OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShahlo Hoshimova
Asar nomiJiyda gulining hidi (fantastik hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shahlo Hoshimova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jiyda gulining hidi (fantastik hikoya)
Shahlo Hoshimova

Tongda mahbuslar yerni qoplagan qorni koʻrib, bir-birlariga ma’noli nigoh tashladilar. Nigohlarida alam bor edi: yana qish kelibdi.

Sahroda joylashgan qamoqxonaga kelgan qancha-qancha jinoyatchi-mahbuslar tushuntirish mushkul boʻlgan qiynoqlarga duchor etilgan, bu kutilmagan tasodif qurbonlari taqdirning taqozosi bilan qalbidagi yaxshilik gullari yulib tashlangan edi. Bu yerda shunday bir taomil shakllanganki, mahbuslar oʻtmishlari xususida hech qachon bir-birlariga gapirmaydi. Kechagi kun esa oynadek ravshan. Shuning uchun mahbuslarning soatlab kelajak xususida soʻzlashishlari, oddiy, yengil-elpi hayotiy lazzatlar haqida bahslashishlari kundalik odatga aylanib qolgan. Bu yerda hissiyotli odam uzoq yasholmaydi, chunki uning miyasini suyak-suyagigacha maqsadsiz, bema’ni fikrlar doʻzax azobida qovurib, tutunday tarqatib yuboradi.

Qamoqdagi bir xil manzara mahbuslarni ruhan ezib tashlagan. Ularning yuzlariga chetdan qaragan kishi: «nahotki, mana shu odamlar ozodlikda qotillik, oʻgʻrilik, talonchilik bilan shugʻullangan boʻlsa» deya oʻylanib qoladi. Ammo bu yerda shunday odamlar ham borki, ular oʻz xohishlari oqibatida emas, taqdirning hukmi — baxtsizligi sababli begona olamda hayoti va aqliga qora choyshab yopib, yolgʻiz, barcha insoniy azoblar iztirobida daqiqalar, soatlar, yillarni sanab oʻtkazmoqda.

Uchinchi raqamli mahbus ish dastgohini yurgizdi. «Yana yetti yil, bu qor beshinchisi, yana yettitasi oldinda». Mahbus oʻz xayollari girdobida mahsulotlarni tartibga keltirayotganida, ish stolidagi telefon jiringladi. Uni turma boshligʻi huzuriga chorlayotgan edi.

Qamoqxona besh qavatdan iborat boʻlib, yuqori ikki qavati yotoqxona, oshxona, yuvinish xonalari, undan keyingi ikki qavatida mayda detallar ishlab chiqaradigan tsexlar, birinchi qavatida esa turma nozirlarining xonalari joylashgan. Ikkinchi, uchinchi qavatlardagi tsexlar shunday joylashganki turma nozirlari har bir mahbusning ish jarayonini oʻz joylaridan kompyuterlar orqali kuzatib turaoladilar. Shu bois ish boshlagan mahbus chetdan uni kimdir koʻrib turganini ich-ichidan his qilib, tinimsiz ishlardi. Tartibga rioya qilmagan mahbuslar turmaxona boshligʻi tomonidan joriy qilinadigan yangi-yangi jazolarga duchor qilinardi.

Qirq yoshni qoralayotgan past boʻyli, kaltafahm turmaxona boshligʻi aslida ilm ahlidan boʻlib, bu yerga kimlarningdir koʻrsatmasi orqali kelib qolgan. Biroq bundan oʻzi hech qachon afsuslanmaydi. Negaki, qalbidagi yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun qamoqxona unga juda qoʻl kelgan edi. Shuning uchunmi, u fandagi barcha yangi texnologiyalarni tezda oʻzlashtirib, oʻzining rejalarini, ya’ni mahbuslarni jazolash usullarining yangi-yangi turlarini oʻylab topardi.

