OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaida Zunnunova
Asar nomiYolgʻizlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Saida Zunnunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yolgʻizlik (hikoya)
Saida Zunnunova

Iqbolxon qay ahvolda uyga yetib kelganini bilmadi. Safarga joʻnash oldidagi dilxiralik u bilan birga borib, birga qaytdi. Zinadan ohista, charchoq qadamlar bilan ikkinchi qavatga chiqdi-da, xayol parishonlik bilan qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Keyin plashini shaldiratib yechib, yonidagi chamadon ustiga buklab tashladi. Eshik qirgʻogʻiga suyanganicha kuta boshladi. Ha, aytmoqchi, oʻgʻil uyda hozir nima qilsin, darsdaku. Shu payt qarshidagi uyning eshigi sharaqlab ochilib, oʻrta yoshlardagi ayolning boshi koʻrindi.
— Iqbol Azizovna, sizmisiz? Hozir keldingizmi? Toʻlqin kalitni menga tashlab ketgan edi. Hozir. — U eshikni qiya qoddirganicha shippagini sudrab ichkariga kirib ketdi. Bir nafasdan keyin kalit olib chiqdi.
— Bugun kelsa kerak, deb aytayotgan edi Toʻlqin.
— Qiynalmay yaxshi oʻtirdimi?
— Yoʻq, yoʻq, xabar olib turdim. Kecha darsdan kelib, rosa uy tozaladi. Ajoyib oʻgʻlingiz bor-da, Iqbol Azizovna. Qani endi, qizim boʻlsa-yu, oʻzim kuyov qilsam.

Avvallari bunday maqtovdan Iqbolxonning ogʻzi qulogʻigacha yoyilardi. Hozir esa qoshlari chimirilib lablari qimtildi. Oʻsha gʻashlik diliga yana changal urdi. Indamaygina eshikni ochdi. Uyning tashqarisiga xam, ichkarisiga ham oyoq artish uchun hoʻllangan latta tashlangan edi. Iqbolxon avvalgiday qunt bilan emas, hafsalasizlik bilan tuflisini bir-ikki surtgan boʻldi-da, ichkariga kirdi. Uy chindan ham lochinday bir ayolning koʻli tekkanga oʻxshar, biron joyda ortiqcha narsa, biron yuvuqsiz idish yoʻq edi. Iqbolxonning ish stolidagi kichkina mitti guldonda sovuqdan ochilmay qolgan atirgulning ikki dona gʻunchasi turardi. Iqbolxon uni asta koʻtarib, burni oldiga olib bordi. Hidi yoʻq. Oftob koʻrmagan. Birdaniga bu ikki gʻunchaning biri oʻzi, biri oʻgʻli boʻlib koʻrindi-yu, yuragi uvishib ketdi. Hidsiz, tarovatsiz, huddi ularga oʻxshash, ikkisi ham sokin turishibdi. Ona-bola keyingi vaqtda ana shunday jimjit oʻtirishadigan boʻlib qolishgan. Iqbolxon chuqur xoʻrsindi, guldonni joyiga qoʻyib, boshqa uyga oʻtdi. Hech qaerda gʻubor koʻrinmaydi. Stol ustida termos, sochiq yopilgan idishda yumshoqqina ikkita bulochka. Boshqa idishda murabbo. Ikki enlik qogʻozda xat: «Oyijon, sizni kelib qolar, deb termosga choy damlab qoʻydim. Oshxonada ovqat ham bor. Boshqa narsalar xolodilnikda».

Iqbolxon xatni avvalgidek koʻziga surtib, oʻpmadi. Endi bu shirin soʻzlarning ostida boshqa bir iztirob, boshqa bir majruhlik yotganini yaxshi bilardi. U oʻzi-ning qanchalik gunohkorligini, umri ham havasga arzigulik oʻtmaganligini yaqindagina safarga joʻnash oldidan oʻgʻli bilan boʻlib oʻtgan achchiq suhbatdan bilib qoldi. Bu suhbat avval kichkina oynachadek Iqbolxonning bir qismini aks ettirdi. U chuqurroq oʻylagan sayin bu oyna kattalashar, uning butun qiyofasini, butun umrini aks etgarar edi.

