OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Salim Ashur. Munchoq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalim Ashur
Asar nomiMunchoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Salim Ashur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Munchoq (hikoya)
Salim Ashur

Vohid yarim soat oldin ishini tugallab, koʻchaga chiqdi.

Tramvayda borarkan, ochiq oynadan bahor havosi yuziga urilar, kun boʻyi mixlanib qogʻoz titkilaganidan dimiqqan yuragi qafasdan ozod boʻlgan qushdek yayrab, potirlar edi. Kunlik ish majburiyatidan qutulganiga bir yengil tortgan boʻlsa, atrofni kuzatib, koʻklam koʻrkidan ming quvonardi. Yoʻlning ikki yogʻida, zilziladan keyin qad rostlagan aka-ukalardek uyqash hovlilarning darvozasi oldida chiranib oʻsgan oʻriklarning guli asosan toʻkilib, yaproqlari kaft yozgan, yaproqlar orasida kapalakdek nozik, andak-andak sargʻaya boshlagan yakkam-dukkam gullar titranar, shahar muhitining vazminligidanmi, qandaydir qiynalib, burishib oʻsgan shaftolilar gʻarq gulga kirgan, gullari toza va tiniq, qaragan sari koʻz ham oʻxshashi yoʻq pokizalikdan oziqlanar, olcha-giloslar oppoq harir yopingan kelinchaklardek nafis chayqalardi.

Tramvay temir izdan – bir xillik va qolipdan goʻyo chiqib ketmoqchi-yu, shu bois chapga, oʻngga baravar silkinar, chizilgan yoʻldan chiqolmaslikka mahkumligini tan olishni istamagandek, dam-badam shaxdiga shaxd qoʻshar, bamisoli yaxmalakda uchayotgan kabi bir maromda sirgʻalar, sirgʻalgan sayin taraqlar edi.

Tiniq osmonning gʻarbiy burjida bir parcha adashgan bulut koʻrindi. Bulut oq boʻlib oq, qora boʻlib qora emas, balki kulrang edi.

Vohid Beshqayragʻochga yetmay, Guli bekatida tushib qoldi. U Xondamir koʻchasida, Zaynab opaning uyida, toʻgʻrirogʻi, hovli kunjidagi tashlandiq «vremenka» – hujrada ijarada turadi.

Birinchi muyulishdagi birinchi uy. Qalin devor ikki tomondan koʻcha va yoʻlakdan ajratib turadi. Uchinchi tomondan, qoʻshni bilan oʻrtaga odam boʻyidan baland shifer toʻsiq sifatida tortilgan. Toʻrtinchi tomondan esa qoʻshnining uyi baland devori bilan qarab, ya’ni «orqa oʻgirib» turibdi. Koʻk temir darvoza ikki tabaqali, odam kirib chiqadigan alohida eshigi gʻiyqillab ochilib-yopiladi. Hovlida bir tup yozgi, bir tup qishki olma, bir tup nok, bir tup gilos, bir tup olcha oʻsadi. Bahorda navbatma-navbat – bir u, bir bu daraxt gullasa, yoz boʻyi mevalarning biri qoʻyib biri shigʻil pishadi. Yayrab oʻsgan nastarin, tartibsiz ekilgan boʻlsa-da, oq, pushti, qizil atirgullar sokin hovliga fayz bagʻishlaydi. Tok ayni navqiron yoshda, gurkirab, ishkomdan toshib, tom ustiga oʻrmalab, keng quloch yoygan.

Hovlining egasi Zaynab opa emas, uning ruhiy kasalligi tufayli qirq olti yoshda ham soʻqqabosh oʻgʻli Marat yoki har zamonda mehmonga keladigan, ikki farzand – bir oʻgʻil, bir qiz-u, erini bagʻriga olib, shaharning Beshyogʻoch qismida ma’mur va farovon umrguzaronlik qilayotgan, oʻqimishligina qizi Lola ham, ijarada turgan Vohid ham emas, balki shu hovlini goʻyoki jonli hayotga, tiriklikning zavqu shavqiga toʻldirgan Munchoq va Baroq ikkalasi edi. Munchoq – oq gurji kuchuk, quloqlari sal kam yerda sudraladi, dumi naq yer supuradi. Baroq esa mallarang mushuk. Semizligidan butun vujudi dirkillaydi, junlari yaltiraydi. Bu ikkisining yolgʻiz mehriboni, tavba deyish keragu, Parvardigordan ham oldin shu kampir edi.

