OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiShu uyning bekasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shu uyning bekasi (hikoya)
Saida Zunnunova

Bahor boshlanyapti. Oppoq uvada bulutlarni shamol haydaydi. Osmonning koʻngillarga yorugʻlik toʻldiradigan shaffof rangi koʻrinadi. Quyoshning issigʻi nam tuproqdan, ivigan boʻgʻotlardan hovur koʻtaradi. Daraxtlarning badaniga ham yashillik yugurib qolgan. Qishdan zerikkan odamlar hovli tozalashga shoshiladilar. Bu fasl yoshlarning koʻngliga muhabbat olib kelsa, keksalarning dilidagi xotiralarni tiriltiradi, gʻayratlarini qoʻzgʻab, ruhlarini yengillatganday boʻladi. Umriniso buvi derazalarni lang ochib yubordi. Doim berk turaverganidan zax, nam hidi toʻlgan uyiga oftob nuri aralash iliq havo kirdi. Elektr plita ustiga suv toʻldirilgan choynakni qoʻyib, hovliga chiqdi. Bultur ikki-uch joʻyak pomidor bilan rayhon, jambil ekilgan yerda qolgan uncha-muncha pollar ustiga shama toʻkilibdi. Dorda erkaklarning koʻylagi bilan yonma-yon sochiq osigʻliq. Kir togʻorasi ham hovlining oʻrtasida magʻzavasi bilan qolaveribdi. Umriniso buvi uni kir oʻraga toʻkib, togʻora orqalarini yaxshilab yuvdi-da, bir chetga devorga suyab toʻnkarib qoʻydi. Nima qilsa ham oʻgʻil bolalar-da. Yana ham bechora bolalar ovqat pishirishadi, idish-tovoq, kir yuvishadi. Dazmol bosganlari-chi! Umriniso buvi kvartirant student yigitlar haqida shunday oʻylardi. Goh jahli chiqib, goh mehri tovlab yurib har kelganda hovlidagi ivirsiqlarni yigʻishtirib, yigitlarga oʻz qoʻli bilan osh damlab yedirib ketardi. Hozir ham hovlining selgigan joylarini, eshik oldilarini supurdi. Choy shamalarini ham tozalab, yerning bir chetini oʻyib koʻmib qoʻydi. Arqondagi kirlarni qoqib, silkib boshqatdan yoydi. Oʻchoq-boshlarini tozaladi. Pechka trubasi chiqib turgan derazadan yigitlarning uyiga qaradi. Stol ustida kitoblar qalashib yotibdi. Non, choynak, piyola ham shu yerda. Karavot chetiga shim, koʻylaklar osigʻliq. Choynak qopqogʻi shiqirladi. Umriniso buvi qoʻlini yuvib uyiga kirdi. Choynak joʻmragidan povillab oppoq hovur koʻtarilardi. Eskigan bufetning tepadagi oynali koʻzidan kichkina choynak oldi. Uning qopqogʻini ochib, negadir yoruqqa tutib qaradi-da, qaynoq suv bilan chayib tashladi. Choy damladi, ikkita patirdan bittasining yarmini ushatib, oq qand bilan piyolani tancha ustidagi mis barkashga qoʻydi-da, asta oʻtirdi. Piyolaga choy quyayotganida tashqaridan:
— Oʻrtoq, darvozangiz ochilib qopti, kelganga oʻxshaysiz, — degan ovozni eshitib, oʻrnidan turdi. Jigarrang jemper kiyib, kichkina qora sherst roʻmolini dahanidan bogʻlab olgan novcha, qotma bir ayol kira solib, u bi-lan quchoqlashib koʻrishdi.

Umriniso buvi kulib, taxmondan yangi koʻrpacha olib yozdi:
— Qani, oʻtiring. Eson-omon yuribsizlarmi? Qizlar, kelinlar tinchmi?
— Rahmat. Oʻzingizdan soʻrasak?
— Shukur.

Umriniso buvi shisha bankadan idishga murabbo quyib, mehmon oldiga qoʻydi. Keyin choy uzatdi. Nonning qolgan yarim boʻlagini ham ushatib qoʻydi.
— Ushatmang, boʻladi.
— Nega endi. Qani, Oyshabuvi, oling.
— Haftada bir koʻrinib yuraverasizmi? Bolalaringiz ham berahm deyman?
— Yoʻgʻ-e.
— Qariganingizda tinch qoʻyishsin-da endi. Unisi tortib, bunisi sudrasa, bu nima degan gap? Yana hammasi oʻqimishli, tushungan bolalar-a!
— Onaizor shu ekan-da. Oʻzimning koʻnglim tinchimaydi. Oling, quruq ichmang. Murabbodan oling. Oʻzim behidan pishirganman. Ming shukur, shular borki, tash-vishlari bor.
— Sal insof ham kerak. Qaysi kuni Zuhrangizga telefon qilsam, Shakarxonnikida, deb aytdi.
— Ha, Shakarxonning sal tobi yoʻq, — Umriniso buvi asta xoʻrsinib qoʻydi.
— Tirik jon shu-da. Goh ogʻriysan, goh tuzalasan. Pensiyaga chiqibmanki, yuragim qisiladi. Zerikib ketaman. Boʻldi endi, ketmang. Mehmonga olib boraman. Kechqurun gaplashib, gurunglashib oʻtiramiz.