Mana, hozir ham qarshisida oʻsha oyna paydo boʻldi. U termosdagi choydan bir piyola quyganicha, hovuriga tikilib, oʻsha oynada koʻrinayotgan xotiralar qarshisida bosh egib, gunohkorona oʻtirardi.

Iqbolxon toʻsatdan Moskvada boʻladigan olimlarning yigʻilishiga joʻnaydigan boʻlib qoldi. Yoʻl taraddudini koʻrgandan keyin ona-bola oʻtirishib, ovqatlanishdi. Oʻgʻlining yolgʻiz qolishini oʻylagan ona qalbiga kelin orzusi tushdi. Uchinchi kursda oʻqiydigan bir qiz bilan oʻgʻlining munosabati borligini eshitgan edi. Lekin Toʻlqin bu haqda onasiga sira gapirmas, gap aylanganda ham indamay oʻrnidan turib ketardi. Iqbolxon shuni oʻyladi-yu, oʻsmoqchiladi:
— Yaxshigina qizlardan boʻlsa, uylantirib qoʻysam, koʻnglim ancha tinchirdi sendan.

Toʻlqinning yuzi birdan jiddiylashdi.
— Bizning uyga odam sigʻadimi?
— Nima? Toʻlqin, nimalar deyapsan? Onang odam emasmi?!

Toʻlqin oʻzini bosishga urinib, oʻrnidan turdi. Onasi oldidagi kosani ola turib, zaharxandalik bilan jilmaydi.
— Bu uyda hamma narsa sizning koʻnglingizga boʻysunishi kerak. Men bolangiz ekanman, chidayapman.
— Nimaga chidayapsan? Senga nima zulm oʻtkazyapman, ahmoq? — Iqbolxonning a’zoyi badani titrar, suyukli oʻgʻlining ogʻzidan chiqqan 6u gaplar butun vujudiga oʻt yoqqan edi. Toʻlqin indamay oshxonaga chiqib ketdi. Iqbolxon harsillab uning ketidan kirdi.
— Nega indamaysan? Javob ber deyapman senga?!
— Baribir tushunmaysiz.
— Nimani tushunmayman?
— Oyijon, men bola boʻlib, uyingizda shoʻxlik qilib, oʻz xohishimcha oʻynaganimni bilmayman. Haddim sigʻib, bironta oʻrtogʻimni 6u uyga olib kirolgan emasman. Eshik orqasida tuflimni yechib qoʻlimga olib, undan keyin uyga qadam bosaman. Qoʻlimdan stolga toʻkilgan non uvogʻiga xam bezovtalanib qaraysiz. Axir hamma narsa ham evi bilan-da.
— Voy tentag-ey, onangning uy tozalashga vaqti yoʻqligini bilasan. Oʻzingga oson boʻlsin, deyman. Axlat boshingga chiqsa, yaxshimidi?
— Mayli, ivirsisa, tozalayman. Oʻrtoqlarimnikiga boraman. Ovqat yeymiz, oʻyinga tushamiz, chekamiz. Uy, albatta, toʻpolon boʻladi. Yana aylanib borganimizda hammasi sarishta.
— Onasining boshqa ishi yoʻkdir.
— Nega yoʻq boʻlar ekan, ishlaydi. Baribir tushunmaysiz, oyijon. Uy odamga nima uchun kerak...
— Ivirsitish uchunmi?
— Shunaqa payti ham. boʻladi-da. Odam kirmasa, qisilib oʻtirib ovqat yesang, ehtiyot boʻlib yursang... Qoʻying, oyijon, baribir tushunmaysiz.
— Sen juda tushunib qolibsan.
— Bolangizning oʻyinchoqlarini yigʻishtirmasangiz, eringizning ivirsigʻini tozalamasangiz... Axir bu qanaqa uy?!

