OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalim Ashur
Asar nomiQor maydalab yogʻardi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Salim Ashur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qor maydalab yogʻardi (hikoya)
Salim Ashur

Bahrom kompyuterni oʻchirishga shaylanarkan, noxos telefon ustma-ust jiringlab qoldi.

U kun davomida qoʻngʻiroqlardan bezib qolar, har gal telefonning «varajasi» tutganda tok urgandek seskanib ketardi. Hozir yuragi dukurlab goʻshakni koʻtararkan, birinchi oʻrinbosar dagʻal ovozda doʻrilladi:

– Xodimlarning bir kunlik hisobotini, ertangi ish planini tayyorlab kiriting. Muddati, ijrochi, mas’ullarni aniq koʻrsating. Ertangi seminarga boradiganlarning ob’ektivkasini taxlab qoʻying. Yaqin qarindoshlarini ham koʻrsating, bilasiz-a, qaynana-qaynata ham yaqin qarindosh hisoblanadi...

E’tiroz birdirmoqchi, «buning kimga, nima keragi bor», demoqchi edi, boshliq sezib qolgandek qat’iy:

– Markaziy kengashdan soʻrashyapti, – dedi.

Tamom.

Bahromning ustidan qaynoq suv quyilgandek boʻldi – kuyib ketdi, «Har kuni bir nagʻma oʻylab topishadi, – deb xayolidan oʻtkazarkan, qizigan toshdek chirsilladi. – Kunlik hisobot, kunlik reja... bizning ishimizda buni nima keragi bor? Hamma oʻz ishini bilib qilaversa... Ahmoqlar, ikki soatlik yigʻinga ishtirokchilarning ob’ektivkasini nima qilasan, goʻringga gʻisht qilib qalaysanmi?.. Tagʻin yaqin qarindoshlari emish... Shuncha darding bor ekan, ikki soat oldin aytmaysanmi, yarim kun oldin aytmaysanmi?..» degan oʻyda asabiylashardi. Yana kompyuterni yoqdi, aytilgan qogʻozlarni hozirlashga kirishdi.

Endi mobil telefoni jiringlab qoldi. Shoshib devorga osigʻliq soatga qaradi: roppa-rosa sakkiz. Ish vaqti tugaganiga ikki soat boʻlgan, «ikki soat ortiqcha ishladik, buni pulini enajoning toʻlaydimi?..»

U mobil telefonining yashil tugmachasini bosib, qulogʻiga qoʻydi, boshini yonga engashtirib, kiftiga qisdi, qoʻllari kompyuterda klavishlarni terardi.

– Kelaqolmaysizmi endi, – dedi telefonda xotini zarda bilan, – bukchayib yotib qoldi kattangiz. Kelmasangiz ayting, «skoriy»ni oʻzim chaqiray?..

Ikki-uch kundan buyon katta oʻgʻli «ogʻriyapti» deb qornining goh u, goh bu yerini koʻrsatadi, ingraydi. Oʻng biqinini ba’zan changallab qoladi.

Eng qizigʻi, bu dard tunda qoʻziydi, ertalab yoʻqoladi. Ogʻriq uygʻonganda «tez yordam»ni chaqirmoqchi boʻlishadi, ammo «isitmasi boʻlmasa, «tez yordam» kelmaydi», deb xotini koʻrikni ertalabga qoldiradi. Bola esa nahorda oʻzini soppa-sogʻ his etib, «doʻxtirga bormayman, maktabga boraman» deb oyoq tirab turib oladi.

– Issigʻi chiqdimi? – deb soʻradi Bahrom.

– Yoʻq, chiqqani yoʻq, lekin bola koʻkarib ketayapti.

– Unday boʻlsa, «skoriy»ni emas, Sunnatni chaqir, moshinasida kelsin. Olmazordagi «Shoshilinch tez tibbiy yordam»ga olib boringlar. «Skoriy» chaqirsang, kim biladi, qanaqa doʻxtir keladi, qayoqqa olib boradi?.. Men ishdan chiqib toʻgʻri oʻsha yoqqa boraman. Hozir qoʻlimga ish berishdi. Kutib turishibdi, topshirmasdan ketolmayman, – shunday der ekan, Bahrom oʻylardi: «Shu qogʻozbozlikning kimga keragi bor, nima uchun?..»

Tashqariga chiqsa, yomgʻir aralash qor yogʻyapti – koʻz ochirmaydi. Havo sovuq. Mashinani qizdirishga ketgan vaqt ham Bahromga juda uzoq tuyuldi.

