OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalomat Vafo
Asar nomiMuqaddas manzil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Salomat Vafo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Muqaddas manzil (hikoya)
Salomat Vafo

«
Oʻldirsang, oʻzingni oʻldirding faqat,
Assalom alaykum, dorning ogʻochi.

Rauf Parfi
»

Xayollar iskanjasida kolgan ayol, deraza tabaqasi kuchli shamoldan taraqlab yopilgach, oʻziga keldi-da, ogʻzini qaldirgʻoch palaponiday ochib yigʻlayotgan bolasiga koʻzi tushdi. Ongi, shuuri ruh sipohiylariga asir tushgan boʻlsa hamki, bolaning, onam qani, deganday chinqiriqlari vujudiga kuyulib, mammalarining uchi jimir-jimir etib ketdi. Yetmish ikki ming tomirning qat-qatlariga yashirinib yotgan qondoshlik, yaqinlik, onalik tuygʻulari joʻsh urib, bir kaft durni avaylagani kabi, uni qoʻliga oldi. Bolaning arazlaganday chimirilgan qoraga moyil qoshlari ostida, onasining aziz boshiga qora kun solgan, hayot jilgʻalarini ters oqizgan, umrining navqiron chechaklarini qorasovuq kabi urgan kimsaning — pahlavonning otalik qoni, yigitlik joni yashiringan edi. Qargʻishning qatronlariga noyil oʻsha inson qiyofasi xotirasida boʻy bergani zamono, goʻdagining bexos yerga tushib ketishidan xudoning oʻzi bir asrab qoldi.

Goʻdagini asragan xudo nega uning oʻzini asramadi ekan? Nega soʻqir bandada lahzalik farogʻat va istaklariga asir boʻlib, xudpisand yoʻllarning gʻayriligiday, ayriligʻidan ogoh etmadi ekan?

«Axir, oʻzingga sigʻingandim-ku yaratgan egam»...

Derazadan koʻrinayotgan koʻkning bir parchasiga tikilib, yigʻlay-yigʻlay qaqshagan, mulki talon boʻlgan koʻngilning chuqur-chuqur qatlamlari sim-sim ogʻridi. Uzoqlarda koʻr kampirday nursiz «koʻzlari»ni tikayotgan koʻp qavatli uylarga, qora dengizday vahimali chayqalib yotgan yaxlit koʻkka qarab: «Bu yerlarda ne... yeb yuribman!» deya, qalbini parmalovchi savolni yuzinchi, minginchi marotaba berdi...

Oʻzi bu, Tufajon deganimiz, qizaloqligida ham anoyi edi. Kechgan umri davomida, qishlogʻida mavjud boʻlmagan allanarsalarga oʻch yashadi. Yangalarining koʻylaklarini yashirincha kiyib, akalaridan omonsiz kaltaklar yeb, ruhiga qiynoqli zarbalar yetgan boʻlsa ham qashshoqlik va xoʻrlikka boʻy bermay, atrofidagi gʻarazgoʻy, badxulq odamlarni saodatmand asilzodalarday yanchib yashadi. Goʻyo taqdirning bu oʻyiniga serfarzand onasi, traktorchi otasi aybdorday, ularni va oʻzini oʻn yetti yil qiynab yashadi. Oʻsha kezlari Yaratgan ham, «ol, qulim» dedi: oʻziga toʻq, badavlatgina uydan sovchi chiqdi. Yigit Tufaning goʻzal suvratiga, jon olguvchi koʻzlariga, magʻrur va sitamli soʻzlariga asir boʻlib, qizning yoʻlida majnunday kezdi.

Toʻyni boʻlar-boʻlar, Allohning tuni kunduzga doʻnar-doʻnar kunida, oraga qalin mojarosi tushib, qalliqning onasi: «Asli, bular pastda», dedi. Qizidayin atvori ogʻir, oriyati qattiq otasi, boʻgʻzini boʻgʻib yotgan qarzlarni uzolmagan boʻlsa ham, sarpo-suruqlarni oʻrab otdi. Umid bilan bogʻlangan baxt rishtalari uzildi.

Fotihasi buzilgan qizning baxti buziladi, degan irim falak toqida ijobat boʻlib, beti qattiq, soʻzamol sovchi xotinlar ularning ostonasidan qadamini tortishdi. Charxning bevafoligidan qalbiga sitam yetgan qiz, oʻqish mavsumlari tugagan boʻlsa ham, etagini qoqib uyidan chiqib ketdi.

