OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Salim Abdurahmon. Qarz (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalim Abdurahmon
Asar nomiQarz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Salim Abdurahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qarz (hikoya)
Salim Abdurahmon

Xolmat qassob yolgʻiz odam. Tom ma’noda yolgʻiz. Yolgʻiz odamlar ikki toifaga boʻlinadi: birinchi toifasi yolgʻizlanib qolgan odamlar. Ular oʻta qaysar boʻladilar. Odamlar ularning soʻzini qonun oʻrnida qabul qilishi kerakdek goʻyo. Bu toʻgʻrimi yo notoʻgʻrimi, ularga farqi yoʻq. Agar hammasi oʻzlari aytganiday boʻlmasa, toʻnlarini teskari kiyib oladilar. Oʻzgalardan nafratlanadilar. Buni bekitib ham oʻtirmaydilar. Taassufki, bunday odamni hech kim xushlamaydi. Ularning yolgʻizligi – zaifligi. Ikkinchi toifa odamlar esa oʻzini yolgʻizlikda yaxshi his qiladi. Baxtli sezadi. Kimningdir qalbiga ozor berib qoʻysa, qiynalib, kechirim soʻrashga shoshiladi. Niyatiga yetmaguncha koʻngli tinchimaydi. Kimgadir ziyonim tegmasin deb, odamlardan oʻzini olib qochadi. Koʻngli tanholik istaydi. Uning qudrati – shunda. Xolmat qassob shu toifadagi odam edi.

U qishloq chetidagi qarovsiz, ikki tom, bir dahlizli, eski paxsali uyda yashaydi. Qishloqdagi ba’zi tiliga kuchi yetmaydiganlar nazdida bu uy – «choldevor». Aslida-ku, uning choldevordan hech qanday farqi yoʻq. Lekin dunyoda koʻngil degan nozik narsa ham bor-da...

Xolmat qassob yagʻiri chiqib ketgan koʻrpachada xayolga choʻmib, yostiqqa suyanib yotardi. Toʻrda eski yogʻoch sandiq, ustida ikki-uch koʻrpa va koʻrpacha. Xona oʻrtasida qoʻlbola xontaxta. Uning ostida qassoblik anjomlari saqlanadigan quti. Yerga ba’zi joylari soʻkilib qolgan olacha toʻshalgan. Uning bor dunyosi — shu...

Qassob oʻrnidan turarkan, qarilik qursin, deya gʻudrandi. Sandiqni ochib, tuguncha oldi. Avaylab ochdi. Ayoli Nodira yangi kelinligida oʻragan qizil roʻmol... Bolalarning ki¬yilmay qolgan koʻylakchalari... Sargʻayib ketgan surat. Unda chiroylikkina qiz kulib qarab turardi. Oʻng yonogʻida xol... Koʻksidagi chirk bogʻlab ketgan yara qayta tirnaldi. Xayol charx¬palagi uni olis xotiralar qa’riga uloqtirdi...

Paxta ekar, ishi oʻziga yoqardi. Egatlar orasiga qovun-tarvuz eksang, saharda koʻkcha qovunni uzib, pichoq tortsang-u,¬ tarsillab yorilib ketsa, mazza qilib yesang... Bunga nima yetsin! Xotini ketmoni dastasiga tushlik solingan tugunni ilib qoʻyardi. Daladan qaytgach, suv sachratib yuvinar, xotini yelkasida sochiq, obdastada suv quyib turardi... Keyin... Nodira tugʻruqxonaga yetmadi... Eshik raxiga peshonasini qoʻyib, entikib-entikib yigʻladi. Bu alam, ayriliq, armon yoshlari edi...

Shu tunda qishloqdan chiqib ketdi. Uzoq-uzoqlarga ketib, bu yerlarga umuman qaytmaslikni istadi. Ketdi. Bir necha kun oʻziga kelolmay yurdi. Yolgʻizgina hamrohi qoʻlidagi tuguncha edi... Birovlarning ishini qilib kun koʻrdi, to Odil qassobga shogird tushmaguncha... Soʻngra ustozi unga oq fotiha berdi...

Suratga ikki tomchi yosh toʻkildi. Qassob yoshni kafti bilan avaylab sidirdi. Surat tiniqlashib, ayolining yuzidagi kulgichlari yaqqol koʻzga tashlandi...

