OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiOʻshanda ham kuz edi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻshanda ham kuz edi (hikoya)
Saida Zunnunova

Nizom institutdan qaytganda oyisi ichkari uyda kim bilandir gangur-gungur gaplashib oʻtirardi. Ona uning sharpasini darrov sezdi. Suhbatini toʻxtatib, odatdagidek yengil, sharpasiz qadamlar bilan uning yoniga keldi.
— Keldingmi, bolam?
— Him, yaxshi oʻtiribsizmi?
— Shukur. Mehmon bor.
— Kim?
— Lutfi opoqing.
— A?! — Nizom endigina yechgan kostyumini negadir qaytadan kiydi, — nega? Nega kiritdingiz?
— Jim. Uyat boʻladi. Qarindoshlarinikiga kelgan ekan, koʻchada koʻrishib qoldik. Oʻzim olib kirdim uyga. Soʻrashib qoʻy..

Nizomning rangi oqarib ketgan edi. Bahri xola jonsiz, qaltiragan qoʻllari bilan uning yelkasidan silab, sekin shivirladi:
— Jon bolam, gina saqlashni oʻrganma. Hammasi oʻtib ketdi. Uyigacha kirgan odamga qattiq gapirish, soʻrashmaslik odobdan emas. Meni hijolatga qoʻyma.

Bahri xolaning muloyim, mehribon koʻzlari oʻgʻliga yolborib qarar, Nizomning yuragida qancha alam, gʻazab yotgan boʻlsada, bu koʻzlarga qarshi bir nima deyolmasdi. Bahri xola mehmon huzuriga kirib ketdi.
— Nizomjon ekan. Oʻqishdan keldi. Bu yil oxirgi kurs. Kiraver, bolam, opoqing boʻylaringni bir koʻrib qoʻysin.

Ostonada Nizom paydo boʻldi. Mehmonning lablari pirpiradi. Nizomning avzoyiga qarab, kulishini ham, soʻrashishini ham bilmay, oxiri burni tagidagi ikki dona tishini koʻrsatib iljaydi, oʻrnidan turdi.
— Omonmisan, Nizomjon?
— Keling. Yana nimaga...
— Bolam! — Nizom sakrab oʻrnidan turgan onasining koʻzlariga bir qaradi-yu, shaxt oʻgirilib chiqib ketdi. U toʻxtamadi, orqasiga ham qaramadi. Uylaridan ancha

olislab ketganini ham bilmay qoldi. Nimagadir chekkisi keldi. Yoʻl chetidagi budkadan bir dona sigaret olib, hiyobonning bir chetidagi boʻsh skameykaga borib oʻtirdi. Hozir uning koʻngli boʻm-boʻsh, huddi mana shu sokin, kuzgi hiyobonga oʻxshab qolgandi. Sigaret olibdi-yu, gugurti yoʻq. Sigaret donasini barmoqlari bilan ezgʻilab, atrofga alangladi. Oʻtib ketayotgan bir yigitdan tutashtirib oldida, qattiq soʻrdi. Burni, ogʻzidan buralib chiqqan achchiq tutun hushini oʻziga keltirganday bir oz yengillashdimi, sekingina entikib qoʻydi. Uning koʻziga yana burni tagidagi ikkita tishini koʻrsatib iljaygan bashara koʻrinib ketdi. Uning bagʻri butunligini shafqatsizlik bilan tortib olgan bu ayolni koʻrishga Ni-zomning toqati yoʻq edi. Hozirku aqli-hushi bor, kap-katta yigit. U vaqtlarda goʻdak edi. Na ota-onaning hidiga, na ularning bagʻrida erkalanishga toʻygan edi. Ana shu bagʻri tosh ayol, ma’sumgina bir goʻdakning erkalikka, erkalanishga boʻlgan haddiga birinchi boʻlib tirnoq botirgan, chang solgan edi. Bahri xola juda yuvosh, birovdan ozor koʻrsa ham ozor bermaydiganlardan. Nizomni ham shunaqa tarbiyalashga harakat qilardi. Oʻsha paytlarda qancha qiynalsa ham Lutfixonga bir ogʻiz qattiq gapirmagandi. Mana, hozir ham uyiga olib kirib mehmon qilib oʻtiribdi.