Ul kunlarda Ashur degan bir hamqishlogʻining yordami bilan ishga joylashdi va Muhammadkarim degan koʻnglining ozori, muhabbatining mozori bilan tanishdi...

Tufa xayol dengizidan arang uzilib, yoshli mijjalarini artdi-da, issiqqina mammani soʻrib, bu dunyo nayranglaridan bexabar yotgan bolaga tikildi. Koʻzidan shashqator yoshlar oqib, bolaning oʻzi kabi yoqimli qop-qora sochlari ustiga tushib singdi. Barcha koʻrgiliklarining aybdori, qoʻlining kishani, oyogʻining tushovi, hali nomsiz goʻdakka yovdayin tikildi. Axir shu jonzot erkini boʻgʻmaganda qaylarga bormasdi, nelar qilmasdi? Muhammadkarimdayinlarning yana qanchasi oyogʻiga yiqilardi? Ul bevafoning boshiga ne kunlarni solgan boʻlardi. Bolani jamiki sitamlar, qaygʻulari, yozmishlari uchun qora kunlarga qoʻshib qargʻadi, qargʻayverdi. Illo, kechagi kun uchun imkoni yetgani qargʻash, kuchi yetgani shu arzon koʻz yosh edi.

Haqiq nurlar sochayotgan televizor ustidagi guldonda, hayotning goʻzalligi, umrning betakrorligidan dalolat berib, salqam bir quchoq, gul yashnab yotardi.

«Muhammadkarimning guli!»

«Muhammadkarimning tuhfasi».

«Muhammadkarim — qalbining ozori».

«Muhammadkarim — sevgani, kuygani».

«Muhammadkarim — orzusi, armoni».

«U sevib toʻymagani, koʻrib bilmagani.»

Ayolning koʻz yoshlari bahoriy chechaklardayin sochildi. Ayolning koʻz yoshlari sut isi kelayotgan libosiga yogʻduli mix boʻlib sanchildi. Bu yoshlar sevinch, entikish yoshlari emasdi, oʻzi baxt bilgan narsaga ochilgan aza edi. Oʻtgan kunlarni, yuziqoraliklarni oʻylasa, ruhini sharmisorlik oʻldiradi.

Ba’zan mardlik bilan tan olardi: umrining eng goʻzal, eng qora damlari oʻshal mash’um ondan boshlangan boʻlsa ham, Tufa xuddi shu paytni entikib-entikib, sogʻinib-sogʻinib, dillari ogʻrib-ogʻrib eslardi.

...Mashina havo dengiziga toʻsh urgan ulkan samandar qushday uchib ketdi. «Kema ichi»ni eron xonandasi Gugushning subhi sabosidayin mustar, dard-hasratga toʻla ovozi tutdi. Koʻngliga qiyomat solgan inson sifatidagi hurzodni koʻrmoq niyatida u peshoynaga tikildi. Koʻzguning ikki tomonida ikki rang nigoh: birida toʻqlikdan bezgan yoʻlovchi, ikkinchisida qorachiqlarining ichida baxt va farovonlikka tashnalik, muhabbatning Xorazm kabi qadimiy, turk ayollardayin suyumli qoʻshiqlarini kuylayotgan koʻzlar, ishq manzil topgan qorachiqlar yonib turardi.

Gugushning telbavor, fusunkor, mastona ovozi ul yigitning keng yelkalarida, Tufaning quloqqa aylangan vujudida ham qoʻnim, osoyish topmayin, «kema» ichida giryon kezardi.

«Tufajon! Imoni, muqaddas manzillari xarob boʻlgan, kimligini bilmagan, asrlar oʻtida kuygan turkiy qavmning ey erka bolasi! Atrofingga qara, hur tugʻilgan koʻzlaringni och! Ne edi u izlaganing, jahonni kuzat! Bahodir erkak! Axir, shul emasmi izlaganing, qidirganing, qashshoqlikdan, yoʻqlikdan bezgan, qoʻpol soʻzlardan qovjirab, egasiz manzilday huvillagan, qoʻmondonsiz kemaday tiyra qalbning malhami! Ismidan boshqa hech narsa bilmaydiganing — notanish inson shu emasmi? U uylanganmi, uylanmaganmi, mayparastmi, maishatparastmi, qotilmi, yurtdan quvilganmi — baribir emasmi, muhimi, seni panohiga olgani, paxta dalasida yaraga aylangan koʻnglingni shu yurtning egasiday bir oz (koʻp emas) koʻtargani...»

