OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Saida Zunnunova. Buvi (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiBuvi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Buvi (hikoya)
Saida Zunnunova

Nargis toʻgʻnagʻichini labiga qistirgancha oyna oldida soch tarar, uning salgina buralgan qalin sochlari nozik yelkalarini oʻrab turardi. U boshini yengilgina silkib, yuziga yaqin sochlarini orqaga oldi. Hozirgina kiygan xalatining bogʻichlarini qayta bogʻlar ekan, kir taxlab oʻtirgan Umriniso buvining yoniga keldi.
— Zerikmadingizmi, buvijon? — dedi u yumshoqqina kulib. — Qoʻying, oʻzim qilaman.
— Bekor ham oʻtiribman-da, bolam. Choy qaynayapti. Damlab beraymi?
— Oʻzim, — Nargis shunday deb oshxona tomonga chiqib ketdi. Ertalabdan beri stolga engashib olib, allanarsalarni chizayotgan Toʻlqin boshini koʻtardi. Bila-gidagi soatiga qarab qoʻyib bir nafas oʻylanib turgach, peshanasini uqalab borib radioni buradi. Oxirigacha buralgan radiodan qandaydir bir kuy gumburladi. Umriniso buvining qulogʻi chippa bitib qolganday boʻldi-yu, pastroq qil, degisi kelmadi. Chunki, Toʻlqinning darsiga bu shovqin xalaqit bermayotganday edi. U ba’zan qoʻllarini beliga tiraganicha qogʻozga tikilib turar ekan, «pa-pa-pam, lya-lya-lyam» deb muzikaga joʻr ham boʻlib qoʻyardi. Kirib-chiqib yurgan Nargisning ham yuzida tabassum, ruhining yengilligi kulgiga moyil lablaridan shundoqqina sezilib turibdi. U yaqinginada oʻqishdan qaytdi. Toʻlqin boʻlsa endi ketadi.

Nargis juda chaqqon, mehnatkash qiz. Toʻlqinning qilgan savdosi onasiga yoqmagani uchun koʻpincha bozor-oʻcharga ham Nargisning oʻzi borardi. Uylarni ham yaraqlatib tutadi. Yana yarim kechagacha oʻtirib dars qiladi. Umriniso buvi uning tinib-tinchimas, jonsarakligiga qarab turib oʻzining yoshligini esladi.

Yengil qadamlar bilan Nargis kirdi.
— Qani, choyga chiqinglar, buvi! Babulya!

Umriniso buvi muzika ovozida uning gapini eshitmadi. Boshini qimirlatib, bir qoʻlini qulogʻining orqasiga olib bordi. Nargis radioni pasaytirdi.
— Choy ichamiz.

Umriniso buvi uning ketidan boshqa uyga chiqdi. Ketma-ket Toʻlqin ham kirdi. Tovada jizillab turgan goʻsht bilan kartoshkani Nargis oʻrtaga qoʻyarkan, buvisiga qarab jilmaydi:
— Rahmat, buvijon. Qovurib qoʻygan ekansiz, isitdim. — U bitta taqsimchada toʻgʻralgan piyoz bilan rediska ham olib keldi-da, tortmadan vilka olib ularning oldiga qoʻydi.