Umriniso buvi yumshoqqina kulib qoʻydi.
— Bola-chaqa deymiz-ku, oʻnta bola bitta ota-onani boqolmaydi. Shularga sarf qilgan umringizning yarmini hukumatga ishlab qoʻyganingizda, beminnatgina pensiyani olib yotar edingiz.

Umrinisoga bu gap yoqmadi. Labini yalab, yuzini sal chetga oʻgirdi-da, bir narsa qidirganday nazar bilan:
— Gap puldami? Omon boʻlishsin, — dedi. Shunday dedi-yu, lekin yuragining bir cheti gʻash boʻlib qoldi. Shuncha qilgan mehnatlari nahotki koʻzga koʻrinmasa. Mana, bolalari ishlayapti. Ular yomon odam boʻlishmadi. Ularning hammasida mehri-mehnati, umri, yoʻqolgan husni bor. Toʻgʻri, hukumat ishini qilmagan. Lekin hukumatga yaxshi-yaxshi farzandlarni tarbiyalab berdi. Bu oʻringa oʻtmasmikan-a? Yetti bolani tarbiyalash oson boʻptimi? Agar shularning birontasi noqobil chiqqanda, hukumatga, odamlarga qancha tashvish ortardi.

Umrinisoning oʻylanib qolganini koʻrgan Oyshabibi uni afsuslanyapti, degan hayolga borib, ovutgan boʻldi:
— Hay, nima boʻlsa, boʻlib oʻtdi. Endi omon boʻlishsin. Biri rahm qilmasa, biri qilar. Bugun ketmassiz?
— Buguncha shu yerdaman.
— Kechqurun chiqing boʻlmasa. Kelinimga chuchvara buyurdim.
— Oʻzingiz chiqing, osh damlayman.
— Bir oʻzingiz uchun urinib nima qilasiz?
— Bola bechoralar ham toliqib kelishadi. Oyshabuvi oʻrnidan turar ekan, boshini sarak-sarak qilib kuldi:
— Gʻalatisiz-da, oʻrtoq. Oʻzingiz-chi! Oʻzingiz charchamaysizmi?! Mayli, qaerda boʻlsangiz ham omon boʻling. Kechqurun koʻrisharmiz.

Umriniso buvi uni darvozagacha kuzatib qoʻydi. Qaytishda ustiga pechkaning katta choʻyan qopqogʻi yopilgan oʻrani ochib sabzi oldi.

Togʻorachaga solib vodoprovod joʻmragi tagida ularni obdon yuvdi. Uch tomondan ozroq oq soqol chiqara boshlagan sabzilarning sap-sariq badani hali ancha tarang edi. Uyga kirib ularni archdi. Keyin koʻkishroq matodan ikki qavat qilib tikilgan toʻrt burchak kichkina dasturxonchani yozib, ustiga taxta qoʻyib toʻgʻray bosh-ladi. Oyshabuvining begʻaraz gapirganini bilsa ham hayoli parishonroq boʻlib qolgan edi. U turmushidan, oʻtgan umridan rozi edi. Lekin, ana shu roziligini tu-shuntirib berolmas edi. Har zamonda pichoq taxtaga taq-taq tegib ovoz chiqarar, uning xayoli goh boʻlinib, goh ulanardi.

