OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSarvar Toʻrayev
Asar nomiKarvonqush (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sarvar Toʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 1-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Karvonqush (hikoya)
Sarvar Toʻrayev

Sahroning bepoyon kengliklarida yilning uch oyini aytmasa, tashqi dunyodan butkul uzilgan elatlar yashardi.

Yirik-yirik tijorat markazlari tomon yoʻlga chiqqan karvonlar ba’zan bu ovullar haqidagi uzuq-yuluq afsonanamo gaplarga boʻlgan qiziqishlari tufayli shu tomonlarga yoʻl solishardi.

Karvonni izzat-ikrom bilan kutib olishgach, avvaliga ovul ulugʻi oʻtovida mehmonnavozlik boʻlib, soʻng savdo ishlari gʻimirlay boshlar, bozor shu darajadagi avjga minar ediki, yirik shaharlardagi savdo markazlaridan qolishmasdi.

Sahroda bir-birlariga nisbatan gʻanim urugʻlar yashab kelardi. Ular oʻrtasidagi bu dushmanlik azaldan quduqqa boy hududlar ustidan nazoratni oʻz qoʻllariga olish masalasida edi. Ulusu bilan Azsu ana shunday urugʻlardan edi.

Ulusu ovulida suvga moʻl quduqlar joylashgan boʻlib, hayotlari toʻkin va barqaror, boshqa urugʻlar, xususan, Azsu doim quduqlaridagi suv tanqisligidan qiynalardi.

Bir zamonlar osmondan balo yogʻilib, kasalliklar avj olganida Azsu ovuli ulugʻlari kengashib, Ulusuga chopar joʻnatishgan va bunday degandilar: «Tangri yer-koʻkni, suvni hammamiz uchun bergan, sening ajdodlaringning yutugʻi ertani koʻra bilganida, bugun- gi yemagini ertaga ataganida, mening ajdodlarimning gunohi buguni bilan yashaganidadir.

Shu kechirilmas xato evaziga koʻp jonlarni qurbon berib kelamiz. Kelingiz, qon-qarindoshlik ipini bogʻlaylik, Tangri bundan va bizdan xushnud boʻlajak».

Ulusu uzoq kengashdi-da, javob berdi: «Quyosh ortidagi kun xudosi bilan oy ortidagi tun tangrisi doʻstu yor boʻlishi mumkinmi?

Har narsaning oʻz soʻrogʻi bor, shuning uchun ham tun va kun bor.

Tunlari quyosh chiqmagan, lekin kunduzi oy quyosh saltanatining ichida u-bu joyida biqinib yuradi-da, zulmat choʻkkanida kundan oʻgʻirlaganini oʻziniki qilib maqtanadi. Siz va biz ana shu kabimiz».

Azsu qurgʻoqchilikdan azob chekdi.

Oʻshanda Azsu ulugʻlari bir kunmas-bir kun bu qoʻshni urugʻni qilich bilan zabt etishni diliga tukkandi.

Uzoq yillik gina-kudrat, hayot – mamot jangini keltirib chiqarishi aniq, ammo oʻsha fursat hali boʻy koʻrsatmagan edi.

Ulusuga karvon qoʻngan.

Bozor qaynaydi.

Quyosh beayov qizdiradi.

Sahroyilar koʻnikib ketgan dim havoda ajnabiy savdogarlar, ayniqsa yosh yoʻlovchilar zoʻrgʻa nafas olishadi.

Kun yarmidan oqqanida boshdan-oyoq qora libosga oʻrangan, oʻrta boʻyli, keng peshonali, koʻrkam yigit paydo boʻldi.

U otdan tushiboq ot jilovini uni qiziqish bilan oʻrab olgan oʻsmirlardan biriga tutqazdi-da, bozor oraladi.

Ajnabiylar gavjum olomon orasida yaqqol koʻzga tashlanib turgan oʻtkir nigohli bu yigitning kim ekanligi bilan qiziqishdi.

