OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Saida Zunnunova. Oʻkinch (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiOʻkinch (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻkinch (hikoya)
Saida Zunnunova

Darvoza qiya ochiq edi. Ravondagi elektr nuri hovli sahnini gʻira-shira yoritib turar, uylar qop-qorongʻi. Malik ichkariga kirishga shoshmadi. Osmonda miltilla-gan yulduzlarga tikilgancha ogʻzidagi papirosni chuqur tortdi. Atrof jimjit. Hazonlarning shabadadan shitirlashi-yu chala berkitilgan vodoprovod joʻmragidan oqayotgan suvning jildirashidan boshqa hech narsa eshitilmasdi. Hovli toʻridagi kichkina uy derazasidan ozgina joyga yorugʻ tushib turardi. Malik koʻzlarini pirpiratgancha, dam-badam oʻsha tomonga qarab qoʻyar, qariganida yolgʻiz qolgan onasining mungli koʻzlariga qarashdan dili qiynalar, uning oldida koʻpincha jim oʻtirishdan boshqa chorasi yoʻq edi. Qoʻshni hovlida kimdir eshikni taraqlatib yopdi. Tepasidagi olma shoxida musicha bir patirlab tindi. Malik bargi siyraklashib qolgan shoxda qorayib turgan inga qarab qoʻyib, vodoprovod oldiga bordi. Jildirab turgan suvda qoʻllarini yuvib, joʻmrakni mahkamlab qoʻydi. Suv ovozi tinib, atrofga badtar jimlik choʻkdi. Malik ikkita barmogʻini choʻntagiga suqib, roʻmolchasini olayotganida, bolaning kulganiga oʻxshagan ovoz eshitildi. U sergaklanib onasining uyi tomon qaradi. Keyin shoshib borib derazadan moʻraladi. Polga keng qilib toʻshalgan oʻrinda sakkiz yoshlar chamasidagi bola tomogʻigacha koʻrpaga burkanib yotar, baland yostiqqa bir tirsagi bilan suyanib yonboshlab yotgan kampir allanarsalarni gapirar, boʻsh qoʻli bilan bolaning qop-qora sochlarini dam-badam silab qoʻyar edi.

Malik eshikni ochdi. Bola qaradi-yu, sakrab oʻrnidan turdi. Chopib kelib Malikning boʻyniga osildi.
— Dada!

Malik uni quchoqlagancha koʻzlarini yumib bir nafas turib qoldi. Keyin oʻgʻlining yalangʻoch bilaklarini silab, yuzlaridan oʻpdi.
— Shamollaysan. Koʻrpaga kira qol.

Bola koʻrpaga oʻralgach, dadasiga iljayib qarab qoʻydi. Ularni jimgina kuzatib turgan onaning dili shu damda tilka-pora boʻlgan, lekin u gapirolmas, gapirsa, oʻgʻlining shundoq ham achishib turgan yarasiga tuz sepishini bilardi.
— Muncha kech qolding?
— Qoʻyishmadi. Telefon qilgan edim.

Malik kechki payt xotiniga telefon qilib, dissertatsiya yoqlagan bir oʻrtogʻinikiga borishini aytgan edi. Hozir boʻlsa, xotinini soʻramadi. Chunki oʻgʻli kelgan kuni u albatta ketib qolardi. Malik oʻziga tikilib yotgan oʻgʻliga qarab kulib qoʻydi.
— Qachon kelding?
— Hali. Ayam buvingni koʻrib kel, deb yubordi. Malikning yuragi allanechuk boʻlib ketdi. Ha, buvisi uchun yuborgan. Dadangni koʻrib kel, demagandir. Malik devorga tirab qoʻyilgan xontaxta yonidagi kichkina past stulchaga oʻtirdi. Xontaxta ustida novvot, mayiz bilan yangi yopilgan nonning shirin hidi dasturxonga oʻrogʻliq boʻlsa ham gurkirab turardi. Ona buni darrov payqadi.
— Yegin. Yepgan nonni yaxshi koʻrarding.