Uni yoshgina erga berishdi. Endigina kimningdir hayoli koʻngliga ilashgandi-yu, lekin uning oʻzi qaerdaligini bilmasdi. Undan soʻrab ham oʻtirishmadi. Eri Otajon oilada oʻrtancha oʻgʻil boʻlib, rahmdil, kamgap, ammo mehnatkash yigit edi. Qaynotasi tabiblikka qiziqar, har xil giyohlarning xosiyatlarini yaxshi bilar, oʻz yaqinlariga bemalol dori-darmon berar va buyuraverardi. Bu havas Otajonga ham yuqqan edi. Otajon oʻn sakkiz yoshida yangi maktab ostonasiga qadam qoʻydi. U juda zehnli, tirishqoq edi. Oʻqishga shunchalik qattiq bel bogʻladiki, ikki yildayoq toʻrtinchi sinfga oʻtdi. Qaynotasi roʻzgʻor tashvishlarini boshqa oʻgʻillariga yuklab, Otajonga mumkin qadar imkoniyat yaratib berar, lekin undan umidi ham katta edi. Ayniqsa, Otajon texnikumga oʻtganida chol yayrab ketdi. Oʻgʻlining mulla, oʻqimishli odam boʻlishini juda ham orzu qilar edi. Hullas, Otajon yigirma olti yoshida feldsher boʻldi. Oʻsha paytlarda Otajon doktor boʻlib kelibdi, Otajon falon dori buyuribdi, degan gaplarni Umrixon ichki bir gʻurur bilan tinglar edi. Fotima-Zuhralar birinchi marta maktabga qadam qoʻyganlarida Umrixon savodsizlar kursiga oʻqishga qatnay boshladi. Kechqurun boʻlsa, oilada kitobxonlik boshlanardi. Keyin bolalar koʻpayib ketdi. Umrixon gazeta-jurnallarni yaxshi oʻqiydigan boʻlib oldi-yu, u yogʻiga davom ettirolmadi. Bolalarning kir-chiri, ovqatiga qarash, erining parvarishini buzmaslik uchun Umrixon oʻqish haqida soʻz ochmay qoʻya qoldi. Roʻzgʻor yumushi bilan kechgacha na oyogʻi va na qoʻli tinardi. Kechasi bilan yana qoʻsh beshik tebratib chiqar, ba’zan juda holdan toygan kezlarida Otajonni uygʻotmoqchi boʻlsa ham yana ayar, uygʻotishga koʻngli boʻlmasdi. Shu ahvolda tong ottirar, kunduzi ham bir piyola choyni xotirjam icholmas, toʻyib uxlashga zor-zor boʻlib ketardi ba’zida. Lekin bolalarining bitta kulgisi, bitta shirin qiligʻi uning badanidagi charchoqni quvib, yana kuch kiritib yuborardi.

Umriniso buvi xayol bilan boʻlib, student yigitlarning kirib kelganini ham bilmadi. Kampirning har kelishi ularni behad quvontirar, uning mehriga, iliq soʻzlariga oʻrganib qolishgan edi. Ular bir-biriga gal bermay soʻrasha ketishdi.
— Yaxshi yuribsizmi, xolajon?
— Endi bir-ikki kun turasizmi yoki yana ketib qolasizmi?

Umriniso buvi ham ularga oʻrganib qolgan, koʻngli ochiq, sodda bu qishloq yigitlari uning kelinlik davrini, Otajonning yoshligini eslatardi.
— Qalay, ota-onanglar sogʻ-salomatmi? Xat-xabar kelib turibdimi?
— Ha, sizga ham salom aytishadi doim.
— Xavotir oldirmay, oʻzlaring ham tez-tez yozib turinglar, bolalarim.

U har kelganida buni uqtirishni unutmasdi. Yigitlar saranjom boʻlib, ochilib qolgan hovliga qarab, bir-birlarini turtishib, lablarini tishlashib qoʻyishdi. Ular har doim shunaqa. Koʻzlariga hamma narsa oʻrin-oʻrnida koʻrinar, qachon kampir kelib yigʻishtirgandagi-na, nima qilish kerakligini tushunib qolishardi.
— Hozir pechka yoqamiz. Sandalingizga oʻt boʻladi, xola. Boʻlmasa, kechqurun sovuq yeb qolasiz.

Umriniso buvi oʻtgan payshanbadan qolgan goʻshtni yaxshilab tuzlab ketgan edi. Havo sovuq boʻlgani uchun mayizday turibdi. Kampir uni ivitib qoʻyib, oʻzi oʻchoqqa olov yoqishga tutindi.

Yigitlardan biri goʻsht-yogʻ olib chiqdi.
— Xolajon, ola qoling endi.
— Axir uyda hamma narsa bor, bolam. Keyin oʻzinglar ishlatarsizlar.

Umriniso buvi qaysi bolasinikida boʻlsa ham payshanba kuni albatta uyiga keladi. Sabzi-piyozni qovurib, chiroq yoqib qoʻyadi. Shu bilan koʻngliga yorugʻlik toʻlib, yengil tortganday boʻladi. Shu tufayli yigitlarning narsasini hech qachon olmasdi. Ular ham buni bilishar, lekin har gal xijolat boʻlishganidanmi, albatta aytib koʻrishardi.

