OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiXotiralar uygʻonganda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xotiralar uygʻonganda (hikoya)
Saida Zunnunova

Sojidaxon tandirdan non uzayottanda Vahobjon kirib keldi.
— Keldingizmi! Sahar xamir qorib ketgan edim. Oshib ketibdi, — u shunday deb tutayotgan yengchasiga kosadagi suvdan sepib oʻchirdi. Oʻt taftidan qizargan yuzini roʻmolining uchi bilan artib, savatni koʻtarganicha soʻri tomonga yurdi. Soʻri zinasida bir doʻppi oʻrik gulini tizzasiga qoʻyib olib ipga chizib oʻtirgan qiziga dedi:
— Tur oʻrningdan! Dadangga koʻrpacha yoz, charchab keldilar.
— Akamdan xat oldim, — dedi Vahobjon bir oz oʻychanlik bilan.
— A! Tinch ekanlarmi?
— Toʻylari boʻlib qolibdi.
— Shunaqami? Qachonga?
— Keyingi yakshanbaga shekilli.
— Bir tushib chiqsangiz boʻlar ekan. — Sojidaxon shoshmay oʻchoq yoniga bordi. Choʻnqayib oʻtirib, qozon tagidagi olovdan qumgʻon yoniga tortdi. Vahobjon jomakorini yechib, soʻri ustunidagi qozikqa ilib qoʻydi-da, ariq labiga ketdi. Toʻlib, koʻpirib oqayotgan malla rang suvda tirsagigacha yuvindi. Qizi tutgan sochiqqa artinar ekan, soʻriga kelib oʻtirdi. Yelkasiga papkasini osganicha oʻgʻli maktabdan qaytdi.
— Qornim ochib ketdi!
— Beriroq kelib gapir! Darvozaning yoniga ovqat eltib bermas-ku, onang.
— Assalomu alaykum, — u qozonga boʻylab bir qarab qoʻyib uyga kirib ketdi.

Sojidaxon ovqat suzib keldi. Ovqat ustida suhbat yana toʻyga taqaldi.
— Raisdan soʻrab, shaharga bir tushib chiqing boʻlmasa. Balki biron kamlari bordir, aytishar. Har qalay toʻychilik. Ertadan keyin bozor. Tanachami, qoʻymi olib borish kerak.

Vahobjon javob bermadi. U xomushroq koʻrinardi.

Bu charchaganidanmi yoki biron oʻyi borligidanmi, Sojidaxon bilolmadi. Lekin ayollik sezgirligi bilan erining yuragida qandaydir armonlar borligini ba’zan paykab qolardi.

Vahobjon oʻrnidan turdi.
— Men idoraga chiqib kelay-chi.
— Mayli. Ertalikka soʻrang, indinga bozor, — deb tayinlab qoldi Sojidaxon.

Vahobjon ertasi kuni birinchi avtobus bilan shaharga joʻnab ketdi. Xotini yopgan nonidan, bolalarga deb qurut, yongʻoq, yana nimalardir tugib berdi.

Osmon tiniq. Oftob charaqlab turardi. Gullagan bogʻlar orqada qolib, shahar manzarasi boshlandi. Shanba boʻlgani uchunmi, koʻchalarda odam koʻp, choyxonalar ham gavjum. Mashinalar tinmay oʻtib turibdi. Avtobus tez-tez toʻxtaydi. Kimlardir tushadi, kimlardir chiqadi. Vahobjon avtobus oynasidan oʻychan qarab borar, kitob qoʻltiqlagan yosh yigit-qizlarni koʻrganda oʻzining shu koʻchalarda oʻtkazgan oʻspirinlik yillarini eslardi. U paytlarda Vahobjonning orzulariga dunyo torlik qilardi. Bu orzulari kurtak yozmasdanoq quridi, ularni oʻzining eng yaqin, eng qadrdon kishisi toptadi, yakson qildi. Vahobjon asta xoʻrsindi. Eslamaslikka urinsa ham xotiralar, nimagadir, ayniqsa, kechadan beri uning hayolini tortqilardi. Tabiat gulga burkangan bu bahor kezidagi toʻy taraddudimi, toʻyga chorlagan nafis, quvonchli xatmi uning yuragining allaqaeriga tegib oʻtgandir balki. Inson hamma narsaga koʻnikadi, lekin esdan chiqarmaydi. Huddi shu bahor kunlariga oʻxshab bu xotiralar yuraqda vaqti-vaqti bilan bir yonib oʻchmay iloji yoʻq.