Malik sekingina xoʻrsinib qoʻydi. Qaysi yuzi bilan u yopgan nonni yeydi.
— Buvi, undan keyin nima boʻldi?
— Boʻldi endi, uxla.
— Jon buvi, aytib bera qoling. Poshshoning xotini ketib qoldimi-a?
— Ha, poshshoning, menga tegmasang bu davlatlar qayoqda edi senga, degan gapi unga juda ogʻir botibdi. Bitta oyna bilan tarogʻini choʻntagiga solibdi-yu, uyidan indamay chiqib ketibdi. Yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Bir oʻtinchi uchrabdi...

Malikning yuragi qisildi. Havo yetishmayotgandek boʻgʻilib hovliga chikdi. U kichkinaligida onasidan bu ertakni eshitgan, koʻp marta eshitgan edi. Lekin ma’nosiga endi tushunyapti. U uyiga ham kirgisi kelmas, shu ahvolda onasining qarshisida oʻtirishga ham bardosh berolmas edi. Bu ertakning davomini eshitishga unda yurak yoʻq. Qachonlardir, kimlardir toʻqigan bu ertak Malik bilan Muyassarning hayotlariga juda-juda oʻxshab ketardi. Poshshoning xotini uning gapini koʻtarolmay, oʻtinchiga tegadi. Tejamliligi, aqli, halolligi bilan oʻtin-chini shunchalik boy qilib yuboradiki, poshshoning davlati oʻtinchining davlati oldida hech gap boʻlmay qoladi.

Sodda, yuvosh Muyassarning yuragida qanchalar kuch borligini Malik keyinroq bildi. Xotiralar changalida Malikning yuragi faryod chekar, faqat uning ovozi hech kimga eshitilmas edi. U hovlida qancha yurganini bilmadi. Haligacha ochiq turgan darvozani berkitish uchun koʻcha tomon yurdi. Darvozani berkitdi-yu, yana turib qoldi.

Muyassar har kuni shu koʻchadan oʻtardi. Malik uning orqasida toʻlqin urgan sochlariga, kamzul siqib turgan xipcha beliga qarab qolardi. Muyassar atrofga qaramas, qora sumkasini koʻtarganicha yengil va sharpasiz qadamlar bilan bir zumda oʻtib ketardi. Uning boshida koʻpincha shaftoli guli rangida roʻmoli boʻlar, roʻmol unga juda yarashar, yigitning suq nazarini sezganidanmi, yuzlari ham xuddi shu rangga oʻxshab ketardi. U vaqtlarda Malik student edi. Oʻqishga ketayotganda koʻpincha qizga toʻqnash kelar, keyincha uning oʻtadigan paytini poylab turar, u bilan izma-iz yoʻlga tushardi. Sekin-sekin ular salomlashadigan boʻlishdi. Keyincha qizning toʻqimachilik kombinatida toʻquvchi ekanligini Malik bilib oldi. Uni bir koʻrmasa, oromi buziladigan boʻlib qoldi. Qiz nihoyatda kamgap, uyatchan edi. Malikni koʻrganda, qizarib yerga qarar, doim koʻzini olib qochardi. Ana shu ahvolda ikki yil oʻtdi. Malik institutning oxirgi kursiga koʻchdi. Muyassar oʻn toʻqqiz yoshdan yigirmaga qadam qoʻydi. Malikning gaplariga u uyalibgina javob berar, nuqul ayamlar biladilar deb, oʻzi uzil-kesil bir nima demasdi.

