OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSergey Yesenin
Asar nomiFors taronalari (she’rlar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Sergey Yesenin
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot"Yangi asr avlodi", Toshkent, 2007
TarjimonErkin Vohidov
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/2
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
Sergey Yesenin rus adabiyotida oʻziga xos oʻrin tutadigan, hassos shoir. oʻz vaqtida ba’zi adabiyotshunoslar uni Pushkin bilan ham tenglashtirganlar. Oʻzbek kitobxonlariga shoirning koʻrkam manzarali yorugʻ majozlari yaxshi tanishdir.
Mazkur kitobni oldingi nashrlar asosida qayta nashr etishdan maksad olovqalb rus shoirining muhabbat haqidagi goʻzal taronalarini yana bir bor esga olishdir.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Fors taronalari (she’rlar)
Sergey Yesenin

Ona Ibodati

Qishloqning bir chetida
Pastakkina uy turar,
Sajda qilib shu uyda
Onaizor oʻltirar.
Yolgʻiz oʻgʻlin eslar u
Yonib achchiq firoqla.
Oʻgʻli esa yurt uchun
Jang qiladi yiroqda.
Ona sajda qiladi,
Koʻz yoshlari shashqator.
Bir nuqtaga tikilgan,
Xayolida nelar bor?
Koʻz oldiga keladi:
Keng dala — jang maydoni.
Jonsiz yotar maydonda
Mard oʻgʻli — pahlavoni.
Koʻkragida jarohat,
Qop-qora qon har yogʻi.
Qolmish jonsiz qoʻlida
Dushmanining bayrogʻi.
Ona yuzin qoplar gʻam,
Chimirgancha qoshini
Asta suyar qoʻliga
Oppoq sochli boshini.
Yurak dardi yosh boʻlib,
Toʻlib kelar koʻziga.
Marjon-marjon tomchilar
Oqib tushar yuziga,

It Haqida Doston

Quyosh oʻynar javdar xirmonda,
Chiptalarda nuri tilla rang.
Bolaladi ona it tongda,
Yetti kuchuk tugʻdi mallarang.
Yuvib-tarab tillari bilan,
Oqshomgacha erkaladi u.
Ona itning issiq bagʻridan
Qor ustida erib oqdi suv.
Oqshom payti, tovuqlar endi
Qoʻnogʻiga tizilishgan dam,
Uy egasi xoʻmrayib keldi,
Qopga soldi yettovini ham.
Shoʻrlik ona chopdi ketidan,
Uzoq-uzoq quvlab bordi u.
Muzdek terlar oqib etidan,
Achchiq-achchiq uvlab bordi u.
Botqoqlardan kechib oʻtdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Qaytar ekan tom ustida oy,
Bolasiga oʻxshab koʻrindi.
Shoʻrlik yana bolasin soʻrab,
Koʻkka boqib uvladi xasta.
Yangi oy ham asta gʻildirab,
Tushib ketdi ufqdan pastta.
Bechoraga ermaklab, kulib,
Non oʻrniga otishgandek tosh,
It koʻzidan yulduzlar boʻlib,
Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh.
* * *
Tongda meni uygʻot ertaroq,
Mehribonim, mushfiq onajon!
Men yoʻllarga koʻz tutay mushtoq,
Bizning uyga kelmoqda mehmon.
Oʻrmon ichra bugun, onajon,
Gʻildirakning izlarin koʻrdim.
Yellar uni aylab zar kamon,
Tortqilagan kezlarin koʻrdim.
Erta tongda mehmon keladi
Oy shapkasin boshga koʻyib dol.
Uchqur oti ravon yeladi,
Kokillari tovlanadi ol.
Meni sahar uygʻot, onajon,
Chiroqlarni yoqib qoʻy hozir.
Deydilarki, boʻlmogʻim ayon
Rossiyada shuhratli shoir.
She’r aytaman mehmonga ul dam,
Senga, onam, oʻsgan yerimga.
Sahar turib soqqan suting ham
Quyiladi mening she’rimga.
* * *
Goʻdaklikdan ma’lum har odam,
Bola boshdan degan gap toʻgʻri.
Mabodo men shoir boʻlmasam,
Boʻlar edim bezori, oʻgʻri.
Jikkakkina shum bola edim,
Tengdoshlarim ichra "qahramon".
Qaytar edim koʻchadan doim
Burnim pachoq, usti boshim qon.
Qoʻrqib ketgan onam qoshida
Derdim tutib oʻzimni mahkam:
"Hechqisi yoʻq. Qoqildim toshga.
Ertagacha qolmas oʻrni ham".
Yillar oʻtdi, ketdi bolalik,
Nihoya yoʻq armonlarimga.
Yoshlikdagi shoʻxlik, olovlik
Koʻchdi she’ru dostonlarimga.
Bolaligim ketdi borini
Satrlarda qoldirib butun.
She’rlarimda shum, bezorining
Xislatlari aks etar bu kun.
Magʻrurligim hamon qolmagan,
Hamon baland oʻtli koʻkragim.
Bolalikda burnim qonagan,
Bugun esa qondir yuragim.
Mendan kulgan toʻda qoshida
Deyman tutib oʻzimni mahkam:
"Hechqisi yoʻq! Qoqildim toshga,
Ertagacha qolmas oʻrni ham".
Meni soʻkmang! Boʻlar ish boʻldi,
Soʻz sotuvchi savdogarmasman.
Oltin boshim quyi egildi,
Bu dunyodan sovidim, bas, man.
Shaharda ham qolmogʻim mahol,
Na qishloqqa mayl sezarman,
Bir yoʻl qoldi; oʻstirib soqol
Rossiyani daydib kezarman.
Xayr, deyman doston, she’rlarga,
Ioʻlga toʻrva olurman, xolos.
Koʻchadagi bir darbadarga
Shamollar ham qoʻshiq aytar soz.
Piyoz, turup hidin taratib,
Bilganimni qilib yurarman.
Burnim oqsa yengimga artib,
Peshonamda borin koʻrarman.
Qor quyunin tinglarman behis,
Baxt kerakmas bundan ziyoda.
Bunday ajib turfa ishlarsiz,
Yashamasman yorugʻ dunyoda.
* * *
Aldamasman oʻzimni bu kun,
Yuragimda uqubatli gʻash.
Bezori deb nom oldim nechun?
Nega nomim boʻldi janjalkash?
Ugʻri boʻlib oʻrmon kesmadim,
Boʻyamadim qoʻlimni qonga.
Aybim faqat koʻcha kezganim,
Jilmayganim oʻtgan-ketganga.
Men maskovlik bir dalli yigit,
Oʻzimga xon, tanti, chapani.
Koʻchadagi har bir daydi it
Yurishimdan taniydi mani.
Tverskoyda koʻrib yiroqdan,
Bosh irgʻashar menga otlar ham.
Jonvorlarga yaxshi oʻrtoqman,
She’rim ular dardiga malham.
Boshimdagi bul silindrim
Jononlarga yoqish uchunmas.
Unda berib baytallarga yem,
Chaynashiga qilurman havas.
Odamlardan yuvdim qoʻlimni,
Oʻz doʻstlarim sari intildim.
Eng chiroyli galstugimni
Kuchuklarning boʻyniga ildim.
Endi darddan xoliman bu kun.
Dilimda yoʻk uqubatli gʻash.
Aldoqchi deb nom oldim shu-chun,
Shu-chun nomim boʻldi janjalkash.
* * *
Bas! Boʻlar ish boʻldi, kerakmas,
Qaytmas boʻldim endi yurtimga.
Yaproklari qanot teraklar
Soya solmas endi ustimga.
Pastak kulbam bunchalar mensiz,
Oʻlib boʻlgan qari itim ham.
Maskovning bir burchida, esiz,
Zavol topmoq chogʻi nasibam.
Bu shaharga boʻldim men shaydo,
Garchi koʻhna, koʻrimsiz makon.
Mudrab yotgan oltin Osiyo
Gumbazlarda boʻlur namoyon.
Tunda esa, oy nur sochgan dam
Goʻyo... bilmam, nima singari...
Bosh eggancha tashlayman qadam
Oʻsha tanish mayxona sari.
Meni kutar bu dahshat maskan,
Bunda tunni ulab saharga,
May ichaman oʻgʻrilar bilan,
She’r oʻqiyman fohishalarga.
Kayf tumani chulgʻaganda men
Faryod bilan ochaman koʻnglim:
"Men ham sizdek gumroh bandaman,
Mening ham yoʻq, qaytarga yoʻlim".
Pastak kulbam bukchayar mensiz,
Oʻlib boʻlgan qari itim ham.
Maskovning bir burchida, esiz,
Zavol topmoq chogʻi nasibam.
* * *
Bir manzilga borurmiz kam-kam,
Bir manzilki, halovat hokim.
Yigʻishtirmoq chogʻi menga ham
Boqiy yoʻlga doʻkon-dastgohim.
Ey siz, suluv, oppoq qayinlar,
Ey sen, zamin, bogʻlar, barxanlar.
Ketayotgan saflarga qarab
Yuragimga choʻkar armonlar.
Men oʻzimcha koʻp oʻylar surdim,
Oʻz hakimda she’r aytdim talay.
Baxtlimanki, yashadim, koʻrdim,
Bu dunyoga keldim har qalay.
Baxtlimanki, sevdim, intildim,
Quloch yozdim chechaklar aro.
Jonvorlarni ukam deb bildim,
Boshlariga urmadim aslo.
Bilaman, ul manzilda balqib
Yotmas oqqush boʻyin boshoqlar.
Ketayotgan saflarga boqib
Shundan menda alam, qiynoqlar.
Bilamanki, oʻshal ma’voda
Bu kengliklar boʻlmas, shubhasiz.
Shuning uchun menga dunyoda
Yashayotgan odamlar aziz.

