OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaidvafo Boboyev
Asar nomiOlatoʻnlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Saidvafo Boboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olatoʻnlik (hikoya)
Saidvafo Boboyev

Xolmatning yuragiga gʻulgʻula tushdi. U novcha boʻy, sochlari oʻsiq, charmkamzul kiygan yigitning anchadan beri kuzatib turganini payqab qolgan edi.

«Pulga ehtiyot boʻlish kerak, pulga», — xayolidan oʻtkazdi Xolmat lash-lushlarini apil-tapil yigʻishtirarkan. Uning pishiq matodan tikilgan xaltasi pulga toʻla. Naqd toʻrt yuz ming soʻm. Sal kam olti yuz kilo olmaning puli bu!

Qoʻyliq bozoriga gʻira-shira shom qorongʻusi indi. Lekin tevarak hali gavjum. Shovqin-suron, baqir-chaqir avjida.

Xolmat yana zimdan oʻsha yoqqa koʻz tashladi. Yigit hanuz pista chaqqan koʻyi piyozfurushlarning «KaMAZ»i yonida bezovta turardi.

Xolmat tikanakdek oʻsib qolgan soqol-murtini qashlab tevarakka razm soldi. Bu yaramasning koʻzini shamgʻalat qilib qochib qolish kerak.

Xolmat olatoʻnlik. Ha, bu oʻzining oʻrigiyu olmasi bilan mashhur qishloq. Olib sotarlar har kuz Olatoʻnga yopirilib borib, chorbogʻ egalaridan arzon-garovga meva-cheva undirish payida boʻlishadi. Lekin olatoʻnliklar ham anoyi emas. Osonlikcha ularning nayrangiga uchmaydi. Meva-chevani yo qimmatiga pullashadi, yo oʻzlari mashinaga yuklab poytaxtga olib kelishadi. Lekin qishloq elektr stantsiyasida qorovul boʻlib ishlaydigan Xolmatning bunday oldi-sotdilarga koʻp ham uquvi yoʻq. Shu bois bogʻidagi meva-chevalarni olibsotarlarga arzon-garov berib qoʻya qoladi.

Biroq bu mavsum reja andak oʻzgardi. Xolmat kenja oʻgʻlining xatna toʻyini qish oldiga moʻljallangan. Ammo qoʻl qurmagʻur — yupqa, bel — ingichka. U qishloq kayvonilariga dardini dasturxon qildi, maslahat soʻradi.

«Binoyidekkina bogʻingiz bor, — dedi Ibrohim oqsoqol, — olibsotarlarning sariq chaqasiga koʻz tikmay, meva-chevani yigʻib, oʻzingiz Toshkentga boring. Ana, sizga daromad, mulla Xolmat».

Hamqishloqlari Olqor polvon bilan Sayfulla ham oqsoqolning gapini ma’qullashdi.

«Hech gʻam chekmang, — dedi Olqor polvon til tagiga bir chimdim nos tashlab, — kakraz bizga hamroh boʻlasiz. Xudo xohlasa, Sayfulla ikkovimiz bu hafta Toshkentni koʻzlab turibmiz. Siz ham taraddud koʻring».

Xolmat taraddud koʻrdi, oʻz bogʻidan chiqqan olma roppa-rosa ikki yuz ellik kilo boʻldi. Poytaxt safari uchun bu kam. Kamiga qoʻni-qoʻshnilaridan olma yigʻdi. Sotib kelgach, pulini uzishga kelishishdi. Hamsoyalar andak ogʻrinishsa-da, rozi boʻlishdi. Nihoyat, olti yuz kilo yuk bilan yoʻlga otlandi.

Keldi, koʻrdi. Shahar deganlari shu ekan — Gʻij-gʻij odam...

