OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaydi Umirov
Asar nomiAsqad Muxtorning elchilari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Saydi Umirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Asqad Muxtorning elchilari
Saydi Umirov

Adib hayoti jurnalistika bilan chambarchas bogʻliq: dastlab «Yosh leninchi» (hozirgi «Turkiston»), «Qizil Oʻzbekiston» (hozirgi «Oʻzbekiston ovozi») gazetalarida ishlagan, «Sharq yulduzi», «Guliston» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan, «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati»ni shakllantirgan, Yozuvchilar uyushmasiga kotib boʻlgan. Oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida oʻn mingga yaqin (!) publitsistik asar — korrespondensiya (fiqra), lavha, reportaj, hisobot, intervyu, maqola, taqriz, kuzatish, sharh, xat, ocherk, feleton, esse yozgan, efirda, ekranda behisob chiqishlar qilgan. Oʻn mingtacha! Aytishga oson: bitta maqola, ocherk yozib, e’lon qilish qanchalar qiyin.

80-yillarning oʻrtalarida kutubxonachilikka oʻqigan bir talabaning boshdan-oyoq Asqad Muxtor badiiy, publitsistik asarlari roʻyxati, qisqa izohlaridan iborat kattagina diplom ishiga koʻzim tushgan edi. Shundan keyin ham adib oʻn yildan ortiq ijod qildi, koʻp narsa yozdi.

Yozuvchilar bor, publitsistikaga har zamonda, hafsala qilganda, zavqi kelganda yo biror sana munosabati bilan murojaat etadi. Biror maqola, suhbat bilan chiqadi-da, uzoq vaqt jim boʻlib ketadi. Asqad aka bu ish bilan muntazam, betinim shugʻullangan. Urushdan keyingi yillari «Poʻlat quyuvchi» dostoni, «Daryolar tutashgan joyda» qissasini yaratishdan oldin Bekobodga bir necha bor safar qilib, turkum maqolalar, ocherklar yozib kelgani, radioga koʻp eshittirishlar tayyorlagani ma’lum.

Oʻtgan asrning 60 — 70-yillari, 80-yillar oʻrtalarigacha publitsistikamizda, toʻgʻrisi, ofarinchilik, voqealarning sirtidan gap urish, madhu sano, ta’zim-tavoze uslubi ustuvor edi. Oʻsha yillari koʻp va xoʻp yozgan Asqad Muxtor mana shunday qusurlardan imkon qadar qochishga, tabiiylikka intilar, dunyoqarashi kengligi oddiy voqea, ibratli dalillardan katta fikr, salmoqli xulosa chiqarishga imkon berardi.

«Yozuvchi mahorati biror qiziq voqeani topib tasvirlashdan koʻra, biror voqeani qiziq qilib tasvirlashda koʻproq namoyon boʻladi», degan ibratli gapi badiiyatigagina emas, publitsistikasiga ham taalluqlidir. Adibning «Zarang yaprogʻi» nomli yoʻl ocherkidan Kanada tabiati, odamlari haqida koʻp ma’lumotlar olamiz. Mashhur bogʻbon Rizamat otaning dil rozi — monologi asosiga qurilgan «Umr hikmatlari»da nuroniylarimizga xos donishmandlik, bagʻrikenglik, kamtarlik ufurib turadi. Bolalar, yoshlar haqida yozganda adib tilda, uslubda bola boʻlib, yosh boʻlib ketardi. Umrining oxirgi yillarida, bemor payti «kundaliklar», toʻgʻrirogʻi, «Tundaliklar» yozdi. «Uyqu qochganda...» nomi bilan kitob boʻlib ham chiqdi.

Qisqalik — iste’dodning hamshirasi, degan naqlga amal qilibmi yoki katta narsalarni oʻqishga hafsalasi yoʻq kitobxonning vaqtini ayabmi, loʻnda, purhikmat publitsistik lavha, chaqmoq satrlar bitdi. Bunday miniatyur lavhalar Lixtenberg, Bernard Shou, Stanislav Yeji Letsda koʻp uchraydi. Endi bizda ham urf boʻlayotibdi: Asqad Muxtor, Gʻaybulla as-Salom, Oʻtkir Hoshimov qatralari buning bir misolidir. Mana, Asqad akaning aforizmlaridan ayrimlari: «Kitob boylik, Lekin sotib olingani emas, oʻqilgani», «Chinakam badiiy asar hamma vaqt javobsiz savollardir», «Shoir boʻlish yaxshi, shoirlik da’vo qilish yomon», «Kimningdir yozganiga ofarin, kimningdir yozmagani uchun rahmat», «Avvallari yashash uchun yozdim, endi yozish uchun yashayapman», «Kichkina yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) boʻlish kerak, katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir»...