Oʻsha paytlarda ular bir mahallada yashashardi, Lutfixonning Sodiq degan oʻgʻli bilan Nizom oʻrtoq edi. Sodiqlarning hovlisi ancha katta boʻlgani uchun sabzi, po-midor ekishar, sigir boqishardi. Onasi, birovning qoʻlidan ishini olgin, mehnatdan qochma, erinma, deb koʻp nasihat qilgani uchun Nizom Sodiqqa doim yordamlashar, sigir oʻtlatar, koʻkat yular, qarashgani-qarashgan edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Lutfixon uni yaxshi koʻrar, kirib qolsa, ming oʻrgilib, ming aylanardi.

Nizomning dadasi kasalligi tufayli erta pensiyaga chiqqan, yolgʻiz onasi ishlardi. U ayollar koʻylagini juda chiroyli tikardi. Ishxonadan kelgandan keyin ham mashina tepgani-tepgan edi. Nizom bolalarning kattasi, oʻshanda oltinchi sinfda oʻqirdi. Ukasi bilan singlisi hali kichkina edilar. Birdan ularning boshiga ogʻir tashvish tushib qoldi. Dadasi qazo qildi. Bir oyning ichida onasi choʻpdek boʻlib ozib ketdi. Nizom endi dad-si qolib, onasiga achinar, u yigʻlasa, chidayolmas, bagʻriga kirib yupatgisi kelar, lekin dilidagi gaplarni aytolmay, qoʻshilishib yigʻlardi, xolos. Bir kuni onasi Nizomning boshini silab, koʻzlariga tikildi-yu, orqasiga qoqib dedi:
— Bor, bolam, oʻrtoqlaring bilan oʻynab kel. Avji oʻynab oʻyinga toʻymaydigan paytlaring. Bor, oʻrgilay.

Nizom koʻchaga chiqdi. Dadasi oʻlgandan beri oʻynamaganini ham shunda sezdi. Sekin Sodiqlarnikiga kirdi. Lutfixon soʻrida eri bilan qotgan joʻxorilarni uqalab oʻtirardi.
— Voy kel, Nizomjon, bormisan?

Nizom salom berib, soʻrining bir chekkasiga oʻtirdi.
— Oʻrtogʻing xozir kelib qoladi. Magazinga makaronga chiqazuvdim.

Shu payt koʻchada birdan toʻpolon boʻlib qoldi. Nima gap ekan, deb hammalari barobar yugurib chiqishdi. Darvoza tagida qogʻozga oʻrogʻliq makaron sochilib yotar, Sodiq boʻlsa qandaydir bir notanish bola bilan mushtlashardi. Ular huddi joʻjaxoʻrozga oʻxshab bir-birlariga tashlanishar, hansirashar, atrofda boʻlsa bolalar qichqirishardi. Nizom nima gapligini surishtirmasdan, begona bolani doʻpposlay ketdi. Sodiq ikkalasi uni tuproqqa belashib rosa urishdi. Sodiqning oyisi bilan dadasining bezrayib kulib turganini koʻrgan yoʻlovchi kishi gʻuldirab kelib, jahl bilan ularni ikki yoqqa ajratdi. Begona bola yigʻlab usti-boshini qokdi-da, birdan yugurib qochib ketdi. Sodiq bilan Nizom kula-kula hovliga kirishdi. Oʻgʻlining zoʻravonligidan otasining ogʻzi qulogʻida, Lutfixon boʻlsa oʻgʻlining yelkasiga urib changlarini qoqar ekan, Nizomni ham erkalab qoʻydi:
— Chinakam doʻstisan-da, oʻgʻlimning. Oʻrtoq degan shunaqa bir-birining yonini oladi-da. Nega mushtlashding oʻzing, kimning bolasi u, — deb oʻgʻliga yuzlandi Lutfixon.
— Qaysi kuni koʻchada pomidor sotib oʻtirganimda ikki kilo pomidor olgan edi. Bugun magazinda koʻrib, pomidor tamom boʻldimi deyman, juda qimmatfurush ekansan, desa boʻladimi. Ogʻzingni yum, desam vaysayapti, chayqovchi, deydi.

Lutfixon oʻgʻliga mehr bilan qarab turib iljaydi:
— Oʻla qolsin. Ajab qilibsan urib!

Shu kuni Nizom uyiga kirsa, onasining qovogʻi soliq.
— Men odam boqdim desam, kuchuk boqibman-da, — dedi birdan uning zardasi qaynab. — Sendaqa bolam yoʻq mening, koʻzimga koʻrinma hozir. Uyalmasdan mushtlashib yuribdi-ya...