Kasalxona qabul boʻlimida – kiraverishda oʻng tomondagi oʻrindiqda xotini, qaynisi Sunnat oʻtirardi. Bahromni koʻrib, baravar turishdi. Engil-boshidan qor qoldiqlarini qoqarkan:

– Said qani? – deb soʻradi Bahrom.

– Ichkarida, analizga qon olishayapti, – dedi xotini, tepasiga katta-katta harflarda «Tahlilxona» deb yozilgan eshik tomonga koʻzi bilan imo qilarkan. Eshik oldida besh-olti chogʻli odam toʻplangan edi.

– Vrachlar appenditsit deyishayapti, – deb gapga qoʻshildi Sunnat pochchasiga koʻrishish uchun qoʻl choʻzarkan. – Anovi turgan yosh doʻxtir qornini bosib tekshirib koʻrdi. Endi qonni analiz qilish kerak ekan.

Bahrom qizib ketdi. Issiq kurtkasini yecharkan, xotini qoʻlidan oldi:

– Anovu oq xalatli bilan oʻzingiz gaplashib koʻring-chi, nima derkin.

Katta zalning bir burchagi «akfa» bilan oʻralgan, tepasiga «Roʻyxatxona» deb yozilgan, odam boʻyi keladigan toʻsiqning koʻkrakdan tepa qismi oynavand edi, ichkarida oq xalatli qizlardan biri telefonda soʻzlashar, biri katta daftarga nimalarnidir qayd etar, yana biri, kasallik varaqalari boʻlsa kerak, bir uyum qogʻozni titkilardi. Oq xalatli oʻrta boʻy yigit tashqarida turib ichkaridagi telefon goʻshagiga engashganicha gaplashar, butun gavdasini bir oyogʻiga tashlab, tebranib turardi.

«Nima desam ekan, nimadan gap boshlasam ekan?.. – deb oʻyladi Bahrom. – Avval puldan gap ochsammikan, doʻxtirlar pulni yaxshi koʻradi, deyishadi-ku. Yoki bu bola mening oʻgʻlim boʻladi, yaxshiroq qarab beringlar, desam, keyin oʻzi bir nima der, muddaosini aytar...»

Yigit goʻshakni qoʻydi. Qizlar bilan gap sotishib turaverdi.

Yon-atrofda qalin kiyimlarga oʻranib olgan bemorlar oyoqlarini ogʻir sudrab u yoqdan-bu yoqqa oʻtib-qaytar, ba’zilari bukilib zoʻrgʻa-zoʻrgʻa qadam bosar, aravachalarda boshi bir yoqqa oqqan, kasalxonaning jigarrang xalati-yu, kulrang shalvori kiygizilgan, tizzasiga qalin adyol tashlangan bemorlarni surib kelishar-surib ketishar, bintlarga oʻrab-chirmalgan kasallarni gʻildirakli karavotda surib oʻtishar, ingroqlar, ba’zan «oh-voh»lar eshitilib qolar, hamma yoqda kutayotganlar yurak hovuchlab betoqat turar, havo dim – har xil dorilarning hidi qorishgan, nafas olish ham malol kelardi.

Oq xalatli ayollar, erkaklar bu manzaraga sira «yopishmaydigandek» edi Bahromning nazarida. Bemorlar, xastalar oʻzlari bilan oʻzlari ovorai-andarmon; ular esa boshqa bir olam: parvoyi-palak, goʻyo bu olamda birorta xastayu-bemor yoʻqdek, goʻyo hech kim azob tortmayotgandek, goʻyo kimlar uchundir tiriklik iztirobga aylanmagandek, goʻyo tomogʻidan qultum suv oʻtmay qolgan odamlar bu dunyoda yoʻqdek, goʻyo hamma baxtiyordek; goʻyo shifoxonada emas, goʻzal bogʻu chamanda sayr etib yurishgandek – bir-birlariga yiroqdan qoʻl silkib qoʻyishar, hazil-huzul qilishar, gap otishar, tegajogʻlik qilishar, turtib oʻtishar, tomoshaga chiqqandek tutishardi oʻzlarini.

Xotini koʻrsatgan oʻrta boʻyli boyagi yigitning oldiga borib, soʻz ochdi... Birinchi taassuroti shu boʻldiki, kutganidek dimogʻdor emas ekan.

– Uchinchi qavatdan bosh vrachni chaqirib qoʻydim, hozir tushsin, appenditsitmi, yoʻqmi, oʻsha kishi aytadi, u kishiga gap yoʻq, bizning ustozimiz boʻladi, – dedi.

