OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Salomat Vafo. Telefon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSalomat Vafo
Asar nomiTelefon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Salomat Vafo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Telefon (hikoya)
Salomat Vafo

Sherjon ogʻir eshiklarni «sharaq-shuruq« ochib ichkariga kirdi. Koʻpdan odam yashamagan uyda burniga allaqanday quruq, qabristonlarmi isiga oʻxshab ketadigan hid urildi. Bu yerdagi kimsasilik bir qarashda qoʻrqinchli boʻlib tuyulardi. Aslida keyingi paytlarda bogʻcha va nonvoyxonalarda qorovul boʻlib ishlayotgani uchun koʻnikib ketgan boʻlsa-da, negadir yuragi gʻash boʻlaverardi. Bu uning odamlarga va mehr-oqibatga nisbatan ehtiyojini bildirsa, yana umrining allaqanday katta bir boʻlagini yashalmayotganday his qilardi. Negaki haftaning toʻrt kechasi va kunduzi ishda boʻlsa, ikki kuni uyda oʻtkazardi. Har safar ishdaligida sukunat olamida koʻp vaqtini derazaga qarab hayol surish bilan oʻtkazadi. Zerikkanda kirib chiqadi, uy anjomlarini bir-bir silab, nimalarnidir gʻoʻldiraydi. Uyga borsam uni qilaman buni qilaman deb rajalasa-da, soʻng hayollari osmonga uchardi. Eshikdan kirishi bilan ogʻir hayotdan bezgan, turmushning yetar-etmasliklari va bolalariniing soʻngsiz urush-janjallalaridan xorigan xotiniga koʻzi tushardi. "Emin maktabning derazasini sindiribdi". "Otash ichib borgani uchun ishdan haydalibdi». Birdan qora xabarlar oqimi gangitib qoʻyadi. Ichkariga kirib yechinmasidan tugmalarini boʻshatadi. Nazarida boʻgʻilib qolayotganga oʻxshardi. Sherjon sukunat saltanatida oʻylardi: »boshqalarning hayoti qanday ekan. Umuman dunyoda baxtli odam bormikan?...Baxt degani nima oʻzi?» Qishloqda yashab hali uylanmagan kezlari baxt haqidagi tasavvurlari boshqacha edi.

Ovqat solingan yelim idishini va nonini qoʻyib bir oz serrayib turdi. Ikkinchi qavatni aylanib chiqish lozimligini erinib oʻyladi. Zinapoyalar baland-baland, xonalar katta-katta, boshidan oxiriga yetguncha odam albatta charchab qoladi. Buning ustiga koʻngilsiz yumushni har kun bajaraversa, tez orada joniga ham tegib qolarkan. Kecha bogʻchada navbatdaligida quvur yorilib ketib yarim kechagacha uxlolmagan, shuning uchunmi hozir boshi bir oz aylanib turardi. Istamaygina eski kovushi bilan zinalarni bir-bir bosib yuqoriga oʻrmaladi va yarmiga chiqib pastga qaradi. Garchand hovlini chang bosib yotgan boʻlsa-da, qimmatbaho yogʻoch va marmar koshinlar bilan ta’mirlanib, lak surilgani uchun juda chiroyli koʻrinardi. Bu manzarani oltmishlarga borib qolgan Sherjon uch yildan beri koʻrayotgani uchun ogʻir «uh« tortib yana yuqoriladi. Yuqoriga koʻtarilgani sayin isib borardi. Hamma issiq havo tepaga oʻrmalar ekan. U oyoqlarini sudragan kuyi pollarni "jiqir-jiqir" bosib xonalarga bir-bir kirib chiqdi. Katta zalning pardalarini surib oynachasini ochib yubordi. Tashqaridagi toza havo ichkarining rutubatini surib ketdi. Oʻralgan gilamlar, yelim qagʻoz yopilgan mebellar kelganidan beri shunday turardi. Imillab yurib, kir-chir bosgan qoʻpol qoʻllari bilan devorni va eshikni ushlaganicha qoʻshni xonaga oʻtdi. Yana pardalar surildi, toza havo kirdi. Burchakda oʻrgimchak toʻri paydo boʻlibdi. Uy egasi kelsa yana vaysashi tayin. Xonaga bir qur koʻz yugurtirdi, shildiroq qagoz bilan yopilgan qimmatbaho yotoq divanlari, toshoynalar, yumshoq kreslolarni chang bosib yotardi. Kimningdir tugʻilgan kunida sovgʻa etilgan katta guldasta qoʻrib qolgan. Derazadan tushgan yorugʻda chang zarralari uzun tasmada oʻynab yurardi. Changdan aksa urdi. »Ahmoq». Bu gapni Sherjon uch yildan beri, aynan shu yerga kelganda ya’ni uyni qoravullayotgan boʻlsa, har kun aytadi. Demak shu oʻtgan vaqt maboynida «ahmoq» soʻzini sal kam bir million marotaba takrorlagan ekan. Oʻzi uch xonali uyda bolalari va kelini bilan tiqilib yashayotgani uchun boʻm-boʻsh xonalarni koʻrishi bilan asabiylasha boshlardi. Uy egasining katta xotini shahardagi uyini, qolaversa erini qizgʻanib sira koʻchib kelmas va sotishga ham yoʻl qoʻymas edi. Sherjonning nazarida qari xotin koʻchib kelib mazza qilib bogʻchali uyda yashashi kerak edi.

Ana uyning ayvonchasidan Xumson toglari koʻrinib turibdi. Yonbagʻirlarni yozda koʻm-koʻk archalar qoplaydi. Suvlar sharqirab oqadi. Tonglarda qoʻy-qoʻzilarning «ma’ragani«, qushlar sayroqi shu yergacha eshitiladi. Qishning oxirlari boʻlsada toglar oppoq poʻstin kiygan edi. "Bunday jannat joylarni qaydan topadi. Aqlsiz xotin. Xudo ham shu beqadrlarning peshonasiga uy beradi. Kim zor boʻladi, kim xor qiladi". Polni "dup-dup" bosib oyogʻini sudraginicha yana boshqa xonalarni aylanib chiqdi. Uning allanima deb gapirgani va soʻkingani eshitiladi. Uyning togʻlarga qaragan ayvoniga chiqdi. Koʻkragini toʻlatib nafas oldi. Atrofga qarab koʻzlari quvonib ketdi. Janub tamondan bahorning ilk elchilari koʻm-koʻk maysalar koʻrinar va allaqanday bahorgi qoʻshlar »chirq-chirq» etib qanot qoqishadi. «Xudoga shukur». U hamisha hamma narsani oʻz istaklariga qarab oʻlchar va shu gʻarib hayotiga shukrona aytardi.

