OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalomat Gʻoyibnazarova
Asar nomiBoʻrilar ta’qibi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Salomat Gʻoyibnazarova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻrilar ta’qibi (hikoya)
Salomat Gʻoyibnazarova

Oʻsha yili qish juda sovuq keldi. Togʻda ovqat topa olmagan boʻri va tulkilar qishloqlarga tushib tovuq, qoʻy-qoʻzilarga hujum qilayotganligi haqida uzunquloq gaplar tarqalgan bir paytlar edi. Buvim meni yeru-koʻkka ishonmas, qayerga borsa birga olib ketardilar.

Bir kuni buvim Bulungʻur tumanidagi qarindoshlarnikiga boradigan boʻlib qoldilar. Onamning: «Kun sovuq, qol», — deb qistashiga qaramasdan, men ham buvim bilan birga ketdim.

Mehmondorchilikdan soʻng qaytishimizda qarindoshlar bizni katta yoʻldan (Samarqand — Toshkent yoʻli) avtobusga oʻtqazib yuborishdi. Ancha yoʻl yurib bir joyga kelganimizda buvim shofyorga avtobusni toʻxtatishni soʻrab, tushamiz dedilar. Kech kirib, qorongʻu tusha boshlagan, atrof tuman. Buvim avtobusdan tushganimizdan soʻng atrofga qarab, «tumanda adashdik, shekilli», dedilar va katta tosh yoʻl boʻylab avtobus ketgan tomonga qarab yura boshladik.

Uzoqda gʻira-shira chiroq shu'lasiga oʻxshash narsalar koʻrinar, yerda esa oppoq qor, kun sovuq va izgʻirin, atrof tuman edi. Borgan sayin tuman qalinlashib, qorongʻulik kuchaya boshladi.

Yoʻlning bir tomonida siyrak daraxtlar, ikkinchi tomonida esa oppoq qorli dalalar koʻzga tashlanadi. Tuman juda qalinlashib, oppoq dalalar ham, uzoqdagi chiroq shu'lasi ham koʻrinmay qoldi. Lekin, hamma yoqda oppoq qor boʻlgani uchun qorongʻulik unchalik sezilmas edi. Oyoq ostidagi qorning gʻarch-gʻurchi va har zamonda oʻtgan mashinalarning tovushini hisobga olmaganda, jimjitlik hukmron. Buvimning yonida ketar ekanman, yangi qizil etikchalarim bilan qorni qattiq-qattiq bosaman buvimniki kabi gʻarchi eshitilsin, deb. Lekin, juda sekin eshitildi. Juda xushchaqchaq, har damda xoxolab kuladigan, yuzidan doim nur yogʻilib turadigan buvimni shu topda taniyolmas edim. Buvim gʻamgin boʻlib qolgan va nimadandir xavotirda edilar. Mening qadamlarim sekinlashganini koʻrib orqasiga opichlab, choponining etagini ikki tomondan qayirib, oyoqlarimni oʻrab qoʻydi. Buvim yoʻldan har zamonda vizillab oʻtayotgan mashinalarga qoʻlini koʻtarardi, lekin ular toʻxtamas edi.
— Buvijon, ular bizni tumanda koʻrmayaptimi? — deyman, toʻxtamagan mashinalarning ortidan qarab.
— Ha, — deydi buvim, — koʻrmadi.
— Buvi, qachon yetamiz, uyqim kelyapti.

Buvim qadamlarini yanada tezlashtirib:
— Uxlama bolam, hozir yetamiz, — deydi.

Buvimning mahsi-kalishi tagidan eshitilgan qorning bir maromda gʻarch-gʻurchi va qaysidir qoʻshiqni xirgoyi qilib ketishi menga yoqib, allalayotgan edi.
— Buvijon, qoʻshiq aytib bering, «qoʻlida likopchasi»ni ayting, — deyman.
— Xoʻp, — deydi buvim sekingina.
— Qoʻlida likopchasi, koʻzida yoshi, Beglarxon, doʻstlarxon onang aylansun...

