OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Salomat Vafo. Argʻimchoq (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalomat Vafo
Asar nomiArgʻimchoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Salomat Vafo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Argʻimchoq (hikoya)
Salomat Vafo

Bu xonadonda gʻaroyib marosim boʻlmoqda edi. Ma’rakaga qoʻy soʻyilgan, mulla aytilgan va barcha qarindosh-urugʻ, tanish bilishlarga xabar qilingan edi. Hovlilar chinniday tozalangan, katta qozonda qoʻyning kalla pochchalari va oʻpkasi vaqirlab qaynab, hushboʻy xid taralardi. Mahallaning katxudo xotinlari non-choʻraklarni yoyib, endi shoʻrva bilan yeyishga patir yopa boshlagan edilar. Oilaning hamma farzandlari, hatto olisda yashaydigan Sayilxon ham yetib kelgan. Hovliga xuddi oʻlik chiqqanday ogʻir sukut choʻkkan, uyda «tiq» etgan tovush chiqmas edi. Gʻaroyib marosim davom etar, koʻmishga hamma narsa taxt, lekin oʻlik yoʻq. Uydagilar sharpasiz yurib, asta-asta gaplashardi. Sayilxon kechasi ming chaqirimlik masofa bosib mashinada yetib kelgani uchun mudrab oʻtirar, ozgʻin gavdasi hatto nafas olayotganida tebranayotganga oʻxshardi. Kosalarda shoʻrva keltirildi, mehmon tuzlama sabzavotlar yaxshi koʻrgani uchun taqsimchalarda keltirib qoʻyishdi. Sayilxon bir narsadan besaranjomday oʻzini har yoqqa tashlab taqsimchalarni u yoq bu yoqqa surardi. Boshini katta roʻmol bilan tangʻib olgan oʻttiz besh yoshlaridagi Bekposhsha oʻqraydi.
— Aka, savilni shu kun ichmang. Oʻzingiz ham har kun ichaverib adoi-tamom boʻlibsiz. Yosh boladay gavdangiz qolmabdi.

Mehmon ozgʻin gavdasini yostiqqa tashlab koʻzini ishqadi. Oylab uyqusizlik qiynaganday koʻzlari qizarib ketgan edi.
— Shamolladimmi, boshim gʻuvillab ogʻriyapti, ham juda horibman.

Shu mahalgacha davra toʻrida papax va poʻstinni yechmasdan oʻtirgan ukasi suhbatga aralashdi.
— Ichavering aka. Qiziqsan Poshsha, bir kun ichmagani bilan akam ichishni tashlamaydi-ku. Agar rost aytayotgan boʻlsa, ichsa shamollashi oʻtib ketishi mumkin. Hali ertaga kuch toʻplashi kerak.

Mehmonga jon kirib qaddini rostladi va manziratni kutmasdan chiroyli qogozlar yopishgan yaltiroq shishani chaqqonlik bilan ochdi. Gʻulqillatib paxta gulli kichik piyolalarga aroq quyarkan, birinchisini ukasinining oldiga qoʻydi.
— Ol, - bu taklifni kimga qarata aytdi, bilib boʻlmasdi.

Hech kimga qaramasdan piyolani koʻtarib yubordi va aftini burishtirganicha kurtillatib tuzlangan bodringni chaynadi.
— Aroqni chiqarganning uyiga oʻt tushsin. Sizlarni bu oʻtirishlaringizni koʻrib odamlar nima deydi. Akam kecha kelganda-ku boshqa gap edi – dedi kuyib-yonib Bekposhsha.
— Nima deydi. Qoʻydim odamlaringga. Muhtoj boʻlsang ikki non berarmidi odamlaring –dedi Qodir xurpayib.

Bugʻi chiqib turgan qoʻyning kallasi, oʻpka va goʻshtlarini bir tovoqda keltirib mehmonning oldiga qoʻyishdi. Xonani pishgan goʻshtning isi tutdi.
— Aka mulladay ulugʻ etib kalla bosh oyoq bilan kelinlaringiz sizni siylashayapti – dedi soʻzi sinib dasturxon chekkasida mungayib oʻtirgan Bekposhsha suhbatga qoʻshilish uchun.