Vahobjon juda olov edi. Lekin yaxshi oʻqirdi. Shuning uchun boʻlsa kerak, oʻqituvchilari uning koʻp shoʻxliklarini kechirishardi. Bir oʻqigan, bir eshitgan narsasi yod olgandek esida qolardi. Ayniqsa, fizika, matematika fanlariga qiziqar, oʻzicha har xil ixtirolar oʻylab topishni hayol qilar, uning dastidan na onasining mashinasi, na radio oʻrnida turardi. Lekin hammadan koʻproq samolyotga qiziqar, uchishni, olisda miltiragan yulduzlarga qoʻnishni hayol qilardi. Samolyot oʻtib qolgudek boʻlsa, fikri ham, gapirgan gapi ham osmon-u uchuvchilar boʻlib qolar, tushlarida boʻlsa har kuni uchar, eng olislarda, eng yuksaklarda uchardi. Uning xayollarini oʻrtoqlari ham bilishardi. Hatto uni uchuvchi deb chaqirishar, bu

Vahobjonning gʻashiga tegmas, aksincha, yoqardi. Faqat bitta Zulayhogina tegajogʻlik qilibmi yoki chindanmi, uning hayollarini pisand qilmasdi. Ular bir devor qoʻshni edilar. Buning ustiga Zulayhoning dadasi fizikadan dars berardi. Uylarida Vahobjon nimani buzgan boʻlsa, Zulayho undan xabardor edi. Bir marta yashin qaytargich yasab tomga oʻrnataman deganida tok urib yiqilganidan ham uning xabari bor, onasi buzuq mashinani koʻtarib, Zulayholarnikiga chiqqanini ham biladi. Boshqalar uchuvchi deyishsa, Zulayho, ustabuzarmon, deb kun bermasdi. Lekin Vahobjon Zulayhoga sira qattiq gapirolmasdi. Nimagadir uni koʻrgisi kelaverardi.

Tanish choyxona uning hayolini boʻldi. Avtobus toʻxtab turar, odamlar tushib boʻlishgan edi. Sal boʻlmasa oʻtib ketar ekan. U shoshib avtobusdan tushdi. Magazin oynalariga osilgan narsalarni tomosha qilganicha asta yurib ketdi. Katta imoratlar orqada qolib, anhor yoqalagan torroq yoʻldan eski mahalla boshlandi. Bu anhor bir vaqtlar Vahobjonning koʻziga katta bir daryodek koʻrinardi. Yozning issiq kunlarida necha martalab choʻmilar, keyincha oʻspirinlik paytlarida kechqurunlari qirgʻogʻida oʻtirib xayol surishni yaxshi koʻrar, tol barglarining shabadada shivirlashi ham allaqanday sehrli tuyulardi. Oʻng qoʻldagi kichkina boshi berk koʻchaga qaytarilganida keksa bir ayolga duch keddi.
— Vahobjonmisan?
— Assalomu alaykum.
— Eson-omon yuribsanmi, bolam! Bola-chaqalaring tinchmi!
— Shukur, oʻzingiz yaxshi yuribsizmi?
— Yuribman, bolam. Ertalabdan beri ovqat yemaydi,— dedi kampir darvoza yonida tolbargak sidirib oʻtirgan qizchaga ishora qilib, — onangdan baloga qol-may, kir uyga endi.

Vahobjon qizga yalt etib qaradi-yu, tikilib qoldi.
— Tanidingmi? Zulayhoning qizi. Buni menga tashlab sayohatga ketdi eri bilan. Hech gapimga quloq solmaydi. Vahobjon qizdan koʻzlarini uzolmasdi.
— Akang ham qizini chiqarmoqchi.
— Eshitdim.
— Onang rahmatlik koʻrmadi.

Qoʻshni darvozadan uch gʻildirakli velosiped surgab, oʻn yoshlardagi bola chiqdi. U Vahobjonni koʻrishi bilan velosipedini qoʻyib, unga otildi.
— Amaki! Amakim keldilar!