Ayolga Maktub

Usha kun, albatta,
Yodingizdadir.
Burchakka qisilib
Ojiz turganim.
Gʻazabnok edingiz,
Va gʻoyat ogʻir —
Soʻz bilan urdingiz
Betimga manim.
Dedingiz:
Bas, yetar,
Ajramoq kerak.
Betartib umrimdan
Toqatingiz toq.
Izlamoq boʻldingiz
Oqilroq erkak.
Mening qismatim-chi,
Tubanlab ketmoq.
Men sizni sevardim,
Siz esa aslo.
Parvo qilmasdingiz,
Men edim bexol —
Shaddod bir suvoriy
Xaloyiq aro
Qamchilab choptirgan
Shoʻrlik ot misol.
Siz bilmas edingiz,
Boʻronda, axir,
Meni oʻz bagʻriga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir,
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.
Yuzni koʻrmoq qiyin
Boqib yaqindan,
Har narsa yiroqdan
Koʻrinar ayon.
Dengiz harakatta
Kelsa toʻlqindan,
Bilingki, kemaning
Axvoli yomon.
Yer katta kemadir,
Kimdir nogaxon
Yangi hayot uchun,
Yangi shon uchun
Bu ulkan kemani
Dahshatli boʻron,
Toʻlqinlar qoʻyniga
Yoʻlladi bugun.
Kema chaykalarkan
Notinch dengizda
Boshi aylanmagan,
Yiqilmagan kim?
Juda kam,
Juda kam,
Bundaylar bizda,
Ularning idroki
Qalbiga hokim.
Shunda men
Xaloyiq shovqini aro
Oʻqchigan yuzlarga
Boqishdan toldim.
Shunda men, toqatsiz,
Kemaning qaro
Ostki xonasiga
Kirib yoʻqoldim.
Qahvaxona edi
Bu ostki xona.
Shu kundan qadahga
Egildi boshim.
Dunyoni unutdim
Tamom mastona,
May boʻldi hayotda
Yolgʻiz yoʻldoshim.
Sevgilim!
Men uchun —
Qiynaldingiz koʻp.
Gʻamgin koʻzingizdan
Sezardim buni.
Axir men sharobga
Bosh bilan choʻkib,
Gʻavgʻosiz oʻtmasdi
Biror-bir kunim.
Siz bilmas edingiz
Boʻronda, axir,
Meni oʻz bagʻriga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir,
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.
Mana, yillar oʻtdi,
Ulgʻaydi yeshim.
Fikru hislarim ham
Oʻzgacha butun.
Bayram sharobidan
Koʻtarmay boshim
Dargʻaga sharaf-shon
Oʻqiyman bugun.
Dilni erkalarkan
Nozik tuygʻular
Sizning tashvishingiz
Yodimga oldim.
Shoshaman siz tomon
Bermoqqa xabar:
Bir zamon kim edim,
Kim boʻlib qoldim.
Sevgilim!
Quvonch-la qilurman bayon,
Men bir tik qoyadan
Yiqilmay qoldim.
Shoʻrolar yurtimda
Endi bu zamon
Men ashaddiy hamroh.
Nomini oldim.
Men tamom boshqaman,
Yor boʻlsam bugun
Sizni qiynamasdim
Balki u qadar.
Shonli mehnat uchun,
Erk va baxt uchun
Borishga tayyorman
La-Manshga qadar.
Siz meni kechiring,
Siz endi boshqa.
Bugun sizga oqil,
Jiddiy er hamdam.
Bizning tashvishlarni
Urmaysiz boshga,
Zarra kerakmasman
Sizga oʻzim ham.
Mayli, yashang yangi
Yorning oldida,
Baxtli boʻling, shudir
Tilagim mening.
Sizga salom bilan,
Sizni yodida
Doim saqlaguvchi
Sergey Yesenin.

