OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaidvafo Boboyev
Asar nomiHaqiqat siniqlari (turkum)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Saidvafo Boboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haqiqat siniqlari (turkum)
Saidvafo Boboyev

Odam Bilan Daraxt

Oʻshanda u jajjigina bola edi. Otasi kichkinagina qayragʻoch niholini keltirib, unga xitob qildi:

– Hozir bu niholni birgalashib ekamiz, oʻgʻlim.

Otasi niholni oʻtqazayotganda u katta odamlarga xos jiddiylik bilan koʻchatni ushlab turgan edi. Otasi balandligi oʻgʻlining boʻyi bilan barobar boʻlgan jajji qayragʻochga suv quyarkan, shunday degan edi:

– Bu sening daraxting boʻladi, oʻgʻlim...

Oradan yillar oʻtdi. Oʻsha jajji nihol zaminga ildiz otib ulkan daraxtga aylandi. Hovli yuziga soya berdi. Odamlarni saratonning qaynoq taftidan asradi.

Bolakay ham voyaga yetdi. Endi u ham ota. Farzandlarining bir paytlar oʻzi oʻtqazgan qayragʻochga halinchak solishlarini yuragi orziqib kuzatadi.

Oradan yana koʻp yillar oʻtadi. Qayragʻochning bir mahallar qalin boʻlgan shoxlari qurib, siyraklashib qoldi. Yaproqlari salgina shamolda ham toʻkilgandan toʻkiladi. Har kuni hovli supurguvchi kelinchakka malol keladi: »Bu daraxtning turgan-bitgani dahmaza. Soyasi yoʻgʻ-u, xazonini supurganim ortiqcha».

Odam ham keksayib qoldi. Uning ham qayragʻoch kabi burungi shashti yoʻq. Bir mahallar qayragʻochga halinchak solgan farzandlari esa har tomonga «ildiz otib» ketishdi. Qurib borayotgan daraxt kabi u ham endi hammaga ortiqcha yuk boʻlib koʻrinadi. Endi odam har tong hovliga chiqqanida qadrdon daraxtiga qarab ma’yus tikilgancha oʻyga toladi: »Bir-birimizga qanchalar oʻxshaymiz-a...»

Kechasi qattiq shamol turdi...

Erta bilan hovliga chiqqan odam aziz daraxtining qulab yotganini koʻrdi. Odam titrab ketdi. Asta kelib qayragʻochning keksa tanasini siladi. Kun sayin xiralashib borayotgan koʻzlariga ikki tomchi yosh qalqib chiqdi. Shu payt oshxona tomonga oʻtayotgan kelin unga eshittirib toʻngʻilladi:

– Nevarasining beshigini tebratib oʻtirishga ham yaramaydi.

Odam qulab yotgan qayragʻochga alam bilan shivirladi:

– Naqadar oʻxshashmiz-a...

Birinchi Kashfiyot

Ular ikki kishi edilar. Kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan adogʻi yoʻqdek tuyulayotgan oʻrmon ichidan ketib borardilar. Yoʻlovchilardan biri dono edi. Qay manzilga va ne maqsadda ketib borayotganini yaxshi anglardi. Ikkinchisi nodon edi. Uning yagona maqsadi: shu oʻrmondan tezroq oʻtib olish. Biroq yoʻl tugagach, qaysi tomonga qarab yurishini ham bilmasdi. Oʻrmon unga adoqsiz toʻsiq boʻlib koʻrinardi.

Bir kuni yoʻlovchilar qattiq charchashdi. Katta bir daraxt tagida oʻtirib hordiq olmoqchi boʻldilar. Havo sovuq edi. Shunda sherigining sovuqdan akashak boʻlib qolgan qoʻllarini koʻrib aytdiki:

– Qoʻllaringga «kuh-kuh»lasang, isiydi.

Nodon qoʻllariga »kuh-kuh»lagan edi, barmoqlariga iliqlik yugurdi.

Ular yana uzoq yoʻl yurdilar. Nihoyat qorinlari ochdi. Gulxan yoqib ovqat hozirladilar. Shoshqaloq nodon qaynoq ovqatni ichib ogʻzini kuydirib qoʻydi.

Uni kuzatib oʻtirgan dono yana oʻgit berdi:

– Ovqatga «kuh-kuh»desang, ovqating soviydi.

