OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sarvar Azimov. Nazokat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSarvar Azimov
Asar nomiNazokat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sarvar Azimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nazokat (hikoya)
Sarvar Azimov

Har turfa odamni koʻp koʻrdim: nozik ta’bligini ham, toʻqim tabiatini ham. Bunisi oʻzgacha: muloyimlikdayam, tixirlikdayam boshqalardan ajralib turadi. Belorus oʻrmonlari kelini — oq qayin sharbatini emib yetilgani uchunmi, yoki... xullas, oti — Stanislav, oshna-ogʻaynilari esa, negadir, uni Stas deb atashadi. Boʻydor, oq magʻiz, kamgap bu odam yoshi qirqlar nari-berisidamikan: hay-ha-y-y, ishchanligiga nima yetsin — qoʻligul binokor. Aybi bor: uylanmagan, ayol zotidan qochadi.

Asli doʻstligimiz urushdan boshlanuvdi. Minskni ozod qilish janglari kezida — 1944 yilning 3 iyulida uchrashib qolgandik, niholday yigitcha edi. Shu-shu to Berlinga qadar yonma-yon boʻldik. Oʻlimning xunuk turqini teskari qilib, u Minskka, men Toshkentga qaytganimizdan keyin ham xat-xabarimiz uzilmadi. Jang maydonida tutingan aka-ukalik, sadagʻasi ketay, oʻzi bir olam.

Stasni Toshkentga chaqirdim. Bir-ikki marta qorasini koʻrsatdi. Ammo-lekin qistalang joʻnab qolardi. Bir kuni, yakshanba boʻlsami, erta koʻklamning hushyoqar shabadasiga koʻkragimni berib oʻtirgandim, jilmayib kirib keldi. «Ha, huvori?» desam: «Sogʻindim. Xat-pat qilmasdan kelaverdim», javobini qildi. Kulishdik. Mehmonim boʻldi. Oq qayin sharbatidan keltirgan ekan, mazza qilib ichdik.

Chamamda, bu gal koʻproq turib qoldi. Uyga kech qaytadigan odat chiqardi: ba’zan shod, ba’zan dilgir. Yotogʻida «Anna Pavlova», «Galina Ulanova», raqs-balet kitoblari, qoshi qalam, sochi taram raqqosa suratlari... Hayron boʻldim.

Shu kunlari, qurib ketgur, zilzila qozoni qaynab qolsami. Shahri azim bir zumda ostin-ustun, hammayoq vayron. Ichimdan qirindi oʻtdi. Besh-olti kunu tun ishxonada qolib ketdim. Bir kuni uyga qaytib, xotinimdan Stasni soʻrasam: «Qaydam. Oʻsha kuni azonda ketgancha daraklari yoʻq», deydi. Tavba...

Tun ogʻushida Stas qorasi koʻrindi. Avzoyi chatoq: ozgan, koʻzlari oʻyiq, mayizday qorayib ketipti. Salom-alikdan soʻng indamasdan yotogʻiga yoʻl oldi. Er-xotin qarab qolaverdik. «Yuragi toza yigit-da, boshimizga yogʻilgan ofat rosa ezipti» xayoli koʻnglimdan kechdi.

Nonushta paytida asta razm solsam, havorang koʻzlari tamom soʻnik, uh desa — Oʻpkasi koʻrinadi.
— Stas, tinchlikmi oʻzi?
— Tinchlik... toʻrt muchalim sogʻ, — javob qildi dasturxon chetini bukib.
— Biron joyi uzilib tushgan odamday koʻrinasan?
— Usta,— yalt koʻzimga qaradi Stas,— urushda ishga yarovdimmi?
— E, huvori, yaraganda qandogʻ. Nima edi?
— Belorussiyaga qaytmayman. Ma’qul koʻrsangiz, sizga shogird tushsam?
— Hm... Stas, bu aqlni yaxshi oʻylabsan. Toshkentga nima zarur — binokor zarur shu choqda. Ammo-lekin qisir bulutlikni qoʻy — ustasi parangsan, bilaman. Musobaqadosh boʻlsang, burningni ishqaguday ishlatardim. Nima deding?
— Qoʻlni bering, Usta.

Jomakorni ikkita qila binokorlikning qoq belidan shunday oldikki, qiyo boqish haminqadar. Mana, uysiz-joysiz qolishgan 400 ming chamasi shaharliklar ham yangi dargoh rohatini koʻrishmoqda. Poytaxtimiz yashargan, qaddini koʻtarish shukuhi kundan-kun baland. Zilzilaga — chikora.