U paytlarda Malik onasi bilan oʻsha kichkina uychada yashar, hozirgi uylari oʻrnida omonatgina qurilib, bir amallab qora suvokdan chiqarilgan ikkita xona boʻlib, hali u odam yashaydigan darajada emas edi. Uning gʻishtlarini Malikning oʻzi quygan, togʻasi ancha-muncha qarashib, shunchalik holga keltirishgandi. Opasidan xotirjam boʻlish uchun togʻa Malikni uylantirib qoʻyish harakatiga tushib qoldi. Onasi Muyassarlarnikiga sovchi boʻlib bordi. Muyassarning dadasi oʻqituvchi ekan. Qiz ularning bosh bolalari boʻlib, undan keyin ikki ukasi va ikki singlisi bor edi. Ularning biri student, qolganlari maktabda oʻqirdilar. Ular sovchilarni juda yaxshi kutib olishdi. Oradan uch-toʻrt kun oʻtgandan keyin Muyassarning dadasi undan-bundan surishtirdimi, rozilik berisha qoldi. Togʻa zudlik bilan uylariga eshik, rom oʻrnattirib oqlatdi, elektr oʻtkaztirdi. Muyassarning ota-onasi kuyov tomonni nihoyatda ayashar, mumkin qadar kam xarj bilan bitkazishga, ularni qiynamaslikka harakat qilishardi.

Ikki tomon topgan-tutganini oʻrtaga tashlab, bir kunda toʻyni oʻtkazishdi.

Muyassar bilan birga bu jimjit hovliga fayz kirganday, hamma yoq yaraqlab, yorishib kettanday boʻldi. Togʻa ham, kampir ham xursand. Malikning esa baxti yeru koʻkka sigʻmagunday edi. Muyassar ham baxtiyor edi. U tinib-tinchimas, hovliga gullar ekar, allanarsalar tikar, shu uy, shu hovlini koʻrkamroq, chiroyliroq qilish uchun ovora edi. Ishdan qaytshda bozorga kirib, uni-buni.olib kelar, roʻzgʻorini mumkin qadar but tutishga urinardi.

Malik oʻqishni tugatdi. U yaxshi oʻqirdi. Muyassar uni aspiranturada qolishga kistadi.
— Ishlamasam, sizga jabr boʻlib ketadi. Roʻzgʻorlik odamga stipendiya nima ham boʻlardi, — dedi Malik.
— Bir amallarmiz. Koʻp boʻlmasa, ozroq yermiz. Keyin ishdan uzilib yana oʻqishga kirishingiz qiyin boʻladi, — dedi. Keyin kulib, qizarib qoʻshib qoʻydi: — Hozir kam jon paytimizda oʻqib qolsangiz-chi.

Malik aspiranturada qoldi. Muyassar yetishmovchilikdan, kiyim-kechagidan hech kachon nolimadi. Moyanasidan jamgʻarib, erining dissertatsiya himoya qilishiga ni-yat qilib, ozroq pul ham yigʻib qoʻygan ekan. Ziyofatni ham chiroylikkina qilib oʻtkazishdi. Malik xotinidan minnatdor, xursand edi. Ishga tushishi bilan xotiniga yaxshi sovgʻalar olib kelishni xayol qilardi. Lekin Muyassar boshqa bir harakat boshladi:
— Uy oldiga yana bitta uy qoʻshsak, bu yogʻiga kichikroq ravon qilsak. Sekin-sekin, yigʻib-terib. Hozir kuchimiz bor, yoshmiz. Roʻzgʻorni bittamiz eplasak, bittamizning topganimiz bilan asta-sekin koʻtarib olamiz.

Ana shunday qilib imoratga imorat qoʻshildi. Dam olish kunlari Muyassarning ukalari ham hasharga kelar, Muyassar tuproqqa belanib ular bilan teng ishlashardi. Uylari bitay deganda Maqsud tugʻildi.

Malik oʻzi oʻqigan institutda dars berardi. Sochini baland qilib turmaklagan, eng soʻnggi modada kiyingan qizlar yonidan qarsillab oʻtib turar, uning lektsiyalariga mahliyo boʻlib, termilib oʻtirishardi. U ba’zan ular bilan xotinini taqqoslaydigan, mehmon-izmonga uni olib yurishdan tortinadigan boʻlib qoldi. Muyassar chiroylikkina kiyinib yursa ham modalarga parvo qilmas, tirnoq boʻyamas, umuman, sartaroshxonaga kirgan emasdi.

