OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Salim Abdurahmon. Qaytish (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalim Abdurahmon
Asar nomiQaytish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Salim Abdurahmon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaytish (hikoya)
Salim Abdurahmon

Oq tulpor bulutlar uzra parvoz qilarmish. Ismat fermer yollaridan mahkam tutib, «chu, jonivor, chu!» deb baqirarmish. Ikki yonidan qanot oʻsib chiqqan tulpor yana va yana yuqoriga koʻtarilarmish. Lekin shu payt qanotlari yoʻqolib, quyiga shoʻngʻigan emish.

«Chu, jonivor, chu» degancha uygʻonib ketdi. Tepasida xotini turardi.

– Tushingizda ham ot choptirib yuribsizmi? – jilmaydi u.

Hamon garangsib turgan Ismat fermer oʻzini ot ustida uchib yurgandek his qilar, tushidagi holati yuzida yaqqol aks etib turardi.

Fermer hovliga chiqdi. Tong yorishib kelardi. Uy oldidagi oʻrik gʻarq pishgan, yerga toʻkilib yotardi. Mayin shabada esar, daraxtlar shoxida chumchuqlar chirillar, yuz qadamcha naridan oqib oʻtuvchi soyning shovullashi eshitilar, qurbaqalar vaqillardi. Ogʻil yonidagi katakda xoʻroz qichqirdi. Xoʻtikday keladigan it boshini koʻtarib qaradi-da, yana avvalgiday yotaverdi...

Fermer supada turgan obdastadan yuz-qoʻlini yuvib, oʻrik shoxiga ilingan sochiqqa artindi. Ogʻilga tushib, mol-holdan xabar oldi. Sigirlar kavsh qaytarib yotar, sim toʻrdan qilingan qoʻrada buzoqchalar moʻltirab qarab turardi. Otxonada saman qashqa beda chaynardi. Qashov bilan yaxshilab qashlab chiqdi. Otga bu xush yoqib, quloqlarini ding qilgancha kishnadi. Keyin qoziqqa iligʻliq turgan jubduqni olib egarladi. Qizilqosh egar qashqaga yarashib tushdi.

Ismat fermer otiga boshqacha koʻz bilan qaraydi. Saman biyasining bolasi. Yoshligidan tarbiya qilgan. Hech kimga ishonmaydi. Oʻtgan yildan boshlab koʻpkariga ham qoʻshdi. Qishloqdagi mohir chavandoz – Botir polvon chopib, zoʻr-zoʻr sovrinlarni oladigan boʻldi.

Ortiga qaytdi. Xotini oʻrik ostidagi chorpoyaga koʻrpacha solib, oʻrtadagi xontaxtani tuzab qoʻyibdi.

Yengil nonushta qilib, dosturxonga fotiha oʻqidi. Endi oʻrnidan turmoqchi edi, koʻcha eshikdan kirib kelayotgan Gʻulom oqsoqolga koʻzi tushdi. «Bir baloni boshlagan. Bekorga kelmaydi bu chol», deya ichida toʻngʻilladi. Kayfiyati badtar buzildi. Chorpoyadan tushib, qoʻl berib koʻrishdi. Bir piyoladan choy ichishgach, oqsoqol muddaoga oʻtdi.

– Shu, uka, sen bilan maslahatlashgani keldim.

«Yana qanday maslahat? – oʻyladi fermer. – Oʻtgan yili qishloq ahli hashar qilib shifoxonani ta’mirlagan, kamina shiferini yangilab bergandim. Yana gardanimga nima yuklamoqchi bu?!».

Gʻulom oqsoqol har yili mahallaga bosh boʻlib, biror savob ishni boshlar, yakuniga yetmaguncha qoʻymasdi. Hamma oqsoqol ishidan mamnun, ogʻiz ochishini poylab turar, aytganini jon deb bajarardi. Birontasi ma’raka qilsa, albatta oldidan oʻtardi. Bu birgina Ismat fermerga yoqmas: «Hemiring yoʻgʻ-u, osmondan kelishingga oʻlaymi?» – deb ichidan gʻijinardi. «Qoʻlim uzatgan joyga yetadi, oqsoqollik menga yarashadi», – xiyol qilardi u. Buni sirtiga chiqarmas, oqsoqol oldida muloyim kulib turardi.

Ismat fermer avvallari yuk mashina haydar, yem-xashak tashib kun koʻrardi. Xizmat qilish savob deb har kim bergan pulni olib ketaverardi. Fermer boʻldi-yu, davlati koʻpayib, uch-toʻrt yildan beri batamom oʻzgardi. Orqavorotdan «koʻrmaganning koʻrgani qursin» degan gaplar boʻldi...

– Xoʻsh, bizga qanday xizmat bor ekan, Gʻulom aka?

– Machitni ta’mirlayotganimizni bilasan. Ustini gumbaz qilib, darvozasini yangilashga yordam bersang. Qolganlar ham qoʻldan kelgunicha harakat qilayapti.