Xolmat ogʻir soʻlish oldi. Shuning barobarida boyagi shubhali nusxa tomon oshkora koʻz tashladi. Yigit ham zimdan Xolmatga tikilib turgan ekan. Nogoh koʻzlari toʻqnashdi-yu, u darrov nigohini olib qochdi.

«Uh, yaramas, tekinxoʻr», — hayolan soʻkindi Xolmat.

Qorongʻulik tobora quyuqlashmoqda. Odamlar oqimi ancha siyraklashib qolgan. Bozor darvozasi yonida uymalanib turgan ogʻir-engil avtoulovlar betoqat chinqiradi. Keng koʻcha boʻyidagi, bozor ichi-tashidagi chiroqlar birin-ketin yonaboshladi. Biroq Xolmatning koʻngli zim-ziyo. Yuragi bezovta.

«Agar yolgʻiz boʻlsa, bir amallab tinchitaman», oʻyladi u kamariga osilgan pichogʻini paypaslab qoʻyarkan.

Aslida, Xolmat doʻppisini osmonga otib, quvonchdan qiyqirsa arziydi. Axir, uning omadi chopdi. Besh kundan beri joyidan jilmagan yigirma besh quti olmasi shom oldi birvarakayiga «optom» sotildi. Sheriklarining holi ne kechdi — Xudo biladi.

Olqor polvon bilan Sayfullo, ochiq gap, savdoning piri boʻlib ketishgan ekan. Ular Toshkentga yetib kelishgach, yukni Qoʻyliq bozoriga tushirishdi. Shu orada koreys kampirning torgina hovlisidan bir hujrani ijraga olishdi.

«Hali Xudo biladi, Toshkanda qancha turamiz, — dedi Olqor polvon. — Harqalay, boshpanamiz boʻlgani yaxshi-da».

Olqor polvon avliyolik qilgan ekan. Chindan ham ikki kun bir dona ham olma sotishmadi. Bundan Xolmatning hafsalasi pir boʻlib, tushkunlikka tusha boshladi. Lekin sheriklarining sirtiga suv yuqmasdi. Aftidan, oxir-oqibat koʻngildagidek savdo boʻlishiga ularning ishonchi komil edi.

«Chernyaevkaga ketamiz, — deb qoldi Olqor polvon uchinchi kuni ertalab, — u yoqda olma Qoʻyliqdan koʻra qimmat. Ikki hissa foyda koʻramiz».

Xolmat bir sapchib tushdi. Sayfullo esa polvonni qoʻllab-quvvatladi.

«Toʻgʻri, Chernyaevkada klient koʻp. Ketdik, Olqor aka».

«Men hech qayoqqa bormayman, — dedi Xolmat arang, sheriklariga norizo koʻz yugurtirarkan, — mazam yoʻq. Nima boʻlsam shu yerda boʻlay».

Sheriklari uni koʻndirishga harakat qilishdi. Lekin Xolmat oyoq tirab turib oldi.

«Boʻpti, — dedi Olqor polvon oxiri, — keyin pushaymon chekmasang boʻldi. Sen qolaver. Ikki kundan soʻng uchrashamiz».

Yoʻq. Xolmat pushaymon emas. Qoʻling oʻrgulsin savdo boʻldi-da, oʻziyam. Foydaning ham choʻgʻi tuzuk. Ammo... koʻzga tushgan choʻpdek manavi gʻurbatni qarang.

Xolmat bilinar-bilinmas titrayotgan qoʻllari bilan u yoq-bu yogʻini sarishtalagan boʻldi. Hanuz qoqqan qoziqday turgan oʻgʻrinusxa tomon koʻz tashladi.

«Men unga olatoʻnlik kimligini koʻrsatib qoʻyaman. Huv, «Zil»ning panasiga oʻtib olsam boʻldi, kvartirga qarab yuguraman. Ishqilib, bir amallab kampirnikiga yetib olsam boʻldi. Sheriklar ham kelib qolishgandir».