Iqbolxon indayolmay qoldi. Jahl bilan kiyinib, chamadonini koʻtardi. Toʻlqin shoshib kiyindi-da, eshikni qulflab, onasi ketidan yugurdi. Iqbolxon taksi kutardi. Toʻlqin uning qoʻlidan chamadonni oldi. To aeroportga borguncha ham ikkisidan sado chiqmadi. Samolyotga chiqish oldidangina Iqbolxon oʻgʻlini oʻpib:
— Ehtiyot boʻlib oʻtir, — deb tayinladi.

Yoʻlda ham, majlislarda ham, koʻchada ham bu suhbat uning xayolidan koʻtarilmas, oʻtgan umriga sinchiklab aql bilangina emas, ruhan yetuk yurak bilan qarashga undardi. «Bolangizning oʻyinchogʻini yigʻishtirmasangiz, eringizning ivirsigʻini tozalamasangiz...» Bu ikki jumla Iqbolxonning qulogʻidan ketmas, har eshitilganda vujudi azobdan seskanar, oʻzi tan olishga qoʻrqib, qalbiga koʻmib yuborgan bu ta’na toshi.unga oʻzi kutgandan koʻra dahshat bilan urilgan edi.

Iqbolxon aspiranturada oʻqiyotgan vaqtida turmushga chikdi. Eri Yoʻldoshali ham aspirant edi. Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas Toʻlqin tugʻildi. Yoʻldoshali dissertatsiyasini yoqlab oldi, ammo Iqbolxonniki choʻzilib ketdi. Uning tuni ham, kuni ham oʻgʻliga band edi. U kallasidagi gaplarni qogʻozga tushirishga vaqt topolmay yurganida, Yoʻldoshali yarim kechagacha gazeta, kitob titib oʻtirar, kechasi chala-yarim uxlagan Iqbolxon ertalab eriga nonushta tayyorlaganida Yoʻldoshali bamaylixotir soqolini olib, atir hidini burqsitib, stolga kelib oʻtirardi.

Hammadan ham ilmiy ishining orqaga surilib ketayotganligi Iqbolxonning asabini buzar, ba’zan qahrini eriga sochib qolardi. Buni Yoʻldoshali tushunardi. Lekin xotiniga qanday yordam berishni bilmasdi. Kechasi oʻgʻli yigʻlasa, Iqbolxondan avval turib qoʻliga olar, uyning u boshidan bu boshiga qancha yurmasin, bola tinchimas, hatto doʻrillagan ovozi bilan alla ham aytib koʻrar, lekin chaqaloq bigʻillagani bigʻillagan edi. Oxir Iqbolxonning oʻzi zarda bilan turib kelib, bolani qoʻliga olardi. Yoʻldoshali nima qilishini bilmay, ona-bola oldida serrayib turardi. Tagi quruqlangan chaqaloq pishillab uxlagandan keyin Iqbolxonning yuziga mayin tabassum yoyilardi. Yoʻldoshali boʻlsa xotirjam borib, oʻrniga yotardi...

Toʻlqin yoshiga toʻlganida yasliga berishdi. Iqbolxon qolib ketgan ishini iziga tushirib olguncha ancha qiynaldi. Lekin tish-tirnogʻi bilan yopishdi. Bir yil oʻtgach, dissertatsiyasini himoya qilib oldi. Uyiga mehmon toʻldi. Doʻstlari uning sha’niga qadah koʻtarishdi. Domlalari Iqbolxonning ishidan mamnun boʻlishdi. U endi institutda dars berardi. Toʻlqinning ham unga ogʻiri tegmaydigan boʻlib qolgan. Yaslidan olib kelib ovqatlantirib qoʻysa, uyning bir burchagida oʻyinchogʻini oʻynab oʻtiraveradi. Iqbolxon darsdan kela solib, uy yumushlariga unnab ketar, kechasi oʻgʻlini uxlatib qoʻyib, darsga tayyorlanar edi. Bu vaqtda Yoʻldoshalining doktorlik ishi oxirlashib qolayozgan edi. Iqbolxon unga ham havas, ham hasad bilan qarardi. Bir vaqtlar oʻzi bilan teppa-teng boʻlgan eri, mana, yaqinda doktor boʻladi. Iqbolxonning boʻlsa roʻzgʻor, bolasidan ortgan ozgina vaqti darsga tayyorlanishga zoʻrgʻa yetardi. Buni oʻylagan kezlarida koʻziga uyi uni domiga tortayotgan ajdahodek sovuq koʻrinib ketar, kichkina yumush ham malol kelardi.

