OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Saida Zunnunova. Qarz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiQarz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qarz (hikoya)
Saida Zunnunova

Yozning oxiri, kuzning boshi edi. Osmon tiniq, suvlar tingan. Yaproqlar hali sargʻaymagan. Koʻm-koʻk paxtazorning ustida shu’lami, havomi mayin, sokin jimir-laydi. Gʻoʻzalar koʻsak tugib yotibdi. Yoʻldan tez-tez mashinalar oʻtib turgan boʻlsa ham sershovqin shahardan keyin Abdurahmonga bu joylar juda jimjit tuyulardi. U oʻzi ham tushunolmagan gʻalati bir koʻngil xiralik bilan yoʻlga chiqqan edi. Yangi-yangi manzaralarga alahsiganidanmi yoki bolaligi kechgan yoʻllar, joylarning ser-gaklantiruvchi xotiralaridanmi, yuragidagi gʻubor birdan koʻtarilganday boʻldi, ruhi yengil tortdi.

Qattiq betoblikdan keyin negadir uning koʻngli qishlogʻini qoʻmsab qoldi. Lekin kimning oldiga boradi. U joyda hech kimi yoʻq. Ota-onasi oʻlib ketgan. Bolalikdagi oʻrtoqlaridan kim qolgan qishloqda, uni ham bilmasdi. Oradan oʻttiz-qirq yil oʻtgandan keyin borlari ham tanirmidi. Lekin, baribir uning koʻngli shu joylarni qoʻmsardi. U tez-tez qishlogʻi, bolaligi haqida gapiradigan, hamma ikir-chikirlarni eslaydigan boʻlib qoldi. Bir kuni onasining oshqovoq somsaga ustaligini gapirib ketdi:
— Jildi yupqa, oʻzi katta-katta boʻlardi. Achchiq, ichidan mayda qizil qalampirlar koʻrinib turardi. Non yopdimi, albatta yo piyoz somsa, yo oshqovoq somsa qilardi.
— Namuncha, — dedi kitob oʻqib oʻtirgan qizi, — oyim shundoq shirin goʻsht somsalarni qilib bersa ham qayoqdagi oshqovoq somsa esingizdan chiqmaydi-ya.

Dam-badam televizorga qarab allanarsa tikib oʻtirgan xotini qiziga bir qarab qoʻydi-da, eriga oʻgirildi.
— Bir borib aylanib kelsangiz-chi, — dedi yumshoq, mehribon ovoz bilan, — hoxlasangiz men birga boray.
— Kimnikiga? — dedi boʻshashib Abdurahmon.
— Koʻchada qolmasmiz. Odamlar bor-ku, axir. Abdurahmon indamadi. Qoʻni-qoʻshni, yor-oshnolaridan birontasi bilan aloqa bogʻlab qolmaganligini yaqindan beri, ayniqsa, koʻp oʻylardi. Bolalari uning kayfiyatini qayoqdan ham tushunishsin? Obod shaharda, shinam, qulay uylarda yashab turib, tomiga oshqovoq chirmashgan pastak ayvonini, pashshasini qoʻrigan sigir, qoʻylarni, ajriq ustidan tushgan ingichka, soʻqmoq yoʻllar, yakkachoʻp koʻpriklarni hadeb gapiraverish, balki chindan ham noshukurlikdir. Lekin oʻsha yoʻllarda uning bolaligi, qaynayottan sutdek toshqin, begʻubor, osuda damlari oʻtgan boʻlsa-chi! Yoshlik bilan aloqador hamma narsaning borgan sayin sehri ortib, jozibasi koʻpayib boraverar ekan. Oraga yillar suqilgan sayin yurakdagi intilish, sogʻinish ortaverar ekan.

Poezddan tushgandan keyin uning mashinaga ham chiqqisi kelmadi. Yuki yoʻq, portfeliga ehtiyotdan bitta koʻylak bilan bitta mayka, sochiq, paypoq solib olgan edi, xolos. U katta yoʻlning bir tomonidagi trotuardan shoshmasdan borardi. Kun qaytgan boʻlsa ham issiqning tafti baland, sharqirab oqayotgan ariq boʻyidagi tollar tagidan salqin shabada esib, dam-badam yuz-koʻzlariga huzur berardi. Qishloq juda oʻzgarib ketganligidan Abdurahmon taxminlab borardi. Ba’zan toʻxtab, adashmadimmi, degandek, u yoq-bu yoqqa alanglar, yana tusmollab yurib ketardi.