Xolmat atay olib qolgan bir-ikki kilo olmani pul solingan toʻrva ustiga toʻkdi. Haligina non sotuvchi boladan olib qolgan toʻrt dona obi nonni ham toʻrvaga tiqishtirdi. Xullas, oʻzicha pul ustini bekitgan boʻldi. Ammo olatoʻnlik ulgurmadi. Yigit tuyqus u tomon yurdi. Xolmat sergaklandi, zimdan bir qoʻlni biqinidagi pichogʻi ustiga qoʻydi.
— Assalomu alaykum, aka, — yigit nogoh tavoze bilan salom berdi.

Xolmat azbaroyi shoshib qolganidan arang, uzuq-yuluq alik oldi.
— Va alay...

Tavba, qoʻrqqanga qoʻsh koʻrinar deganlari chin ekan, manavi boyagina koʻziga chayir, baquvvat yigit boʻlib koʻringandi. Oriq-ozgʻin oʻspirin ekan-ku, yoshi nari borsa oʻn sakkizda. Odob-axloqi ham tuzukka oʻxshaydi.
— Kechirasiz, bezovta qildim. Aka, siz olatoʻnlikmisiz?
— Ha, — dedi Xolmat hanuz hadik-xavotir iskanjasida.
— Men ham shunday deb oʻyladim-a... Lekin ikkilandim, biroz sizni kuzatib turdim. Oxiri, sizni tanidim aka, istantsiyada qorovul boʻlib ishlaysiz-a, ismingiz Xolmat, Xolmat aka.
— Ha, shunday, — deb gʻudrandi Xolmat yuzi andak yorishib, — sen meni qaerdan taniysan?

Goʻyo koʻpdan beri izlab yurgan odamini uchratganday, yigitning yuz-koʻziga quvonch qalqdi.
— Men xumchalik Ikrom mirobning oʻgʻliman. Ismim Ahad. Sizni koʻp koʻrganman, aka.
— Ha-a, shunday degin, — dedi Xolmat kulimsirab.

Uning yelkasidan togʻ agʻdarilganday boʻldi. Xumcha shundoqqina qoʻshni qishloq. Lekin Xolmat Ikrom deganni tuzuk tanimaydi, bir-ikki u-bu davralarda koʻrgan, xolos. Lekin manavi yigitcha xuddi qon-qarindoshiga yoʻliqqanday, xushxandon iljayib turibdi.
— Bu yerlarda nima qilib yuribsan, Ahad? — soʻradi Xolmat.
— Bu yil oʻqishga kirdim, universitetga.
— Oʻh-oʻ, zoʻr-ku. Tabriklaymiz.
—Rahmat, lekin, — deb chaynaldi Ahad, — sa-al tashvish chiqib qoldi. Men kontraktga zoʻrgʻa ilashganman Xolmat aka. Kontrakt pulini toʻlab qoʻyishim kerak. Ertaga oxirgi muddat. Agar toʻlamasam...
— Otang... xabardormi?
— Ha, — dedi Ahad kalovlanib. Otam bilan telefonda gaplashgandim.

Uning goh hayajonlanib, goh hijolatlanib tushuntirishicha, Ahad otasi bilan telefonda gaplashgan. Otasi hozir ilojim yoʻq debdi. Lekin oʻn-oʻn besh kun ichida albatta pul toparmish.

«Sen ungacha, — debdi otasi, — Qoʻyliq bozoriga chiqib qara. U yerda xumchalik, olatoʻnlik mevafurushlar koʻp, birortasidan pul olib, kontraktni toʻla. Oʻsha odamga men qishloqqa kelgach, pulini qaytaraman».
— Shuning uchun bozorga chiqqandim, — dedi Ahad entikib, — sizni menga Xudo yetkazdi.

