OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiYoʻl boshida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻl boshida (hikoya)
Saida Zunnunova

Bu uyda uch kundan beri chiroq oʻchmaydi. Uch kundan beri kulgi ham eshitilmaydi. Hatto qoʻni-qoʻshnilarnikidan ham qattiqroq ovoz chiqmaydi. Ular ham bu oiladagi musibatdan tashvish va andishadalar.

Yigʻlayverib Santalatning koʻzida yosh qolmadi. Qovoqlari shishib, yuzi bir burda boʻlib qoldi. Usmonali erkak kishi boʻlgani uchunmi, oʻzini ancha ogʻir tutar-di. Militsiyaga dam-badam telefon qilar, gohi oʻzi borib kelar, yana kechasi bilan mijja qoqmay telefon oldida oʻtirib chiqardi. Oʻn toʻrt yashar oʻgʻillari yoʻqolib oʻtirsa, osonmi deysiz.

Kichkina qizchalari qoʻgʻirchogʻini quchoqlaganicha buvisining pinjida uxlab yotar, uni yuvib-tarab karavotiga olib qoʻyish ham Santalatning yo koʻngliga sigʻmas, yoki esiga kelmasdi. Ayvon panjarasiga tirsaklarini tiraganicha telefon yonida Usmonali oʻtirardi. Buralmaganidan soatlar ham toʻxtab yotar, qaysi mahal boʻlganini ham bilishmasdi. Faqat surmarang osmonda yulduzlar juda tiniq porlar, kuzning muzdek, junjiktiruvchi shamoli esardi.

Santalat goh uyga kirar, goh hovliga chiqar, savol va xavotir toʻla koʻzlari bilan eriga qarab qoʻyar, yigʻlab yubormaslik uchun lablarini tishlaganicha yana sekin uyga kirib ketardi.

Pianino ochiq turibdi. Oʻgʻli yoʻqolgan kuni ertalab muzika muallimi kelgan, mashgʻulot oʻtkazgan edi. Hatto, nota kitobi ham ochiq turar, pianino ustida yogʻochdan yoʻnilgan, qayiqqa oʻxshash bir shakl ham yotardi. Santalat uni asta qoʻliga oldi. Qimmatbaho bir buyumdek avaylab ushladi. Keyin koʻnglidagi ishonch, umid birdaniga gʻoyib boʻldiyu, dahshatli xayollar yopirilib kela boshladi. Yuzini changallab, pianino klavishlariga boshini qoʻydi. Uning yigʻisiga qoʻshilib bir necha xil ovoz birdaniga daranglab ketdi. Usmonali yugurib kirdi. Nima deyishini bilmay turib qoldi.
— Sabr qilib turaylik. Izlashyapti-ku, axir. Topilib qoladi. Mana meni aytdi dersiz. — Usmonali xotinining yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Toʻzgʻib, yozilib ketgan sochlarini tekislagan boʻldi. Santalat changallab turgan qayiq sifat yogʻochga koʻzi tushdi-yu, koʻngli buzildi. Uning nazarida bu yogʻoch oʻgʻlining chala qolgan ishi, yetolmagan orzu-armonidek tuyulib ketdi. Koʻp narsalar esiga tushdi. Lekin hozir xotiniga ta’na qiladigan payt emas edi. Buning ustiga oʻzi qam beparvolik qilganini endi ayniqsa yaxshi sezib turibdi.

Farhod goʻdakligidan temir-tersakka oʻch boʻldi. Koʻchada yotgan mix, temir-tersaklarni yigʻib kelaverardi. Ba’zida bu buyumlar Santalatning joniga tegib, hammasini uloqtirardi. Dadasi olib kelgan kichkina ve-osiped bir oyga ham chidamadi, hamma vintlarini burab chiqardi. Oxiri onasi uni ham cherdakka chiqarib qoʻydi. Maktabga borganda ham Farhodning bu fe’li qolmadi. Ishdan charchab kelgan Santalat oʻgʻlining darsini surishtirar, vazifalarini tekshirar, Farhodning hayoli boʻlsa allaqayoqlarda, oldida ochiq turgan kitob qolib, bir chetda uyulib yotgan har xil yogʻoch, taxta, qaychi, qogʻozlarga tikilib onasining gapini eshitmasdi ham. Sabri tugagan Santalat baqirib chaqirib ularni yana uloqtirardi.

Farhod toʻrtinchi sinfga oʻtguncha Santalat ham u bilan sinfma-sinf oʻqib chiqqandek boʻldi. Ishdan keldi deguncha, qaynonasi shikoyat boshlardi:
— Darsini qilgani yoʻq. Ovqat ham yemadi. Anavi Komil bilan kechgacha oʻtinxonadan chiqmaydi. Aftini qarang, ishtonini mix ilibdi. Voy, voy, afting qurmasin, bolam.