Yosh, qalin terakzor orasidagi choyxonada odam siyrak. Soʻrilarning birida ikkita chol gurunglashib oʻtirar, yoʻlovchilardan boʻlsa kerak, yoshroq bir kishi «Jiguli» mashinasini yuvar, ariq labida qopqogʻi ochiq choynak bilan choy toʻldirilgan piyola turardi. Abdurahmon chollarga salom berib oʻtib, boʻsh soʻrilardan birining chetiga oʻtirdi. Oʻrta yashar, moʻylovdor choyxonachi toʻshak koʻtarib chikdi.
— Keling, mehmon, — dedi tavoze bilan, — xush koʻrdik.
— Ovora boʻlmang edi.
— Qora choymi, koʻkmi?
— Baribir.

Choyxonachi patnisda yoniga pechak, oq qand solingan ikkita yumshoq non bilan piyola, choynak olib keldi. Choyxonachilar chetdan kelgan odamni darrov bilishadi. Ularga alohida mehmonnavozlik qilib koʻnglini olishga harakat qiladilar. Ketma-ket bir kosa qovun bilan uzum solingan tarelkani koʻtarib keldi.
— Rahmat, urinmang.
— Ovoragarchiligi bormi, mehmon. Yoʻl gʻuborini oladi. Uzoqdan kelayapsiz deyman?
— Ha, Toshkentdan.

Shu payt kapot va ustlari gul, lentalar bilan beza-tilgan «Volga» mashinasi boshchiligida besh-oltita mashinalar gʻizillab oʻtib ketdi. Chiroyli kiyingan yosh-yalanglar lip etib koʻrinib qolishdi.
— Xah, qurmagurlar, qaddingni ur! — dedi samovarchi zavq bilan kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Mashinani kelin bolaning oʻzi haydab qolmabdi yaxshi.

Chollarning ham, mashina yuvayotgan kishining ham nigohi oʻsha tomonda edi.
— Bitta mexanizator qiz bitta mexanizator yigitga tegyapti. Bugun toʻylari, — dedi choyxonachi, — ikkalasi ham dongdor, ikkovining ham mashinasi bor. Qizi tushmagur, shunaqa haydaydiki, suvdek suzadi deyavering. Oʻtib qolsa hammaning koʻzi oʻshanda boʻladi. Xoʻp ajoyib zamonlar boʻlyapti-da! Avvallari toʻrtta oti borning dimogʻidan qurt tushardi. Hozir shu mashinalarni toʻqson ot kuchiga teng deyishadimi?!

Abdurahmon kulib koʻydi.
— Ular qaysi qishloqdan?
— Shu oʻzimizning uchquduqlik. Soliyaxon bor-ku, geroy, oʻshaning jamoasidan.

Abdurahmonning koʻzlari qisildi. Nimanidir xotiralashga urindi.
— Soliyaxon... Familiyasi nima?
— Boltaeva. Taniysizmi? «Qizil Yulduz»ning raisi-da.

Abdurahmon roʻmolchasi bilan terlagan boʻyin va yuzlarini artar ekan, indamay qoldi. U bilgan Soliyaning familiyasi boshqa edi. Gazetalarda ham bir-ikki uchratganda, shuning uchun ahamiyat bermagandi. Turmushga chiqqandir axir, balki familiyasi oʻzgargandir.
— Soliyaxon qaerlik oʻzi?
— Shu yerlik.
— Jamoasigacha hali uzoqmi?
— Ha, ancha bor. Hoʻ, Jiyanboy! Jamoaga ketyapsizmi?

Mashinasini yuvib boʻlib, tikka turganicha choy hoʻplayottan yigit unga qarab bosh silkidi.
— Mehmonni olib ketmaysizmi?
— Mayli, mayli.

Mashina tekis, asfalt yoʻldan gʻizillab borardi. Dalalar tugab, koʻchaning ikki chetida bir xilda tushgan gʻishtin imoratlar koʻrina boshladi.
— Juda oʻzgarib ketibdi qishloq. Jiyanboy yalt etib Abdurahmonga qaradi.
— Avval ham kelganmisiz?

