OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Ahmad. Zumrad (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Ahmad
Asar nomiZumrad (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zumrad (hikoya)
Said Ahmad

Azizaning bu yerga kelganiga endi bir hafta boʻldi. U yoʻlga chiqayotganida, oʻzim ham bir dam olib kelarman, deb oʻylagan edi. Dam olish qayoqda, vaqtida ovqat yeyishga ham qoʻl tegmaydi.

Bunda ikki yuzdan ortiq bola dam oladi. Biri choʻmilib shamollasa, boshqasi parmanchak teraman deb oyoq-qoʻlini timdalatib keladi. Bularning hammasi vrachga tashvish. Ayniqsa futbol degan narsaga bolalarning oʻchligini aytmaysizmi. Ishqilib, kuniga yo tirsagi, yo tizzasi shilinib ketishiga qaramay, toʻp tepishgani tepishgan.

Bolalar-ku, mayliga-ya, kuniga savat-savat narsa tashib, uzoq-yaqindan keladigan ota-onalarning xarxashasini aytmaysizmi!

Aziza ovqat olib kelgan ota-onalarni lager ichiga kiritilmaslik masalasida boshliq bilan bir necha marta urishib ham oldi.
— Bunaqada bolalar dam olish u yoqda qolib, qaytaga kasal orttirib ketishadi-ku.

Uning bu gapiga boshliq yelka qisib, chorasizligini bildirdi.
— Qandoq qilamiz, eng kamida sakson kilometr yoʻl bosib kelsa-yu, bolasini koʻrolmay ketsa, yaxshimas-da, doktor.

Albatta, boshliqning gapida ham jon bor. Ammo Aziza ularning dardga chalinib qolish xavfidan bezovta. Mana, eshik oldida velosiped ruliga savat ilgan oʻrta yashar bir kishi hansirab turibdi. Aziza uni lager ichiga kiritmadi. Hozir derazadan unga qarab turarkan, birdan rahmi keldi.

Bechora sakson kilometrli togʻ yoʻlidan velosipedda kelibdi. Yana shuncha yoʻl bosib qaytib ketishi kerak. Terga botib ketibdi. Uning ahvolini koʻrib chidab turolmadi. Oldiga chiqdi:
— Nima qilardingiz, axir bola sizni koʻrib uyiga ketgisi keladi. Bu ovqatlarni ham chakki olib kelibsiz.

U xijolat chekkandek javdirab qaradi.
— Endi singlim, shu bittagina bolamiz... Onasi yigʻlab esi ketyapti. Men-ku chidayapman...

Azizaning ham bolasi birgina. Bordi-yu, u ham olisda boʻlsa qay ahvolga tusharkin, ehtimol, bundan ham uzoq yoʻlni piyoda bosib kelarmidi. Birdan Azizaning koʻngli yumshab, jilmaydi.
— Mayli, bitta shart, opkelgan ovqatlarni bermaysiz. Oʻzi bilan bemalol toʻyib gaplasha qoling.

Aziza uni boshlab ichkariga olib kirdi-da, bolani chaqirib kelish uchun odam yubordi.

Ichkaridan bolalarning qiy-chuvi eshitilib turibdi. Trusichan qora-qura bolalar u yoqdan-bu yoqqa bir-birini quvlashib yurishipti. Tanasiga ohak surtilgan daraxtlar orasidan chodirlar, fanerdan qirqib ishlangan fil, tuya, sherlar koʻrinib turibdi.

Koʻzlari qisiqqina qizcha xuddi eshik tagida boyagi kishining tizzasiga oʻtirib olib nimalardir deb javrayapti. Dadasi unga qarab yayrab iljayadi. Uning basharasi xuddi erib ketayotganga oʻxshaydi. Sertomir qoʻllari bilan qizchaning sochini silaydi, tinmay peshonasidan oʻpadi.

Aziza unga qarab oʻtirib juda zavqlanib ketdi. Derazaga bagʻrini berib, undan koʻz uzolmay qoldi. Dadasi qizga ikki plitka shokolad berdi. Qiz doktorxona tomonga bir qarab oldi-da, shoshib roʻmolchasiga oʻrab, orqasiga berkitdi. Aziza uning qiligʻidan iljayib qoʻydi.

Eshik taqilladi. Aziza to oʻgirilib qaraguncha, eshik ochilib, oʻttiz besh yoshlardagi bir juvon kirdi.
— Doktor, mumkinmi? — Ayol qimtinib unga yaqin-lashdi.
— Nima gap, tinchlikmi?
— Tinchlik, oʻgʻlim ikki-uch kundan beri bot-bot isitmalab qoʻyadi. Nimaligini bilolmayapman. Bir koʻrib qoʻying, baraka topkur.