Bu paytda xotini yoniga yetib kelgan, u ham yosh shifokorning ogʻziga umid bilan termulib turardi. Bildirmay biqinidan turta boshladi, Bahrom ayolning muddaosini tushundi.

– Ot bilan tuya boʻlarmidi, – dedi yosh shifokor, – koʻnglingizdan chiqqani-da.

Bu gap gʻoyatda mubham va mavhum edi.

Bu gap hech kimni qanoatlantirmadi.

Bahrom oʻrtaga takror shu savolni qoʻydi. U hozir oʻzining ham, xotinining ham yonida moʻmay pul yoʻqligini bilar, agar shifokorlar kattaroq soʻraydigan boʻlishsa, buning chorasini koʻrib qoʻyishi lozim edi.

– Oʻzlari aytadi, – dedi yosh shifokor ustozini nazarda tutib.

Bosh shifokor pastga tushmadi.

Tahlil uchun qon topshirgan Said xonadan chiqdi. Otasini koʻrib, oʻpkasi toʻlib ketdi. «Erka-da, kaftimizda koʻtarib, piypalab katta qilayapmiz-da, joni ogʻrib koʻrmagan; qiyinchiliklarda ham sal pishitishimiz kerak», deb xayolidan kechirdi Bahrom. Bir pas oʻgʻlini bagʻriga bosib turdi.

Ular uchinchi qavatga koʻtarilishdi. Said ikki bukilib «ixrab», zoʻrgʻa-zoʻrgʻa qadam bosardi.

Bahrom Sunnatni uyga joʻnatdi. Xotini unga pul qaerda turishini tushuntirdi. Unga «tez olib kel», deb tayinladi.

Bu yogʻi tezlashib ketdi.

Ustoz shifokor – Sobir aka vazmin, kamgap ekan. Bu odati kalta va semizligiga «yarashib» turardi. Saidni palataga olib kirdi. Karavotga yotqizib, qornini har xil qilib bosib koʻrdi. Koʻngli aynib, rangi oqarib yotgan kasaldan zarur narsalarni soʻradi.

Bahrom har holda koʻrichak emasdir, operatsiya qilishmas, degan oʻydan xayolini uzolmasdi.

– Aniq appenditsit, – dedi shifokor ishonch bilan. – Mahalliy narkoz yuborib, koʻrichakni olib tashlaymiz, – dedi u, bir piyola choyni ichib olamiz, degandek zarracha hayajonlanmasdan.

Bahromning yuragi shuv etdi, ustki kiyimini koʻtarib, qornini ochib yotgan Saidning rangidan qon qochdi. Onaning sasi chiqmadi-yu, koʻzlaridan duvillab yosh oqdi.

Shifokor vaziyatni angladi.

– Hechqisi yoʻq, koʻrichak oʻzi odam tanasida keraksiz a’zo, ortiqcha narsalar olib tashlansa, organizm yengil boʻladi, yanada zoʻr ishlaydi, keraksiz narsadan butunlay qutulgan yaxshi, – dedi u odam emas, goʻyoki qandaydir mashina toʻgʻrisida gapirayotgandek va bu bilan atrofdagilarga dalda bergandek boʻldi. – Bundan keyin seni koʻrichaklar hech qachon bezovta qilmaydi. Koʻrichak oʻzi yoʻqdek narsa, bor-yoʻqligiyam bilinmaydi. Ammo zaharga toʻlganda tag-tugi bilan kesib, tanani undan xalos etilmasa, butun organizmni zaharlab, har qanday polvonni ham adoyi tamom qilishi mumkin. U har qancha kichik boʻlmasin, arzimasdek tuyulmasin, bir marta tag-tugi bilan kesib tashlab, undan butunlay xalos boʻlish lozim...

Hamshiralar Saidni yechintirib, gʻildirakli karavotga oʻtqazishdi-da, choyshab bilan oʻrashdi. Surib ketisharkan, u yotgan joyidan boshini koʻtarib koʻzlarida yosh gʻiltillab turgan onasiga qarab qoldi.

Operatsiya boʻlmasiga Bahromlarni kiritishmadi.

Bosh vrach katta bir imtihon oldida nochor qolgandek titrayotgan Bahromning yonidan oʻtarkan, negadir uning yuziga emas, chorasiz osilib tushgan qoʻllariga, shalviragan kaft va barmoqlariga koʻz qirini tashlab oʻtdi.

«Umidvor boʻldi», deb oʻyladi Bahrom.

Qaynisining shu choqqacha yetib kelmaganidan toqatsizlandi. Asabiylashib u yoqdan-bu yoqqa yurdi.