Abdurahmon sekin xoʻrsinib qoʻydi-yu, javob bermadi.
— Aybga buyurmaysiz, kimnikiga kelyapsiz?
— Oʻzim ham bilmayman.

Mashina birdan sekinlaganday boʻldi. Jiyanboy koʻzini tez-tez yoʻldan olib, unga hayronlik bilan qarab qoʻyar, tushunolmas, soʻrashga ham tortinardi.
— Asli shu qishloqlikman. Siz yoshsiz, bilmasangiz kerak, Abduxalil degan odamning oʻgʻliman. Koʻp boʻlgan ketib qolganimga. Qariganimda bir qoʻmsab qoldim.
— Soz boʻpti-da! Unday boʻlsa, toʻgʻri uyga boraver-miz. Dadam bor, juda xursand boʻladilar.
— Rahmat.

Devorlari yangi oqlanib, yangi boʻyalgan katta darvoza oldida odamlar gavjum edi. Tol soyasida yengil mashinalar qator tizilib turar, katta-kichik bolalar ham shu yerda. Jiyanboy sekinlab kelib toʻxtadi.
— Bosib oʻtib ketsak xafa boʻlishadi. Bir piyoladan choy ichamiz endi.

Oq yaktak kiygan oʻrta yashar odam bilan yoshroq yigit mashina yoniga kelishdi.
— Kelinglar, kelinglar, qani, ichkariga.
— Mehmon olib kelyapman, — dedi kulib Jiyanboy, — yaxshi mehmon osh ustiga, deydilar.

Mezbonlar tavoze bilan ularni ichkariga kuzatishdi. Katta, keng hovliga stol-stullar qoʻyilgan, toʻrdagi baland ayvonda xotin-xalaj koʻrinar, ishkom tagidagi chorpoyada mashshoqlar yalla qilardilar. Yosh-yosh yigitlar mikrofon oʻrnatish, daraxtlarga sim tortib, lampochka osish bilan ovora edilar. Bir zumda dasturxon yozilib, mastava keltirildi.
— Mexanizatorimiz uylanyapti, — tushuntirdi Jiyanboy, — hali mashinalar oʻtganda koʻzingiz tushgandir.
— E, oʻshalarmi, — dedi Abdurahmon atrofga alanglab. U bironta odamni tanib qolarmikinman, degan umidda edi. Qora atlas koʻylak kiygan toʻlagina ayol darvozada koʻrindi. Uning istiqboliga ayollar, erkaklar turishdi. Ayol qoʻlidagi qogʻozga oʻrogʻlik narsani xotinlardan biriga uzatar ekan, ular bilan quchoqlashib koʻrishdi.
— Toʻylar muborak boʻlsin! — dedi keyin oʻtkir ovoz bilan, — hamma narsa taxtmi? Kamchiliklar boʻlsa, aytinglar.

Abdurahmon uni tanigan edi. Oʻsha Soliya. Faqat u vaqtda nozikkina qiz edi. Barvasta, sersavlat ayol boʻlibdi. Havo rang roʻmoli ostidan oq oralagan sochlari koʻrinib turar, toʻlaligidanmi, yuzidagi suvchechak oʻrni ham bilinmay ketibdi. Atrofini mayda ajinlar oʻragan koʻzlarigina oʻzgarmagan. Hali ham tiyrak, oʻtkir. U tikka turganicha ayollar bilan nimanidir gaplashar, Abdurahmon tomonga qaramas edi. Abdurahmonning unga tikilib qolganini koʻrgan Jiyanboy:
— Raisimiz, — dedi shivirlab.
— Chaqirishning iloji bormi?
— Albatta, — Jiyanboy dik etib turdi-yu, uning oldiga borib allanarsa dedi. Soliyaxon bosh irgʻadi, keyin Abdurahmon tomonga bir qarab qoʻydi. Gapidan toʻxtab yana qaradi. Abdurahmon oʻrnidan turdi. Soliyaxon unga yaqinroq keldi, tikilib qaradi.
— Abdurahmon?! — u kelib qoʻlini uzatdi, — rostdanmi? Adashmadimmi?
— Rost, rost, xuddi oʻzi, — dedi kulib Abdurahmon.
— Bor ekansiz-ku!
— Yoʻqolgan hamqishlogʻimizni men topib keldim, opa, — dedi kulib Jiyanboy.
— Yoʻqolganda qandoq! Suvga choʻkkanday.
— Uyni, hovlini ham tashlab ketaverdingiz? — dedi Soliyaxon hol-ahvol soʻrashib boʻlgandan keyin, — avvaliga har qalay chirogʻi yonib tursin, deb evakuatsiyaga kelganlardan oʻtqazib qoʻyishdi. Keyincha jamoa qurti boqildi. Oxiri yoʻlga tushib buzilib ketdi.
— Sizlarniki hammi?
— Ha, boshqa joydamiz hozir.
— Onangiz bardammi?
— Qarib qoldi. Hech esidan chiqarmaydi sizni, oʻzi ham kelib qolsa kerak, — uning koʻzi darvozadan kirgan baland boʻy, qorachadan kelgan kishiga tushdi-yu, qoʻli bilan imlab chaqirdi. — Boltaev!