«Bahor ham kelibdi». Aynan shu fikr oʻlimni esiga soldi. Bir kun bularni tashlab ketadi. Ilgarilari yoshi qirq, elliklarda ekanligida oʻlim haqida oʻylashga qoʻrqmasdi. «Bir boshga bir oʻlim» derdi ichib kelgan vaqtlarida stolni mushtlab. U davrlar ham bir zumda oʻtdi ketdi. Qishli qirovli kasalliklar va muammolarga toʻla qarilik davri yetib keldi. Sherjonning hayoti birdan yoʻldan, toʻgʻri borayotgan yoʻnalishdan chiqib kataklarga aylandi. Negaki u endi yanglishib ketmasligi uchun qachon qaerga borishini haftaning sariq va qizil kataklariga boʻlib qoʻygan edi. Yaqindan beri haftada yetti kun boʻlsa, besh kuni boʻyaladigan boʻlgan edi. Ilgarilari biror joyga ishga borsa qishning uzun kunlari zerikib uyqusi qochardi. Tun boʻyi bolalarning yoki xotinini oʻylayverib boshi ogʻrib ketardi. Yaqindan beri bir narsani sezib qolgan edi. Uyidagilar buning uyda boʻlmasligiga oʻrganib qolishganmi, u televizorning qarshisiga choʻzilishi bilan bir-bir chiqib ketishardi. Hatto xotini ham biron joyini ogʻriganini bahona qilib ertadan yotib olardi. (Buyumlar onasi, xotini va bolalariga aylanadi. ) Endi shunday yashashga oʻrganib qoldi. Devorga suyangan koʻyi atrofni kuzatdi. Daraxtlarning kurtaklari boʻrta boshlabdi. Hokimning uyida allaqachon bahorga tayyorgarlik koʻrilib, sariq rangli xizmat libosi kiygan erkaklar bir narsalarni koʻtarib kirib chiqib yurishardi.
— Salom Sherjon aka, - degan ovoz eshitildi.
— Salom, salom – Sherjon xursand boʻlib.

Va darrov oʻzini ichkariga olishni moʻljalladi. Chunki bugun u narsaning daragi yoʻq. Qoʻshni yigit bilan bogʻchadan yoki bu yerda oylik olgan kunlari uchrashib turishardi. Sherjon u zormandani avaylabgina sumkasiga berkitib olib kelardi. Qoʻshni yigit bir kosa ovqat yoki sovuq gazaklar olib chiqardi. Sherjon har gal uning ismini soʻrar va shu zahoti unutib yuborardi. Oʻshanday paytlarda eng bahtiyor odamga aylanardi.
— Shanba kuni bir oʻtiramiz Sherjon aka. U kuni bu yerdamisiz axir.

Qoravul yuqorida turib bosh silkiydi. Qoʻli bilan bir narsalarni ishora qiladi.
— Ertalabdan xotinim qarindoshinikiga toʻyga ketadi. Yegulik hamma narsa boʻladi. Somsami, norinmi nima narsa qilsa shundan olib qolaman. Anov kuni bir shisha op kelib yashirib qoʻydim.
— Himm... - deydi Sherjon iljaygan boʻlib, sap-sariq, balki umrida tozalanmagan tishlarini koʻrsatib.

Qoʻshni yigit ham yillar davomida u bilan otamlashib oʻrganib qolgani uchun sharpaday bir zumda gʻoyib boʻlib qolgan qoravulning izidan befarq qarab qoʻyadi. Sherjon imillagan kuyi Yana yoʻlida davom etadi. Hammomning chirogʻini yoqib anqayadi. Qimmatbaho koshinlar yaraqlab ketadi. U odaticha vanna jumragini buramoqchi boʻladi. Birdan qoʻlini tortib olib engashib qaraydi. Vanna tubida bir qarch va nozik ilonning bolasi «iloncha» yotardi. «Oʻyinchoqmikan. Qachon tushdi ekan bu yerga». Tish choʻtkasi bilan turtib koʻrmoqchi boʻladi. Iloncha bilanglab siliq vannada sirgʻalib tushadi. «Voy jinni kirib olgan joyini. Onang qani seni. Chanqadingmi.». Joʻmrakni buraydi, shovullab suv oqadi. U bir zum suvda sirgʻalib sudralayotgan ilonchani kuzatib turadi. Yana joʻmrakni berkitib chiqib ketadi. Uyda hech kim boʻlmagani bilan sira choʻmilishni odat qilmagandi. Nazarida vannada choʻmilishga kirsa, birov eshik qoʻngʻirogʻini bosadiganday yoki uy egalari kirib keladiganday. «Sasib ketibsiz» deydi xotini. Uning adashib tunda hujum qilib qolishini oldini olib. Bu yerga kelishi va hammomni koʻrishi bilan «mazza qilib choʻmilib olaman».

Pastga tushadi, ovqatlanadi. Hamisha sumkasida olib yuradigan shapaloqday radiosi muruvvatini «shigʻillatib» buraydi. «Amerika shtatlarida suv toshqinlari davom etmoqda» deydi diktor. Amerika juda uzoq boʻlsa ham hamma yangiliklarni e’tibor bilan tinglaydi Sherjon. «Ha shuncha rivojlangan mamlakat boʻlsa ham foydasi yoʻq ekan». »Taqa-tuq» nazrida dunyoni shovqin-suron qamraydi. «Rep musiqa muhlislari uchun... marhamat». Choʻchib ketib yana buraydi. «Reping bilan har narsa boʻl». «Shigʻ-shigʻ» xonani nay navolari va gʻamli bir ovoz qoplaydi. Yaqindan beri Sherjon ogʻir musiqalarini eshitolmaydigan boʻlib qolgan. Yuragi siqilib oʻn besh yillardan beri koʻrmayotgan onasi va yaqinlarini eslaydi. Yana buraydi. Navqiron shirador bir ovoz yangraydi. «Doʻstdan yaxshi yor boʻlmas». Allaqaerlarda ruscha kuylashadi. Qandaydir odam tushunib boʻlmaydigan tilda qoʻshiq aytadi. U bunday qoʻshiqlarni negadir negrlar ijro qilsa kerak deb oʻylardi.«Shigʻ-shigʻ». Yana yoqimli ovoz yangradi. »Uff...» Qoʻshiq Sherjonning uzun umri davomida qotib qolgan yurak torlarini chertar, har kun har safar qoʻshiqni eshitar ekan, yuragida allaqanday unutilib ketgan tuygʻular, xotiralar paydo boʻlardi. Ba’zan bularning nomini nimaligini bilmasa, qoʻshiqni eshitishi bilan yayrab ketardi.