Olatoʻnlikning dami ichiga tushib ketdi. «Ob-bo, oʻgʻridan battariga yoʻliqdim-ku, qarz soʻramoqchi...»
— Ha, shunaqa de, — arang poʻngʻilladi Xolmat.
— Aka, — dedi Ahad olatoʻnlikning yuziga bosgudek yaqinlashib. — Endi oʻzingiz yordam berib yuborasiz-da, iltimos.

Talaba shartnoma summasini aytdi. Buncha pul Xolmatning toʻrvasida bor edi. Lekin allaqanday xumchalik Ikrom deganning mishiqi bolasiga shuncha aqchani he yoʻq, be yoʻq berib yuboraveradimi?
— Endi-i, uka-a, — deb gap boshladi olatoʻnlik salmoqlab.
— Qoʻni-qoʻshnilardan nasiyaga olib kelganini, ular bilan darhol hisob-kitob qilmasa boʻlmasligini aytib talabadan yumshoqqina qutulmoqchi boʻldi.
— Endi-i, ukam, gap bunday, — deya tagʻin takrorladi u tomoq qirib. Lekin tomogʻiga nogoh suyak tiqilganday jimib qoldi. Xayolida pishitib turgan gaplari tumtaraqay tarqab ketdi. Yigitcha unga umid bilan termulib turardi. Aftidan u mushkulining oson boʻlishiga soʻzsiz ishonardi.
— Men... men sening qoʻlingga muncha pulni berib yuborolmayman... harholda... hali yoshsan.

Ahad Xolmatni astoydil qoʻltiqlab oldi.
— Aka, pulni menga berishingiz shartmas. Hozir bizning yotoqxonaga boramiz. Yaxshilab dam olasiz. Ertaga ertalab universitet kassasiga toʻlaymiz.
— Yoʻ-oʻ... — dedi Xolmat yana bir bahona topganidan quvonib, — sen bilan ketolmayman. Huv, somonbozor yonida kvartiramiz bor. Sheriklar Chernyaevkaga ketgan. Ularning xonasiga qarab turibman. Men... kvartiraga borishim kerak.

Ahad tuyqus toʻxtab olatoʻnlikning yuziga tikildi.
— Aka, oʻzi yordam berishni xohlaysizmi, yo...

Xolmat yigitchaning nigohlari bilan tagʻin toʻqnashdiyu yana kalovlandi. Chunki bu nigohlar hanuz oʻsha-oʻsha quvonch va umidga limmo-lim.
— Boʻpti, — deb gʻudrandi Xolmat, — roziman, shunga yuqinib kepsan...
— Lekin hozir kvartiraga bormasak boʻlmaydi. Sen adresingni ayt, ertaga ertalab oʻsha joyga yetib boraman. Qolganiga Xudo poshsho...
— Rahmat, aka, — dedi Ahad quvonchdan yal-yal yashnab, — yordam berishingizni bilardik. Chunki siz olatoʻnliksiz...

Talaba Xolmatni yana birmuncha alqab turgach, manzilini hijjalab tushuntirdi, hatto bir parcha qogʻozga yozib-chizib ham berdi. Xolmat ham oʻz manzilini tushuntirgan boʻldi.
— Aka, sizga ishondim, — dedi u, nihoyat quyuq-suyuq xayrlasharkan. — Ertalab soat toʻqqizda sizni oʻsha yerda kutaman.
— Boʻpti, kelishdik.

Ahad koʻzdan yoʻqolar-yoʻqolmas Xolmatning koʻngli butkul xira tortib qoldi. Boʻshanglik qilib, rozilik berib yuborganiga oʻzini rosa koyidi.

Sheriklari allaqachon qaytishgan ekan. Torgina hujra oʻrtasida dasturxon yasatib qarta oʻynashardi. Dasturxon ustida meva-cheva, non, yarim shisha aroq, tabaka.