Kampir – Zaynab opa ikki kam saksonda. Tarix fanlari kandidati, dotsent. Nafaqaga chiqquniga qadar universitetda dars bergan – partiya tarixidan. Oʻqigan va oʻqitgan narsasiga oʻzi-da ishongan. Vohid dastlab kelganida, ya’ni hujrani oʻziga moslashtirib, zax hidi oʻtirgan keraksiz lash-lushlarni chiqarib tashlayotgan mahalda eski shkafning kichik boʻlmasidan qalingina papka chiqib qoldi. Qiziqdi, ochib koʻrdi. Mashinkada hafsala bilan koʻchirilgan, tartib bilan taxlangan. Sargʻaygan qogʻozlarni titib, erinmay oʻqidi va bildiki, Zaynab Bekqulovaning kandidatlik darajasini himoya qilish uchun tayyorlagan ilmiy ishi. Mavzu – «Qoraqalpogʻistonda makkajoʻxorichilikni rivojlantirishda partiyaning tashkilotchilik roli».

Bu kabi ilmiy mavzu bugun erish tuyulishi mumkin, himoya qilingan zamonida esa bunday mavzuni tanlamaslik gʻalati tuyular edi. Davr chindan evrildi, bugun bu kabi mavzular ham, ularning qahramonlari-yu, mualliflari – toʻqib chiqarganlar ham eskirdi.

Ha, es-kirdi. Inchunun, Zaynab opa ilmiy ishini, bir vaqtlar qiziqib yozib qoʻygan qissasi qoʻlyozmasini, vaqt oʻtib oʻziga yoqmay qolganidan soʻng, yirtib tashlashga koʻzi qiymay, bir chetga – qoʻl yetmas joyga itqitgan talabchan yozuvchi singari, koʻzdan panaga uloqtirgan edi. Bu Zaynab opaga oʻxshagan vijdonli eski odamlar uchun oʻz umrini, hayotini, maslak-a’molini, pirovardida oʻzini chetga uloqtirish bilan barobar edi. Tuzum oʻz zugʻumiga oʻzi dosh berolmay, chok-chokidan darz yeganda uning teshik, tirqishlarida, oʻpqonida butun-butun avlodlar, benavo taqdirlar va bechora qismatlar choʻkib, yoʻq boʻlib ketar ekan-da. Buni avom anglamasligi mumkin, lekin ilm kishisi... har holda...

Bu kabi ziddiyatli mulohazalar, kundan-kunga yangilanayotgan, oʻzgarayotgan baho va mezonlar, tarixchi ayolning umr ummonini tark etib, boshqa ummonlar sari oʻtib borayotgan hayot kemasi, ya’ni olimaning istak-ixtiyoriga boʻysunmagan taraqqiyot qonuniyati, aniqroq qilib ifodalaganda, hayot haqiqati shafqatsiz tarzda ojizani asabiy, tajang, abgor qilib qoʻygan edi. Siypalab aytganda, u davr ziyolilarining peshqadam, vijdonli, iymonli vakili, oʻz a’moliga hech qachon xiyonat qilmagan. Haqiqatchi deb nom chiqargan. Tarbiyasi, printsipi, dunyoqarashi shu tarzda shakllangan banda edi.

Endi-chi, endi nima boʻldi, u tiklagan a’mol imorati tag-tugi bilan kuyib kul boʻlmadimi?!.

Bu ojizona mahkumlik millionlarning biri boʻlgan bu ziyoli ayolni shubhakor, sergumon va beqaror qilib qoʻygan edi.

Hozir yashab turgan hovlini ham zilziladan keyingi yillarda, universitetdan berilgan uchastkada ersiz, yolgʻiz boshi bilan tiklagandi. Oʻsha paytlar farzandlari yosh, ularga alohida qarov talab etilardi. Albatta, changga, loyga botib ustalar ishlagan, lekin bir uy tiklangunicha ustalarni ishlatib, ularga koʻz-quloq boʻlib turishining oʻzi boʻladimi? Uy hozir ham birovnikidan ortiq, birovnikidan kam boʻlishi mumkin, ammo ne boʻlganda ham, zarur qulayliklarga ega.

Vohid hali temir darvozaga yaqinlashmay, muyulishdan qayrilishi hamono kuchuk hurdi – kampirga xabar berdi. Shunaqa oʻzi: qadam tovushlari eshitilishi bilan Munchoq kim kelayotganini fahmlaydi. Oʻtkinchi boʻlsa, hurib oʻzini urintirmaydiyam, hafsala qilsa, gʻingshib qoʻya qoladi. Shu hovlida yashaydiganlarni esa qadam olishidan ajratadi. Tanish qadam tovushlarini eshitarkan, kelayotgan odamning kayfiyatini ilgʻab, oʻshanga mos vovillaydi, goʻyoki majburiyatini bajaradi – bekani xabardor etadi. Shu Munchoq tufayli bu hovlida alohida eshik qoʻngʻirogʻiga hojat yoʻq.

