OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiIkki oʻt orasida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikki oʻt orasida (hikoya)
Saida Zunnunova

Toʻy taraddudi boshlangandan beri Vaziraning tinchi battar yoʻqoldi. Mijja qoqmasdan tunni tongta ulaydi. Hayol olib ketaveradi, olib ketaveradi. Mana bugun ham shu ahvolda tong otqizdi. Hovliga chiqdi. Ertalabki salqin havo badanini junjuktirdi. Kuz boshlanyapti. Daraxtlarning bargi xira tortib qolgan. Osmon biram tiniq, bagʻriga singib ketging keladi. Vazira asta xoʻrsinib qoʻliga supurgi oldi. Xazonlar tusha boshlabdi.

Uyda budilnik jiringladi. Bir nafasdan keyin maktab harakatidagi ukalarining gʻovur-gʻuvuri eshitilib qoldi. Ularga allanarsalarni uqtirib onasi uydan chiqdi. Vodoprovod joʻmragi oldida yuz-qoʻlini yuvayotgan qiziga sinchkov nazar bilan qaradi.
— Namuncha erta turmasang?!
— Uygʻonib ketdim.

Vazira uxlayolmadim, deyolmadi. Har qalay onasi-ku. Shundogʻam tushunib turgandir hammasiga. Taqdirlari shunaqa boʻlgandan keyin nima qilsin? Kim biladi, bu taqdirga qaysi biri aybdor. Ularning yuraklarida ham bir armon, bir afsus bormikin? Balki ular ham Vazira kabi dardlarini ichiga yutib yotishgandir. U yigirma yoshga kirdi. Esini tanigandan beri yuragining bir cheti jizillab turadi. U yoqqa borsa, bu yerda onasi ma’yus ter-milib qoladi. Boradi-yu, onasining nigohi koʻzidan nari ketmaydi. Iziga qaytadi. Xuddi shunday ma’yus nigoh bilan unga dadasi termilib qoladi. Uyiga qanday yetib kelganini bilmaydi. Endi uning butun xayoli dadasida qoladi. Lekin onasiga nima desin, aytolmaydi.

U doim mana shunday yashadi. Ikki oʻt, ikki olovning oʻrtasida yashadi. Oʻrtalikda joy bormikin... Yoʻq, oʻrtada joy yoʻq. Ular qachon ajralishgan, nega ajralishgan, Vazira buni ham bilmaydi. Dadasi ham roʻzgʻorlik boʻlib ketgan, onasi ham. Arosatda Vazira qolgan, xolos. Nega uni oʻylashmagan? Tili zaboni yoʻq uchun odam sanashmagandir.

Ukalari tapir-tupur qilib maktabga ketishdi. Koʻchada mashina signal berdi. Dadasini ishga olib kettani keldi. Onasining iltimosiga koʻra Vazira bu kishini ham dada, deydi. Lekin har aytganda tili dilini kuydiradi. Iloji boricha kamroq murojaat qilishga harakat qiladi. Qiziq, ota-onani almashtirib boʻlarmidi... Tagʻin ota-onaning oʻzlari shuni talab qilib turishsa-ya.

Vazira kiyinib, sochini tarab turmakladi. Koʻylagining yelka choki pastga tushib qolibdi. Ozibdi. U asta ikkinchi uyga chiqdi. Tikka turganicha, istamaygina piyolaga choy quyib quruq hoʻplay boshladi.
— Biron narsa yemaysanmi? — dedi onasi tashvish bilan, — bu ahvolda qanday oʻqiysan, bolam?
— Yegim kelmayapti.

Onasi unga tikilib jim qoldi.
— Chevarnikiga borasanmi?
— Dadam kelgin, degan edi bugun. Oraga yana jimlik tushdi.
— Oʻsha yoqqa oʻtasanmi? — dedi onasi nihoyat.
— Aytgan edi.

Onasi Vaziraning ketidan koʻchaga chiqdi. Vazira uning yuziga qaramasa ham hozirgi ahvolini bilib turardi.
— Tezroq qaytasanmi? — dedi onasi siniq bir ohangda.
— Koʻraman.