Bir kuni Yoʻldoshali allamahalgacha oʻtirib ishladi. Iqbolxon endi yotaman deb turganda choy soʻrab qoldi. U choy olib kirganida kabinet tutunga toʻlib ketgan, Yoʻddoshali boʻlsa boshini koʻtarmay ishlardi. Iqbolxon fortochkani ochib qoʻyib, indamay chiqib ketdi. Lekin koʻnglidan, shundoq gazga qoʻysa qaynaydi-ku, buncha noshud boʻlmasa bu erkaklar. Fortochkani ochib qoʻyish ham qoʻlidan kelmasmikin, devorlargacha hid oʻrnashib qoladi, bolani ham ayamaydi, degan fikr oʻtdi.

Yoʻldoshali ertalab shoshilibgina kiyindi. Choyni ham tikka turib ichdi.
— Toza roʻmolcha bormi?

Oʻgʻlini kiyintirayotgan Iqbolxonning figʻoni falakka chiqib ketdi.
— Juda ham taltayib ketdingiz. Axir men ham sizga oʻxshagan odamman.
— Men nima qildim?
— Roʻmolchani ham oʻzingiz ololmaysizmi?
— Tuflim bilan kirmay deyapman.
— Boshqa vaqtda ham shusiz. Insofingiz yoʻq sira.
— Nima qilishim kerak?

Erining bu gapi Iqbolxonga juda sovuq eshitildi.
— Meni oʻylaysizmi? Shu ham odam, buning ham ishi bor, ishlashi kerak, deb oʻylaysizmi?
— Nima qilay bundan ortiq? Sizning oʻrningizga oʻtib turolmayman-ku, axir! — u shunday dedi-yu, shoshib chiqib ketdi. Bu gaplar Ikbolxonga shu qadar sovuq, shu qadar dahshatli eshitildiki, kechagacha qulogʻi ostidan ketmadi. Bu gaplar bilan oralaridagi butun iliq munosabat tamom boʻlganday edi. Ugʻlini har kungidek erkalamadi. Goʻyo u hammasiga aybdordek siltab-siltab yasliga olib ketdi. Ishda ham ochilmadi. Kayfi buzuq, hayol parishonlik bilan kunni oʻtkazdi. Nima uchun yashashi kerak bu odam bilan? Kuni oʻtmay qoladimi? Bittagina bolasini guldek qilib boqib oladi. Dissertatsiya himoya qilganda qancha iliq-issiq gaplar eshitdi. Mehnati yuzaga chiqdi, obroʻ orttirdi. Uyning yumushi-chi? Hech kim min-natdor boʻlmaydi. Aqalli xafa boʻlmang, endi qanday qilamiz, deb ham qoʻymadi. Sizning oʻrningizga oʻtib turolmayman, emish. U kishi yaqinda doktor boʻladi. Bu-runlari koʻtarilyapti. Ha, pisand qilmay boshlayotgani bu!

Iqbolxon uyiga kelganida ham kallasida shunday gaplar aylanib yurardi. Kechki ovqatga unnamadi. Oʻgʻliga yarasha ovqat qilib yedirdi-da, oʻzi ish stoliga oʻtirdi. U ham doktorlik ishini boshlaydi. Ha, ha, boshlaydi. Eriga koʻrsatadi oʻzining kimligini. Shu uy boʻlmasa, nimaga qodirligini koʻrsatadi.