Kampir inqillab-sinqillab eshikni ochdi. Uning yuzida keyingi paytlarda norozi qiyofa qotib qolgan edi. Oyogʻini zoʻrgʻa yerdan uzib, pildirab aylanayotgan Munchoqni haydagan boʻldi. Munchoqni ichida joni bor, keraksiz koptok emaski, butunlay nariroqqa ketsa...

Vohid koʻchalik kiyimlarini yechib, egniga uy kiyimlarini ildi. «Kulbai vayrona»ning oʻziyam kimsasiz zerikkan va gʻarib koʻrinar edi.

«Kulbai vayrona» deganimiz stol-stul, shkaf, antikvarga aylangan eski taxta divan, shalogʻi chiqqan karavot va gaz plitani bagʻriga olgan chogʻroq xona. Darsxonayam, yemakxona, dam olish xonasiyam shu. Tomda ba’zan shovir-shuvir boʻlib qoladi: sichqonlar ul-bul talashib, chiyillab bir-birini quvib qolsa kerak, hoynohoy. Pastdan koʻtarilayotgan zax shunchalik mayinki, ba’zan sezilmaydiyam. Eshik, deraza zichlab yopilsa-da, teshik, tirqish qoladi.

Vohid yelkasiga sochiq tashlab, tashqariga chiqdi. Tugmalari oʻtkazilmagan koʻylagini chaqqon yechdi-da, gilosning shoxiga ildi. Hovli chetidagi vodoprovod joʻmragini ochib, engashgancha bet-qoʻlini yuvarkan, yelkalarida yomgʻir tomchilarini his etdi. Tomchilar sovuq edi. Tepaga qaradi. Gʻarbdan qora bulut toʻlgʻonib-oqib kelardi. yomgʻir soniya sayin tezlashardi. Koʻylagini shoxdan olib, kiyishga ham toqat qilmadi, qoʻltiqlab ichkariga oʻzini urdi. Egnidagi maykasi hoʻl boʻlgan edi. «Bahor havosiga ishonib boʻlmaydi-da», deb xayolidan oʻtkazdi.

Yupqa toʻshak toʻshalgan taxta karavotga choʻzildi-da, bir tabaqasi ochiq derazadan daraxtlarning quchoq-quchoq gul tutgan novdalariga tikilib, xayol surib yotdi.

U nima haqda oʻylamasin, fikrlari bir «qoziq»da aylanaverardi, bu – ish edi. Tezroq oʻzini koʻrsatishni, u haqda hamma joyda ogʻiz koʻpirtirib gapirishlarini, hozirgidan chandon yaxshi kun kechirishni istar, butun harakatlarini shu maqsad atrofida jamlagan, shahri azimda bekorga musofir boʻlib yurmaganini, bildirilgan ishonchni tezroq oqlashni dildan xohlar edi. Shu boismi, shaharning oʻzbekona muhit hukmron mahallasida ijarashin esa-da, bu yerdagilar, xususan, qoʻni-qoʻshnilar bilan el boʻlib ketolmadi. Koʻcha boshidagi koʻk darvozadan har kuni bir necha bor kirib-chiqishini koʻpchilik bilmasdi.

Qancha yotganini u bilmaydi, koʻzi ilingan ekan, allaqanday tovushlardan uygʻonib ketdi. Shuhrat keldimikan, deb oʻyladi. Shuhrat – jiyani, talaba, birga turishadi. Lekin u koʻpincha yotoqxonada kursdoshlari bilan yotib yuradi. Joʻrabozlikni, poson kiyinib, poʻrim yurishni, katta yeb-ichishni yaxshi koʻradi. Doim kinoma-kino, parkma-park, bozorma-bozor sangʻiydi. Qizlarga ham suyagi yoʻq. Darsgayam borsa-boradi, bormasayam hech kim hech narsa demaydi unga. Ba’zan yarim kecha, ba’zan tongotarda koʻzlarini uqalab kirib kelaveradi. Bunday paytlarda Munchoqqa xudo beradi: vovillab, kichkina joni bilan katta mahallaga jar soladi.

Lekin bu gal Vohidni uygʻotib yuborgan shovqin xonadoshining qadam tovushlari emas, umuman boshqacha gʻala-gʻovur edi. Shundoq yonida nimadir guvillar, nimadir taraqlar, tomda sichqonlar juda bezovta, u yoqdan-bu yoqqa gala-gala boʻlib pildillab oʻtib-qaytar, buni tepadan eshitilayotgan shoshqin shatir-shutir ovozlardan sezish mumkin, olam-jahonga badboʻy hid yoyilgan edi.