Ba’zan ichib olgan kezlari Xonzoda E’zozning qoʻshiqlarini eshitib koʻzlarini yumib yotaverardi. Oʻshanday paytlarda undan baxtli odam yoʻq. Uniing qalbidagi intilishning, shirin hayollarga berilishi birovni suyish, muhabbat deb boʻlmasdi. Sherjon Xonzodaning shirali sasini eshitishi bilan: koʻz oldiga uning goʻzal chehrasi, chiroyli kiyimlari va turli hashamatdor taqinchoqlari kelib yuragi orziqib ketardi. Ichib olgan kezlari shayton hayollariga berilardi. Xonzodani yalongʻoch holatda oʻz quchogʻida tasavvur etadi. «Voy-bu uyingiz katta ekan. Men sizni kichkina odam desam siz katta dam ekansiz deydi. Lekin uyingiz sovuq ekan, sovuq qotib ketyapman ». Shunda u bir oz uylanib turib xoʻjayining vannaxonada osilib turadigan paxmoq halatini keltirib beradi. Ichidan ishqilib bironasi kelib qolmasin deb oʻylaydi. Anov qanday surat?. Otga qiziqasizmi, menga ham ot yoqadi. Qaysi rassomning ishi bu? Sherjon bir narsalar deb gʻoʻngʻillagan boʻladi. Rassomlarni qaerdan ham eshitibdi u. Birdan choʻchib ketadi. Choy vaqirlab qaynab toʻkilayotgan ekan. Roʻyo hayollari bir zumda tarqab ketadi.

Atrofdagi uni oʻrab turgan borliq koʻziga baloday koʻrindi. Ming yildan beri koʻtarib yurgan toʻrxaltasi, shisha bankaga solingan qovurilgan kortoshka va yarim non – Sherjonning kechki ovqati edi. «Koʻp yemang semirib ketasiz. Kasal topasiz» derdi xotini. Aslida ovqatni tejayotganini yaxshi bilardi. Toʻgʻri yeyish-ichishida ma’no boʻlmasada lekin u shu yerda ovqat yeyishni yoqtirardi. Tinchgina, hotini harhasha qilmaydi. Bolalari asabiga tegmaydi. Musiqa yangrab turadi, yolgʻiz oʻzi...oh maza. Koʻzi chang bosib yotgan telefonga tushadi. Sherjon olislardagi kampir onasi haqida oʻylaydi. Onasi qarib ham qolgandir. Telefonda gaplasholarmikan. Bu telefon ishlayotanmikan oʻzi, keyingi paytlarda jiringlamay ham qoʻydi. «Vongg» deb ovoz chiqaradi trubka. Ishlayotgan ekan deydi, goʻyo telefonning ishlayotganidan hafa boʻlib. Endi yana azobli oʻylari davom etadi. Telefonni koʻrishi bilan onasiga telefon qilishi kerakligini oʻylaydi. Ishonmassiz u oʻn yildan beri telefonni koʻrsa onasi esiga tushadi. Lekin negadir har gal paysalga soladi. Onasi xorijiy bir mamlaktda yashagani uchun telefon haqining qimmatligidan qoʻrqadi. «Uff...» Imillab oʻrnidan turadi-da, stol ostida turgan titilib ketgan jurnalni balki uch yuzinchi, balki besh yuz yigirmanchi marotaba varaqlaydi. Muqova soʻnggida Xonzodaning yashil libosli, turli taqinchoqlar taqqan rangli rasmi koʻrinadi. Uning koʻziga yaqin qoshlari allaqanday sovuq kibr bilan tikiladi. Yana oʻsha nigohlarda allaqanday sirmi, jumboqmi yashirinday, beixtiyor odam juda uzoq tikilib qoldi. Sherjon ushbu suratga soatlab tikilib oʻtiradi. Uni izlab topish haqida orzu ham qilmaydi. Negaki u na boy va na yosh kelishgan yigit. Shuning uchun qoʻshiqlarini eshitib ovunadi. Har kun ne-ne hayollarga bormaydi. Endi oʻylab qarasa, bu yerga shu xotin haqida xayol surish uchun ham kelar ekan. Bu yerda xotini qulogʻida tinmay vaysamaydi. Nazarida shu narsa uning hayotining mazmuniga aylanganga oʻxshaydi. Odatda oʻzga tilda gapiradiganlar negr boʻlsa kerak deb oʻylardi.

Yotgan joyida kiyimlari bilan uxlab qoladi. Oʻzining dangasaligini oqlash uchun keyingi gal choʻmilaman, hozir bir oz shamollaganman deydi. Yana tong otadi. Oxiri bu istaklar ham ozor bermaydigan boʻldi. Chumilmaslikka ham koʻnikib ketadi. Tashqarida mashina ovozi eshitilib darvoza taqillaganday boʻladi. Yuzini yuvayotganda boshini va boʻynini yuvgan boʻladi. Sochi olingan taqir boshini, boʻynini sochiq bilan arta-arta yoʻtaladi. »Hozir...ho». Eski kalishini oyogʻiga ilib yugurgilaydi. Darvoza oldida qavogʻi soliq uy egasi turadi.
— Kun yoyilguncha ham yotadimi odam. Qari odamlarning oʻyqusi kam deyishadi. Siz uyquga yotgan ipak qurtiga oʻxshaysiz. Mang…? - qoʻlidagi paketni tutqazib qorovulni chetlab oʻtadi.

