OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaid Anvar
Asar nomiOta ekkan daraxt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Said Anvar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota ekkan daraxt (hikoya)
Said Anvar

«
Q. E.ga.
»

Qurbon akani yaxshi bilmayman. Koʻpchilik doʻstlarim ham deyarli shu fikrda. Bilganim, koʻrishganda «Darsingni qildingmi?» deb soʻraydi. Bu uning «bola-chaqang tinchmi, ishlaring yaxshimi, kechagi ishlaring bitdimi», degani. Xayrlashayotib ham, boʻpti yaxshi bor, sogʻu salomat boʻl, demaydi. «Darsingni qil!» deydi. Yana u kishi haqida bilganim, birovdan yoki uning qilgan xayrli ishidan xursand boʻlib ketsa, «Bogʻingga bulbul!» deb hayqirishi...

Qurbon aka bilan birga Fargʻonaga boradigan boʻlib qoldik. Mashinaga oʻtirgach, mezbon sifatida, falon-falon joylarda boʻlamiz, falon-falon akalarni koʻramiz, deya unga gapira ketdim. Vodiyning eng zoʻr joylariga olib borib, ogʻzini bir ochirib qoʻyay.
— Sen oʻzing Qashqadaryoda boʻlganmisan? — soʻradi aka.
— Bormaganman.
— Seni oʻzim olib boraman, — Qurbon aka zavq-shavqqa toʻlib soʻzlashga kirishdi. — Qashqadaryojonimda mening qishlogʻim bor. Qishloqjonimda esa qayragʻochim bor — otajonim ekkan! Tepalikda, qishloq koʻrinmasdan burun u koʻzga tashlanadi. Meni koʻrishi bilan yaproqlarini hilpiratib, «kelyapti-kelyapti» deganday boʻlib turadi. Shunday borib quchoqlayman, «Omonmisan, otam ekkan qayragʻoch» deb oʻpaman! U ham shoxlari, novdalari bilan meni quchganday, yelkamga qoqqanday, yaproqlari bilan yuzlarimni siypalaganday boʻladi! Oh, mening qayragʻochjonim! Bogʻingga bulbul!

Bilasanmi, otam olamdan oʻtgan yili ta’tilga borsam, qayragʻoch qurib qolibdi! Shoxlarida — tirikligidan nishona yoʻq! Yigʻladim! Toʻlib-toʻlib yigʻladim — otam oʻlganda ham bunchalik yigʻlamagandim! Ukam yupatdi, opam yupatdi, oʻrtoqlarim yupatdi...

Ostini kovlab, bir oy suv quydim! Yaproqlariga tikilib bir oy yotdim! Bir oy Xudoga iltijolar qildim! Moʻ‘jiza roʻy berdi, ukajonim, moʻ‘jiza: qayragʻoch barg yozdi! Otam ekkan qayrogʻoch koʻkarib ketdi! Hozirgacha koʻkarib turibdi! Bu yil oltmish bir yoshga kirdi qayragʻochim!

Otam gʻalati tabiatli inson edi. Adirda yer ochish, bogʻ qilish bilan qishin-yozin ovora boʻlardi. Bitta daraxti koʻkarsa yoki gullasa, u rahmatliga bayram edi. Uchragan odamni quchoqlab olib oʻpardi, «Koʻkardi, gulladi!» deya hayajonini bosolmasdi. Qurigan, singan daraxtlarni koʻrsa, chiroyli qilib, arra bilan gʻoʻla qilib kesardi, qishloqqa olib kelib, uyma-uy yurib tarqatardi. Odamlar uning bu fe’lini koʻrib «Devonaroq-da», deb qoʻyishardi. Lekin otam bunga aslo e’tibor qilmasdi. Oxirgi yettita gʻoʻla tarqatilmay qolib ketdi. Yetti dona. Biz yetti farzand edik: uch oʻgʻil, toʻrt qiz. Otam toʻsatdan qazo qildi. Qishloqqa gaz keldi — yoqilmay qolib ketdi. Otamning qoʻli tekkan gʻoʻlalar!

Qishloqqa borishimni eshitishgach, ukalarim ana shu gʻoʻlalarni ombordan olib chiqib, otam ekkan qayragʻoch ostiga terib qoʻyishadi. Ularga oʻtiramiz. Tepamizda otam ekkan qayragʻoch, yaproqlari qoʻshiq aytadi.

Bu yil bahorda borsam, qayragʻochning ostidan yangi nihollar oʻsib chiqibdi! Yetti dona! Bittasini senga beraman — otam ekkan qayragʻoch Fargʻonada ham koʻkarsin! He, bogʻingga bulbul!

Qurbon akaning hikoyasini tinglab, manzilga yetganimizni ham sezmay qolibmiz. Eshik ogʻzida kutib oluvchilarni koʻrib, koʻnglim koʻtarildi. Amakim, akam, ukalarim... Ularning safida mahalla oqsoqolini koʻrib biroz ajablandim, yoʻl-yoʻlakay kirgandir-da, deb uncha parvo qilmadim.