Vahobjon uning qoʻlidan ushlab hovliga kirdi. Ayvonda koʻrpa qavib oʻtirgan ikki ayol oʻrinlaridan turishdi. Uydan kelinoyisi yugurib chiqdi.
— Voy, keling. Eson-omonmisizlar! Sojidaxon qani?
— Toʻyda kelar.
— Olib kelavermabsiz-da.

Vahobjon ayollar bilan soʻrashib uyga kirdy. Bir nafasdan keyin ish bilan koʻchaga chiqyb ketgan akasi ham keldi. Vahobjonni koʻrib suyunib ketdi.
— Toʻylar muborak boʻlsin!
— Qulluq. Ha, kelin qani?
— Borib, bir xabar olib keling, deb joʻnatdi. Bormaysizlar ham!
— Hech qoʻl tegmaydi degin. Bir yoqda bu toʻy harakati. Hali u kam, hali bu kam, deb hech tinch qoʻymaydi bu kelinoying.
— Bizga ham aytaveringlar kamlaringni.
— Oʻzinglar kelsanglar boʻldi, — dedi kelinoyisi ularning oldiga ovqat qoʻyib.
— Nega sipolik qilasiz! Aytavering endi. Baribir quruq kelmaydi-ku! Paxtani koʻp tergan, pulni ham koʻp olgandir, — deb hazillashgan boʻldi akasi.
— Qaysi yuzim bilan aytaman? Bir marta borib ovsinimdan xabar ololmasam!

Vahobjon akasining oqarib ketgan sochlari, ajin tilgan peshanasiga tikildi. U oʻqishni bitirganidan beri bitta zavodda injener boʻlib ishlaydi. Xotini boʻlsa, necha yildan beri hamshiralik qiladi. Bolalar katta boʻlgan sayin tashvishlari ham koʻpayar ekan. Oʻzlari bilan oʻzlari ovora. Juda kam koʻrishishardi ular.

Vahobjon kechki payt qaytib ketdi. Avji ekish payti, ish koʻp, deb qolishga koʻnmadi. Kun botay deb qolgan, qishloq yoʻliga kirgan avtobus oynasidan haydalgan, qorayib koʻpchigan yer ufqqacha choʻzilib yotar, tol barglari mayin tebranib bahor nafasini ufurayottanday edi. Vahobjonning koʻziga beixtiyor tol bargagi sidirib oʻtirgan haligi qizcha keldi. Huddi oʻzi-ya. Bu qizcha uning esiga yana yoshlik yillarini solib qoʻygan edi.

Qizlarning sochidan tortib kun bermaydigan Vahobjon Zulayhoning oldida muloyim boʻlib qolardi. Zulayhoning sochlari uzun, uchlari qoʻngʻiroq edi. U doim

Oʻsma qoʻyib yurardi. Vahobjon bir oʻrtogʻinikiga borganida otquloqdek boʻlib yotgan oʻsmaga koʻzi tushgandi.
— Oʻsmangdan ozroq uzib ber! — degandi oʻshanda.
— Opamdan soʻra. Nima qilasan oʻsmani?
— Singlimga. Yaxshi koʻradi.
— Singling yoʻq-ku!
— Xolamning qizi, jiyanim. Yaxshi koʻradi.
— Ha, mayli, ozroq ola qol.

Vahobjon oʻsmani hoʻl lattaga oʻrab, ertalabgacha saqladi. Zulayhoning maktabga ketishini poylab turib, u bilan izma-iz yoʻlga tushdi.
— Zulayho!

Qiz toʻxtab, orqasiga qaradi.
— Senga, — Vahobjon unga oʻsmani uzatdi.
— Hovlimizda koʻp-ku, nima qilaman buni? Voy, qaerda oʻsibdi bu? Qaerdan olding? — dedi keyin oʻsmaning toʻq koʻk yirik barglariga tikilib.
— Ishing boʻlmasin.
— Rahmat.

Ertasi kuni Vahobjon Zulayhoning qoshlariga sekin qarab qoʻydi. Qiz buni sezib, kuldi:
— Oʻsmang qorakuyadek qolsa boʻladimi! Oʻshandoq kelishga uyaldim. Yuvib tashladim. Urugʻidan oladigan ekan.