Indamas, ishning koʻlami va sifatiga kelganda oʻlguday qaysar Stasimiz gʻayrati hammanikidan ortiq, odamlar tilidan tushmaydi. Uning chapdastligi «siri»ga kalit topisholmasdan muxbirlarimizam halak. Qaysi damlarda: «E-e, gijbakabang qivor-ey, shovvoz, san’atkordanam qiyvording-ku», deganimcha terimga sigʻmay ketaman, bir soʻniq qovoqlariga qarab, xafaqon boʻlaman. Xalq izzatidayu chehrasi kulmaydi-da, koʻngli shom hamisha. Oʻziga kelmaydi. Qalb «parma»sini topolmay dogʻman, zardam qaynaydi.

Xirmoni toʻkin kuz keldi. Bahri ochilar oʻyida dalaga taklif qiluvdim, Stas koʻna qoldi. Bir kosadan yakshanba qaymogʻining changini chiqara, Doʻrmonni koʻzlab yoʻl oldik. Bogʻlar toʻkin, shira-sharbat oqmoqda. Zarrin manzara jilolanib kishi koʻzini qamashtiradi, qulfi-dilni ochadi.

Xotinimdan aylanay, masalligʻni bopta tugib bergan ekan, Qorasuv boʻyida oʻzi yoʻrgʻalaydigan palovxon toʻrani muhayyo qildim. Qittay-qittaydan keyin oshni poqqos tushirib, kahrabo choyni maydalab oʻtirgan edik, Stas gapga kirib qoldi. Chehrasiyam jilla yorishganday.
— Usta, anovi daraxt otini, olovrang libosdagi, bilarsiz?
— Bunimi? Gul daraxt deydilar. Erta bahorda jigarday gullaydi, chiroyi juda antiqa.
— Belovej pushchasida boʻlgansiz-a?
— Nasib qilgandi. Beqiyos manzil.
— Bu daraxt oʻsha yerdagi qaragʻayzorlar orasidayam ahyon-ahyon uchrab qoladi.
— Yurtingni sogʻinibsan, huvori.
— Yurtini sogʻinmagan odam — odammi, Usta. Lekin bu daraxt chiroyi boshqa bir insonni esimga soldi.
— Kimni?
— Gulnozni...
— Gulnoz?!. Siringni suvga aytavermay, agar doʻst boʻlsang, menga och, huvori, yengil tortasan.
— Sir emas, Usta hayotim javhari... Tarixi katta.
— Ana xolos, inchinun, katta tarix boʻlsa eshitaylik-da, gapir?
— Boshqa kimim ham bor, Usta, mayliz — gapiray.— Stas yaxshilab oʻrnashib oldi va xayolchan davom etdi soʻzida. — Sizga yoʻliqqunimcha partizanlar orasida yurdim. Urushning dastlabki zarbalari ostidayoq ota-onasidan yetim qolgan oʻsmir qoʻlidan nimayam kelardi-yu, ammo, harna, otim partizan edi. Otryadimiz Minsk yoqasidagi oʻrmonzorda harakat qilar, men esa maxfiy obkom sekretari Firolovich yertoʻlasida yashardim. Yonimizdagi ikkinchi yertoʻlada doktor — bir oʻzbek ayoli mitti qizchasi bilan turishardi. Ular Minskda mehmon boʻlishgan, nemislarning selday hujumi oqibatida partizanlar orasiga tushib qolishgan ekan.

Bir kuni qirgʻin jang boʻldi. Chekinishdan oʻzga chora yoʻq edi chogʻi, yaradorlarni dehqonlar kulbasiga yashirib, joʻnavordik. Haligi doktor ayol yaradorlar yonida qoldi. Qizalogʻi ham oʻzi bilan, bermapti.

Oradan biron hafta oʻtdi. Firolovich topshirigʻi bilan oʻsha qishloqqa — yaradorlar holidan darak olish uchun otlandim. Gʻira-shirada yalanglikka chiqib qarasam, atrof tep-tekis, qishloq oʻrnida uyum-uyum kul. Dod devorishimga sal qoldi... Shamol qayoqdandir goʻdakning chinqiroq nolasini yetkazdi. Quloqlarimga inongim kelmaydi. Nima boʻlsa bu? Bola ovozimi yo qulogʻim shangʻillayaptimi? Tushunolmayman.