Mahbus turmaxona boshligʻi yoʻqlayotganligidan ham hayrat, ham qoʻrquv bilan uning huzuriga kirib bordi.
— Siz shifokorsiz, shundaymi? — deya soʻradi turma boshligʻi uchinchi raqamli mahbusdan.
— Ha, — dedi taklif etilganligi sababini bilolmay mahbus.
— Bir shifokor oʻrtogʻim jamiyatni jinoyatchi¬lardan tozalashning yangi usulini oʻylab topibdi. Endi uni kimdadir sinab koʻrish lozim. Men oʻylab-oʻylab sizda sinab koʻrsak, degan xulosaga keldim. Chunki siz shifokorsiz, qolaversa, yosh, baquvvatsiz. Agar tajriba kutilgan natijani bersa ozodlikka chiqdim deyavering.

Turma boshligʻining ayyorona kulib turgan koʻzlaridan qandaydir koʻngilsizlik sezilib turgan boʻlsa-da, oʻtgan besh yil davomida sukunatga quloq solib, oʻtmish saboqlaridan kelajagini izlayverib charchagan mahbusni ozodlik haqidagi xabar gangitib qoʻydi.
— Men tayyorman, qoʻlimdan kelganicha oʻrtogʻingizga yordam berishim mumkin, — dedi ichki quvonchini yashirolmay mahbus.
— Sizdan hech narsa talab qilinmaydi. Faqat tajriba natijasida oʻzingizdagi oʻzgarishlarni hamkasbingizga toʻliq bayon qilib tursangiz boʻlgani, — dedi negadir turmaxona boshligʻi kulib.

Bu xushxabarni eshitib, mahbus oʻzini koʻrinmas nayrangboz qoʻliga tushib qolgan-u, aybsiz aybdor sanalib mana shu yerlarda umrining eng ogʻir damlarini oʻtkazganligidan oʻksinib, ota-onasi kutilmagan ozodlikdan qanchalar sevinishini koʻz oldiga keltirdi. Ularning ozgina xursandchiligi uchun mahbus hamma narsaga, har qanday qiynoqqa rozi, faqat turmaxona boshligʻi va’dasida turib, uni ozodlikka chiqarsa boʻlgani.

Ertasi kuni ikki soqchi hamrohligida uzoq yurib, shaharga kirib bordilar. Mashina koʻp qavatli bino oldida toʻxtadi. Liftda oltinchi qavatga koʻtarilib, «ruhshunos L.B. Qodirov» deb yozilgan eshik qarshisida toʻxtadi. Ikki soqchi eshik oldida qoldi. Mahbus ichkariga kirib yozuv stoli ustida qogʻozlarga koʻmilib oʻtirgan, toʻladan kelgan, qosh-koʻzlari qop-qora, ammo sochlari oppoq, koʻrinishidan qirq-qirq besh yoshlardagi oq xalatli kishiga roʻbaroʻ keldi. Doktor qogʻozlardan boshini koʻtarib uni koʻrgan zahoti yuzi yorishib ochiq chehra bilan xona burchagidagi divanga taklif qildi.
— Sizning ozodlikka chiqishingizga yordam beraman, — deya, gap boshladi shifokor. — Faqat avval yordamingiz menga juda zarur, ilmiy ishimni sizda sinab koʻrmoqchiman. Siz esa bu tajribani jamiyatga qanchalar zarurligini atrofdagilarga tushuntirib bersangiz boʻlgani. Axir oʻzingiz ham shifokorsiz, ilm odamisiz, meni tushunasiz degan umiddaman, — ruhshunos fikrini poyintar-soyintar bayon qilgan boʻlsa-da, ammo mahbus uning maqsadini angladi. Mahbusning koʻzlaridan tushunayotganligini sezib, gapida davom etdi ruhshunos. — Tarjimai holingiz bilan tanishib chiqdim, jinoyatchi emas ekanligingiz¬dan xabardorman. Bemoringizni qasddan oʻldirma¬ganligingizni isbotlay olmagansiz. Sizning aybsiz ekanligingizga ishonaman. Shuning uchun ham sizni tanladim, sizga yordam bermoqchiman.