Ichkilikdan soʻng yayrab hatto bir oz yasharib ketgan Sayilxon yana piyolalarga aroq quydi. Uning harakatlarida noziklikmi, asilzodalikmi bor edi. Balki aroq suzish marosimi hayotining mohiyati boʻlgani uchun bu ishlarni mahorat bilan ijro etayotgan drijerga oʻxshar edi.
— Qoʻysang-chi mullalarga oʻxshatma, azaldan yoqmaydi shular. Bittasi Bekmat mullami, hamisha odamlarning qoʻliga qarab turadi. Dasturxondan nima olib ketsam ekan deb oʻylaydi. Navchun oʻzlaring yemayapsizlar?.
— Aka anovi Toʻraxonlarni koʻrib turasizmi? – dedi ukasi davrani allaqanday sovuq mavzudan chalgitish maqsadida papaxini yechib qoʻyib.
— Oldinlari koʻrib turardim, endi koʻrish qayda deysan – mehmon bir burda goʻshtni issiq patirga oʻrab ogʻziga soldi. - Hozir haftasiga ikki uch marta ishga borib kelaman. Uyda yozuv chizuv ishlarimni bajaraman. Toʻnga oʻralib, mazza qilib televizor koʻrib yotaman – deb hoʻrillatib shoʻrva ichdi. Birdan televizorning buzilganini, uy pulining toʻlanmagani, kechalari suvaraklar jonidan toʻydirishi va eskirgan quvuru-joʻmraklar «quldirab, chakillab» asabiga tegishini esladi. Tunlari yolgʻiz uyqusizlikdan qiynalib yotganida, bolaligida yoz oqshomlari onasi bilan hovuz boʻyida pashshaxonada yotgani bot-bot yodiga tushib yigʻlab olardi. Uchrashganlarida esa onasi faqat «bolam..bolam» deb koʻzlaridan duv-duv yosh oqizardi. Ikkalasi ham nima uchun yiglayotganini bilishardi. Onasi bechora oʻgʻil-qizlaridan tortinib, hech koʻchib kel deya olmasdi. Uning oʻzi ham eri dunyodan oʻtganidan soʻng shularning qoʻliga qarab qolgan edi. Xotiralar va fikrlarning ogirligidan boshlarini sarak-sarak etib, ertani oʻylab asabiy ravishda qoʻzgʻolib qoʻydi.
— Ketdik boʻlmasam, - Sayilxon barcha yoqimsiz oʻylardan qutulish uchun qadahni koʻtarib.

U ichib yuborib, yana huzur etib karsillatib bodring yedi. Jigarlari esa mayparast akasining harakatini yoqtirmay kuzatib oʻtirishardi.

Davraga jimlik choʻkadi. Bekposhsha xontaxta ostidagi non ushoqlarini teradi.
— Turdim boʻlmasa, bir ikkita ishlarim bor edi. Ertagacha ulgurishim lozim. Kecha ham kun boʻyi u yoqda yurdim – xuddi shuni kutib turganday Qodir papaxini kiyib oʻrnidan turdi.

Uning harakatida akasining ichishi yoki zavolga uchragan oiladan jirkanish va qochish bor edi. Bu yerda mavjud boʻlgan umumiy manfaat va kayfiyatga qoʻshilmaslik holati bor edi.
— Saodat yaxshi ekanmi – degan savol Poshshanning ogzidan chiqib ketadi.

Bu paytda Qodir allaqachon eshikning oldiga borib qolgan edi. «Himm... koʻrdim. Bolalari yurgan ekan». Saodat bularnining eng kichik singlisi boʻlib, oralariga sovuqlik tushib qolgan edi. Uch toʻrt yil oldin Saodat Qodirdan uch ming dollor qarz olib vaqtida berolmagan edi. Balki eri vafot etmaganida bergan boʻlarmidi. Soʻng qarzi oʻrniga ikki uchta gilam va tilla taqinchoqlarini olib kelgan edi. Shuning uchun toʻngʻillab ketishi edi Qodirning. Sayilxon ukasining chiqib ketayotganini koʻrib «eee..e» deya oldi. Uning hayrlashmay namoyishkorona ketishi hayron qoldirdi. Garchand ichkilik tufayli oilasi, ishi va uyidan ajralib, tovuq katagiday bir xona uyda yashayotgan boʻlsa-da, negadir uka-singillariga ilgarigiday intilardi. Ukalari esa allaqachon begonalarday buni odam oʻrnida koʻrmayotgan ekan. Uning dabdurustdan chiqib ketishi aynan shu xulosani isbotlayotgan edi. Xotini va bolalarining yuz oʻgirib ketganiga chidagan boʻlsa-da, negadir uka-singillarining qiligʻi jonidan oʻtayotgan edi.
— Oʻtirmaysanmi, - dedi.

