OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Anvar
Asar nomiKuyov kerak emasmi? (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Said Anvar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuyov kerak emasmi? (hajviya)
Said Anvar

Bozorning nimasi yaxshi? Istagan narsani sotishingiz mumkin. «Yaxshi olma! Yeb qoʻymasangiz bahorgacha turadi», deb maqtovini keltirsangiz, bas. Yoki «Zoʻr oshqovoq. Qaynatib, dimlab, qovurib yesangiz sargʻayib, sargʻaytirib yuraverasiz!» deya ovozga zoʻr bersangiz chirigan molingizni ham sotib yuborasiz. «Eshaklarning eshagi! Goʻshti odamlar uchun harom, kabobpazlar uchun top-toza. Kelib qoling, minib qoling!» degan gaplarni qilsangiz, eshakka qoʻshib oʻzingizni ham sotib olishlari shubhasiz.

Xullas, olmaday pishib, oshqovoqday yetilib, eshakday ishlash uchun yoʻllanma bilan tumanga keldim. Kattalarning kichik yigʻilishidan keyin boshlangan kichiklarning katta yigʻilishining oltinchi soatida mening masalamga navbat keldi. Aniqrogʻi, bozorim boshlandi. Xaridorlarim ham uncha­muncha odamlar emas, xoʻjalik raislari, korxona, tashkilotlarning rahbarlari.
— Tumanimizga yoʻllanma bilan yosh mutaxassis ishga yuborilgan, — hokim oʻrinbosari gap boshladi. — Kasbi —bugʻoltir. Kim ishga oladi?

Pinakka ketgan, sherigiga astoydil tushini aytib berayotgan xaridor akalarim nima deyapsan deb qarab ham qoʻyishmadi.
— Imtiyozli diplom bilan tamomlagan! — oʻrinbosar narximni biroz oshirdi.

Natija yomon boʻlmadi — bitta rahbar akam yurakdan chiqarib, rosa choʻzib esnab qoʻydi.
— Nahotki, butun boshli tumanda soʻqqabosh bir yigitga ish topilmasa! — savdosi yurmaganidan «dallol»imning jahli chiqdi. — Uylanmagan!

Ana shu oxirgi soʻz maqtovimning eng yuqori choʻqqisi boʻldi. Uxlab oʻtirganlar sergaklandi, gaplashayotganlar bir-birlariga ma’noli qarashdi. Ammo birortasi, men ishga olaman, demadi.
— Oʻylab koʻringlar, — dedi oʻrinbosar hafsalasi pir boʻlib, — ukamiz mehmonxonada turibdi.

Tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib mehmonxonaga qaytdim. Meni ishga joʻnatganlarni rosa yarim soat «duo» qildim. Bir payt eshigim taqillab qoldi.
— Kiravering, eshik ochiq! — dedim yotgan joyimda.
— Assalamu alaykum, Nusratullajon oka! — eshikdan oldin shu tovush, ortidan ellik yoshlardagi, tepakal egasi kirdi. — Bezovta qilmadimmi? Yotavering-la, yotavering-la, oʻzim-la.

Bunaqa muloyim soʻzni umrimda eshitmagandim. Uni ustiga barmoqlarini ayting, soʻrasharkanman qoʻlim ipakka tekkanday boʻldi.
— Qoʻchqor akam-la joʻnatgandi-la, ish bor ekan, borarkansiz-a, — davom etdi Muloyim akam.

Undan oldin eshikka yoʻrgʻalabman: chemodanimni Muloyim akam ortimdan olib chiqdi. Qoʻchqor aka mashina joʻnatgan ekan, zumda xoʻjalikka ham yetib bordik.
— Hozir, Nusratillojon oka! — deb Muloyim akam meni yuziga dogʻ tushgan kotiba qiz bilan yolgʻiz qoldirib, ichkariga kirib ketdi. Kotiba qiz menga boshdan-oyoq razm solib, kulib qoʻydi. Menam kulib qoʻydim, negadir.
— Kirarkansiz-a, Nusratillojon oka! — Muloyim akam ichkaridan chiqib, qoʻli koʻksida zalvorli eshikka imo qildi.

Ichkariga kirdimu qovunning xushboʻy hidi dimogʻimga urildi. Darhaqiqat, boʻyni bilan boshi bitta boʻlib ketgan pahlavon stol yuqorisida qovun yeb oʻtirardi.
— Assalomu alaykum.

Salomimga javoban pahlavon qoʻlida qovun bilan yonidagi stulga ishora qildi. Oʻtirdim. Yurakdan chiqarib gaplasha ketdik, qovun yeb oʻtirib. Akam oʻzi xoʻjalikda ish yoʻqligi, meni akalik qilib ishga olayotganini qistirib oʻtdi. Hozircha bugʻoltir yordamchisi sifatida ishlab, mehmonxonada yashab turarkanman. Agar kelishib ishlab ketsak, uy-joyga yer berishini, imorat qurilishida ham yordamini ayamasligini ta’kidladi. Bir qoʻlimda qovun, ikkinchisi koʻksimda, ta’zim qildim.