Ishq karvonining sarboni Gugush esa hamon, jahon tillarida turlicha atalsa ham, lek dardi, hijroni, sitami bir xil kechadigan koʻhna muhabbat va ayriliq haqida kuylardi, kuylayverardi. Kema sohibi ham bu goʻzal qushchaning erkka oʻchligini, saodatga zorligini juda aniq bilib olmoqchiday, ora-sira peshoynadan qarab, jimgina ketardi.

Quyosh nurlaridan yogʻdu olgan oy yuzliga qotmoqqa shaylangan, sohibing kulgan qorachiqlari peshoynada koʻrindi-da:
— Oʻqiysizmi,— degan ovozi eshitildi.

«Eh, bu ovozlar! Yurakning ishonch saltanatiga yoʻl olgan ovozlar!» Yigitning oʻqishdan gap soʻrovidan eridi — tasavvurini buzmaslik uchun «ha», deb bosh silkitib qoʻydi.
— Ismingiz?—soʻradi yigit yana peshoynaga tikilib.

Qiz ismini aytishga istihola qilib. «Tufa» deb nom qoʻygani uchun onasini ham ichida bir koyib oldi. Jimlikni boshqa narsaga yoʻygan yigit oʻzicha fol ocha boshladi:
— Lola?
— Yoʻq.
— Barno?
— Boshqa.
— Xorazmiya?
— Yoʻq.
— Shahzoda?
— Butun oʻzbek ismlarini aytganingizda ham topolmaysiz.
— E, shunchalik zoʻrmi?
— Zoʻr.
— Kim?
— Toping-da.
— Qishloqlarni ham berdim-ey.
— Sizniki-chi?
— Bilasiz-ku.
— Rosti?
— Muhammadkarim.
— Inondim.
— Ayting, axir!
— Meniki...
— Mushkulmi aytish?
— Mushkul.
— Kim axir?!
— Tupa?!
— Hovva.
— Ibiy!

Tufaning yuragidan allanarsalar uzilib, shu bilan hammasi tamom boʻldi, deganday bosh egdi.
— Onam bilan adash ekansizlar...

Uni koʻrdi, bildi, shu kundan goʻyo sarxushlik holati boshlandi, ya’ni, oʻzini-oʻzi tark etdi. Shahar chekkasidagi yozgi ovloq oshxonada dugonasining tugʻilgan kunini nishonlaganida, ikki qiz «ochil dasturxon» atrofida paydo boʻlib qolgan devonaday dovdirashdi. Ularning ajablanishini koʻrgan Muhammadkarim kuldi-da: «Bu dunyoda hech narsa insondan aziz emas, kimni xudo suyumli qilib yaratgan ekan, u siylanmogʻi kerak», dedi.

Qizaloqlar bunday gaplarni anglaydigan ahvolda emasdi, ular asalari bolni oʻzi yigʻib, bir kuni oʻzi botib oʻlishi mumkinligini tasavvur ham qilolmasdilar.

Juda shirinsuxan, qay bir ma’noda bilimli, allaqayoqlarda geolog boʻlib ishlaydigan Muhammadkarimning xotamtoyligiga, tantiligiga koʻp marotaba asir boʻlgan Tufa, uni hech boʻlmaganda badavlatligi uchungina hurmat qilish mumkin, deb oʻylardi. Chunki qishloqdagi otasi oʻzidan oʻn besh yosh kichik boʻlgan Karim kassirga salom berib, ikki bukilib qolay deydi. Umuman, u yashagan jamiyatda kimda pul boʻlsa, oʻshanda huquq bisyor edi. Pulga hamma narsani sotib olish mumkin edi...

Tufa esa bora-bora shu «kiborona» hayotga oʻrganib qoldi. Dunyoning toʻrt fasli aylangan qora mehnat burji hisoblanmish qishloqda kechgan umr sahifasini bir emranish bilan pora-pora qildi. Zotan, bir narsa uchun ikkinchi narsaning qurbon boʻlishi, poydevor esa hamisha neningdir ustida buned boʻlishi hayotiy qonuniyat edi.