Ukasiga murojat qilar ekan ichini allanarsalar kemirardi. Aslida ukasining oʻzi hayrlashib chiqib ketishi lozim edi. Har na boʻlganda ham u mehmon va aka. «Kechqurun kelaman» dedi Qodir eshikni yopib. Sayilxon ogʻir hoʻrsinib qoʻydi. Mansabdaligida ukasini tibbiyot institutida oʻqitgan edi. Soʻng mamlakatning eng nufuzli klinikasiga ishga joylab qoʻygan edi.
— Aka, ketsa ketavermaydimi?. Oʻzi u odamgarchilikdan chiqqan - shoʻrva hoʻplab Bekposhsha. - Oling qaramang ularga. Xotinining qarindoshlari va bojalari sogʻ boʻlsin. Shular bilan yeydi, bir teshikka siyadi. Har haftada uyiga mehmon chaqirib begonalarga saxiyligi va boyligini koʻz-koʻz qiladi. Qari ota-onasini bir-ikki oyda koʻray demaydi. Onam doriga pul soʻraydigan boʻlsa, «kissamda ellik soʻm pulim bor» deydi – kuyib-yonib singlisi koʻz yoshlarini artib burnini tortadi. – Yoʻq deydigan yoʻq boʻladi, aka. Bor narsani yoʻq deyaversa xudo koʻtarmaydi. Yoʻq qiladi. Bularning bahonasi Saodat bilan urishib qolishgani. Axir onang bilan urishganing yoʻq-ku. Bilmaysiz aka hayvonlashib ketgan bular. Saodatga ham pulni oʻzim berdim. Hatto oʻlimlik olishga ham imkoni yoʻq ekan.

Sayilxon shirakayf koʻzlarini tund osmonning bir parchasi koʻrinayotgan derazaga tikadi. U yoqdan birovlarning yoʻtalgani va asta gaplashgani eshitiladi. Bir narsalarni «taq-taq» qoqishadi. Yoʻlda choʻntagida gʻijimlanib qolgan «Karvon» sigaretini olib tutatadi.
— Uf..ff.. zormandangiz bunday achchiq, aka shuni nega chekasiz-a – singlisi asta arzon sigaretga koʻz tashlaydi. Bir vaqtlar akasi inglizlarning qimmatbaho sigaretlarni chekardi. - Yurak-bagʻringizni ishdan chiqarib tashlagandir – deydi singlisi kamzulinining yoqasi bilan burnini berkitib va rahmi kelib.
— Rostdan juda achchiqmi deyman. Yoʻlda yonimda oʻtirgan Xotin chekmasam ham kela-kelguncha ogzi-burnini berkitib oʻtirdi - Mavzuning boshqa tomonga oʻzgarganiga quvonib. Boʻlmasa ukasinining hayotiga nima deb munosabat bildirishni bilmay boshi qotib oʻtirgan edi. Uning qahri qattiqligi va xasisligini bilardi. Lekin oʻziga ishonchi yoʻqolganmi aytishga jur'ati yetmasdi.
— Ilgarilari buncha chekmasdingiz, aka. Yuzingiz ham qorayib ketibdi. Esingizdami talabaligimizda paxtaga borganingizda hamma qizlar sizni koʻrib oʻlib qolishgan. Katta baliq olib borgandingiz – deydi singlisi yaxna goʻshtlarni pichoq bilan kesib ogziga solar ekan. – Sizni koʻrganda rektorimiz ham chest berardi. Ey aka, davlatni koʻtarolmadi xotiningiz. Yedi sizni... «Erni er qiladigan Xotin, qora yer qiladigan ham xotin» deganlari rost ekan. Uyga kelgan mehmonni quvdi. Ishingizga borib janjal koʻtarib beobroʻ qildi. Onam bechora «akang kuyganidan ichadi» derdi.