Koʻchadan guvillab mashina oʻtdi. Kechaning jimjitligida uning ovozi hamma yoqni larzaga solganday tuyulib ketdi. Malik sovuq yeganini, hamma yogʻi muzlab qol-ganini shundagina sezdi. Zinadan asta ravonga chiqib uyga kirdi. Elektrni buradi. Uy sovuq bir sukut bilan uning koʻksidan itarganday edi. Bufetni ochib, yarimla-gan konyakni piyolaga toʻldirib quydi-da, tikka turganicha shimirdi. Hozirgina bagʻriga bosgan oʻgʻlining nafasi, boʻynidan quchoqlagan yumshoq jajji qoʻllari uning bir vaqtdagi tinch, osuda, baxtli damlarini eslatgan edi.

Lekin Malik oʻzining baxtiyorligini tezda unutdi. U sevgidan ajralib, shunchaki havas yoʻliga kirayotganini payqamay qoldi. Uyiga kelsa xotini uning hech qanaqa gaplariga tushunmaydigandek tuyular, gung boʻlib olar, ovqat ustida ham, choy ustida ham gazeta oʻqib indamay oʻtirardi. Muyassar ham bezidi. Koʻpincha qaynonasining yoniga borib oʻtiradigan boʻldi. Malik buni sezar, ba’zan unga rahmi ham kelar, institutda boʻlgan biron voqeani gapirib beray deb turib, e, bu tushunarmidi, deb toʻxtab qolardi. Bir kuni u uyiga kayfiyati ancha baland keldi. Oʻgʻliga allanarsa tikib oʻtirgan Muyassarga qarab:
— Meni kafedraga mudir qilishdi, — dedi. Muyassar xursand boʻlganday jilmaydi. Lekin shu zahotiyoq Malik:
— Hech narsa tushunmading. Kafedrani bilarmiding sen? — dedi. Muyassarning yuzi bir nafasda boshqa tusga kirdi. Nina tutgan qoʻllari boʻshashib titradi. Lekin eriga javob qaytarmadi. Oʻzini xotirjam tutishga urindi. Shundan keyin u gapirsa ham, yumush qilsa ham, ovqat olib kelsa ham Malikning yuziga qaramadi.

Oradan uch-toʻrt kun oʻtdi. Malik ishdan kelsa, stol ustida xat yotibdi. Hech narsa oʻylamay qoʻliga oldi.

«Koʻngilga darz tushsa qiyin boʻlar ekan. Oʻzingizga munosib odamni toparsiz». Xat Muyassarning qoʻli bilan yozilgan, lekin kimga va kimdanligi ham aytilmagan edi. Malik birdan qiziq ahvolga tushib qoldi. Axir nima qilsa ham oʻn yil birga yashadi. Oʻgʻli-chi? Oʻgʻli nima boʻladi?
— Oyi, — deb qichqirdi u ravondan turib, — keliningiz hech narsa demadimi?

Onasi biron koʻngilsizlikni fahmlaganday, tashvishli nazar bilan uning yoniga keldi.
— Nima qildi? Menga hech narsa demadi. Lekin nimagadir meni oʻpib quchoqlab, kechiring meni, deb chiqib ketdi. Hayron boʻlib qoldim.
— Ketibdi, Butunlay.
— Nima?! — kampir shoshib uyga kirdi. — Qanaqasiga ketadi, hamma narsasi turibdi-ku!

Haqiqatdan uy boyagidek saranjom-sarishta, hamma narsa oʻrni-oʻrnida, hatto tuvakdagi gullarga suv ham quyilgandi. Malik shifonerni ochdi.
— Kiyimlari yoʻq. Maqsudniki ham.
— Oʻzi boshqacha boʻlib qoluvdi. Sen nodon xafa qilding shekilli. Men sezardim. Gap aylantirsam, indamasdi. Olim boʻldim, deb havolanib ketding, bolam. U juda mehnatkash juvon. Bunaqa odam oʻzini birovga xor qildirib qoʻymaydi. Olim boʻlsang ham shuni tushunmading. Meni ham gʻaflat bosibdi. Oʻzlari til topib qolishar, deb oʻylabman. Bor, oʻrnini sovutmay, darrov qaytarib kel.