Nizom bir nafas serrayib turdi. Onasi darrov eshita qolibdi. Bahri xola uning aftiga qaramadi. Qoʻlidagi kosadagi suvni hovliga sepib yubordi-da, borib jiz-biz qilayotgan qozonni kovladi. Nizom onasining avzoyiga zimdan qarab qoʻyib, uyga kirgani yuragi betlamadi. Sekin qaytib chiqib ketdi. Yana Sodiqlarnikiga kirdi. Ular makaron qovurma yeb oʻtirishardi. Lutfixon aylanib oʻrgilib uni ovqatga taklif qildi.
— Ola qol, ol, jonim. Nasibang qoʻshilgan ekan. Nima balo, tumshayib qolibsan?
— Oyim urishib berdilar, — dedi Nizom yigʻlamsirab. U onasidan hech qattiq gap eshitmagani uchunmi, juda ogʻir botgandi.

Lutfixon bir xoʻrsinib oldi-da:
— Peshanang ham qursin, — dedi achingannamo, — onasizliging yetmasmidi, Hudo otangdan ham ayirdi. Endi chidaysanda, bolam.

Nizom yalt etib Lutfixonga qaradi. Uning koʻzlarida ham hayronlik, ham qoʻrquv bor edi.
— Nima deyapsiz?
— Voy, bilmasmiding? Qaerdan ham bilasan sen bechora. Sening onang chaqaloqligingda oʻlib kettan bolam. Bu onang oʻgay. Agar seni turtkilasa, indamay biznikiga chiqib kelaver. Oʻrtogʻing bilan yuraverasan.

Nizom oʻshanda qaysi ahvolga tushganini bilmaydi. Qichqirdimi, chinqirdimi, yigʻladimi hali-hali bilmaydi. Har qalay, bu uning uchun kutilmagan dahshat edi. Yugurib hovlilariga kirdi. Sochiq yuvayotgan Bahrixonning oldiga borib, yosh yuqi koʻzlarini tikib chinqirib soʻradi:
— Ayting, ayting, siz mening oyimmasmisiz? Nega aldaysiz?! Qani mening oyim?!

Bahrixonning rangi dokadek oqarib ketdi. Qoʻlidagi kir shalop etib togʻoraga tushdi. Koʻpik qoʻli bilan uni mahkam quchoqladi.
— Bekor gap! Qaysi noinsof aytdi? Oʻzim tuqqanman seni, oʻzim!

Nizom siltanib uning quchogʻidan chiqdi. Onasi uning koʻziga birinchi marta begona, yot koʻrindi oʻshanda. Mehribonchiliklarining hammasi endi yuzakidek, uning goʻdak qalbidagi kemtikni toʻldirolmay qoldi. Onasining yalinib yolborishi, yigʻlashiga qaramay, chopqillab chiqib ketdi. Bahri xola koʻcha boshigacha ergashib, quvlab bordi. Uning ketidan ukalari ham yigʻlab ergashib borishardi. Lekin Nizom qaramadi. Chopqillagancha ketaverdi. Kechqurun uni Sodiq topib keldi. Topib keldi-yu, oʻzlarinikiga olib kirib ketdi. Buni sezgan Bahri xola ularnikiga chikdi. Lekin Nizomni uyga yashirib qoʻyishgan edi. Nizom uyda turib onasining yigʻlaganlarini eshitdi. Yuragi gʻalati boʻlib ketdi, yugurib chiqqisi keldi-yu, begona degan sovuq bir soʻz uni yana oʻrniga mixlab qoʻygandek jilolmadi. Onasi chiqib ketdi. Boshini egib yigʻlagancha chiqib ketdi. Oʻshanda ham kuz, avji uzumlar pishgan payt edi. Ertalab Lutfixon bir togʻora uzumni uning boshiga qoʻyib, Sodiqqa qoʻshib bozorga joʻnatdi. Oʻsha kuni Nizom birinchi marta maktabga bormadi. Baxrixon qidirib maktabdan topolmabdi. Koʻrganlar uni bozorga ketganligini aytib qoʻyishibdi. Bir vaqt Nizom bilagidan kimningdir yumshoqqina ushlaganini sezib oʻgirildi. Bu onasi edi.
— Esingni yedingmi, bolam? Oʻqishing-chi? Oʻqishing nima boʻladi?

Nizom toʻnglik bilan javob berdi:
— Bormayman. Menga baribir endi.
— Bekor aytibsan. Menga baribir emas, men onangman, bolam.
— Yolgʻon gapirmang. Bormayman, baribir. Mening hech kimim yoʻq.
— Odamlarni qaratma, yur, qoʻzim.