Aziza bu juvonni shu atrofda yashaydiganlardan ekanini darrov bildi.
— Ambulatoriyaga bormadingizmi? Axir men lagerdagi bolalarga qarayman.

Juvon bir muddat indamay turib qoldi-da, yalingan ohangda dedi:
— Oʻzingiz koʻrib qoʻya qoling. Uyimiz uncha uzoq emas. Ambulatoriyaga borish qiyin, oʻn ikki kilometr yurish kerak.

Aziza noiloj qoldi, kiyinib, u bilan boshlashib tashqariga chiqdi. Boyagi kishi hamon qizchasining boshini silab oʻtirar edi.
— Doktor, kelasi gal oyisini olib kelsam, maylimi, — dedi u Azizaga oʻgirilib. Aziza kulib bosh irgʻab qoʻydi.

... Juvon oldinda soʻqmoqdan yoʻl boshlab borardi. Aziza uning orqasidan qarab borarkan, bu juvonni qayda koʻrganman, deb oʻylardi.

Soʻqmoq yuqoriga koʻtarila boshladi. Juvon oyoq izi tushaverib tekislanib ketgan kattakon xarsangga chiqib Azizaga qoʻl uzatdi.

Shunda Aziza uning ikki qoshi orasidagi juda ham kelishgan chiziqqa koʻzi tushdi. Endi tanidi. Bu bir vaqtlar oʻz raqslari bilan tomoshabinlarni maftun qilgan Zumrad edi. Nima boʻldi? Bu tomonlarda u nima qilib yuribdi? Oʻsha davrdagi qiyofasidan ikki qoshining orasidagi chiroyli chizigʻu kulganda yoyilib ketadigan oʻng betidagi kuldirgichi qolipti, xolos. Rostdan oʻshamikin?

Juvon uni qoʻlidan tortib, oldinga oʻtkazib oldi.
— Yoʻq, yoʻq, men ketingizda yuraman. Qomatingiz juda chiroyli ekan, tamosha qilib ketaman.

Juvon xandon tashlab kulib yubordi. Uning oppoq sadafdek tishlari yuzlarini yashnatib yubordi.

Boʻldi. Bu oʻsha Zumradning oʻzi. Azizaning koʻziga bundan besh yillar oldin Zumradning televizordagi oʻyini koʻrinib ketdi. Oʻsha oʻyin uning oxirgi oʻyini boʻlsa kerak. Shundan keyin Zumrad butunlay koʻrinmay ketgandi.

Oʻsha paytlarda Aziza medinstitutni endigina bitirib, aspirantura harakatida edi. U aspiranturaga kira olmadi. Bekorga ikki oy umri oʻtib ketdi. Ministrlikning taqsimotidan ham tushib qoldi. Uning ustiga, Hakimjonning kimligi ma’lum boʻldi. Ikki yil qalbida e’zozlangan muhabbat hislari uni aldadi. Hakimjon u bilan hamkurs, kelishgan, qora qosh, qora koʻz yigit edi. Bir-birlarini yaxshi koʻrishardi. Institutni bitirib, toʻy qilishmoqchi edi. Diplomlar qoʻlga tekkandan keyin Hakimjon butunlay boshqa odam boʻldi qoʻydi. Qoʻlida vrachlik diplomi boʻla turib, eski kasbini qilib, allaqaysi poliklinikaga tish texnigi boʻlib joylashib oldi. Aziza koʻp oʻylardi. Oʻylagan sari Hakimjon undan nari ketardi. U ertangi kunini koʻz oldiga keltirishga urinardi. Ammo ertasi Hakimjonsiz boʻlib koʻrinardi.

Nimalar boʻlyapti, deb oʻzidan soʻrayolmasdi Aziza. Ammo shu xayollar orasida Hakimjonning qop-qora koʻzlari bir yalt etardi-yu, uning qalbini bir dam yoritib, butun vujudiga hokim boʻlib olardi.

Aziza oʻyladi, oʻyladi, bu oʻylarning oxiri shu boʻldiki, qanchalik qiyin boʻlmasin, uni yurakdan sidirib tashlash kerak, degan xulosaga keldi.

Hakimjon endi u bilan juda beparvo gaplashar, hissiz, hayajonsiz, oʻlik gaplar bilan uning vaqtini olardi. Shunday uchrashuvlarning birida Aziza unga endi uchrashmaylik, yoʻlimiz boshqa-boshqaga oʻxshaydi, dedi.