Yonginasidan oʻtayotgan bir toʻp suluv qizlar tabassumi, pichir-pichirlari oʻziga bagʻishlanganligini sezsa-da, beparvolarcha yoʻlidan qolmayotgan yigitning kimligini yoyib qoʻyilgan jang qilichlarini ogʻzidan tanobi qochib tomosha qilayotgan oʻsmirdan soʻrashganida, u quvonchdanmi, qoʻrquvdanmi entika-entika javob qildi:

– Karvonqush!

Shu yerdan oʻtib ketayotgan munkillab qolgan kampir tishsiz ogʻzini katta ochganicha, izohladi:

– Karvonqush ...bu bizning ovulimiz, u borki, biz bor, u borki,siz bor.

Qora libosli yigit nimadir xarid qilishga unnaganida, bir guruh ovuldoshlari uning atrofida girdikapalak boʻlib qoldi.

Karvonqush – Ulusuni tashqi xavflardan ogoh etib turuvchi qoʻriqchi.

Yoz tunlari osmonda «Karvonqush» deb nom olgan yulduzlar turkumi koʻzga tashlanadiki, ba’zida adashgan karvonlar shu yulduzni moʻljal olib, sahro xalqlariga yetib kelishadi.

Yetti qaroqchi yulduzi yer bagʻirladi, tun yarimladi.

Birdan Karvonqushning nigohi olisda ot choptirib ketib borayotgan chavandozga tushdi.

Karvonqushning koʻnglida hadik turdi.

U tomon ot soldi. Chavandoz oyning botishini istamagandek oʻqdek uchib borar, shamolda uzun sochlari oʻynardi.

Uzoq quvlashmachoqlardan soʻng Karvonqushning uchqur tulpori chavandozni quvib yetdi.

– Ey, sen, toʻxta!

Chavandozning koʻzlari yumuq, biroq harakatlari nozik, jonli va jadal edi.

– Toʻxta, bizning hududlarga nega kelding? – Karvonqush uzangiga oyoq ilib yerga qoʻndi. – Nima izlayapsan?

– Suv!

Karvonqush chavandoz bilan yonma-yon yurganida, uning qiz ekanligini, buning ustiga oyparast ekanligini tushunib yetdi.

Bu payt oyning soʻnggi oʻroqdek parchasi ham yer bagʻirlab, zamin zulmat qudugʻiga choʻkib borardi.

Qiz yoʻlidagi Karvonqushni quchdi.

Karvonqushning yuzini uning uzun sochlari siypalab oʻtdi.

– Ey,sahro egasi, seni izlab topdim! Seni uzoq qidirdim. – Karvonqushning qulogʻiga mayin pichirladi qiz. – Sendan suv soʻrab keldim, suv ber!

Oy sahroning shamol bunyod etgan katta-kichik qirlaridan ham soyasini ayadi.

– Suv ber, odamlar chanqogʻi bosilsin.

Ular sukunat qa’rida qolib ketishdi.

* * *

Karvonqushlik uzoq yillardan buyon tayin etib kelinadi.

Quyosh tutilganidan soʻng tugʻilgan ilk farzandni muqaddas quyosh oʻgʻli deb hisoblashadi va uni karvonqushlikka monand ulgʻaytiriladi.

Ovulda quyosh tutilganidan soʻng, agar qiz farzand tugʻilsa, u oydan bunyod boʻlgan deyishadi va bu qiz butun umr Ulusuga choʻrilik qilishga majbur etiladi. Quyosh zurriyodi – Karvonqushning ota-onasi boʻlmaydi. Uning doʻstlari ham, dushmanlari ham, ma’shuqasi ham boʻlmaydi, u butun umr uylanmay oʻtadi.

* * *

– Hech kim oyga yetolmaydi deyishardi. Koʻp ham xato qilishi mumkin ekanki, mana, seni topdim.

Karvonqush qanday qilib oyparast qizni asliga qaytarish yoʻlini oʻylardi.

Uning koʻkragiga bosh qoʻygan qiz esa xotirjam edi.