Bosqinchi xunasalar hiylasi esimga kelib qoldi, ha, bu pistirmadir deb oʻyladimu izimga qaytmoqchi boʻldim. Bu tobda bola yigʻisi... Yuragim tars yorilayozdi. Ha, mayli, boʻlganicha-boʻlar, deya nola tomon emaklay ketdim.

Yaradorlarni chaparastasiga otishipti. Ona murdasini tatalab chirillagan qizaloqdan boshqa tirik jon koʻrinmaydi. Tura bolani dast koʻtarganimni bilaman, «Xalt!» deb qoldi-ku. Ura qochdim. Oʻq uzishdi. Orqamdan koʻppaklarini solishdi. Bola chinqirishini qoʻymaydi deng. Zoʻrgʻa oʻrmonzorga yetib oldim-da, qizaloq ogʻziga roʻmolchamni tiqibla quyon boʻldim. Dengizdagi baliqmiz oʻrmonda, tutib boʻpti bizni.

«Attang, yaxshi ayol edi,— Firolovich koʻp afsus qildi.— Saqlolmadik. Bu jajji qizcha bizga undan yodgor. Katta yerdan samolyot kelsa joʻnatarmiz. Ungacha oʻzing boqasan. Oti — Gulnoz...» Umrimda bola boqqan odam emasman. Yana deng partizanlar kalaka qilishadi: «Onasi, sut kelyaptimi?.. Yoki echki-pechki topaylikmi-a?», «Oʻziyam ketvorgan onaxon chiqdi-da!» singari qochirmalar chakkamga tegdi.

Gulnoz yomon uchingan ekan, ogʻrib qoldi. Isitmasi baland. Alahlab onasini chaqirgani-chaqirgan. Nima qilishimni bilmayman. Baxtimdan oʻrgilay, bir kuni tuzaldi. Asta-sekin shoʻxliklariniyam chiqardi. Doʻmbillab orqamdan yugurishini qoʻymaydi. Shaloladay uchqur, qoramunchoq koʻzlarida yulduzcha oʻynaydi, koʻldagi oqqushlar sayrini, oʻrmonzardagi parrandalar parvozini soatlab tomosha qilsayam charchashni bilmaydi deng. Bir nafas uni koʻrmasam, rayhon hidini iskamasam turolmayman. Samolyot ham qoʻndi. Ketar chogʻ boʻynimdan mahkam quchoqlab oldi-da, xuddi kattalarday, «Stas, unutmang meni» deganicha joʻnadi-ketdi Gulnoz. Koʻzimga yosh keldi.

Dolzarb janglar sarosimasida uni unutganday boʻldim. Keyin, 1944 yili siz bilan uchrashdik, Usta.
— Balli, huvori, qattol urush boshimizga nimalar yogʻdirmadi. Xoʻsh, davomidan ke, qulogʻim senda?
— Usta, kishi taqdirida qiziq karomatlar jilva koʻrsatar ekan, yana soʻz boshladi Stas.— Siz qadrdonimni koʻrish uchun Toshkentga kelganimda teatrga tushuvdim. Balet asarining dastlabki sahnasi menga yoqinqiramadi uncha. Goʻshtdor, kepchik raqqosalar jonhalak sakrashar, harakatlarida san’at tarovatidan asar ham yoʻq. Esiz vaqt, ketsammikan xayolida oʻtirgan edim, choʻgʻday bir kimsa sahnaga otilib chiqsa boʻladimi: qoracha poʻst, oʻta nozik, oʻta tarovatli, jilva va harakatlari kishini rom qiladi. Adl va xipcha qaddi-qomatini, xumor qarashlarini aytmaysizmi! Oyoqlari-chi, bay-bay, oyoqlari togʻ choʻqqisida uchib turgan ohunikiday. Hushsiz sahnagayam, loqayd tomoshabinlargayam jon kirdi-qoʻydi, san’at sehri barchani «zir» titratsa-ya...

«Kim ekan bu» oʻyida «Programmaga» koʻz tashlasam, «...rolining ijrochisi — Gulnoz». Yuragim «shuv-v» etib ketdi, boshim gʻovlagan: «Oʻshamikan?», «Yoʻgʻ-ey, boshqadir, ba’zida odam odamga ajab oʻxshab ketadi... Unda Gulnozligi-chi? Bunga nima deysan?..»