Bekposhsha goʻyo boshqa bir odam haqida gapirayotganday Sayilxon sigaretni tutatganicha qoshini bir oz kergan tufayli kuldondagi kullarni titib oʻtirardi. Singlisi oʻqishga kirgan yili yelib yugurib baholarini toʻgʻrilaginini esladi. U maktabda a’lo oʻqigani uchun baholarini beshga topshirgan edi. Oʻzi singlisi sal narsaga koʻz yosh toʻkadi. Hamisha hayoti va eridan noliganida ham uyida bir oilani ikki uch yil boqadigan oziq ovqatlari bisyor boʻladi.
— Poshsha hov anovi hovlining burchagida yotgan - hiyol qaltirayotgan barmoqlari bilan hovlining burchagini koʻrsatib. - biza oʻynagan yogoch oʻrindiqli argʻimchoqmi? – deydi moʻy oʻsib ketgan burun teshiklaridan tutun chiqarib.

Singlisi burilib tashqariga qaraydi.
— Ha kecha hovlini tozalashganida ombordan chiqarishgan ekan. Arqonini kesib olib oʻzini tashlashayotgan ekan. Olib qoldim. Barchamiz shunda oʻsganmiz. Esdalik boʻladi. Uyga olib borib boʻyatsam yap-yangiday boʻladi.

Mehmon yana bir sigaret tutatdi. Uydagi sukunatdan yuragi siqiladi. Darvozaning ochib yopilgani eshitildi. Ukasi endi chiqib ketayotgan edi. Aftidan kim bilandir telefonda uzoq gaplashgan boʻlsa kerak. U telefonsiz bir kun ham yashay olmaydi.
— Oʻzi yaxshi, shunday turaversin.
— Nima? – dedi allaqachon boshqa narsalar haqida hayol surayotgan Bekposhsha.

Sayilxon yana ketma-ket ikkita sigaretni tutatdi-da, duxoba bolishlarga choʻzildi. -Aka ikki-uch kun turasizmi?. Qachon ketishingizni bilay? Yana oldingi safargiday qiynalib yurmang – degan ovoz eshitildi.

Azbaroyi singlisi toʻgʻri gapirayotgan boʻlsa-da, hozir shu gap jon-jonidan oʻtib ketdi. Aslida ertani oʻylab jonini qoʻyishga joy topolmayotganda boshqa gaplar ortiqcha edi. Uch toʻrt yil oldin kelganida hamma qarindosh va uka-singillarinikida mehmon boʻldi. Oʻzini bir vaqtlardagiday qudratli his etgan edi. Ota-onasinikida uch-toʻrt kun turdi. Ketayotganida puli yoʻqligi uchun yoʻlkiraning ustida qiyomat-qoyim urush boʻlgan edi. Ukalari odatdagidagiday: «kissamda bir qora tangam yoʻq» dedi. Singlisi va kelinlari talashib qoldi. Oʻshanda Sayilxonning ichidan oʻtgan umr yoʻli, ukalariga bogliq tashvishlar ogriq bilan oʻtdi. Endi u tugʻishganlariga dardlarini aytolmaydigan darajada begona. Soʻng oʻzini tuta olmadi, koʻz yoshlari quyilib kelaverdi. Urishayotgan taraflar allanarsadan hayratlanganday toʻxtab qoldilar. Qodir esa «aka, erkak kishi uyalmaysizmi yiglagani» dedi. Unga tugʻishganlarining mehrsizligi va oʻzini yosh boladay muhokama qilishayotgani juda ogir botdi. Shunda onasi bechora «qoʻy, bolam sadqai koʻz yoshlaring odam ham pul uchun yiglaydimi?. Bularniing hammasi yigʻilganida ham himmating oldida chumolicha kelmaydi». «Onajon qadrim uchun yiglayapman. Hammasini bilaman bolam. Lekin nima qilay, mening bilganim hech kimga kerak emas». «Onaa..» battar oʻkirib yigʻlagandi. Barcha qarindosh-urugʻ va uka-singillari uni ichaverib savdoyi boʻlib qolganga chiqarishgandi.

Singlisining qachon chiqib ketganini ham bilmabdi. Bolishda boʻyni ogʻrib qolib, gʻalati bosinqi tushlar koʻrdi. Qaerlardadir otasi, onasi va ukalari bilan yurganmish. Tun boʻyi allanarsa hovlida «gʻiyqillab» nolakor ovoz chiqardi. Bu olislarga uchayotgan qushlar toʻpidan ayrilib qolgan qushning ovoziga oʻxshardi. Hovlidan kelayotgan allakimlarning gap-soʻzidan uygʻonib ketdi. «Gʻiyq..gʻiyq». Shu yotgan kuyi koʻrpachada joʻnjikib yotib qolibdi. Ustiga koʻrpa ham yopmabdi... birov yopib ham qoʻymabdi. Quyosh ham allaqachon yoyilib ketibdi. Havo ochiq boʻlsa-da, Orol dengizi yaqin boʻlgani uchun kun sovuq edi. Singlisi qaerga ketib qolgan ekan?. Xonada garangsirab yurdi. Kecha ichgani uchun boshi ogʻriyotgandi. Eshikdan jilmayib oʻrta yoshlaridagi bir odam kirdi.
— Iya Sayil, oʻla tanimadingmi?. Kelganingni koʻchada Poshshadan eshitdim – u odam kulganicha quchoqlarini ochdi.