– Oʻylab olishimga vaqt ber, bundan keyingi tunlarni kut, men seni bu darddan forigʻ etarman balki.

Uzoq sukunat choʻkdi.

Qiz Karvonqushni bagʻridan boʻshatdi.

Zulmat ichiga singdi, ot dupuri uning ketib borayotganligini anglatdi.

Oydinda, uchib yurgan hurni eslatib, otida yelib kelayotgan bu qiz uning nigohiga qoʻnib qolgan edi.

Oyparast qiz botib borayotgan oyni, Karvonqush esa uni ta’qib etishni oʻrgandi.

Bepoyon sahroda uzoq ot choptirishlar...

Marhamat kutib kelgan qiz...

Uzoq quchilgan Karvonqush..

U Karvonqushligidan qoʻrqmay qoʻygandi.

Oy yuzini toʻsib-toʻsib qoʻyadigan uzun sochlarga koʻmilishni xush koʻrib qolgan edi.

Oy kechika bordi.

Karvonqush yangi toʻlin oyni kutishi lozimligini aytganida, qiz lom-mim demay ketdi.

Tunlar zulmatga toʻlgan, Karvonqushning koʻnglidek qorayib qolgandi.

Kunlarning birida uni ovulga chaqirtirishdi.

Ovul ulugʻining katta va keng oʻtovida, toʻrt oqsoqol, ovulning ikki katta kohini va kichik beklar yigʻilib boʻlganida, u ham kirib bordi.

Oqsoqollar unga norozi qarash qila boshlaganidan, oʻzidan nimadir oʻtganligini payqadi.

– Sarhadlarimizda Azsu urugʻining aygʻoqchisi yursa-ya.

– Azsu bilan necha asrlik adovatimiz bor.

– Quyosh oʻgʻli, tafting sezilmayapti!

Karvonqush choʻchib tushdi. U aygʻoqchini qanday qilib koʻzdan qochirganiga ishonolmay turardi.

Koʻp oʻtmay oʻtovni olomon oʻrab oldi.

Tashqaridan ovozlar kelardi.

– Choʻponlarimiz topgan, Azsu urugʻi bizga joʻnatgan josusni koʻrsatinglar!

– Toshboʻron qilish kerak!

– Uning muddaosini eshitishimiz kerak! Eski gap boʻlsa, qatl etishimiz shart!

– Karvonqush nimadir bilar?

Ovul ulugʻlari olomon qarshisiga chiqishdi.

Karvonqush oʻzining eli oldidagi buyukligiga raxna solayotgan oʻsha dushmanni chopib tashlashga tayyor turardi.

Ulugʻ chuvillashayotgan olomonga yuzlanib, ularni tinchlikka undadi.

– Bas, uni koʻz oʻngingizda soʻroq qilamiz, jazoni ham oʻzingiz tayin etarsiz, faqat oldin uni eshitishimiz kerak.

Ikki jangchi ovul zindoni tomonidan birovni turta-turta yetaklab keldi.

Ovul ulugʻlari va olomon orasida pichir-pichir gap oraladi.

– Gʻanimlarimiz senga nima yuklashganini bayon et!

– Buyukligimizning sababini bilmoqchi boʻldingmi, Ulusuning totuv eli orasida nizo urugʻini sochmoqchimiding!

– Men sizga yomonlikni sogʻinganim yoʻq.

Bu tovushdan Karvonqushning butun vujudi muzlab ketdi va asirga koʻz tashladi. Bungacha dushmaniga hali koʻzi tushmagan, boisi, ovul tayinlagan jazoni oʻzi ijro etar, soʻnggi hisobni Karvonqush talab qilardiki, bunga fursati va yuzma-yuzlikka toqati hali oldinda edi.

– Nega bizning xududlarda daydi itdek izgʻiding ?

– Aybsizligingni isbot et!

Karvonqushning koʻzlari tinib borar, quloqlariga atrofdagilarning bu gaplari eshitilmasdi.

– U ov paytida adashib qolgandir, balki...