Eshik oldiga nazoratchi qoʻyilgan ekan. U kelib koridorda turgani ham, yurgani ham qoʻymadi. «Mumkin emas», deb turib oldi. «Operatsiya xonasidan oʻz odamlarining olib chiqilishini kutib, shuncha ayol-erkak turgan, oʻtirgan, yurgan boʻlsa-yu, nega ularga emas, aynan bizga tixirlik qiladi», – shu fikr Bahromning ongiga mixlanib qoldi.

Xotini:

– Choʻntagiga ming soʻm solib qoʻysangiz, bizni ham haydamaydi, – dedi tilsimning sirini ochgandek.

Xuddi xotini aytgandek boʻldi.

– Sizzi odamizzi qanaqa operatsiya qilishvotti? – deb soʻradi nazoratchi yigit goʻyo qandaydir hamdardlik, mehribonlik izhor etmoqchidek. U, chamasi, yigirma besh yoshlarda, ingichka gavdali, husnbuzar toshgan ozgʻin yuzida yonoq suyaklari boʻrtgan, qiyiq koʻzlarida quvlik oʻynagan joʻn yigit edi. Hozirda hamma joyda qoʻriqchi-nazoratchilar kiyishi urf boʻlgan ust-boshi yoshini oshirib koʻrsatardi. Endi muomalasi oʻzgargan, oʻzini yaqin tutishga urinardi.

– Koʻrichak, – deb qoʻydi Bahrom xushlamay.

– Koʻrichak onson narsa, bir pasda optashiydi. Aslida koʻrichak lishniy, kesib tashlab, biratoʻlasi qutulgan luchshe, – derdi nazoratchi bilagʻonlik bilan.

«Da, luchshe kesib tashlash», deb oʻyladi Bahrom ham.

Sunnat keldi. Qoʻlida gʻishtning yarmidek narsa, rangsiz yelim qogʻozga oʻralgan edi. Uni opasining qoʻliga tutqazdi...

Ikki soatdan keyin Said palatada qaltiroq tutib yotardi. Ota-onasi yonida, karovatning ikki chetida tik turishar, goʻyo farzandlari bilan birga qaltirashar, birga nafas olishar edi.

Bu holat oʻtdi. Tinchlantiruvchi ukollar ta’sir qildimi, Said uxlab qoldi.

Bu paytda tun yarimlagan, uchinchi qavatda shifokor va bemorlarning gʻimir-gʻimiri tingan, navbatchi shifokor va hamshiralar har xil yumush bilan u yoq-bu yoqqa oʻtishar, uyqusi qochgan yoki tinchini topmagan xastalar yo qoʻl telefonida soʻzlashish uchun xoliroq burchakka oʻtishar yoki kulrang kafel toʻshalgan uzun koridor chetidan shippaklarini sudrashib borishar, ularning orasida qoʻlini orqaga olib, boshini xiyol engashtirgan oʻrta yoshli kishi goʻyo dengiz sohilida sayr etib yurgandek bir maromda odimlar, deraza oldidan oʻtarkan, toʻxtadi, tashqarida quyuq zulmatning qop-qora rangini buzib sochilayotgan katta-katta, oq-oppoq qor parchalarini xayolchan kuzatardi.

Saidning singlisi, oʻn ikki yoshli Shahnoza va ukasi, olti yoshli Abror uyda kattalarsiz qolishgan edi. Operatsiya tashvishi bilan boʻlib, ularni esdan chiqarganini sezgan Bahrom xotiniga:

– Sen uyga boraver, Shahnoza oʻzi Abrorni eplay olmaydi, Abror sensiz uxlamaydi, xarxashasi ham toʻxtamaydi. Shahnozayam tunda yolgʻiz qoʻrqishi mumkin, men Saidning yonida ertalabgacha oʻtiraman. Koʻrding-ku, suv soʻrab turibdi. Yonida katta odam boʻlmasa, koʻp suv ichib qoʻyishi mumkin, – der ekan, ovozida ogʻir horgʻinlik zuhur etardi.

Xotini, qaynisi ketdi. Bahrom uxlayotgan oʻgʻlining tepasida, ustiga ul-bul qoʻyilgan tumbochkaga ilinib omonat oʻtirar, bir oyogʻining uchini polga tekkizib, muvozanatini saqlar, ikki koʻzi farzandining yuziga mixlangan edi. Oʻgʻli tez-tez nafas olar, har zamon-har zamonda boshini u yoq-buyoqqa tashlab, ingrab qoʻyardi.