Onamdan Maktub

Endi ne ham oʻylab
Topadir xayol,
Javobni oʻylayman
Chakkamni tutib.
Stolim ustida
Yotar xafahol
Onaginam menga
Yoʻllagan maktub.
"Koʻzimiz toʻrt boʻldi,
Bolam, kelaqol.
Yaxshiydi bayramga
Kelsang, har qalay.
Otangga ishtonlik,
Menga jun roʻmol
Olakel, bizlarda
Kamchilik talay.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham,
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan koʻra omoch
Haydasang, bolam,
Obroʻ keltirardi
Halol mehnating.
Men ham qarib qoldim,
Hech yoʻq darmonim.
Oh, sen boʻlsang eding
Mening yonimda.
Kelinlik boʻlardim,
Soʻnggi armonim —
Nabira suyardim
Asrab jonimda.
Sen bola-chaqalik
Boʻlmading, daydi.
Yuragingni berding
Oʻzgaga oson.
Oilang boʻlsaydi,
Doʻsting boʻlsaydi,
Senga mayxonalar
Boʻlmasdi makon.
Jonim bolaginam,
Ne boʻldi senga?
Moʻmin-qobil eding
Bir vaqt naqadar.
El-yurt havas bilan
Aytardi menga:
Aleksandr Yesenin —
Baxtiyor padar.
Afsus, niyatimiz
Boʻlmadi hosil.
Barbod boʻldi soʻnggi
Umidimiz ham.
Otang oʻylar edi —
She’r yozib qoyil,
Bir dunyo pul topib
Keladi bolam.
Ammo sendan bir soʻm
Kelmas, bolajon.
Oʻkinchlarimizning
Bosh sababi shul.
Xomtama boʻlibmiz,
Holingdan ayon:
Toʻlamas ekanlar
She’r yozganga moʻl.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham,
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan koʻra omoch
Haydasang, bolam,
Obroʻ keltirardi
Halol mehnating.
Endi boʻlsa bizni
Ezdi gʻam, alam.
Ot yoʻq,
Pul yoʻq, borib
Olsak naqd soʻmga.
Uyda boʻlsang eding,
U zehning bilan
Rais boʻlar eding
Volijroqoʻmga.
Boshqacha boʻlardi
Bizning tiriklik,
Sarson yurmas eding
Sen ham yiroqda.
Xotining yonimda
Urchuq yigirib,
Sen birga qararding
Qarigan chogʻda..."
Xatni gʻijimlayman,
Soʻz aytmoq qiyin,
Oh, bormi girdobdan
Chiqmoqqa imkon.
Yurak soʻzlarimni
Aytaman keyin,
Javob maktubimda
Qilaman bayon.

Javob

Aziz onaginam,
Boʻlgin salomat.
Mehru shafqatingni
Sezib turibman.
Sen zarra tasavvur
Qilmassan faqat,
Nima deb dunyoda
Yashab yuribman.
Hozir siz yo1^da qish,
Ayoz kechalar.
Deraza oldida
Surarsan xayol,
Osmonni toʻldirib
Yogilar ukpar,
Kimdir oq sirenni
Silkitgan misol.
Onam!
Shunday tunda
Boʻlurmi uxlab,
Tarnov uzra shamol
Chiyillar betin.
Yotmoqchi boʻlursan,
Koʻzingga xona
Tobutdek koʻrinib
Seskanar eting.
Izgʻirin yigichi
Xotinga oʻxshar.
Mingta d'yak boʻlib
Choʻzar badkirdor.
Qor yerga sochadir
Oppoq tangalar...
Tobut ortida bor
Na doʻst va na yor...
Menga hammasidan
Ma’qul navbaxor,
Koʻnglimga munosib
Toshqin shiddati.
Bunday payt xar bir choʻp
Bir kemacha bor.
Dala — cheksiz ummon,
Yoʻq nixoyati.
Barcha koʻklamlardan
Men sevgan koʻklam —
Bashar dilidagi
Buyuk inqilob.
Oʻshanga intilib
Chekarman alam,
Oʻshani sevaman,
Chorlayman shitob.
Lekin bor muzlagan
Yer sayyorasi.
Shundan men nolalik
She’r ovorasi,
Shundan men serjanjal
Va oshuftaxol.
Onajonim,
Kelar bizga ham fursat,
Keladir intizor
Kutganimiz dam.
Biz axir turibmiz
Jangga boʻlib taxt,
Kim zambarak tutib,
Kim tutib qalam.
Qoʻy, puldan gapirma,
Mol-mulk na kerak.
Bu soʻzlarni yozgan
Senmisan, yo rab:
Nima, men molmidim
Va yoki eshak,
Qoziqdan yechmasa
Yotguvchi qarab.
Men oʻzim boraman,
Vaqt kelar bir kun,
Muzlagan kurraga
Toʻp otilar chog —
Boraman jun roʻmol
Olib sen uchun,
Cholga paytavalik...
Boʻlgin faqat sogʻ...
Hozircha izgʻirin
Soʻfidek choʻzar,
Yigʻichiga oʻxshab
Uvlar badkirdor.
Qor yerga sochadir
Oppoq tangalar,
Tobut ortida bor
Na doʻst va na yor.

