OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sergey Aksakov. Olov gul (ertak)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSergey Aksakov
Asar nomiOlov gul (ertak)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Sergey Aksakov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ertaklar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonM. Zohidova
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olov gul (ertak)
Sergey Aksakov

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim oʻtgan zamonda bir boy savdogar yashagan ekan. Uning uch qizi boʻlib, hammasi chiroyli, ayniqsa, kenjasi goʻzallikda tengi yoʻq ekan. Ota oʻz qizlarini juda yaxshi koʻrar ekan. Eng kichigini esa kattalaridan ham koʻproq yaxshi koʻrar, qiz ham otasiga nihoyatda mehribon ekan.

Kunlardan bir kuni savdogar uzoq safarga, dengiz ortiga joʻnaydigan boʻlibdi va qizlarini chaqirib shunday debdi:

– Men savdo ishlari bilan olis-olis oʻlkalarga ketaman, qancha vaqtda qaytishimni oʻzim ham bilmayman. Agar men yoʻq paytda oʻzlaringni yaxshi tutsangiz xohlagan narsangizni sovgʻa qilib olib kelaman. Sizlarga uch kun muhlat, yaxshilab oʻylab, keyin aytasizlar.

Opa-singillar uch kechayu uch kunduz oʻylashibdi va nihoyat otasining yoniga kelishibdi.

Toʻngʻich qiz otasiga ta’zim qilib shunday debdi:

– Otajon! Menga kimxobu parcha kiyimlar ham, duru javohirlar ham emas, shunday tillaqosh olib keling-ki, undagi qimmatbaho toshlarning yorugʻi xuddi oy va quyoshnikiday boʻlsin, qorongʻi kechada ham atrofni charogʻon qilsin.

Savdogar oʻylanib qolibdi, keyin shunday javob beribdi:

– Mayli, qizginam, olib kelaman. Sen aytganday tillaqosh dengizning narigi tarafidagi bir malikada bor. U tosh omborda yashirib qoʻyilgan. Ombor baland qoya ustida, uchta temir eshigi bor va uchta qulf solingan. Bir tanishim uni olib bera oladi. Qancha qiyin boʻlsayam, sen uchun harakat qilaman.

Oʻrtancha qiz otasiga ta’zim qilib:

– Otajon! Menga parcha-yu duxoba matolar, qimmatbaho moʻynalar, marvarid taqinchoqlar va yaraqlovchi tillaqosh kerak emas. Sharq billuridan yasalgan koʻzgu olib kelingki, unga qarab butun dunyoni tomosha qilish mumkin boʻlsin. Unga qaraganim sari keksaymasdan kun sayin yosharayin va husnim orta borsin.

Savdogar bu soʻzlardan keyin anchagina oʻylanib qolibdi. Nihoyat shunday debdi:

– Sen qaysi koʻzguni aytayotganingni tushundim, qizim. Olis oʻlkada bir tanishim bor, oʻsha topib beradi. Koʻzguni oynai jahon deyishadi, Eron shohining qiziniki. U baland togʻ ustidagi, toshdan yasalgan kulbada yashiringan. Yetti qavat temir eshik, yetti qulf bilan mahkamlab tashlangan.

Navbat kenja qiziga kelibdi. U ham otasiga ta’zim qilarkan, quyidagi soʻzlarni aytibdi:

– Menga-chi otajon, chiroyli liboslar-u, taqinchoqlar, tillaqosh-u oynai jahon ham olib kelmang. Shunday bir olov gul keltiring-ki, yetti iqlimda undan chiroylisi boʻlmasin.

Ota avvalgidan ham koʻproq oʻyga tolibdi. Axiri qizini erkalaberkalab, shunday debdi:

– Ha, sen menga opalaringnikidan ham qiyinroq vazifa yuklading. Nima izlayotganingni bilsang-ku, bir amallab qidirib toparsan, ammo bilmagan, eshitmagan narsangni-chi, qayerdan topasan? Qizil gullar koʻp boʻlsa .. Uning dunyodagi hamma gullardan chiroyliroq ekanini qanday qilib bilish mumkin. Mayli, qizim, harakat qilaman.

Shunday qilib, ota safarga joʻnabdi. Mollarni arzon olib, qimmat sotibdi. Koʻrgan foydasiga tilla xarid qilib uni kemaga ortarkan-u uyga joʻnatarkan. Yurib-yurib juda koʻp mamlakatlarni kezib, katta qizi tayinlagan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, qorongʻu tunni kunduzdek yoritib yuboradigan tillaqoshni topibdi.