Shundoq ham figʻoni falakka chiqib turgan nodon dononing yuziga shapaloq tortib yubordi va alam bilan baqirdi:

– Sen kimning ustidan kulyapsan? Boya »kuh-kuh»lasang isiysan, deganding. Endi boʻlsa «kuh-kuh»lasang sovuydi, deyapsan. Sening qaysi gapingga ishonishim kerak?

Nodon yoʻlovchining dono hamrohi uning shapalogʻiga na soʻz va na harakat bilan javob qaytardi. Chunki u hayot oʻrmonida bu yangligʻ javoblarga hali koʻp bor duch kelishini juda yaxshi anglab turardi.

Axir tiriklikning sirliligi va mazmundorligi ham shunda-da!

Osmonga Tupurma

Ular uch kishi edilar. Qishloqning kungay tarafidagi qirda odatdagidek ichib oʻtirishardi. Bir payt ulardan biri shu tomonga kelayotgan qiz bolani koʻrib sheriklariga luqma tashladi:

– Ja-a, ketvorganmikan?!

Sheriklar ichkilikdan qizargan koʻzlarini qizga tikishdi.

Darhaqiqat, ular tomonga qaddi-qomati kelishgan, boshidagi qizil durrachasi yelkasiga osilib tushgan bir qiz kelayotgan edi.

– Oyoqlariga qara, bir kechasi uchun butun umringni sadqa qilsang arziydi, – dedi u yana koʻzlarini suzib. – Tur, birortang tashlansang-chi!

Uning gaplaridan sheriklarining ehtiroslari junbushga keldi. Qiz esa tobora ularga yaqinlashib kelmoqda edi.

– Oh... oh... qani edi uni...

Uning ogʻzidagi ogʻzida, boʻgʻzidagi boʻgʻzida qoldi. Chunki ularning shundoqqina yaqiniga kelib qolgan qiz, «oh» urayotgan «oshiq»qa qarab:

– Dadajon, uyga mehmon keldi. Sizni soʻrashyapti, – dedi.

Sheriklari mulzam boʻlib yerga qarashdi.

Hayratning Koʻzi

Oʻshanda menga hamma narsa oʻzgacha koʻrinardi. Nazarimda qishloq yonidan oqib oʻtadigan soy juda katta edi. Men har kuni maktabga boradigan yoʻl boʻyidagi teraklar osmon bilan bellashayotganga oʻxshardi. Koʻz oldimdagi manzaralarning bari menga ulkan va sirli tuyulardi. Qoʻlimga tushgan har bir giyohdan ajablanardim. Uning nozik goʻzalligini favqulodda qiziqish bilan kuzatardim.

U paytlar nazarimda dunyo boshqacha kulardi. Dunyoning kulgulari oppoq edi. Shu oppoq kulgularga monand atrofimdagi odamlar-da mehribon edi. Men goʻyo bu «manzil»ga kelib qolganimdan baxtiyor edim.

Endi bilsam, u paytlar bolalik mening koʻzlarimga hayratni joylagan, dunyoga hayrat koʻzi bilan boqqan ekanman.

...Bolaligim poyoniga yetgan kuni men hayratimni ham yoʻqotib qoʻydim. Endi hamma narsa odatiy edi: mening soyim kichrayib qolgandek, daraxtlarimning boʻyi ham qisqarganga oʻxshardi. Koʻz oʻngimdagi manzaralar juda zerikarli edi. Kecha koʻzlarimga mehribon boʻlib koʻringan odamlarning bugun qoʻllarida tosh borligini koʻrib turardim. Gullar va toshlar, muhabbat va nafrat, yaxshilik va razolat – men ularning oʻrtasida talosh boʻlayotgandek edim. Shuning uchun ham nazarimda osmon biroz engashib qolgan, oyogʻim esa kundan-kun yerga botib borayotgandek edi.

Men koʻp oʻtmay hayratsiz yashashga oʻrganib qoldim. Faqat ich-ichimdan qachondir uni qaytadan topishga umid bogʻlardim.

...Nihoyat, men bugun bolalik hayratimni topdim. Uni izlab olislarga borganim yoʻq. Men uni yonginamdan, deraza oldida oʻsgan bodom gullariga koʻzlarini katta-katta ochib ajib qiziqish-la qarab turgan qizalogʻimning koʻzlaridan topdim... U mening hayratimni tiriltirdi. Bolaligimni qaytarib berdi.