Fors Taronalari

* * *
Dogʻlar ketmish majruh koʻngildan,
Mast vasvasa qoʻzgʻamas tugʻyon.
Men dardimga Tehron gulidan
Choyxonada topoldim darmon.
Choyxonachi — barvasta, oʻktam.
Qoyil qolsin rus, deb, choyimga,
Oʻtkir aroq, may oʻrniga ham
Achchiq-achchiq choy tutar menga.
Siyla, mezbon, ammo had bilan,
Bogʻing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga hijob ostidan,
Dilbar koʻzin suzmadi bekor.
Rossiyada gulday qizlarni
Qulday tutqun saqlamas erlar,
Sarmast etar boʻsa bizlarni
Bexanjaru bemakru bezar.
Bu tong yuzli dildor qoshimda
Bir bor xirom etsa noz bilan,
Shohi roʻmol solgum boshiga,
Yoʻllariga — sheroziy gilam.
Mezbon, choy quy menga lolagun,
Shoir senga soʻylamas yolgʻon.
Ehtiyot boʻl oʻzingga bugun,
Soʻngra mendan qilmagin gumon.
Eshikka koʻp qaray berma san,
Gulbogʻingga, baribir, yoʻl bor...
Oqshom menga hijob ostidan
Dilbar koʻzin suzmadi bekor.
* * *
Bugun dedim sarrofga atay,
Alisharkan soʻmni tumanga:
"Oʻrgat, goʻzal La’limga aytay,
Oʻrgat sevdim, demoqni manga".
Ul sarrofga dedim bugun men
Yeldan sokin, jilgʻalardan tinch:
"Oʻrgat menga, goʻzal La’limdan
Fors tilida soʻrayin oʻpich".
Yana dedim sarrofga atay
Hayajonim dilda berkitib,
Oʻrgat, goʻzal La’limga aytay,
Oʻrgat, aytay "menikisan", deb.
Shunda menga dedi u, e voh —
Ishq sharqiga topilmas soʻzlar.
Sevaman der dildan chiqqan oq,
Yoqut kabi yonguvchi koʻzlar.
Soʻrma mendan boʻsaning ismin,
Nomi yoʻqdir senga aytmoqqa,
U keltirib atirgul isin,
Gulbarg boʻlib qoʻnar dudoqqa.
Sevgi dilga bermas kafolat,
Sevgi baxtga ye dardga yoʻllar.
Menikisan deyolur faqat
Yuzdan hijob koʻtargan qoʻllar.
* * *
Shahinam, o mening Shahinam,
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan soʻylaymi senga.
Oy nur sepgan boshoqlardan ham.
Shahinam, o mening Shahinam.
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Unda oy qam yuz bora ulkan.
Sheroz qancha boʻlmasin koʻrkam
Aziz oʻlka Ryazandir menga.
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan soʻylaymi senga?
Sochim olmish bugʻdoyidan rang.
Barmogʻingga oʻra xohlasang,
Zarra ogʻriq sezilmas menga,
Dalalardan soʻylaymi senga?
Oy nur sepgan boshoqlardan ham
Oltin sochim soʻylasin, dildor,
Kul, oʻyna-yu, dalamni zinhor
Eslatmagin menga, jonginam,
Oy nur sepgan boshoqlarni ham.
Shahinam, o mening Shahinam,
Shimol yoqda bir nozanin bor:
Senga oʻxshar, gʻoyatda dildor
Balki meni oʻylar ul sanam...
Shahinam, o mening Shahinam.
* * *
Deding: Sa’diy doimo yorning
Siynasidan olarkan boʻsa.
Xudo haqqi, shoshma, dildorim,
Qochmas axir oʻrganish boʻlsa.
Deding: — "Qur’on soʻzi azaldan
"Alqasosu minalhaq" tamom!"
Men tugʻilgan boʻlsam Ryazanda
Qaydan tanish boʻlsin bu kalom.
Sen kuylading: "Frot ortida,
Gullar borki, qizlardan goʻzal!"
Voy boʻlsaydim qoʻshiq bobida
Toʻqir edim boshqa bir gʻazal.
Gar qizlardan boʻlsa ziyoda
Men gullarni kesardim butkul,
To koʻrmayin yorugʻ dunyoda
Shahinamdan suluvroq bir gul.
Oʻgit bilan qiynama endi,
Oʻgitlaring menga ne darkor?!
Shoir boʻlib dunyoga keldim,
Shoir kabi oʻpaman, dildor.
* * *
Men Bosforda boʻlmaganman hech,
Uni soʻylab berolmam senga.
Lekin moviy koʻzlaring har kech
Dengiz boʻlib koʻrinar menga.
Qilmaganman Bagʻdodga safar,
Karvon bilan eltmadim xino,
Ammo bir zum tin olsam netar
Tizzangga bosh qoʻyib, dilrabo!
Shafqat ayla, jonginam, derman,
Ham qilurman qancha iltijo,
Rossiyada mashhur shoirman,
Nechun zarra qilmaysan parvo?!
Kuy taratar qalbimda garmon',
Qaydadir it hurar oydin kech,
Eron qizi, moviy, bepoyon
Yurtni koʻrging kelmaydimi hech?
Bunda koʻngil yezgani emas,
Izlab keldim xayolan seni.
Oqqushqanot qoʻllar har nafas
Ogʻushiga chorladi meni.
Nolishim yoʻq oʻtgan umrimdan,
Ammo horgʻin dil izlar orom.
Dilbar, menga quvnoq yurtingdan
Biror narsa soʻyla bu oqshom.
Afsun bilan tarqat oʻylarim,
Toki chiksin koʻnglimdan garmon',
Toki oʻsha shimol dilbarin
oʻylamayin, kilmayin armon.
Men Bosforda boʻlmaganman hech,
Ammo soʻylab berurman senga.