Sayilxon oʻrnidan turib quchoqlashdi. Sherigining yuziga yogʻ surilganday shilimshiq edi.
— Tanidim, tanidim – lekin uning kimligini sira eslay olmadi.
— Bolalaring yaxshimi?. Na boʻldi senga oʻninchi sinf paytingdagiday ozib qolibsan?.
— Hozir ozgʻinlik urfga kirgan – dedi Sayilxon qarshisidagi odamning sinfdoshligini anglab. – Ke oʻtir, hozir yuzimni yuvib turgan edim.
— Bir koʻrib chiqay dedim. Umuman begona boʻlib ketding-ey, nechchi yil boʻldi ovulga kelmaganingga. Biz oʻynab choʻmiladigan daryolar kichrayib, dengiz quridi. Baliqlar ham yoʻqolib ketdi. Hozir hamma yoq tikonli sim va chegara boʻlib ketgan. Endi u yoqlarni tushda koʻramiz.

Anqayib mehmonning ogziga tikiladi: boshi aylanardi.
— Ish koʻp. Bir pasda yigirma yil ham «guv» etib oʻtib ketibdi.
— Eshitganmiding Omongulni ham berib qoʻydik. Onasi vafot etganidan soʻng hech kimga aralashmay uyida oʻtirib qolib ketdi. Keyin oʻldi qoldi – Sayilxonning hali ismini eslay olmagan sinfdoshi goʻyo bir jonsiz narsa yoki hayvon haqida gapirganday aniqlik kiritib. – oʻlimidan oldin xotinlarga dunyoda bitta erkakni deb oʻtdim degan ekan. Seni aytibdi.
— Meni aytibdi..- gʻalati sinfdoshining oʻzi va aytayotgan odam ishonmaydigan gaplariga hayratda qoldim. – Oʻqishni tugatganmidi u? – dedi erga tekkanmidi degan savol berishga oʻngʻaysizlanib.
— Onasi kasal boʻlib ikkinchimi uchinchi kursdan qolib ketgan edi. Soʻng kutubxonada ishlab yurdi – dedi dasturxonga qarab yutinib. - Sen bilan besh gramm ichmaymizmi?.

Sayilxon bezovta boʻlib tashqariga koʻz tashladi. Ichidan butun dunyo va xotiralar ogriqlar bilan oʻtdi. Allaqachon hovlida doʻppi kiygan erkaklar va roʻmol oʻragan xotinlar uymalashib yurishardi. Mahallaning yoshgina notanish mullasi ham kelib Qur'oni karimni qiroat bilan oʻqirdi.
— Tezroq olib yubor boʻlmasa? – koʻrib qolishadi degan gapni aytolmay.

Qoʻllari qaltirib aroqni toʻkib yuboradi. Notanish sinfdoshinning esa parvoyi palak. Qadahni ushlaganicha tilak aytardi.».. sen bilan faxrlanib yuramiz. Hozir ham menday bir traktorchi bilan ichib oʻtirganingga ishonmayman. Yaxshi kunlarda bir-birimiznning xizmatingizda boʻlaylik».
— ichib yubor – dedi ikkinchi piyolani ichgan Sayilxon yigʻlaguday boʻlib hovliga tomonga qarab. – ovmin – deb oʻrnidan turib derazaga tikilganicha: «Ooo..o» deb kerishdi. Eshikdan kirgan Qodirning koʻzi stoldagi boʻshagan piyolalarga va taqsimchadagi tuzlamaga tushib afti bujmayib ketdi.
— Aka, sizni xudo urib qoʻygani rost ekan. Boʻlmasa gurillab yurgan odam birdan bu ahvolga tushmaydi. Endi tengingizni topibsiz. Shu kun ham ichasizmi?.
— Hoʻv uka, menga nima boʻlibdi. Traktorim bor, yerim bor mening. Haydamasangiz ham chiqib ketaman. Oʻzi sani odamni mensimaydi deyishgandi - dedi nomsiz sinfdoshi Qodirga tap tortmay.