Yoʻldoshali kelganida oshxonada har kungidek jaz-biz yoʻq, uy jimjit, xotini mukkasidan tushib ishlab oʻtirardi. Ertalab jahl ustida oʻzining qoʻpollik qilib yuborganini oʻshandayoq sezgan, oʻzi pushaymon edi. U yechinmasdan xotinining yoniga bordi, bir qoʻlini uning yelkasiga qoʻyib, ikkinchi qoʻli bilan stolga tiralganicha yozayotganiga bir nafas tikilib turdi. U shu bilan xotinidan kechirim soʻrayotgan edi. Iqbolxon buni sezdi. Lekin ertalabki sovuq gapning yuragida qolgan muzi qimirlamadi. U eriga qaramadi, indamay ishini qilaverdi. Yoʻldoshali yechinib, yuvinib kirdi. Keyin oshxonaga oʻtib, u yoq-bu yoqni qaradi. Choy qoʻydi. Qorni juda och edi. Xolodilnikni ochib, goʻsht oldi. Piyoz toʻgʻradi. Keyin yana uyga kirdi.
— Turing, ikkalamiz birgalashib bitta ovqat qilaylik. Siz konsultatsiya berib turasiz...
— Menga ovqat ham, uy ham kerak emas.
— Qoʻying endi shu gaplarni.
— Boshqa xotin oling. Uyda oʻtiradigan, ha, uyda oʻtiradiganini oling. Ana shunda har kim oʻz oʻrnida turadi.
— Iqbolxon...
— Toʻymay qolgan qornim bormi?
— Axir qorin uchun yashamaydilar...
— Ter hidi bijgʻigan koʻylagingizni yuvmasam, yuvmabman.

Yoʻldoshalining qovogʻi tushdi-yu, indamay qoldi. Toʻgʻralgan goʻsht, piyoz oʻshandoq qolaverdi. Yoʻldoshali kiyindi. Papiros chekib, bir nafas tikka turdi-da, chiqib keta boshladi.
— Men siz bilan turmayman, turishni istamayman, — dedi uning ketidan Iqbolxon. Ioʻldoshali eshitdi. Eshitdi-yu, qoʻlini eshik tutqichidan olmay bir nafas turib qoldi. Eshikning yopilgani eshitildi. Zinadan tush-an sayin uning qadam tovushlari olislashib, keyin jimidi. Iqbolxon oʻrnidan turmadi, derazadan uning qaysi tomonga ketganini koʻrmadi ham. Kechiring meni, sizni bilmay xafa qildim, desa tiliga tirsak chiqarmidi?

Sovuq gapni aytish mumkinu uzr soʻrash shunchalik qiyinmi? Shu ahvolda yashab nima qiladi bu odam bilan? Iqbolxonning qarori qat’iy edi.

Yoʻldoshali kechasi qaytdi. U shirakayf edi. Iqbolxon yana indamadi. Oʻshanda shu uch xonalik uyni olishganiga hech qancha boʻlmagan edi. Iqbolxon internatda oʻsgan, hech kimi yoʻq. Yoʻldoshali esa Surxondaryoning bir qishlogʻidan boʻlib, Toshkentga oʻqishga kelgan, uylanib, shu yerda qolib ketgan edi. Ikkalasining ham boradigan joyi yoʻq.

Iqbolxon qarorini oʻzgartirolmadi. Ertalab ikkalalaridan biri uy topib chiqib ketishlari kerakligini aytdi. Ioʻldoshalining rangi oqarib ketdi. Lekin indamadi.
— Siz bola bilan qiynalmang boʻlmasa. Men, har qalay, erkak kishi... Hech boʻlmasa, Toʻlqinni oʻylasangiz boʻlar edi.
— Sizning bor-yoʻqligingizdan nima foyda unga?
— Nahotki... Yengiltaklik qilyapsiz, Iqbolxon.

Iqbolxon yuragi torlik qilib chimirildi:
— Bilasiz-ku, biz yosh bolalar emasmiz. Yengiltak boʻlsam ham har qalay, oʻylayotgandirman.
— Shunaqami?
— Ha, shunaqa.

U chiqib ketdi. Iqbolxonning yuragi jizillamadi. Erining kafedrada yotib yurganini eshitdi, doʻstlar oʻrtaga tushishdi, lekin koʻnmadi. Uning hayoli endi dok-torlik dissertatsiyasi bilan band edi.

