OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Seneka. Maktublar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSeneka
Asar nomiMaktublar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qadimgi Rim adabiyoti
Boʻlimlar
   - Stoitsizm
Mualliflar
   - Seneka
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonKarim Bahriyev
Hajm53KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maktublar
Seneka

Noma I

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Shunday qila qol, azizim Lutsiliy! Oʻzingni oʻzing uchun saqla, shu paytgacha sendan tortib olinayotgan yoki oʻgʻirlanayotgan, bexuda ketayotgan vaqtingni bundan buyon asra va jamlab ol. Mening yozayotganim haq ekaniga oʻzing ishonch hosil qil: bizning vaqtimizning bir qismini kuch bilan tortib olishadi, bir qismini oʻmarishadi, bir qismi dangasaligimizdan bekorga oqib ketadi. Oʻzimizning ehtiyotsizligimiz tufayli yoʻqotishlarimiz hammadan ham koʻra sharmandalidir. Diqqat qilib nazar sol: axir hayotimizning kattagina qismini axmoqona ishlarga sarflaymiz, bekorchilikda oʻtadigan vaqtimiz ham - oz emas, qolaversa, obdon qarasak, hayotimizning hammasini qilishimiz kerak boʻlgan ishlarga emas, boshqa narsalarga sarflaganmiz.
(2) Menga vaqtni qadrlaydigan, bir kunning ham qanchalar qimmatli ekanini biladigan, har bir soat sayin oʻlayotganimizni tushunadigan biror-bir odamni topib koʻrsat-chi?! Bizning fojiamiz shundaki, biz oʻlimni oldinda koʻramiz; holbuki uning aksariyat qismi allaqachon ortimizda, - axir umrimizdan qancha yillar oʻtdi, oʻtib ketgan yillarimiz endi oʻlimga tegishlidir. Azizim Lutsiliy, xuddi menga yozganingday qil: biror soatingni ham qoʻldan berma. Bugungi kuningni qoʻlingda tutib turolsang – ertangi kuningga kamroq asir boʻlasan. Agar shunday qilmasang, qiladigan ishingni ertaga qoldiraversang, butun hayoting shu yoʻsinda oʻtadi-ketadi.
(3) Lutsiliy, bizning hamma narsamiz aslida bizniki emas, bizga begona, faqatgina vaqtimiz bizga tegishlidir. Tabiat bizga faqat mana shu qoʻlimizdan sirgʻalib chiqib ketayotgan va shuvillab oqib borayotgan vaqtnigina bergan, ammo uni ham bizdan kim istasa tortib oladi. Bandalar gumrohdirlar: qandaydir boʻlmagʻur, arzon va oʻrni oson toʻlib ketadigan narsani olgan-berganlari uchun hisob-kitob qiladilar; ammo vaqtingni olganliklari uchun oʻzlarini qarzdor deb bilmaydilar, holbuki eng minnatdor banda ham vaqtni bizga qaytarib berolmaydi.
(4) Balkim sen mendan: «Nasihat qilishni-ku bilasan, ammo oʻzing nima qilyapsan?» - deb soʻrarsan? Chin koʻngildan tan olishim kerak: men hisob-kitobni yaxshi biladigan chiqimdor sifatida qancha vaqtni bexuda yoʻqotganimning hisobini bilaman, xolos. Hech qancha vaqtni bexuda yoʻqotmayman deb aytolmayman, ammo qancha vaqt yoʻqotganimni, nimaga yoʻqotganimni va qanday qilib yoʻqotganimni aytib bera olaman hamda qashshoqligimning sabablarini ham tilga olishim mumkin. Men ham oʻz illati tufayli qashshoqlashmagan boshqa aksariyat odamlar singari ahvoldaman; hamma menga goʻyo rahm qiladi, biroq hech kim menga yordam bermaydi.
(5) Xoʻsh, nachora? Meningcha, eng ozgina qolgan narsaga ham qanoat qila oladigan inson qashshoq emas. Sen oʻz boyligingni hozirdan asraganing durust: hozir boshlashning ayni payti! Ajdodlarimiz aytganlariday, qozonning tagi koʻrinib qolgandan keyin tejamkor boʻlishdan foyda yoʻq. Qolaversa, vaqtimiz nafaqat oz qolgan, juda oz qolgan. Salomat boʻl, birodar.

Noma II

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Sen menga yozgan narsalar va men sendan eshitganlar sendan umidvor boʻlishim mumkinligini bildiradi. Sen sayru sayohat qilmaysan, tez-tez turar joyingni oʻzgartiravermaysan. Axir koʻchishlar, sarson-sargardonliklar – bemor qalbning belgilaridir. Men oʻylaymanki, ruh xotirjamligining birinchi dalili – muqim yashash va oʻzligini saqlab qola olishdir.
(2) Ammo boshqa narsaga ham diqqat qil: turli-tuman yozuvchilarni va har xil kitoblarni oʻqishverish ham sayoqlikka, koʻchmanchilikka oʻxshamaydimi? Agar qalbimda biror-bir narsa oʻrnashib qolsin desang, buyuk ahli donishlarning unisi yoki bunisi bilan uzoq vaqt muloqotda boʻlish, ularning quvvai hofizasi bilan qalbni sugʻorish lozim boʻladi. Hamma joyda hozir inson – aslida hech bir joyda yoʻq insondir. Hayotini sayoqlikda oʻtkazgan odamning mezboni koʻp boʻladi, ammo chinakam doʻstlari boʻlmaydi. Buyuk donishmandlarning hech biri bilan yaqinlasha olmagan, hammasini shoshilib, yuzaki oʻtkazib yuborgan kimsa ham shunday boʻladi.
(3) Yutib ulgurmasdanoq qusib tashlangan ovqat foyda keltirmaydi va vujudga hech narsa berolmaydi. Dori-darmonni tez-tez almashtirib turadigan bemor aslo tuzalmaydi, sogʻligʻiga zarar keltiradi. Turli-tuman dorilar surkaladigan yara sira bitmaydi. Hadeb u yoq-bu yoqqa koʻchirilib oʻtkazilaveradigan nihol koʻkarmaydi. Eng foydali narsa ham yuzaki holda foyda keltirmaydi. Kitoblar ham koʻplikda bizni sochib yuboradi. Shuning uchun, agar egaligingdagi kitoblarning hammasini oʻqiy olmasang, oʻqiy oladiganingcha kitobga ega boʻl - yetadi.
(4) «Ammo, - deysan sen, - gohida u kitobni oʻqigim keladi, gohida – boshqasini». Turli-tuman taomlarga qoʻl urish – toʻqchilikning belgisi, ovqatlarning turli-tumanligi oshqozonni toʻydirmaydi, buzadi. Shuning uchun hamisha tan olingan yozuvchilarni mutolaa qil, agar gohida boshqa narsaga chalgʻiging kelsa, avval tashlab qoʻygan narsangni oʻqi. Har kuni qashshoqlikka, oʻlimga, boshqa biror ofatga qarshi bilim jamla va, boshqa koʻp narsalarni koʻzdan kechirib, bugun sen hazm qila oladigan birortasini tanla.
(5) Mening oʻzim ham shunday qilaman: koʻplab oʻqigan narsalarimdan biror-bir narsanigina eslab qolaman. Bugun men Epikurni mutolaa qilayotib
(men shunday tez-tez begonalarning bogʻiga tushib turaman, qochqin sifatida emas, mehmon sifatida tushaman), quyidagi hikmatga duch keldim:
(6) «Shodumon qashshoqlik, - deyli u, - xususiy narsa». Agar shodumonlik boʻlsa, bu qanaqa qashshoqlik boʻldi ekan? Oz narsaga ega boʻlgan inson qashshoq emas, koʻp narsaga ega boʻlishni istaydigan, boriga qanoat qilmaydigan inson qashshoqdir. Xazinasida va xirmonida qancha narsasi borligga, qancha suruvlari borligi va yana qanchasi qoʻshilayotganiga qaramasa, koʻzlari boshqanikiga qadalgan boʻlsa, topganini emas, hali yana topishi kerakligini oʻylasa? Boylikning chegarasi bormi, deb soʻrarsan? Quyi chegarasi – zarur narsalargagina ega boʻlish, yuqori chegarasi – yetarlicha narsaga ega boʻlishdir. Salomat boʻl, birodar.

