OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Said Anvar. Oloviddin (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Anvar
Asar nomiOloviddin (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Said Anvar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oloviddin (hajviya)
Said Anvar

Odam deganlari xoʻp ajoyib mahluq-da! Undagi tuygʻularning koʻpligini ayting. Ulardan biri, masalan, maqtanchoqlik. Ajoyib deysizmi, gʻaroyib deysizmi, ishqilib bir tuygʻu-da. Oʻzini odam deb atovchi jonzot borki, hammasida ham bu tuygʻudan uncha-muncha topiladi. Bir narsani yegan, ichgan, kiygan, olgan, mingan, koʻrgan va hokazo, yangilik boʻlgan boʻlsa bas, darrov atrofga alanglaymiz. «Ie! Shunaqami?! Voy! Baybay-bay, eshitmay qolganimizni qarang! A?! Qoyil! Yoʻgʻ-e?!» degan xitoblarni shunaqangi yaxshi koʻramiz, ularni shunaqangi maza qilib eshitamiz, dunyoda bundan ortiq huzur yoʻq!

Odam deb atalgani uchun Oloviddin aka ham bu tuygʻudan benasib qolmagan.

Oloviddin aka oʻzi yaxshi odam — yaqinda qamoqdan chiqdi. Aslida qamalmasdiyam. Qoʻshnisi Miltiqboyda ham boʻlgan maqtanchoqlik sabab boʻldi. Shahardan tuman madaniyat uyiga qatnab ishlovchi Chamanxon otliq jonon bor edi. Oloviddin aka u bilan «uchrashib» turardi. Buni Miltiqboy tushmagur tushida oltin topib olgan jinniday, Chamanoyning eriga maqtanib aytibdi-da! Eri oʻz navbatida Oloviddin akaga maqtanibdi: «U qilib, bu qilib yuboraman, palonchiboy meni akaxonim boʻladilar!» Oloviddin akani «u, bu» qilisholmadi, ammo Miltiqboyga qiyin boʻldi: oʻng oyogʻini siltab bosadigan, chap koʻzini oʻynatib turadigan boʻlib qoldi.

Oloviddin akaga esa jin ham urmadi. Toʻgʻri, ikki yilmi, uch yilmi qamalib chiqdi, ammo kechagi kuni mashina oldi. O! Ana mashina! Darvozasining oldiga chiqarib qoʻyib rosa uch soat yuvdi — maqtanchoqlik deganlari qamoqxonada ham qolmas ekan-da. Artdi, yarim soat. Mashina yaraqlab ketdi. Ammo akaning koʻngli toʻlmadi: «Vo! Muborak boʻlsin! Xoʻroz yigitlar mashinaniyam xoʻrozini minarkan-da!» deb yurakdan aytiladigan xitoblar qani?

Oxorli kostyum-shimini kiyib, galstuklarini taqib rulga oʻtirdilar. Qalamning tili boʻlganda, «Mashinaning Oloviddin akaga, u kishining mashinaga yarashganini qarang!» der, buni qahramonimiz ham eshitgan boʻlardi, afsuski... Xoʻp, qalamda zabon yoʻq ekan, ammo odamlarda-chi, odamlarda, tillari uzilib tushganmi? Tuman markazini kesib u yoqqa oʻtishdi, bu yoqqa oʻtishdi — biror xitob yoʻq. Aqalli e’tibor berib qarashib, qoyil deganday qosh ham qoqib qoʻyishmaydi!

Madaniyat uyining oldida signal berib toʻxtashdi. Viqor bilan mashinadan tushib, eshik tomon yurishdi. Vey, boʻlar ekan-ku! Sobiq kasbdoshlaridan toʻrt-beshtasi oʻrnilaridan turishib, boʻylab-boʻylab qarasha boshlashdi. Mana oʻsha hayratlaru xitoblar: «Oh! Zoʻr narsa ekan! Voh, oʻlib qolaman! Yangisi chiqibdimi?!»

Oloviddin aka cheksiz bir huzur bilan qoʻlidagi kalitni oʻynagancha ularga yaqinlashdi: «Ha, endi, meni bilasizlar-ku!..»

Ammo kasbdoshlari unga parvo ham qilishmadi. Boʻylashib hamon hayratlanishda davom etishardi: «Zoʻr narsa, joningni bersang arzirkan!»

Oloviddin aka magʻrur bosh qimirlatgancha ortiga oʻgirildi va hamkasblari boʻylashayotgan tomonga boqib qotib qoldi: mashinasining orqasidagi yoʻlakchadan, «Zamon-zamon, bizning zamon» degan yurish bilan bir parizod lov-lov yonib oʻtib borardi.

E, maqtanchoqlik deganlari yomon dard ekan.

Oloviddin aka dardiga ertasiga davo topdi. Zulukday mashinasida tuman markazidan oʻtib borarkan, «Oh! Qoyil! Zoʻr ekan!» degan xitoblar bilan kuzatib qolishdi. Yonida Chamanxon oʻtirgani uchun, bu xitoblar unga qarata aytilayotganini sezsa-da, Oloviddin aka huzurlanardi. Mayli-da! Bu huzurni aka kechgacha davom ettirmoqchi edi, Chamanoy zumda rejasini chippakka chiqardi:
— Oloviddin aka, hov anovi qariyani koʻryapsizmi? — dedi u yoʻl chetida arava yetaklab ketayotgan cholga ishora qilib.

Qaradi, tanidi, otasi, xoʻp nima boʻpti? Chamanoy jim ketaversa boʻlardi-ku, yoʻq:
— Kechagi kuni mana shu boboyning ham besh ming soʻmini oldim! — deya maqtandi.

Suzib ketayotgan mashina qoʻqqis toʻxtadi. Oloviddin aka shitob bilan Chamanoyni zoʻrlab mashinadan tushirdi-da, gap-soʻzsiz joʻnab qoldi. Mana, maqtanchoqlikning oqibati!

Bu voqeani Oloviddin akaning oʻzlari maqtanish ohangida soʻzlab berdilar.
— Nega endi mashinadan tushirib yubordingiz? — soʻradim atay.

— Ie, tushirmasang boʻladimi?! — dedi u koʻzlarini katta ochib. — Enam boʻlib qolishiga jinday qolgan ekan-ku!