Voqealar oqimi ul mudhish kunlarga yaqinlashgan sayin, koʻz oldidan xaroblikka, abgorlikka yetaklagan lahzalar lip-lip oʻta boshladi. «Muhammadkarim — azizi, baxtiyori, suygani, kuygani, toʻygani...»

Uning uylanganini, bolalari borligini bilardi. Bilgani bilan buzilgan baxtining alamiga qasma-qasd, kun sayin uning koʻngil qal’alarini ishgʻol etdi. Oʻzi ham bangiday oʻrganib qoldi. Soʻng asal oyining tarovatli kunlaridayin umidli damlar boshlandi, ana shu onasini tinchgina emayotgan bolakay vujudidan panoh topganidan soʻng, Muhammadkarim ham barcha kitob va sarguzasht kinolaridagi kabi oʻzgarganini qanchalar yashirishga intilgani bilan, sirlari oshkor boʻlaverdi. Soʻqqabosh bir ayolning uyida tuqqanidan soʻng, shahar chekkasidagi shu xilvatxonaga tashlab ketganiga ham oʻn kunlardan oshib qoldi. Naql qilganlaridek, bu bola onasining qornida paydo boʻlganidan soʻng koʻp mojaralar chiqardi: bolani oldirib tashla deb, Muhammadkarim qanchalar tavallo qilgani sayin, Tufa odaticha oyoq tirab qaysarlik qildi. «Ayni oʻynaydigan kunda senga bolaning nima keragi bor? Axir oʻzing bolasan-ku!» degan yalinishlariga quloq solmadi.

Ul kishi oʻsha ginalar uchun oʻch olishga shaylangan kimsaday, qadamiga zor etdi. Ul kishi oʻtgan kunlarni, qovushgan dillarni, bir-birin orzulagan tunlarni unutib, badar ketdi. Shundan buyon ayol eshikka, tildan qolgan qoʻngʻiroqqa umid bilan koʻz tikadi. Soatlar, lahzalar uning bardoshini sinamoqchi boʻlganday, sudralib-imillab aylanaveradi...

Umidi sarobga aylangan Tufa uxlamay ozor berayotgan, kechadan buyon ingrayotgan bolasini koʻtarib, bir yoʻlovchi mashinani toʻxtatdi-da, kasalxonaga bordi. Sochi oqarib, qalpogʻining rangi bilan birlashib ketgan ayol bolani koʻrib, bosh chayqadi.
— Rasmiylashtiraylik,— dedi.
— Nimani rasmiylashtirasiz?
— Bolani-da.
— Ha-a,— dedi garang holda Tufa.
— Oti kim ekan bu toychoqning?
— Oti...—Tufa bolasini tunlari ne-ne ismlar bilan atagan, suygan boʻlsa ham, tuyqus savoldan gangib qoldi.
— Oti, familiyasi bordir axir?
— Bor, bor,— dedi bolasini birov tortib oladiganday jonholatda gʻujanak boʻlib.
— Kim?
— Muhammadyoqup Karimup.

Tufaning gangib-adashishlaridan, poyintor-soyintar gaplaridan shifokor ayolning koʻngliga shubha tushganligi kulib turgan yuzining tundlashganidan bilindi.
— Yotmasangiz boʻlmaydi?
— Qaerda yotaman?

Ayol koʻzoynagini zarda bilan olib, piching aralash:
— Bannisada!—dedi.
— Nega, axir?
— Qanaqa ayolsiz oʻzi?

Sukut.
— Bolangizni qulogʻi yiringlab ketibdi. Nahot shunga ham farosatingiz yetmasa?
— Yetadi.

Ayol shubhali koʻzlarini Tufaning oqarib ketgan yuziga tikib:
— Bola oʻzingiznikimi?—dedi.
— Him... m.
— Unda, guvohnomasi qani?

Tufa lol boʻlib yerga boqdi. Titrogʻini zoʻrgʻa bosib, ingrab yubormaslik uchun labini qattiq tishladi. Oraga noqulay, hijolatli sukunat choʻkdi. Ayolning yillar iz solib ketgan yonoqlarida, sovuq boqib turgan osiyocha katta, qora koʻzlarida jirkanishga oʻxshash bir narsa zohir boʻldi-da:
— Tuqqandan keyin boqishni ham bilish kerak,— dedi qat’iy ohangda. Xoʻrlik va alam oʻtidan tanasi tobga kelgan tandirday qizigan Tufa bolasini bagʻriga bosganicha, Turkistonning qaynoq quyoshiga choʻmilib yotgan shaharda, turfa xil kiyingan olomonning dengiz guvillashini eslatuvchi gʻovuridan karaxt holda allaqayoqlarga boshlayotgan oyogʻining izmiga boʻysunib ketaverdi, ketaverdi.