Elliklardan oshgan uy egasi viqor bilan ichkariga yurdi. Aftidan xotinlarining biri bilan urishgan, shuning uchun vaqtli kelibdi.
— Ikkinchi qavatdan suv oqmayaptimi?.
— Suv yoʻq, - qaysi suv haqida soʻrayotganini tushunolmay. Uy egasi olib kelgan paketga yutunib qarab qoʻyadi. – Iloncha bor – deb yuboradi.
— Qanaqa ilon – uy egasi toʻxtab sinchkov tikiladi. Qoravulga yolgʻizlikda jinni-pinni boʻlib qolmabdimi deb shubha bilan qaraydi. Beixtiyor boshini koʻtarib ikkinchi qavat tomonga quloq soladi.
— Ilonni bolasi vannada...
— Iya, - uy egasi norozi holatda shu vaqtning oʻzida erinib yuqoriga oʻrmalaydi. Sherjon ergashadi. –Vannada ilon nima qiladi. Siz koʻchadan olib kirdingizmi yo?.
— Shunga hayronman, - gʻoʻngʻillaydi Olim.

Ikkalasi birin-ketin vannaga kiradi. Chiroq yonishi bilan sutrang koshinlar yarqarib ketadi.
— Qaerda ilon? - deydi u plastik sholchalarni zardali koʻtarib koʻrib.
— Ertalab shu yerda edi. … onang qani dedim.

Hoʻjayin angrayib taqir bosh, yuzi ajinlardan iborat oltimishdan oshgan qoravulga qaraydi. «Tomi ketibdi». Ikkalasining orasidagi uzun sukut chirsillab uzilib ketganday boʻladi. Allanarsalarni soʻkingan kuyi tashqariga yoʻnalgan uy egasi Sherjonni turtib ketayozdi. «Ilonlar qaerda ekan. Oʻrmalab devordagi portretlarga kirib rasmga aylanganmikan?». Demak chanqab portretdan tushgan boʻlsa kerak. Yoʻlakdan uning «...ni yopdingizmi» degan sasi eshitiladi. Sherjon katta zalniing oʻrtasida qaqqayib turadi. Devordagi noma’lum balandlikka sakrayotgan tulporlar suratlarni barmogʻi bilan artib koʻrayotgan xoʻjayinni kuzatadi.
— Aka, bularni yopib qoʻying degan edim-ku, sizga. Mana hammasi oftobda oqarib yotibdi. Bu besh ming yevrolik narsa boʻlsa…

Sherjonning nigohi kumushrang otlarda otib qoladi. Bolaligida qishlogʻida kun boʻyi ot minib yurishardi. Shovot degan kanalda ot bilan birga choʻmilishardi. U paytlarda juda yosh boʻlgan onasi qoʻlida tol hivchini bilan uni izlab yurardi. «Uyga Kir, hozir otang keladi».

Devorning allaqaeriga berkinib olgan chigirtka «chirillab» qoʻyadi. Hokiminig hovlisidagi yopiq basseynda bolalar baqirishib choʻmilishadi. Kimningdir qargʻagani eshitiladi. Aftidan qoʻshni bozorga non olib ketayotgan oʻgʻlini qargʻardi: «ogʻzingdan qoning kelgur nega toʻkasan nonni…»
— Oldingi hafta och degandingiz-ku – mingʻirlaydi Sherjon va choyim sovub qolmadimikan deb oʻylaydi.
— Kecha ichmaganmidingiz. Xayolingiz qaerda. Oldingi hafta ochgan boʻlsangiz endi yopishingiz kerak. Bularni vaqti vaqti bilan shamollatib turish kerak. Maboda biron parazitlari boʻlsa quyoshda oʻladi. Mashhur portretlarni ham vaqt bevaqt koʻrgazmaga qoʻyishlari ham shundan boʻlsa kerak. E, aytishim shartmi, oʻzingizdan bilavermaysizmi?.

U nima deb javob qaytarishni bilmaydi. Derazaga koʻz tashlaydi. Uni ham ochish kerakmidi, yoki yopish...

Xoʻjayin bir xoʻmrayib boshdan oyoq qaraydi. «Qarib qolibdi almashtirish kerak». Kimga almashtirish haqida bosh qotirmaydi, negaki u ishlaydigan pulga yoshlarning ishlamasligini u yaxshi biladi. Parket pollarni «jiqir-jiqir» bosib pastga tushib ketadi. Sherjon ham imillab uning ortidan ergashadi.
— Bogʻni tartibga soling, shanba kuni kelamiz.

Koʻchada allakimlarning ovozi eshitilib, soʻngra mashina vagʻillab yurib ketadi. Aftidan uy egasi qoʻshnilar bilan soʻrashdi. Sherjon olisdan oʻljasini koʻzlab rohatlanayotgan burgutday paketga tikilib bordi. Qogʻoz haltachaning ostidan allanarsaning yogʻi sizib chiqqan edi. Ikkita nonning ustiga turli xil pishiriqlar: shirin kulcha, qizarib pishgan murabboli non va bir qanoti olingan tovuq solingan edi. Sherjon beihtiyor jilmaydi. Uy egasi qoʻpol va qoʻrs odam boʻlgani bilan bir tarafi qoʻli ochiq odam edi. U oʻgʻli ishlayotgan restoranidan turli tansiq taomlar olib kelib uni siylab turardi. Tovuq goʻshtlarni paqqos tushirib shirinliklar bilan choy ichayotganda tovuqning bir sonini xotiniga olib qoʻyishni oʻyladi. Lekin bir zoʻm oʻtmay fikridan qaydi. Chunki Sherjon uyga bir ikki marta ertaroq borib qolganida kirishi bilan bir taqsimcha ovqatni xontaxtaning ostiga olib qoʻyishdi. U qoʻlii yuvib kelib oʻtirganda oldiga bir lagan qovrilgan makaron olib kelib qoʻyishdi. Sherjon barcha joylarda qoravullikda yoki usta boʻlib yurganida makarondan rosa koʻngli qolgan edi. «Bunday koʻngli tor bularni, haftada uch kun uyda boʻlsa...».