Bu gaplardan keyin Santalatning oʻgʻli bilan tinch, xotirjam gaplashishga asabi yetmasdi.

Usmonali oʻgʻlining tinimsiz, besaranjomligini oʻgʻil bolaning odatiy ishi deb, juda ham parvo qilavermasdi. Faqat bir marta ota-onalar majlisiga borib kelgach, oʻgʻlini yoniga oʻtkazib gaplashmoqchi boʻldi.
— Nega yaxshi oʻqimaysan? Ota-onalarning ichida uyatga qoʻyding-ku! Darsga quloq solmas emishsan?
— Solaman.
— Boʻlmasa, nega bilmaysan darslarni?
— Qiziqmas.
— Nimasi qiziqmas?
— Geografiyadan boshqasi qiziqmas.
— Geografiya qiziqmi?
— Ba’zida qiziq. Dengizlarni gapirib berganda. Dengizda qaroqchi boʻladimi?

Tajang boʻlib turgan Usmonali kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tiydi.
— Papkang qani?
— Ana.
— Koʻrsatchi.

Tartibsiz joylashgan kitob-daftarlar ichida qaychi, rangli qogʻozlar. Mix, har xil vintlar, kemalarning qingʻir-qiyshiq surati solingan albom ham bor edi.
— Shu ham oʻquvchining papkasi boʻldimi?! Farhod indamadi. Dazmol bosayotgan Santalat gapga aralashdi.
— Hammasi bekorchilikdan. Muallim topib keldim. Bekor yurguncha muzika oʻrgansin. Uyda tayyor pianino boʻlgandan keyin.
— Kerakmas.
— Jim oʻtir! Kerak-kerakmasligini sen emas, biz bilamiz.

Ana shundan keyin sochiga oq oralagan, oʻrta yosh ayol — muzika muallimi ularnikiga haftada ikki marta keladigan boʻldi. Ayol past ovozda gapirar, ohangida buyruq ham, iltimos ham boʻlardiki, Farhod gap qaytarolmas, lekin nochor, boʻynidan bogʻlagandek oʻtirganligi shundoqqina bilinib turardi. Ikki yil shu ahvolda oʻtdi. Uncha-muncha kuylarni chaladigan ham boʻldi, lekin onasi boshida qarab turmasa hech qachon oʻzicha pianino yoniga kelmas edi.

Kechki payt ota-onasi ishdan qaytishi bilan buvisi yana shikoyat boshlardi:
— Muzikasini bittayam chalmadi. Javray-javray jagʻim uzildi.

Farhod bunaqa vaqtda buvisiga zimdan xoʻmrayib qarab qoʻyardi. U bir marta allaqayoqdagi toʻgarakka qatnayman, deganida ham Santalat unamadi:
— Koʻcha toʻla mashina. Seni oʻylab ishda ham tinch oʻtirolmaymi endi, — dedi.

Farhod keyingi kunlarda juda kamgap, ogʻir boʻlib qolgandi. Oʻqishi oʻrtacha boʻlsa ham oʻzi quyilib qolganday koʻrinardi. Usmonali ana shularni oʻylardi. Endi uning nazarida oʻgʻil oʻsmirlik davrining orzu-xayollariga bu uydan hamdam topolmaganligidan bezib ketgandek edi. Sogʻmikin? Zora biron joyda yurgan boʻlsa. U hamon jim turgan telefon trubkasini koʻtardi. Qulogʻiga uzun gudok eshitildi. Yana qoʻyib qoʻydi. Hali vaqtli. Tong otsin. Kechasi buncha uzun boʻlmasa-ya. U osmonga qaradi. Yulduzlar yana ham tiniqlashib, yiriklashib qolganday. Hovlida xazonlar shitirlaydi. Atrof jimjit. Hali zamon shovqinga toʻladigan shahar ustidagi bu osudalik, bu jimjitlik ham Usmonalining yuragini badtar ezardi. Izlamagan yeri qolmadi. Suvlar, kasalxonalar, hatto oʻlikxonalargacha bordi. Oʻrtoqlarining hammasidan soʻrab chiqdi. Hech kim koʻrmagan, hech kim hech narsa bilmaydi. Uning koʻngliga chiroq yoqib turgan faqat bitta narsa bor. Non idishdan toʻrtta non olib ketgan. Toʻrttami, uchtami, ishqilib, non olib ketgan.