Vohid turib oʻtirdi, divandan oyogʻini yerga qoʻyar ekan, toʻpigʻigacha suvga botdi. Ser solib qarasa, xonani suv bosgan, yupqa sholchalar suvda koʻtarilib turibdi.

U shoshib qoldi. «Nahotki, joʻmrak ochiq qolib, quvurga latta-putta tiqilgan boʻlsa, nahotki, suv toshib, kulbagacha oqib kirgan boʻlsa?!.» degan oʻyda dovdiradi.

Karavot tagidagi buyumlarni tez olib, divan ustiga qoʻyardi. Yangi kiyimu boshqa arzanda narsalari joylangan jomadonni koʻtargan edi, odatdagidan ogʻirroq tuyuldi. Darhol sezdi: ichiga suv kiribdi. Shuhratning jomadonini ham divan ustiga qoʻydi. Undan joʻrillab suv oqdi.

U ilgari bunday holatda bir necha bor mashq qilib koʻrgandek, ishonch bilan harakat qilardi.

Koʻk temir darvoza taqilladi. Boshqacha taqilladi: qandaydir boʻgʻiq, lekin vahmkor... Shunday boʻladi oʻzi, yomgʻir sasni boʻgʻadi. «Shunday yomgʻirda qanaqa ahmoq kelishi mumkin?..» – deb oʻyladi. Taq-tuq tobora kuchayardi. «Kimdir qishloqdan kelgan-ov, qoʻni-qoʻshni bunday paytda issiq oʻrnini sovutmaydi-ku...»

Darvozani ochish uchun tashqariga chiqdi. Yomgʻir chelaklab quymoqda. Chuqur hovli soniya sayin suvga toʻladi. Zaynab opa ham tsement zinadan tushib, hovlining narigi tomonidan darvozani ochgani kelmoqda. Vohid joyida turib qoldi, kampir balki kimnidir kutayotgandir?

– Hozir, hozi-ir! – dedi Zaynab opa jahl aralash. – Hozirgilar buncha betoqat boʻlib ketishgan-a! – Darvozaning temir ilgagini olishga urinar, lekin kuchi yetmasdi. Taqillatayotgan darvoza ochilishini kutmas, bil’aks battar taqillatar edi. Vohidning koʻngli alagʻda boʻldi. Shippagi suvga botib keldi-da:

– Toʻxtang, men ochaman, – dedi taraddudlanib. Bu paytgacha kampir ilgakni olishning uddasidan chiqqan edi.

Ilgak olindi-yu, darvoza shiddat bilan ochildi. Kampir ham, Vohid ham darvozani tutib qololmadi. Darvozani katta kuch bilan surgan suv edi. Ochilgan darvozadan hovliga suv shiddat bilan oqib kirardi. Dam-badam kelayotgan toʻlqin darvozani tag-tugi bilan sugʻurib otmoqchidek zamzama qilardi.

Koʻcha baland, hovli past, sarkash suv hovliga bostirib kiradi. Bir pasda hovli katta hovuzga aylandi-qoʻydi.

Kampir chayqalib, muvozanatini yoʻqotdi. Oyoqlarida turib qololmadi. Tizza boʻyi suvga chalqancha yiqildi. Ogʻzi-burniga suv toʻlganidanmi yoki suv sovuq ekanmi, birdan uni oʻchdi. Turishga uringani sari oyogʻi toyar va yana yiqilardi. Shayton qursin, noxush kulgi Vohidning tomogʻiga tiqildi, yaxshiyamki oʻtmadi.

Vohid ahvolni tushundi. Kampirni qoʻltigʻidan olib, suyab-sudrab uyiga olib kirdi. Kampir nuqul oʻqchir, qandaydir oyatni chala-chulpa qaytarar, soʻzlarini anglab boʻlmas edi. Xayoli qochdi, shekilli, bir «skoriy»ga telefon qilish kerak, bir «pojarniy»ni chaqir, tez, tez boʻl», deb gʻudranar, bundan ortigʻiga tiliyam aylanmasdi.

Vohid tushundi: Zaynab opa – qarilikni boʻyniga olishni istamaydigan bu kampir endi oʻziga kelishi, kiyimlarini almashtirishi kerak.

Hovlini tor bilgan suv oʻrtadagi shifer toʻsiqni agʻdarib, tizginsiz lashkardek qoʻshni hovli sari intildi.