Haqiqatda atrofga odamlar yigʻila boshlagan edi. Nizom:
— Meni tinch qoʻying! — deb baqirdi-yu, odamlar orasiga kirib koʻzdan yoʻqoldi. Bahri xola tarozi ushlab turgan Sodiqqa ma’yus, sovuq nazar bilan qarab qoʻyib, asta yurib ketdi. Kechqurun u yana Sodiqlarnikiga chiqdi. Nizomni yana uyga yashirib qoʻyishdi.
— Nasihat qilish oʻrniga shunaqa qilasizlarmi, — derdi Bahri xola kuyib. — Axir men kelganimda sakkiz oylik edi. Dadasi bechora boqolmay qiynalib ketgan ekan. Oʻzim ham goʻr ogʻzidan qaytarib olganman. Eti suyagiga yopishib qolgan ekan. Bu bolalarimga oʻshanchalik mehnatim sinmagan. U yosh bolalik qilyapti. Lekin menga farqi yoʻq sira. Bolalarimdan kam koʻrgan emasman. Kechasi bilan mijja qoqmadim. Otasining arvohi ham chirqillab yurgandir...

Nizomning yuragi allanechuk boʻlib ketdi. Chiqqisi keldi-yu, lekin chiqolmadi. U kechadan beri oʻz onasini tasavvur qilishga urinardi. Surati bormikan...
— Juda kuyavermang. Siznikiga kirmasa, biznikida yurar, — deb yupatgan boʻldi Sodiqning dadasi.
— Nega siznikida yuradi? Oʻz uyi, onasi, ukalari turib-a!
— Boshqa joylarda yurgandan koʻra, biznikida yurgani yaxshiroqmasmi? Chiqmay qayoqqa boradi, chiqadi-da, bir kun, — deb bidirladi Lutfixon.
— Hech qaerda yurmaydi. Uyga kiradi. Oʻqishidan qolmasligi kerak. Ukalari ham kechasi bilan menga qoʻshilishib uxlashmadi. Ra’no sira ovqat yemayapti.

Nizomning yana chiqqisi keddi. Lekin yana jilolmadi.
— Men oʻzim aytar edim. Vaqti bilan aytar edim. Hali u goʻdak. Nimani biladi. Hozir shu goʻdakning koʻnglini sindirish kimga kerak boʻlib qolibdi. Kecha ishga ham borolmadim. Uni topmagunimcha bormayman ham. Sodiqjon, oʻrgilay sendan, bor, topib kel. Boʻlmasa militsiyaga xabar beraman. Yuragim yonib ketyapti. Oʻzim zoʻrgʻa yurgan edim. Men ham yotib qolsam, bu goʻdaklarga kim qaraydi?

Nizom yana bir talpindi. Lekin yana toʻxtab qoddi.
— Onasining suratini ayab-asrab berkitib qoʻyibman. Uy koʻrganda aytarman, derdim. Yoniga bir suyanchiq, ovunchoqni tayyorlab qoʻyib aytarman derdim. Mana buni uyingga kattaytirib osib qoʻy, tugʻib boʻyingni, baxtingni koʻrmagan bu bechora hech boʻlmasa suratidan qarab tursin, deyman deb oʻylardim...

Nizom otilib hovliga chiqib qolganini oʻzi bilmay qoldi. U hansirar, yigʻlardi. Bahri xola uni bagʻriga bosdi.
— Bolam, bolaginam, bolajonim, — Bahri xolaning butun vujudi titrardi. Issiq koʻz yosh tomchilari Nizomning yuziga tushdi. Nizom bu gal indamadi. Sekin-sekin yurib, onasining pinjida uyiga chiqib ketdi.

Oʻshanda Ra’noning sevinganlari. Nizomning yonidan sira ketmas, endi hech qayoqqa bormaysizmi, biz uxlamadik, ayam koʻp yigʻladi, deb bijirlardi. Lekin Nizomning xayoli boshqa narsada edi. U onasining suratini koʻrmoqchi. Uni dunyoga keltirgan, uni tuqqan onasi qanaqa edi? Kechadan beri oʻz tashvishi bilan boʻlib qozon osmagan Bahri xola ovqatga unnab yubordi. U dam-badam Nizomga mehribonlik bilan jilmayib qarab qoʻyardi. Nizomning tomogʻidan ovqat ham oʻtmadi.
— M-menga, — dedi u duduqlanib, — suratni koʻrsating. Surati bor ekan-ku, oyimning!
— Xoʻp, oʻrgilay. Oldin ovqatni yegin. Men sen uchun asrab qoʻyganman. Ol, jonim, ovqatni ye.