Chunki moviy koʻzlaring xar kech
Dengiz boʻlib koʻrinar menga.
* * *
Za’far yurtga nur toʻkar oqshom,
Bogʻda gullar javlon urgan payt,
Kel, jonganam, kushik, ayt, Xayyom —
Kuylab oʻtgan qoʻshiqlardan ayt
Bogʻda gullar javlon urgan payt.
Oy nuriga gʻarq boʻlgan Sheroz,
Parvonadek uchar yulduzlar.
Menga yokmas, oʻrtanaman, rost,
Hijob tutsa dilrabo yuzlar,
Oy nuriga koʻmilgan Sheroz.
Qizlar yuzni saklar xijobda,
Issiqdanmi boʻlib asramoq,
Yo kuymasin derlar oftobda.
Sevsin uchun yigitlar koʻproq
Qizlar yuzni saqlar hijobda.
Hijob bilan doʻst boʻlma gulroʻ,
Yoz soʻzimni yoding lavhiga,
Umr oʻzi gʻoyat qisqa-ku,
Toʻymoq qiyin tole shavqiga,
Yoz soʻzimni yoding lavhiga.
Qismatlarda ne qarolik bor,
Qolmas bir zum baxsh etsang roxat.
Gunoh boʻlur shu sabab, dildor,
Bu dunyoda yashirsang tal’at,
Bergach uni ona-tabiat.
Bogʻda gullar tebranar oqshom,
Yuragimda oʻzga bir diyor,
oʻzim senga qoʻshiq. aytay, yor!
Bu qoʻshiqni bilmagan Xayyom.
Bogʻda gullar tebranar oqshom...
* * *
Havo toza, musaffo, zangor,
Gulzor boʻldi menga sayilgoh.
Ufqlarga yoʻl olgan sayyoh,
Yetolmaysan sahroga zinhor.
Havo toza, musaffo, zangor.
Dalalardan oʻtasan tanho,
Bogʻlar senga ochadi quchoq.
Chinni gulga boʻlib mahliyo,
Qarshisida choʻkarsan nogoh
Dalalardan oʻtganda tanho.
Shitirlar, yoʻq, shivirlar barglar,
Nafis, goʻyo Sa’diy gʻazali.
Koʻzlaringga koʻkning goʻzali —
Oltin oydan yogʻiladi zar,
Nafis, goʻyo Sa’diy gʻazali.
Dil qoʻshigʻing bastalar pari,
Nay sasidek mayin, dilrabo.
Ogʻushiga olsa ul barpo
Ketar dildan gʻam, hijron nari,
Nay kuylaydi mayin, dilrabo.
Mana, uzoq kezib piyoda
Charchaganning ezgu matlabi:
Esar salqin, xushboʻi shabboda,
Shimiradi qaqragan labim.
Esar salqin, xushboʻy shabboda..
* * *
Oy yuzida tillarang jilo,
Sambitguldan taralar xushboʻy,
Kezmoq na soz quvnoq va xushroʻy
Moviy oʻlka sukuti aro.
Yiroqlarda Bogʻdod. Bir zamon
Shahrizoda yashagan diyor.
Ul sanamga endi ne darkor,
Xazon boʻlmish jannat guliston.
Ul sharpalar singibdi yerga,
Dev, parilar boʻlmishdir tuproq,
Bosh egma, ey sayyoh, qabrga,
Arvohlarga solmagin quloq.
Atrofga boq, qanchalar barqut!
Dudogʻingni tortar chechaklar.
Dushmanga ham doʻstlik qoʻlin tut,
Yorugʻ boʻlsin koʻnglim, desang gar.
Oʻyna, sendan ne qolur oʻlsang,
Visol aylab ishq boliga toʻy,
Oʻliklarga sigʻinmoq boʻlsang,
Tiriklarni oʻz holiga qoʻy.
Shunday degan Shahrizoda ham,
Barglar aytar yana bir bora,
Bu dunyoda armonsiz odam
Bechoralar ichra bechora.
* * *
Xurosonda bir darvoza bor,
Ostonasi gulga koʻmilgan.
Unda yashar bir pariruxsor,
Xurosonda bir darvoza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.
Qoʻllarimda kuch xam yetarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan,
Asir etdi meni ul pari,
Qoʻlda garchi kuchim yetarli,
Ul eshikni ocholmadim man.
Mardligim ne ishq maydonida.
Ayting, kimga qilay sharxi gʻam?!
Sevmas boʻlsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas boʻlsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!
Yana tushdi Rus' sari yoʻlim,
Eron, sendan ketgummi hali.
Naxot, seni boz koʻrmas boʻldim?
Ona-yurtga mehrim tufayli
Yana tushdi Rus' sari yoʻlim.
Xayr endi, xayr, parizod!
Darvozangni ocholmasam-da,
Shirin gʻaming birla umrbod
Kuylab oʻtay seni oʻlkamda.
Xayr endi, xayr, parizod!
* * *
Firdavsiyning moviy diyori,
Koʻpni koʻrgan ey, koʻhna diyor!
Oʻychan nigoh, koʻzi zangori
Oʻrusingni unutma zinhor!
Firdavsiyning moviy diyori.
Ajoyibsan, goʻzalsan, Eron,
Lolalaring bamisli chiroq,
Ular menga olis bepoyon.
Bir oʻlkani eslatar harchoq,
Ajoyibsan, goʻzalsan, Eron.
Sipqorurman eng soʻnggi bora
Sharob yangligʻ mushkin boʻyingni,
Jonim Shahi, dilbar kuyingni
Ayrilarkan sendan, nachora,
Tinglagayman eng soʻnggi bora!
Kuying mangu qalbimda qolar,
Seni aslo unutmam, jonon!
Togʻlar oshib, kelib sahrolar
Sen xaqingda kuylayman doston,
Kuying mangu qalbimda qolar.
Gʻamlaringdan qoʻrqmasman sira,
Faqat meni saqla yodingda,
Rus' haqida bir kuy qoldiray!