Qafasdagi Erk

Ovchi qoʻl-oyoqlarining shilinganiga parvo qilmasdan bor kuchi bilan qoyaga chiqib borardi. U mana shu qoya tepasida burgut uyasi borligini bilardi. Hozir burgutlar bola ochadigan payt boʻlgani bois uning yuragi burgut polaponini qoʻlga kiritish istagida yonardi. U silliq qoya boʻylab ming mashaqqat-la oldinga intilarkan, pastga qarashdan oʻzini tiyardi. Negaki, pastga qarasa – balandlikdan boshi aylanib qulab tushishi tayin edi.

Nihoyat, u koʻzlagan manziliga yetdi. Shox-shabbalardan tiklangan kattagina uyada qanotlari koʻrinib qolgan burgutcha oʻtirardi. Maqsadiga yetgan ovchi burgut bolasini yelkasida osigʻliq xaltaga joylab, ortiga qaytdi...

Uyga kelgach, burgut bolasiga moslab qafas yasadi. Ovchining maqsadi burgutni qoʻlga oʻrgatish edi.

Burgutcha ancha katta boʻlib qoldi. Endi ovchi har gal unga suv yoki ovqat berish uchun qafas yoniga kelarkan, tutqunning koʻzlarida allanechuk yovvoyi bir oʻt chaqnaganini ilgʻaydi.

Bir kuni ovchining ustida ikkita burgut paydo boʻldi. Ular goʻyo qafasdagi qarindoshlarini chorlagan kabi ovoz chiqarishdi. Tutqundagi burgut allanechuk bezovtalandi. Uchmoqqa harakat qilib qanotlarini patirlatdi. Lekin la’nati qafas uchishga imkon bermasdi. Ovchi burgutiga qarab allanechuk istehzoli kulib qoʻydi. Keyin ichkariga kirib ketdi. Chorak sotlardan soʻng tashqariga chiqqan ovchi qafasning joyida yoʻqligini koʻrdi. Ikkilanib osmonga qaradi-yu hayratdan qotib qoldi – burgut qafasni koʻtarib uchib borardi. Yuki ogʻir boʻlgani uchun samoga yuksalib ketolmayotgan boʻlsa-da, ammo jon-jahdi bilan koʻkka intilardi. Manzarani kuzatib turgan ovchi tuyqus kulib yubordi – qafas eshigiga qulf oʻrnatgani yodiga tushdi.

Ertasi kuni Burgutqoyaga borgan ovchi ulkan tovatosh ustida oʻzi yasagan qafasning parcha-parcha boʻlib yotganini koʻrdi. Sal nariroqda esa bechora burgut oʻlib yotardi. Burgut jasadi tepasiga borgan ovchi seskanib ketdi. Qushning ochiq koʻzlaridagi oʻsha yovvoyi oʻt hanuz soʻnmagan edi.

Mehr Bilan Qahr Orasi

Erta tong. Uyqudan turib hovliga chiqqan erkak uni ishga kuzatish uchun kuymalanib yurgan rafiqasini koʻrdi. Ayol shoshilib uning yoniga keldi va obdastani tutdi. Erkak yuz-qoʻlini yuvib rafiqasining nozik yelkasida osilib turgan sochiq bilan artindi. Soʻng sersoya oʻrik daraxti ostidagi chorpoya tomon yurdi. Xontaxta ustida uning nonushtasi tayyor turardi. Erkak oʻziga tavoze’ bilan choy tutgan qoʻllar sohibasini beozorgina quchib qoʻydi.

...Shom edi. Ishxonadagi dilxiraliklardan asabiylashib qaytgan erkak darvoza oldida bir oz kutib qoldi. Bolasini beshikka solayotgan ayol tezda bora olmadi. Natijada darvozani shoshilinch ochgan ayol eridan uzr soʻrashga ham ulgurmadi – oʻng chakkasiga qandaydir qoʻpol narsa kelib urilgandek boʻldi. Yonogʻida beshta barmoq izi qabarib chiqqan ayol qarshisidagi odamga hayrat-la tikilib qoldi. Xotinining xotirjamligi erining gʻazabini battar qoʻzgʻadi. Uning qoʻllari yana koʻtarildi. Biroq bu qoʻllar havoda muallaq turib qoldi. Negaki, erkak rafiqasining hayratga toʻliq nigohlarida oʻzining ayni paytdagi qoʻrqinch qiyofasini koʻrib qolgan edi. Uning qarshisida bir qoʻli bilan oʻng yuzini silab turgan ayolning koʻzlari bamisoli oyna edi. Bu oyna unga yuragidagi oniy gʻazab oqibatini anglash uchun qaratilgandek tuyulardi.