Gʻulom oqsoqol ikki oydan beri eski machitni sozlashga kirishgandi. Oldini ayvon qildirdi. Kimdir taxtasi, kimdir shiferiga qarashdi. Birovi darvozasigacha tosh toʻktirib berdi. Koʻchadan kim oʻtsa, oqsoqol ikki-uch zambil shagʻalni ichkariga tashitib qolar, savob boʻladi derdi. Ismat fermer ilk maslahatga borgan, keyin oʻz tashvishi bilan boʻlib, koʻrinish bermay qoʻygandi.

– Gʻulom aka, shu desangiz, mashinaga navbatga yozilib qoʻyuvdim. – toʻsatdan shu gap ogʻzidan chiqib, yuzi duv qizardi. – E-e, bu uncha shartmas. Bu yil niyat qilgandim. Haj safariga... gumbazga hazilakam pul...

Oqsoqol ortiq hech narsa demay, oʻrnidan turdi.

Fermer yerga tikilgancha jim qoldi. Ichidan zil ketdi. Saman qashqani minib dalasiga joʻnarkan, xato gapirib qoʻyganidan yuragi xijil tortardi.

– E, – dedi oxiri, – nima, mendan boshqa gumbaz qildirib beradigan qurib ketibdimi? Kafilligini olganmanmi? Nima boʻlsa Ismat fermer deb kelishadi.

Dalasiga yetib kelgach, koʻzlari bir oz quvondi. Bugʻdoy gʻarq pishgan, beldan keladi. Azobli xayollardan qutulganday boʻldi. Besh-oʻn qadam yurgach, birdan tutaqdi. Ot izlari. Kechasi otlar oralab, istagancha yeb, koʻp joyni payhon qilib ketibdi. Ekinni yana bir sidra koʻzdan kechirib, jahl bilan ortiga qaytdi.

U har kuni tush vaqti oʻrik soyasi tushib turadigan chorpoyada uxlaydi. Uyda yotay desa, chivin talab, tinch qoʻymaydi.

Fermer oʻzini toʻshakka tashladi. Bir ozdan keyin koʻzi ilindi. Tush koʻribdi. Tushida yana oʻsha oq ot bulutlar uzra parvoz qilarmish, lekin qanotlari qayrilgan emish. U esa hayqirarmish.

– Otasi, toʻgʻri yoting, bosinqirayapsiz.

– O, jonivor! – sakrab turib ketdi fermer.

Xotini bosh chayqagancha nari jildi. Fermer yotgan joyida kalima qaytardi. Uxlashga harakat qildi-yu, boʻlmadi. Koʻzini yumdi deguncha koʻz oldida oʻsha qanoti qayrilgan oq ot paydo boʻlib, oromini oʻgʻirlardi.

Qoʻshnisi Abdiboy janozasidan beri ayniqsa tinch uxlolmaydi. Abdiboy mahallaning eng badavlat odami edi. Ajal bunga qarab oʻtirmadi. Mol-dunyosining ham foydasi tegmadi. Oqqon ekan... U ham qabristonga bordi. Doʻppayib turgan qabrga tikilarkan, seskanib ketdi. «Ertaga bir kun men ham...». Uyiga keldi. Oʻtirolmadi. Xuddi derazadan azroil moʻralayotganday yuragi taka-puka edi. Yangi qazilayotgan quduq yonida oʻgʻli Shavkat va mardikor yigit turardi. Bordi.

– Suv chiqib ketdi, – dedi yigit. – Iloji boʻlmayapti.

– Chelakda tortib tashlab qazinglar.

– Foydasi yoʻq.

– Oʻzim tushaman.

Shavkat hayron boʻldi. «Otamga nima boʻlayapti?», deb oʻyladi. Lekin fe’lini bilgani uchun indamadi. Beliga arqon bogʻlab tushirdi. Chelakni toʻldirgach, tepadan tortishdi. Asta-sekin balandlab borayotgan chelakka tikilarkan, oʻtakasi yorildi. Arqon uzilib tushib ketsa-chi? Peshonasini sovuq ter qopladi. Ikkinchi gal fermerni tortib olishdi...

Qorongʻi tushganda ovqat pishdi, xotini yeb keting deganiga ham qaramay, qoʻshotarini yelkasiga ilib, dalasiga joʻnadi. Saman qashqa qozigʻini ekinga yetmaydigan joyga qoqdi-da, oʻzi ancha nari borib, xashaklar ustiga choʻzildi. Qaysar fe’li bor edi. Qandaydir ish boshlasa, oxiriga yetkazmaguncha qoʻymasdi. Bugun ham ekinni payhon qilgan otlarni bir yoqli qilmaguncha koʻngli joyiga tushmaydi.