Umriniso buvining qorni ochmagan boʻlsa ham bolalarning koʻngli uchun uncha-muncha yeb oʻtirdi. Toʻlqin hech kimga qaramasdan shoshib ovqatlandi-yu, qogʻozlarini oʻrab darsga ketdi. Nargis Toʻlqin oʻtirgan joydagi non ushoqlari, gʻijimlangan salfetka qogʻozini yigʻishtirib olar ekan:
— Buni qarang, doim ketidan yigʻishtirib yuripshm kerak. Biram pala-partish, — dedi.
— Qoʻyaver, oʻgʻil bola.
— Dadam unaqa emaslar-ku! Uylansa, xotinining ham joniga tegadi bu! Biram gʻoʻdaygan.
— Koʻryapsan-ku, chizmakashligidan boʻshamayapti. Charchagandir bechora bolam.
— Shuncha bolani qanday katta qilgansiz-a, buvi? Nargis buvisini gapga solishni yaxshi koʻradi. Ayniqsa yoshligi, bolalarini qanday tarbiya qilgani haqida koʻp soʻraydi. Oʻzi kam gapiradi. Oʻzbekchani yaxshi tushunadi-yu, qiynalibroq gapiradi. U choy quyib uzatar ekan, buvisini yana soʻroqqa tutdi:
— Dedushkam sizga qarasharmidi?
— Qarashishga vaqti yoʻq edi, bolam. U vaqtlarda doktorlar kam, kasal boʻlsa koʻp edi.
— Charchamasmidingiz-a?
— Avval yosh edim. Keyinroq bolalarning oʻzlari qarashadigan boʻlishdi.
— Mana, siz pedagogikani bilmaysiz-a, buvi? Umriniso buvi nevarasiga tikildi.
— Bilmadim. Darsingmi u?
— Ha, dars desa ham boʻladi. Umuman tarbiya, bolalarning tarbiyasi haqida. Lekin bolalaringizning hammasi yaxshi.

Umriniso buvi sekin xoʻrsinib qoʻydi:
— Men ularning yaxshi tomonlarini ham, boshqaga bilinmaydigan kamchiliklarini ham bilaman, bolam.
— Mana, dadamni olaylik. Juda madaniyatli, toʻgʻri, yana nima desa boʻladi, — Nargis fikrini aytishga soʻz topolmay qoldi. — Ha, halol odam. Uni siz boqqansiz. Lekin pedagogikani bilmaysiz. Qiziq-a?

Umriniso buvi kulib qoʻydi. Koʻzlariga yana xayol choʻkdi. U eri Otajonni eslagan edi.

Bir kuni ukol olib yurgan qoʻshnilaridan biri qoʻyarda-qoʻymay yigirma soʻm pul tashlab chiqib ketdi. Umriniso avvaliga olmadi. Keyin oʻylanib qoldi. Axir, do-ri-darmonni eri pulga sotib oladi-ku. Bironta kamlariga yarar. Bolalar koʻp. Birining eskisini biri kiyadi. Kichkinaroqlariga yangi kiyim olib berisholmaydi. Ana shu oʻy bilan pulni olib qoldi. Kechqurun Otajon ishdan qaytdi. Ovqatlanib boʻlib gazeta oʻqib oʻtirgan edi. Bolalarning ham hammasi uyda. Kattalari dars tayyorlashib oʻtirishardi. Umriniso haligi pulni eriga aytdi-yu, baloga qoldi, Otajonning rangi oqardi, lablari pirpirab uchdi. Xotiniga hech qattiq gapirmagan odam gazetani shaldiratib silkib tashladi.
— Uyalmadingizmi? Nahotki uyalmadingiz?! Qoʻshningiz-a! Sharmanda qilibsiz. Erim boyish uchun, uyda pul topish uchun doktorlikka oʻqidi, deyar ekansiz-da?

Otasini hamma vaqt ogʻir, sipo koʻrishga oʻrgangan bolalarning rangi oʻchib, javdirab turishardi. Otajon yigirma soʻm pulni oʻgʻli Sharifning qoʻliga tutqazdi.
— Bor, olib chiqib ber!

Sharif bir dadasiga, bir boshini egib turgan onasiga qaray-qaray pulni olib chiqib ketgan edi. Oʻsha Sharif hozir Nargisning dadasi. Ana shu hayotda oʻsgan, ana shu muomalalarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan bolaning halol boʻlmasligi bormi?! Umriniso buvi ana shularni oʻylardi-yu, nevarasiga qanday tushuntirishni bilmasdi.