Odamni hayotda shirin xotira tutib turadi!..

Qassob ikki yil burun bu yerlarga kelib qolgan. Qaerdanligi, kimligini hech kim bilmaydi. U har hafta bozordan mol olib, soʻyib sotadi. Aksariyat el talashib oladi. Chunki koʻp qismi qarzga tarqatiladi. Odamlar maosh yo nafaqadan olib kelib berishadi. Biror hafta semiz mol ololmay qayt¬sa, xunob boʻlib yuradi. Bunday paytda tajanglashib hech kimga e’tibor bermaydi. Kimda qarzi boʻlsa, yigʻishga tushadi. Qassoblik ovunchogʻiga aylanib qolgan: foyda-ziyoniga qiziqmaydi. Qassoblik qilmasam oʻlib qolaman, deydi. Shu qishloqdan bir yigitni shogird qilib olgan. Shogirdining haqini vaqtida beradi. U qassobning issiq-sovugʻidan xabardor boʻlib turadi.

Bugun ham mol ololmay kelgan, kayfiyati yoʻq. Suratni avaylab roʻmolga oʻradi. Koʻylakchalarga qoʻshib, tugunga tugib, sandiqqa soldi. Tashqariga chiqdi. Kuzning soʻnggi kunlari. Havoning avzoyi oʻzgargan. Izgʻirin shamol. Uy oldidagi bir tupgina keksa oʻrikning sargʻayib ketgan yaproqlari shitirlab toʻkilmoqda. Yaproqlar har tomonga uchar, shamol ularni toʻp-toʻp qilib har joy-har joyga uyib tashlagan... Koʻchada sovuq tanadan oʻta boshladi. Qaytib kirib, choponini kiyib chiqishni istamadi. Biror yoqqa ketayotganda nimadir esidan chiqqani xayoliga kelsa, ortiga qaytmaydi. Qaytsam ishim yurishmaydi, deb oʻylaydi. Irimchi odam...

Qoʻlida oʻzi bilan olib yuradigan zarang tayoq, yaktakchan boʻlib Barotboynikiga joʻnadi. Barotboy qirqdan oshgan, basavlat, yuzlari loʻppi kishi, mahallaning oldi... Qachon koʻrma, gerdayib, qoʻllarini orqasiga qayirib yuradi. Oʻzidan sal past keladigan odamga burnining uchida qaraydi. Dunyosi qancha koʻp boʻlsa-da, barcha qiladigan xarajatlarini tiyinigacha hisoblaydi. Otasi Egamboydan shunday tarbiya olgan. Birovga uncha-munchaga qarz bermaydi. Bersayam qaytarib olmaguncha koʻngli tinchimaydi. Oʻzi birovlardan qarz boʻlsa, u odamning qatnayverib kavushi yeyilib ketadi... U bilan butun qishloq hayiqib muomala qiladi, lekin orqavarotdan «Barot qurumsoq» deydi...

Ikki marta qarzga goʻsht olgan: bir safar besh kilo, ikkinchi safar mehmon kelib qoldi deb, oʻn besh kilo. Bir oydan oshayaptiki, pulini beray demaydi. Bir-ikki safar koʻchada koʻrib qolib, soʻray dedi-yu, botina olmadi. Salobati bosdimi? Bilmadi... Oyoqlari uning uyiga sudradi...

Darvozani taqillatdi. Javob boʻlavermagach, tayogʻi bilan gursillatib urdi. Toʻsatdan darvozaning kichikroq tavaqasi taraqlab ochilib, eshikda yuzlaridan qon tomgan, jahli burnining uchida Barotboy koʻrindi. U hushsiz edi. Salom-alik yoʻq. Birdan:
— Xoʻsh, xizmat? — dedi.

Qassob duduqlandi. Aytar soʻzi boʻgʻzidan bazoʻr tiliga koʻchdi:
— Qarz...

Ovozini oʻzi ham eshitmadi...
— A-a-a?!
— Qarz deyapman.
— Qarz... Sening hech tashvishing bitadimi? — sensiray ketdi u. — Kunora yugurib kelasan, goʻrga kirganingda ham qarz, qarz deb, tinch yotolmasang kerak. Olasan oʻsha pulingni. Yetmay qoladi deydigan ortingda biror tirnogʻing boʻlsaki...

