrov qaray olmadi. Butun gavdasi bilan burildi. Qoshlarini kerib, yelkasini qisgandek boʻldi. Yelkasi bilan boʻyni bir boʻlganidan qornining oʻzi silkindi, xolos.
— Tanimayapman, birodar, oʻzingizni taniting.

Choʻkkalab oʻtirib oldim.
— Nahotki tanimayapsan?! Peshonangdagi tir-tiq...

Oppon endi tanidi.
— E, u gaplar oʻtib ketgan.
— Qaerdasan? Nima ish qilyapsan?

Oppon bu savolga hali-beri javob bermoqchi emas edi. Oldiga yozib qoʻygan yaxna goʻsht, shokolad, sarimsoq, piyoz, olmalarni bitta-bitta tanlab lunjiga tiqardi. Uning oʻrniga chol javob qildi.
— Opponbek yogʻliq ish topib olganlar. Tugʻruqxonada peredacha qabul qiladilar. Uncha-muncha suyunchi olib turadilar.

Chol Opponni gapirgani qoʻymay, qulfi-dili ochilib ketdi.
— Esingizdami, Opponbek, kelinimdan xabar olgani borganimda sizga yoʻliqqan edim. Qogʻozga ham qaramay, javob qilgan edingiz. Keliningiz oʻgʻil tugʻdi, nevara muborak, deb besh soʻmimni olgan edingiz. Shu gapdan keyin kelinim rosa ikki hafta oʻtganda qiz tuqqan.

Oppon qirrali stakan labiga tuxum urib chaqdi-da, yaxshilab archib, lunjiga soldi. Keyin palagʻda tovush bilan poʻngʻilladi:
— Tuhmat.
— Axir, Oppon, jiyaning seni institutni bitirib, injener boʻldi degan edi-ku.

U tuxumni yutib, ketidan ogʻziga soladigan narsa qidirarkan, javob berdi:
— Yoningda bitta diploming boʻlsa biqiningdan teshib chiqmas, biron kuningga yarab qolar.

Kattagina bir stantsiyaga yaqinlashar edik. Oppon shoshib-pishib yuklarini yigʻishtirib koridorga otildi. Kupeda undan yodgor boʻlib tuxum poʻchoqlari, shoʻr baliqning dumi, gʻijimlangan qogʻozlar qoldi.

Chol afsuslangandek uh tortib qoʻydi.
— Xudo koʻrsatmasin, shunaqa odamlar hukumatga bir ish koʻrsatib qoʻysa bormi, tramvayga ham pul toʻlamay qoʻyadi. Shu toifa odamlar hamisha yurt mendan qarzdor deb biladi. Yurtdan qarzi boʻlsa bermaydi. Axir, nomard, yoʻling bir stantsiyagina ekan, nima qilarding xotin kishini bezovta qilib?

Chol stol ustida tebranayotgan stakanga qarab nimanidir oʻyladi.
— Poezd tezlab ketdimi deyman?
— Ha, — dedim, — boyagi ogʻir yuk tushib qoldi. Parovoz yana tezlab ketadi endi.

Darhaqiqat, poezd uchar, provodnik boʻlsa Oppondan qolgan sarqitlarni qirtishlab soʻkinardi.