Sharifni oʻylaganda ona mamnunlik bilan bir entikib oladi. Uning ishi gʻoyat savobli ish. U gazetada ishlaydi, umri komandirovkada oʻtadi. U oblastning hamma burchaklarini bilar, uning qalamidan yaxshilar elga tanilsa, yomonlar sharmanda boʻlardi. U har ketganda qanchadan-qancha yangi odamlarning nomini aytib kelar, yaxshi kishilar haqida toʻlib-toshib, zavq muhabbat bilan gapirib berardi. Umriniso buvi gazeta ushladimi, koʻzoynagini tutib, undan oʻgʻlining otini, familiyasini qidirardi. Topib olsa kulimsirab, tikilib qolar, qoʻli bilan silab ham qoʻyardi. Ha, uning oʻgʻlini hamma biladi. Tanimaganlar ham baribir, nomini eshitishgan. Onaning eng katta baxti mana shu edi.

Kelini Sultonxon ham juda yaxshi ayol. U katta bir maktabning direktori. Kamtar, mehnatkash xotin. Sharifjonni juda avaylab turadi. Shuning uchun ham Umriniso buvi uni yaxshi koʻradi. Oʻgʻlining tinchligi, xursandchiligi xotinining yaxshiligidan-da. Bolalari ham yomon emas. Faqat, ba’zi narsalar keksa onaga yoqmaydi. Bozorga Toʻlqin borishi kerak. Nargis emas. Har qalay erkak kishi xarajat qilishni oʻrganishi kerak-da. Yuk koʻtarish ham oʻgʻil bolaga osonroq. Undan keyin buvilari boʻlmasa Nargis ukasi bilan oʻzbekcha gapirishmaydi. Nargis idishlarni yuvib qoʻyib uyga kirdi.
— Nega oʻylanib qoldingiz? Dedushkam esingizga tushib ketdimi? — dedi hazillashib.

U toʻgʻri aytayotgan zdi. Ertaga payshanba, uyiga borib chirogʻini yoqib kelmasa boʻlmaydi.
— Buvi, kechqurunga nima ovqat qilaylik?
— Bilmadim, bolam.
— Hali vaqtli ekan. Kirlarga dazmol bosib qoʻyay, keyin qilarman.
— Ovqatni men qila qolarman.
— Yoʻq, siz dam olib oʻtiravering. Ketaman demasangiz boʻlgani. Esizgina, karam olib kelganimda doʻlma qilar edik.

Nargis shipillaganicha taxlogʻliq kirlarni koʻtarib chiqib ketdi. Bir nafasdan keyin uning ovozi balkondan eshitildi.
— Buvi, bu yoqqa chiqing! Yonimda oʻtiring. Umriniso buvi oʻrnidan turib roʻmolini asta tuzatar ekan, nevarasi yoniga chiqdi. U Nargisni yaxshi koʻrar, yolgʻiz oʻzi qolganida zerikishini ham bilardi. Nargis ham unga yurak sirlarigacha ishonib aytar, kurslaridagi bir yigit uni yaxshi koʻrishini ham qizara-qizara gapirgan edi. Oʻzi haqida indamagan boʻlsa ham uning yonib, porlab turgan koʻzlaridan koʻngli moyilligini keksa ona payqagan edi.
— Onasi bor. Dadasi urushdan qaytmagan ekan, — degan edi achinib Nargis. — Amallab opasini uzatishibdi. Oʻqishni tamomlab ozroq ishlasak, keyin toʻy qilamiz, deydi. Unaqa toʻla-toʻkis turishmaydi, buvi. Nima, aybmi, oʻzimiz ishlab topib olarmiz. Mana, dadam bilan oyim ham hamma narsani oʻzlari olishgan. Toʻgʻrimi, buvi?

Umriniso buvi uning yelkasini mehr bilan silab shunday degan edi:
— Kim boy, bilasanmi?

Nargis yelkasini qisdi.
— Yaxshi koʻrishganlar, ahil turganlar boy. Kim baxtsiz? Janjalli uyda yashaydiganlar baxtsiz.