Lekin Malik bormadi. Endi qizlar ichida boʻydoq va ozod yurish unga qanot bagʻishlaganday, ruhini koʻtarib yuborganday edi. Oʻzi lektsiya oʻqirkan, koʻzi qizlarni bir-bir kuzatib chiqar, oʻzining ulardan yoshi ancha kattaligini oʻylab, dilida afsus chekardi. Oradan bir yilcha vaqt oʻtdi. Ona bechora gapirib charchadi. Oʻgʻli indamay turib olgani uchun oʻzicha bir ish qilolmadi ham. Bu gaplardan xabar topgan togʻasi ham jahl qilib ularnikiga kelmay qoʻydi. Muyassardan esa darak boʻlmadi. Bir kuni Malik uni uchratib qoldi. Qish, yaxshigina qor yoqqan edi. Tramvay bekatida Muyassar boʻyi baland, oddiygina kiyingan bir odam bilan turardi. Muyassarning bir qoʻlida sumka, bir qoʻlida yangi supurgi. Yigit chana qoʻltiqlab olgan, ikkinchi qoʻlida yana nimadir bor. Ular gaplashib turishardi. Aftidan, ikkalalari xursand edi. Muyassar tramvayda oʻtirgan Malikni koʻrmadi. Oʻshanda Malikning yuragi gursillab urib ketdi. Xotinining begona erkak bilan turganidan gʻashi kelganday boʻldi. Lekin bu his bir nafasda oʻtib ketdi. Yana boyagidek sovuqqon boʻldi-qoldi.

Malik keyingi xotini Hamidaga uylangan kezlarida hali oʻzining yoʻqottan baxtini tasavvur qilolmas, bu xotini hammasining oʻrnini toʻldiradigandek tuyulgan edi. Muyassarni sevib olganini unutgani kabi Hamidaga shunchaki havas uchun uylangani haqida ham oʻylamasdi. Lekin bu haqiqatni anglash uchun koʻp vaqt kerak boʻlmadi. Hamidaning har bir qiligʻi Muyassarni eslatar, Malik beixtiyor uni oʻylab qolganini oʻzi sezmay qolardi.

Hamida ancha-muncha yuk bilan keldi. Devordagi gilamni yerga soldi. Oʻzi olib kelganini devorga osdi. Bir kun Malik uyga kelsa, shifoner bilan bufet yoʻq. Xotini komission magazinga toshpirib yuboribdi. Eridan soʻramabdi ham.
— Nega unday qildingiz? — dedi Malik.
— Eski roʻzgʻoringizdan biron narsa qolishini istamayman. — Keyin kulib Malikka suykaldi. — Xafa boʻldingizmi? Xotiningizni koʻrganday boʻlib yuruvdingizmi? Ana, men olib kelganim boʻladi-da.

Chindan ham yarim yil oʻtar-oʻtmas avvalgi roʻzgʻoridan hech narsa qolmadi.

Hamida qaynonasi bilan ishi yoʻq, yuvoshgina bu kampirning oldiga bir kosa ovqatni doʻqillatib qoʻyib kelish bilan butun vazifasini bajarganday boʻlardi. Ammo, oʻz ota-onasini tez-tez yoʻqlab turar, eriga buyurib, ular uchun har narsalar oldirib kelardi. Bir kuni ishga ketayottan Malikning qoʻliga ikkita xalta tutqaz-di.
— Yaxshi goʻsht olib keling. Magazindan emas, qoʻlda soʻyilganidan oling. Biznikilar magazin goʻshtini yeyishmaydi. Somsa qilaman. Ukamning tugʻilgan kuni. Kechqurun borib kelamiz.