«Insonga qullik qiladurman» kitobiga yozgan muqaddimasida oʻtgan asrning oʻttiz toʻqqizinchi, qirqinchi yillarida, hali talabalik kezlari buyuk Sohibqiron Amir Temur haqida ilmiy-badiiy yoʻsinda kurs ishi yozgani, bu hurmatli domlasi Ibrohim Moʻminovga ma’qul kelgani, 60-yillari hikoya yozilib, ustozi — taniqli akademikka koʻrsatilganda u kishiga manzur boʻlgani, lekin e’lon qilmay turishni maslahat bergani («... sen buni hozir biron joyga bermay qoʻya qol. Mening kunim sening ham boshingga tushib oʻtirmasin...» degan ekanlar), faqat mustaqillikdan keyin chop ettirganini eslaydi. (Sohibqiron haqidagi «Insonga qullik qiladurman» hikoyasi va shu nomli kitobi sevimli muallimi Ibrohim Moʻminov xotirasiga bagʻishlangan.)

Asqad Muxtorning adabiy-tanqidiy maqola, taqriz, suhbatlari oʻzida ilm, badiiyat, publitsistika unsurlarini mujassam etgan antiqa, sinkretik asarlardir. Ular hikoyadek, ocherkdek qiziqish bilan oʻqiladi, kuchli estetik zavq beradi. Zulfiyaning «Qatra» she’ri maxsus tahlil qilingan teran, ehtirosli maqola fikrimiz dalilidir.

«Davr mas’uliyati» maqolasida («Muxbir», 1970) Asqad Muxtor publitsistika ijodiy niyatni samarali roʻyobga chiqarish, fikr, tuygʻu, hissiyotlarni obrazli aks ettirish yoʻllaridan biri ekanligini ta’kidlaydi. Adib fikricha, odamlarning, ommaning ma’naviy dunyosini, ideallari va ehtiroslarini faqat lirik va psixologizm toʻlqinlarida toʻlaligi bilan kitobxon ongiga yetkazib boʻlmaydi, bunda ijtimoiy fikr ifodasiga kuchli ehtiyoj seziladiki, publitsistika ayni shu vazifani ado etadi.

Adib «Vopros? literatur?» jurnalining 1974 yilgi tanqidchilikka bagʻishlangan maxsus soni savollariga bergan javob-maqolasida Ozod Sharafiddinovning ilmiy-badiiy-pulbitsistik maqola, tadqiqotlariga yuqori baho beradi: «Bu tanqidchi yozuvchiga, kitobxonga aql oʻrgatmaydi, nasihat qilmaydi, balki hayot haqida, adabiyot haqida oʻquvchi bilan tengma-teng suhbat quradi, oʻquvchilar qatorida mening ham simpatiyam uning tomonida».

Asqad Muxtor koʻp va xoʻp, kuyunib-koyinib yozgan mavzu — til muammosi, soʻz mas’uliyati. «Tilimiz bir moʻ‘jiza» maqolasida avtobusda oʻrin boʻshatib bergan yigitga qarata yoshi ulugʻ ayolning «Umringizdan baraka toping, tasaddiq...» soʻzlarining magʻzini chaqishga yarim betcha, kir-chir avtobus haydovchisining dagʻdagʻa bilan aytgan «Bilet ollaring, oldinda kontrolyor bor» degan gaplarini izohlashga katta bir abzats ajratganini, bir kitobxon unga — jurnal redaktoriga «koʻz» soʻzi bilan bogʻliq mingga yaqin maqol, matal, aforizm yozib yuborganini minnatdor boʻlib eslaydi...

Asqad Muxtor mohir muharrir, betakror murabbiy, bagʻrikeng ustoz edi. Avvalo, oʻzining ustozlariga hurmati, ixlosi baland edi: she’rlari, maqola, suhbatlarida Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Muqimiy, Furqat, oqsoqol adiblarni, ustoz olimlarni yodlab turar, asarlari, fazilatlarini tez-tez ibrat qilib koʻrsatardi.