Oʻrtancha qizi uchun ham butun jahonni namoyish qiluvchi, unga qaraganda qizning goʻzalligi yanada ortuvchi koʻzguni topibdi. Faqat kenja qizi aytgan olov gulni hecham topa olmasmish. Toʻgʻri, shohlar, qirol va sultonlarning saroylarida chiroyini soʻz bilan tasvirlab boʻlmas ajovib olov gullarni koʻp koribdi. Lekin hech bir kishi undan ham chiroylisi dunyoda yoʻqligiga kafolat bermas ekan.

Savdogar oʻz xizmatkorlari bilan birga karvonini boshlab, choʻlu biyobonlar, oʻrmonlar osha ketaverishibdi. Ittifoqo uning karvoniga qaroqchilar toʻdasi hujum qilibdi. Savdogar toʻla mol-mulk ortilgan karvonni ham tashlab, oʻrmon ichiga qochibdi. Qalin oʻrmon oralab yoʻl yuribdi, yoʻl yursayam, moʻl yuribdi. Bir vaqt qarasa, daraxtlarning oʻzi chetga surilganday ochiq joy paydo boʻlganmish. Oʻsha yaylovning oʻrtasida kattakon qasr yaltiragan bezaklardan hatto oftob ham uyalar darajada goʻzalligidan koʻz qamasharmish. Qasrning hamma derazalari lang ochiq, u yerdan ajib kuy taralarmish.

Savdogar ochiq darvozadan oʻtib, qasrning keng hovlisiga kiribdi. Yoʻlak oq marmardan ikki chetida katta kichik favvoralar, qizil gilam toʻshalgan zinadan koʻtarilib birinchi xonaga kirsa, hech kim yoʻq. Ikkinchi, uchinchi…oʻninchi xonayam boʻm-boʻsh. Lekin ular shunaqa zoʻr bezatilganki… Hammasi tilla-yu kumush, billurdan, fil suyagidan.

Savdogarning hayrati borgan sari oshardi. Bunchalik dabdaba, katta boylik, ammo na egasi, na xizmatkorlar bor. Tinmay musiqa yangraydi yana.

«Ha, barchasi yaxshi-yu, faqat yeydigan biron narsa yoʻq ekan-da», hayoliga shu fikr keldi deguncha, oldida ochil dasturxon paydo boʻlibdi. Undagi lazzatli taomlar, shirinliklar faqat tilla-yu kumush idish-tovoqlarga chiroyli qilib suzib qoʻyilgan ekan. Oʻtirib olib maza qilib qornini toʻydiribdi savdogar. Nihoyat turib, non-tuz uchun rahmat aytay desa, yana hech kim yoʻq.

Dasturxon esa birdan gʻoyib boʻlibdi. Bunday moʻjizaga anqayib qolgan savdogar tagʻin xonalarni aylana boshlabdi. Charchaganidan uyqu bosibdi. «Qani endi birpas mizgʻib olsang», deya oʻylashga ulgurmay, qarshisida naqshinkor karavotni koʻribdi. Koʻrpa-toʻshaklari oppoq, oqqush pati solingan yostiq boʻlsa yumshoqqina. Karavotga yonboshlagan savdogar ustiga koʻrpani tortar ekan, uning harir shoyi matodan qilinganini his qilibdi. Xona qorongʻilashib, «Qani endi qizlarimni tushimda koʻrsam edi» deb hayolidan oʻtkazibdi-yu uyquga ketibdi.

Uygʻonsa, tong otib, quyosh chiqqan ekan. Tushida qizlarini koʻrganmish. Ikki katta qizi xursand-u, faqat kenjasi xafa emish. Kattalari otaning fotihasini kutmay, badavlat kuyovlarga turmushga chiqishmoqchi, kichigi boʻlsa otasi qaytmagunicha kuy ov haqida eshitishni ham istamayotgan emish. Bu tushdan savdogar hayron boʻlibdi.

Oʻrnidan turibdi: yuvinishga suv, kiyinishga ohorli liboslar tayyorlab qoʻyilgan. Stol ustida choy, qahva, shakar. Hayrati borgan sari ortib, yana qasrdagi xonalarni tomosha qilishga tutinibdi.