Xolmat ular bilan hol-ahvol soʻrashgach, hovlidagi kran suvida yuvinib-chayinib qaytdi. Lekin koʻnglidagi xiralikdan qutulolmadi. Bu xiralik xumchalik talaba bilan xayrlashganidayoq uning ichiga yopirilib kirgan edi. Axir odam degani ham shunday boʻshang boʻladimi? He yoʻq, be yoʻq allaqanday mishiqiga va’da berib yubordi-ya?! Iloji yoʻq, uka, pulim oʻzimga hozir kerak, falon narsani olib ketishim kerak, desa, uni birov koyirmidi? Xoʻsh, endi nima boʻladi? Koʻr boʻlib allaqanday xumchalik talabaning shartnoma pulini toʻlaydi. Keyin-chi? Balki Ahadboy gʻirt yolgʻon gapirgandir. Qarz qiyomatga qolsa-chi?

Xolmatning boshi gʻovlab ketdi. U ola-chalpoq yoritilgan koʻcha boʻylab kampirning hovlisiga qanday qaytib kelganini-yu, sheriklari bilan qanday hol-ahvol soʻrashganini ham bilmaydi. Bir-biridan vahimali oʻylar uning ich-ichini gʻijimlar edi.
— Xolmatboy, — dedi Olqor polvon yonboshlab yotgan joyidan goʻshtdor kallasini arang burib, — savdoni qoyillatgan boʻlsangiz ham negadir shashtingiz past?

Sayfullo ham qoʻlidagi kartadan koʻz uzmay mingʻilladi.
— Ha, toʻgʻri, negadir ta’bi tirriq Xolmatboyning.
— E, charchadim-da, — dedi Xolmat parishon qoʻl siltab.

U bir intilib dasturxon ustidagi shishadan aroq quyib ichdi. Bir boʻlak yaxni goʻshtdan gazak qildi. Ichi yayrab, oʻy-fikrlari biroz tiniqlashganday boʻldi.
— Olqor aka, — dedi u, ikkinchi gal piyolani toʻlgʻizarkan, — xumchalik Ikrom mirobni taniysizmi?
— Ha, taniyman, — deb qoʻydi polvon qartadan koʻz uzmay. — Nima gap?
— Shuning bir oʻgʻli oʻqishga kiribdi.

Xolmat shu orada ikkinchi piyolani uzuq-yuluq boʻshatdi-yu, shom chogʻi koʻrgan-kechirganlarini bir boshidan aytib berdi. Sheriklar sergaklandi. Qarta oʻyini toʻxtadi.
— Esing joyidami? — dedi Olqor polvon Xolmat tomon andak surilib, — rostdan ham pulingni berdingmi?
— Va’da berdim-da.
— Oʻv, — dedi polvon, — sen pul topgani keldingmi yo topganingni havoga sovurganimi?

Xolmat poʻngʻilladi:
— Nega sovurarkanman? Qarz bu, erta-indin otasi qaytaradi.
— Ob-bo, ovsar-ey, — deb piqillab kuldi Sayfullo, — hali shu paytgacha hech kim xumchalikdan qarzini undirib ololmagan. Ular gʻirt firibgar. Qancha odamni laqqa tushirib ketishgan.
— Oʻsha Ikrom deganing oʻzi, — dedi polvon barmogʻini bigiz qilib, — itdan bir suyak qarz. Koʻringanni gangitib, chuv tushirib yuradi.

Xolmat huzurlanib koʻzlarini bir zum yumdi. Sheriklarining tanbehi unga moydek yoqib ketdi.