Koʻp qavatli uylarning tubidan chayqalib oqayotgan asov daryo kabi yoʻldan mashinalar yalt-yalt oʻtar, sharqning issigʻiga chidolmagan musofir kishilarning yarim yalangʻoch qizgʻish tanalaridan chiqqan ter, issiqda kuygan havoga qoʻshilib dimoqqa urilardi. Allaqaerdan, shovqin-suronlar orasida uzilib-uzilib nomi qulogʻiga urilganday boʻldi: «Tupa... a!..»

Ayol murdaday oqarib ketgan yuzini ovoz kelgan tomonga burdi. Bir paytlar oʻzini ishga joylashtirib qoʻygan Ashur qarshisida turardi. Yonida uning bariga yopishib olgan, kasalligidan yaxshi oʻsmay qolgan, boshi xumday oʻgʻillari, bir toʻrxalta muzlagan baliq koʻtarib olgan, yuzini dogʻ bosgan, qorni doʻmpaygan xotini.
— Bormisan-ey, Tupa?!—hayqirib yubordi, xursandligini yashirolmay Ashur. Tupa oʻzining hozirgi ruhiyatiga teskari: bu qichqiriq va xursandlikdan ozorlanib alamli qaradi. Bir oʻris kampirning uyida uch bolasi bilan bir xonada tiqilib yashayotgan, bu qashshoq hayotidan shod va baxtiyor hamqishlogʻining gaplariga ijirgʻandi. Uning soʻylashni, kulishni yoddan chiqarayozgan quruqshagan lablari arang harakatga kelib pichirladi:
— Nichiksiz, Ashir ogʻa?

Vaqtixushligi, shodligi yuzidan shundoqqina bilinib turgan lachoqqina qora odam ogʻzining tanobi qochib soʻrashdi:
— Tanimaydigan boʻlib, oʻzgarib ketibsan-a?
— Oʻzgaribman?
— Chiqon[1]laringni koʻrdingmi?
— Qaysi?
— Hov, oʻqishga kirolmay yiqilib ketgan-chi? Tufa bosh chayqadi va:
— Nega kelishgan ekan,— dedi.
— Sayohatga ketayotgan ekan. Iya, bu kim boʻldi?—deya Ashur boʻynini choʻzib, Tufaning qoʻlidagi chaqaloqqa qaradi.
— Bu... bu qoʻshnimning bolasi.
— Qaysi qoʻshningni?— yana soʻradi xuddi taniydiganday.
— Yon qoʻshnimning.

Ayol allaqaysi zavodda moylovchi boʻlib ishlaydigan Ashurdanmi, yoki issiqda erib yotgan asfaltdan kelayotgan badboʻy hiddanmi koʻngli agʻdarilib, «baxtiyor» oiladan zoʻrgʻa ajraldi. Olti-etti oy ilgari chiqqanida sollona-sollona qadam tashlaydigan yoʻlda turib, mashina toʻxtatguncha, miyasidan issiq oʻtib, turtsa yiqilgudek holga keldi. Mashinada ham yuragi: «Muhammadkarim kelib kutib oʻtiribdi» degan oʻy bilan hapqirib, bezovtalanaverdi. Koʻp azoblarda ijara uyga yetib kelganida, bir-biriga suykalib oʻtirgan ichkilikboz oʻris qoʻshnisidan boshqa kimsa koʻcha betida koʻrinmas, hammayoq huvillagan, fayzsiz edi. U qizib yotgan oyoq ostidagi tuproqqa tikilib, uyning oldiga yaqin orada mashina kelmaganini sezdi. Hatto sal narida pashsha bosib, togʻday uyulib yotgan axlatni ham olib ketishmagan edi. Ertalabdan buyon tuz totmaganini eslab, koʻcha burchagidagi xarob uyda ochilgan oziq-ovqat doʻkoniga kirdi. Burni choʻmichday arman sotuvchisi yopishqoq doriga botib turli xil nolakor ovozlar chiqarayotgan pashshalarni tomosha qilib oʻtirardi. Tufa baliq konservalari taxlab tashlangan, choy qutilarini chang bosib yotgan peshtaxtalar oldida serrayib turgach, qotgan teshikkulcha bilan bir quti qand oldi. Shu on sotuvchi oʻlayotgan pashshalarning ovoziga monand tovush bilan:
— Qand — taloni borga sotiladi,— dedi,

Ayol qandni olgan joyiga qoʻyib, doʻkondan mulzam boʻlib qaytdi.

