OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiKechikish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechikish (hikoya)
Saida Zunnunova

Mana, bir oydirki, Xurshidbekning oromi yoʻq. Yursa ham, tursa ham onasining ma’yus, mehribon nigohi koʻzidan ketmaydi. Avvaliga ta’ziyaga kelgan odamlar bilan ovunib yurgan ekanmi, ularning oyogʻi tovsilgandan keyin koʻngilni ezadigan bir jimjitlik ichida qolgandek edi. Onasi bir tomondagi kichkina uychasida indamaygina oʻtirsa ham hovlilarining fayzi ekanligi endi bilinyapti.

Xurshidbek sekingina soʻlish olib, oʻsha uy tomonga qaradi. Derazasi ham, eshigi ham yopiq. Uyning hozirgi sokin, jimjit turishi ham onasiga oʻxshab ketdi.

Onasi hamisha oʻgʻlini ayab, andisha bilan yashadi. Hech qachon oʻziga e’tibor talab qilmadi. Hatto biron narsa olib bergin, deganini yoki pul-mul soʻraganini ham Xurshidbek eslayolmaydi. U faqat bir martagina oʻgʻlidan soʻradi. Oʻshanda ham tili bilan emas, dili bilan, koʻzlari bilan soʻradi. Lekin... Xurshidbekning nafasi qisildi. Xotiralardan qochmoqchidek oʻrnidan turib ketdi.

Hovlining oʻrtasidagi stol oldida oʻgʻli tikka turganicha tarvuz kosasini qoshiq bilan shilib qirib ichardi.
— Sekinroq! — dedi Xurshidbek unga ijirgʻanib qarab, — muncha xoʻrillatasan?!

Bola otasiga bir qarab qoʻydi-yu, ogʻzini qoʻllari bilan artib, devorga suyogʻlik velosipedi tomonga yurdi.
— Poʻchoqni kim oladi?!

Oʻgʻli yana boyagiday nigoh bilan unga qaradi, zarda aralash poʻchoqni olib borib axlat chelagiga tashladi-da, velosipedini yetaklab koʻchaga chiqib ketdi. Oshxonada jaz-biz qilib, sabzi-piyoz qovurayottan xotini ularning ovozini eshitdimi, boshini chiqarib bir qarab qoʻydi.

Yana hovli jimjit boʻlib qoldi. Dekabr yaqinlashib qolayotgan boʻlsa ham havo issiq, hali hech qanday yogʻingarchilik boʻlgani yoʻq edi. Yerga oxirgi xazonlar toʻki-lar, quyosh ham bota boshlagan, osmon tiniq, havo moʻ‘tadil boʻlsa-da, tabiatning oʻzida ham qandaydir dilni hayolga moyil qiladigan bir kayfiyat bor edi. Xurshid-bek yana onasining uyi tomonga qaradi.

Yozda Xurshidbek xotini bilan bir vaqtda otpuska oldi. Aylanib dam olib kelishni moʻljallab qoʻyishgan edi. Birdaniga hamshaharlaridan biri gap topib kelib qoldi. Belorussiya tomonga sayohatga borgan ekan. Oʻrmonda bir qabrni koʻrgan emish. Qarasa, familiyasi ham, ismi ham Xurshidbekning dadasiniki ekan. Oʻsha joyda yashayotganlardan surishtiribdi. Razvedkachining qabri, deyishibdi. Avval ustida kichkina taxtachaga yozib qoʻyilgan xati bor ekan. Keyincha oʻsha yer aholisi uni yaxshilab koʻtarib, ismi familiyasini marmar toshga yozdirib qoʻyishibdi. Xurshidbek rostdan ham dadasining razvedkachi boʻlganini eshitgan edi.

Bu xabar kutilmaganda xursandchilik olib keldi-yu, eski dardlarni qoʻzgʻab ham ketdi. Koʻnikkan asab va xotiralar qayta boshdan jonlandi. Ayniqsa, onasi juda oʻychan boʻlib qoldi. U nimadir demoqchi boʻlardi, lekin aytolmasdi. Oʻgʻli bilan kelini Issiqkoʻlga borish harakatida edilar. Bir kuni choy ichib oʻtirishganida Xurshidbek onasining ana shu ma’yus yuziga koʻzi tushib, oʻylanib qoldi.
— Oyi, biz ketsak, yolgʻiz zerikib qolmaysizmi?
— Qoʻni-qoʻshnilar bor, bolam. Nega zerikaman?
— Yo nevarangizni olib qolgingiz kelmayaptimi? Toʻgʻrisini aytavering.
— Nega endi? Shuncha vaqt bagʻrimda-ku. — Rostdan ham oʻgʻli hamisha buvisi bilan birga, darsini ham oʻsha uyda qilar, yotish-turishi ham oʻsha yoqda edi.
— Dadang musofir boʻlib yotgandir, deb oʻylayman, bolam, — dedi onasi bir nafasdan keyin. — Avval bilmas edim, choram yoʻq edi. Endi kuch-quvvatdan qolganimda xabarini eshitdim.