Nega koʻraman, dedi. Nega, xoʻp, deb qoʻya qolmadi. U endi onasiga achina boshladi. Uning siniq ovozi qulogʻiga kirib olganday edi. Bu ovoz butun dars davomida ham qulogʻidan ketmadi. Koridorni toʻldirib yurgan qizlarning kulgilari, suhbatlariga loqayd qarar, dugonalarining hazillariga hayol parishonlik bilan jilmayib qoʻyardi. Mana, yaqinda toʻy boʻladi. Dadasi, oʻzining dadasi bu toʻyga kelolmaydi. Unga oq yoʻl, baxt tilab kuzatib qololmaydi. Bu yoqda oʻyin-kulgi boʻladi, u yoqda dadasi hech narsa boʻlmayotganday jimgina oʻtiradi. Toʻy boshida turishi kerak boʻlgan odam hatto, begona qatori ham toʻyga kelolmaydi. Vazira qachondan beri shuni oʻylaydi. Bir marta onasiga salgina yorilib ham koʻrdi. Onasi ancha vaqtgacha bir nima deyolmadi. Keyin ohista:
— Oʻzing oʻylab koʻr, qizim, — dedi xoʻrsinib. — Bir kunlik toʻy oʻtar-ketar. Lekin bu yogʻi nima boʻladi? Kichkinaligingdan shu dadangning qoʻlidasan. Yuziga oyoq qoʻyish yaxshi boʻlmas.
— Axir bir kunga, bir-ikki soatga kelsa...
— Shu bir-ikki soat mening turmushimni buzsa-chi?

Vazira indamay qoldi.

— Roʻzgʻorlik boʻlganingda tushunarsan hali, — dedi onasi yana sekingina.

Vaziraning yuragi seskanib ketdi. Ishqilib, turmushi yaxshi boʻlsin. Hech kimning bolasi tirik yetim boʻlmasin. Oʻlsa oʻldi, deydilar. Yonib soʻngan bir oʻtning tafti, harorati qalbingda, xotirangda turadi. Lekin hadeb duch kelavermaysan.

Vazira kuyovnikidan kelgan sarupolarga ham, onasining qilgan sep-sidirgʻalariga ham yayrab, quvonib qaramasdi. Xammaning ham koʻzi oʻtmaydigan, har kim ham koʻra olmaydigan, hammaga ham nasib qilavermaydigan bir boylik, bir baxt bor. Bu ma’naviy boylik, qalb boyligi, bu bagʻri butunlik. U ana shuni orzu qiladi, uzun kechalarda hayol surib ana shuni tilaydi. Garchi oʻzi tanlagan yigitga turmushga chiqayotgan boʻlsa ham ba’zan choʻchiydi.

Darsdan chiqib, dadasinikiga ketdi. Hovlida arqondan sakrab oʻynayotgan qiz uni koʻrishi bilan toʻxtab qoli. Keyin chopqillab toʻrdagi uylarning biriga kirib ketdi. Vaziraning yuragi darvozaga yaqinlashgandayoq ura boshlagan edi. Bu yerda hech kim unga yomon gapirmasa ham oʻzini noqulay sezar, qisilar, sigʻmayotganga oʻxshab turar, qovusholmasdi. U ariq labiga borib toʻxtab qoldi.
— Keling, kelavering, — ichkaridan oʻrta boʻy, oriqroq bir ayol chiqib keldi. Uning orqasida haligi qizcha yovvoyi qarash qilib turardi.

Ayol Vazira bilan koʻrishdi. Keyin kiziga poʻpisa qilgan boʻldi.
— Opang-ku, nega koʻrishmay, indamay turibsan? Qachon aqling kiradi, qizim?
— Kel, Mavjuda, — dedi Vazira uni imlab, keyin sumkasidan bir plitka shokolad chiqarib uzatdi. — Ma, ol.