Noma III

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Sen men uchun yozgan xatingni menga berib qoʻyishi uchun doʻstingga berganingni yozibsan va keyin ogohlantiribsan: men senga taalluqli hamma narsani ham unga aytavermasligim kerak ekan, chunki sening oʻzing ham odatda bunaqa qilmaysan. Ayon boʻladiki, bitta xatning oʻzida sen uni ham doʻst deb etirof qilasan va ham uning doʻstligini tan olmaysan. Agar sen «doʻst» soʻzini shunchaki til uchida tilga olgan boʻlsang ham mayli edi, axir biz ham saylovlarda nomzod boʻlganlarning barchasini shunchaki «jasur joʻmardlar» deb ataymiz yoki qarshimizdan chiqib qolgan, biz ismini eslay olmayotgan har bir kishiga «janob» deb murojaat qilamiz.
(2) Ammo, agar sen kimnidir doʻst hisoblasang va ayni paytda unga oʻzingga ishonganday ishonmasang, demak, sen xato qilyapsan hamda haqiqiy doʻstlik qanday boʻlishidan bexabarsan. Hamma narsani doʻsting bilan birga hal etishga harakat qil, ammo avvalo doʻstingning oʻzini tanib ol. Doʻst boʻlsang, unga ishon, ammo doʻst boʻlishdan avval uni bilib ol. Kimki Feofrastning nasihatiga rioya qilmasa, avval fikrlab, keyin sevish oʻrniga, avval yaxshi koʻrib qolib, keyin mulohaza qilsa, demak, u nima avvalu nima oxirligini adashtirib qoʻygandir. U yoki bu kimsa bilan doʻst boʻlishdan oldin uzoq oʻyla, ammo doʻstlikkka qaror qilganingdan soʻng doʻstingni butun qalbing bilan qabul et hamda u bilan xuddi oʻzing bilan soʻzlashgandan dadil soʻzlashaver.
(3) Shunday yashaginki, hatto dushmangga aytib boʻlmaydigan biror narsani oʻzing ham tan olishingga toʻgʻri kelmasin, ammo sir saqlash lozim boʻlgan narsalar baribir ham mavjud boʻlsa, barcha tashvishlaringni, fikrlaringni doʻsting bilan boʻlishgin. Agar unga ishonsang – uni ishonchli doʻstga aylantirasan. Koʻpincha aldanishdan qoʻrqish orqali aldovga oʻrgatishadi va shubhalanishlari natijasida shubhalangan kimsalariga yovuzlik qilish huquqini berib qoʻyishadi. Nega men u yoki bu soʻzni doʻstim oldida aytolmasligim kerak? Nega men doʻstim huzurida turganda oʻzimni xuddi oʻzim bilan yakkama-yakka turganday sezmasligim lozim?
(4) Birovlar faqat doʻstgagina aytish mumkin boʻlgan narsani duch kelgan har qanday odamga aytaverishadi, faqat u jimgina eshitsa boʻldi, koʻngillaridagi hamma narsani toʻkib solishadi. Boshqalar oʻzlari haqida eng yaqin odamlari ham nimanidir bilishini istamaydilar; ular, agar qoʻllaridan kelganda, hattto oʻzlariga ham ishonmagan boʻlardilar, shuning uchun ular hamma narsani ichlariga yutishadi. Unisini ham bunisini ham qilmaslik kerak: axir ikkisi ham – hammaga ishonish ham, hech kimga ishonmaslik ham – illatdir, faqat shuni aytishim mumkinki, birinchi illat – xayrliroq, ikkinchisi – xavfsizroq.
(5) Xuddi shunday doim xavotirda yashaydiganlar ham va doim xotirjam yashaydiganlar ham gʻazabga loyiqdirlar. Zero har narsadan talvasaga tushish faollikdan emas, doimiy hayajonda boʻlgan koʻngil bezovtaligidandir hamda, xuddi shuningdek, har bir harakatni ogʻir, ogʻrinib qabul qilish – xotirjamlikning belgisi emas, dangasalik va injiqlikning nishonasidir.
(6) Shuning uchun men Pomponiydan oʻqigan quyidagi soʻzlarni koʻnglingda saqla: «Ayrimlar shu qadar zulmatga botganlarki, yorugʻlikdagi hamma narsani noaniq koʻradilar». Hammasi mutanosib boʻlishi kerak: huzur-halovat asiri harakat ham qilishni boshlashi kerak va tinim-tinchimas kishi – biroz tin olishni, fikrlashni oʻrganmogʻi lozim. Tabiatdan maslahat soʻra: u senga kun va tunni yaratganini aytadi. Salomat boʻl, birodar.

Noma IV

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Azizim, boshlagan ishingni izchil davom ettir va qalbingning kamoloti va xalovatidan rohatlanish uchun imkon qadar shoshilgin. Ruhni komillashtirishda va koʻngil xotirjamligiga intilishda ham huzur-halovat bor; ammo illatlardan xoli va nuqsonsiz ruhga razm solsang, butkul oʻzgacha rohat ogʻushiga choʻmasan.
(2) Aniq yodingda boʻlsa kerak, odmi lash-lushingni yechib, erakaklik kiyimlarini kiganingda va forum davrasiga chiqqaningda qanchalar quvongan eding? Bolalarcha xulq-atvoringdan qutilib, falsafa seni erlar qatoriga qoʻshganda bundan-da kattaroq quvonchni his etasan. Axir bu paytgacha bizda bolalikning yoshi qolmasa-da, eng yomoni, bolalarcha goʻllik qolgan boʻladi. Bu shunisi bilan yomonki, bizni dono keksalar sifatida hurmat qilishadi, ammo bizda bolalarning, nafaqat bolalarning, hatto goʻdaklarning illatlari saqlanib qolgan boʻladi; axir goʻdaklar arzimas narsalardan qoʻrqishadi, bolalar – oʻtkinchi narsalardan hayiqishadi, biz esa – unisidan ham, bunisidan ham xavotirdamiz.
(3) Oldinga qadam tashla – va sen tushunasanki, koʻp narsa aynan hammadan koʻp qoʻrqitishi tufayligina qoʻrqinchli emas. Oxirgisi boʻlgan hech bir yovuzlik ulkan boʻlolmaydi. Oʻlimga duch kelmoqdamisan? Agar oʻlim sen bilan qolganda edi, u qoʻrqinchli boʻlardi, oʻlim esa yo senga hali kelmaydi yoki, kelsa, tezda oʻtadi, orqada qolib ketadi, boshqacha boʻlishi mumkin emas. -
(4) «Ruh hayotdan nafratlanishiga erishish, - deysan sen, - oson ish emas». – Biroq sen odamlar qandaydir arzimas sabablar tufayli hayotdan yuz oʻgirayotganini koʻrmayapsanmi? Bittasi sevganining darvozasiga oʻzini osib qoʻyibdi, boshqasi uy egasi qichqirganini eshitmaslik uchun oʻzini tomdan tashlagan, boshqa qochib ketgan bir kimsa qaytarib kelmasliklari uchun oʻz qorniga pichoq tiqib qoʻyibdi. Nahotki xaddan oshgan qoʻrquv qilgan ishni fazilatimiz qila olmaydi? Hayotni uzaytirish xaqida koʻp oʻylaydigan odamning hayotida halovat yoʻq, koʻp konsulliklarni boshdan kechirishni buyuk ezgulik hisoblaydigan odam xotirjam boʻlolmaydi.
(5) Har kuni, har lahza shu haqda oʻylagin, tokim hayotdan ketishni fojia bilma, oʻlimga xotirjam qara, koʻpchilik kishilar ummon oqimi tortib ketayotgan kishi tikanak butalarga va qirrador toshlarga tarmashgani singari hayotga tarmashishadi va yopishib olishadi. Koʻpchilik shunday – oʻlim qoʻrquvi va hayot azob-uqubatlari oʻrtasida arosatda yashaydi; ularga rahming keladi, yashashni istamaydilar, oʻlish ham qoʻllaridan kelmaydi.
(6) Yashash uchun, hayot uchun qaygʻurishni toʻxtatsanggina hayotingda halovat boʻladi. Agar inson biror-bir ezgulikni oxir-oqibat muqarrar yoʻqotishiga hamisha ich-ichidan tayyor turmasa, undan rohatlana olmaydi hamda, aytish kerakki, yoʻqotganda achinilmaydigan narsani yoʻqotish ogʻriqsiz boʻladi. Shuning uchun oʻlim qarshisida ruhingni jasorat bilan mustahkamla va chiniqtir, bilginki, oʻlimdan bu dunyoning eng qudratli shaxslari ham qutilib qololgan emas.
(7) Pompeyga oʻlim hukmini bir bolakay va skopchi chiqarganlar, Krassga – bir shafqatsiz va sharttaki parfiyalik. Gay Sezar Lepidaga boʻynini notiq Dekstrning qilichiga tutishni buyurgan – oʻzining boshi esa Xereyaning zarbasiga duchor boʻldi. Hech kimni omad yuqoriga koʻtarganidan koʻra kamroq xavfga qoʻymagan. Sokinlikka ishonma: dengiz bir lahzada qoʻzgʻalishi va hozirgina bir maromda kezib yurgan kemalarni yutib yuborishi mumkin.
(8) Shuni oʻylaginki, sening tomogʻingga qaroqchi ham, gʻanim ham qilich tirashi mumkin. Mayli sen yuqori hokimiyatda emasdirsan – baribir har qanday qul sening hayotingga ham, oʻlimingga ham tajovuz qilishi mumkin. Men senga shu gapni aytaman: oʻz hayotidan toʻygan har qanday odam sening hayotingga xoʻjayin boʻla oladi. Uy-roʻzgʻor fitnalaridan halok boʻlganlarni esla, - ular yo kuch bilan, yo makkorlik bilan maxv etilganlar, - shunda tushunasanki, qullarning gʻazabidan halok boʻlganlarning soni shohlarning gʻazabidan qurbon boʻlganlarning sonidan kam emas. Sen qurqayotgan qudratli hokimiyatning kuchi nima boʻpti, axir sen qoʻrqayotgan oʻlimni boshingga boshqa har kim ham sola oladi?
(9) Mana, deylik, sen gʻanim qoʻliga tushding va u seni oʻlim kundasiga olib borishni amr etdi. Axir sen oʻzi shundayiga ham oʻlim tomon borayotibsan! Tugʻilgan har bir inson oʻlimga tomon borayotir. Nega oʻz-oʻzingni aldaysan, goʻyo doimo yuz berib turgan narsaga endi tushungandaysan? Senga aytay: tugʻilgan soatingdan boshlaboq oʻlimga tomon borayotirsan. Agar biz butun umrimizning hamma soatlari mobaynida qoʻrqib yashayotgan oxirgi soatni xotirjam qarshi olishni istasak, bu haqda hamisha oʻylashimiz va hamma vaqt buni yodda tutishimiz kerak.
(10) Maktubimni tugatishim uchun bugun mening koʻzim tushib qolgan
(menga begona bir bogʻdan uzgan) bu hikmatni bilib ol: «Tabiat qonuniyatiga monand qashshoqlik – katta boylikdir». Sen mazkur tabiat qonuni bizga qanday chegaralar qoʻyishini bilasanmi? Na tashnalikdan, na ochlikdan, na sovuqdan uqubat tortishimiz shart emas. Ochlik va tashnalikni daf qilish uchun dimogʻdorlarning ostonasiga bosh urish, xudbinlarning qosh-qovogʻiga qarashimiz yoki haqoratomuz muomalaga chidashimiz shart emas, baxtimizni izlab dengizga talpinishimiz yoxud qoʻshin ketidan borishimiz ham kerakmas. Tabiat talab qiladigan narsaga imkonimiz yetarli, bunga erishsa boʻladi, biz faqat keragidan ortigʻiga erishish uchun qon va terga botamiz. 11) Ortiqcha havas uchun biz nechtalab koʻylak yirtamiz, jang-jadal oʻtovlarida umirimizni oʻtkazamiz, qariymiz, begona yurtlarga, begona qirgʻoqlarga yuzlanamiz. Bizga yetarlisi esa yonimizda, shundoq qoʻlimizning ostida zohirdir. Qashshoqligida ham sabr-toqat qilgan, koʻzi toʻq inson aslida boydir, boy boʻla turib, yana boylik izlab izgʻiyotgan, hech narsadan tap tortmayotgan koʻzi och boy aslida juda qashshoqdir, ochdir. Salomat boʻl, birodar.