Vohid tizza boʻyi suvni kechib, koʻchaga chiqdi: «Nimalar sodir boʻlayapti oʻzi?!» Koʻchani bor eniga qoplab, boshdan quyiga pishqirib kelayotgan suvni koʻrib, yuragi orqaga tortib ketdi. Goʻyoki yuragi urmay qoldi yoki gʻoyat tez urib ketdi. Yoʻl, yoʻl chetidagi yoʻlaklar, yoʻl bilan yoʻlak oʻrtasidagi beton ariqchalar... hech, hech narsa yoʻq, faqat suv bor edi. Asov suv devorlarga urilar, «Devor, sen zoʻrmisan, men zoʻrmi?» – degandek kuch sinashar, turgan joyida dong qotib qolgan daraxtlar bilan bahslashardi goʻyo. Uylarning oldida turgan yengil mashinalar shinasining yarmigacha suv ichida qolgandi.

Goh u, goh bu hovlidan yigʻi-sigʻi, dod-faryod ovozlari eshitilar, barcha ovozlarni suv shovqini yutib yuborardi. Odamlar uydan koʻchaga chiqishar, koʻchada yurib boʻlmas, ayollar yigʻlar-siqtar, chollar, kampirlar baland ovozda tilovat qilishardi. Bolalar-chi, bolalar... Butun olamga zid ravishda quvnashardi! Negadir bolalar jala olib kelgan seldan qoʻrqishmas edi.

Daydi itlar, egasiz mushuklar, koʻkda gala-gala aylanadigan qushlar... hamma-hammasi nom-nishonsiz ketgan edi.

Jala qanday tez boshlangan boʻlsa, shunday tez oʻtdi. Faqat... faqat hovlida, koʻchalarda qalin loy-balchiq qoldi. Havoda badboʻy hid va rutubat aylandi.

Ertasiga Zaynab opa kasalxonada yotadigan boʻldi. Temir yoʻlda vagon kuzatuvchisi boʻlib ishlaydigan qizi vagon mashinisti – kuyovi bilan kelib, uni mashinaga oʻtqazib, olib ketishdi. Qiz va kuyov doim shoshib kelib-shoshib ketishar, yurish-turishlari rejali, ish vajidan shekilli, vaqtni hamisha hisob-kitob qilishar, ketar chogʻlarida yana qachon kelishlarini kun, soatiga qadar aytishar, ona-qaynona doim: «Nabiralarimning diydoriga toʻyadigan kun ham bormi?..» deya zorillar edi.

Mashinaga oʻtirar ekan, kampir inqillab-sinqillab bir gapni qayta-qayta takrorladi:

– Vohid, Shuhrat, Munchoqqa yaxshi qaranglar, och qolmasin. Ovqatini vaqtida beringlar, tunda xabar olib turinglar-a undan. Huraversa, kitob oʻqishga xalal berayapti deb kaltaklaysizlar uni, bilaman, lekin men yoʻgʻimda urmanglar, u oʻchakishib, battar huradi. Oʻshanday paytda och qolgan boʻladi. Xolodilnikka kolbasa, non, suyak, et qoʻyib qoʻydim. Oʻzlaring yeb qoʻymanglar, Munchoqqa beringlar. Munchoq och qolmasin... – kampir negadir mushukni eslamadi, uning nomini ham tilga olmadi. Bu paytda Munchoq oyoq tagida pildirar, Zaynab opaning oyogʻini yalab-yulqar, suykalar, balandga sakrab, barmoqlariga tumshugʻini tekkizardi, xalatining etagini tishlab ortga tortar, qoʻyvormas, darvozadan chiqqani qoʻymas, kuyov dam-badam oyogʻi bilan turtib haydasa-da ketmas, unga sayin battar javrar edi.

It bor-yoʻgʻi it-da, shuncha odam unga quloq osarmidi, mabo-odo, ja-a aqlli boʻlgan taqdirda ham?!

Kampir ketdi, darvoza ilindi. Munchoq munchoq-munchoq yosh toʻkdi. Kelib suykalayotgan, quvlashib oʻynagandagidek goh quloqlari, goh dumidan tishlab tortib, irgʻishlab qochayotgan, oʻynab-quvnashga undayotgan Baroqqa parvo qilmas, hatto qayrilib qaramasdi.