Mahbus ruhshunosga diqqat bilan tikildi: aybsizligimni bila turib nega meni jinoyatchi sifatida tajribada sinamoqchi?
— Nimaning hidini koʻproq yoqtirasiz? — kutilma¬ganda savol berib qoldi shifokor.

Mahbus oʻylab-oʻylab nastarin bilan jiyda gulining hidini yoqtirishini aytdi.
— Qaysi birini koʻproq yoqtirasiz?
— Jiyda gulining hidini, — dedi hayratlanib mahbus.
— Bilasizmi, — soʻzida davom etdi unga e’tibor bermasdan ruhshunos, — uzoq yillar davomida fanda yangilik yaratish maqsadida ish olib bordim. Nihoyat uni tugalladim. Endigi bosqich tajribada sinab koʻrish. Ishonamanki, umrimning katta qismini egallagan bu ishim jinoyatchilikning oldini oladi. Shu bilan birgalikda inson aqlini zaiflashtirib, qalbini gʻalayonga soladigan his-tuygʻularni oʻldiradi. Aniqroq tushuntiradigan boʻlsam, shaxsni jinoyatga, gunohga yetaklaydigan nafslarini jilovlaydi, ya’ni odamzod koʻrinmas shisha qolip oraligʻida ruhiy xotirjamlikka erishadi.

Mahbus shifokorning soʻzlarini qanchalik diqqat bilan eshitishga harakat qilmasin, ammo xayoli ozodlikdan keyingi hayotining koʻchalariga tortib ketardi. «Agar tajriba kutilgan natijani berib, ozodlikka chiqsam hammasini boshidan boshlayman, odamlarga kerakligimni, yaxshi shifokorligimni isbotlayman... bundan keyin hech qachon erkinligimni garovga qoʻymayman».

Ozodlik haqidagi xabar mahbusni ancha dovdiratib qoʻygandi. Shuning uchun hech narsa haqida oʻylab koʻrmasdan rozilik bergandi.

* * *

Tajriba yakunlanib, mahbus oʻziga kelganda atrofida hech kim yoʻq edi. Roʻparasidagi katta-katta deraza oynalaridan shom vaqti boʻlganligi koʻrinib turar, atrof juda tinch, xona ichi esa yop-yorugʻ edi. Ustidagi yopinchiqlarini chetga surib, oʻrnidan turdi-yu, biroq oʻtgan voqealarni barchasi xotirasida qayta tiklanib, oʻzini yana toʻshakka tashladi. Oldiniga oʻzidagi oʻzgarishni sezmasdan koʻzlarini yumib, tajriba natijasini kuta boshladi. Xonaga hech kim kiravermagach, oʻrnidan turib oʻtirdi. Shundagina mahbus butun tanasini qoplagan shishasimon niqobni payqab qoldi. Niqob teri ustidagi shisha qolipga juda oʻxshab ketardi. Lekin teri bilan shisha qolip orasida ma’lum bir masofa borligi sezilib turardi. Mahbus tanasini siypalab hech narsani his qilmadi. Silliq shishaga qoʻl tekkizgandek boʻldi. U oldiniga qoʻrqib ketdi, ammo ruhshunosning tajribasini eslab, eshitayotganligi, koʻrayotganligidan biroz tinchlandi.
— Bu qolipda qancha yurarkanman, — Oʻyladi mahbus deraza oynasiga yopishtirilgan «jurnal» degan yozuvni oʻqib. — Ishqilib yana avaxtaga olib borishmasa, tutqunlikka tashlashmasa boʻlgani... Qamoqxonada yashashga ortiq chiday olmayman...