Toʻrdagi karavotda yotgan kasalning ikki yoniga ikkita baklashka osilgan, oyogʻi boshi bilan baravar darajada koʻtarilib, ustiga uniqqan qalin adyol yopilgan edi. U katta yoshli kishi boʻlsa-da, yoshlarga xos mashgʻulot bilan band, ya’ni, koʻzlari xiralashganmi, qoʻl telefonini yuziga yaqin tutib, ikki qoʻllab tugmachalarni bosar, dam-badam yengil zavq bilan «ah-ha», «ah-ha» deb qoʻyardi.

Uning oyoq uchi tomonda, stulda nozikmijoz yigit mudrab oʻtirar, u, aftidan, bemorning yo kichik oʻgʻli yoki nabirasi edi. Yigit gung edi. Ular boyagacha barmoqlar yordamida «soʻzlashgan» – kulishgan, arazlashgan, bir-birining qoʻllarini avaylab tutib, ehtimol, oʻzaro minnatdorlik izhor etishgan edi.

Bahrom oʻgʻlining oyoq uchi tomonga joylashib oʻtirmoqchi boʻldi, ammo karavot sal narsaga gʻijirlar, boz ustiga baland, oʻtirishga noqulay, shunga qaramay oʻtiradigan boʻlsa, oʻgʻlini bezovta qilib qoʻyishi mumkin edi. Navbatchi hamshiradan stul soʻramoqchi, ertalabgacha bir amallab stulda oʻtirmoqchi edi. Hamshira oʻtavermagach, oʻzi koridorga chiqdi. Koridorda lift tomonga shoshib ketayotgan kishi Bahromning shovurini eshitib, ortga oʻgirildi. U nazoratchi kiyimidagi boshqa bir yigit edi.

– E, oka, unaqamas-de, begonalarni chiqarlaring, degan kamanda boʻldi. Kasallarni bezovta qilish mumkinmas... – deya Bahromni chiqib ketishga undadi.

– Oʻgʻlimni ikki soat oldin operatsiya qilishdi...

– Qanaqa operatsiya?

– Appenditsit.

– A, koʻrichakmi, koʻrichak lishniy narsa oʻzi, uni kesib tashlab qutulish kerak... – Bu ham oldingi nazoratchi yigitning gaplarini takrorlardi. – Koʻrichak hech narsamas, yengil operatsiya. Sizzi ertalabgacha boʻtta qoldirolmiyman. – Ilkis muhim narsa esiga tushgandek soʻradi: – Obshiy narkoz bilan qilishdimi, mestniy?

– Mahalliy narkoz bilan...

– Tem bolee, sizni palatada qolishingiz, umuman, otdeleniega xalatsiz kirishingiz mumkin emas, oka.

Bahrom, «ana toʻqqizinchi palatada yengilroq kasalning oldida oʻgʻlimi, nabirasimi oʻtiribdi-ku, har kecha navbat-navbat ulardan bir kishi qolarkan-ku», demoqchi boʻldi.

Ammo...

U nazoratchining muddaosini tushundi. Choʻntaklarini titkilashga tushdi: «Boya qaynisi olib kelgan puldan qolganini qaerga qoʻygan edi-ya». Toʻzigan xayollarini bir amallab yigʻishtirarkan: «pulni doim chap kissaga solaman-ku», degan oʻy fikridan kechdi. Shimining soʻl choʻntagidan bir siqim pul olib, bitta ming soʻmlikni ajratib oldi-da, yigitning choʻntagiga tiqib qoʻydi. Harakatlari poyintar-soyintar boʻlsa-da, nazoratchining koʻzlari uni diqqat bilan kuzatdi.

– Oka, biza ikki kishimiz.

Bahrom dastlab gap ma’nosini anglamadi, tushungach, yana bitta ming soʻmlikni boyagi choʻntakka tiqib qoʻydi. Nazoratchi:

– Koʻrmagandak boʻlib ketsin, – deb yaxshi niyat bildirdi-da, goʻyo Bahromni koʻrmagandek, Bahrom uning oldidan chiqib qolmagandek, shart oʻgirilib, yoʻlida davom etdi.

Olti kishilik palataning chirogʻi oʻchirib qoʻyilgan. Bahromning qovoqlarini ogʻirlik bosar, beli tolib borar, eski yogʻoch stul gʻijirlayverar, xotini uydan dam-badam telefon qilib, oʻgʻlining ahvolini soʻrar, qoʻl telefonini «bezzvuk»ka qoʻyganligi uchun ba’zi chaqiriqlarni eshitmay qolar, uyqu ham issiq joyga keladi, deganlaridek, charchoq va uyqu tobora kuchliroq ta’sir koʻrsatar edi.

Navbatchi shifokor – Saidni operatsiya qilgan Sobir aka xabar olish uchun kelib qolganda allaqachon tun yarimdan oqqandi.