Birdan Nizomning xoʻrligi keldi. Yigʻlab turib qaysarlik bilan chinqirdi:
— Nega shu vaqtgacha aytmadingiz? Nega meni aldadingiz?

Bahri xola yana uni bagʻriga bosib shivirladi:
— Bolapsham, hali sen nimani bilasan?! Men senga yaxshilik qilaman, dedim, oʻgʻlim. Senga oson boʻlsin, dedim.

Shundan keyin u ichkari uyga kirib ketib sargʻayib ketgan qogʻozga oʻrogʻliq ikkita surat koʻtarib chiqdi. Bittasida yoshgina qiz iljayib turardi. Ikkinchisida farqini yondan ochgan, iroqi doʻppi kiyib, bir oʻrim sochini oldiga tashlagan yoshgina juvon Nizomga juda-juda tanish koʻzlari bilan ma’yus termilardi. Nizom uzoq tikilib qoldi. Lekin yigʻlamadi. Bahri xola sekingina uf tortdi. Nizomning qoʻlidagi suratlarni astagina oldi-da, ehtiyotlik bilan qogʻozga oʻrab uyga olib kirib ketdi.

Nizomning xayolida bu voqealar huddi kechagina oʻtganday jonlanib, hammasi bir-bir esiga kelaverdi. Endi u Bahri xolaning sabri-toqatiga, mehriga tan be-rar, oʻsha paytda uni qiynaganlarini eslab, oʻzi azob chekardi. Ozmuncha ta’nalar qildimi? Ketidan ozmuncha yugurtirdimi? Nima, Bahri xola bolaga zor xotinlardan emasdi-ku! Oldida oʻzi tuqqan bolalari bor edi. Ularni katta qilguncha sochining qorasi qolmadi. Xotinlarga oʻxshab ikkita ayol bilan bir zumgina gaplashib oʻtirolmasdi. Ishga borar, uyida ham tinmay ish tikardi. Bolalarni oʻksitgisi kelmasdi. Nizom institutga kirayotgan kunlari-chi! Imtihonni Nizom emas, onasi berayotganday edi. Doim tashvishda, ilinjda, qoʻrquvda oʻtkazdi oʻsha kunlarni. Nizom ishlayman, desa unamadi, oʻqiysan deb turib oldi. Mana endi boʻlsa uylantirishning tashvishida. Ba’zan oʻgʻlining koʻngliga sekingina qoʻl solib ham koʻradi... Nizomning koʻziga yana xunuk iljayib turgan Lutfi xolaning ogʻzidagi ikkita tish koʻrinib ketdi. Nega uni haydab chiqarmadi? Onasi qanday qilib uning basharasiga qarab oʻtiribdi ekan. Toqatini qarang-a! Nizom oʻsha paytda onasining tortgan azoblari uchun ham bu ayolni haydab chiqarmaganiga afsuslanardi. U otadan ayrilgan bir paytda uni onasidan ham ayirgan edi bu ayol. Kichkinagina yuragiga qancha oʻkinch, qancha armon toʻldirgan edi. Unda yosh goʻdak edi. Xaqiqatni bilmaslik uning bolalik baxti edi. Ana shu baxtdan mahrum qilgan edi uni bu xotin. Agar hozir bilganda, albatta, qancha azob chekmasin, Bahri xolani oʻshanchalik qiynamasdi. Bahri xolaning bezovta boʻlga-nichalik bor ekan. Mana, Sodiq hali ham oʻsha-oʻsha. Tayin bir joyda ishlamay, oldi-sotdi qilib yurgani yurgan.
— Nizomjon, nima qilib oʻtiribsiz bu yerda? Nizom seskanib ketdi. Oldida munkaygan bir kampirni qoʻltiqlab sumka koʻtarib olgan qoʻshnilari Nurxon turardi.
— -Oyingiz qidirib yuribdi. Ra’noni bir yoqqa, ukangizni bir yoqqa joʻnatib, oʻzi koʻchada oʻtiribdi.

Nizom sakrab oʻrnidan turdi-yu, unga hech narsa demasdan jadal yurib ketdi. Yana qiynadimi onasini? Bu munis, mehribon ayolning mehnati, muhabbatiga shumi javobi? Yoʻq, mana hozir yetib boradi. Hozir!

Nizomning qalbida farzandlik tuygʻulari joʻsh urib ketgandi. Uning lablari beixtiyor shivirlardi.

— Oyijon, oyijon. Meni kechiring. Sizni tashvishga qoʻygan boʻlsam, kechiring. Qoʻrqmang, tashvishlanmang. Endi bagʻringizdan hech qayoqqa ketmayman, hech qayoqqa...