Kechagidan ham goʻzal ekan. Hovli va bogʻda sayr qilgisi kelibdi. Chiqib aylanib yursa, daraxtlarda sarxil mevalar pishib yetilgan, «Meni uzib ol» degandek imlaydi. Chor-atrofda anvoyi gullar, xushboʻyligidan bosh aylanadi. Jannati qushlar sayragan…

Xullas, savdogarning dimogʻi chogʻ. Birdan yam-yashil tepalik ustida ochilib turgan gulga nigohi tushibdi. Uning goʻzalligini ta’rifl ashga til ojiz emish. Gulga yaqinlashgan savdogar ajablanib, oʻziga-oʻzi:

– Mana, kenja qizim aytgan gul shu boʻlishi kerak! - debdi.

Hatto oyoq-qoʻllari qaltirab ketibdi. Shartta gulni uzib olibdi. Shu zahoti toʻsatdan chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlabdi. Hatto oyogʻi ostidagi yer larzaga kelibdi. Hayvon desang, hayvon emas, inson desang inson emas, badbashara va qoʻrqinchli bir mahluq yerdan chiqqanday paydo boʻlibdi-da, yovvoyi ovoz bilan baqira ketibdi:

– Nima qilib qoʻyding? Mening eng yaxshi koʻrgan gulimni uzishga qanday jur’at etding? Uni axir koʻz qorachigʻiday saqlar edim, unga qarab yupanardim. Sen meni eng sevimli narsamdan judo qilding. Bu qasrning, boʻgning xoʻjayini menman. Seni aziz mehmon kabi qabul qildim, toʻydirdim, dam oldirdim. Evaziga qilgan yaxshiliging shumi? Bilib qoʻy, bu aybing uchun sen faqat oʻlimga mahkumsan?

Savdogar mahluqning oyoqlariga yiqilibdi:

– Bir qoshiq qonimdan keching, janobi oliylari! Bilmay qilgan gunohim uchun oʻlimga buyurmang! Ikki ogʻiz arzimni eshitsangiz. Mening uch qizim bor. Ularga sovgʻa olib borishni va’da berganman! Katta qizimga yaltiroq tillaqosh, oʻrtanchasiga oynai jahon, kichigiga esa dunyodagi eng chiroyli olov gul. Katta qizlarimga ular aytgan sovgʻani topdim-u eng yaxshi koʻrgan kenja qizimga rosa izlab topolmagan edim. Sizning bogʻingizda ana shu gulni koʻrdim, dunyodagi barcha gullardan eng chiroylisi shu degan fi krga keldim. Keyin yana oʻyladimki, sizday badavlat, qudratli xoʻjayin uni qizgʻonmasangiz kerak. Oʻrniga nimani toʻla desangiz toʻlayin, faqat meni sevimli qizlarim oldiga qoʻyib yuboring, iltimos. Bilmay qilgan gunohim uchun kechiring.

– Menga sening hech narsang kerak emas. Mayli olov gulni sovgʻa qilib qoʻyib yuboraman. Faqat bir shartim bor. Uning evaziga qizlaringdan birini mening huzurimga yuborishga soʻ z berasan. Uni sira xafa qilmayman, oʻzing koʻrganingdek, bu qasrda xohlaganicha yayrab yashaydi. Yolgʻizlikdan zerikdim, menga sherik kerak.

Savdogar bu soʻzlarni eshitib, mahluqning oyoqlariga yotib, yalindi-yolvordi. Axir uning shunday xunuk basharasiga goʻzal qizlarini qanday ravo koʻrsin? Koʻzlariga yosh toʻlib ayanchli ovozda shunday debdi:

– Ey, oʻrmonlar, dengizlar shohi! Agar qizlarim oʻz xohishi bilan oldingizga kelmasa-chi? Keyin qanday kelishniyam bilmaydi. Oʻzim ikki yilda yetib kelganman, yoʻlni ham yoʻqotganman.

Mahluq boʻlsa yana gapiribdi:

– Yoʻq, menga asira qiz kerak emas. Agar seni hurmat qilsa, qizing oʻz roziligi bilan kelsin. Ular istashmasa, yana oʻzing kelasan. Oʻshanda seni qatl etishga buyuraman. Meni topish esa qiyin emas. Mana bu uzukni ol, uni oʻng qoʻlingning jimjilogʻiga taqqan kishi koʻz ochib yumguncha istagan joyida paydo boʻladi. Xullas, senga uch kecha-yu, uch kunduz muhlat!