Bir suhbatida Yozuvchilar uyushmasida oʻtgan mushoirada «Ikki narsa ogʻirdir koʻnglimga asti, Ikki narsa uchun yoʻq menda bardosh, Biri — dushmanimning shodon qah-qahasi, Biri — doʻst koʻzida yaltillagan yosh» degan toʻrtligini oʻqib berganda toʻrda, hay’atda oʻtirgan Gʻafur Gʻulom xursand boʻlib oʻrnidan turib ketib: «Yaxshi narsa yozibsan, «yaltillagan»ni oʻrniga «moʻltillagan» de, ta’siri kuchliroq chiqadi», deganini eslaydi Oʻzbekiston Qahramoni, xalq adibi Said Ahmad va tengdosh doʻsti xotirasiga bagʻishlangan essesini «Mukammal inson surati» deb ataydi. Keyingi avlod vakillaridan yozuvchi Xayriddin Sulton «Boburiynoma»da Asqad akani «Ulugʻ inson, ulugʻ adib, shafqatli murabbiy, zoti sharif», deya ta’riflaydi, u kishi muharrir boʻlgan «Guliston» jurnalini mustabid bir tuzumdagi erkin fikr orolchasiga oʻxshatadi, Tvardovskiy boshqargan «Nov?y mir» jurnali rus jamiyatiga qanchalik ijtimoiy ta’sir koʻrsatgan boʻlsa, «Guliston» ham oʻsha kezlari oʻzbek jamiyatining ma’naviy hayotiga shunchalik kuchli ta’sir koʻrsatganini ta’kidlaydi. Xayriddin Sultonning ilk hikoyasi talabalik yillarida bosh muharrir oq fotihasi bilan jurnalda bosilgan edi. Boshqa bir adib Alisher Ibodinov hali talaba emas, armiya xizmatida dengizchi boʻlib yurgan kezlarida ilk hikoyasi chop etilgani, adibimiz iste’dodli yigitga universitet jurnalistika fakultetiga iliq tavsiyanoma-tavsifnoma yozib yuborgani esimda. Abdulla Qahhor, Mirtemir, Zulfiya, Shayxzoda, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Odil Yoqubov, Gʻaybulla as-Salom (keyingi avlod ijodkorlaridan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim Gʻafurov, Oʻtkir Hoshimov, Ikrom Otamurod, Mahmud Sa’diy) kabi Asqad Muxtor ham qalam ahliga, ayniqsa, yoshlarga gʻoyat mehribon, bagʻrikeng, tahriri toza, tiniq ijodkorlardan. Qanchadan-qancha qoʻlyozmalar u kishi tahriridan chiqib, ochilib ketmagan, deysiz. Mirtemir domla «Asqad qoʻlyozmaga bilib qalam tegizadi», degan ekan. Abdulla Oripov she’rlaridan biridagi «Asqad aka lutf etganday» degan satr ham mashhur adibga katta hurmat, ehtirom ramzi. Adibning munis, mehribonligi, tanti va kamtarligini koʻrgan, eshitgan yoshlardan qay birlari qimtinib, qay birlari tortinmay huzuriga kelganlar, qoʻlyozmalarini qoldirganlar, xat yoʻllaganlar; maslahatlaridan, yordamlaridan bahramand boʻlganlar qancha. Suhbatlaridan birida hazil maqomida shunday degani kechagidek yodimda: «Yaqinda bir qizaloq telefon qilib jurnalingizga borsam, maslahat olsam maylimi?» deb soʻradi. «Marhamat, siz kimsiz?» deb soʻrasam, «Yosh talantman», deb javob berdi jarangdor ovozi bilan...»

Asqad Muxtor publitsistikasida ham shoʻrolar davri mafkurasi oʻz ta’sirini qoldirgan, albatta. Lekin koʻpgina maqola, suhbatlari bugungi kunda ham oʻzining dolzarbligini, ta’sir kuchini yoʻqotmagan: «Kamolot kaliti», «Tabiat goʻzalligi — ma’naviy boyligimiz», «Siz qanday oʻqiysiz?», «Xat yozib turasizmi?», «Ijodkorning daxlsiz dunyosi», «Tarixiylik — zamonaviylik», «Daryo va sohillar», «Ajoyib sirli garmoniya» va boshqa maqolalarini — ulugʻ insonning avlodlarga elchilarini eslash kifoya. Darhaqiqat, zamon va qahramon, ma’naviyat, ma’rifat, maktab, oila, tarbiya, til, ekologiya va adib koʻtargan boshqa muammolar bugungi kunda har qachongidan ham muhimroq va dolzarbroq. «Tundaliklar»ning «Ikkinchi daftar» qismidagi kichik qatralarda ham katta, muhim fikrlar aytilgan. She’riy soʻzning ilohiy qudrati, tasavvur («bu — oliy savqitabiiy»), tasavvuf («Nima uchun panteizm, neoplatonizm oqimlariga amal qilgan Dante, Petrarka asrlardan beri ulugʻlanadi-yu, tasavvufga buncha qora chaplanadi?.. Bu singari kamsitishlar bizlarga mustamlaka deb qarashning alomatlari edi»), Sharq adabiyotining Gʻarbga ta’siri, keyingi paytlari hamma narsani rad etishning avj olganligi, oʻzbekchadan ruschaga tarjimalarning keskin kamayib ketayotganligi, utopik asarlarning ideal izlash natijasida yuzaga kelganligi va hokazolar haqidagi teran mulohazalari fikrimiz dalilidir.

Asqad Muxtor publitsistikasi, ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun mahorat maktabi, ibrat namunasidir.