Noma V

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Sening tirishqoqligindan va mashgʻulotlardagi harakatchanligingdan quvonaman, sen hamma narsani yigʻishtirib, oʻzingni kun sayin izchil komil etish istagida harakat qilyapsan va men seni bu uchun sharaflayman. Bundan keyin ham shunday tirishqoq boʻlgin, men bunda seni nafaqat qoʻllab-quvvatlayman, balkim oʻtinaman ham. Seni faqat bir narsadan ogohlantirishni istayman: komillikka erishishni emas, odamlarning koʻz oʻngida boʻlishni istaydiganlardan oʻrnak olma hamda na kiyim-kechagingda va na hayot tarzingda hech narsa yarq etib koʻzga tashlanmasin.
(2) Aftoda holda, tekislanmagan soch va oʻsiq soqol bilan koʻchaga chiqma, yasama darvishona koʻrinishga urinma, oltin-kumushga nafratingni, kerak boʻlsa quruq yerga toʻshak tashlab yotaverishingni – bir soʻz bilan aytganda, xudbinlikni qondirish uchun qilinadigan har qanday harakatni namoyishkorona koʻrsatma. Axir oʻzimizni kamtarona tutishimizga qaramasdan, faylasuf, soʻfiy nomining oʻziyoq bu gumroh olomonda yetarlicha nafrat uygʻotayotgan bir paytda, biz oʻzimizni odamlarning urf-odatlariga zid tutsak, oqibati nima boʻladi? Mayli qalbimizda biz oʻzgacha boʻlaylik – tashqi tomondan biz odamlardan ajralib turmasligimiz kerak.
(3) Mayli, kiyim-kechagimiz yarqiroq boʻlmasin – ammo kir-chir ham boʻlmasin; mayli quyma oltindan bezalgan kumush idish-tovoqlar bizniki emasdir – ammo oltinu kumushning bizda yoʻqligining oʻzi hali koʻzi toʻqlikning belgisi emas. Olomondan yaxshiroq yashash uchun balkim hamma narsani qilarmiz, ammo buni olomonga oʻchma-oʻch qilmasligimiz kerak, aks holda biz oʻzimiz komil qilmoqchi boʻlganlarni qoʻrqitib qoʻyamiz va oʻzimizdan yiroqlashtiramiz. Bizga monand boʻlishga toʻgʻri kelishidan qoʻrqishlari oqibatida ular hech narsada bizga oʻxshashni istamay qoladilar – biz faqat shunga erishamiz.
(4) Falsafa havola etishni vada qiladigan birinchi narsa – odamlar orasida yashash qobiliyati, xushmuomalalik va muloqotga moyillik; ammo bizning hashamdorligimiz, odamlardan ajralib turishimiz bu vadani bajarishimizga xalaqit beradi. Shu haqda tashvishlanishimiz lozimki, tokim biz odamlarda hayrat uygʻotishni istagan narsa ularda kulgu va nafrat uygʻotmasin. Axir bizning tabiat bilan uygʻunlikda yashashdan oʻzga maqsadimiz yoʻq. Ammo tabiat oʻz vujudini qaqshatmaydi, oson erishiladigan batartiblikdan yuz oʻgirmaydi, bokiralikni sevadi, nafaqat arzon yemakdan, balkim qoʻpol va badxoʻr taomdan ham yuz oʻgiradi.
(5) Faqatgina hashamdorlikka mukkasidan ketganlar kamyob narsalarga qiziqadilar – faqat aqlidan mosuvo kimsalar arzon va hammabop narsalardan oʻzlarini tortadilar. Falsafa koʻzi toʻqlikni taqozo etadi, ammo bu – azob-uqubat chekish degani emas; kamsuqumlik albatta koʻrimsizlikni bildirmaydi. Mana, mening koʻnglimga maqbul mezon: bizning hayotimizda ezgu fazilatlar, xulq-atvorlar koʻpchilikning xulq-atvori bilan qorishiq boʻlishi lozim, odamlar bizning fazilatlarimizdan hayratlanishsin, shu bilan birga uni tan ham olishsin. -
(6) «Qanday? Nahotki biz ham boshqalarday boʻlsak va biz hamda ularning oramizda nahotki farq boʻlmasa?» - Farq boʻladi va bu farq juda katta boʻladi. Mayli, bizga yaqindan razm solgan kimsa biz olomondan qanchalik farq qilishimizni bilsin. Mayli, bizning uyimizga kirgan kimsa bizdan hayratlansin, ammo uyimizdagi idish-tovoqdan hayratlanmasin. Loydan boʻlgan sopol idishdan xuddi kumush idishdan foydalanganday foydalanuvchi inson buyukdir, ammo kumush idishdan xuddi loydan boʻlgan idishdan foydalanganday foydalanuvchi inson ham buyuklikda undan kam emas. Boylikka kuchi yetmagan, boylikdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan, boylikni koʻtarolmagan kimsa ruhan zaif kimsadir.
(7) Bugun ham sen bilan oʻzimning kichkinagina daromadimni boʻlishmoqchiman: men oʻzimizning Gekatondan barcha istaklarimizdan voz kechsak, qoʻrquvdan ham xolos boʻlishimiz haqidagi hikmatni topdim. «Agar umid qilishdan toʻxtasang, - deydi u, - qoʻrqishdan, titrab-qaqshashdan ham toʻxtaysan». Bu turli-tuman ikki narsani qanday qiyoslash mumkin, deb soʻrarsan?! Ammo oʻzi shunaqa, azizim Lutsiliy: garcha ular oʻrtasida hech qanday umumiylik yoʻqday tuyulsa-da, aslida ular bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqdir. Bitta zanjir qorovul va u qoʻriqlaydigan asirni bogʻlab turgani singari, bir-biriga umuman oʻxshamaydigan qoʻrquv va umid birgalikda kelishadi: umidning ortidan qoʻrquv paydo boʻladi.
(8) Men bunga hayron boʻlmayman: axir ularning ikkisi ham ishonchi mustahkam boʻlmagan, istiqbolni xavotir bilan kutayotgan qalbga doxildir. Umid hamda qoʻrquvning bosh sababi – bizning bugungi kunga moslasholmasligimiz va oʻz niyat-istaklarimizni hamisha olis kelajakka tomon yoʻllashimiz, bugunni yaxshilash oʻrniga ertaga albatta yaxshi boʻlar, deb yashashimizdir. Shunday qilib, insonga berilgan eng buyuk ezguliklardan boʻlmish bashorat qilish hayotda yomonlikka evriladi.
(9) Hayvonlar, jonivorlar xavfni koʻrgach, qochadilar, xavfdan qochib qutilgach, boshqa qoʻrqmaydilar. Bizni, insonlarni esa ham oʻtmish ezadi, ham kelajak azoblaydi. Bizga berilgan ezgu fazilatlarning koʻpi oʻzimiz tufayli bizga zarar keltiradi: xotira bizni qoʻrquvdan titragan kunlarimizni yana boshdan kechirishga majbur qiladi, bashorat qilish hislatamiz kelajakda chekadigan azob-uqubatlarimizdan darak beradi. Va hech kim faqat bugungi sabablarning oʻzi tufayligina baxtsiz emas. Salomat boʻl, birodar.