Boltaev galife shimi ustidan kiygan oq koʻylagining etaklarini tortib, kamarini toʻgʻrilar ekan, Soliyaxon yoniga keldi.
— Kim bu? Tanib oling-chi! — Soliyaxon kulib Ab-durahmonga ishora qildi. Ikkalalari bir nafas tiki-lib qolishdi, keyin birdan quchoqlashib ketishdi.
— Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi bu? Yo tavba!

Bir zumda bu xabar toʻyxonaga tarqaldi.
— Abduxalilning oʻgʻli ekan.
— Ie, Abdurahmonmi? Tirik ekanmi?

Bunaqa gaplar Abdurahmonning qulogʻiga chalinar, dam oʻtmay yangi-yangi odamlar u bilan koʻrishgani kelardilar. Bir chol koʻz yoshi qilib, quchoqlab, oʻpib koʻrishdi.
— Bor ekansan-ku, bolam, — dedi belbogʻining uchiga koʻzini artib. Abdurahmonga uning qaeridir tanish koʻrinardi. Dadasining oʻrtoqlaridan boʻlsa kerak.

Soliyaxon ayvonga, xotinlar orasiga borib gaptopib keldi:
— Buvim ham kelibdi. Aytdim. Ana, sabri chidamay oʻzi kelyapti.

Abdurahmon hassasiga tayanib, sal engashganicha shu tomonga kelayotgan kampirni koʻrdi-yu, oʻrnidan turib u tomonga yurdi.
— Assalomu alaykum.

Kampir unga bir zumgina tikildi. Keyin engashgan Abdurahmonning boʻynidan quchoqlab, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Hassasi yerga tushib ketdi. Uning keng yengiga oʻralgan oriq, nimjon qoʻllari Abdurahmonning boʻynida qaltirardi.
— Hudoga shukur, tirik ekansan. Hudoga shukur. .— Oʻzingiz bardammisiz, buvijon?
— Tushlarimga kirarding, — kampir uning yelkalaridan silab, yuzlariga tikilardi, — onaginang bilan qandoq edik axir. Bor ekansan-ku, shuncha vaqt kelmabsan, bemehr boʻpsan-da, bolam.

Abdurahmon nima javob berishni bilmas edi. U hayajon va andishadan qizarardi. Uni hech kim esidan chiqarmabdi. Hatto sogʻinishibdi, koʻrgilari kelibdi. Abdurahmonning dimogʻiga onasining hidi urilganday boʻldi. Koʻzida yosh qalqidi. Soliyaxon kampirni zoʻrgʻa olib ketdi.
— Uyga borgin. Gaplasholmadim, diydoringga toʻyolmadim.
— Boraman, boraman.
— Boradi, albatta, boradi.

Boltaev oʻrtoqlariga xabar berib boʻlgan ekan. Hammasi yigʻilishdi. Ular shu kuni urushdan qaytmaganlarni qayta-qayta eslashdi.

