OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSaylovboy Jumagʻulov
Asar nomiToʻqson toʻqqizinchi yongʻoq (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Qoraqalpoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Saylovboy Jumagʻulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonGulandom Kuramboyeva (Qoraqalpoq tilidan)
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻqson toʻqqizinchi yongʻoq (hajviya)
Saylovboy Jumagʻulov

Dadamiz, «eski boʻlsa ham mashina sotib olamiz», degan qarorga keldi. Xuddi ana shu kundan boshlab uyimizda pulni tejash degan mash-masha boshlandi.

Hammamiz dadamning mashina sotib olishiga rozi edik. Biroq, pulni tejash «tadbiri» koʻp oʻtmay jonimizga tegdi. Kiyimlarimizni qayta-qayta yuvib kiya boshladik. Poyafzallarimizga ham bir-ikkitadan yamoq tushdi. Odatdagi ovqat ham kamaydi. Goʻsht xarid qilishni, umuman unutdik. Goʻshti shilingan suyak, arzon ichak-chavoq yeyishga oʻtdik. Bu ham kamlik qilgandek, dadam har kuni bizdan hisob soʻraydigan odat chiqardi.

Bugun oyimga xarajatga deb ozroq pul tashlab ketgan ekan, shuning hisobotini soʻradi.
— Ozgina pul nimagayam yetardi? — dedi oyim jahl bilan. — Bir tiyin ham qolgani yoʻq, zogʻora, makaron, choy, tuz, gugurt oldim...

Hisobot navbati menga keldi.
— Tushlikka uyga keldingmi?
— Yoʻq, kela olmadim.
— Qayerda boʻlding?
— Ishxonamiz yaqinida oshxona bor. Oʻsha yerda ovqatlandim!
— Nima deding?! — oʻshqirdi dadam stolni urib. — Nega gapimga quloq tutmaysan?! Maoshingni tushlikka sarflasang, oyning oxirida uyga nima olib kelasan? Senga pulni teja deb har kuni aytaman-ku!

Men chidab turolmadim.
— Nima endi, tushlikda ovqatlanmaymi?
— Ovqatlanma demayman! Biroq, tejab ovqatlan. Bir ilojini top! Tushlikda oʻrtoqlaringni uyiga borsang ham boʻladi. Bir choynak choy, bitta non bilan hech kim oʻlib qolmaydi.

Dadamga oyim e’tiroz bildirdi:
— Qoʻysangizchi, kap-katta oʻgʻlimiz endi pulni tejayman deb har kuni birovlarning uyida devonadek tentirab yuradimi?
— Tentiramasa, bundan keyin oshxonaga yoʻlamasin, — dedi dadam yana bir nasihatni boshlab. — Idorasining ichida arzon oshxona boʻlsa kerak, oʻsha joyda tushlik qilsa boʻladi-ku. Men uch oydan beri bulochka yeb yuribman.
— Voy, shoʻrim! — Oyim taajjubdan yoqasini ushladi. — Bir burda non bilan qanday chidab yuribsiz? Oʻylovdim-a, nega buncha shashtingiz pasayib ketdi deb. Bulochkaga qorin toʻyadimi?
— Nega toʻymas ekan, toʻyadi. Kichkinagina, dumaloq choynagim bor. Oʻshanga tuyamoʻyinning suvini quyaman-da, ichiga tok bilan ishlaydigan qaynatkichni solaman. Oʻn-oʻn besh daqiqada varaqlab qaynaydi. Bir quti arzon koʻk choy olib qoʻyganman, bir yarim oyga yetadi. Oʻshandan bir chimdim solaman-da, ustiga roʻmolchamni bostirib qoʻyaman. Choy yaxshilab dam olgunga qadar pastdagi bufetga tushib, undan bitta bulochka sotib olaman. Oʻsha bilan yaxshilab choy ichaman.

Oyim uni qaytarib tashladi:
—Shu ham ovqatlanish boʻldimi? He, tejamkorligingizdan ham oʻrgildim!
— Toʻgʻri, bulochka ovqat boʻlmaydi, albatta, — dedi dadam, «hali davomini eshit» degandek. — Choydan keyin qorin toʻydirishning ikkinchi «usuli» bor.
— Astagʻfirullo! Yana qanaqa usul?
— Choyni ichib boʻlganimdan keyin xonamning eshigini yopaman-da, bozorga boraman. Xaridorlarga oʻxshab, «Ogʻayni qora kishmishing qancha boʻldi?», «Qizim, uzumingdan yeb koʻrsak maylimi?», «Uka, quritilgan oʻriging necha soʻm, danagi achchiq emasmi?», «Doʻstim, yongʻogʻingni poʻsti yupqami?», «Singlim, qizil olmang qanchadan?» degan savollar bilan ta’mini totib boraveraman. Shunday qilib, bozorning narigi chetiga chiqquncha qorning toʻyadi. Yeganlarimning turgan-bitgani vitamin.
— Vitaminlaringiz oʻzingizga buyursin! — dedi oyim meni ichkariga yetaklab. — Oʻgʻlim endi sizga oʻxshab bozorda birovlarning sotgani olib kelgan meva-chevalaridan yeb yursinmi? Qoʻying, oshxonada ovqatlanaversin. Boshini qotirmang!

...Ertasiga ishxonamda telefon jiringladi.
— Aylanayin, bolam, tezroq ishingdan ruxsat olib, bozorga kel! — dedi oyim yigʻlamsirab. — Dadang bozorda sharmanda boʻlibdi. Bir yongʻoqfurush yigit dadangning har safar yegan yongʻoqlarini sanab yurgan ekan. Dadang uning toʻqson sakkiz yongʻogʻini yebdi. Toʻqson toʻqqizinchi yongʻoqni qoʻliga olib: «Ogʻayni, yongʻogʻing puch emasmi, chaqib koʻraylik!» deb yana yemoqchi boʻlganda ogʻziga musht tushiribdi.

Aytishlariga qaraganda, yongʻoqfurush ham mashina olmoqchi ekan...

Ertasigayoq pulni «tejash» toʻxtatildi. Shu vaqtgacha yigʻilgan pulni dadamni davolashga sarfladik...