Oʻtirish yarimlamay, oqsoqol meni chetga tortdi.
— Chinorni kesmoqchi edik, Muxtor aka sendan ruxsat soʻrash kerakligini aytdi, — dedi chinor tomonga ishora qilib. — Masjidning poliga taxta qilishmoqchi...

Men hamon Qurbon aka hikoyasining ta’sirida edim.
— Kesaveringlar! — dedim alam bilan.
— Bizdan yashiriqcha nima gaplar boʻlyapti? — hazil aralash oxangda soʻradi Qurbon aka amakim bilan soʻzlashgancha bizga yaqinlasharkan.
— Buning dadasi rahmatli, — amakim tushuntira ketdi, — qabriston atrofiga Andijondan yaqin besh yuz tup chinor olib kelib ektirgandi. Azbaroyi qabristonni obod qilish uchun. Chinorlar buyum boʻlgach, masjid quramiz deyishib, mahalla ehtiyoji uchun kesib ishlatib yuborishdi. Dadasidan esdalik boʻlib, bitta, bir donagina chinor qoldi masjid hovlisida! Shuni chollar, «Ekkanga ham savob, kesganga ham savob», deyishib, masjidga pol qilishmoqchi!
— Chinor kesilmaydi! Bu ruxsat bersa ham, — aka menga qoʻlini bigiz qildi, — men ruxsat bermayman! Kesgan odamning kallasini olaman! Shunday deb aytib qoʻyinglar oʻsha chollaringga! Bu gapni kim aytdi desa, otasining qayragʻochi bor Qurbon chinoriy aytdi denglar!

Birov bir soʻz demadi.
— Chinorni kesaveringlar deysan?! — aka menga yana yuzlandi. — Otangning qoʻli tekkan chinorni-ya! Yurtim deysan, vatanparvarlik deb koʻkragingga urasan, kesaveringlar emish! Sen tomoshabin boʻlib turaverasan! Toʻrt yuzu toʻqson toʻqqiztasi kesilib ketibdi, sen qarab turaverdingmi, qanaqa oʻgʻilsan oʻzi!? Bunday buzgʻunchilar, bugun chinorni kesishadi, ertaga otang qurgan imoratni portlatishadi, indinga otang yotgan qabrni kovlashtirishni boshlashadi! Qarabsanki, otangdan nom-nishon yoʻq!

Sigaretni chuqur-chuqur tortdim, ammo Qurbon akaning koʻziga qarolmadim.

Aka poli chala-chulpa artilib, devorda osilgan gilam olinib, yerga solinib, ustiga uch-toʻrtta koʻrpacha tashlangan — biz mehmonlarga atalgan xonaga kirib ketdi.

Mezbonlar bilan shunchaki xayrlashdik. Xonaga kirganimda Qurbon aka uxlamagandi: teskari tomonga oʻgirilib, koʻrpani ustiga tortdi.
— Biror narsa kerak emasmi? — deb soʻradim.
— Darsingni qildingmi? Uxla! — dedi savolimga javoban.

Uxladim. Tushimga Chingiz ogʻaning «Birinchi muallim»idagi qoʻsh daraxt kiribdi. Ular shamolda tebranib, chapak chalardi. Lekin daraxtlarning qarsaklari meni masxara qilayotganday edi.

Ertalab Qurbon akani hovlidagi archaga tikilgancha choʻnqayib oʻtirganini koʻrdim. Yonida ukalarim.
— Mana shu tomonda kimning uyi bor? — soʻradi u qoʻli bilan ishora qilib.
— Meni, akamni, — ukam javob qildi.
— Endi mana bu archaga qara,— Qurbon aka ukamga ishora qildi. — Shoxlariga qara — barmoqlarga oʻxshaydimi? Archa quchogʻini yozib sizlar tomonga talpinayotganga oʻxshamaydimi?

Archaga hayratlangancha tikilib qoldik. Darvoqe, archa aka aytgan holatda turardi. Biz soʻzsiz edik.
— Otanglar, «Oʻgʻillarim, meni unutmadilaringmi? Sizlarni juda-juda yaxshi koʻraman!» demayaptimi? — dedi yana Qurbon aka.
— Deyapti! — dedi ukam yuziga yumalagan yoshni artarkan.
— Shu archaning bir yaprogʻi uzilsa, bitta shoxi sinsa, unga bir gard yuqsa — otangning yuziga loy chaplagan, nomini unutgan boʻlasanlar — ota ekkan daraxt bu! Otalaring bu! Chinor bilan archa sizlarning birodarlaring, ukalaring. Ularni ham otalaring ekkan! — Qurbon aka har bir soʻzini ta’kidlab aytdi-da, nari ketdi.

Biz — aka-ukalar, mezbonligimizni ham unutib, archaga tikilgancha uzoq turib qoldik.