Kimningdir bu gapi olomonning jahliga sabab boʻldi, nigohlar soʻz aytuvchining yuziga oʻyib yuborgudek oʻqraydiki, bu bilan davraning ruhini payqash qiyin emasdi.

– Yoʻq!

Odamlarning nigohi anchadan beri haykaldek qotib qolgan qoʻriqchisiga qadaldi.

– U bizdan marhamat kutib chiqqan! Uni ozod qilish kerak!

Olomon guvrandi.

– U sahro sarvaridan suv soʻrab chiqqan oy qizi, xolos.

Qoʻllari orqaga qilib bogʻlangan qiz yerga tizzalab yiqildi, choʻkkaladi.

– U sahro egasidan suv soʻrab chiqqan!

Qiz yerdan koʻz uzib, ovoz kelayotgan tomondan uni qidirdi, topdi.

– Quyosh oʻgʻli! – guvrandi xaloyiq.

– Unga yomonlikni tilamang!

– Uni vataniga tirik qaytarish, ovulimizning kultepalarga aylanishi degani emasmi?

– Quyosh oʻgʻli, uni qurbonlikka ataymiz!

– Quyosh oʻgʻli, uning boshini tanidan judo qilginki, Tangri bizdan va zuriyodidan rozi boʻlsin.

Karvonqush choʻkkaladi.

El tinchib qoldi. Asabiy sukunat tin oldi.

– Unga ozodlik berish kerak, u oydan suv soʻrab chiqqan oyparast qiz, xolos.

U roʻparasida oʻziga tikilib turgan qizni, uning yuzini koʻz yoshlari yuvib oʻtayotganligini koʻrdi.

Qiz qandaydir bir quvonch, hayajon bilan titrab turardiki, uning bu holatini Ulusuda Karvonqushdan boʻlak kishi tushunolmasdi.

– Ulugʻlar, bu ne gap, – qichqirdi keksayib qolgan chol. – Esimni tanibmanki, u urugʻ bizni tahqirlab keladi. Qachon bizning ovuldoshlarimizni bizga omon qaytarishganini koʻrgansiz?

– Quyosh oʻgʻli, aslingga qayt!

– Manfur yovga oʻlim, uni qatl etishimiz kerak, vassalom.

Ovul ulugʻining oʻtovida, oqsoqollar oʻzaro kengashib, qizga turli-tuman jazolar qoʻllashni kengashishayotganida, tashqarida qolib ketgan Karvonqush va choʻkkalatib qoʻyilgan qizning nigohlari bir-birlariga qadalgan edi.

Bu qarashni olomon yecholmas, ma’nosini his qilmagan edi.

Ulugʻlar qatl kunini belgilashib, tarqalishganida qizni ham zindon tomon haydab ketishdi.

Yoʻl-yoʻlakay unga bolalar, qiz-juvonlar qoʻllariga tushgan nima bor, uloqtirib borishardi.

Yigit esa uzoq vaqt shu alfozda qolib ketdi.

Bu tun ovulning u yoki bu tomonidagi qum tepaliklarining birovida ham gulxan yonmadi.

Ovul ahliga bu tun nimadir kamdek tuyuldi.

Quyoshga qurbonlik kuni erkak zoti borki, ibodatga chiqardi. Nogʻoralar suroni ostida olomon Azsu kengliklari tomon yoʻlga chiqdi.

Eng oldinda oyparast qizni olib ketishardi.

Oyning toʻlin boʻlishini mushtoq kutayotgan qizning charos koʻzlari qizargan, yanada goʻzallashgan, jozibali edi .

Xaloyiq qarshisida, bir-biriga ulanib ketgan Azsu ovulining uylari koʻzga tashlanib qolganida yurishdan toʻxtadi.

Qiz koʻz oʻngida namoyon boʻlgan vataniga ilhaq tikilardi.

U oʻzi ot solib, oy quvgan kengliklarni tomosha qilardi.

Karvonqush tayin etilgan paytdan kechika boshladi.