Bu gap Hakimjonga uncha malol kelmadi. Goʻyo bu gapni u koʻpdan kutayotgandek:
— Ixtiyor oʻzingda, ammo bilib qoʻy, bir kun pushaymon boʻlib yurma, — dedi.

Aziza uning yuziga tik qaradi:
— Hech qachon!

Ana shundan keyin oralarida hech narsa qolmadi. Toʻrt oydan keyin uning uylanganini eshitgan Aziza bir seskangandek boʻldi. Shu paytgacha yuragining bir chetida Hakimjon oʻchayotgan choʻgʻdek goh yilt etib, goh soʻnib turardi. Endi bu choʻgʻning yuzini butunlay kul bosgandek boʻldi. Ammo biron bahona boʻlib birinchi muhabbat esiga kelganda, Aziza bekor ketgan hislariga achinardi-yu, Hakimjonning koʻzlari olovdek chaqnab, vujudining bir chetini jiz etib kuydirib qoʻyardi.

U kunlar oʻtib ketdi. Aziza chinakam muhabbatini topgan, shu muhabbat hislari bilan endi u baxtiyor edi.

Zumradning sadaf tishlari Azizani bir nafas boʻlsa ham bolalik koʻchalariga sudragandek boʻldi.

Tepalikka chiqquncha Aziza charchab qoldi. Ikkovlari koʻkatga oʻtirishdi. U juvonning atrofini ajin oʻray boshlagan koʻzlaridan koʻzini uzmasdi.

Qanday chiroyli qiz edi-ya. Husn ham shunchalik tez tugarkanmi?

Bir vaqtlar husni, san’ati bilan hammani lol qilgan qiz qandaydir ayanch bir ahvolda Azizaning qarshisida oʻtirardi. Uning egnida rangi oʻchib, gullari bilib boʻlmaydigan holga kelgan krepdeshin koʻylak, oyogʻida allaqachon modadan qolgan qora tufli, boshida durracha.

Qandoq kiyinardi-ya! Studentlar yotogʻidagi qizlar faqat uning kiyimlarini gapirishardi, gazetadan andaza qirqib, joʻn matolardan unikiga oʻxshagan koʻylak tikishardi.

Juvon oʻrnidan turdi. Gʻirillab esayotgan shabada koʻylaklarini tortqilab, etaklarini beliga oʻrab tashladi. Hali ham uning qomati oʻshanday nozik, allaqanday yoshlik tarovatini ufurib turardi.

Yoʻlga tushishdi. Pastliklardagi archazor orasidan dam olish uylarining korpuslari, baland choʻqqilarda erigan shamdek osilib qolgan qor uyumlari koʻrinib turardi. Pastda asfalt tasmasidan yugurgan qizil, koʻk avtobuslar bolalarning oʻyinchogʻidek boʻlib koʻzga tashlanardi.

Ular soʻqmoqdan oshib, kenggina yoʻlga chiqib olishdi. Sal oʻtmay, togʻ qishlogʻining obodgina guzari koʻrindi.
— Yetdik, — dedi u. — Hu, anovi qayrogʻochning tagi bizniki.

Guzarda bir-ikki magazin, choyxona, avtobus stantsiyasi, sartaroshxona bor edi.
— Shoshmang, — dedi Aziza toʻxtab. — Sizdan bir narsani soʻramoqchi edim, siz Zumradxon emasmisiz?

U bosh irgʻab qoʻydi. Ammo bu savol koʻngliga ogʻirroq botdimi, yo biror koʻngilsiz voqeani eslatib qoʻydimi, jadal yurib oldinga oʻtib oldi-da unga qaramay dedi:
— Ha, oʻsha Zumradman. Mana, keldik.

Uning ovozida qandaydir alamli titrash bor edi.

Bir tavaqali eshikdan kenggina hovliga kirishdi. Uy bilan ayvon poydevori togʻ qishloqlariga xos xarsangdan koʻtarilgan boʻlib, devorning narigi tomoniga qarab oʻsgan keksa tutning ildizlari ochilib yotardi. Aziza tomirini sel yuvib ketgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi.

Tandirga oʻt qalayotgan kampir tutayotgan kosovining uchini ariqqa tiqib, chetga tashladi-da, ularning istiqboliga chiqdi.
— Keldingizmi, aylanay. Erkinjon endi uxladi. Ayvondagi kichkinagina pashshaxonada bola uxlardi.

Aziza pashshaxonaning chetini koʻtarib, bolaning peshonasini ushlab koʻrdi: sal isitmasi bor.