Nargas suyunib buvisini quchoklab olgan edi.
— Zamonaviy kampirsiz-da, buvi. Shu zamonda yashab turib oʻn beshinchi asrda yurganlar ham bor.
— Unday dema, bolam. Hamma zamonda ham yaxshilar yashagan, yomonlar ham. Dunyoning tinchligi yaxshilarning sharofatidan.
— Shuni aytyapman-da. Lekin ayamga hali aytmayman. Ishi koʻp. Hozirdan oʻy oʻylatib nima qilaman.

Kampir nevarasi yoniga oʻtirayotib ana shularni esladi. Nargis kirga suv purkar ekan, buvisining hayolini bilib turganday shivirladi:
— Buvi, bilasizmi, oyisini koʻrdim.

Umriniso buvi kimning oyisi haqida gap borayotganini darrov payqadi.
— Birga ketishayotgan ekan. Uzokdan koʻrib qoldim. Yaxshi xotinga oʻxshaydi.
— Oʻgʻli yaxshi boʻlsa, onasi ham yaxshi boʻladi-da, bolam.
— Mening suratimni uylariga qoʻyib qoʻygan emish. Suratim yoqibdi. Oʻzim ham yoqarmikanman? — Nargis shunday deb sharaqlab kulib yubordi. Uning yuzlariga qizillik yugurgan edi.
— Oʻzing ham yoqasan, bolam.
— Buvijon, siz hamma vaqt yaxshi gaplarni gapirasiz.

Umriniso buvi oyogʻi ostida yotgan bir varaq qogʻozni engashib olib yozuviga tikildi.
— Koʻzim oʻtmayapti. Bu nima ekan, oʻqib koʻr. Dadangning xatiga oʻxshayapti. Tagʻin kerakli qogʻozi boʻlmasin.

Nargis dazmolni qoʻyib, qogʻozni oldi. Qoshlarini chimirib, unga koʻz yugurtirdi-da, buvisiga qaytarib ber-di.
— Tushunmadim. Qishloq xoʻjaligi, daromad, yana nimalardir yozilgan. Dadamning gazetaga yozganlaridan boʻlsa kerak.

Umriniso buvining yuragi allanechuk boʻlib ketdi. Ha, dilini xira qilgan narsalarning biri mana shu edi. Lekin pedagogika degan darsida bu haqda aytilmaganmikan...
— Bilasanmi, — dedi Umriniso buvi oʻychanlik bilan, — sen qaynonanga yoqmasliging ham mumkin. Dazmolni koʻtar, kuydirasan!

Hangu mang boʻlib qolgan Nargis shoshib dazmolni oldi-da:
— Nega endi birdaniga? — dedi hayronlik bilan.
— Seni kim boqib katta qildi?

Hech narsaga tushunmagan Nargis:
— Dadam, ayam, — dedi koʻzlarini pirpiratib.
— Qanday qilib, nima bilan boqishdi?
— Buvijon, nima demoqchisiz oʻzi?
— Javob ber!
— Ishlab boqishdi-da, albatta.
— Dadangning topib kelgan nonini yeysan, olib kelgan koʻylagini kiyasan. Lekin qanday qilib bu pullarni topdi, nimalarni yozdi, uning senga qizigʻi yoʻq. Shundaymi? Dadangning yozgan narsasini hatto tushunmaysan, ammo puli yaxshi. Uyalmaysanmi, bolam? Ukang boʻlsa sendan battar.
— Voy, buvijon, umuman tushunaman, lekin qiyin.
— Oʻnta tilni bilsang ham mayli, bilaver. Lekin seni boqayotgan tilni bilmasang, odammisan sen? Agar qaynonang mening koʻnglimdagidek xotin boʻlsa, boring, bolam, avval onangizning tilini oʻrganib keling, deydi.