Oraga birdan jimjitlik tushdi. Onasi bu gal ham dilidagi istakni aytolmadi, oʻgʻli bilan kelinining yoʻlini toʻsishdan andisha qildi. Lekin koʻngli, dili oʻsha yoqqa talpinayotganini Xurshidbek sezib turardi. Yoʻlga hozirlanayotgan xotinini, otpuskalarining oʻtib ketib qolishini oʻyladi.
— Mayli, — dedi keyin onasiga taskin bermoqchi boʻlib, — yanagi yozga olib boramiz. Mana, keliningizning oʻzi bosh boʻlib olib boradi, toʻgʻrimi?

Televizor koʻrib oʻtirgan xotini bosh qimirlatdi. Keyin qaynonasini yupatmoqchi boʻldi shekilli:
— Musofir boʻlib yotibdi demang, oyi. Odamlar qarab turishgan boʻlsa, tekislab yoʻqotib yuborishmabdi-ku axir!
— Baraka topishsin, — dedi kampir shivirlab.
— Boʻldi, boʻldi, yanagi otpuskada borganimiz boʻlsin! — bu qatiy qaror bilan Xurshidbek onasini xursand qilmoqchi edi. Lekin kampir indamadi, gʻalati bir kulimsirab qoʻydi, xolos. Uning shunaqa odati bor edi. Hech kimga gapqaytarmas, biron narsadan norozi boʻlganda ham bir xoʻrsinib indamay qoʻya qolardi. Bu gal ham shunday qildi. Balki hech kimga muhtoj boʻlmagan yoshlik paytlarini eslagandir. Balki oʻzining kundan-kun kuchdan qolayotganini, yanagi yozga bor-yoʻqligini oʻylagandir. Balki, hayotda muqaddas, kechiktirmay tavof qiladigan narsalar borligini tushunmagan ikkita nodonning ustidan kulgandir.

Har qalay, u nevarasi bilan mungʻayib darvoza kesakisiga suyanganicha qoldi-yu, Xurshidbek xotinini olib Issiqkoʻlga ketdi.

Xurshidbek yana boʻgʻilgandek boʻldi. Xotini oshxonadan chiqib, oʻradan turp olib kirib ketdi. Eriga gʻalati bir qarash qilib qoʻydi. Yuragi siqilib turgan boʻlsa ham Xurshidbek buni sezdi. Ishdan kelganidan beri salanglab hovlida yurganiga balki xotinining gʻashi kelgandir. Uning biron ishga qoʻl urgisi ham kelmas, biron kimsa bilan gapirishgisi ham yoʻq edi.

Oʻgʻli chelakka tashlab ketgan tarvuz kosasining poʻchogʻini musichalar choʻqir, Xurshidbekning loqayd, befarq kayfiyatini bilganday undan hayiqishmas, dam-ba-dam boshlarini koʻtarib unga qarab qoʻyardilar, xolos. Onasi, qishi bilan musichalarni boqib chiqardi. Qor yogʻib don topish qiyin boʻlib qolganida qora-qurt musichalar shumshayishib shu hovliga yigʻilishardi. Kampir nonlarning uvogʻi bormi, qolgan-qutgan ovqat bormi, ularga toʻqib berar, ular ham hech bir choʻchimay onasi-ning oyoqlari tagida yurishaverardi.