Hushi uchgan Malik ishxonasiga yetguncha oʻziga kelmadi. Muyassar oʻz urugʻlari uchun Malikdan hech qachon hech narsa talab qilmas, umuman, bu haqda gapirmas edi. Bir kuni dadasi kasal yotganda Malik uni koʻrib kelmoqchi boʻldi. Erining shundoq chiqib ketganini koʻrgan Moʻyassar uni toʻxtatdi. Oʻzi magazinga chiqib bir shoda teshik kulcha olib keldi. Uni Malikka tutqazar ekan, gʻalati kulib:
— Bir soʻmga oldim. Quruq borgandan koʻra... — dedi.

Malik indamay oldi-da, salanglatib koʻtarib chiqib ketdi. Kechqurun bitta togʻorada osh koʻtarib qaytib keldi. Endi bularning hammasini bir-bir eslarkan, yuragi andisha oʻtida qovrilar, hijolatdan yuzi yonardi. Hamidaning ukasi uylanganida esa, Malik bilan Muyassar olgan gilamni sovgʻaga olib borishdi.
— Katta institutning domlasisiz. Men opa, siz pochcha. Durustroq narsa qilmasak uyat boʻladi. Oʻzimning gilamimni olib boray desam, tanishadi, olishmaydi. Shuni olib bora qolaylik. Keyin yaxshisini olarmiz, — dedi. Hullasi, uni eriga koʻtartirib tantana bilan toʻyxonaga kirib bordi. Oʻshanda ham Malik Muyassarni eslagan edi. Qiziq, Muyassarning ham ukasi uylangan, singlisi uzatilgan edi. Hech narsa qilishmagandi. Faqat bir martagina Muyassar tortinibgina:
— Moyanamdan ozrogʻini ishlatdim, — degani esida. Uning ota-onalari ham hech qachon Malikning qoʻliga qaramas, muomalalari hamisha bir xil edi.

Hamida qiz tugʻdi. Kampir boʻlsa Maqsudni sogʻinib dam-badam koʻz yoshi qilib olardi. Malik odam yuborib, oʻgʻlini oldirib keldi. Oʻsha kuni uyida qiyomat boʻldi. Hamida arazlab onasinikiga ketib qoddi. Shu-shu qachon Maqsud kelsa, u chiqib ketardi. Mana bugun ham ketib qolibdi. Shu murgʻak goʻdakda nima gunoh? Hamma narsaga aqli yetgandan keyin oʻziyoq otasini eslamay koʻysa kerak. Malikning yuragini gʻijimlagan dard sira boʻshashmas, xotiralar changalida battar qisilardi. U Muyassarni yana bir marta koʻrdi. Oʻsha kishi bilan magazin yonida mashinaga shifoner yuklashayottanda koʻrdi. Nazarida Muyassar yasharib kettanday edi.

Malik onasining uyini taraqlatib ochib kirganda kampir qoʻrqib ketdi.
— Nima boʻldi? Nima qilib yuribsan shu mahadda?
— Maqsudni bering, bering, men bilan yotsin. Malik onasining javobini kutmasdanoq oʻgʻliga yopishdi. Uni mahkam quchoqlab, choponining bariga oʻrab koʻtarganicha olib chiqib ketdi.
— Shamollatasan, oʻra ustini! — kampir depsalanib oʻgʻlining ketidan chiqdi.

Hovli oydin edi. Yoʻl ustida oppoq boʻlib allanarsalar sochilib yotardi. Kampir hayron boʻldi. Koʻzlarini qisib tikildi. Keyin choʻnqayib qoʻllari bilan paypasladi. Chekib tashlangan papiros qoldiqlari ekanini bilib, sekin oʻrnidan turdi-da, oʻgʻlining uyi tomonga asta qarab qoldi. Keyin xoʻrsinganicha boshini egib, orqasiga qaytdi.