Noma VI

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Tushunman, Lutsiliy, men nafaqat yaxshi tomonga oʻzgaryapman, balkim boshqa odamga aylanib bormoqdaman. Menda oʻzgartiradigan hech narsa qolmadi deb aytolmayman, bunga umid ham qilmayman. Tuzatilmaydigan, kamaytirish yoki koʻtarish lozim boʻlmaydigan narsaning oʻzi bormikin? Axir qalb avval bilmagan kamchiliklarini koʻra olsa, demak u yanada yaxshilanishga tomon yuz tutayotgan boʻladi. Ayrim bemorlarni kasal ekanliklarini sezganliklari uchun ham tabriklasa boʻladi.
(2) Men oʻzimda shiddatli tarzda yuz berayotgan bu oʻzgarishlar senga ham oʻtishini istayman: shunda men bizning doʻstligimizga – na umid, na qoʻrquv, na tama parchalay olmaydigan, to oʻlim kunigacha saqlanib qoladigan, uning uchun oʻlimga ham tik boriladigan haqqoniy doʻstlikka yanada mustahkam ishonch hosil qilardim.
(3) Men senga doʻstlari boru, ammo doʻstlikning oʻzidan mosuvo koʻp odamlarni sanab bera olaman. Qalbini umumiy iroda va haqiqat istagi chambarchas bogʻlagan doʻstlar bunday boʻlmaydilar. Boshqacha boʻlishi mumkinmi? Axir haqiqiy doʻstlar hamma narsalari, ayniqsa tashvishlari mushtarakligini biladilar. Har bir kun, mening sezishimcha, meni qanchalik oldinga harakat qildirayotganligini sen tasavvur ham qila olmaysan. -
(4) «Agar sen biror narsani topgan boʻlsang va uning foydali ekanini tajribada koʻrgan boʻlsang, men bilan baham koʻr», - deb aytasan sen. – Men ham hamma bilganimni sening shuuringga quyishni istayman va biror narsani oʻrganar ekanman, uni senga ham oʻrgata olishimdan quvonaman. Va har qanday bilim, qanchalik yuksak va farahbaxsh boʻlmasin, agar bir mening oʻzim uchun boʻlsa, menga halovat bermaydi. Agar menga biror hikmatni bersalar va shart qoʻysalar: uni men oʻzimda saqlashim va hech kimga aytmasligim lozim boʻlsa, - men bu hikmatdan voz kechar edim. Agar bir oʻzimiz uchun boʻlsa, hech bir ezgulik bizni quvontirmaydi.
(5) Men senga kitoblarni joʻnataman va sen undagi foydali oʻrinlarni izlashga vaqt sarflamasliging uchun belgilar qoʻyib qoʻyaman, tokim sen bu belgilar orqali men tavsiya qiladigan va oʻzim hayratlangan narsalarni oson topa olasan. Biroq donolarning tirik ovozi va ular bilan birga yashash ularning soʻzlarini oʻqishdan koʻra koʻproq foyda keltirgan boʻlardi. Kelib, hammasini oʻz joyida koʻrgan afzal, chunki, birinchidan, odamlar quloqlari eshitgandan koʻra koʻzlari koʻrganiga koʻproq ishonadilar, ikkinchidan, nasihatning yoʻli - uzun, namuna koʻrsatishning yoʻli qisqa va ishonarlidir.
(6) Agar faqat tinglaganida edi, Kleanf Zenonning aniq nusxasiga aylanmagan boʻlardi. Axir u Zenon bilan birga hayot kechirdi, yashirin narsalarni ham koʻrdi, Zenon oʻzi chiqargan qoidalarga monand yashayotgan-yashamayotganligini kuzatdi. Aflotun ham, Arastu ham va keyin turli tomonga tarqalib ketgan boshqa ahli donishlar ham Suqrotning soʻzlaridan koʻra, koʻproq uning xulq-atvoridan oʻrgandilar. Metrodora, Germarxa va Polnenani Epikurning darslari emas, u bilan hamnafaslikda kechirilgan hayot buyuk insonlarga aylantirdi. Darvoqe, men seni oladigan foydang uchungina men tomonga davat qilmayapman, balkim sen ham menga beradigan foydani oʻylayapman; biz birgalikda bir-birimizga koʻp narsa bera olamiz.
(7) Aytganday, men har kuni nimanidir tuhfa qilishim kerak. Mana, men bugun Gekatondan oʻqib olgan hikmat: «Nimaga erishding, deb soʻrarsan? Oʻzimga oʻzim doʻst boʻldim». U erishgan narsa oz emas, chunki oʻzini topgan, oʻzini oʻz doʻstiga aylantirgan odam endi hech qachon yolgʻiz qolmaydi. Va shuni bilgin: oʻzini oʻziga doʻst tutolgan odam boshqalarga ham doʻst boʻla oladi. Salomat boʻl, birodar.