Savdogar yigʻlab-yigʻalb shunday qarorga kelibdi: yaxshisi bir marta qizlarimni koʻray, ularga oq fotiha beray. Agar meni oʻlimdan saqlab qolishga rozi boʻlishmasa, nachora oʻzim qaytaman. Shunday qilib, mahluq bergan uzukni oʻng jimjilogʻiga taqqan ekan, bir zumda oʻz uyining hovlisida boʻlib qolibdi. Xuddi shu paytda, tilla-yu sarhil mollar ortilgan karvoni ham yetib kelgan ekan. Xizmatkorlar yuklarni tushirishibdi. Qizlar xursand boʻlib otaga peshvoz chiqibdilar. Qarasalar otaning kayfiyati yomon. Katta qizlar undan: nima boʻldi, molu-davlatingizni yoʻqotdingizmi, deb soʻrashibdi. Kichik qizi esa: «Meni boylik qiziqtirmaydi, yuragingizdagi dardni ayting, otajon» debdi. Shunda savdogar sevikli qizlariga qarab shunday debdi:

– Yoʻq, boylik yoʻqotmadim, aksincha 3-4 barobar koʻp foyda koʻrdim. Xafaligimga boshqa sabab bor, uni ertaga aytaman. Kelinglar, bugun xursandchilik qilaylik.

Shunday deb temir sandiqlarni keltirishni buyuribdi. Ota katta qiziga olib kelgan sovgʻani – oʻtda yonmas, suvda zanglamas tillaqoshni beribdi. Oʻrtanchasiga ham sharq billuridan yasalgan koʻzguni sovgʻa qilibdi. Kenjasiga oʻzi soʻraganidek olov gul. Kattalari quvonchdan koʻzlari porlab, sovgʻalarni xonalariga olib kirib ketishibdi-da, toʻyib-toʻyib tomosha qilishibdi. Faqat kichik qiz olov gulni koʻrib yigʻlab yuboribdi, goʻyo yuragiga bir narsa sanchilgan kabi qaltirab ketibdi. Otasi:

– Ha, qizim? Sovgʻam yoqmadimi? Oʻzing aytganingdek, yeti iqlimda yoʻq, eng chiroyli gulku, - degan ekan, qiz gulni olibdi-yu otasining qoʻllarini oʻpib, rahmat aytibdi, ammo gʻamgin tortib qolibdi.

Shunday qilib oila birinchi kunni katta xursandchilik bilan oʻtkazibdi. Ertasiga ertalab savdogar katta qizini yoniga chaqiribdi. Unga boʻlib oʻtgan voqealarni bir boshdan soʻzlab beribdi-da, qizidan «Meni oʻlimdan olib qolishga rozi boʻlarmiding?», deb soʻrabdi. Katta qiz mahluq oldiga ketishni jiddiy rad qilibdi:

– Qizil gul kim uchun olib kelingan boʻlsa, oʻsha qutqarsin - debdi.

Keyin oʻrtancha qiz bilan ham xuddi shunday suhbat boʻlib oʻtibdi. U ham opasiday javob beribdi. Nihoyat savdogar kenja qizini chaqiribdi. Unga boshidan oʻtgan sarguzashtlarni oqizmay-tomizmay soʻzlab beribdi. Hali gapini tugatmay turib, kichik qiz otasining oldiga choʻkkalabdi.

– Menga oq fotiha bering otajon, oʻsha mahluqning uyiga borib yashayman. Axir gulni men uchun olib keldingiz, sizni men oʻlimdan qutqarishim kerak.

Savdogar koʻzlari yoshga toʻlgan holda shunday debdi:

– Qizginam, erkatoyim. Meni ajal changalidan olib qolib, oʻz xohishing bilan dahshatli mahluq yoniga ketayotganing uchun seni Xudoning oʻzi yarlaqasin. Uning qasrida bekamu koʻst yashaysan. Lekin qasr qayerda ekanini hech kim bilmaydi. Unga otliq ham, piyoda ham, uchqur qush ham yeta olmaydi. Endi sen bilan xabarlasha olmasak kerak. Sening goʻzal yuzingni koʻrmasdan, mayin ovozingni eshitmasdan, qolgan umrimni qanday oʻtkazaman asalim? Oʻzimni tiriklay yerga koʻmgan kabi umrbod xayrlashaman.

Kenja qiz otasiga qarab:

– Xafa boʻlmang otajon. Mahluqdan qoʻrqmayman, unga vijdonan xizmat qilsam, zora qoʻyib yuborsa. Balki koʻrishib ham qolarmiz – debdi.