Darvoza oldida kalovlanib qolgan erkak qahrdan uzoqlashish kerakligini angladi. Bir zum taraddudlandi-yu, ichkariga qadam qoʻydi...

Oshiq Qismati

Baland choʻqqi ustida lola unib chiqdi. Vaqti kelib gʻunchaladi, keyin ochildi. Uning atrofida koʻklamning turfa rang va turli qiyofadagi gullari barq urib yotardi. Biroq magʻrur lola ularning birortasini ham oʻziga munosib koʻrmadi. Bahorning yuvilgan shisha kabi tiniq osmoniga boqarkan, u oppoq bulutni koʻrib qoldi. Bulut shunchalar oq ediki, bamisoli lolaning boshida ulkan oqqush qanotlari bilan soya solib turganga oʻxshardi. Lola ana shu oppoq bulutga shaydo boʻlib qoldi!

Kech kirishi bilan qorongʻulik oq bulut yuzini toʻsib qoʻyardi. Oshiq lola esa tezroq tong otishini, yana oq bulutga termulib oʻtirishni istardi.

Shu tarzda oradan bir necha kun oʻtdi. Bir kuni oq bulutning yoniga uning ogʻa-inilari ham suzib kelishdi. Zum oʻtmay momoqaldiroqning gumburlagan ovozidan choʻqqi larzaga keldi. Lolaning nozik vujudi qoʻrquvdan titradi. Koʻp oʻtmay doʻl yogʻa boshladi.

Doʻlning yirik-yirik donalari lolani ayovsiz qamchilar edi! Tongga yaqin u juda holdan toydi va oʻzini zaminga tashladi. Choʻqqi ortidan bosh koʻtargan quyosh erka lolaning yerparchin boʻlib yotganini koʻrdi...

Nachora? Oshiqlar qismati hamma zamon va hamma makonlarda ogʻir kechgan. Qolaversa, muhabbatga hamma vaqt ham kutilganidek javob qaytmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Shunday emasmi?

Umrim Fasllari

Fasllar mening umrimni beayov talashadilar. Bolaligimning shoʻx-shodon yillari bahorga nasib etdi. Negaki bahor bilan bolalik bir-biriga nihoyatda oʻxshash edi. Bahorning sharqirab oqquvchi daryolarida, ovozi qoʻngʻiroqday jarangdor irmoqlarida bolalikka xos oʻyinqaroqlik mujassam edi.

Bolalikning qalbi bahor osmonidek toza va gʻuborsiz edi. Bahorning yam-yashil qirlari ham, daxlsiz bir goʻzallik kasb etgan manzaralari ham bolalikka monand edi. U bolalikning oʻz bagʻrida qolishini, chechaklarga burkangan dalalarida uzoq kezib, shoʻx-shodon irmoqlariga xayolchan quloq berishini juda-juda istardi.

Yoshligimning oʻt-olov yillarini yozning otash quchogʻiga topshirdim. Negaki bu faslda mening yigitlik chogʻimdagi yuksak orzular tafti mujassam edi. Yoz tafti bir paytlar qalbimni uzoq kuydirgan oʻtli nigohlarni yodimga solardi.

Yoshlik yillarimning kulgulari, xayollari va hattoki armonlarida ham yoz otashi aks etardi. Ba’zida bu otash yuragimni shunchalik kuydirardiki, men beixtiyor bu oʻtligʻ faslning tezroq poyoniga yetishini istab qolardim...

Endi esa kuz ham mening hayotimdan oʻz ulushini talab qilayotir... Buni talab deyish ham mushkul. Negaki kuz juda sokin va mahzun.

Bu fasl meni ham sokinlikka oʻrgatdi. Bir necha yildan beri u umrim daraxtidan mevalar uzib menga taqdim qilayotir. Bu mevalar birda shirin, birda juda taxir. Binobarin har ikkisida ham mening hissam bor. Kuz meni hayot haqida jim mushohada qilishga oʻrgatdi. Shu bois men kuzni faylasufga mengzayman.

Qishgacha esa... hali fursat bor. Shunday boʻlsa ham negadir men u haqda soʻzlashdan hali biroz choʻchiyman. Bu tabiiy holmikan?

Tasavvur

Ba’zan kichkinagina oʻzgarish ham katta bir haqiqatga zamin hozirlashi mumkin. Masalan, Lev Tolstoy qandaydir tasodif tufayli sinib yotgan qariqiz butasidan ilhomlanib «Hojimurod»ni yaratgan.