Zim-ziyo tun. Sanoqsiz yulduzlar jilva qilar, har-har zamonda biror yulduz kuchli nur sochardi-yu, birdan soʻnib, koʻrinmay qolardi. Yaqinida chegirtka chirillaydi. Sal narida boshqasi joʻr boʻladi. Shabada esib, tanga huzur bagʻishlaydi. Naqadar goʻzal. Bunday kechada yulduzlarga tikilgancha dunyoni unutging keladi. Lekin koʻziga bu goʻzallik koʻrinmaydi. Koʻngliga qil sigʻmaydi. Figʻoni koʻkka chiqib, otlarni kutadi. Koʻzi ilinib ketay deydi. Oʻrnidan turib oʻtiradi. Qovoqlarini uqalab, uxlamaslikka harakat qiladi. Bir ozdan soʻng boshi ogʻadi-yu, choʻchib tushadi, sal oʻtmay yana shu ahvol. Idishdagi muzdek suvga yuzini chaydi. Qoʻrqinchli xayollar yana iskanjaga oldi. Oʻlim sharpasi ta’qib etayotganday hadiksirab miltigʻini bagʻriga bosdi. Koʻz oldiga yana Abdiboyning magʻrur nigohi keldi. Shunday odam oʻtib ketdi-ya. Odamlar ham unuta boshladi. Mahallaga biror ish qilib qoʻygan boʻlsaki... Qirqi oʻtmay katta oʻgʻli ichib yurganini ham eshitdi. «Erta bir kun men ham... Abdiboyning kuni boshimga tushsa-ya. Nima qilib qoʻydimki, odamlar eslasa. Gʻulom oqsoqol xalqning qalbida abadiy yashaydi. Shuncha oʻzgarib ketdimmi?». Oʻtgan yili uyiga qovun tushirgani yodiga keldi. Odamlarning ishini qilib kun koʻrib yuradigan yolgʻiz qariya – Bektosh akanikiga bir-ikkita chiqarib beringlar demabdi ham. Qudugʻini dastlab shu kishi qazib bergandi. Bu odamga qancha qarashsang ham davlating ketmasdi. Natijada nima boʻldi? Bozorda sotayotganda bir odam bilan tortishib qolib, qovunning bor pulini berib qutildi...

Yoʻq, endi unday boʻlmaydi. Ertadanoq aybini yuvadi. Avvalo sadaqa qilib yuboradi. Machit gumbazini tiklashga kirishadi...

Yonida nimadir shitirladi. Ilon boʻlsa-ya. Sakrab turib ketdi. Qovjirab qolgan qoʻziquloq tanasi shabadada qimirlab turardi. Xudoga shukur. Tepa tugmalari yechilgan koʻylagining yoqasidan tutib, koʻksiga tufladi: «Buncha talvasaga tushmasam. Ajal tepamda turganday bezovtaman».

Nogoh ekinzorda qandaydir sharpa paydo boʻldi. Birdan sergaklandi. Oʻzi sezmagan holda qoʻshotarini toʻgʻirladi. Sharpa bemalol ekinni oralab, kurt-kurt ovoz chiqarib, u tomon bostirib kelardi.

Tun sukunatini gumburlagan ovoz buzdi...

Oʻgʻli Shavkat bilan qoʻshnisi Ibrohim yetib borganda hushidan ketgan, ekin ichida saman qashqa oʻlib yotardi. Ot arqondan yechilib, ekinni oralagan ekan. Oʻq peshonasini teshib oʻtgan, fermer moʻljalni aniq olgandi...

Ismat fermer ahvoli ogʻir edi. Shavkat qishloq vrachi Qosim akani aytib keldi. U kerakli muolajani qilgach, tong otguncha oʻnglanmasa, shifoxonaga olib ketamiz deb tepasida oʻtirdi.

Yarim kechadan oshganda qimirladi. Koʻzlari pirpirab, nimalardir deb pichirladi.

– Alahlayapti, – dedi doktor. – Xudo xohlasa koʻrmaganday boʻlib ketadi.

– Ot, oq ot, – deb baqirib yubordi Ismat fermer. – U qaytayapti. Osmondan tushib kelayapti.

Doktor tinchlantirishga harakat qildi:

– Ha, otingiz shu yerda. Otxonada.

– Yoʻq, ana u, meni olib ketsa kerak!

Tinchlantiruvchi ukoldan keyin jim boʻlib qoldi. Tongga yaqin koʻzlarini ohista ochdi.

Tepasida xotini, oʻgʻli va Qosim doktorni koʻrib ajablandi. Shavkat boshini xiyol koʻtarib piyolada suv tutdi. Qult etgan ovoz eshitildi-yu, bir necha tomchi lablari orasidan sizib chiqib, yostiqni hoʻl qildi.

– Bir-ikki soʻm topdim deb, eng katta boyligim – iymonimni yoʻqotgan ekanman, oʻgʻlim. Ming osmonda boʻlsang ham bir kun yerga tusharkansan. Eng yomoni, boshingga ajal soya solganda... Gaplarimni yodingda tut. Xalq bilan boʻl. Machitni gumbaz qildirib, darvoza oʻrnatib ber. Hech qachon eldan chiqma. Shundagina men sendan rozi...

Ismat fermer ortiq gapira olmadi. Boshi shilq etib yostiqqa tushdi.

– Nima deyapsiz, ota? Siz hali koʻp yashaysiz.

Shavkat hoʻngrab yigʻlab yubordi...

«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil, 5-sonidan olindi.