Noma VII

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Sen kimdan oʻzimni chetga tortishim kerak, deb soʻrabsan? Olomondan-mi? Axir olomonga bexavotir yaqinlashishning iloji yoʻq! Men senga oʻzimning zaif tomonimni aytishim kerak: hech qachon koʻchaga qanday chiqqan boʻlsam, shunday qaytmaganman. Neni xotirjam qilgan boʻlsam, u yana hayajonga tushgan, nimani oʻzimdan yiroqlashtirgan boʻlsam - u yana qaytgan. Xuddi uzoq yotgan bemor oʻzini xavf ostiga qoʻymasdan koʻchaga chiqolmaganiday, bizday uzoq chekilgan iztirobdan dili bemorlar ham odamlar oldiga chiqishdan bezillaymiz.
(2) Oʻzingni qariga urib borayotgan olomondan yomonroq gʻanim yoʻqdir. Har biri muqarrar oʻz illatini senga jilvador qilib koʻrsatadi yoki yuqtiradi yoxud bildirmay singdiradi. Bu toʻdada odam qanchalar koʻp boʻlsa, u shunchalar xavfliroqdir. Yaxshi xulqlar uchun tomoshodan koʻra daxshatliroq narsa yoʻqdir: zero bizga illatlar huzur-halovatlar orqali oson yuqadi.
(3) Seningcha, men nima deyapman? Odamlar orasida boʻlganimdan soʻng men uyga yanada xasisiroq, izzattalabroq, boylikka xavasmandroq va, albatta, shafqatsizroq va noinsoniyroq boʻlib qaytaman. Men tasodifan kunduzgi tomoshoga duch kelib qoldim, istagim insonning qoniga koʻzi tushgan odamni tinchlantiradigan oʻyinlar koʻrib va hazil-mutoyibalar tinglab hordiq chiqarish edi. Ajabo! Avvallari koʻrganlarimizning hammasi jang emas, bagʻrikenglik boʻlgan ekan, bugun – hazildan asar ham yoʻq – haqiqiy qonxoʻrlik avjida! Yopinchlar yoʻq, butun vujud zarbaga ochib qoʻyilgan, hech kimning qoʻli bexudaga koʻtarilmaydi.
(4) Koʻpchilik aynan shuni xush koʻradi, avvalgi odatiy juftliklar va sevimli jangchilardan afzal bilishadi! Nega shunday boʻlmasin? Na boshda niqob bor, na qilichni qaytaradigan qalqon bor! Lash-lushlar nega kerak? Usullar nimaga zarur? Ularning barchasi oʻlim lahzasini uzaytiradi. Ertalab odamlar qashqirlar va ayiqlarga yediriladi, tushlikdan soʻng – tomoshabinlarning gʻajishlariga duchor qilinadi. Tomoshabinlar oʻldirganlarni ularni ham oʻldiradiganlar zarbasiga bosh tutishga buyuradilar, gʻoliblarni ertangi yangi jang uchun qoldirish maqsadidagina ayaydilar. Jangchilar uchun oʻlimdan boshqa chora yoʻq. Olov va temir ishga tushadi, sahna boʻshab qolguncha shu ahvol. -
(5) «Axir u qaroqchi edi, qotil edi». – Odam oʻldirgan kishi oʻlimga loyiq. Ammo sen, shoʻrlik tomoshabin, qaysi aybing uchun buni koʻrishga majbursan? – «Kes, ur, yondir! Nega u bu qadar qimtinib tigʻga boradi? Ana unisi nima uchun qoʻrqa-pisa oʻldiradi? Bunisi nega istar-istamas oʻladi?» - Hakamlar gʻanimlarni qilich tigʻiga haydashadi, yalangʻoch koʻkraklari bilan tigʻga borishlarini istashadi. Tanaffus paytida-chi? Bu vaqtda odam oʻldirishadi, ularga nimadir yuz berib tursa boʻldi. Nega tushunishni istamaysiz, yomon namunalar ularni namoyish qilayotganlarning oʻzlariga qaytadi? Oʻlmas xudolarga shukr qilingkim, siz oʻrganishga noqobillarga shafqatsizlikni oʻrgatyapsiz.
(6) Hali diydasi qotmaganlar, qalbi shafiqlar, ezgulikda barqaror boʻlib ulgurmaganlar oʻzini xalqdan uzoqroq tutsin: bundaylarning koʻpchilik tomoniga oʻtib ketishi oson. Hatto Suqrot, Katon va Leliy ham oʻzlariga oʻxshamagan olomon orasida ezgu xulqlaridan chekingan boʻlardilar, biz bandai ojizlar esa, oʻz tabiatimizni qanchalar takomilashtirmaylik, har tarafdan xamla qilib kelayotgan illatlar bosimiga chidash berolmaymiz.
(7) Isrofgarchilik va xasislikning bitta namunasi ham koʻplab yovuzliklarni olib keladi; erkatoy oshnamiz bizni ham zaif va tanbal qilib qoʻyadi, boy-badavlat qoʻshnimiz felimizdagi ochkoʻzlikni gij-gijlab yuboradi, makkor oʻrtoq eng bokira va sodda birodarining dilini ham zanglatishga qodirdir. Xoʻsh, agar bizning xulq-atvorimizga butun-bir olomon hamla qilsa, nima boʻladi? Yo sen ularga taqlid qilasan yoki hammani yomon koʻrib qolasan.
(8) Ayni paytda unisidan ham, bunichidan ham yiroq boʻlish lozim: yomonlar koʻp boʻlgani uchungina ularga qoʻshilish, taqlid qilish kerak emas yoki ularga oʻxshamaganing uchun koʻpchilikni yomon koʻrish ham kerakmas. Uzlatga chekin, imkon qadar oʻz ichingga berkin; vaqtingni faqat seni komillashtiradiganlar bilan oʻtkaz, yoningga faqat oʻzing yaxshilashing mumkin boʻlganlarni yaqinlashtir. Unisi ham, bunisi ham oʻzarolikda amalga oshadi, zero odamlar birovni oʻqitar ekan, oʻzi ham oʻsadi, oʻrganadi.
(9) Demak, sen izzattalabliging istagi tufayligina oʻzingni ommaga namoyish qilishing, olomon oʻrtasiga chiqib, nimanidir ovoz chiqarib oʻqishing yoki fikrlashing shart emas; mening nazarimda. Agar sening berayotgan mahsuling olomonning qalbiga yaqin boʻlsagina ularning oldiga chiqish mumkin, aks holda oqil odamni ular tushunmaydi. Ehtimol, bir-ikkita tushunadigan odam senga uchrab qolar, ammo seni chuqur va toʻgʻri tushunishlari uchun ularni ham oʻqitish va yoʻllash lozim boʻladi. «Ammo men nima uchun ilm oldim, oʻqidim?» - Mehnatim zoe ketdi deb achinma, xavotirlanma: sen oʻzing uchun ilm olding.
(10) Biroq men bugun faqat oʻzim uchungina oʻqimadim va shuning uchun senga buyuklar bisotidan bugun koʻzim tushgan uchta hikmatni yetkazaman – ularning hammasi aynan bitta narsa haqidadir. Birinchisi shu nomamning qarzini uzsin, qolgan ikkitasi keyingi xatlarimning haqi boʻla qolsin. Demokrit yozadi: «Men uchun bitta inson –halqdir, xalq – bitta insondir».
(11) Va yana bir donishmand shugʻullanayotgan sanati faqat bir necha odamgagina yetib boradiganligini, nega bu natijasiz ish bilan bu qadar tirishib shugʻullanishini soʻraganlarida, aytgan: «Menga bir necha odam ham yetadi, menga bitta odam ham yetadi, hech kim tushunmasa ham yetadi», - bu donishmand kim boʻlmasin
(bu haqda turli fikrlar mavjud), yaxshi aytgan-da, birodar. Uchinchi hikmat ham juda goʻzal – Epikur oʻquv mashgʻulotlaridagi oʻrtoqlaridan biriga yozgan: «Buni men olomonga emas, senga aytyapman: axir bizning har birimiz boshqa birimiz uchun bir teatr toʻla odam barobaridamiz».
(12) Mana, azizim Lutsiliy, koʻpchilikning maqtovlaridan keladigan sarxushlikdan saqlanish uchun ana shu hikmatlarni qalbda asrash kerak. Seni koʻpchilik qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Koʻpchilikka tushunarli boʻlsang, demak, oʻzingdan rozi boʻlishingga sabab bormikin? Sening fazilatlaring qalbingga qaratilgan boʻlishi kerak! Salomat boʻl, birodar.