Yosh boladay moʻltirab turgan akasiga rahmi keldi shekilli: -

Aka yuvinib tahorat oling. Hozir joʻnaymiz – oʻzi eshik oldiga kelib toʻxtagan mashinani qarshilashga ketdi.

Moviy rang durracha oʻragan Bekposhsha argʻimchoqni koʻtartirib yubordi. Notanish kishilar argʻimchoqni koʻtarib koʻchaga chiqishdi. Koʻchadan taxtalarning bir-biriga urilgani va «gʻiyq, gʻiyq» degan sas qadam tashlanishiga mos eshitilardi. Tuni bilan shamolda shuning ovozi kelgan ekan. Argʻimchoq ekan nolakor ovoz chiqargan. Taxtalarning hali uncha rangi ketmagan, arqoni yoʻqligini hisobga olmaganda deyarli yangi edi. Sayilxon yoshligida onasi ishga ketganida koʻpincha Saodat singlisini yoniga olib uchib oʻtirardi. Singlisi ba’zan ogzida noni bilan uxlab qolardi. Bir marta ukasi argʻimchoqdan yiqilib tushib, burni qonaganda otasidan qattiq kaltak yegandi.
— Aka taxyangiz bormi? - degan singlisinning gapidan choʻchib ketdi.
— Qanaqa taxya?.
— Savolni ham berding odamiga. Akamda taxya nima qilsin. Akamdan hozir ichilgan boʻsh shishani soʻra..

Sayilxon koʻzlari bilan ukasiga «oʻtinaman aytma» deb imo qildi.
— Anov traktorchi sinfdoshi bilan ichgan aroqning markasini soʻra - dedi shavqatsizlik bilan ukasi.

«Meni muhokama qilishni kim qoʻyibdi senga?. Sening pulingga ichdimmi?.». Bu gapni ichidan aytdi u. Bir paytlar Qodir akasining oldida nafas olishga qoʻrqardi.

Sayilxon singillari bilan RAFga oʻxshagan mashinaga chiqishdi. Oʻnqir-choʻnqir yoʻllardan chegara tomonga qarab ketishdi. Koʻzlari yigʻidan shishgan Bekposhsha roʻmolda katta xotinlarga oʻxshab qolgan edi. Mashina qiynalib yuqoriga oʻrlar, har kuchanganda mullaning «astofurullo oʻzing saqla» degan nolakor ovozi eshitilardi. Onda-sonda orqadan mashina signali eshitiladi. Qodir orqada yengil mashinada kelardi. Katta yoʻlning chekkasida oʻtgan yildan qolgan qamishlar va yantoqlar qor-yomgirda sargayib toʻzgʻoqlari yomgirda yopishib qolgan edi. Oppoq qordan poʻstin kiygan dalalar, unda-bunda chiqib qolgan rangsiz yerlar Sayilxonga juda tanish koʻrindi. Bir vaqtlar bu yerlarda haligi traktorchi bilan qoʻy boqqan edi. Velosiped minib tut terishga kelgan edi. Sinfdoshlari bilan paxta terishgan. Otasi mollarga oʻt oʻrishga yuborganda Omongulga oʻtining yarmini berardi. Eng soʻnggi marta esa paxta zavodi direktorining dala hovlisiga dam olishga kelgan va daryo qayrlaridan kata- katta laqqalarni otgan edi.
— Bekposhsha, anovi kutubxonachi Omongul erga tegib edimi?.
— E aka. Shu Xotin dunyodan hur ketdi. Er etmadi, dunyoning neligini bilmadi. Yolgʻiz qiz boʻlgani uchun onasining kasalini boqdi. Har koʻrganda sizni soʻrardi. Birga oʻqigan ekansizlar.
— Hmm.. «buni deb bir ayol dunyodan oʻtibdi naqadar shavqatsizlik» oʻyladi Sayilxon. Yuragida allaqanday tushunib boʻlmas mavhumlik: qaygʻumi, gʻussami, balki yolgʻizlik azobimi... nimadir bor edi.