Hali damlab qoʻygan choyi tinib hushboʻy boʻlib turgan ekan. Huzur qilib shimirib, yana Xonzodaniing rangli suratiga tikildi. «Xudo haqqi ilgari uning koʻzi qora edi. Hozir esa moviy edi». Ranglarni ham ajratolmayapti. Balki endi koʻzdan ham qolganmikan?. Nega boʻlmasa yaqindan beri qaerga qarasa koʻziga Xonzoda E’zoz koʻrinar uning ustiga kiyimlari va koʻzlari moviy edi. Radiodan: «Dunyo bolalarini bugungi bayrami bilan tabriklaymiz. Yaponiyada bugun dengiz kuni, dengiz axir bolalarniki kelajakniki…» Ajab dunyoda dengiz kuni ham bor ekan. Uni nimasini nishonlashar ekan. Balki, Shveytsariyada osmon kuni, quyosh kuni ham bordir. Lekin uning bir tomoni odamzod bir xil narsani koʻraverib oʻrganib qolasan. Balki tinimsiz, beminnat nur sachadigan quyoshga ham e’tibor kerakdir. Axir u nur sochmay qoʻysa nima boʻladi. Unda Sherjon qishlogʻiga bir vaqtlar oʻn soatga poedzdda boradigan, endilikda Ittifoq parchalanganidan soʻng u chegaraning bu yogʻida onasi esa u yogʻida qolib ketdi. Sherjonning oʻziga oʻxshab orzulari ham gʻalati, quyosh bu yerda nur sochmasa u yoqda ham nur sochmaydi-da. «Bizni uchrashtirgan yomgʻirga rahmat». Hamma narsadan ham qoʻshiq boʻlaverar ekan. Eshik choʻzilib choʻzilib jiringlab ketdi. Nazarida devorda osigʻliq suratlardagi otlar bir choʻchib ketganday boʻldi. Uy egasining biron narsasi qolibdi shekilli...» Obbo, odam boyigan sari injiq boʻlib boraverar ekan. Hech kim kirmasin, hech narsa berma...» Yoki qoʻshnilarmikan...Hayollari jonlanadi: Xonzoda E’zoz kelgan boʻlsa-ya… Eshikni ochdi ostonada yupun kiyingan ikkita ayol turardi.
— Assalomu-alaykum aka. Sizni yaxshi odam deb oldingizga keldik – xotinlarning koʻzlarida allaqanday qaygʻu yashirin edi...
— Kelinglar. Nima xizmat? – Sherjon xudi oʻzini shu koshonaning egasiday xis qilib bir oz kerilgan kuyi.
— Bir telefon qilib olsak boʻladimi?, - yuzlari horgʻin bir ayol shunday qarab turardiki, yoʻq deb aytining ilji yoʻq edi.

Xotinning yonidagi yoshroq qiz kulib qoʻydi.

Sherjon bir zum oʻylanib qoldi. Yomon xotinlar boʻlsa-chi nariroqda sheriklari berkinib turgan boʻlsa-chi, lekin yomon ayolga oʻxshamaydi.
— Faqat shaharlar aro qoʻngʻiroq qilmaysizlar – dedi bir oz gerdayib.
— Oʻlibmizmi aka. Bilamiz, - dedi yoshi katta xotin.

Ayollar kirib qoʻngʻiroq qilishdi. Lekin biror joy bilan gaplashisholmadi.
— Rahmat, bizga kerak odamlar uyida yoʻq ekan, - oʻrnidan turib ketishga chogʻlanishdi.

Yosh qiz bir narsa esidan chiqqanday taqqa toʻxtadi.
— Aka, bir kecha yotishga joy bersangiz? – shahardan ishga kelgandik.
— Joy? – Sherjonning koʻpdan beri mudrab yotgan hayrat tuygʻulari balqib yuziga chiqdi.

U Yana bir qur ayollarga va atrofga qarab oldi. Birdan hayollari aralash-quralash boʻldi: mana men deb xoʻjayinnig qoʻrqinchli yuzi balqib chiqib turdi.
— Biz ishlagan uy egalari yaxshi odamlarga oʻxshamadi – ayol kelgan tomoniga bir qarab qoʻydi. - Bari erkaklar, bari mast-alast...
— Ammo…- u oʻzini uy egasi deb bilgani uchun javob berishga chaynalardi. – Begona ayollarni kirgizolmayman.
— Xudo xayringizni bersin aka. Biz yomon xotin emasmiz, mana qoʻllarimizni qarang yil oʻn ikki oy qora ishda ishlayverib, ayolligimizdan nishona qolmagan – dedi yoshi kattaroq ayolning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib qovarib ketgan qora qoʻllarini koʻrsatdi.
— Qoʻshnilaringiz joy beraman dedi. Lekin ikkita yosh yigit bor ekan. Apam unamadilar. Hamisha men uchun choʻchiydilar, - dedi yoshgina qiz Olimning hamshishasining uyi tomonga qarab olib.

Hokimniing xotini toʻyga ketgan edi. «Voy zangʻar darrov xizmatchilarning koʻngliga boshqa gap kela qolibdi-da».

U oʻzini chetga olib manzirat qilgan boʻldi: «mayli qolinglar». Xotinlar sharpasizgina asta yurib haligi joyga oʻtirishdi.
— Bizga oʻxshaganlarning yuztasiga ham yetadigan joy bor ekan. Yana kirgizmayman deysiz, - dedi yoshroq qiz qoshlarini chimirib.

Ayol qizning biqiniga turtib imo qilib qoʻydi.
— Shu yerda oʻtirsak boʻladimi yoki boshqa xona bormikan?. Men Oyshagulman, bu Noli...

Sherjon endi xotinlardan rostmona uyalib, asta stoldagi non burdalari va suyaklarni yigʻgan boʻldi. Yuragida qandaydir notanish tuygʻular uygʻondi.
— Qoʻying biz oʻzimiz – Oyshagul stolni artib oshxonaga yoʻnaldi. – Shu yerdan qoʻl yuvsak boʻladimi?. - Javob kutmasdan suvniing shovullagani eshitildi. Yoshrogʻi bir zumda pol va mebellarning changini artib chiqdi. Bir zumda hovli tuy-poʻy boʻladiganday yarqirab qoldi. Sherjon choy qoʻygan boʻldi. Qimmatbaho qandilni ham yoqib yubordi. Ust boshini changini qoqdi. Yuvinib chiqmagani uchun oʻzini koyidi. Bu yerda tuzukroq kiyimi ham yoʻq. Yangi kiyim olmaganiga ikki-uch yil boʻldi. Tovba, beixtiyor kiyimlariga e’tibor bera boshlabdi. Xotinlar jimib ketdi. Demak, hammomga kirishibdi. Mayli yuvinib chiqa qolishsin, chang-chungga botib qolishgan ekan. Agar bular koʻrib qolgandami?. Birdan miyasiga garajga yashirib qoʻygan aroq keldi. Dasturxonga olib kelib qoʻysa boshqacha tushunib arazlab ketib qolishsa-chi... Yaxshisi jim oʻtirgani yaxshi... Xotinlarning shodon ovozi, kulgulari eshitildi. Sherjonning yuragi orziqib ketdi. Suv shovulladi.