Ota baribir gʻamgin ekan. Opalari ham yigʻlab-yigʻlab kichik singlisini kuzatishibdi. Oʻzi esa yigʻlamas ekan. Qizil gulni tilla suvi yugirtirilgan chiroyli koʻzaga solibdi-da, oʻzi bilan olib ketish niyatida, noma’lum tomonga otlanibdi. Uch kecha-yu, uch kunduz ham oʻtibdi. Savdogar qizning qoʻliga mahluq bergan uzukni taqqan ham ekan-ki, oʻsha zahoti u gʻoyib boʻlibdi.

Bir zum oʻtmay qiz oʻziga kelib qarasa, bir muhtasham qasrda, naqshinkor karavotda partoʻshag-u paryostiqda yotgan emish. Goʻyo butun umr shu yerda yashagan-u dam olish uchun bir oz yonboshlaganday. Qiz oʻrnidan turibdi. Yonginasida koʻzadagi olov guli, hamma buyumlari esa chiroyli stollar, tokchalar ustiga tartib bilan taxlab qoʻyilgan. U qasrni aylanibdi: har bir xona avvalgisidan ham goʻzalroq bezatilgan ekan. Qizil gulni qoʻliga olib, bogʻni tomosha qilgani chiqibdi. Jannatmisol bogʻda bulbullar sayragan, daraxtu gullar unga egilib salom berar, favvora-yu buloqlardagi suv yoqimli shildirar ekan. Qiz otasi aytib bergan tepalikni topibdi, gulni huddi oʻsha oʻzi oʻsgan yerga qayta ekib qoʻymoqchi boʻlgan ekan, hali bu haqda oʻylab ulgurmasdan olov gul qoʻlidan chiqib, oʻzi uchib borib, uzilgan joyi-bandiga qoʻnibdi-da, avvalgidan ham chiroyli ochilib, yashnab ketibdi.

Qiz bunday moʻjizadan aqli lol qolibdi. Yana bir oz gulga havas bilan tikilib, qasr ichiga kirsa, xonalardan birida dasturxon tuzab qoʻyilgan ekan.

«Xoʻjayin meni yaxshi qabul qildi shekilli» deb endi oʻylagan ekan, roʻparasidagi oq marmar devorda shunday yozuv paydo boʻlibdi:

Men xoʻjayin emas, sening oddiy qulingman. Malikam sen nimani istasang, oʻsha zahoti muhayyo qilaman.

Qiz oʻqib boʻlishi bilan devordagi alangali soʻzlar yoʻqolibdi. Endi oʻzi otasi, opalariga maktub yoʻllagisi kelibdi, oʻsha zahoti oldida qogʻoz, tilla qalam-u siyohdon paydo boʻlibdi, oʻtirib quyidagi xatni yozibdi:

«Men haqimda xavotirlanmang. Mahluqning qasrida xuddi malikalarday yashayapman. Oʻzini koʻrmadim hali, ovozini ham eshitganim yoʻq. Faqat oq marmar devorga shunday oʻtli satrlarni yozadiki… Koʻnglimga kelgan niyatni darhol sezadi va oʻsha zahoti istagimni bajaradi. Men uni hojam deb atamoqchi boʻlsam, xohlamaydi. Aksincha meni oʻzining bekasi deb ataydi».

Xatni endi yozib boʻlgan ekan hamki, u gʻoyib boʻlibdi. Dasturxon turli shirinliklar bilan bezatilibdi. Idish-tovoqlar ham tilladan ekan. Toʻygunicha yeb-ichibdi. Dam olish uchun yon boshlasa, musiqaning ovozi pasayibdi.

Qiz uxlab turib, yana bogʻlarni sayr qilibdi. Gullar unga ta’zimda, olma-yu shaftolilar oʻzi ogʻziga tushadi. Kech kirgach oʻsha oq marmar devorli xonaga qaytibdi. Devorda shunday yozuv paydo boʻlibdi:

Mislzis bekamning ushbu sharoitlardan, mehmondorchilik va xizmatdan koʻngillari toʻldimikin?

Savdogarning qizi xursand boʻlib gapiribdi:

– Meni bekam demang. Aksincha menga shirinzabon va gʻamxoʻr-mehribon hoja boʻling. Siznikiday goʻzal xonalar-u bogʻlarni umrimda koʻrmaganman. Qanday qilib koʻnglim toʻlmasin axir?

Shu taxlit kunlar oʻtaveribdi. Sohibjamol qiz qasrda xotirjam yashayveribdi. Yangi-yangi, qimmatbaho liboslar, shohona ziyofatlar. Oʻrmon ichra sayr qilganida esa daraxtlarning oʻzi unga yoʻl ochib berar ekan.