Meni esla kuylar oningda,
Qoʻshiq boʻlib yashay yoningda.
* * *
Shoir boʻlmoq — bu-ku tayin gap —
Oʻz joningni oʻrtamoq faqat.
Xanjar urib nozik taningga,
Oʻzgalarga baxsh etmoq lazzat.
Shoir boʻlmoq — kenglikni kuylash,
Senga koʻproq boʻlsin deb oshkor.
Bulbul koʻngli boʻlarmi hech gʻash —
U qiladi bir kuyni takror?!
Oʻzgalarning ovozi bilan
Toʻtiqush ham biyrondir, ammo,
Kuyla faqat oʻz sozing bilan,
Qurbaqadek boʻlsa ham hatto.
Qur’onda man etmish Muhammad
Lab urma deb hatto sharobga.
Shoir ichar shuning-chun ham may
Tashlar ekan oʻzni azobga.
Shoir kelib yori oldiga
Yot qoʻynida koʻrsa uni gar,
Oʻt solsa-da alam qalbiga,
Qiz koʻksiga urmaydi xanjar.
Rashkda yonib, koʻngilda tugʻyon
Asta kuylab tashlaydi qadam:
"Mayli, oʻlay xoru sargardon,
Taqdirimda bor ekan bu ham".
* * *
Bir juft oqqush — jonon qoʻllari
Shoʻngʻir oltin sochlarim aro.
Bu dunyoda odamlar bari
Ishqni kuylar takror va takror.
Kuylaganman men ham bir mahal,
Bugun yana takrorlar koʻngil,
Otash soʻzim boisi oʻshal,
Nafis she’rim sababi ham ul.
Jon-joningga singsa muhabbat
Qalb koʻksingda oltin tosh boʻlur.
Baxsh etolmay kuyga harorat
Tehron oyi koʻkda fosh boʻlur.
Qanday yashay endi, bilmayman,
Yo Shahi-la kechsin tunlarim.
Qariganda yo qilay armon
Ishqni kuylab oʻtgan kunlarim.
Har kimda bir oʻzgacha e’zoz,
Har kimda bor oʻzgacha havas.
Gar Eroniy kuylolmasa soz,
Bilingki, u sherozlik emas.
Men haqimda ayting, kimki bu
Kuyim tinglab meni soʻrsa gar.
U bundan ham soz kuylardi-yu,
Xarob qildi oʻshal oqqushlar.
* * *
Nechuk ma’yus taratar ziyo
Oy Xuroson chamanlariga.
Rus' bagʻrida kezaman goʻyo
Choʻmib oqshom tumanlariga.
Shunday deya, ey goʻzal La’lim,
Shamshodlardan ayladim savol.
Bu sir bizga emasdir ma’lum,
Degan kabi boqdi ular lol.
"Ne uchun oy ma’yus sochar nur?"
Chechaklarni tutdim soʻroqqa.
Ular dedi: guldan soʻrab koʻr
Sahar payti kirganda boqqa.
Gul tebratdi asta shoxini,
Tilga kirib soʻyladi gulbarg,
"Oʻzga bilan boʻldi Shahina,
Oʻpdi bu kech oʻzgani dilbar".
Dedi yoring: "Qaydan bilar rus,
Qoʻshiq unga ham tanu ham jon".
Shuning uchun oy boqar ma’yus,
Shuning uchun yuzida yoʻq qon.
Ne jafolar koʻrmadi olam,
Xiyonatu koʻz yoshdan xunlar.
Lekin, mayli, har na boʻlsa ham
Moʻ’tabardir nafarmon tunlar.
* * *
Talpinma koʻp, devona koʻngil,
Barchamizdan yuz oʻgirmish baxt.
Shafqat tilar gadolar faqat...
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Fusunkor oy kiyib zar libos,
Shu’la toʻkar kashtanlar uzra:
Qoʻyib La’lim siynasiga bosh,
Pardasini tortaman yuzga.
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Biz barchamiz goʻdakmiz bir oz,
Goh koʻzda yosh, goh labda kulgu,
Boʻlmish ushbu dunyoda meros
Barchamizga shodlik va qaygʻu.
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Koʻrganman koʻp elatlarni men,
Tole izlab kezganman jahon.
Yuragimning ezgu istagin
Endi ortiq qidirmam sarson.
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
Umidim bor hayotdan hali,
Tugamagan koʻnglimda bardosh,
Kel, bir nafas orom ol, qalbim,
Uxla qoʻyib yor koʻksiga bosh,
Umidim bor hayotdan hali.
Zora taqdir boshimiz silab,
Saodatga yor etsa bizni,
Tole bulbul ovozi bilan
Allalasa pok sevgimizni.
Talpinma koʻp, devona koʻngil.
* * *
Moviy oʻlkam, quvnoq diyorim,
Qoʻshiq uchun baxshida borim.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bogʻda.
Kuyga asta bosh egadi gul,
Sado berar bu kuyga koʻngil,
Tingla, mayin esgan shabboda
Bulbul gulni chorlaydi bogʻda.
Sen goʻdaksan xali, jonginam,
Shoirman-ku, goʻdakman men xam.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bogʻda.
Kechir meni, aziz Gʻoliyam,
Yoʻllaringda gullar koʻp, sanam.
Senga egar barchasi qomat,
Faqat biri aylar sadoqat.
Shod boʻlaylik, kel biz ham bu kun,
Shunday moviy oʻlka bor uchun.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bogʻda.
Moviy oʻlkam, quvnoq diyorim,
Mayli, kuyga baxshida borim.
Gʻoliyam tinch uxlagan chogʻda
Bulbul gulga she’r oʻqir bogʻda.