«Tavba, bu Ikrom deganlari xoʻb gʻalati odam ekan-ku. Bozorga bor, olatoʻnlik mevafurushlarni top, ulardan pul ol, debdi-ya?! Xuddi olatoʻnliklarga oshirib qoʻyganday. Qiziq, nega Ikrom mirob bunday dedi ekan? Bizning yordam berishimizga shunchalar ishonganmi? Oʻgʻli-chi? Ortiqcha yalinib-yolvorgani ham yoʻq. Shunchaki, pul berishim shartday soʻradi-qoʻydi. Gʻirt surbet ekan-ku! Men uning koʻzlariga qarab shamday erib oʻtiribman-a! Eh, galvars, yaxshiyam sheriklar koʻzimni ochdi».
— Oʻv, uxlab qoldingizmi nima balo? Xolmat Sayfulloning tovushidan ilkis koʻzini ochdi.
— Yoʻgʻ-e... Oʻzim shunchaki...
— Boshingizni qotirmang, — dedi Sayfullo — xayoldan chiqarib tashlang unday bema’ni yordamlarni.
— Va’da berib qoʻydim-da, — deb mingʻirladi Xolmat.

Olqor polvon istehzoli iljayib piyolani toʻlgʻazib aroq quydi.
— Mana buni ichib yuboring, — va’dani yuvib ketadi, tamom vassalom, — dedi u piyolani uzatib.

Xolmat piyolani oldiyu allaqanday tashnalik bilan aroqni sipqorib yubordi. Chindan ham yengil tortgandek boʻldi. Koʻz oʻngi jimirlab ketdi.

«Tamom. Xudoga shukur, qutuldim. Qandaydir mishiqini deb sarson boʻlib yurmayman. Buning hammasi firibgarlik. Endi bildim. Nomard xumchalik meni boplab chuv tushirmoqchi boʻlgan. Ovora boʻladi. Ular shoxida yursa, biz bargida chopqillaymiz...»

Xolmat sarxush yostiqqa bosh qoʻydi. Hujraning pastak shipi koʻz oʻngida lop-lop silkindi. Yana qarta oʻynashga chogʻlangan sheriklarining tovushi gʻira-shira eshitila boshladi...

...U ilkis koʻzini ochganida hanuz oʻsha manzara edi. Olqor polvon bilan Sayfullo zoʻr berib qarta oʻynashardi. Oʻrtada toʻzgʻin dasturxon.
— Ha, kalla pishdimi? — deb soʻradi Sayfullo gʻimirlab qolgan Xolmatga koʻz qirini tashlab.
— Soat necha boʻldi?
— Oʻn ikki.
— Voy-boʻ-oʻ, hali yotmadilaringmi?

Shu payt eshik gʻiyqillab qiya ochildi, beka kampir bosh suqdi.
— Ey, kto iz vas Xolmat?
— Men...
— Idi, seni chaqiryapti.

Kampir lip etib koʻzdan yoʻqoldi. Xolmat «kim», «qaerda» deb soʻrashga ulgurmay, hovliqqancha bekaning ortidan chopqilladi. Sheriklari uning izidan taajjub bilan qarab qolishdi.

Xolmat kuzning salqin epkinidan sergak tortdi. Boʻy choʻzib darvoza tomon alangladi. Qiya ochiq darvozada kimningdir sharpasi koʻrindi.
— Assalomu alaykum, aka.

U muloyim tavoze bilan salom berib, Xolmat tomon yurdi.

Xolmat qarshisida xumchalik talabani koʻrib hangu mang qotdi.
— Iya, Ahad! Nima qilib yuribsan kechasi?
— Kechirasiz, aka. Bir soatcha oldin otam ogʻaynimning telefoniga qoʻngʻiroq qilib qoldi. Pul topibdi. Ertaga yetib kelarkan. Shuni... sizga aytib qoʻyay, bezovta boʻlmang, ertaga sarson boʻlib yurmang, demoqchi edim.

Xolmat kalovlanib qoldi.
— Hechqisi yoʻq, — deya arang gʻudrandi u. — Bekor ovora boʻp kelibsan.

Ahad kulib Xolmatning qoʻlini samimiy qisdi.
— Aka, yordam bermoqchi boʻlganingiz uchun sizga katta rahmat. Haqiqiy olatoʻnlik ekansiz.

Xolmat sarosimalanib yerga qaradi.