– Bezovta boʻlmayaptimi? – deb soʻradi u, Saidning peshonasiga kaftini qoʻyib koʻrdi-da: – Yaxshi, siz uyingizga boravering. Hamshiralarga aytib qoʻyaman, zarurat boʻlsa, qarashadi, – dedi.

Bahrom oʻgʻlining mobil telefoniga oʻzining telefon raqamlarini kiritib, tumbochkaning ustiga, qoʻl yetadigan joyga qoʻydi. Endi roʻyxatdan nomini izlash shart emas, shundoq yashil tugma bosilsa – boʻldi, birinchi qoʻngʻiroq oʻziga keladi.

Palatadan chiqqanda oʻgʻli bir maromda uxlayotgan edi.

Mashinada kelib, uyga kirishi bilan oʻgʻlining telefonidan qoʻngʻiroq boʻldi. Shosha-pisha telefonni oldi.

– Dada, – dedi oʻgʻli xasta ovoz bilan, – qaerdasiz, qornim ogʻriyapti, chanqayapman...

– Hozir yetib boraman, sen qimirlamay yot.

Bahrom endi taksi toʻxtatdi. Shifoxonaning katta yoʻl boʻyidagi temir darvozasi oldida tushib qoldi. Yoʻlak boʻylab yurmadi, keng-moʻl hovlini toʻgʻri kesib, eshikkacha yugurib bordi. Har joy-har joyda odamlar turar, shubhasiz, ular kasallarning izidan kelganlar edi. Qabulxona boʻlimi oldida odamlar ham, mashinalar ham koʻp edi.

Eshik oldida Bahromni nazoratchi toʻxtatdi. U bir zum hech narsani anglamay, karaxt turib qoldi. Havo sovuqligi uchun ogʻzi-burnidan hovur yoyilar, hansirab nafas olardi.

– Oʻgʻlimni oldiga kelayapman. Tunda operatsiya qilishgandi. Qorni ogʻrib qopti.

– Kottalar boʻlimidami, kichiklar?

– Kattalarni.

– Necha yoshda?

– Oʻn ikkida.

– Oʻn ikkida boʻlsa, kichiklar boʻlimida boʻladi-ku?

– E, e, oʻn ikkimas, oʻn toʻrtda.

– I-e, oʻz oʻgʻlingizni yoshini bilmaysizmi, haqiqiy otasimisiz oʻzi?

– Haqiqiy, – dedi Bahrom jahl bilan. Shoshganidan oʻgʻlining yoshini notoʻgʻri aytganini sezdi. Bahrom qancha shoshsa, nazoratchi shuncha shoshmas, eshikka koʻndalang turib, yoʻlni boʻshatmas edi.

– Qorni ogʻrigan boʻlsa, qanaqa operatsiya qilishgan oʻzi?

– Koʻrichak, – dedi Bahrom xunobi oshib. Oʻgʻlining oldiga yetolmayotganidan, vaqt oʻtayotganidan ichi kuyib borardi.

– Ha, koʻrichak boʻlsa, hech narsamas, undan qutulgani yaxshi, koʻrichak – lishniy...

Bahrom portlab ketdi:

– Gapni aylantirmasang-chi, – deb baqirib yubordi, – qoch yoʻldan.

– Shundoq quruq kirib-chiqaverasizmi, oka?..

Bahromning miyasi yarq etib ochilgandek boʻldi: nazoratchining muddaosini tushundi. Shartta choʻntagidan bitta ming soʻmlikni chiqarib, yigitning maxsus kiyimi choʻntagiga tiqib qoʻydi.

U yoʻlni boʻshatdi.

Besh qavatli binoning birinchi qavatidagi umumiy eshikdan kirgach, boʻlimlarga olib chiqadigan yoʻlakka oʻtasiz, undan tegishli boʻlimga oʻtish uchun endi boshqa eshikni ochishingiz kerak. Shu yerda boshqa nazoratchi Bahromni toʻxtatdi:

– Oka qatga ketvossiz, odam oʻtiriptiyam demaysiz-a?

Bahrom qaerga borayotganini tushuntirdi.

– Qorni ogʻrib qolibdi, – deb qoʻshib qoʻydi toqatsizlanib.

– Mumkin emas, – dedi nazoratchi. – Kasallarni tinchini buzasiz. Koʻrichakdan qoʻrqmang, u lishniy narsa, olib tashlashgan boʻlsa, oʻgʻlingiz qutulibdi...