Bolaning yuz tuzilishlari, qop-qora qoshlari uning koʻksiga nayzadek sanchilgandek boʻldi. Kim bu? Bu kimning bolasi?

Zumrad tut tagidagi salqin supaga joy qilib boʻlgan edi. Aziza hardamxayol bilan supaga keldi. U Zumradning qandaydir mahzun qiyofasiga tikilar ekan, hayajo-nini yashirolmadi.
— Menga qarang, bu yerlarda nima qilib yuribsiz. Axir siz poytaxt yigitlarining orzusi edingiz. Nima boʻldi?

Zumrad koʻzlarini bir nuqtaga tikib turib qoldi. Kipriklari orasida nimadir milt-milt qilib turardi. U koʻzini yashirdi-da, durrachasining uchi bilan artib oldi. Zoʻr bilan iljaydi.
— Peshona ekan. Taqdir oʻyini kimlarni sarson qilmagan.

Kampir tandirdan uzilgan bir savat nonni supa chetiga qoʻyib ketdi. Zumrad choʻgʻ ushlagandek chaqqonlik bilan toʻrtta kulchani dasturxonga olib qoʻydi.
— Ayting. Zumrad, nima boʻldi? — deya yana savolini takrorladi Aziza.

Choy ustida Zumrad boshidan oʻtganlarini gapirib berdi:
— Hamma balo bitta oziq tishim ogʻrishidan boshlangan. Indoneziyadan kelgan mehmonlarga kontsert berishimiz kerak edi. Oʻsha kuni ertalab tursam, tishim zirqirab ogʻriyapti. Bir kun avval parkda morojenoe yegan edim. Ogʻriq zoʻrayganidan zoʻrayib, bir yoq yuzim-piyoladek shishib chiqipti. Nima qilishimni bilmayman. Poliklinikaga qarab chopdim. Yoshgina, kelishgangina tish doktori jagʻimni ochib qarab, shish paytida sugʻurib boʻlmaydi, deb dori surib qoʻydi. Ogʻriq azobida uyimga ketyapmanu, doktorning qop-qora qoshlari xayolimdan ketmaydi. Kechqurun boʻladigan kontsert ham koʻzimga koʻrinmay, koʻrpaga burkanib yotib oldim. Hali ham doktorning qosh-koʻzi shundoqqina koʻrinib turibdi. Yana oldiga bordim. Yana dori koʻyib, yana ertaga keling, dedi. Hozir esimda yoʻq, tishimni sugʻurgandan oldinmi parkka bordik. Shu-shu boʻldi-yu, har kuni uchrashadigan boʻlib qoldik. U har kontsertimizga kelardi. Oldingi qatorga oʻtirib, mening chiqishimni kutardi. Men oʻshanda faqat unga oʻynab berayotgandek butun kuchimni, san’atimni sarf qilib oʻynardim. Tamoshadan keyin birga ketardik. Uyimgacha kuzatib qoʻyardi. Bir kuni sahnada oʻynab turibmanu, zaldan uni qidiraman. Yoʻq. Kelmapti. Bunaqa odati yoʻq edi-ku, deb tashvish qilaman. Qanday qilib oʻyinni tamom qilganimni bilmadim. Sahna orqasidan chiqib kelayotsam, chiroylikkina bir qiz roʻmolga oʻralib turibdi. Toʻxtadim.

Qiz botinqiramay oldimga keldi-da, titrok tovushda dedi:
— Baxtimga gʻov boʻlmang. Hakimjon akamni men sevaman.

Avvaliga hech narsa tushunmadim. Keyin birdan badanim muzlab qolgandek boʻldi.

Oʻsha kuni uyga qandoq yetib borganimni bilmayman. Ertangi kontsertda birinchi raqsni juda ham yomon oʻynadim. Bir-ikki odam irimiga chapak chalgandek boʻldi. Bir mahal qarasam, ikkinchi qatorning chetrogʻida Hakimjon oʻtiribdi. Bilmadim, qaerdan kuch paydo boʻldi. Bir oʻynab ketdim. Chapak ustiga chapak. Toʻrt marta oʻynatishdi. Chiqib ketayotganimda Hakimjon yoʻlimni toʻsdi. Indamay oʻtib ketaverdim. Bir nima deyishga tilim yoʻq. Uni ham haydagim, ham chaqirgim keladi. Oʻzimni qoʻlga olib, endi uchrashmaylik, sizni boshqa odam sevarkan, dedim. Hakimjon xandon tashlab kuladi. Hadeb, voy tentak qiz-e, voy ahmoq qiz-e, deb hiringlayverdi. Ana shundan keyin turmush qurdik. Boshida yaxshi yashadik. Keyin meni teatrga yubormay qoʻydi, chidadim. Uni jo-nimdan ham yaxshi koʻrardim. Nima desa tayyor edim. U koʻp ishlar, koʻp pul topardi. Bir bola koʻrdim. Erim har yoz shu Osmasoyda doʻkon ochadi. Atrofda dam olish uylari koʻp boʻlganidan tish oldirib, tish soldiradiganlarning keti uzilmaydi.