Doktor ham boʻldi, pul ham, obroʻ ham topdi. Oʻgʻli ham oʻsib, katta yigit boʻlib qoldi. Lekin yillar oʻtgan sayin nimadir yuragini ezar, bu yolgʻizlik, yakkalik eka-nini tan olishga qoʻrqardi. Yoʻldoshali uylanib, bola-chaqalik boʻlib ketdi. Iqbolxon kirini birovga yuvdirdi, uyini birovga tozalatdi. Butun vaqtini, umrini ilmiy ishga berdi. Uzoq yillargacha oʻzining hatti-harakatini oʻzi ma’qullab yurdi. Lekin endi-chi? Endi hamma-sini tushundi-yu, befoyda, umr oʻtdi. U uy, oila tashvi-shiga chidamaganligini ham, Yoʻldoshalining yomon odam emasligini ham endi tushunardi. Lekin qalbida kechgan hislarni oʻgʻlidan yashirar, onasini shunchalik muhokama qilishga aqli yetib qolganligini bilmasdi. Toʻlqin oʻzi kamgap boʻlib oʻsdi. Buni Iqbolxon goh otasiga tortdi desa, goh yolgʻizligidan deb bilar, ba’zan Yoʻldoshalinikiga borib turganligidan koʻrar, har qalay, oʻgʻil bola-da, otasi bilan boʻlgisi keladi, balki boshqa bolalaridan rashk qilarmikin, deb oʻylardi.

«... Bolangizning oʻyinchogʻini yigʻishtirmasangiz, eringizning ivirsigʻini tozalamasangiz...» Iqbolxonning yuragiga bir narsa sanchilgandek boʻldi. Bu gap uning qalbida oʻzi sezmay yotgan dardlarini ham yuzaga olib chiqqandi. U xoʻrsinib, oʻrnidan turdi. Piyoladagi choy allaqachon sovib qolgan edi. Hozir u oʻsha papiros ezgʻilanib yotgan kuldonni ham, joniga tekkan vaqtini olgan oʻsha roʻzgʻor tashvishlarini ham juda-juda qoʻmsardi. Uning yuragidagi 6u ehtiyoj koʻz yoshlariga aylanib, yuzidan oqdi. Bu irodali ayolning umrida birinchi oʻkinib yigʻlashi edi. Ana shu ehtiyoj — bekalik mashakqati, bekalik baxti qiz boʻlib tugʻilganida u bilan birga tugʻilganligini endi yaxshi bilardi. U bir tomonlama baxt topdi. Mukammal baxt uchun esa oila va bir-birining tashvishi boʻlishi kerak edi. Eshik ochildi. Toʻlqin engashganicha tuflisining ipini boʻshatardi.
— Kiraver, kiraversang-chi, oʻgʻlim!
— Hozir, oyijon! — onasini hamma vaqt ish ustida, jiddiy koʻrishga oʻrganib qolgan Toʻlqin uning yigʻlayotganini koʻrib, qoʻrqib ketdi.
— Nima boʻldi? Birov xafa qildimi?

Iqbolxonning battar xoʻrligi keldi. Oʻgʻlini bagʻriga bosdi.
— Hech kim xafa qilgani yoʻq. Oʻzim. Seni sogʻindim. Uylan, oʻgʻlim, bolalaringni boqaman. Boshimga qoʻyib, jon deb boqaman, onangni juda bagʻritosh dema, qoʻrqma, oʻgʻlim. Oʻyinchoqlar olib kelaman, shirin-shirin ovqatlar pishirib beraman, bogʻchaga, muzika maktabiga olib boraman bolangni. Uylan, jon oʻgʻlim.

Toʻlqin 6u ahvoldan juda dovdirab qolgan edi. Oʻzining gapi onasiga ogʻir botganligini oʻylab, afsuslanar, yuzlariga tegayotgan, tagidan oqi koʻrinib turgan siyrak, qizgʻish sochlarini silar, hadeb:

— Oyijon, xoʻp, faqat yigʻlamang, — deyardi. Iqbolxon yuragidagi boʻshliqni, butun umridagi boʻshliqni toʻldirib turgan yakkayu yagona baxtiga suyanib, ana shu vujudning nafasidan oʻzining yoʻqotgan ayollik, onalik mashaqqatini qidirardi.