Daryoga yaqinlashganlari sayin u bezovta boʻla boshladi. Yulgʻunlar qaqqayib turgan yoʻlning ikki chekkasida qor qoplagan dalalar choʻzilib ketardi. Singlisi va boshqa qarindoshlarining ham yigʻisi kuchaydi. Orqada ham kimdir jiyanlarimi «piq-piq» yigʻlardi. Mullaning «xudo sabr bersin. Ollohning ishi... nima qilasizlar endi. Peshonaga yozgani shu ekan. Birga tugʻilmoq bor, bir oʻlmoq yoʻq» degan qiroatli ovozi eshitilardi. Mashina oʻnqir-choʻnqirlardan sakray-sakray daryoning u qirgʻoq juda yaqin kelgan joyida toʻxtadi. Daryo mahobat bilan sokin oqar va muzlar parchalari yaltirab koʻrinardi. Azadorlar mashinadan bir-bir tushdilar. Bekposhsha yerga oyoq qoʻyishi bilan uvvos solib yigʻlab yubordi. «Ona...onajon ka’bam onam». Sayilxon rang-roʻyi oqargan kuyi bir oz qotib turdi. Yuzlarini sovuq shamol yaladi. Koʻzlari hech narsani koʻrmas, u qirgoqda kimdir bularga alvon bayroqni silkitardi. Uning ichkilik abgor qilgan vujudi titrab, yon-verini arang koʻrardi. Koʻz oynagi ham shaharda qolib ketgan edi. Toʻgʻrirogʻi, oʻng koʻzini sindirgach, gazetalarni bir koʻzini yumib, arang oʻqib yurgan edi. Shuning uchun hozir hech narsani koʻrmayotgan edi.
— Sayilxon aka ana onamning tobuti. Ana onaginamning tobuti. Voy Saodat bormisan. Saojatjon. Nima qilamiz endi – Bekposhshaning boʻgʻilgan ovozi eshitiladi.

U qirgʻoqda boshiga oq roʻmol tashlab olgan ayol tobutdan va oʻymalashayotgan erkaklardan sal uzoqroqda qoʻllarini koʻtarib imo qilardi.
— Oh aka. Onajonimning tor qorniga toʻrt farzand siqqandi. Bechoraning bir oʻzi hech kimning uyiga sigʻmadi. Unikida uch kun turdi. Bunikida oʻn kun turdi. Saxari oshib ketadi. Dori topolmaydi. Dori emas, pul topolmaydi, aka. Kechalari yigʻlab chiqadi. Arslonday bolalari «oldingi oyda berdim-ku, endi Poshsha bersin» deyishadi. Poshsha boy deyishadi. Poshshaning ham pul zavodi yoʻq axir. Axiyri, Saodatnikiga ketdi. Chegaradan oʻtish uchun ham olti oylik pensiyasini yigʻib qoʻygan ekan. Bechoraga sizdan keyin birov bunday yordam bermadi. «Bekposhsha koʻzim ochiqligida akangni ovulga koʻchirib kelaylik. U bir koʻngli boʻsh bola. Begona shaharda hor boʻlib qolmasin. Xotini bir kun xudodan topar. Bola-chaqasidan rohat koʻrmadi shoʻrlik. Koʻchirib kelaylik shuni» derdi. Bizdan qochib ketdi bechora.Bizning soʻnggi koʻrinmaydigan urishlarimiz va mehrsizligimizdan horigandi boyaqish.
—Oʻchib oʻtir odamlar qarayapti? Sharmandaligingni koʻrsatma.. - dedi qattiq shivirlab Qodir.