Uch kun boʻldi – Munchoq hech narsa yemaydi, ichmaydi. Tiq etgan tovushga qulogʻi ding boʻladi. Koʻchadan qadam tovushlari eshitilsa – boʻldi, darvoza tagiga yotib poylaydi. Har safar hafsalasi pir boʻladi. Baroqning shoʻxliklarini koʻtarmaydi, oʻynamaydi u bilan. Goʻyoki Baroq degan mushukni tanimaydi, hayotida koʻrmagan uni. Holbuki, ikkalasi birga – ikkita it yoki ikkita mushuk kabi katta boʻlishgan. Orada «it-mushuk»chilik sezilmagan hech. Bitta bekaning qoʻlidan narsa yeb, saxovat va marhamatidan baravar bahramand boʻlishgan. Endi-chi, kampir ketdi-yu, oralaridagi inoqlik koʻtarildi. Munchoq oʻzgardi, kun sayin boshqacha boʻlib bormoqda. Doim koʻzlari nam, avvalgi oʻti yoʻq. Baroq esa oʻsha-oʻsha, ishkomga tirmashib tomga chiqadi, tomda kaptarlar bilan quvlashadi. Tomdan nariga – qoʻshnilarnikiga ham oʻtib kelaveradi, xohlasa kelmaydi, ixtiyori oʻzida. Kun qizdirganda gulbutaning tagida xumordan chiqquncha agʻanaydi.

Munchoq esa... kampirning eski shippagini avaylab tishlab, u yoqdan-bu yoqqa olib yuradi. Titilib ketgan shu arzimas oyoq kiyimi ustida «kulcha» boʻlib yotadi. Holbuki, kampir uni axlatga itqitishga koʻzi qiymay, burchakdagi karton yashikka tashlagan edi. It bir talay oyoq kiyimlari orasidan nuqul shuni topib olaveradi.

Bir gal Vohid shippakni Munchoqdan tortib olmoqchi boʻldi, balki shu shippak deb narsa yemayotgandir bu jonivor? Qayda, Munchoq shippakni bermadi, olaman deb uzalgan qoʻlga xuddi katta yirtqichlardek tashlandi. Hay, hay demasa, tirnogʻi bilan tilib yo tishlab olishdan ham qaytmaydigandek edi. Mittigina boʻlib, unga solishtirganda togʻdek odamdan tap tortmas, hayiqmas edi.

Vohid ham, Shuhrat ham oʻz tashvishlari – oʻqish va yumushlari bilan ovora edi. It yoki mushuk tashvishi yosh yigitlarning qaygʻusi boʻla olarmidi?!

Avvaliga e’tiborsiz boʻlishdi. Keyin – oradan bir hafta oʻtgach, hushyor tortishdi. Munchoq soʻlib qolgandi. Kampir tayinlab ketganidek, muzlatgichdan kolbasa, suyak, et berishsa-da, hatto hidlab koʻrmas, nafaqat hidlamas, balki qayrilib qaramas, faqat bahorning kuydirguvchi quyoshidan berkinib soyaga oʻtar, kampirning shippagiga ba’zan boshini qoʻyib, ba’zan bagʻrini berib yotardi.

Qoʻyilgan narsalar sasib, bijgʻib ketdi. It yalogʻini mogʻor bosdi.

Baroq oʻziga kerakli narsalarni ajratib oldi.

Yigitlar hayron boʻlishdi: nega shu narsalarni kampir berganda Munchoq yutoqib yer edi-yu, bizning qoʻlimizdan yemaydi bu it?!.

Zaynab opa kasalxonaga tushgandan buyon ruhiy bemor oʻgʻli Marat singlisi Lolaning uyida turar, nega deganda uning oʻziga alohida qarov zarur, dori-darmon va muolajalarini tayin bir vaqtda qabul qilishi kerak, bu tartibga oʻzi rioya qilolmas, bundan tashqari uni doim tergab turmasa, oʻz boshicha noma’lum yoqlarga ketib qolar, oʻziga qarashni bilmas, yon-atrofdagilarga masxara boʻlar, uyga bir tashvish keltirar edi.

Ikki hafta deganda Lola, eri va Marat keldi. Zaynab opa yana ikki hafta yotadigan boʻpti. Kampirga toza ust-bosh, boshqa zarur narsalarni tugun qilib olib, yana darhol qaytib ketishdi.

Yotgan joyida kampir: «Toza koʻylagimni kiydiringlar...» dermish, «Munchogʻimni sogʻindim, mensiz holi nima kechdiykin?..» deyaverib, hamshiralarni ham hol-joniga qoʻymasmish.

Munchoq egasining farzandlarini tanidi. Bir-ikki hurib, sas berdi. Ularning izlarini, oyoq kiyimlarini hidladi. Atroflaridan bir-ikki aylandi, lekin oldingi shoʻxligu erkaliklarini qilmadi. Baroq esa ularning oldida shishinib ketdi, «hunari»ni koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlgan «manman» dorbozdek ishkomga tirmashdi, undan tomga chiqib, bir-birining par-patiga mahliyo boʻlib «ku-ku»lashayotgan bir toʻp kaptarni toʻzgʻitib yubordi...