Noma VIII

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) «Sen menga olomondan yiroq boʻlishni, uzlatga chekinishni va oʻz vijdoning bilan qanoatlanishni buyurasan, - deb yozasan. - To oʻlguncha mehnat qilish haqidagi nasihatlaring-chi?» - Senga buyurgan narsamni – odamlarga foyda keltirish uchun ulardan yashirinish va eshikni tambalab olishni - oʻzim ham qilganman. Bir kunni ham bekorchilikda oʻtkazmayman, hatto tunning ham bir qismini mashgʻulotlarga bagʻishlaganman. Ozod boʻlganimdan keyin ham uxlashga yotmayman: yoʻq, uyqu meni oʻz domiga tortadi, men esa tirishganimdan charchagan, yumilib borayotgan, toriqqan koʻzlarimni ishimga tikkancha, oʻtiraverman.
(2) Men nafaqat odamlardan uzoqlashdim, balkim ishlardan, eng avvalo – oʻz ishlarimdan ham uzoqlashdim va avlodlarning ishlari bilan shugʻullandim. Men kelajak avlodlar uchun ularga yordam berishi mumkin boʻlgan narsalarni yozib boraman. Xuddi tabiblar dori-darmonlarni qanday tayyorlashni yozib borganlariday, men ham oʻz qalb yaralarimni davolashda foydalanib, ishonch hosil qilgan xoloskor nasihatlarni qogʻozga tushiraman: yaralarim bitmagan boʻlsa-da, gazak olib ketmadi.
(3) Men boshqalarga oʻzim uzoq adashishlardan keyin, kechikib boʻlsa-da topgan yagona toʻgʻri yoʻlni koʻrsataman. Qichqiraman: «Olomon sevadigan, tasodif hadya qilgan narsalardan yiroq boʻlinglar! Tasodifan kelgan har qanday boylik, halovat qoshida shubha va qoʻrquv bilan toʻxtang! Axir baliqlar ham, jonivorlar ham shirin umid ilinjida qarmoqqa, qopqonga tushadilar! Siz bu narsalar taqdir inoyatlari, deb oʻylaysizmi? Yoʻq, bu taqdir tuzoqlaridir. Hayotini imkon qadar xavfsizroq yashab oʻtaman deganlar bu qush yelimi surtilgan hayot boyliklaridan, bu dunyoning biz shoʻrliklarni aldash uchun jilvalangan nafsidan, bu oʻljaga ega boʻldim, deb sarxush boʻlganimizda oʻzimizni oʻljaga aylantiradigan nematlaridan qochsin. Bu nematlar ketidan quvish bizni chohga tortib boradi.
(4) Yuksakka havolangan hayotning oxiri aniq – qulashdir. Buning ustiga, baxt-saodat bizni oʻngu soʻlga tortgan paytda qarshilik qilish mumkinmas. Yo toʻgʻri suzish kerak yoxud birdan tubsizlikka qulaysan! Ammo tole yoʻldan qaytmaydi – u agʻdar-toʻnkar qiladi va qoyalarga uradi.
(5) Shuning uchun vujud mayllariga uning mustahkamligini quvvatlaydigan darajadagina xohish bildiring va shunday hayot tarzini yagona sogʻlom va shifobaxsh tiriklik, deb biling. Vujudni itoatda saqlang, toki u qalbga boʻysunishdan chekinmasin: ovqat faqat ochlikni qondiradigan darajada kifoyadir, suv – chanqoqni bossa boʻldi, kiyim badanni sovuqdan asrasin, uy-joy – vujudga boʻladigan xavf-xatarlardan himoya qiladigan boʻlsa, bas. Uyi loydan boʻlganmi yoki xorijdan keltirilgan qimmatli toshdanmi, buning farqi yoʻq: bilingki, qamish tom ostida inson oltindan yopilgan tom ostidagidan yomon yashamaydi. Keraksiz zahmat ortidan keladigan, zeb berish yoki koʻz-koʻz qilish uchun yaratilgan narsalardan tortining. Yodingizda tuting: ruhdan boshqa hech narsa faxrlanishga arzimaydi, buyuk qalb uchun hamma narsa undan kichikdir».
(6) Men oʻzimga bilan shunday suhbat qurar ekanman, ayni paytda buni avlodlarga aytayotgan boʻlaman, nahotki, seningcha, men bu bilan sudga qoʻllab-quvvatlovchi boʻlib borgandan yoki uzuk muhri bilan meros qogʻozlarini zarblayotgandan yoxud senatda qaysidir mansabdorga qoʻl koʻtarib, ovoz bergandan kamroq foyda keltirayotirman? Shunga ishonginki, senga bekorchi boʻlib koʻrinayotgan odam aslida muhim yumushlar bilan - ham ilohiy, ham insoniy ishlar bilan mashgʻuldir.
(7) Darvoqe, maktubni xotimalashning ayni paytidir va men, qoida tariqasida, bu nomamda ham nima bilandir seni rozi qilishim kerak. Men senga oʻz zahiralarimdan toʻlamayman; hali-hanuz Epikurni mutolaa qilayapman va bugun undan shunday soʻzlarni oʻqidim: «Haqqoniy erkka erishish uchun falsafaga qul boʻlgin». Agan sen bu hikmatga oʻzingni baxsh etsang, erkinliging kundan-kun ortga surilavermaydi: darhol erkka noil boʻlasan. Chunki, falsafaga qullik – bu dunyodan erkinlikdir.
(8) Ehtimol, sen nega bu goʻzal soʻzlarni oʻz zamondoshlarimizdan emas, Epikurdan keltirishimning sababini soʻrarsan. Nega bu soʻzlar hamma insonlarga emas, faqat Epikurga tegishli, deb oʻylaysan? Axir, bugungi shoirlaring aytayotgan koʻpgina fikrlar allaqachon faylasuflar tomonidan aytilgan yoxud aytilgan boʻlishi kerak! Men na tragediyalarni, na bizning tragediya va komediya oʻrtasida turgan, jiddiylikdan xoli boʻlmagan togatalarimizni aytayotganim yoʻq; hatto mimlarda ham qanchalar muazzam satrlar bor! Publiliyning koʻplab sherlarini ham kishanini sudrab yurganlargina emas, minbarlarda nutq soʻzlayotganlar shavq ila oʻqisa arziydi.
(9) Men uning falsafaga, xususan falsafaning hozirgina men aytgan va men shugʻullangan qismiga tegishli boʻlgan bitta satrini keltiraman; unda shoir tasodifan qoʻlga tushgan narsani oʻziniki hisoblash mumkin emasligini yozadi:

Begonadir ul, agar istagimizga koʻra birdan

Yoprilib kelsa biz tomon.

(10) Yodimda, sen menga mehnatsiz kelgan boylik haqidagi bundan ham qisqa va loʻnda bir satrni keltirgan eding:

Omad bergan narsa bizniki emas.

Sening mana bu hikmating
(men uni ham tilga olmay qoʻymayman) undan ham yombidir:

Bizga oson berilgan narsa oson qaytib olinishi ham mumkin.

Men bu hikmatni qarzimni uzish uchun bermayapman: men senga oʻzingnikini qaytaryapman. Salomat boʻl, birodar.