Tong yorisha boshlaganida telefon jiringladi. Santalat ham uydan yugurib chiqdi. Usmonalining akasi ekan telefon qilgan. Biron xushxabar bormi, deb soʻrayotgan edi. Keyin tuni bilan ochiq qolgan darvoza gʻiyqilladi-yu, koʻylakchan, sovuqdan qunishganicha Farhodning tengdosh oʻrtogʻi Kamol kirib keldi. Bu bola ham uch kundan beri Santalat, Usmonali bilan teng tashvish tortyapti. Hindcha eshitmasa turolmaydigan, kechgacha magnitofon qoʻyib qoʻshnilarning jigʻiga tegadigan bu qoʻshiq shaydosi uch kundan beri motamsaro edi. Qoʻllarini qoʻltigʻiga tiqqanicha, yelkalarini qisib ayvon oldiga keldi. Koʻzlarini pirpiratib mungli nazar bilan Usmonaliga qaradi.
— Kel, oʻgʻlim, chiq bu yoqqa. Kamol ayvon ustuniga suyandi.
— Haligi surati oʻziga oʻxsharmidi, — dedi gʻuldirab.

Usmonali Farhodning tarqatilgan surati haqida gap borayotganligini darrov tushundi.
— Ha, oʻxshaydi.
— Menda ham bitta surati bor edi. — Kamol qoʻltigʻiga qisib turgan kichkina fotosuratni uzatdi. Pioner galstugi taqqan, kostyumining yoqasi bir oz qayrilib qolgan Farhod kulimsirab qarab turardi. Aftidan, bu suratni bolalardan birontasi olgan edi. Santalat unga tikilib qoldi.
— Qaylardasan, bolaginam...

Kamol goh Usmonaliga, goh Santalatga qarab qoʻyar, nima deb bularga tasalli berishni bilmasdi.
— Bormaysizmi? Xabar olib turmasangiz, ularning tashvishi bitta bizmasdirmiz.
— Odamlar ishga kelsin, — dedi Usmonali.
— Menga qara, — Santalat Kamolning yelkasidan quchoqladi. — Senga hech narsa demaganmi? Bir oʻylab koʻr.
— Yoʻq.
— Avval gaplashib oʻtirganlaringda ham biron narsa demaganmi?
— Yoʻq. Bir marta, mening oʻrnimga pianinoni sen oʻrgana qolsangchi, — dedi. Jon deyardim, biznikida pianino yoʻqda, dedim. Matros boʻlaman, derdi. Bir marta yoʻl-yoʻl mayka istab topolmaganmiz.

Santalatning koʻziga yana ochiq qolgan pianino, uning ustidagi elektr simlariga tizilgan qushlarga oʻxshash nota belgilari keldi. Xoʻrsinib labini tishladi.

Tong otishi bilan tanish-bilishlar koʻngʻiroq qilib soʻray boshlashdi. Usmonali militsiyaga ketdi. Santalat telefon har jiringlaganida umid va qoʻrquv bilan trubkani koʻtaradi. Qaynonasi havotirlik bilan unga qarab turardi, keyin nimalarnidir gʻudrab oʻz yoʻliga ketardi.

Usmonali boʻshashib qaytib keldi. U xotinining yuziga qarashga ham dosh berolmay, qoldi. Hech kimdan sado chiqmasdi. Yana telefon jiringladi. Trubkani Usmonali oldi.
— A? Nima?... Xayriyat-e... Omon ekanmi? Xayriyat! Hozir boraman. Hozir!

U trubkani qoʻydi. Birdan behol boʻlib oʻzini stulga tashladi.
— Tirik ekan.

Uning hamma yogʻidan ter sizib chiqar, koʻylaklarini bir zumdayoq jiqqa hoʻl qilgan edi. U juda behol bir holatda edi.

Santalatning badaniga titroq kirdi. Charchaganligi birdaniga bilindi. Endi u xursandligidan yigʻlardi. Hali ham shu yerda oʻralashib yurgan Kamol qichqirib, koʻchaga yugurdi.
— Urre! Topildi!!

Oradan ikki-uch soat oʻtgach, Usmonali Farhodni yetaklab kirib keldi. U ozib ketgan, kiyimlari kir, gʻijim edi. Santalat uni bagʻriga bosganicha qoʻyib yubor-mas, allanimalar der, kir yuzlaridan tinmay oʻpardi.
— Boʻldi, boʻldi, — dedi Usmonali, — yuvinib olsin.
— Qorning ochmi? Ovqat yeysanmi? Hozir, hozir, — Santalat uyda gir aylanardi-yu, hech narsa topolmasdi.
— Hozir ovqat qilib beraman. Palov qilib beraymi?

Lekin Farhod oldiga qoʻyilgan uzum bilan nonni shunchalik bir ishtaha, tashnalik bilan yerdiki, qarab turib Santalatning koʻzidan badtar yosh quyilardi. Bir zumda hovli kulgiga toʻldi. Oshxonada jiz-biz boshlandi. Farhod yuvingani kirib ketdi. Hushi endi oʻziga kela boshlagan Santalat eridan soʻradi:
— Qaerda ekan?
—Dengizni, matroslarni izlab poezdda ketayotgan ekan. Moskva yoʻlidan ushlab kelishibdi.

Kechqurunga borib Kamollarnikidan ham hindcha ashula eshitilib qoldi.