Lola onasi tayinlagandek qildi: it yalogʻini yuvib tozaladi, muzlatgichdan kolbasa, et, suyak olib qoʻydi. Oʻzi ham tsellofan xaltachada suyak keltirgan ekan, kim biladi qaerdan olgan buni, oʻrab muzlatgichga qoʻydi. Suv idish – temir tovoqni yuvib, suv toʻldirdi.

Ammo Munchoq bu sulukatga qayrilib qaramadi.

Lola bir yonda, Marat bir yonda:

– Munchoq oyimni sogʻinibdi, oyimni sogʻinibdi, – deb kuyinishardi, lekin kuyov ahvolni sezdi, shekilli:

– Hah, bechora-ya, oyijonga juda oʻrgangan ekansanda-a, – deya xoʻrsindi-da, Munchoqning boshini yumshoq siladi. – Uyga olib ketsakmikan-a?..

– Uyga qatga oborasiz, «dom»da hamma joyni rasvo qiladi-yu, kim buni ketidan tozalab yuradi, buni ustiga sizziyam, maniyam qoʻlimizdan narsa yemaydi-ku, bu oʻlgur isqirt it, – deya bobilladi Lola; shunga oʻxshash holatlarda ayollar erlarini jerkibroq va asabiy gapiradilar, Lola ham xuddi shunday qildi.

Uch hafta boʻldi, kampir kasalxonada.

Munchoq endi mushtdekkina boʻlib qolgan, koʻzlari chuqur botgan, oyoqlari tolxivichdek, dumi arqondek ingichka tortgan edi. Oppoq paxmoq junidan asar ham qolmadi, sargʻayib ketdi. Boshini koʻtarolmay endi bir joyda yotar, qovurgʻalari qoshiq dastasidek bilinib turar, kun davomida joyini bir oʻzgartirsa oʻzgartirar, boʻlmasa umuman oʻzgartirmas edi.

Yegulikka qayrilib qaramasdi.

Vohid bir parcha etni olib, Munchoq yoniga bordi. Munchoq boshini qiynalib koʻtardi, yon tomonga moʻltirab qaradi, koʻzlari soʻnik edi, boshini tutib turolmadi – shippak ustiga qoʻydi.

It etni hidlamadiyam.

Baroq oʻynoqlab keldi-da, etni ilib qochdi.

Munchoq qiynalib oʻrnidan turdi, shippakni tishlab, hovli chetiga, qurilishdan qolgan siniq gʻishtlar-u, shifer parchalari uyub qoʻyilgan burchakni moʻljallab yurdi. Oyoqlari gavdasini tutolmas, hamma yogʻi qaltirar, titrar edi. Yarim yoʻlga bormasdan yiqildi, ogʻzidan shippak tushib ketdi. It shippakka bagʻrini berdi.

Vohid Munchoq yonida kuymalanishayotganidan dadillandimi yoki bir tomosha koʻrsatib, bularni xursand qilay dedimikan, ishqilib, Baroq oʻqdek uchib keldi-da, Munchoqning tagidan shippakni sugʻurib qochdi. Shu qochishda ishkomga, ishkomdan tomga oʻtdi, tomda shippakni xuddi chalajon sichqonni oʻynagandek oʻynadi, keyin koʻrinmay qoldi.

Munchoq shiddat bilan xezlanib, Baroqning ortidan tashlangandi, ammo... Ammo hech qancha bosmay, boshi tagida qolib, oʻmbaloq oshib tushdi. Oʻzini oʻnglab ololmadi. Yotgan joyida tez-tez xirillab nafas olar, butun vujudi sopqondek koʻtarilib tushar, koʻzlaridan suv tomchilardi...

Toʻrt hafta oʻtdi.

Munchoq bir joyda – oʻsha yiqilgan joyida yotib qoldi. Boshini koʻtarolmas, qoʻzgʻalolmas, quloqlarini, dumini-da qimirlatolmas edi. Qovoqlariyam qimirlamas, koʻzlari harakatsiz edi. Faqat yupqalashib qolgan teridan it yuragining qiynalib, erinib tepishi bilinib turardi.

Baroq Munchoqning holidan xabar olmay qoʻydi. Keyingi ikki-uch kunda umuman koʻrinmadi.

Ertalab yuvingani chiqqan Shuhrat biroz oʻtib tashqaridan derazani tortib ochdi, ichkariga bosh suqdi-da:

– Vohid aka, Munchoq oʻlib qolibdi, – dedi hovliqib. – Endi nima qilamiz, Zaynab opaga nima deymiz?..

Yigitlar maslahat qilishdi: Munchoq – jonivor, axlatga tashlab boʻlmaydi, axlat mashina kelganda berib yuborish, baribir, axlatga tashlash bilan barobar...