Yoshi kattaroq Xotin uzun qirmizi xalat kiyib olgan edi. Ulardan allaqanday muattar boʻylar, shampunningmi isi kelardi.
— Bizni yoʻqotib qoʻydingizmi?. Noli qani oʻzing bir dasturxon tuzab yubor-chi...- uzun sochlarini silkitib. - Sherjon aka yaxshi odam ekanlar.

Moʻ’jazgina stol qatlama, pishgan goʻsht, somsa va turli pishiriqlarga toʻldi.
— Urre, uyngda telefon boʻlgani qanday yaxshi – xursand boʻlib Noli.

Sherjon bezovta qoʻzgʻolib qoʻydi. Nazarida yuzlarida ajinlari koʻpayib sochlari xurpayib ketganday boʻldi.

«Tek oʻtir, faqat shaharga qilgin». «Yaxshi, Yaxshi...bilaman».

Sherjonning koʻngli joyiga tushib, Oyshagulga yuzlandi. Oʻz-oʻzidan jilmayardi.
— ...bor edi. Ichasizlarmi...– dedi odaticha mingʻirlab.

Xotin atroflarini bir oz zajin bosgan chiroyli koʻzlarini unga qadadi.

Va sharaqlab kulib yubordi. Bir qadar oʻzini hukmron sezdi. Hashamatdor qasr va soʻtak mulozim.
— ...ichasizlarmi emas. Ichamiz.

Sherjon sharpaday sassiz sirgʻalib garajga chiqdi. Xotinlarning aroq ichishiga bir oz hayron qoldi. Yoqalari kir boʻlgan koʻylagini yechib, xoʻjayinning allaqanday harflar yozilgan futbolkasini kiydi. Futbolka juda katta boʻlib sal kam tizasiga tushib turardi. «Katta keldiyov, lekin salqin ekan». Sherjon multfilmlardagi katta etik kiygan mushukchaga oʻxshab juda kulguli ahvolga tushgan edi. Bir qoʻlida aroq va bir banka tuzlama bilan kirib kelishiga Noli ogʻzidagi choyni puflab kulib yubordi. Oyshagul ham kuldi, lekin oʻzini bosdi.
— Keling aka. Bu kiyimingiz sizga juda yarashibdi. Juda shoʻx-da bu qizim. Ishlab oʻlib qoladigan boʻlsa ham kulaveradi.

Noli qoʻlidagi piyolani arang stolga qoʻyib, qornini ushlab kula-kula chiqib ketdi.
— Juda katta ekanmi, oʻtgan yillar juda semiz edim, - birdan Sherjon yosh paytidagiday ochilib kulib yubordi.

Epchillik bilan piyolalarga qulqillatib aroq qoʻydi.
— Ikkitaga qoʻying u yosh qiz ichmaydi, - deydi Oyshagul uchinchi piyolani ogʻzini qoʻli bilan berkitib.
— Yaxshi olib yuboraylik, - bir narsaga shoshayotganday. – Birinchisini gapirmasdan ichamiz. Tirtim tost. Boring ikkinchisini ham…

Ayolning yanoqlariga qizillik yugurdi. Sochlarini erkalik bilan orqasiga silkib qoʻydi. Qoraygan yuzidagi oppoq tishlarini yarqiratib kuldi. Lekin uning nozlariga va kulgulariga oftobda qorayib qolgani va qoʻpol qoʻllari soya solardi. Sherjonning boshi qizib koʻz qirini ayolning boʻliq koʻkraklari tomon tashab qoʻyardi.
— Qaerdansizlar? – baribir yosh yigitlarday hijolatlangan kuyi dasturxonni oʻynab oʻtirardi.
— Quyi Sarpanjadanmiz. Yozda shaharga bir ikki soʻm ishlaymiz deb tushgan edik.

Narigi xonadan Nolining: «Yana bir yuz ikki yuz ishlaylik boraman» degan ovozi eshitilardi. Xotinning nigohlarida nimadir «yalt etdi». Chalgʻitish uchun Sherjonni gapga tortdi.
— Bu yerda ish ham yoʻq shekilli...zerikib ham ketsangiz kerak.

Birdan Sherzodning uy egasi ekanligi esidan chiqadi.
— U yoq bu yoqni qarayman, boqqa qaragan boʻlaman. Uy egasi... uydagilar shanba bozor kunlari chiqib turishadi. Sizlar kelganda endi momoyga telefon qilaman deb turgandim. Tez-tez gaplashib turamiz, - kunlab, yillab suradigan hayollarini chinga aylantirib gapirardi. «Uff...nega unday dedi».
— Onangiz nechchi yoshda, - deydi koʻpni koʻrgan ayol. Goʻyo Olimni uy egasi deb bilgan boʻlib aylantiradi.
— Saksonga… - chaynaladi. Onasi nechchiga kirgan edi. Chegara yopilganiga oʻn yil boʻldi. Yaqinlarini oʻn yildan buyon koʻrmadi. Unda hozir nechchiga kirgan ekan. - Qarib qoldilar. Tez-tez gaplashi...ib turaman, - deydi ichidagi hapyollariga qarama-qarshi va birdan toʻxtaydi. Bu haqda undan kim soʻrayapti. Nega yolgʻon gapirayapti.

Birdan ikki gʻarib odam oʻtirgan davrani, baland shiftli qasrni jaranglatib koʻcha qoʻngʻirogʻi jaranglaydi. Sherjonning bir soniyada kayfi tarqab, baqaday boʻlib qotib qoladi. Koʻp davralarni koʻrgan ayol kulimsiragan kuyi «kim boʻldi bemahalda» deydi. «Noli bu yoqqa kel». Narigi xonadan telefonning uzun simlariga choʻlashib qiz yugurib keladi. Olim eshikning olidiga yetib borguncha bir lahzada ichidan qirindi oʻtib ketdi. «Kim» dedi bugʻilgan ovozda. Balki uning yuragi umrida birinchi marotaba shunday tez urayotgandir. Qon bosimi ham rekord darajalarni koʻrsatgandir. Nazarida darvoza oldida uy egasi turar, aftidan nimadir aytish esidan chiqqan-u qaytib kelgan, hozir eshikni ochadi. Uy egasi ichkaridagi kasofat xotinlarni koʻradi. Hammasi tamom boʻladi. Qaerdan ham shularni uyga qoʻydi.