Mavjuda hamon oʻrnidan qimirlamasdi.
— Olsang-chi! — dedi onasi ham. Lekin u yugurganicha koʻchaga chiqib ketdi. Vazira shokoladni uzatganicha qolaverdi. Ayol ayvondagi stol ustini artib, uni oʻtirishga undadi. Vazira stulga omonatgina oʻtirar ekan, qoʻlidagi shokoladni stolning bir chetiga ohistagina qoʻydi. Ayol dasturxon yozish taraddudida edi.
— Ovora boʻlmang. Hech narsaning keragi yoʻq... Dadam hali qaytmadimi? — Vaziraning ovozi ichiga tushib ketganday gʻalati, past eshitildi oʻziga. Oʻz otasini, negadir bu joyda, dada, deb atashga jur’at etolmasdi. Ayol indamaygina yurib stol ustiga uni-buni qoʻygan boʻldi. Uzum chaygani ketayotganida Vazira oʻrnidan turdi.
— Men qila qolay.
— Yoʻq, yoʻq, oʻtiring. Siz mehmonsiz.

Ayol buni toʻgʻri ma’nodami yoki kesatib aytdimi, Vazira bilolmadi. Toʻy harakatida biron narsa undirishga kelgandir, deb oʻyladimikin? Dadasi shu kunni tayin qilgani uchun kelgan edi. Nima gapi, nima ishi bor. Vazira bilmaydi.

Darvozadan dambadam moʻralab turgan qizlar tapir-tupur qilishib yugurib ketishdi. Erkak kishining ovozi eshitildi. Mavjuda barvasta, koʻrkam, chakka sochlariga oq oralagan kishining qoʻliga osilib, erkalanib kirib keldi. Vazira oʻrnidan turib, uning istiqboliga yurdi.
— Assalomu alaykum.
— Kel, qizim.

Vazira toʻxtab qoldi. Koʻrishishga tortinib boshini egdi. Dadasi uning yelkasiga qoqib qoʻydi.
— Qalaysan? Oʻqishlarning durustmi?
— Rahmat. Oʻzingiz yaxshi yuribsizmi?
— Yuribman, qizim, yuribman. Qani, oʻtir, — dadasi yechinishga boʻlsa kerak, uyga kirib ketdi.

Choy ustida ham sira gap gapga qovushmadi. Mavjuda boʻlsa dadasining yonidan bir qadam jilmas, goh boʻyniga osilar, goh surkalar, Vaziradan ham nigohini uzmasdi.
— Ovqatinglar boʻlay dedimi? — soʻradi dadasi.
— Bekorchimasman-ku! Ishdan yaqinda keldim, endi urinaman.

Bu qoʻrs javob oraga yana jimlik tushirdi. Vazira oʻrnidan turdi.
— Men ketay boʻlmasa.

Dadasi indayolmadi. Koʻzlarini pirpiratib, gʻalati bir mahzun qarash bilan unga tikildi. Vazira ayol bilan xayrlashdi.
— Oʻtirmaysizmi?
— Rahmat, boray.
— Kelib turing.

Bu yaxshi soʻzlar hozir shu qadar sovuq, shu qadar qalbaki ediki, Vaziraning badanlarigacha muzlab qolayotganday tuyuldi. Dadasi uni kuzatish uchun koʻchaga

chiqdi. Mavjuda hamon uning bir qoʻliga osilib olgan, dadasi boʻlsa nimadir demoqchi, lekin aytolmasdi.
— Bor, stolda papirosim qolibdi, olib chiq! — dedi u. Mavjuda yugurgilab hovliga kirib ketdi. Shu payt dadasi choʻntagidan qogʻozga oʻroqliq allanarsani oldi-da, shoshib Vaziraga uzatdi.
— Ola qol. Mendan ikkalanglarga esdalik boʻlsin. Olmaslikni iloji yoʻq edi. Buning ustiga Mavjuda chiqib qolsa dadasining hijolat boʻlishidan andisha qilardi.
— Bekor ovora boʻlibsiz.
— Nega endi? Unday dema. Kaming boʻlsa ayt.
— Hech narsaning keragi yoʻq.
— Nega endi? Otangman axir.
— Rahmat, dada.