Qiz kashtachilik bilan shugʻullana boshlabdi. Tikkan zardoʻzlik buyumlaridan jonajon otasiga, opalariga sovgʻalar yuboribdi. Eng chiroylisini mehribon hojasiga taqdim etibdi. Oʻsha devorlari oq marmar bilan bezatilgan xonaga yanada tez-tez borib turadigan boʻlibdi. Oʻzi eng jarangdor soʻzlarni tizib, hojasiga gapirar ekan-u, ammo javobini yozuvdan oʻqir ekan, xolos.

Vaqt oʻtgan sayin bunday hayotga koʻnikib ham qolibdi. Qullar uning xizmatiga tayyor, nimani xohlasa birpasda muhayyo qilishadi. Gʻoyibdan shu qasr egasini sevib qolganini his etibdi qiz. Koʻngli sezadiki u ham befarq emas, axir devorga yoziladigan oʻtli misralaridan ham anglab olish qiyin emasdi. Endi hojasining ovozini eshitib suhbat qurishni xohlaydi. Xoʻjayin esa qizning bu iltimosiga rozi boʻlmaydi, oʻzining qoʻpol ovozi bilan bekasini choʻchitib yuborishdan qoʻrqadi. Qiz juda koʻp yalingach hojasi nihoyat u bilan gaplashishga koʻnibdi va marmar devorga shunday soʻzlar yozilibdi:

Bugun kechki payt yashil bogʻga kelib, oʻzing yaxshi koʻrgan gullar bilan oʻralgan ayvonchaga oʻtirgin va: «Sodiq qulim men bilan suhbatlash», deb aytgin.

Qiz oʻsha joyga yugurib boribdi, yuragi goʻyo qafasdagi qushcha kabi pitirlar ekan. U soʻz boshlabdi:

– Mehribon hojam, meni ovozingiz bilan choʻchitib yuboraman deb oʻtirmang. Sizning shunchalik qilgan gʻamxoʻrliklaringizdan keyin men dahshatli yirtqichning irillashidan ham choʻchimayman.

Shundan keyin ayvoncha orqasidan yovvoyi boʻgiq bir ovoz eshitilibdi, haliyam yarim ovozda, past gapirayotgan ekan. Savdogarning qizi avvaliga titrab ketibdi, lekin oʻzini tutib olib, qoʻrqqanini bildirmaslikka harakat qilibdi. Mahluqning ovozi dagʻal boʻlsa-da, soʻzlari naqadar yoqimli. Oʻshandan boshlab qiz har kuni shu yerga keladigan, soatlab hojasining gaplarini tinglaydigan boʻlibdi.

– Suyukli, mehribon hojam, shu yerdamisiz? – deb soʻrashi bilanoq bir xil javobni eshitarkan:

– Shu yerdaman, goʻzallikda bemisl xonim. Sodiq quling, ajralmas doʻsting shu yerda.

Qiz mahluqning dahshatli ovozidan qoʻrqmaydigan, shirin soʻzlarini erinmay tinglaydigan boʻlibdi.

Oradan ozmi-koʻpmi vaqt oʻtib mahluqni oʻzini koʻrishni istab qolibdi. Bu haqda ancha yalinibdi. Mahluq avvaliga sira koʻnmabdi, hunuk basharasi uni qoʻrqitib yuborishidan choʻchir ekan:

– Oʻzingni koʻrsatgin deb soʻrama, goʻzal mahbubam. Ovozimga oʻrganib qolding, doʻstona munosabatlarimiz davom etayapti. Mening senga boʻlgan otashin muhabbatimni ham tushunding. Agar xunuk va badbashara qiyofamga koʻzing tushsa, meni yomon koʻrib qolasan va men baxtsiz boʻlaman. Haydab yuborsang, hijronga chiday olmay oʻlishim aniq jonim».

Qiz esa bu soʻzlarni eshitishni xohlamaydi, mahluqdan yuzini koʻrsatishni qayta –qayta soʻraydi. Dunyodagi eng dahshatli narsani koʻrsa ham choʻchimasligi va hojasiga boʻlgan sevgisidan voz kechmasligini aytib yalinaveribdi.

– Agar qari boʻlsangiz menga bobo, oʻrta yashar boʻlsangiz menga amaki boʻling. Yosh boʻlsangiz sizni tutingan akam deyin, oʻlgunimcha menga vafoli doʻst boʻlib qoling.