Tish soldirish bahonasi bilan bir juvonga ilakishib qoldi. Har kecha doʻkonda qolib uning tishini kovlaydi. Axiri, u bilan ketdi. Bitta bolam bilan yoʻl poylab oʻtiribman. Kim biladi, birovning baxtiga chang solganim uchun takdir meni jazolayaptimi? Yolgʻizlik jonimga tegdi. Men muhabbatga oʻzimni qurbon qilmoqchi edim. Yoʻq, boʻlmadi. Qars ikki qoʻldan chiqar ekan. Endi yana teatrga qaytmoqchiman...

Bola uygʻonib, onasini chaqirdi. Zumrad shoshib zinadan tushdi-yu, ayvonga qarab chopdi. Chopayotganida sochlarining toʻlqin urishi biram chiroyli, biram oʻziga yarashiqli. Aziza piyoladagi choyni dasturxonga qoʻyib, uning ketidan bordi.

Bola koʻzini ochgan. Zumrad tepasida mehr bilan unga qarab turardi. Aziza bolaning koʻzini koʻrdi. Ha, oʻsha Hakimjonning koʻzlari.
— Ana, doktor opang dori beradilar, tuzalib ketasan, qoʻzim.

Aziza bolaning tomogʻiga choy qoshiqning orqasini tiqib, tanglayini qaradi, koʻz milklarini ochib koʻrdi.
— Tashvish qilmang, shamollapti. Dori yozib beraman, tuzalib qoladi.
— Ertadan kechgacha choʻmilgani choʻmilgan. Bilasiz-ku, togʻdan muzdek qor suvi keladi, unga choʻmilib boʻladimi...

Zumrad Azizani guzargacha kuzatib chiqdi.

Kech kirib, quyosh choʻqqidan hatlab oʻtib, endi yon bagʻirlarda gunafsha rang soyalar qolgandi.

Aziza sokin togʻ soʻqmogʻidan ketarkan oʻylardi. Oʻylardi-yu, oʻyi chuvalib, uni olislarga sudrab ketardi.

U yoshligini, birinchi muhabbatini oʻylaganda, eslaganda hamisha oʻsha dilga mahkam oʻrnashib olgan muhabbat hislari bagʻriga chaqirardi. Hakimjonning olovdek yonib turgan koʻzlari bir dam koʻksini boshqatdan kuydirib oʻtardi. Shu bir oniy xotira uni entiktirardi.

Endi-chi?

Aziza bagʻriga chaqirayotgan birinchi muhabbat bilan hozir yuzma-yuz turibdi. U koʻzlarda endi oʻt yoʻq, ular sharmsizlik oynasi, yoʻq, yoʻq, nursiz bir shisha sinigʻi boʻlib koʻrinyapti unga.

Agar Aziza oʻshanda muhabbatning aldamchi hislariga berilganda, oʻz irodasini qoʻliga ololmaganda, u ana shu aldangan ayoldan ham avval qurbon boʻlardi.

Aziza shuni esladi-yu, birdan seskanib ketdi. Qadami tezlashdi.

Zumrad-chi?

Bir vaqtlar sahnada yulduz boʻlib porlagan bu san’atkor endi ojiz bir ayolga aylanibdi.

U shu ahvolda qolarmikin?

Chinakam zumrad porlashi kerak.

Sonsiz projektorlarning nurida u hali koʻp ixlos-mandlarning koʻzini oʻynatishi kerak. Chinakam zumrad boʻlib jilvalanishi kerak.

Aziza shunday xayollar bilan bitta-bitta bosib ketarkan, pastda, asfaltga chiqaverishdagi yolgʻizoyoq yoʻlda velosiped minib ketayotgan kishini koʻrmasdi. U kishi hali past-baland togʻ yoʻlidan shu ahvolda allaqancha yoʻl bosishi kerak.

Quyosh butunlay botib ketdi. Osmonu falakda suzib yurgan koʻrpadek uvada bulutgina qip-qizil choʻgʻ boʻlib yonardi.

1965