Koʻhna qulfni urina-urina ochib, ichkariga kirganida burniga zax va turib qolgan rutubatli havo urildi. Yigʻlay-yigʻlay horib qolgan oʻgʻlini yotqizayotib koʻzi tinib ketdi, bolaning ustiga yiqilishiga sal qoldi. Bu kimsasiz uylarda dilining ozori Muhammadkarimni eslatib turgan nastarin gullar barq urib turgan guldonning suvini ixlos va sogʻinch bilan almashtirdi. Shu on uygʻonib qolgan bola: xazon umrining xazon muhabbati chirillab yigʻlay boshladi. Bir piyola choy ichish ilinjida oshxonada yurgan Tufa hasratga toʻlib, bolasining qoshiga qaytdi. Bolakayning boʻyin ostlari shishib, qizarib ketgan, allanedan qoʻrqqanday, allaneni kutganday, qoʻllarini osmonga koʻtarib yigʻlardi. Eshigi mixlab tashlangan uychadanmi, allaqaydan gʻalati-gʻalati unlar qulogʻiga urilganday boʻldi:

«Tufajon! Orzusi pok, dili armonlim! Tufajonim-ov. Oʻrtanma-yov. Oʻshanda farishtalar omin deganda, yor-yor aytilganda, bundayin yurmasmiding-ov, qoʻzim-ov! Ey, orzusi muhabbat, panohi armon boʻlgan turkiy elatning erka bolasi! Qani, dilingdagi rostini ayt-ov: sochining oqida pullilar oldida qulday bukilgan otangni, turmush azobidan boshqa hech narsani bilmagan onangni baxtbuzar, deyishga tiling boradimi? Ayt, unda gunoh kimda-yov, jigarim-ov? Otangda ne ayb bor, bovrim-ov, onangda ne ayb bor xumorim-ov? Kim seni fitnagar shaharga chiqardi, kim seni tunning buzuq koʻchalariga yetakladi? Oʻn sakkiz yoshingda boshingga bunday koʻrgilikni solgan dunyosiga oʻt tushsin-ov, paymonasi toʻlsin-ov, uyi kuysin-ov!..»

Tufa oʻzining telbavor holatidan choʻchib, bigʻillab yigʻlayvergan bolasini ovutmoq, choʻmiltirmoq niyatida oshxonaga oʻtdi. Bir qarashda qip-qizil qon rangini eslatadigan yelim togʻorani xontaxta ustiga qoʻydi. Qopqogʻini shaqirlatib qaynayotgan qora sirli chovgumga uzoq tikilib turdi. Soʻng yigʻlayverganidan engaklari qaltirab, hali bir kun pahlavon yigit boʻlib qizlarni beomon kuydiradigan goʻdakni qulogʻiga suv kirmasin uchun, bosh ostiga paxmoq taglik qoʻyib yotqizdi.

Shu on uning asov, yovvoyi ruhi qahrning uchqur otiga minib oldi. Togʻora ichida qaldirgʻochning polaponiday qaqshab yotgan bir burda goʻsht qoʻlining kishani, oyogʻining tushovi, totsiz umrining ismsiz gunohiga yirtqich maxluqdayin tikildi. Soʻng koʻngli koʻngilligidan tonib ruhi ruhligidan ogʻib, iymoni iymonligidan qolib, bor alamxoʻrlikni koʻngliga solib, onaligi yettinchi osmonga yoʻl olib, chovgumda qaynab turgan suvni goʻdakning ustiga quyib yubordi!..

Ul jonzotning hali millat, vatan tuygʻusini idrok etmagan, lekin turk boʻlib tugʻilgan vujudidan ajralayotgan faryodlardan, talvasali qichqiriq va omonsiz ingroqlardan lazzatlangan qotilday telbavor qah-qah urib, goʻdakning ustiga ajal selini quyar edi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 3-son


  1. Chiqon — dugona (sheva).