Anchagacha mahluq bu iltimoslarga quloq solmay yuribdi. Lekin axiyri qizning koʻz yoshlariga chiday olmabdi:

-Baribir seni oʻzimdan koʻra koʻproq sevaman. Bilamanki, meni koʻrishing bilan muhabbatimni rad etasan va hajringda ado boʻlaman. Lekin shunday boʻlsa-da, sening iltimosingni bajaraman. Qosh qorayganda yashil bogʻga kel.

Quyosh oʻrmon ortiga yashiringach:

– «Sodiq doʻstim, oʻzingni koʻrsat», deb aytgin. Meni koʻrgach bu qasrda yashaging kelmay qolsa-chi? Seni majburlashga haddim sigʻmaydi. Asira boʻlib qiynalishingga chidolmayman.

Oʻsha oʻz yotogʻingda, yostigʻing tagida mening tilla uzugimni topasan. Uni oʻng qoʻling jimjilogʻiga taqsang boʻldi, otang yonida boʻlasan va men haqimda boshqa hech narsa eshitmaysan.

Qiz qoʻrqmabdi. Bir daqiqa ham ikkilanmay yashil bogʻ sari yoʻl olibdi. Qosh qorayib quyosh oʻrmon ortiga botgach u:

– «Sodiq doʻstim, oʻzingni koʻrsat!»- debdi.

Shu payt uzoqdan bahaybat mahluq koʻrinibdi. Faqat roʻpa radagi yoʻlakdan oʻtibdi-yu qalin butalar orasida yoʻqolibdi. Unga koʻzi tushgan qiz oh urib, baqirib yuboribdi va hushini yoʻqotib yiqilib tushibdi. Mahluq judayam hunuk ekan: qoʻllari qingʻir-qiyshiq, panjasi yirtqich hayvonniki singari, oyoqlari otnikiday qoʻpol, tuya oʻrkachi kabi bukrilari ham bor, butun badani jun bilan qoplangan, soʻyloq tishlari ogʻzidan chiqib turar, burni burgutnikiday, koʻzi esa boyoʻgʻlinikiday edi.

Ozmi-koʻpmi vaqt oʻtib oʻziga kelibdi. Oʻzining bergan soʻzida turolmay qoʻrquvini yenga olmagani uchun uyalibdi. Yana shunday debdi:

– Mehribon hojam, men endi sira qoʻrqmayman va sizdan ajralmayman. Yaxshiliklaringizni esdan chiqarib boʻlarkanmi? Birinchi martagina sal choʻchidim, xolos.

Mahluq yana koʻrinibdi. Faqat qizga yaqin kelishga jur’at eta olmabdi. Yarim tungahca ular birga suhbat qurishibdi. Keyingi kuni yana va yana… Hamisha birga boʻlib, boʻgu oʻrmonlarda sayr qilishar ekan, qizgʻin suhbatlar bilan vaqtni hushnud oʻtkazishar ekan.

Kunlardan bir kuni qiz tush koʻrsa, otasi bemor yotganmish. Xafa boʻlib yigʻlabdi. Mahluq uni shu ahvolda koʻrib, nega xafa ekanini soʻrabdi. Qiz aytib beribdi va undan otasini, opalarini koʻrib kelishga ruxsat soʻrabdi.

– Mendan nega ruxsat soʻraysan, boraver, ixtiyoring oʻzingda – debdi mahluq. – Axir mening tilla uzugim yostigʻing tagida turibdi-ku. Taqsang otang yonida boʻlasan. Faqat bir narsa esingdan chiqmasin: roppa-rosa uch kecha-yu uch kunduzdan keyin qaytmasang men oʻlaman. Chunki, seni oʻzimdan ham yaxshi koʻraman. Undan ortiq ayriliqqa chiday olmayman.Sensiz yashay olmay, halok boʻlaman.

Qiz unga huddi oʻsha aytgan vaqtida qaytishga va’da beribdi. Uzukni jimjilogʻiga taqqan ekan, oʻsha zahoti otasining hovlisida boʻlib qolibdi. Opalari uning shohona libosiga havaslari kelibdi. Otasi sevikli kenja qizini eslayverib, chindan ham kasal boʻlib qolgan ekan. Uni koʻrib xursand boʻlib ketibdi. Qiz mahluqning saroyidagi hayotini oqizmay-tomizmay aytib beribdi. Ota boʻlsa, oʻsha badbashara mahluqqa u qanday oʻrganganiga hayron boʻlarmish. Axir oʻzi eslasa hali-hali yuragi orqasiga tortib ketadi-yu.. Opalari singlisining badavlat turmushi haqida eshitgan sari hasadlari kelarmish.