Vazira koʻziga kelgan yoshni kuch bilan qaytarib turardi. Hansiraganicha Mavjuda yetib keldi.
— Xayr, boʻlmasa.
— Xayr, qizim. Baxtli boʻlgin. Baxtli boʻlinglar.

Ota haliginday mahzun qarash bilan uni kuzatib qoldi. Endi Vaziraning koʻzida ana shu mahzun nigoh turib qolgan edi. Bu nigoh uning oromini buzar, yurak-bagʻrini ezar, dadasining yoniga qaytgisi, boʻynidan quchoqlagisi, unga yaxshi-yaxshi gaplarni aytgisi kelardi. Lekin qaytolmasdi. Dadasining tinchligini buzgisi kelmasmidi yoki haddi sigʻmasmidi, buni oʻz ham bilmasdi. Birdan qoʻlidagi qogʻozni esladi. Yoʻlidan toʻxtamay uni ochdi. Ikkita tilla nikoh uzugi yaraqlab ketdi. Ularning biri kattaroq, ikkinchisi kichikroq edi. U toʻxtab uzuklarga yana tikildi. Keyin negadir orqasiga oʻgirilib bir qaradi-da, ularni qogʻozga oʻrab sumkasiga soldi.

Mashina shaldiratib allanarsa tikayotgan onasi uning kelganini bilib:
— Vazira, dadangga choy damlab bergin, — dedi oʻrnidan qoʻzgʻalmay. Vazira javob bermadi. Uning ikkita otasi bor. Lekin na unisini, na bunisini astoydil, bagʻri bagʻridan, dada, deb chaqiroladi. Na unisiga, na bunisiga erkalik qiloladi.

Kunlar shu xilda oʻtib, toʻy kuni ham yetib keldi. Hovlida xotin-xalaj koʻp, qarindosh-urugʻlar hammasi yigʻilgan, Vazira ularning gaplariga loqaydlik bilan quloq solar, hayol parishonlik bilan goh gapini, goh qilayotgan ishini esidan chiqarib qoʻyardi. Ertalabdan yoniga kelgan yaqin dugonalari ham uning chehrasini ochisholmasdi.
— Kechqurun ham shunaqa tumshayib oʻtirasanmi? — dedi ulardan biri. Vazira zoʻraki iljayib qoʻydi. Uning koʻzidan otasining oʻsha kungi qiyofasi sira nari ketmasdi. Bugun toʻyligini biladi. Oʻylayotgandir. Lekin kelolmaydi bechora dadasi. Oʻsha kuni sekingina, huddi oʻgʻrinchadek oq yoʻl tiladi, fotiha berdi. Toʻyga kelgan ammasi ham qovushmay, chekka-chekkada yuribdi.

Kechqurunga borib qizlar Vazirani yasantirishdi. Qomatiga mos tikilgan uzun oq koʻylak unga juda yarashgan edi.
— Chiroyliligingni bilasanmi oʻzing? — dedi qizlardan biri hazillashib. Vazira yana kulib qoʻydi.

Oʻyin-kulgi bilan muzika sadolari ostida kuyov keldi. Oʻrtoqlarining orasida qizarib, oʻngʻaysizlanib turgan kuyovga Vaziraning koʻzi tushdi. Yana dadasini esladi. Ularni yonma-yon oʻtqazishdi. Qadahlar toʻldirildi, tabriklar, tilaklar boshlandi.
— Kuyov-kelinning baxti uchun! — deb qichqirdi kim-dir. Qadah jarangladi. Vazira entikdi. Koʻz yoshlari yuziga tushdi. U roʻmolini toʻgʻrilagan boʻlib yuzini pana qildi. Uning yuragi unsiz xitob qilardi:
— Bagʻri butunligi uchun, denglar odamlar! Farzandga ota-ona bagʻridek keng, tinch joy boʻlmaydi. Agar uni kemtik qilib qoʻysanglar, ostonasini tillo qilib bersanglar ham tatimaydi. Bu kemtikni toʻldirolmaysizlar. Bolalaringizga bagʻri butunlikni tilanglar, odamlar!

Vaziraning ahvolini sezdimi, kuyov asta unga engashdi.