«Koʻrichak... lishniy...» degan gaplar Bahromni hushyor torttirdi va u shu paytgacha qilgan ishini unutganini tushunib yetdi. Choʻntagidan bitta ming soʻmlik chiqardi...

Zinada uchinchi qavatga – jarrohlik boʻlimiga koʻtarilguncha hansirab qoldi.

Tortsa, qattiq-qattiq itarsa ham ochilmadi-yu, eshik oynasi zirillab ketdi. Ichkaridan yopilgan: kalit qulfdaligi osilib turgan bir qarich qora ipdan koʻrinib turardi. «Eh-he, oʻgʻlim telefon qilganiga qancha boʻldi...» degan bezovta oʻy ichini itdek kemirardi. Eshikni betoqat taqillatdi.

Ichkarida, keng foyening toʻrida televizor qoʻyilgan, eski divanda oyogʻini chalkashtirib, yonlama oʻtirgan kishining boshi bir yonga qiyshayib, goʻyo qotib qolgan edi. U nazoratchi kiyimida edi.

Taqillagan ovozni eshitib, boshini zoʻrgʻa koʻtardi. Eshik oldiga kelib, tuynuk qopqasini ochdi, Bahrom engashib gapirdi:

– Toʻqqizinchi palatada oʻgʻlim yotibdi, operatsiyadan keyin uxlab turdi, qorni ogʻrib qolibdi, meni telefon qilib chaqirdi.

– Qanaqa operatsiya?

– Appenditsit.

– A, koʻrichakmi, u qoʻrqinchli emas. Koʻrichak oʻzi lishn... – Sochlari toʻzgʻigan nazoratchi boshini orqaga tashlab, ogʻzini katta ochib esnadi.

– Bilaman, bilaman, koʻrichak lishniy narsa, olib tashlab, bir yoʻla qutulgan ma’qul...

Nazoratchi gapini davom ettirmadi, koʻzlari katta ochilib, Bahromning yuziga hayron boqdi.

– Bilsayiz...

– Mana, mana, – Bahrom choʻntagidan bitta ming soʻmlikni olib, nazoratchiga uzatdi.

Eshik ochildi.

Palata issiq, dim, allaqanday hid bor edi. Qadam tovushlarini eshitib, katta yoshli ikki bemor koʻzini ochdi. Gung yigit stulda oʻtirganicha, boshini devorga suyab, mizgʻirdi. Bahrom enkayib, oʻgʻlining peshonasidan oʻpdi. Ogʻriqdanmi, uning peshonasiga ter sizgan edi.

– Dada, qaerda edingiz? – deb soʻradi oʻgʻli past ovozda.

Bahromning koʻngli allanechuk boʻlib ketdi, oʻgʻli «nega tezroq kelaqolmadingiz» deb ta’na qilgandek tuyuldi.

– Bu yerda tartib-intizom qattiq ekan. Tashqariga chiqqan edim, eshiklarni yopib qoʻyishibdi.

– Qornim ogʻriyapti, dada, – dedi oʻgʻli chehrasida iztirob balqib.

– Hozir, – dedi-yu, Bahrom navbatchi hamshira xonasi tomon ketdi.

Navbatchi shifokor – Sobir aka Saidni kelib koʻrdi, ogʻriqni qoldiruvchi, tinchlantiruvchi ukol buyurdi.

– Hammasi joyida, operatsiyadan keyin shunaqa holat boʻladi, – dedi.

Ukoldan keyin, koʻp oʻtmay, Said orom topib, yana uyquga ketdi.

Tong toʻla oqarib, hamshiralar bemorlarga harorat oʻlchagichlarni tarqatib chiqishgach, palatada ham, butun qavatda ham kasalxonaga xos hayot jonlandi. Kimlardir dori ichar, kimlardir ukol olar, kimlardir bogʻlov xonasiga kirib-chiqardi. Hamshiralarning qoʻli-qoʻliga tegmas, ular chaqqon-chaqqon yelib-yugurishardi.

Said bir maromda uxlar, kechqurungi stulni farrosh olib chiqqani uchun ota karavotning bir chetida ilinib oʻtirar, oʻrni kelganda palatadagi bemorlarning gapiga qoʻshilar, savollariga qisqa-qisqa javob berardi.

Ertalab Bahromning xotini tovuq shoʻrva tayyorlab keldi. Ust-boshiga qoʻngan qor parchalari palataga kirguniga qadar erib boʻlgan, roʻmolidan toshib chiqqan sochlari hoʻl edi.

Onaning ovozini eshitib, oʻgʻil koʻzini ochdi. Ona ona-da, favqulodda quvonib ketdi. Oʻgʻlining boshini kaftlari orasiga olib, peshonasiga labini bosdi.