Bir vaqt buvimning ovozi titrab ketdi va meni yanada mahkamroq quchib oldi.
— Buvijon, nega ovozingiz titrayapti?
— Sovqotdim shekilli bolam, sen sovqotmadingmi?
— Yoʻq, — deyman, biroz sovqotgan boʻlsam ham.

Oppoq qor bilan qoplangan, faqat mashinalar izigina bilinib turgan tosh yoʻlga qarasam, qon izlari va chuvalangan teri parchalariga oʻxshash narsalar yotibdi.
— Buvi, bu nima? Qonmi? — deyman qoʻrqib.
— Qarama, — deydi buvim yanada qadamini tezlatib.
— Nimaning qoni, buvi?
— Mushukniki, mashina urib ketgan boʻlsa kerak, — deydi buvim noiloj.

Bir vaqt yoʻlning narigi chekkasida qalin tuman ichidan ikkita, yoʻq toʻrtta va undan-da koʻproq yonayotgan koʻzlar koʻrina boshladi, ular biz bilan baravar yurar, bizni ta’qib qilar edi.
— Buvi, qarang, ana yoʻlning u chetida, tumanning orasida.

Uyda ham mushukchamning koʻzi kechasi qorongʻuda shunday yonishini koʻrgan edim.

Buvim toʻxtamas, qadamini tezlatar va bir qoʻli bilan tirsagiga ilib olgan tugundan mening temir krushkam bilan qoshigʻimni olib qoʻlimga tutqazdi hamda taqillatib yurishimni soʻradi.

Men buning nima uchun kerakligini bilmasam-da, koʻzi yonayotgan mushuklardan qoʻrqqanim uchun soʻramadim. Krushkamni buvim va men oʻrtamizda joylashtirdim. Bir qoʻlim bilan buvim yelkasidan mahkam quchib, bir qoʻlimdagi qoshiqni temir krushkaga taqillatib ura boshladim. Buvim esa yigʻiga oʻxshash bir ohangda xirgoyi qilar, ovozi va yelkalari titrar edi.

Birozdan soʻng qoʻrqibgina yoʻlning narigi chetiga qarasam, yonayotgan koʻzlar ancha orqada qolayapti. Oldinda bir nechta yorugʻlik shu'lasi koʻrindi va itlarning hurgani eshitildi. Buvimning qadamlari biroz sekinlashdi.
— Buvijon, mushuklar orqada qoldi, — deyman xursand boʻlib.
— Ha, — deydi buvim, — endi krushkangni taqillatma, yetib keldik.

Buvim yoʻl chekkasidan sal ichkariroqdagi bir uyga qarab yurdi. Darvoza oldidagi itlar vajohat bilan hurkib turgan boʻlsa-da, buvim qoʻrqmadi.

Shu choq ichkaridan bir kishi chiqib, itlarni haydadi va buvim bilan koʻrishib, bizni uyga boshladi.
— Kechasi tovuqlarni tulki, boʻrilar yeb ketyapti, shuning uchun itlarni boʻsh qoʻygan edik, — deya amaki xijolat tortdi.
— Xijolat boʻlma oyna, shunchalik yetib kelganimizga shukr, — dedi buvim (odatda buvim oʻzidan kichik yoshdagi qarindoshlar bilan «oyna», «chiroq», deb muomala qilar edilar).

Yaxshigul xolam pechkaga olov yoqdi, mendan aylanib, oʻrgilib darhol choy va yegulik ovqatlar tayyorladi.

Buvim ularga tumanda adashib avtobusdan ancha oldin tushib qoʻyganini va yoʻlda boʻrilarga duch kelganimizni aytdilar.

Ular Ollohga qayta-qayta shukronalar aytib, nevaraginamni sogʻ-salomat olib kelganimdan xursandman, dedilar.

Ovqatdan soʻng buvim xolamlar bilan choy ustida suhbatlashib oʻtirishdi, men esa uxlab qoldim. Ertalab uyimizga mashinada yetib oldik va onamga boʻrilardan qanday qutilganimizni aytib maqtandim. Buvim esa yigʻladilar...