Joni uzilgan joydan chuqur kovlab, juda chuqur kovlab koʻmishdi, yer bilan tekislashdi. Oyoqosti boʻlmasin, degan mulohazaga borib, gul ekib qoʻyishdi,

Shunday qilish joizmi, nojoizmi – bilmasdan, Vohid ichida bilganicha oyat oʻqidi, chamasi Shuhrat ham shunday qildi.

Shu-shu, Baroq bu hovlida boshqa koʻrinmadi.

Ikki kun oʻtib, Zaynab opa dov-daska bilan uyga keldi. Qizi, oʻgʻli, kuyovi kampirni qoʻllab-qoʻltiqlab mashinadan tushirib, uyga olib kirishdi. Kimsasiz uy gʻala-gʻovurga, nurga toʻldi, hovliga qandaydir katta hayotning bir boʻlagi kirib kelgandek boʻldi.

Lola derazadan boshini chiqarib, hovlining toʻriga qarab baqirdi:

– Vohid, hu Vohid, sizzi oyim chaqirvottila...

Vohid atay bormadi. Oʻzini uyquga solib yotdi. Kampir Munchoqni soʻrashini bildi. Soʻrasa nima deydi?..

Qizi bilan kuyovi koʻp oʻtirmadi, ishli odamlar-da, tez ketishdi. Ikkalasi ham yaqin soatlarda smenaga chiqishi kerak ekan.

Hech qancha oʻtmay, hovlini aylanib koʻzdan kechirgan, daraxt va gullarga uncha e’tibor bermay, vodoprovod joʻmragini ochib-yopib koʻrib, uning ijarada turgan yigitlar tomonidan buzilmaganligiga ishonch hosil qilgan kampirning oʻzi «vremenka» eshigini taqillatib keldi. Xonani obdon koʻzdan kechirar ekan, liqilloq stulga oʻtirdi.

Zaynab opaning rangiga rang yugurgan, davolangani, kuchga kirgani dadil-dadil gapirishlaridan ham ayon edi. Vohiddan Munchoqni soʻradi, «nega koʻrinmayapti?» dedi.

U, Munchoq endi bu yorugʻ olamda yoʻqligini aytganda, kampir shilq etib yoniga yiqildi.

Marat, Shuhrat, Vohid uchalasi kampirni avaylab yotogʻiga olib oʻtishdi. Kampir pardek yengil edi.

«Tez yordam»da kelgan shifokor Zaynab opa insult boʻlganini, uni qoʻzgʻash mumkin emasligini aytdi.

Kampir shu yotishda toʻrt hafta yotdi. Tildan, harakatdan, ovqatdan qoldi. Munchoq soʻnggi kunlarini qanday yashagan boʻlsa, kampir ham xuddi shunday yashayotgan edi, ya’ni kundan-kunga shamdek soʻnib borardi.

Koʻzlari chuqur choʻkdi, yuzi suyak ustiga terini tashlagandek shalvirab osildi. Barmoqlari qalamdek ingichka tortdi. Butun vujudi kichrayib, mushtdekkina boʻlib qoldi.

Lola – mehribon qizi, nima ovqat tayyorlab tutmasin, yutmadi, tomogʻidan ichkariga oʻtkazmadi. Faqat suvni toʻxtatolmas, suv sirgʻalib tomogʻidan oʻtardi.

Toʻrt hafta deganda kampirni gʻargʻara tutdi, xirillab, zoʻrgʻa-zoʻrgʻa nafas olardi. Kutilayotgan voqeani istamagandek, choyshab ostida mushtipar yurak gursillab tepar, koʻkrak temirchining bosqonidek koʻtarilib tushar edi.

Qizi, oʻgʻli, kuyovi, nabiralari rozi-rizolik qilishdi. Kimdir yashirincha koʻzyosh qildi, kimdir baralla oʻkindi. Endi bu voqea nima bilan tugashini hamma ich-ichdan anglar edi.

Vohid bilan Shuhrat garchi ijarada turishsa-da, ya’ni bu xonadonga nisbatan begona boʻlishsa-da, goʻyo kampirdan hol soʻramoqchidek uzun-qisqa boʻlib, bosh egib kirishdi. Kichik nabira – hali maktab oʻquvchisi, boqibegʻam bola momosini shu koʻyga solgan Munchoqning oʻlimi tafsilotini soʻrab qoldi.

Vohid Munchoq kampirning shippagini bermay olib yurgani, unga goh boshini qoʻyib, goh bagʻrini berib yotganini gapirar ekan, toʻrt haftadan buyon qimir etmagan kampir xiyol qoʻzgʻalib qoʻydi-da, «uh» tortib yubordi.

U soʻnggi nafasini olgan edi.

Mart, 2011 yil

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.