Eshikni ochib yubordi. Qarshisida qoʻshnisi qoʻlida allanarsalar ushlagan kuyi kulib turardi.
— Sherzod aka uxlab qoldingizmi?. Axir janonlarni kirgizib yuborgan edim-ku – Sherzodning kir deyishini kutmasdan uni chetlab oʻtib ketdi. – Yaxshi oʻtiribsizlarmi, - ayollar buning istiqboliga oʻrnidan turishdi. – Aytdim-ku sizlarga Sherjon aka juda yaxshi odam deb. Ana oʻzlaringiz koʻrgandirsizlar.

Oyshagul suzilib halatini yoqalarini tuzatgan boʻldi. Noli ham kelib davrani kuzatganicha dasturxondan u bu chimdinib oʻtirardi.
— Sherjon aka bunaqamas-da qaribsiz brat, qaribsiz, - Ayniqsa «qaribsiz» soʻziga urgʻu berib, «uy egasi» battar ezildi. Negadir miyasiga hozir eshikdan Oyzoda E’zoz kirib «men Sherjon akani izlab keldim» deganda bormi bular mum tishlab qolishardi. – Mehmonlar zerikib qolibdi, - Chaqqonlik bilan qoʻlidagi somsa va boshqa mayda-chuydalarni stolga yoyib, olib kelgan arogʻini «doʻq»etib qoʻydi.
— Hozir boraman deb oʻzingiz yoʻqsiz-ku, - Oyshagul qoʻpol va qora yuzlarini noz bilan uchirdi.
— Ish koʻp, ish, - u qulqillatib aroqni piyolalarga boʻlib chiqdi.

«Voy ifloslar u yoqda ishni pishitishgan ekan. Oldin xotinlarni yuborib ketidan oʻzi kelgan. Sherjon aka oʻzi bir qoravul degan. Voy hezalak, ishton biti...».
— Oldik boʻlmasa, qani Sherjon aka oʻzingiz bir narsa deng.

Sherjon aka talmovsirab «mimm…» deganicha Yana gʻalati ovozlar chiqardi. Shuning barobarida yeli chiqqan pufakdek bujmayib qoldi. Uning ichidan «kelishib qoʻyibsizlar-u...» deganga oʻxshagan gap chiqdi. Qoʻrqqanidan shu gapni ham toʻliq aytolmadi. Qoʻshisi mohir artistlarday oʻzini orqaga tashlab kuldi. «Eshshak. Xotinini oldida ishtoniga qilgan boladay ishshayadi. Kerilishini qaranglar buni...».
— Oʻhh...Sher aka hali ...siz ham...- aslida «nahot siz ham shunday gaplarni bilasiz» demoqchi edi. – oʻzimam oʻyladim, kirib borsam shunday deb oʻylasangiz kerak deb. Oʻlibmanmi aka, koʻchada ikki ayol shunday shunday dedi. Opalar meni ilojim yoʻq...Ana Sherjon akaning oldiga boringlar uyi katta dedim. Man unaqa past odam emasman, juda...

Sherjon sal qaddini rosladi. «Aytmabdi-yu... asli tuzuk yigit bu mehnatkash... ammo bir oz mahmadona...» U kulgan boʻldi. Kulgining oʻrniga yuzida qatlanib ketgan ajinlari bir oz qimirlab qoʻydi.
— Oldik boʻlmasa, - qoʻlidagini koʻtaradi.

Sherjon birdan ichishdan toʻxtab piyolada yomon bir narsa koʻrganday qoshini chimiradi.
— Ha aka, - soʻraydi jiddiy qoʻshni.
— Meniki juda toʻla-ku, - Yana ajinlari harakatga keladi.

Demak aroqning koʻpligi unga ma’qul, xotinlarning yonida yoʻliga soʻrab qoʻyapti.
— Endi Sherjonjon aka, - «jon qoʻshni» hurmatingiz bor. Uy egasi. ., - oh dayus Sherjonga nima yoqishini bilardi u. – ...degan istagancha ichadi. Bizni yoʻlimiz…Ayshagul. ., - bir oz oʻylanadi «opa»desammi…- ni yoʻli boshqa...qani oldik yigit oʻlmaylik. Uff...yoqadiey...ol senam ...ichlaringni dizenpektsiya qiladi – u hammomdan soʻng yanada chiroyi ochilgan Noliga allanechuk gʻalati tikilib.

Gap qayoqqa ketayotganini ichgan boʻlsada Oyshagul darov anglaydi:
— Nimasiga ichadi. Yosh bola hali, - deydi bir oz qahr bilan.

Sherjon qari burgutlarday viqor bilan gap nedaligini anglaydi.
— Tek oʻtir, - deydi u uy egasilarga xos qat’iyat bilan. – ogʻzim bor deb har narsani gapiraverasanmi...

Qoʻshniniing qoshi bir oz kerilib yuzi qizaradi. Asta koʻz qiri bilan asta Sherjonga qaraydi. »Qari toʻngʻiz» deb shivirlaydi. Engashib yutinadi boʻyin tomirlari boʻrtib ketadi.
— Bir ogʻiz gapingiz, Sherjonboyjon aka, futbolkalaringizdan sizni...qani Dosaev oldik...- deb piyolani chapdastlarcha dasturxonga qoʻyadi. U hammaniing qoʻliga bir-bir somsa tutqizadi.

Barcha somsa yeyishga tutinadi. Noli esa qiziqsinib hamma narsani ushlab koʻradi.
— Yuringlar ikkinchi qavatda bir portret bor. Chin san’at asari...- Sherjon qoʻpol qoʻllariga «oʻhhoʻ...»yoʻtaladi. – bebaho...- uy egasi takrorlaydigan gaplarni esalashga urunib, turishga chogʻlanadi.
— E, oʻtiring...oʻtiring. Hozir buni halollab olaylik, - Oyshagulga shoʻxlik bilan koʻzini qisadi.

Yarim shishadan koʻp aroqni Sherjon bilan Oyshagulga boʻladi. Ayol qoʻshnining Sherjonni mast qilish payida ekanligini anglab jilmayadi. Uzun gʻamza tortib entikib qoʻyadi.
— Qani olamiz soʻng san’at asarini koʻramiz. Qanaqa rasm oʻzi, - deydi u yuqoriga ishora qilib.