Vahobjon uning uchun hovlisiga ham oʻsma ekishga tayyor edi. Lekin opasi ham, singlisi ham yoʻq, bittagina akasi bor edi. Onasining boʻlsa pardoz-andoz bilan ishi yoʻq, koʻpincha nimadandir diqqat boʻlib yurar, tez-tez koʻrpa-yostiq qilib yotib olardi.

Huddi shunaqa bahor kunlari edi. Zulayhoning opasini toʻy-tomosha bilan uzatishdi. Unga bunga qarashib yurgan Vahobjonning koʻzi boʻlsa Zulayhoda. Huddi ularning toʻyi boʻlayotgandek hayajonlanar, nimadandir xursand edi. Na baxtsizlikni, na yuzaga chiqmay qolgan orzularni bilardi u. Kelinni olib ketgani kelishganda Vahobjonning juda havasi kelib ketdimi, shundoq yonida turgan Zulayhoga, bir kuni men ham seni shunday olib chiqib ketaman, deb yubordi. Oʻyin tomosha qilib turgan Zulayho avvaliga indamadi, keyin sergaklanib unga qaradi. Nimadir demoqchi boʻlib turib kulib yubordi.
— Seni qara-yu, — dedi keyin kulganicha, — yana qanaqa orzularing bor?!

Vahobjonning jahli chiqib ketdi. Uni yosh bola deb oʻylaydimi bu qiz? Qancha shirin hayollar surib, tunni tongga ulaydi. Zulayho boʻlsa uning oʻylarini pisand qilmaydi. Vahobjonning qaysarligi tutdi:
— Toʻgʻrisini aytyapman. Koʻrasan, yoʻq desang, olib qochib ketaman.
— Bir devormiz. Qaytib chiqib olaveraman.
— Men samolyotda olib ketaman. Kelolmaysan.
— Ha, aytmoqchi, uchuvchi boʻlmoqchisan-ku! Mayli, uchuvchi boʻlsang-u, samolyotni oʻzing uchirib olib ketsang indamayman. Lekin bitta shartim bor: otangga oʻxshab bevafo boʻlmasang, — dedi.

Toʻyning oʻyin-kulgisi ichida, hayajon ustida aytilgan bu gaplardan keyin ikkalalari ham ancha vaqtgacha bir-birlariga gapirolmay yurishdi. Zulayho endi avvalgidek tegajogʻlik qilmasdi, unga zimdan qarab-qarab qoʻyardi. Vahobjon boʻlsa, dadasi haqida eshitgan gapini oʻylab hayron boʻlar, lekin soʻrayolmasdi.

Oʻrta maktabni tugatish oldida edilar. Kim ishga bormoqchi, kim oʻqishga. Hullasi, maktab hovlisi orzuxona edi oʻsha kezlari. Vahobjonning boʻlsa qarori qat’iy edi. Yaxshi bahodan koʻra a’losi koʻp boʻlgan attestatni koʻtarib, quvonchi ichiga sigʻmay uyiga kelsa, onasi yigʻlab oʻtiribdi. Dadasi qamalgan emish.
— Nimaga? Nima uchun? — dedi u baqirib.
— Bilmayman. Sekinroq gapir.

Dadasi shofyor edi. Qandaydir bir bazaning yuk mashinasini haydardi.
— Kim aytdi sizga?
— Xabar keldi.
— Odam bosibdimi?

Onasi xoʻrsinib, yoʻq, degan ma’noda sekin boshini qimirlatib qoʻydi. Ne umid-orzular bilan olib kelingan attestat bir chekkada qoldi. Uni qoʻliga olib koʻrib, quvonguvchi, uning orzulariga qanot berguvchi odam boʻlmadi. Akasi oʻsha paytda politexnika institutida oʻqir, imtihonlari bilan juda band edi.