Ulugʻlar koʻnglida qoʻrquv isyon koʻtardi.

Chunki bu joyda uzoq qolish juda xavfli boʻlib, Azsu hududi hisoblanardi.

Ulugʻlarning boshi kengashishdan chiqmadi. Karvonqushsiz marosim oʻtkazib boʻlmasdi ham, shu sabab qatl ertagi kunga qoldirilganida qizning yuragiga mittigina nur indi.

Ulusu ketishga chogʻlanganida kengliklarning bir burchidan, quyosh chiqar tomondan moʻr-malaxlardek yopirilib kelayotgan olomonni koʻrdilar.

Ulusu ulugʻlari urugʻni jangga shayladi.

Azsu uning shundoqqina qarshisida toʻxtaganida, eng oldinda qoʻllari ortiga qayrilib kishanlangan Karvonqushni koʻrgan Ulusuning kapalagi uchib ketdi.

– Quyoshimizni bizga qaytar!

– Oydan suv soʻragan qizni qaysi gunohi uchun oʻzingdek yovuz tangringga atamoqchisan?

– Azsu ming yillik da’vosini qoʻzgʻab, bizdan suv soʻradi.

– Muqaddas oyning qizini bizga qaytar!

– Quyosh zuriyodini bizga omon qaytar, aks holda bizdan omonlik kutma!

Ikki tomon oʻzaro uzoq kengashdi.

Kun tikka keldi.

Ulusu Karvonqushning bahridan oʻtib qoʻyaqoldi.

Ikki tomon ham urushni istadiki, bundan soʻng qaysidir urugʻ oʻlimga mahkum edi.

Bir barzangi oy izlagan qizning yoniga kelib, uning oydek yuzlarini oʻynadi-da, libosini zoʻrlab yirta boshladi.

Qiz tipirchilar, biroq qochib ketolmas edi.

Barvasta yigit uning uzun sochlariga oʻtkir xanjar solib, kesib tashlaganida, alamdan qiyqirib yuborgan Karvonqushning oldinga otilganini qochoqlikka yoʻygan Ulusu ulugʻi:

– Oʻldiringlar! – dedi.

Qilichlar ovozi yangradi.

Qizni chopib tashlashdi. Karvonqushning koʻzlaridan yoshlar sizib chiqib, yuzi boʻylab pastga enganida, uning boshi uzra ham qilich yarqiradi.

Kimdir ovoz berdi:

– Ey, ikki nodon urugʻ, nahotki hamon anglamading. Bizning qizimiz senda edi-yu, sening Karvonqushing oʻzi kelib, oʻrtadan nizo olinishini soʻragan va almashtirishlarini istagan edi-ya.

Uning gapini koʻpchilik eshitsa-da, ammo shu paytda oʻylashga fursat yetmasdi.

Bu urushni hech kim toʻxtatolmadi.

Qilichlar jaranggi, jangchilar urhosi buyuk sahroni tutgan edi.

Bu urushda hayot va mamot masalasi koʻndalang turardi.

Erkaklari ovulga qaytmagan Ulusu va Azsu erta tongdanoq yoʻlga chiqib, quyosh koʻtarilayotganida sahro oʻrtasidagi qip-qizil daryoni koʻrdilar.

Bu sarob emasdi.

Ayollar suvsiz sahroda qonga qorilgan loydan qoʻrgʻon bunyod etdilar.

Qoʻrgʻon oʻrtasida oyparast qiz va quyosh zuryodiga qabr qazildi. Soʻngra, erkaklarining xuni uchun ayollar oʻrtasida ayovsiz jang ketadi deganlar xato oʻyladi.

Ularning oʻy-xayollari, dardu iztiroblari bir joydan chiqqach, bir-birlarining istiqboliga chiqishdi.

Birlashishdi.

Endi ham ovullarda hayot davom etar, endi ham uzun-uzun karvonlar ulugʻ sahroni kesib oʻtishga jur’at topishar, biroq endi Karvonqushning sirli gulxaniga tikilishmas edi.