Nargis gap topolmay nuqul: «Voy, buvijon» — deyar edi.
— Agar buvang tirik boʻlganida 6u qilmishing uchun, bilmadim, nima qilar edi. Bolalaring boʻlsa, oʻzing bilmagan tilni ularga qanday oʻrgatasan? Maktabidan oʻzbek tilidan ikki olib keladimi?

Umriniso buvining shunday jahli chiqqan ediki, hatto Nargisni gapirishga ham qoʻymay, siltab-siltab tashladi. Nargis buni payqadi. U gʻalati, oʻngʻaysiz ahvolda qoldi. Sevimli buvisi uni hech qachon bunchalik urishmagan edi.
— Tavba qildim, buvijon. Juda ham unchalik tushunmayman emas.

Kampir qogʻozni silab, tekislab ikki bukladi-da, unga tikila-tikila oʻgʻlining stoliga qoʻyib chiqmoq uchun uyga kirib ketdi. Qoʻngʻiroq jiringladi. Nargis yugurib chiqib eshikni ochdi. Bu Sultonxon edi.
— Namuncha qizarib ketibsan?
— Dazmol bosayotgan edim.

Nevarasiga zimdan nazar tashlagan Umriniso buvi keliniga yuzlandi:
— Keldingizmi, bolam?
— Zerikmay oʻtiribsizmi? Yaxshiyamki Nargis bor ekan. Siz boʻlsangiz, Nargisning ham uydan chiqqisi kelmaydi.
— Endi uyga kirgisi kelmasa-chi?
— Nega? — Sultonxon javdirab ikkalalariga qaradi.
— Qoʻysangiz-chi, buvijon. Hecham unday emas. — Nargis kulib, balkonga chiqib ketdi.

Hamon savol nazari bilan qarab turgan keliniga kampir:
— Ozroq urishdim, — dedi kulib. Sultonxon ham kulimsirab qoʻydi.

Kechqurun ovqat ustida ham Nargis buvisiga qarab-qarab qoʻyar, ba’zan hayol surib qolardi. Uning ahvolini Umriniso buvi sezar, gaplarini qattiqqina tekkanini ham payqar edi. Toʻlqin ham oʻqishdan qaytdi. Qoʻllarini yuvib stolga oʻtirar ekan:
— Ujasno kushat xochu, — dedi. Nargis javdirab buvisiga qaradi.
— Chiq, oshxonada yeya qol. Yur, yur, deyapman senga! Toʻlqin erinibgina oʻrnidan gurdi.
— Sharifjon qachon kelarkan?

Sultonxon qaynanasiga choy uzatar ekan:
— Zerikib qoldingizmi, oyi? — dedi kulib. Sultonxon qaynanasining fe’lini yaxshi bilib qolgan. Ertaga hech qanday kuch uni bu yerda olib qololmas-ligini ham biladi. Umrini, mehri, mehnatini bolalariga ulashib yurgan bu kampir, nuragan, jimjit uyi bilan bir kungina sirlashib, oʻchgan xotiralarga chiroq yoqib kelishni kanda qilgan emas. Uni charchashga qoʻymagan e’tiqod ham, balki shudir.

Umriniso buvi hozir shu hakda oʻylardi. Hamma narsaga e’tiqod kerak. El-yurtga ham, muhabbat, roʻzgʻorga ham, hatto tilga, soʻzga ham. E’tiqod qoʻyilmagan narsa xarob boʻladi. Nevarasining dilini ogʻritdi. Lekin tushuntiroldimikan...

Ha, hech kim oʻz farzandining yaxshi, yomon tomonini onasichalik bilmaydi. Lekin ona hammaga aytavermaydi. Koʻngli toʻlmasa, koʻngliga yoqmagan narsalarni toʻgʻrilay olmasa, pinhoniy dard chekadi. Umriniso buvi hozir ana shunday ahvolda edi. U nevaralarini nihoyatda yaxshi koʻrar, baxtli boʻlishlarini, ularga hamma havas bilan qarashlarini juda-juda istar edi.