Umriniso buvi bu gal ham shunday qildi. Nimalarnidir shivirlab, yuziga fotiha tortdi-yu, hayol surganicha, oʻltirib qoldi. Qaynonasi qiz tugʻmagandi. Hamma kelinlariga ham mehribon edi, lekin Umrixonni yana ham yaqinroq koʻrardi oʻziga. Choli vafot qilgandan keyin koʻproq shular bilan boʻlib qolgandi. Bir kuni kechqurun nimagadir uzoq vaqt hayol surib qoldi. Umriniso kunduzi yuvgan kirlarining yirtigʻini yamab oʻtirardi. Qaynonasiga dam-badam qarab, tobi qochdimi, deb qoʻrqib ketdi.
— Biron yeringiz ogʻrimayaptimi?
— Qariganingdan keyin ogʻrimagan kuning ham boʻlmay qolar ekan. — U shunday deb bir xoʻrsinib qoʻydi. Keyin yana asta gap boshladi:
— Bundan keyingi umrga ishonch yoʻq, bolam.
— Unday demang.
— Qizim oʻrniga qizimsiz. Bir narsani soʻrasam maylimi?
— Mayli, nima edi u?
— Qur’on oʻqishni bilasizmi? Umriniso qizarib javob berdi:
— Ha, uncha-muncha bilaman.
— Men bor ekanman, otangizni yoʻqlab yuraman. Mendan keyin unutib yubormanglar, bolam.

Oʻshanda Umrinisoning yuragi gʻalati boʻlib ketgan, koʻziga yosh kelib, qaynonasining koʻnglini koʻtarishga gap topolmay javdirab qolgan edi.

Yigitlardan biri olov kurakda oʻt olib keldi. Umriniso buvy rahmat aytib, uni tanchaga soldi-da, oʻchoq boshiga ketdi. Osh damlab turganida bitta kosada chuchvara koʻtarib Oyshabuvi chiqdi. Umriniso buvi mehmonni tanchaga oʻtqazib, oldiga dasturxon yozdi. Bitta kichik, bitta kattaroq lagan koʻtarib oʻchoq boshiga ketdi. Kattasiga yigitlarga, kichigiga oʻzlariga osh suzib qaytib keldi. Mehmonning qoʻliga suv quyib, sochiq tutdi. Keyin ustida choynak turgan elektr plitani tokka qoʻyib, kelib oʻtirdi:
— Qani, oling, oʻrtoq, sovimasin.

Kun botib, havo salqin boʻlib qolsa ham badanga qattiq tegmas, xush yoqadigan sovuq edi. Shuning uchun deraza ham, eshik ham ochiq edi. Ular gurunglashib oʻtiri-shib, ozroqdan osh yegan boʻlishdi.
— Tancha odamni juda dangasa qiladi-da, oʻrtoq. Mana, turgim kelmay, oʻtirdim qoldim.
— Oʻrin solib beray, shu yerda yotib qola qoling.
— Shamollab qolaman, qoʻying. Oʻzingiz biznikiga chiqib yoting.
— Yoʻgʻ-e, uyimni sogʻinib keldim.
— Cholimni eslab keldim, deya qoling.
— Ha, ishqilib endi, — dedi Umriniso buvi kulib. Yigitlardan biri qogʻoz paketda ozroq mayiz bilan turshak olib kelib oʻrtaga qoʻydi.
— Choy bilan ichinglar, xola. Uydan posilka kelgan edi.
— Rahmat, oʻgʻlim. Qani, oʻtiring biz bilan.
— Dars qilayotgan edik.

Oysha buvi oʻtirgan yerida birdan boʻy choʻzib, devor tomonga qaradi. Devorning orqasi ularning hovlisi edi. Devorga ayvondagi chiroqning xira yorugʻi tushib turar, allakimning boshi koʻrinib uni imlaganday boʻlgan edi.
— Buvi!

Oysha buvi deraza oldiga bordi.
— Ha, nima deysan?
— Dadam keldi!

Bola shunday dedi-yu, tap etib oʻzini yerga tashladi.
— Esi pastni qarang. Ikki qadam yoʻlga erinib, uzumning soʻrisiga chiqqan bu tentak. Oʻgʻlim komandirovkada edi, kelibdi. Qani, yuring, bitta oʻzingiz nima qilasiz 6u yerda?

Umriniso buvi muloyimgina kuldi.
— Mayli, chiqa qoling. Ertalab koʻrisharmiz.
— Ertalab yana yoʻlga tusharsiz deyman? Umriniso buvi, shundoq, deganday jilmayib turardi. Oyshabuvi xayrlashib chiqib ketdi.

Umriniso buvi yolgʻiz emasdi. Ancha-muncha kunlarning guvohi boʻlgan bu uy uning nazarida tirikdek edi. Ha, tirikdek u bilan soʻzlashardi. Ustunlari ba’zida qisirlab, eshityapsanmi, men ham qariyapman, men ham holdan ketyapman. Mening bagʻrimga ham inson nafasi, iliqlik kerak, deyayottanday boʻlardi. Qandoq qilsin? Ertaga Shakarxon kasalxonadan keladi. Bormasdan tura oladimi? Qaysi barmogʻini tishlasa ham joni ogʻriydi. Boshqa nima iloji bor.

Ertalab uning uyiga yana qulf tushdi.