Mashhur yozuvchilardan biri esa oʻzining bepoyon dengiz sarguzashtlari haqidagi asarlarini uyi oldidagi koʻlmak suvga termulgan koʻyi qogʻozga tushirgan ekan.

Inson tasavvurining chegarasi yoʻq. Masalan, men hozir koʻzlarimni yumib, qadimiy Misr malikasi Kleopatra siymosini tasavvur qilishim mumkin.

Insonning bolaligi bamisoli tasavvur maktabiga oʻxshaydi. Misol uchun, men bolaligimda nimaning otini eshitsam, oʻsha narsaning shakl-shamoyilini koʻz oldimga keltirib koʻrardim. Toʻgʻri, unda hali mening tasavvurlarim juda sodda edi. Mening bolalarcha nazdimda odamlar ikki turli: yaxshi va yomondan, dunyoning ranglari esa oq va qoradangina iborat edi.

Inson bilimlarining ibtidosi – tasavvur. Tasavvur insonni mushohadaga boshladi. Mushohada esa oʻz navbatida haqiqatga doyalik qildi...

Kezi kelganda tasavvur gʻoyatda shaxsiy hamdir. Oʻzimdan qiyos olay: »Ona»soʻzini eshitganimda tasavvurimda nima uchundir dunyodagi boshqa onalar emas, oʻz volidamning siymosi paydo boʻladi. »Uy» deganda esa ota makonimni koʻz oldimga keltiraman.

Yana shuni ham angladimki, insonning oʻz Yaratguvchisi qudratini anglay bilishi ham tasavvur tufayli sodir boʻlgan. Zotan, yaralmishlar ichida eng mukammali boʻlgan inson oʻz ijodkorining Qudratini tasavvur qilib koʻrmogʻi lozim edi. U shunday qildi. Bu buyuk tasavvur uning tasavvurlariga sigʻmadi. Zotan, Yaratguvchi qudratining bepoyonligi oldida inson tasavvurining kengligi dengizdan bir tomchi edi, xolos.

Men esa... Oʻsha dengizdan bir tomchi tasavvurim bilan taxayyul dengiziga shoʻngʻiyman.

Koʻz oldimda Kleopatraning qoʻrqinch goʻzalligi paydo boʻladi. Ana shunda Sezarning oʻrnida boʻlmaganim uchun shukur qilaman.

Haqiqat

U osmonga yetishni orzu qilardi. Uning xayollari faqat osmon haqida edi. Ba’zan yuragidagi istak shu qadar kuchayib ketardiki, u beixtiyor baquvvat ildizlarini zamindan sugʻurib olishga harakat qilib qolardi.

Biroq bu ilojsiz orzu edi. Axir dunyo yaralganidan buyon hali birorta daraxt oʻz ildizlarini yerdan sugʻurib ololmagan. Harakatlari zoe ketgan daraxt xomush tortib qolar, goʻyo «afsus» deganday yaproqlarini ma’yus shitirlatib qoʻyardi.

Kunlar, oylar, yillar oʻtdi. Daraxt yerga biror marta ham qiyo boqmadi. U hamon koʻkka qarab talpinardi. Samoga orzumand daraxt oʻzi oʻsib turgan qirgʻoqni suv yuvib ketayotganini koʻrmadi. Holbuki, vaqt oʻtgani sayin daraxtning ildizlari bilan zamin oʻrtasidagi ittifoqchilik tugab borayotgan edi.

Nihoyat fursat yetib, son-sanoqsiz ildizlar zamindan ajralib chiqa boshladi. Daraxt tebranib ketdi. Shu damda u goʻyoki oʻzining azaliy orzusiga – Osmonga yetadigandek edi. Biroq kutganidek boʻlmadi. Daraxt bir lahza yer bilan osmon oʻrtasida mullaq turdiyu, soʻngra yerga qulay boshladi. U chor tomonga vahima sochib zaminga yiqildi. Shox-shabbalari singan, pajmurda holida angladiki, ildizlaring zaminda boʻlaturib, osmon haqida orzu qilishing borib turgan nodonlik ekan.

Zamin daraxtning bu xiyonatini kechirmadi. Uni oʻz poyida tiz choʻkishga majbur etdi.

Insonning ahvoli ham mana shu daraxtga oʻxshaydi. U mudom orzular ummonida suzishni yaxshi koʻradi. Ba’zan xayol bilan haqiqatni almashtirib qoʻyadi. Vaholanki, inson taqdir bitigidan oʻzgasini ololmas.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.