Ular otasining sudini kutishdi. Bir kuni onasi bilan unga peredacha olib borishdi. Bola yetaklagan yoshroq bir juvon ham uning dadasiga narsa olib kelibdi. Vahobjon hayronlik bilan notanish ayolga qaradi. Ayol chimirildi-yu, indamadi. Vahobjon savol nazari bilan keyin onasiga qaradi. Onasining yuzidagi ma’yuslikni, dilidagi xastalikni ham shundagina tushundi. U jahl bilan olib borgan narsalarini onasining oyogʻi ostiga qoʻydi-yu, chiqib ketdi. Mana, dadasi kim ekan. U uylariga koʻp vaqt kelmasdi. Onasi ish bilan bir joyga ketdi, deb javob qilardi koʻpincha. Uning hayollari ostin-ustun boʻlib ketdi. Hayotning birinchi zarbasi unga ana shunday qattiq tushgan edi.

Vahobjon xayolparishonlik bilan ketayotsa, kimdir chaqirgandek boʻldi. Muzqaymoq budkasining yonida Zulayho bilan yana bir sinfdoshi turardi.
— Muncha qorayib ketibsan? Qaerdan kelyapsan? — dedi Zulayho. Keyin unga muzqaymoq uzatdi.
— Yemayman.
— Ol, muzdekkina. Vahobjon nochor uni oldi.
— Men hujjatlarimni medinstitutga topshirdim. Bu chet tillariga beribdi, — dedi yonidagi yigitga ishora qilib, — sen nima qilding?

Vahobjon koʻzlarini pirpiratib qoʻydi-yu, javob bermadi. U onasini shu ahvolda tashlab chiqib ketganidan azoblanar, orqasiga qaytishni oʻylab turardi.
— Hech qaerga topshirmadingmi hali? — takror soʻradi Zulayho.
— Bechora uchuvchi, — dedi sinfdoshi uning yelkasiga urib achingannamo, — dadang yerda ham toʻgʻri yurolmabdi. Sen boʻlsang, osmonda uchaman, deysan. Boshqa biron yerga toshpiraver endi.

Vahobjonning boshiga bir narsa urilgandek boʻldi. Oʻrtogʻiga jahl bilan bir tikildi-yu, lekin hech narsa deyolmadi. Shaxt burilib yurib ketdi. Qoʻlidagi muzqaymoqni chetga otdi.
— Vahobjon! Qayoqqa, — dedi Zulayho. Lekin u qaramadi. Onasining oddiga ham qaytib bormadi. U keyingi kunlarda dadasining oʻgʻirlik mol bilan qoʻlga tushganini odamlarning shivir-shiviridan eshitib yurardi. Nega oʻgʻirlik qiladi? Nima uchun? Kim uchun? Ular hech qachon oshib-toshib yashagan emas-ku! Akasi ham, Vahobjon ham oʻz tenglarining orasida biron marta yiltirab koʻchaga chiqishgan emas. Otasi oʻgʻirlik qilsa, roʻzgʻorlarida sezilmasmidi. Balki mish-mishdir. Keyin aniq boʻlib qolar, deb oʻylab yurardi. Lekin bugun unga narsa olib kelgan ayolni koʻrganda haqiqatni tushunganday boʻldi. Qiziq, nega onasi indamadi? Nega bolalariga bir ogʻiz shikoyat qilmadi, bilintirmadi! Oʻzi-chi, oʻzi! Onasini tashlab chiqib ketish oʻrniga oʻsha xotinning qanshariga boplab bitta tushirsa boʻlmasmidi! Nega shunday qilmadi-a?!

Shu oʻy Vahobjonni hushiga keltirdi. Qarasa, avtobus dala yoʻlida ketyapti. Shofyorga aytib mashinani toʻxtatdi-da, tushib qoldi. Qayoqqa yurishni bilmasdan orqasiga qaytdi. Paxtazorni kesib oʻtgan soʻqmoq yoʻl chetida toʻnkarilgan mototsikl yotar, oʻn bir-oʻn ikki yoshlardagi bir bola tizzasini quchoqlab yigʻlab oʻtirardi.
— Ha, nima qiddi?
— Yiqilib tushdim.
— Oʻzing haydadingmi?
— Him.
— Kimniki bu mototsikl?
— Akamniki.
— Soʻraganmiding?
— Yoʻq.
— Voy shovvoz-ey! Qani tur-chi! Bolaning bir oyogʻidan qon oqardi.
— Uylaring uzoqmi?
— Hoʻ yoqda.