Bekposhsha koʻz yoshlarini artib birdan boshini koʻtaradi. Koʻzining atrofida yoshlar muz parchalariday yaltirardi. U dunyoga qasd qiladigan vajohatga mingan edi. Daryoning muzlagan qirgʻogi «qasir-qasir» sindi.
— Kim sharmanda aka. Onasidan oyida bir xabar olmagan odam sharmandami, menmi?. Onam bechora qora non olib kel deb xudoning zorini qilardi. Har kun shaharga borardingiz. Uyingizga xalta-xalta qand-qurs keltirardingiz. Uh.. endi nonlar ham savil qoldi. Mehr koʻrmagan onam.
— Sen koʻpam qonimni qaynatma, hamma gapirsa ham sen gapirma - Qodirning koʻzlari olayib qimmatbaho papaxini toʻgʻirlaganicha.- Onam hali oʻlmasdan turib narsalari tashiganing tashigan edi. Sandigʻini boʻshatding. Endi mehribon boʻlib qoldingmi?. Niyating yomon edi sening.
— Niyati yomon deb sizni aytadi. Qachon qarasa urishib onamni yiglatardingiz. Har safar yigʻlaganida saxari oshib yotib olardi. Anovi tentak ukam kalamushday yer kovlaydi. Gʻachon qarasa ichib choyxonada oʻtiradi. Ha uning ichgani hech kimga bilinmaydi. Akam kambagʻal soʻqqabosh. Endi alkashga chiqdi. «Kambagʻal boʻlsang dono gapingni ham qabul qilishmas» degani shu. Oh, onajonim. «Och oʻtirsam ham tinch oʻtiray bolam. Singling yolgiz bolalarini qarab oʻtiraman». Ana shunda kasofat chegaralar ham yopildi. Aka. Dunyo yopildi. Na oʻlikni oʻtkazadi, na tirikni, e xudo ne kunlarga qoldik.. Oʻliklari sarson boʻlgan onam. Oʻliklari sarson boʻlgan onam. Olislarda qolib ketgan onam.
— Boʻldi qilinglar. Hali onam tuproqqa qoʻyilmay bir-biringni yeysan. Oʻch ikkalang ham – dedi Sayilxon amrona ovozda bir vaqtlardagidek.

Hamma boshini koʻtarib hayrat bilan unga tikiladi. Amudaryo va hatto narigi qirgʻoq ham tinchib qolganday boʻladi.

Sayilxon koʻzlarining basirligi yetmaganday quloqlari ham eshitmay qoldi. Uzoqda narigi qirgʻoqda odamlar qizil narsaning atrofida yaltiroq asal arilarday gʻimirlab yurishardi. Soʻng birdan narigi qirgʻoq choʻkka tushdi. Uning yonginasida mahallaning mullasi ham qiroatini boshlab yubordi. «..Qul huvallohu ahad. Allohus samad...» Olislardan ayozli shamol Qur'on suralarini olib kelardi. Sayilxon shundagina gʻaroyib marosimning mohiyatini anglaganday boʻldi. Saodat «vidolashib qolinglar» deb onasining tobutini qirgʻoqqa olib kelgan edi. Sal nariroqda chegarachilarning sim devorlar bilan oʻralgan baland-baland binolari koʻrinar va unda notanish bayroqlar hilpirardi. Tikanli simlar yonida botqoq rang kiyimli qurolli soqchilar borib kelib turishardi. Ikkala qirgʻoq ham «omin, Allohu akbar» deya qoʻllarini yuziga surtdi. Shu mahal tobut ustidagi qizil duxoba uchib yerga tushdi. Goʻyo onasining boshidan roʻmol uchganday boʻldi. Ikkala qirgoq ham goʻyo endi aytishga hech soʻz qolmaganday qotib qoldi. Daryoda muzlar «qasirlab sindi». Soʻng bir odam oldinga chiqib allanima deb baqirdi. Shamol uning soʻzlarini noma’lum kengliklarga uchirib ketardi. Sarhatlar aro Qodirning qoʻl telefonii jiringladi.
— Aka, oldinroq chiqib oʻzingizni koʻrsating. Onamning joni uzilmay bir hafta sizga ilhaq boʻlgan ekan.

Sayilxon jur'atsizgina yurib oldinga chiqdi. Ichkilik abgor qilgan vujudidan shamol gʻalvirday oʻtardi. Kengliklar, sahrolar va ummonlar qarshisida bir zarraday boʻlib turardi. Siyraklashib qolgan sochlarini yurtniing ayozli shamollari uchirardi. Allaqayda argʻimchoqning nolalari eshitilardi. Argʻimchoq va daryo gʻalati gʻussali sas chiqarardi. Oʻrtada qirgʻogʻi muzlagan Amudaryo sokin va qudratli oqardi. U yuzlari oqargan va titragan kuyi muzlab qolganday qotib turardi. U muzlab qolgan va hech narsani koʻrmas va eshitmas edi.
— Onajon mendan rozi boʻling. Ona...

Sayilxonning boʻgʻziga allanimalar tiqildi. U sassiz, ovozsiz yigʻlar va yelkalari titrab ketardi. Narigi qirgʻoqda odamlar tobutni koʻtarib yoʻlga tushgan va gʻaroyib marosim yakunlanayotgan edi. Uni oʻrab turgan olam mohiyatini yoʻqotgan va bir vaqtlar tugʻilib oʻsgan yer endi tamom begona edi.