Mehmonxona soʻlim bogʻning oʻrtasida ekan. Orqasidan anhor oqib oʻtarkan. Oldida baliq toʻla hovuz, yonida sauna. Jannat! Muloyim akam bilan u yerga kirib borganimizda, kotiba qiz ayvonni supurayotgan ekan.
— Latofatxon, siz-a qoʻshni olib kelyapman, — Muloyim akam unga soʻz qotdi.
— Juda yaxshi-da, — Latofatxon menga qiyo boqib, yana kuldi.
— Endi, Nusratillo oka, siz joylashib turingiz-a, —Muloyim akam menga yuzlandi. — Nima kamchilik boʻlsa menga aytaverasiz-a. Bir joyga oʻtib, tezda qaytaman.

Latofatxonni endi gapga solib, tanishib turgandim, oppoq «Volga» kelib qoldi. Orqa eshigidan kichkina boshli, kalta oyoq-qoʻlli, ammo katta qorni bor bir odamcha tushib keldi. Negadir Latofatxon supurgisini chetga zarda bilan otib, ichkariga kirib ketdi.
— Endi bunaqa emas-da, uka! — gap boshladi odamcha men tomonga yumalab kelarkan. — Ishga kelgan odamni izlab yurarkanmiz-da! Yigʻilishdan chiqib shunday mehmonxonaga kirsam yoʻqsiz-da. Yigʻishtirining, bizda ishlaysiz. Keyin bunaqa mehmonxonalarda ham turmaysiz: yosh mutaxassislar uchun uylar qurib qoʻyganmiz. Ketdik.
— Nusratillo hech qayoqqa ketmaydi, — ortimdan Qoʻchqor akaning ovozi eshitildi. Qayrilib qarasam oʻzlari. — U bugundan e’tiboran ish boshladi, buyruqni chiqarib kelyapman, meni ruxsatimsiz bu yerdan bir qadam ham jilmaydi.

— Oqsoqol, shu bolaga mehrim tushib qoldi, menga bering, — dedi odamcha yalingannnamo.
— Nega mehring tushganini bilaman. Axir bizniyam oʻylagin-da, hatto nabiralar ham uylanadigan boʻlib qoldi, — dedi keskin Qoʻchqor aka.

Odamcha Qoʻchqor akaning bilagidan tutib chetga boshlab, shivirlay ketdi:
— Oqsoqol, bu yogʻi yaqin, olti oylik boʻlib qoldi...
— Olti oylik boʻlguncha ham yuraverasanmi?! — akam battar oʻdagʻayladi.
— Ular yoʻlak boʻylab nari ketishdi. Qaerdandir Muloyim aka paydo boʻlib qoldi.
— Yaxshi joylashib oldingiza-mi, Nusratillojon oka? Okamlarni orqalaridan yuraveramiz, bir piyola choy ichgani, — deya u raislar ketgan tomonga ishora qildi.

Ikkovimiz gaplashib yoʻlga tushdik. Muloyim akam xoʻjalik mudiri boʻlib ishlarkan-la. Bu yerga quruq boʻyi bilan ishga kelgan ekan. Qoʻchqor akalari bilan ishlashib, kam boʻlmabdi: oʻzlari bosh boʻlib uylashibdi, uy-joy qilib berishibdi. Mana xozir ham qoʻllashar ekan-la.

Biz yetib borganda raislar toʻkin dasturxon atrofida oʻtirishardi. Bir bitimga kelishishganmi, kayfiyatlar yaxshi. Oʻz-oʻzidan birinchi qadax meni mana shu yerda unib-oʻsib, palak yozib, xomaklab ketaverishim uchun ichildi. Ikkinchi qadah «Yangi xodim qutlugʻ boʻlsin»ga kelgan akamlarning sogʻliqlari uchun koʻtarildi. Ammo juda dilkash insonlar ekan-da ular. Biri sigaretimga olov tutar ekan:
— Bu yerlarda nima qilib yuribsiz, men bilan yuring, hamma pul hozir soliqda, — dedi ohista.

Ikkinchisi:
— Moliyoda pichogʻingiz hamisha moy ustida boʻladi, birga ishlaylik, — dedi mehribonlik ila zakuska tutib.

Uchinchi akam gapning dangalini aytib qoʻyaqoldi:
— Ularniki qari, hamma zoʻr narsalar savdodaligini bilasiz-ku!
— Hammalaring bilan birga ishlayman! — demoqchi boʻlaman, biroq Qoʻchqor aka, «Hech kimga bermayman seni, Nusratillo!» degan qoʻshiqni aytib, gapirtirgani qoʻymaydi.

Shu payt yana bir oppoq mashina kelib toʻxtadi.
— Hokim! Hokim! — deyishib akalarim qoʻl qovushtirishib, safga chizilishdi.
— Yangi ishga kelgan xodim shu yerdami? — mashina oynasidan ovoz eshitildi. — Viloyatdagi yigʻilishdan keliboq yangi xodimni soʻradi hokim buva. Mashinaga chiqar ekanlar, oʻzlariga yordamchi qilib ishga olar ekanlar.

Akalarimdan biri chetga zarda bilan tufladi. Ikkinchisi nimadir deb gʻudilladi. Uchinchisi baralla:
— Yosh kadrlar umuman hokimlikdan ortmaydi. Biz yuraveramiz boshimiz tashvishdan chiqarmay!
— Iltifotlaring uchun rahmat. Hammalaringni yaxshi koʻraman! — deya akalarim bilan oʻpishib xayrlashmoqchi edim, ular yuzlarini chetga burishdi.

Ana shunaqa gaplar. Teshik uzuk koʻchada yotmaydi. Ammo uni taqadigan bizga oʻxshagan yigitlar ham kerak. Nima dedingiz?