Noma IX

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Sen bilishni istaysanki, Epikurning bir maktubida donishmand insonga oʻzidan boshqa hech kim kerakmas, donishmand hech kimning doʻstligiga muhtojmas, deb takidlaydiganlarni qoralashi adolatdanmikin?! Epikur bu tanani Stilponga va boshqa qalbni har qanday tasirga chidashdan asramoq - oliy nematdir, deb biladiganlarga yoʻllagan.
(2) Darvoqe, agar biz qisqalikka erishmoq uchun awa&eia soʻzini «chidamoq» deb tarjima qilsak, Epikurni turlicha talqinlashga yoʻl qoʻygan boʻlamiz. Axir, bunda biz oʻzimiz nazarda tutganimizdan boshqacha, butkul teskari manolarni oʻylashimiz mumkin. Biz: «har qanday ogʻriqqa beparvo qalb» deyishni istaymiz, ammo: «har qanday ogʻriqqa chidamaydigan qalb» deb ham tushunish mumkin. Oʻzing diqqat qil, «daxlsiz qalb» yoki «har qanday azob-uqubatlar zabt etolmaydigan qalb» deyish yaxshiroq emasmi?
(3) Biz va ular oʻrtasidagi farq ham shunda: bizning donishmandimiz hamma noqulayliklarni sezadi va yengadi, ammo ularning ahli donishlari hatto sezmaydi ham. Biz va ular oʻrtasidagi umumiylik esa mana bunda: donishimandga uning oʻzidan boshqa hech kim kerak emas. Donishmandga uning oʻzi yetarli boʻlsa-da, baribir u ham doʻsti, qoʻni-qoʻshnisi va birodari boʻlishini istaydi.
(4) Oʻzing mulohaza qilib koʻr, oʻzining bir qismi bilan ham farahlana oladigan odam qanchalik halovatlanishi mumkin. Agar kasallik yoki gʻanim uni qoʻlidan ayirsa, agar taqdir uni koʻzlarni koʻr qilib qoʻysa, donishmandga qolgan qismi ham yetarli boʻladi, u majruh vujudi bilan ham jarohatdan oldingiday tafakkur qiladi, quvonadi. Garchand u yoʻqotilganlarini sogʻinmasa-da, yoʻqotishlarsiz yashashni afzal bilgan boʻlardi.
(5) Xuddi shunday, donishmandga doʻstlarsiz yashashni istashi tufayli emas, doʻstlarsiz ham yashay olishi mumkinligi tufayli oʻzidan boshqa hech kim zarur emas. «Mumkin» der ekanman, men shuni nazarda tutaman: yoʻqotishni xotirjam qabul qila olishga qodir insongina donishmanddir. Axir, donishmand hech qachon doʻstsiz qolmaydi va boshqa bir doʻstni qanchalik tezroq topish uning amridadir. Agar Fidiy oʻzi yasagan haykalni yoʻqotib qoʻysa, darhol boshqasini yaratib olgan boʻlardi. Xuddi shunday, donishmand – doʻstlik rishtalarini bogʻlashga usta inson – yoʻqotilgan doʻstning oʻrnini yangisi bilan toʻldirishga qodirdir.
(6) Sen kiningdir doʻstligiga qanday qilib tezroq erishish mumkinligini soʻraysan; agar men qarzimni hozir qaytarishimga kelishsak, men javob beraman va biz bu maktub uchun hisoblashgan boʻlamiz. Gekaton aytadi: «Men dori-darmonlarsiz, giyohlarsiz, jodugarning duoyi-badlarisiz ham boshqalarni moyil etadigan vositani koʻrsataman. Agar seni sevishlarini istasang – oʻzing ham sev». Nafaqat koʻhna, sinalgan doʻstlik bizga oliy huzur-halovat beradi, balkim yangi, endi topilgan doʻstlikning boshlanishi ham bundan kam emas.
(7) Doʻstga ega kishi bilan endi unga erishayotgan kishi oʻrtasidagi farq oʻroqchi bilan don sepuvchi oʻrtasidagi farqqa oʻxshaydi. Faylasuf Attal musavvir uchun rasm chizib oʻtirish uni chizib boʻlgandan keyingi damdagidan koʻra huzurbaxshligi singari, doʻstlikka erishishga harakakat qilish unga erishib boʻlishdan koʻra rohatli ekanini koʻp marta aytgandi. Oʻz asarini ruhiy xotirjamlik bilan ishlayotgan odam oʻz mashgʻulotidan oliy huzur-halovat oladi. Tugal asarni qoʻldan chiqarar ekan, endi u avvalgiday rohatlanmaydi: endi u bor-yoʻgʻi sanatining mahsulidan quvonadi, asar ustida ishlayotganda u buyuk yaratuvchilik sanatining oʻzidan shodlanar edi. Bolalarimizning oʻsmirligi sermahsuldir, ammo bizga ularning goʻdaklik paytlari lazzatliroqdir.
(8) Darvoqe, suhbatimizning mavzuiga qaytsak. Mayli, garchand donishmand odamga uning oʻzidan boshqa hech kim kerak boʻlmasin, u baribir, doʻstlik singari oliy fazilatdan mosuvo yashamaslik uchun, buyuk doʻstlik hurmati uchun doʻsti boʻlishini istaydi va buni, Epikur oʻsha maktubida aytganiday, «kasal boʻlganida qarab turadigan odam boʻlishi, muhtojlikda yoki asirlikda yordam olish uchun» istamaydi, aksincha, doʻsti bemor boʻlganda, unga qarash uchun, dushmanga asir tushgan birodarini qutqarib olish uchun xohlaydi. Faqat oʻzini oʻylab doʻst tutinganlarning fikri ojizdir; qanday boshlagan boʻlsa, shunday tugatadi. Zanjirbanlikdan xolos boʻlish uchun doʻst tutingan odam, zanjirlar uzilgan zahoti gʻoyib boʻladi.
(9) Xalq vaqtinchalik deb ataydigan doʻstlik ittifoqlari shundaydir. Foyda ilinjida topgan doʻstlarimizning doʻstligi foydamiz tegib turganicha davom etadi, xolos. Shuning uchun ishi oʻngidan kelib turganlarning atrofida doʻstlari toʻda-toʻda yuradi, ishi chappa ketganlar, halokatga duchor boʻlganlarning atrofi – sahroday huvillab qoladi. Doʻstlik sinaladigan paytda doʻstlarning aksariyati qochib ketadi. Mana, xuddi shuning uchun biz birovlar qoʻrquvdan doʻstini tashlab ketayotganiga, boshqalar qoʻrquvdan doʻstlarini sotayotganiga koʻplab sharmandali misollarni koʻrib turibmiz. Ibtido qanday boʻlsa, intiho ham shunday boʻladi, boshqacha boʻlishi mumkin emas. Oʻz foydasi uchun doʻst boʻlgan odam bu doʻstlikka xiyonat qilish uchun qimmatroq toʻlaydigan kimsani topsa, doʻstlikni sotadi, zero uning uchun doʻstlikdan qimmatliroq narsa bordir.
(10) Men nima uchun doʻst orttiraman? Men doʻstimni deb oʻlish uchun, doʻstimni deb surgun-sargardonlikka ketish uchun, uning hayotini saqlamoq yoʻlida kurashish va hayotimni tikish uchun doʻst orttiraman. Sen yozayotganingday, manfaat uchun, biror foyda olish uchun tuzilgan doʻstlik – doʻstlik emas, bu tujjorlar tuzadigan savdo shartnomasidir.
(11) Shubhasiz, sevishganlarning ehtirosi va doʻstlik oʻrtasida bogʻliqlik bor, muhabbatni aqlidan mosuvolarning doʻstligi, deb ham atash mumkin. Axir sevgan odam foydasi uchun sevadimi? Yoki izzattalablik va shon-shuhrat uchun sevadimi? Ishq qolgan hamma narsadan yuz oʻgirib, goʻzallikka talpinish hissini qalbda olovlantiradi, javoban boʻladigan mehru muhabbatdan umidvorlik unda yashirindir. Nega boʻnday? Nahotki juda halol bir sabab uyatli ehtirosni toʻgʻdirsa? -
(12) Sen meni inkor qilasan: «Hozir gap bu haqda emas, nahotki doʻstlikning oʻzi uchun yoki boshqa biror maqsad bilan doʻst orttiriladi». Aksincha, shuni isbotlash lozim. Axir, doʻstlikni doʻstlikning oʻzi uchun izlash kerak boʻlsa, demak, oʻzidan boshqaga ehtiyoj sezmagan inson ham doʻstlikni izlashi mumkin. – «Xoʻsh, u doʻstlikni qanday izlaydi?» - Foydani koʻzlamay, omadning xiyonatkorligidan choʻchimay, eng goʻzal narsani axtarayotganday izlaydi. Foydasi tegib qolar, deya doʻst orttiradigan odam doʻstlikning yuksak qimmatini yoʻqotadi.
(13) Donishmand insonga uning oʻzidan boshqa hech kim kerak emas. Lutsiliy, koʻpchilik odamlar bu fikrni teskari talqin qilishadi: donishmand, aqlli odamni hamma joydan haydashadi va oʻz qobigʻiga oʻralib yashashiga majbur qilishadi. Ayni paytda mazkur hikmat koʻp narsani vada qiladimi va u nimani vada qiladi – buni oydinlashtirib olish lozim. Donishmand odamlarday yashashi uchun emas, fozilona hayoti uchun oʻzi yetarlidir. Tiriklik uchun unga koʻp narsa kerak, fozilona, farahbaxsh hayot uchun omadga termilib turmagan, yuksak va sogʻlom ruh kifoyadir.
(14) Men Xrisippga, uning boʻlinish haqidagi fikriga murojaat qilmoqchiman. U aytadiki, donishmandga koʻp narsa kerak boʻlsa ham, u hech narsaga ehtiyoj sezmaydi, axmoqqa esa hech narsa kerak emas, chunki u hech narsadan foydalana olmaydi, ammo uning hamma narsaga ehtiyoji boʻladi. Donishmandga qoʻl ham, koʻzlar ham, kundalik hayot uchun zarur boʻladigan boshqa koʻpgina narsalar ham kerak, ammo u hech narsaga ehtiyojmand emas. Axir, ehitiyoj – bu zaruriyatdir, donishmand uchun esa zaruriyat yoʻqdir.
(15) Demak, garchand donishmand uchun uning oʻzi yetarli boʻlsa-da, ammo uning doʻstlarga talabgorligi bor va koʻproq doʻstlar orttirishni istaydi, ammo bu doʻstlar unga farahbaxsh yashash uchun kerak emas, u doʻstsiz ham farahbaxsh hayot kechira oladi. Yuksak ezgulik tashqaridan qurol-aslaha izlamaydi: ezgulik uyda yaratiladi va oʻzi-oʻzidan kelib chiqadi. Agar uning biror-bir qismi tashqaridan olinsa, demak, uning taqdiri omadga bogʻliq boʻlib qoladi. -
(16) «Agar asirga tushsa, begona yurtlarga borib qolsa, uzoq safarlarda qolib ketsa, kimsasiz qirgʻoqlarda qolsa-yu, atrofida doʻsti boʻlmasa, donishmand qanday yashaydi?» - Dunyo junbushga kelib, xudolar yaxlitlashganda, tabiat qilt etmay, qotib qolganda, Yupiter tinchlanadi va xayollarga beriladi. Donishmand ham shunday qiladi: oʻz ichiga safar qiladi, oʻzligiga qaytadi.
(17) Tokim oʻz ishlarini oʻz bilganicha qila olar ekan, u, garchand oʻzidan boshqa hech kimga muhtojlik sezmasa-da, xotin oladi, hech kimga ehtiyoji boʻlmasa-da, farzandlar tugʻdiradi, boshqalarsiz yashay olsa-da, agar biror odamni koʻrmasdan yashash kerak boʻlsa, yashamay qoʻya qoladi. Doʻstlikka uni yetaklagan narsa oʻz manfaati emas, bu tabiiy ishtiyoqdir. Axir koʻp narsalarga, jumladan doʻstlikka ishtiyoq bizning jonu qonimizdadir. Yolgʻizlikk hammani nafratini uygʻotgani singari, hamnafaslikda yashash insonni inson bilan birlashtirgani singari bizni doʻstlikka intilishga majbur qiladigan bir ishtiyoq mavjuddir.
(18) Ammo, garchand donishmand doʻstini boshqalardan ziyoda sevsa-da, doʻstini oʻziga teng va gohida oʻzidan-da yuqori qoʻysa-da, - har holda u shunga ishonadiki, ezgulik uning oʻzida mujassamdir, shuning uchun u oʻzicha Stilponning, ha, oʻsha Epikur oʻz maktubida hamla qilgan Stilponning soʻzlarini takrorlab yuradi. Stilponning jonajon shahri gʻanim qoʻliga oʻtganida, xotini, bolalaridan ayrilganida va hamma narsani yamlab yutgan olov ichidan bir oʻzi tirik, avvalgiday xurram chiqqanida, koʻplab shaharlarni vayron etgani uchun Poliorket deya nom olgan Demetriy Stilpondan biror narsa yoʻqotgan-yoʻqotmaganligini soʻraydi, faylasuf javob beradi: «Hammasi oʻzimda!»
(19) Mana, jasur va qatiyatli odam! U jangda gʻolib boʻlgan gʻanimning ham ustidan gʻalaba qilar edi. U: «Men hech narsa yoʻqotmadim», - deb aytdi va gʻanim oʻz gʻalabasiga shubha qila boshladi. «Hammasi oʻzimda» - adolatim, fasohatim, oqilligim, xotinim va bolalarim yodi, tafakkurim, tortib olsa boʻladigan narsalarni nemat deb bilmaslikka boʻlgan qatiyatim oʻzimda... Biz olov ichidan oʻtib, tanasi kuymay qolgan jonivorlardan hayratlanamiz; qurolli qoʻshin safidan, olov va vayronalar ichidan oʻtib ham oʻzini yoʻqotmagan bu inson qanchalar hayratlidir! Koʻryapsanmi, butun boshli xalqni yengish osondir, ammo bir insonni yengish qanchalar mushkul? Uning nutqi oʻz ezguligini yonayotgan shaharlar aro butun olib oʻtgan joʻmardning nutqidir. Axir uning oʻzidan boshqa hech kimga muhtojligi yoʻq – uning uchun baxtning chegarasi shudir.
(20) Sen faqat bizning oʻzimiz bu balandparvoz soʻzlarni aytmayotganimizga ishonch hosil qilishing uchun aytaman – shuni bilginki, Stilponga etiroz bildirgan Epikurning oʻzi ham shunga oʻxshash hikmatni aytgan, garchand bugungi qarzimni allaqachon uzgan boʻlsam-da, bu hikmatni ham qabul qilgin. «Bor narsaga qanoat qilmagan, borini toʻkinlik deb bilmagan kishi, garchand dunyoning hammasiga ega boʻlsa-da, qashshoqligicha qoladi». Agar sen bunisi yaxshi jaranglaydi, deb oʻylasang, boshqacha aytishim ham mumkin
(axir, biz soʻzlarga emas, fikrga sadoqatli boʻlishimiz kerak): «Dunyoning egasi boʻlganda ham, oʻzini hammadan baxtli deb his qilmagan odam, hammadan baxtsiz boʻlib qolaveradi».
(21) Bilginki, bu fikrlar hammaga tegishlidir va, demak, tabiat tomonidan donishmandlarning qulogʻiga shivirlangandir, shuning uchun ularni sen hatto hajvchi shoirning ijodida ham uchratishing mumkin:

Baxtsizdir oʻzini baxtli deb bilmagan odam.

Yomon yashayapman, deb hisoblasang, qanday yashayotganingning ahamiyati bormi?

(22) «I-ya, - deysan sen, - harom pul topib boyigan, minglab qullarga ega boʻlgan va minglab boshliqlariga qul boʻlgan qallob ham oʻzini baxtli deb elon qilsa, oʻz hukmiga binoan baxtli boʻlib qoladimi?» - Yoʻq, uning nima deb aytayotgani muhim emas, nimani his qilayotgani muhimdir, faqat bugun his qilayotgani emas, hamisha his qilishi muhimdir. Shuning uchun sen oʻzini farahbaxsh, baxtiyor hisoblash bunga munosib boʻlmaganlarga ham doxil boʻlishidan xavotirlanmasang ham boʻladi. Faqat donishmandlargina boriga qanoat qila oladi, qalbi bilan uygʻunlikda yashay oladi, axmoqlar esa boriga qanoat qilmaganliklaridan doimo eziladilar, izchil azob chekadilar. Bu xavotir, bu tinkaquritar azob ularning qanoatsizligiga jazodir. Ularning jazolari oʻzlaridadir. Salomat boʻl, birodar..

Noma X

Senekadan Lutsiliyga salomlar boʻlsin!

(1) Aynan shunday, men oʻz fikrimni oʻzgartirmayman: olomondan uzoqroq boʻl, ayrimlardan nari yur, birorta odamga yaqinlashma. Men sening yoningda hech kimni yonma-yon koʻrishni istamayman. Menga ishonginki, men sen haqingda yuksak fikrdaman, shuning uchun oʻzingni oʻzingga ishonib topshirishga jazm qilaman. Aytishlaricha, oʻsha avvalgi maktubimda men tilga olgan Stilponning tinglovchisi boʻlgan Kratet bir kuni yolgʻiz sayr etib yurgan oʻsmirni koʻrib qoladi va undan bu joyda bitta oʻzi nima qilib yurganini soʻraydi. – «Oʻzim bilan oʻzim soʻzlashyapman», - deb javob beradi yigitcha. Bu javobga nisbatan Kratet shunday deydi: «Ehtiyot boʻl, yigitcha, iltimos, yaxshilab razm sol: sening suhbatdoshing – yomon odam!»
(2) Odatda biz fojiaga duchor boʻlgan yoki qoʻrquv ostida qolgan odamlardan falokat ariguncha xabardor boʻlib turamiz, yolgʻiz qolganda biror biror yomon ish qilib qoʻyishidan choʻchiymiz. Umuman olganda, aqli takomilga yetmagan hech bir odamni oʻz-oʻzicha qoʻyib qoʻyish mumkin emas: yolgʻizlikda bunday odamlarni yomon fikrlar chulgʻab oladi, ular oʻzlarini ham, boshqalarni ham xavf-xatarga qoʻyadilar, bunday paytda ularga sharmandali istaklar toʻda-toʻda hamla qiladi. Shunda shu paytgacha uyat va qoʻrquv yashirib turishga majbur qilgan narsalar koʻngil tubidan yuzaga qalqib chiqadi, sharttakilik avjiga chiqadi, yaramas mayllar qutqulanadi, gʻazab qoʻzib ketadi. Yolgʻizlikning bitta afzalligi bor: hech kimga hech narsani oshkor qilmaslik va fosh boʻlib qolishdan qoʻrqmaslik imkoniyati; ammo bu nemat ahmoq odamni ado qiladi, chunki u oʻzini oʻzi fosh qiladi. Koʻryapsanmi, mening sendan umidim qanchalar ulkan, toʻgʻrirogʻi, men senga kafilman
(zero «umid» deb biz yo amalga oshadigan, yo amalga oshmaydigan nematni ataymiz): men sen uchun oʻzingdan yaxshiroq doʻstni topolmayman.
(3) Men xotiramda sen yuksak bir fasohat bilan talaffuz qilgan soʻzlarga qaytaman. Oʻshanda men seni tabriklab, shunday degan edim: «Bu soʻzlar shunchaki tildan osongina uchib chiqqan soʻzlar emas, bu soʻzlarning mustahkam zamini bor. Bu inson – koʻplardan biri emas, u erkinlikka intiladi».
(4) Shunday soʻzla, shunday yasha. Faqat diqqat qilginki, seni hech narsa asir qilolmasin. Oʻzingning avvalgi tilaklaring ijobatini xudolarning irodasiga qoldir, endi oʻzing ulardan yangidan iltijo qilib soʻra: aqling ravshan boʻlsin, xotiring jam boʻlsin, dilxasta boʻlma, keyin – vujud salomatligi haqida soʻrashing mumkin. Nima uchun bu haqda tez-tez iltijo qilishing mumkin emas? Xudodan dadil soʻragin: sen undan birovning narsasini soʻrayotganing yoʻq.
(5) Darvoqe, odat qilganimizday, bu noma bilan ham senga moʻjazgina tuhfa yuborishni istayman. Afinodorning bisotidan shunday haqqoniy soʻzlarni topdim: «Bilginki, agar sen xudolardan hammaga eshittirib soʻrash, iltijo qilish darajasiga yetsang, yashirib soʻraydigan narsang boʻlmasa, sen barcha havoyu hirslardan, nafsu istaklardan ozod, hur boʻlgan boʻlasan». Axir, odamlar qanchalar aqli noqisdir! Odamlar xudodan shivir-shivir qilib, mayda-chuyda, pastkash narsalarni soʻraydilar, birov quloq tutsa - jimib qoladilar, odamlardan yashiradigan narsalarni xudoga aytadilar. Diqqat qil, tokim bu nasihat senga ham taalluqli boʻlib qolmasin: odamlar bilan goʻyo seni xudo koʻrib turganday yashagin va xudoga goʻyo hamma odamlar eshitib turganday iltijo qilgin. Salomat boʻl, birodar.