Xurshidbekning nazarida musichalar ham oʻziga oʻxshab yetim boʻlib qolgandek edi. U shu tobda musichalarga don bergisi kelib ketdi. Uyga kirib, idishlarni qaradi. Qolgan ovqat topolmadi shekilli, yarim piyola guruch olib chiqib, tarvuz poʻchogʻi yoniga sochdi. Uning niyatidan bexabar musichalar qoʻrqib uchib ketishdi. Oshxonadan chiqqan xotinining koʻzi yerda sochilib yotgan guruchlarga tushdi.
— Esingiz joyidami oʻzi? Guruch bilan boqib boʻlarkanmi! Yoʻlga sepganingizni qarang-a, — u shunday dedi-yu, jahl bilan supurgi olib kelib, guruchlarni bir chetga supurib toʻplab qoʻydi. Xurshidbek xoʻrsinib nari ketdi. Uning ich-etini yeb yotgan armonni faqat oʻzi bilardi. Onasi shu bittagina oʻgʻlini deb umrini oʻtkazganini, qaysi hasratda boqqanini ham faqat oʻzi biladi. Qanday unutadi-yu, qanday koʻnikadi endi. Bir xil toshbagʻir odamlar boʻladi. Ular uchun hamma narsa oson, unutish ham, sevish ham, ajralish ham. Ular koʻp qalblarni yara qiladilar-u, oʻzlari beshikast qolaveradilar. Ota-onadan ajralish, ularning yoʻqligiga koʻnikish oson ekanmi? Ayniqsa, yuragingni armon tirnab yotganda. Qani endi, hozir tirik boʻlsa poezdda emas, boshiga koʻtarib piyoda olib borishga ham rozi boʻlardi. Oʻz oromini oʻyladi-yu, lekin onasining bunaqa pishib qolganini xayoliga keltirmadi. Boʻlmasa juda ham qarigan emas edi. Oltmish beshga kirgan edi. Sakson-toʻqsonga kirib yurganlar ham bor-ku. Biroq onasi tekis hayot kechirmadi. Kelinchakligida tul qoldi. Ota diydorini koʻrmagan farzandining ustida balki kechalari yum-yum yigʻlab chiqqandir. Qaynonasi, qaynotasini koʻmdi. Bitta qaynisinglisi janjal qilib hovlining yarimini boʻlib olib, birovga sotib yubordi. Oʻrtaga devor urildi. Bir parcha hovli bilan yarmi sotilgan uyda qolishdi. Qizining bebaxtligidan xafa boʻlib ketgan buvisi ham bevaqt olamdan oʻtdi. Yagona tasalli beradigan kishisidan ham ajralgan ona butun mehri, butun umidini Xurshidbekka tikdi. Avvallari artelda, keyinchalik fabrikada ishladi. Oʻgʻlini yaxshi kiyintirdi, yaxshi yedirdi. Lekin charchab, ishdan bir ahvolda qaytganini Xurshid necha martalab koʻrgan, yana oʻsha charchogʻlik bilan mashina gʻildiratib ish tikkanlarida uning biqinida allamahalgacha uxlamay oʻtirardi. Ugʻlining boʻyi choʻzilgan sayin onaning quvonchi ortgandek, qaddi tiklanayotgandek boʻlardi. Bu quvonchni ham Xurshidbek uning koʻzlaridan sezib turardi. Balki koʻrmagan baxti, topmagan huzurlarini ana shu oʻgʻilchasidan dilida kutib, umid qilib yashagandir. Lekin oʻgʻli nima qildi? Uzining hozirgi holatini yengillatadigan, yuragiga yorugʻlik tushiradigan biron xatti-harakatini eslay olmasdan dogʻda edi u.

Institutni bitirdi. Uylandi, joy qildi. Onasi yiqqan-terganini sarfladi, oʻgʻlinikini asradi. Usta boqdi. Keyincha uy yumushi, nevaralariga qarash bilan umrini oʻtkazdi. Falonchining onasi falon narsani kiyibdi, menga ham olib ber, degani yoʻq. Falon yoshga kirganimga toʻy qilib ber, degani yoʻq. Tagʻin qaytaga pensiya pulini ham shularga sarflardi. Oʻylab qarasa, u bir shamdek yonib yashabdi.

Xurshidbek Issiqkoʻldan qaytib kelganda onasining rangi koʻziga gʻalatiroq koʻrindi. Otasining bir marta unutilgan dardi qayta paydo boʻlganida keksa qalbi koʻtarolmadimikan? Oʻtgan umrining koʻchalariga xotiralar, balki, hadeb boshlab ketavergandir, oʻy oʻylab oʻzini oʻzi yegandir. Balki oʻrmonda jimjitgina turgan qabr ustiga dod-faryod bilan hayolan necha marta borib kelgandir.

U sogʻligidan shikoyat qilmadi-yu, birdaniga yotib qoldi. Hammani armonda qoldirib toʻsatdan bir kechada olamdan oʻtdi-qoʻydi. Xurshidbek bunaqa boʻlishini sira oʻylamagan edi. Boʻlmasa, hamma narsadan kechib, har qanday sharoitda boʻlsa ham onasini otasining qabriga olib bormasmidi. Ona bechora yuragida yigʻilib yotgan hasratlarini oʻsha tuproqqa unsizgina toʻkib kelsa, balki yengil tortarmidi. Uning bittagina soʻrovini, bittagina istagini rad qildi-ya! Qanday ona edi, qanaqa ona edi-ya! Oʻlib ham unga ogʻirini solmadi. Hamma narsani tayyorlab taxt qilib qoʻygan ekan. Hech narsasi yoʻq boʻlsa-yu, Xurshidbek qarzga botib koʻmganda ham sal armondan chiqarmidi. Bu gal ham oʻgʻlini ayadi ona, unga ogʻirini solmadi.

Xurshidbek ingrab yubordi. Xotini ovqat tayyor boʻlganini aytdi. Velosipedini shaldiratib oʻgʻli koʻchadan kirdi. Guruch atrofiga yigʻilgan musichalar uning shovqinidan choʻchib, uchib ketishdi. Ichkaridan xotinining ovozi eshitildi.

— Kiring endi, ovqat soviydi! — keyin chiqib ayvon chirogʻini buradi. Xurshidbek shundagina kun botib gʻira-shira boʻlib qolganini sezdi. Uning nigohi yana bir chetdagi uyga tushdi. Xona ichi qorongʻi, jimjit, gʻalati bir sukut bilan huddi dardini ichiga yutib turgan jonli vujudday tuyuldi unga. Asta borib, uy eshigini ochdi-yu, chirogʻini yoqdi.