Yor-yor, oʻyin-kulgi, chirmanda, karnay-surnay ovozlari ichida kelin keldi. Bu marosimni bir nafasgina tomosha qilishdi-yu, yana tashnalik bilan suhbatga shoʻngʻishdi. Tanish-bilishlarining hammasi ham uni uyiga olib ketgisi kelar, taklif qilishardi. Lekin, u shu kuni yolgʻiz qolmoqchi. Bolaligi oʻtgan, ota-onasining qadami tekkan shu koʻchalarda yolgʻiz yurmoqchi, yuragini agʻdar-toʻntar qilib yuborgʻan mehr-oqibat haqida, unga intizor boʻlib yashagan mana shu odamlar haqida yolgʻiz, tanho oʻy surmoqchi edi. U qarzga botgan odamdek qochishga joy to-polmasdi. Hullas, uning koʻngli hozir yolgʻizlikni tilar edi. Oʻzi bilan oʻzi hisoblashmoqchi edi. Ular toʻy tugamayoq koʻchaga chiqishdi. Raisdan andisha qilibmi, boshqalar indamay turishardi. Boltaev mashina ruliga oʻtirdi. Soliyaxon Abdurahmonni uning yoniga taklif qilib, oʻzi orqaga chiqdi. Kuzatgani chiqqanlar nochor, noiloj, ertagacha, deb xayrlashib qolishdi.
— Bitta iltimos, — dedi Abduraxmon iltijoli ohangda, — mehmonxonaga borsam.
— Bu nimasi?
— Jon doʻstim! Soliyaxon! Buguncha, bir kunga. Iltimos!

Boltaev hayron boʻlib xotiniga qaradi. Soliyaxon Abdurahmonning yalinchoq nazarini koʻrib yelka qisdi.
— Mayli, — dedi keyin.

Mashina katta darvozadan kirib, baland koʻtarilgan ishkomlar tagidan yurib ketdi. Hovuz yonidagi yalanglikda toʻxtadi. Mashinadan tushishdi. Katta bogʻning oʻrtasiga qurilgan ikki qavat imoratning atrofi aylanasiga ayvon edi. Birinchi ayvon shiftidagi elektr nuridan bogʻ ichi xiyol yorishib turardi.
— Shokirjon!
— Labbay, opa! Kelinglar, — ichkaridan chiqib kelgan jussasi kichikroq bir odam qoʻl olib soʻrashdi, — kelinglar, — dedi yana qoʻlini koʻksiga qoʻyib.
— Ertalabgacha mehmonni sizga topshiramiz. Zerik-tirib, charchatib qoʻymaysiz-da.
— Jonim bilan.

Abdurahmon shu kecha mijja qoqmadi hisob. Bir tomondan xursand, ota-onasining nafasi kelib turgan havo ularni dam-badam yodiga solardi. Shokirjon choy damlab kirdi. Stol ustida har xil shirinliklar turardi. Oʻzi bir oz gaplashib oʻtirdi-da, dam oling boʻlmasa, deb chiqib ketdi. Abdurahmon chiroyli yogʻoch karavotga toʻshalgan, oppoq gʻilof kiydirilgan atlas koʻrpa qatini ochdi-yu, yotmadi, asta ayvonga chikdi. Koʻqda yulduzlar jimirlar, salqin shabada esib turar, yaproqlar shitirlashi goh kuchayib, goh pasayardi, uzoqdan chigirtkalarning chirillashi, baqalarning qurillashi eshitilar, bularning hammasi uni xotiralar ogʻushiga chaqirardi.

Soliya bilan bir devor qoʻshni edilar. Birga sigir boqishar, birga maktabga borishardi. Abdurahmonning dadasidan urushning boshidayoq qora xat keldi. Onasi bu dardni koʻtarolmadi. Yolgʻiz qolgan Abdurahmonga Soliyaning onasi gʻamxoʻrlik qilar, koʻnglini koʻtarishga urinardi. Lekin Abdurahmon bu joylarga sigʻmadi. Yolgʻiz uyga kirolmasdi. Onasi chiqib kelayottanday, qarab turganday boʻlaverardi. Ketib qoldi. Toʻgʻri kelgan ishni qilib yurdi. Yuk tashidi, koʻmir tushirdi. Aylanib Toshkentga borib qoldi. Oʻsha joydan armiyaga ketdi. Yana qaytib keldi. Ishga joylashdi. Yaxshi odamlarning maslahati bilan kechki maktabda oʻqidi. Keyin institutga kirdi. Uylanib roʻzgʻorlik boʻldi-yu, butunlay oʻrnashib qoldi. Tengdoshlari nevara koʻribdi. U kechroq uylangani uchun hali qiz chiqarib, oʻgʻil uylaganicha yoʻq. Soliya ham nevaralarim bor, dedi. U paytlarda nozikkina qiz edi. Onalari bir-birlarini goh quda, goh ovsin, deb chaqirishardi. Boltaeva... erining familiyasiga oʻtgan ekan-da.