Asar tugadi. Xayol girdobida junjikib teatrdan chiqdim. Shu kundan salt boshim — tinch qulogʻimdan ajradim qoldim. Na yerga sigʻaman, na osmonga.
— Obbo, huvori, yotoqdagi... haligi suratlardagi raqqosa oʻshamidi? Ofatijon-ku.
— Spektaklini poylab, biletni teatrning birinchi qatoriga toʻgʻriladim. Bu safar unisidan ham oʻtkazvordi. Yonadi-ya, yonadi. San’at qudratining jozibasidan shu damgacha mahrum ekanman. Asar tugagach yoʻliga koʻndalang boʻluvdim, «Stas!» deganicha quchogʻimga otilsa bormi. Oʻzimni yoʻqotayozdim. Oʻsha — Gulnoz. Xotiridan ham chiqazmapti qizi tushmagur.
— Yo karomatingdan, muni qara-ya,— deb yubordim, koʻzlarim ola-kula.
— Nimasini aytasiz, Usta. Gangir-gungur suhbatda uyiga yetib qolibmiz. Boshimdan kechirganlarim, uning hayoti ipga tizildi, soʻngra deng men bilan birga Belorussiyaga boradigan boʻlib qoldi. Onaizori qabrini ziyorat qildi, qizaloqligida kezgan oʻrmonzorni koʻrib qaytdi. Toshkentga ikkinchi bor kelishimda koʻrisholmadik. Toʻsatdan Hindiston tomon joʻnashga toʻgʻri kelipti.

Belorussiyaga qaytib koʻp oʻyladim. Gulnozsiz hayot men uchun daydi shamolga tashlangan umrday gap ekaniga imon keltirganimcha oltmish oltining aprelida yana Toshkentga qarab yoʻl soldim. Shirin uchrashuv boʻldi. Koʻklam nafasi Gulnoz yuz-koʻzlarida oʻynar, bir husniga-ming chiroy qoʻshar, xayolchan shoʻxligini, iffatli noz-karashmalarini oshirib-toshirganday. Ayniqsa shu pallada oʻz san’ati haqida gapirishni, serbardosh umidlariga qanot bogʻlashni yaxshi koʻrardi u.

25 aprelda tugʻilgan kunini oʻtkazdik. Dugonalari, yor-birodarlari yigʻilishib yerni koʻkka koʻtarishdi. Soʻng ikkimiz xayol surishdik, rejalar tuzdik. Vaqt allaqancha boʻlganidan men chor-nochor qoʻzgʻaldim. Muloyim tabassum bilan «ertagacha xayr» deya kuzatib qoldi.

Qaytsam uyqu oromida ekansizlar. Oyoq uchida yotogʻimga kirdim. Qani endi koʻz yumilsa. Bir mahal osmonning bir etagi «yarq» etib yorishdi-da, yer ostidan gʻulgʻula koʻtarildi. Xonadagi asbob-anjomlar oʻyinga tushar, nimadir «qars» sindi. Sachrab oyoqqa bossam, yer tarozining ikki pallasiday lopillaydi. Sizlarni omon koʻrdimu Gulnoz uyi tomon chopa ketdim. Shahar «qiy-chuv», «Zilzila! Qiyomat!» degan hayqiriqlar, xarobalar son-sanogʻi yoʻq. Turtina-surina yetib borsam, Gulnoz xonasi qop-qorongʻi. Eshik qoqdim, ovoz berdim — undan sado boʻlmadi. Eshikni yorib kira derazani ochib yubordim: Gulnoz oʻrinda, yostiq lolaqon, qimir etmaydi. Xona burchagidan koʻchgan gʻisht parchalari uy bilan bitta... Oʻzimni ustiga tashlabmanu hushdan ketibman.

Zilzilaning qayta gʻulgʻulasidan hushyor tortdim. Gulnoz qoʻli yetgan devordagi tirnoq chiziqlariga koʻzim tushdi: «Stas... unutm...»

...Gulnozimni koʻmdik. Besh kun chamasi rayhon guli bilan bitta qabridan jilolmadim. Buyogʻi sizga ayon, Usta.

«Him-m...» deganimcha tilimni tishlab qoldim. Stas koʻzlarida jiqqa yosh, qoraygan tarasha vujudi bezgak tutgan odam qiyofasida. Doʻstim dardi va fidoyi mehnatiningʻ «sir-asrori»— Gulnoz sevgisiga mos koʻrkam shahar yaratish ekan. Inson qalbining halolligiga, shunday tuygʻun nazokatga ming bor joningni tiksang ham kamlik qiladi, tasaddiq.

1967