Ushladi. Jon joyidan ushladi. Uzib ham oldi. Qassob dovdiradi. Tili kalimaga kelmadi. Quloqlari shangʻilladi. Nima deyarini bilmadi. Tezroq bu yerdan ketgisi, yolgʻiz qolgisi keldi. Ketish oldidan battar alam qildi. Nimalardir demoqchi boʻldi. Achchiq-achchiq gaplar aytgisi keldi. Shu payt Barotboyning uyi tomon kelayotgan kampirga koʻzi tushdi... Koʻzlar bir muddat toʻqnashdi. Barotboyni tarbiya qilgan onasi. Mahallada boobroʻ ayol. Toʻyu ma’rakalarda bosh-qosh. Esiz... Oʻgʻliga yaxshi tarbiya bera olmabdi... Yurak urishi tezlashdi. Ortiga qayt¬di. Qalbining tub-tubida gʻalayon uygʻondi. Oʻz haqingni talab qilib ololmasang. Buning ustiga, haqorat qilishsa... Qanday chidash mumkin... Yuragi qinidan chiqquday urar, boshida ogʻriq turgan, lablari nimadir deb pichirlab, aqli hech narsani idrok etolmas, majolsiz qadam tashlar, boshi bir tomonga ogʻib qolgandi...

Choldevoriga yaqinlashayotganini ilgʻadi. Shu tomonga talpindi. Sudralib yetib keldi. Yetdi-yu... Tayogʻiga suyanmoqchi boʻldi. Gavdasini koʻtarishga qoʻllarining kuchi yetmadi. Yuragini changallagancha gursillab yiqildi. Koʻz oldi qorongʻilashib, dunyo chirpirak boʻlib aylana boshladi. Tugunchada ovqat olib kelgan yigit uni shu holatda koʻrdi...

Barotboy vazmin qadam tashlab chorpoyaga, onasi yoniga keldi. Onasining koʻzlaridan shashqator yosh oqar edi. Birdan yumshab dedi:
— Sizga nima boʻldi, ona?
— ...
— Ona?
— Hech.
— Gapirmaysizmi?
— Xato ish qilding, oʻgʻlim.
— Qassobmi?.. Jahl ustida...
— Qarzingni uzishing kerak-ku, axir.
— Albatta, uzaman. Arzimagan pul-ku!
— Faqat pulmas...
— Tushunmadim?
— Sen u odamdan koʻp qarzdorsan.
— Nimalar deyapsiz?!
— Ha...

Barotboy betoqatlandi.
— Ona... qoʻpol gapirganimga aytayapsizmi?
— Uyam, boshqayam. Sen uning oldida bir umr qarzdor boʻlib qolding.
— Hech narsani tushunmayapman. Mayli, sizni ham qiynamayin. Keyin gaplasharmiz. Arzimagan narsaga koʻzyosh qilaverasiz-da, ona.

Barotboy uy tomon yoʻnaldi. Orqadan onasining zaif ovozi eshitildi:
— Koʻngli yarim odamning dilini ogʻritding. Kechirim soʻrashing kerak. Lekin singan koʻzani ming chegalagan bilan... Bu katta yuk. Oʻzing oʻz qilmishing bilan boʻyning¬ga ilgan qarz. Bu qarzdan qutulish uchun ba’zan bir umr¬lik hayoting kamlik qiladi. Tigʻ yarasi bitadi, dil yarasi bitmaydi, bolam.

Shu vaqt maktabda oʻqiydigan kenja oʻgʻli shoshib kirib keldi:
– Dada, buvi, Xolmat qassob oʻlib qopti!

Barotboy supaga oʻtirib qoldi...

Izgʻirin sovuq avjiga chiqdi. Gʻira-shira tuman tushgan. Osmonni bir tekisda bulut qoplab olgan, qargʻalar galasi «qagʻ-qagʻ»lagancha har tomonga oʻynab, parvoz qilardi. Uy oldidagi olma shoxidan sargʻayib ketgan yaproq chirt etib uzilib, ohista tebrangancha yerga tushdi. Asta-sekin qor uchqunlab, shu zahoti laylakqorga aylandi. Yaproq qor ostida qolib ketdi...