U oʻrniga yotganda xoʻrozlar qichqira boshlagan edi.

Avval mashina yurganday boʻldi. Keyin eshiklari qarsillab ochilib yopildi-yu, allakimning ovozi eshitildi. Abdurahmon koʻzini ochdi. Ufq oqarib kelardi. Bir nafasdan keyin sahargi bu jimjitlikni yana mashinaning ovozi buzdi. U oʻrnidan turganda derazadan darvoza tomonga kelayotgan yengil mashinani koʻrdi. Sochiqni yelkasiga tashlab yuvingani chiqdi. Shokirjon yugurib keldi.
— Yaxshi dam oldingizmi?
— Rahmat. Birov keldimi?
— Rais opa kanal tomonga quloqdan xabar olgani ketdilar. Kelaman, jilmasin, dedilar. Juda vaqtli turib olibsiz-da?
— Shu atrofda soy bor edi.
— Ha, bor-bor.
— Orqasida, balandlikda qabriston boʻlardi.
— Hozir ham bor.

Abdurahmon yuvinib, kiyinib chiqdi.
— Ha, mehmon yoʻl boʻlsin?
— Tezda kelaman.
— Nonushta qilib olsangiz boʻlardi, — Shokirjon birdan tushunib qoldi shekilli, ovozi hazin chikdi.
— Kelib.

U qabristonga yetganda yorugʻ tushib qolgan edi. Qovjiragan koʻkatlarni bosib, qabrlarni oralab asta tepalikka chiqib borardi. Yon bagʻirlikda toʻxtab atrofga alangladi. Qaysi tomonda edi. Oʻngga yurishi kerakdir. Ba’zi qabrlarga marmar lavhalar oʻtqazilgan, ba’zilarida hech narsa yoʻq. Toshdanmi, gʻishtdanmi belgi qoʻyilganlari ham bor. Ba’zilarida bu ham yoʻq edi. U taxmin qilgan joyiga keldi. Qolarmidi. Shuncha yil boshiga birov kelmagandan keyin qolarmidi. Hayoli shunday der edi-yu, koʻzi izlardi. Atrofi panjara bilan oʻralgan kichkina qabrning bosh tomonidagi yozuvga koʻzi tushdi. Onasi bilan oti ham, familiyasi ham bir xil ekan. Shoshma, uning oʻzi-ku, axir. U yana xatga qaradi. Ha, tugʻilgan, oʻlgan yili ham oʻsha. Kim? Kim qilgan buni? U yana atrofga alangladi. Ha, huddi oʻsha joyda turibdi. Koʻz yoshlari tomogʻini boʻgʻdi. Qabr yoniga tiz choʻkdi. U hozir onasining yuzidagi har bitta chiziqni koʻrib turardi.
— Onajon... Keldim. Onajon, kechiring meni. Onajonim... Oʻgʻil boʻldimmi men ham... Kechiring.

Uning shu tomonga oʻtganini koʻrgan qorovul chol ancha vaqtgacha qoʻyib berdi. Hadeganda turavermagandan keyin tomoq qirib, yoʻtalib asta uning yoniga keldi. Choʻnqayib oʻtirib Qur’on tilovot qila boshladi. Yuziga fotiha tortib, bu notanish odamga asta, savol nazari bilan qaradi.
— Bu yodgorlikni kim qildirgan? Bilmaysizmi?
— Bilaman, rais qildirgan. Siz kimlari boʻlasiz? Abdurahmon javob oʻrniga asta xoʻrsinib, boshini egdi.
— Turing, uzoq oʻtirib qoldingiz. Qandoq qilamiz, dunyoning ishlari shunaqa ekan.

Abudarhmon oʻrnidan turdi-yu, yuragi uzilib qolayotganday yana orqasiga qaradi.

— Ana, raisning oʻzlari ham kelyaptilar, — dedi qorovul chol. Abdurahmon yalt etib pastlikka qaradi. Soy boʻyida havo rang mashina turar, atlas koʻylagining etagini bir qoʻli bilan salgina ushlab, Soliyaxon shu tomonga chiqib kelardi.