Hayot Yoʻlim

Kemadek sohilga
Kelmoqda umrim,
Yana xotiralar
Chulgʻar oʻyimni
Kel endi,
Ohista soʻzlab ber,
She’rim,
Bosib oʻtgan hayot yoʻlimni.
Tor kulba.
Achimsiq qoramoy isi,
Koʻhna sajdagoxu
Lipillagan sham...
Qanday soz,
oʻsha ilk bolalik hissi
Yuratamda yashar to shu dam.
Deraza ostida
Alanga — quyun.
Toʻqqizdaman.
Kursi, kampir, oq baroq...
Kampir gʻamgin kuylar
Dalalar kuyin
Va esnar, e voh, deb
Choʻqinar uzoq.
Raqs etardi quyun
Qanotni kerib,
Misli jinlar bazmi —
Qizir gijdu bang.
Shunda imperiya
Qurbonlar berib
Yapon bilan qilar edi jang.
Shunda Rossiyaning
Qora ishlarin —
Bilmasdim.
Bilmasdim — nedir jang, gʻanim...
Ryazan' dexqonlari
Don ekkan zamin,
Qoʻngʻir tuproq edi
Mening vatanim.
Men faqat dehqonlar
Soʻzin eslayman.
Soʻkilardi shoxu
Shayton barobar.
Ammo, ajab yoʻqki,
Bunga javoban
Jimgina kulardi
Limu rang sahar.
Oʻshanda men ilk bor
Tuzdim qofiya,
Hislar quyunida
Aylandi boshim.
Bir kirib qoldimmi
She’r girdobiga —
Bor dedimu unga
Bor koʻnglim ochdim.
Olis u yillarni
Eslayman arang.
Bobom, achitmagin,
Derdi, miyani.
Bekorchi ishni qoʻi,
Bordiyu yozsang,
Mana, sulini yoz,
Yoki biyani.
Meni asir etgan
Soxir she’riyat.
Xayol osmonidan
Tushmay zaminga,
Oʻylardim, boʻlurman —
Mashhur, badavlat,
Ryazanda zoʻr haykal
Qoʻyishar menga.
Oʻn besh yoshda bir qiz
Jigardan urdi,
Xayol daryosida
Suzardim maftun.
Der edim, u goʻzal,
Hurlarning huri
Menga xotin boʻlar
Vaqt kelib bir kun.
Yillar oʻtdi.
Yillar yuzga iz solar,
Oʻzgacha koʻrk berar,
Oʻzgacha ziye.
Oʻsha xayolparast
Qishloqi bola
Bugun poytaxtda —
Shoiri yakto!
Shoirlik dardiga
Duchor boʻldimu
Yurt kezib koʻngilga
Izladim taskin.
Na visol shavq berdi,
Na hijron, qaygʻu,
Hayot aldoqlari
Quritdi ashkim.
Rus' asli nimadir,
Angladim shunda,
Angladim, nimadir
Sha’n ila shavkat.
Horgʻin yuragimga
Kunda va kunda
Ogʻu boʻlib tomdi
Bitta uqubat.
Mening shoirligim
Bir pul oʻzimga.
Mensiz ham she’rbozning
Urugʻi serob.
Oʻlsam haykal qoʻymang
Ryazanda menga,
Xasta bu ruhimga
Solmang iztirob.
Rossiya... Podsholik...
Qanday bemaza!
Pastkash kitoblarning
"Kamtar" viqori!
Qabul et, Moskva,
Mana, boʻlmasa,
Senga yana bitta
Dardkash bezori!
Koʻramiz!
Kim boʻlur bu jangda. gʻolib,
Yangradi qishloqning
Sha’n madhiyasi.
Nozik salonlarni
Larzaga solib
She’rim bilan kirdi
Ryazan’ biyasi.
Yoqmaydimi?
Mayli.
Siz-ku Lorigan,
Va gullarga mehr
Qoʻygansiz faqat,
Bilasizmi, axir,
Oʻsha siz yegan —
Oq non axir goʻngdan
Bitgan ziroat...
Yana yillar oʻtdi
Oʻzga iz solib.
Ta’rifiga ojiz
Shoirning gapi.
Yurtda podsholikning
Oʻrnini oldi
Ishchilar sinfining
Oʻlugʻvor safi.
Oʻzga yurtlar aro
Kezmoqdan horib,
Yana qishlogʻimga
Qaytdim, netayin.
Yashil sochlarini
Oftobga yoyib
Menga peshvoz chiqdi
Bir tup oq qayin.
Naqadar ajoyib,
Naqadar suluv.
Bundoq siyna boʻlmas
Jononlarda ham
Ana, aravaga
Ortishib suli
Menga tomon kelar
Bir necha odam.
Ular meni bilmas,
Men bir yoʻlovchi,
Ana, kampir oʻtdi
Boqmay yuzimga.
Butun vujudimga
Otash qalovchi
Allaqanday bir kuch
Urdi koʻksimga.
Nahotki u oʻsha!
Tanimas nahot!
Mayli, oʻtaversin,
Bilmasin, mayli.
Boshdan oshib yotar
Mensiz ham kulfat,
Koʻzlar chuqur botmish
Hasrat tufayli.
Oqshomlar kepkamni
Bostirib qoshga,
(Sovuq nigohimni
Koʻrmasin deb el)
Ohista boraman
Buloq boshiga,
Boʻm-boʻsh dalalarda
Sokin esar yel.
Yoshlik oʻtdi. Endi —
Mehnatga, demak,
Ammo demasmanki,
U yillar qaytsin.
Istagim, bu dalli —
Devona yurak
Endi sozu yetuk
Qoʻshiqlar aytsin.
Quvvat bagishlasin
Yana koʻnglimga
Yangicha qishloqning
Mehrigiyosi.
Shuhrat keltirganday
Bir zamon menga
Hov oʻsha qadrdon
Rusning biyasi.
* * *
Kel meni oʻp, oʻpa qol
Qonaguncha to labim,
Faqat shodlik va visol
Bu hayotdan talabim.
Toʻnkarilgan qadahlar
Bizga emas bazm aro.
Bu dunyoda yasharlar
Faqat bir bor, dilrabo!
Shom pardasi koʻk, harir,
Falakka bir qil nigoh.
Sariq quzgʻun misoli
Charx uradi koʻkda moh.
Oʻpgin meni, oʻp tezroq,
Soʻnayotir hayotim.
Oʻsha koʻkda uchgan zogʻ
Sezdi mening mamotim.
Oʻlim asli haq ekan,
Mayli, endi oʻlayin,
Lek koʻz yumish oldidan
Lablaringga toʻyayin.
To mangulik uyquda
Yangrab tursin har nafas
Mayin, tiniq, osuda —
"Senikiman" degan sas.
Doim toʻla qadahlar
Sochib tursinlar ziyo...
Bu dunyoda yasharlar
Faqat bir bor, dilrabo!
* * *
Endi qaytmam uyimga,
Men elkezar devona.
Koʻz tikibdir yoʻlimga
Koʻm-koʻk oʻtloq yagona.
Unda meni sogʻingan
Faqatgina qichitqon,
Boshi quyi solingan
Chuchmoʻmai nafarmon.
Oy tepamda yuksakdir,
Shapka otsam yetmaydi.
Qoʻshiq asli yurakdir,
Tugʻiladi — yitmaydi.
Uyga umr soʻngida
Biz qaytamiz turfahol.
Vujud titroq qoʻynida,
Yarim murda, yarim shol.
Sening uchun, ey odam,
Koʻhna maqol aytadi:
"Oʻlar chogʻi itlar ham
Oʻz uyiga qaytadi".
Men qaytaman uyimga,
Oʻtkinchi bir devona...
Kechalar koʻl boʻyida
Yigʻlar oʻtloq yagona.