Vahobjon bolani mingashtirib, u koʻrsatgan tomonga haydab ketdi. Koʻcha yuzida olazarak boʻlib turgan bir yigit ularni koʻrib, sevinib ketdi. Keyin hayron boʻlib Vahobjonga tikildi.
— Borishga boribdi-yu, qaytolmay qopti, — dedi boshini egib qoʻrqib turgan bolaga ishora qilib.

Yigit ukasiga oʻqrayib bir qarab qoʻydi-da, Vahobjonga qoʻl uzatdi.
— Keling, mehmon. Yaxshi siz uchrabsiz. Biron falokat roʻy bersa, nima boʻlardi. Kir uyga, — dedi keyin ukasiga qovoq solib, — oyogʻingni yuv! Qani, mehmon, bir piyola choy ichmasdan ketmaysiz.

Vahobjonni qoʻyarda-qoʻymay uyga sudradi. Bu sodda, dilkash yigit unga yoqib qoldi. U bilan goʻyo tugʻilgandan beri birga oʻsgandek dil-dilidan bir yaqinlik sezardi. Necha kundan beri birinchi marta koʻngli sal yozilgandek, oʻylaridagi dahshatli koʻngilsizliklar sal nari ketgandek boʻddi. Vahobjonning sira uyga qaytgisi yoʻq. U odamlarga, oʻrtoqlariga, Zulayhoga qaysi yuzi bilan qaraydi! Goʻyo hamma unga qoʻlini bigiz qilib, otasi oʻgʻirlik mol bilan koʻlga tushibdi. Otasi shu boʻlgandan keyin bolasi nima boʻlardi, deyayotgandek tuyulardi. Yigit Vahobjonni kuzatib katta koʻchaga chiqdi. Hadeganda avtobus kelavermadi. Qorongʻi tusha boshladi.
— Bugun qolavering endi! Yo uydagilar xavotir oladi deysizmi?

Vahobjonning yuzidagi ikkilanishni koʻrgan yigit uni yana qoʻymasdan uyiga olib keddi. Yigitning onasi ularga baland soʻriga joy qilib berdi. Vahobjon yuragidagi dardni negadir shu yigitga aytishga ehtiyoj sezdi. Aytdi. Yigit unga tikilganicha oʻtirib qoldi. Osmonda sariq barkashdek oy oʻrik shoxlari orasidan moʻralab, ular yotgan soʻrining panjarasidan suzib kirgan, Vahobjonning hayollariga tutashdek uning nurlari ham nihoyatda sokin, ma’yus edi.
— Qoling shu yerda! — dedi birdaniga yigit, — birga ishlaymiz. Oʻqish boʻlsa, uni ham birga oʻqiymiz. Qishlogʻimiz juda chiroyli.

Vahobjonning onasidan koʻngli tinmasdi. U ertasiga uyiga qaytdi. Lekin uch-toʻrt kun oʻtgach, qaytib keldi. Kolxozga ishga kirdi. Keyincha shu joyda uylanib, bola-chaqali boʻldi.

Mashina silkinib toʻxtadi. Vahobjonning hayoli boʻlindi. Oynadan qarasa kelib qolibdi. Tushdi. Qishloq markazidagi sartaroshxonada uch-toʻrt kishi oʻtirar, magazinchi doʻkonini qulflardi. U salomlashib oʻtib ketdi.

Quyosh qip-qizarib borliqqa anor suvi purkayotgandek boʻlib botardi. Muzdek shabada Vahobjonning yuzlariga mayin urilar, moʻrilardan osmonga oʻrmalayotgan tutun-lar yangi koʻtarilgan tok poyalari ustida asta yoyilib ketar, allaqaerdan yangi yopilgan nonning hidi kelardi.

Vahobjonning ruhi yengil tortib ketdi. Ha, rostdan ham qishlogʻi chiroyli, bahavo. U uchuvchi boʻlolmadi. Lekin mana shu ufqqacha tutashgan dalaga uning peshona teri koʻp toʻkilgan. U mashinada tergan paxtalarni bir joyga toʻplasa, hoʻ oʻsha chirogʻi yiltirab ketayotgan samolyotga bemalol yetardi.
— Dada!

Qizi unga qarab yugurib kelardi. Vahobjon jilmayib choʻnqaydi-da, quchogʻini ochdi. Qizining qoʻlida bir doʻppi yalpiz bor edi...