Sherjon butkul mast boʻlgan, tillari gʻoʻldirab qora va yoʻgʻon barmoqlarini bigiz qilib nimadir demoqchi boʻladi. «suvdagi parilar...Oyzoda Kamolga oʻh…»
— Aaa, - deydi qoʻshni. – tepada Oyzodaning portreti bor ekan-da. Sherjon aka uning suratlarini ich kissalariga solib yuradi. Avvaliga nos-pos oʻrasa kerak. Hojatga olib yuradi desam. Qarab oʻtiraman deydi. Hayron qoldim bu odamga. Oyzodaning koʻzlari oldin qora, nega endi koʻk deydi. Ho...hoo...

«Momoyga telepon... pari... ahmoqlar men Sherman» uning qalin lablari endi soʻzsiz pichillab kuvacha boʻlar yoki yoyilib ketardi. Yuzidagi qatlanib yotgan ajinlari ham tekislanib ketganga oʻxshardi.

Qoʻshni yuqoriga chiqayotgan vaqtida bir pas pichirlashdan ham toʻxtagan Sherjonga tikilib turadi.
— Holingiz shu ekan-u, hoʻjayinlik qilishiga oʻlaymi, Yana Shermish bogʻlogʻliq qoʻy bu Sher emas, chuldirvaqi qoravul. Aysha anovini qara...kallasi yarimmi deyman. Kiygan futbolkasini qara…

Sherjon dunyodan bexabar chalaqanchasiga yotib uxlardi. U ichganligi uchun qiynalib nafas olar, har nafas olganida koʻkragi koʻtarilib «Hoʻr-hoʻr...hiy...hiy» degan turli ovozlar chiqarardi. Qari va begona erkakning uxlashi juda xunuk edi. Ikkalasi yetaklashib marmar zinalarni shipillatib bosib yuqoriga koʻtarilib ketishadi. »Voy qoʻying» deydi Oyshagul nozlanib. Noli huddi shuni kutib turganday telefonni koʻtarib narigi xonaga oʻtadi. Telefon apparatiga Sherjonning oʻn yildan beri onasiga aytomagan gaplari qamalib qoladi.» Olimboy boʻtalogʻim nega jimsan». «Ish koʻp opa, narhlar ham qimmatlab ketdi». Telefonlarning Toshhovuzgacha choʻzilib ketgan simlarida «bolam yoʻllaringga koʻz tikib koʻzdan qoldim. Bir ogʻiz sogʻman deb telefon qilsang boʻlardi-ku. Hey bolama, onalar uchun bola saksonga kirsa ham bola boʻlib qolaveradi. Endi shoshmay kelsang ham boʻladi. Yorugʻ dunyoni tark etganimga yetti oy boʻldi ...sen bilan oxiratda koʻrishamiz bolam...».

Telefon shigʻillaydi, turli xil tillardagi tushunarsiz soʻzlar yangraydi. Ona bolaning munosabati telefonga aylanadi. Baland past, erkak va xotin tinmay gapiraveradi. Dunyo telefonga aylanadi. Bir oz vaqtgacha Oyshagulning istigʻnoga toʻla ovozi eshitilib turdi. «Qoʻying anovi eshitadi. Egasi qaytib kelsa-chi...». «Kelib ketdi...Dasaev tullagan sherni aytasanmi... ertaga peshingacha qotadi. Yetmishiga chiqqan odam.» Bir oz oʻtgandan soʻng hamma yoq suv quyganday jimib qoldi. Ahyon-ahyonda narigi xonaning eshigini yopib olgan Nolining pichirlagan kuyi ovozi eshitiladi. «Oyshagul ham jonimga tegdi. Eri uyida yotibdimi haliyam ichib... buyam eridan qolishmaydi. Hozir ham bir Shrek deganning uyida…Ha...ha oʻsha mulfilmdagi Shrekning oʻzi faqat ahmoqona quloqlar yetishmaydi. Enamning yoʻtali bosildimi?. Bugʻdoydi oʻrdinglarmi... Endi bunday ayrilmasam boʻlmaydi. Mayli anovi Shrek uygʻonib qolmasin. Mejdegorodniy qilma deyishgandi». Sherjon toshday qotib uhlaydi. Qulogʻiga suvning shovurlari va qizlar kulgusining jarangi va kumushrang otlarining kishnagani eshitiladi. Junbushga kelgan otlar qahr bilan suratlardan sakrab tushishadi. Oyzodaning moviy koʻzlari boshi uzra yulduz misol porlaydi. «Oyzoda keling endi»... deydi u. Ilonchalar koʻpayib ochlikdan vannaning har tarafga oʻrmalaydi. Allaqerda telefon uzluksiz jiringlaydi. Suratdagi parilar ham chiqib kelishadi. Shoyi koʻylaklarini «shitir-shitir» etib Sherjoning yonidan oʻtishadi. «Tura-tura charchadik» deyishadi. Bir mahal bogʻlardagi suvi sachraydi. Sherjonning tosh bitgan quloqlari va koʻzi ochiladi.

«Nega eshik ochiq. Telefon apparatiga toʻgʻri qoʻyilmabdi. Kim gaplashdi. Kim?..» Eshik oldida xoʻjayinning katta xotini va nevara-chevaralari hayvonot bogʻida gʻalati mahluqotga duch kelib qolganday qizil futbolkali qasrda yolgʻiz oʻzi uhlab yotgan dev odamga tikilib turishardi. «Hayf sizga. Qariganda imonini yoʻqotgan odam». Sherjonning yalt etib ochilib ketgan koʻzlari telefon apparatiga tushadi. Apparat qafasiga qamalib qolgan soʻzlar oʻzini har yoqqa uradi. «Men odammasman uka. Oʻn yilda telefon qilmadim. Telefon peshonamda turgan edi. Men odammasman ona...». U imillab oʻrnidan turadi. Qalbida yigʻiga oʻxshagan armonli bir tuygʻu paydo boʻladi. Boʻgʻzi ulkan qaygʻudan kuyib koʻzlariga yosh keladi. Endi hech qachon qoʻshni mamlakatga qoʻngʻiroq qilolmasligini anglaydi.

Toshkent. Goʻzal mahalla. 2006- yil, iyul