Singlimga Xat

Bizning Aleksandr
Del'vig xaqida
She’r yozgan, madh etib kalla suyagin.
Qanday shirin,
Qanday olis aqida,
Xuddi gulbogʻ yangligʻ koʻngilga yaqin.
Salom senga, singlim,
Salom, assalom.
Qadrdon dalalar salomat bormi?
Ayt, qalay parvarish qilmoqda bobom
Ryazandagi bizning oluchazorni?
Oʻsha oluchazor,
Bormi yodingda?
Otam shoʻrlik tinmay qilardi mehnat.
Bir parcha yeridan
Hosil olguncha
Omoch surib qancha chekardi zahmat.
Unga maqsad edi
Kartoshka olish,
Biz bogʻ boʻlsa derdik,
Bogʻni kesishdi.
Dilim oʻrtanganin
Aytsin xoʻl bolish,
Bogʻni kesishdiyu
Bagʻrim ezishdi.
Yodimdadir bayram,
oʻsha soʻlim may,
Sabzalar bezangan,
Gullagan siren',
Oppoq qayinzorni
Quchoqlab tinmay,
Shoʻx xandon maydan ham
Mastroq edim men.
Oh, u oq qayinlar,
Oppoq qayinlar...
Qizlardek sarvinoz, suluv, xushqomat.
Sevmasligi mumkin ularni faqat —
Quvnoq navniholda koʻrmagan samar.
Singlim!
Naqadar kam hayotda chin doʻst,
Koʻplardek mening ham
Yuragimda dogʻ.
Agar nozik qalbing
Toliqqan boʻlsa,
Buning soz davosi —
Tinmoq, unutmoq.
Senga achinaman,
Yolgʻiz qolarsan.
Men esam tayyorman
Duelga hatto.
"Baxtlidir jomini ichib boʻlmagan" .
Va tinglab boʻlmagan naydan ham navo,
Va lekin bogʻimiz...
Oʻsha bogʻ aro
Erka bolalaring oʻynar koʻklamda.
Ular oʻylab qoʻysa qani bir bor, o
Dalli devonalar
Oʻtgan olamda.
* * *
Tong otadi beozor va jim,
Tuman ichra boʻzarar osmon.
Bugun yana seni esladim,
Mehribonim, munis onajon!
Avvalgidek yana, hoynahoy,
Tepalikka chiqarsan har tun.
Suv ustida halqib turgan oy
Tasviriga boqarsan mahzun.
Qaraysanu oʻyga choʻmarsan,
Oʻrtaguvchi dard koʻksing aro,
Xayolingda oʻgʻling bemaskan,
Vatanini oʻylamas aslo.
Qabristonga borasan asta,
Toshga boqib koʻrasan kimni?
Xoʻrsinasan mayin va xasta,
Oʻylab aka-singillarimni.
Garchi oʻsdik bezori, chapan,
Qizlar esa may gulisimon.
Lekin xira koʻzlaring bilan
Buncha gʻamgin boqma, onajon!
Yetar kulfat, yetar gʻam, alam,
Tushun hayot aldoqlarini.
Ma’yus qolur hatto daraxt ham
Yoʻqotganda yaproqlarini.
Noyoblik bor quvonchda, baxtda,
Visoldan koʻp hayotda firoq.
Chirigandan koʻra daraxtda
Shamollarda yongan yaxshiroq.
* * *
Seldek toshar chumchuq suroni,
Kecha oydin, kecha musaffo.
O, qanday soz, qanday dilrabo!
Kecha oydin, kecha musaffo,
Kuyga koʻmib borliq dunyoni,
Seldek toshar chumchuq suroni.
Oy shu’lasi misli bir daryo,
Urgim kelar unga koʻkragim.
Shunday tiniq, moviyki havo,
Sira tinchlik bilmas yuragim.
Oy shu’lasi misli bir daryo,
Urgim kelar unga koʻkragim.
Yor, senmi bu? Adashdimmi yo?
Shirin labing dardimga davo.
Shirin labing boʻlsa bir chashma,
Dilbar, koʻnglim boʻsangga tashna.
Yor, senmi bu? Adashmadimmi ye?
Gul boʻldimi qarshimda paydo?
Taqdirimda, bilmayman, ne bor.
Dilim oʻrtab, bir lahza tinmay,
Qaylardadir yigʻlar xasta nay.
Men-chi, boqib nilufarga, yor —
Siynasini qilurman xayol...
Qaylardadir yigʻlar xasta nay,
Taqdirimda, bilmayman, ne bor...
* * *
Singlim Shuraga
Bu dunyoda men bir yoʻlovchi,
Shodon menga qoʻl silki, erkam.
Xuddi shunday tinch, erkalovchi
Ziyo toʻkar kuz fasli oy ham.
Isinurman oyning taftiga,
Ilk bor uyadan orom olar jon.
Allaqachon soʻngan sevgiga
Umid bogʻlab yashayman hamon.
Bunga bois — shu makonimiz,
Shu yer — oppoq, shoʻr manglay turbat,
Qaylardadir toptalgan nomus,
Kimlargadir qadrdon gʻurbat.
Yashirmayman, har kim ham bilar:
Boshqa-boshqa emas, jon singlim,
Ikkimiz ham bir sevgi bilan
Shu vatanga qoʻyganmiz koʻngil.
* * *
Lablaringni burma, menga qilma tamanno,
Oʻzgadadur mening koʻnglim, sendamas aslo.
Atay sening derazangga egilganim yoʻq,
Seni izlab kelganim yoʻq, tikilganim yoʻq.
Zor emasman senga, faqat bu oqshom bexos
Oʻta turib boqqim keldi darchangdan, xolos
* * *
Dalalar oq kiygan, oqargan oy ham,
Kafanga oʻralib yotibdi oʻlkam.
Oʻrmonlarda yigʻlar oq qayinlar jim,
Bu yerda kim oʻlgan? Balki men oʻzim?..
* * *
Shoir, tun qoʻynidan nima izlading,
Chiqdingmi oyga she’r bitmoq oʻyida!
Koʻpdan xira tortmish mening koʻzlarim
Muhabbat, kartayu sharob koʻyida.
Koʻk uzra suzadi sokin oymoma,
Shunchalar oydinki, tinadi nigoh,
Men toppon xotinga tikkandim, ammo
Shoʻrimga tuz qargʻa chiqibdi, e voh!
* * *
Boqma menga buncha gʻazabkor,
Seni yomon koʻrmasman aslo.
Bil’aks, sening nozli, beozor
Nigohingga boʻlganman shaydo.
Koʻrsatmoqchi boʻlarsan oʻzing —
Bir ma’suma, hech yoʻq gunohi.
Yumib yotib tulki ham koʻzin
Quzgʻunlarni ovlaydi gohi.
Kel, ovlayver, baribir menga,
Erta sovib qrlma har qalay.
Balki, muzlab boʻlgan koʻnglimga
Qoʻl choʻzganlar umrimda talay.
Ha, sevaman, senimas ammo,
Sen — aks-sado, soyasan faqat.
Doim sening chehrangda paydo
Moviy koʻzli men sevgan tal’at.
U koʻrinmas ma’suma boʻlib,
U hattoki bir oz sovuqroq.
Lek ulugʻvor xiromi ila
Solib qoʻyar qalbimga titroq.
Qani, uni unutsam bir dam,
Intilmasam bir lahza, qani...
Sen-chi, hatto gʻazab chogʻi ham
Tashlamassan yolgʻon ishvani.
Seni sevmam, lek netay, e voh,
Ochadirman bagʻrim umrbod.
Boʻlmasaydi jannat va doʻzax,
Oʻylab topar edi odamzod.
* * *
Xayr endi, xayr doʻstginam,
Bagʻrimdasan, koʻngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bor oldinda hali.
Xayr, doʻstim, soʻzga ochma lab,
Qoʻy, men uchun oʻrtama bagʻir,
Bu hayotda oʻlmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!