Birinchi kun bir soatday, ikkinchisi daqiqaday oʻtibdi. Uchinchi kuni qizning opalari u yerga qaytib bormaslikka koʻndirmoqchi boʻlishibdi: «Oʻlsa oʻlaversin, nima qilasan?» deyishibdi.

Bundan kenja qizning jahli chiqibdi:

– Agar menga koʻrsatgan mehr-muruvvatining qadriga yetmasam oʻzim ham oʻlimga loyiqman, - debdi.

Otasiga dono qizining bu soʻzlari ma’qul tushibdi. Opalari esa hasad oʻtida yonayotgan ekan. Bir shumlikni oʻylashibdi. Qizning ketar muddatiga oz qolganida ular uydagi barcha soatlarni bir soatga orqaga surib qoʻyishibdi. Bu haqida ota ham, xizmatkorlar ham bilmabdi.

Vaqt yaqinlashgan sayin qizning yuragi sanchaveribdi. Soatga qarayveribdi, qarayveribdi sira vaqti kelmasmish. Opalari esa hadeb uni gapga tutib, kechiktirarmish. Nihoyat, sabri chidamabdi. Otajoni, opalari bilan xayrlashibdi. Aytilgan muddatga bir daqiqa qolganida oʻng jimjilogʻiga tilla uzukni taqibdi. Shu zahoti mahluqning oppoq devorli qasrida koʻribdi oʻzini. Ammo, har qancha chaqirmasin hojasi yoʻq emish.

Oxiri baqirib yuboribdi:

– Qayerdasiz, mehribon hojam, sodiq doʻstim? Nega meni kutib olmaysiz? Aytilgan vaqtdan bir soat oldin yetib keldim.

Yana jimlik, sukunat. Hatto bogʻdagi qushlar ham sayramaydi, favvoralardan suv otilmaydi, musiqa yangramaydi. Qizning qalbi bir noxush voqeani his etib, u barcha xonalar va bogʻlarni izlab chiqibdi. Axiri, oʻsha olov gul oʻsib turadigan joyga boribdi. Tepalikda mahluq gulni changallagancha jonsiz yotardi. Qiz avvaliga uni qattiq uxlab qolgan deb oʻylab, uygʻotmoqchi boʻlibdi. Hech uygʻonmasmish. Shunda mahluqning junli qoʻlidan ushlab, oʻlganini bilibdi…

Qizning koʻz oldi qorongʻilashib, oyoqlari chalkashib ketibdi.

U tizzasiga choʻkkalab mahluqning badbashara kallasini quchoqlagancha oh tortibdi:

– Uygʻoning asl doʻstim. Sizni oʻz qalligʻimday yaxshi koʻrib, sevaman.

Shu soʻzlarni endigina aytgan ham ekan-ki, birdaniga momaqaldiroq gumburlabdi. Kuchli chaqmoq chaqib, yeru-koʻk larzaga kelibdi. Qiz hushidan ketibdi. Oʻziga kelib qarasa, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ajoyib taxtda oʻtirgan emish. Yonida esa uni toj kiygan, zarbof toʻnli shahzoda, yoshgina bir barno yigit quchib turar, otasi, opalari ham shu yerda, ta’zimda egilib turgan, xizmatkorlarning esa son-sanogʻi yoʻq emish. Chiroyda tengsiz shahzoda unga qarab shunday debdi:

– Meni badbashara mahluq koʻrinishida boʻlsam ham, ochiq koʻnglim uchun sevding. Endi insoniy qiyofamda ham sev. Mening qalligʻim boʻl, iltimos. Bir paytlar badavlat qirol otamga achchiq qilib, jodugar kampirni ishga solib meni sehrlab tashlagan edi. U meni oʻgʻirlab ketib, badbashara mahluqqa aylantirib qoʻygandi. Toki bir goʻzal qiz meni sevib qolib, oʻsha koʻrinishimda menga erga tegishga rozi boʻlmaguniga qadar, oʻshanday yurishim kerak edi. Qachonki shunday voqea yuz bersa, men oʻz holimga qaytishim sehr-jodu qilingan edi. Shunday qilib rosa oʻttiz yil yashadim. Mana, sen meni oq koʻnglim uchun, senga boʻlgan cheksiz muhabbatim uchun sevding. Endi qudratli qirolning rafi qasi, vafoli malikam boʻlasan jonim.

Savdogar kenja qizi va shahzodaga oq fotiha beribdi. Hamma kelin-kuyovni qutlabdi. Uch kecha-yu uch kunduz dabdabali toʻy boʻlibdi. Oʻsha toʻyda men ham bor edim.