Saidga onasi tovuq shoʻrva ichirguncha, Bahrom bolaligida koʻrichak boʻlgani, operatsiyadan keyin unga ham onasi tovuq shoʻrva ichirganini gapirib berdi. Gapirarkan, bolaligini, rahmatli onasini eslab, koʻngli yorishdi.

Boya dori tarqatgan hamshira palataga bosh suqdi:

– Kasallardan boshqalar chiqib ketsin, hozir vrachlar keladi, professor «obxod» boshlaydi.

Bu paytda ona oʻgʻliga shoʻrvani ichirib boʻlgandi. Ovqati bor banka ustini sochiq bilan yopib qoʻydi.

– Yana ichging kelsa, uzalib olarsan, bankaning oʻzida ichaver, qoshiq mana, kosaning ichida, sochiqning tagida, – shunday deb ona tumbochkani karavotga yaqin surdi.

Xayrlashib, ketishga chogʻlanisharkan, oʻgʻli:

– Suv ichirib qoʻying, – dedi.

Qaynab sovigan suvdan baklashka qopqogʻida tutishdi.

– Oʻgʻlim, ichging kelsa ham koʻp suv ichma, doʻxtirlar aytdi, suv operatsiyaning tez bitishiga xalal berarkan, – dedi Bahrom.

Said «xoʻp» ma’nosida bosh irgʻadi. Dabdurustdan:

– Dada, kecha operatsiya vaqtida baqirganim eshitildimi? – deya soʻradi va olajak javobi koʻp narsani hal qiladigandek, Bahromning ogʻziga tikildi.

Bahrom bunday savolni kutmagan edi. Dovdirab qoldi.

– Doʻxtiring chidamli bola ekan, «gʻiyq» etgan ovoz chiqarmadi, dedi-ku, a, onasi? – deyish bilan xotinini goʻyo «yordam»ga chaqirdi.

Aslida, hech kim bunday demagan edi. Buni xotiniyam biladi. Lekin:

– Ha, ha, – dedi ayollarga xos hushyor sezgi ila vaziyatni payqab.

– Dada, oyi, – dedi Said ichki oʻkinch bilan, – doʻxtir sizlarni aldabdi, men baqirdim, baqirganimni keyin bilib qoldim.

Ochiq osmonga xira bulut koʻtarilgandek, oraga tushunuksiz sukunat choʻkdi... Xira bulut koʻp hollarda «xiralik» qilmaydi, tez tarqaydi.

Er-xotin zarur gaplarni tayinlab, koridorga chiqishdi. Chiqib borisharkan, xotini toʻsatdan:

– E, bir narsani unutibman, aytib chiqay, – deb orqaga oʻgirilgan edi, uzoqda – eshik oldida turgan boyagi nazoratchi yigit lovullab ketdi:

– Hov, yana qayoqqa?!

Xotini orqaga qaramay, oʻgʻli yotgan palata tomon ildam yurdi. Shaxd bilan kelgan nazoratchini Bahrom toʻxtatdi:

– Bir gapni aytib chiqsin.

– Shundogʻam koʻp qop ketdinglar, oka.

Bahrom choʻntagini kovlab, bitta ming soʻmlik chiqardi-da, yigitning maxsus kiyimi choʻntagiga solib qoʻydi.

Nazoratchi hech narsa demay, ortga qayrildi.

Bahrom eshikdan chiqmay, xotini yugurgilab yetib oldi.

– Nima deding? – deb soʻradi Bahrom.

– Koridorda yursang, devordan bir qoʻling bilan tutib yur, boshing aylansa, darrov oʻtirib ol, boʻlmasa, koʻz olding qorongʻilashib, yiqilib tushishing mumkin, deb aytdim.

Zinadan tushib borisharkan, xotini qiziqdi:

– Boya nima dedingiz anavi «eshik ogʻasi»ga?

– Ming soʻm bergandim, hech narsa koʻrmaganday, qaytib ketdi.

– Voy, qirilgur, – devordi xotini, – kirayotganimda mendan ming soʻm olganidi-ku. Birinchi eshikkayam, ikkinchi eshikkayam ming soʻmdan berdim, bermagunimcha «koʻrichak – lishniy...» deb qoʻyishmadi, – dedi jigʻibiyron boʻlib.

Bahrom, oyoqlari yerga botib qolgandek, beixtiyor toʻxtadi.

– Nima dedi?! – deya xotiniga qarab angrayib qoldi.

– Koʻrichak – lishniy...

Qor maydalab yogʻardi.

Fevral, 2011 yil

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.