Mahbus derazadagi yozuvni qayta-qayta oʻqib, ota-onasini, hukm oʻqilishi oldidan sud zaliga kelgan barcha tanish-bilishlarini ham esladi... Yuragi oʻrtanib, Yaratganning menday bandasi borligi yodidan koʻtarilgan shekilli, degan fikr xayolidan lip etib oʻtdi-yu, qaerdandir jiyda gulining ifori dimogʻiga urilib, havo yetishmasdan, tanasida qattiq ogʻriq paydo boʻldi.

Amaliyot nihoyasiga yetib, mahbus uyquga ketganidan soʻng, ochiq havoda biroz aylanib qaytgan shifokor iloji boricha oʻz toleini tezroq oʻzgartirishga chin dildan kirishgan sinovchisini yerda bukchayib yotganini, yuzigacha oʻzgarib ketganini koʻrib, yordamchilarini chaqirdi. Ikki-uch kishi birgalashib uni toʻshagiga yotqizishdi. Ular nima boʻlganligini tushuna olishmasdan, mahbusning oʻziga kelishini kutishdi.

Shifokor mahbusning ogʻriqdan qiyshayib ketgan yuziga termulib kelgusida shisha qolip uning qalbidagi barcha insoniy tuygʻularni yanchib, boʻgʻib tashlashi, ilgarigi hayotiga butunlay nomunosib boʻlgan sharoitda nafas olishga undashini oʻylab, bemoriga joni achib, qattiq tashvishga tushib qoldi. Mabodo mahbus shunday sharoitga koʻnikkanda ham uning umrini teng yarmini shisha qolip yutib yuboradi. Negaki, bunday yashash suvdagi baliqni qumga chiqarib tashlash bilan barobar edi.
— Mahbus oʻziga kelib, tepasidagi oq xalatlilarga koʻzi tushdi. Meni yana nima qilisharkan, degan tashvish bilan ruhshunosga qaradi.
— Biroz oʻzingizga kelib qoldingizmi, gapira olasizmi? — shifokor tashvishlanib soʻradi undan.
— Tajribangiz nihoyasiga yetdimi? — dedi mahbus oʻzini qoʻlga olib.
— Ishimni yakunladim. Siz oʻzingizni qanday his qilmoqdasiz? Tashqi koʻrinishingizda hech qanday oʻzgarish sezilmayapti.
— Oʻzimga kelganimda butun tanamni qandaydir shishasimon qolip egallaganligini his qildim. Soʻng terilarimdagi sezish tuygʻusi yoʻqolganligini sezdim ichki xoʻrsinish bilan soʻz boshladi mahbus. — Oldiniga ruhiyatimdagi oʻzgarishni bilmasdan oʻtgan oʻtmishimni xotirlab tursam, qaerdandir dimogʻimga kelib urilgan jiyda guli hididan seskanib ketdim. Oʻylashimcha, hammasi ana shundan boshlandi. Dimogʻimdagi hiddan nafas olishim qiyinlashib, goʻyo butun tanamni qoplab turgan qolip qisuvidagi azob vujudimga tarqalib, hushimni yoʻqotdim. Toʻgʻrisi, qolip oraligʻida qolganimga juda kam muddat oʻtgan boʻlsa-da, biroq bir narsaga amin boʻldimki, unda yashagan har qanday inson faqat bir parcha goʻshtga aylanib qoladi. Chunki siz yaratgan shisha qolipdan nafas olishni boshlagan odam, ruhiy inqirozga uchraydi. Shuurida qandaydir keskin burilish yasalib, vujudiga singgan har qanday nafsini, ma’naviy boyliklarini, razil, tuban, qabih hislarini osonlikcha, pushaymonsiz parchalab tashlaydi. Mabodo, bu qolipga biron-bir milliarder kirib qolguday boʻlsa, oʻzining yangi taqdiridan voz kechish uchun butun boyligini bir daqiqadayoq sovurib yuborishi muqarrar.

Bir vaqtlar «Aql ham toʻla hidoyatga qodir emas, dunyoga nazar soling, hamma aqlini ishga solib turli yoʻlga kirmoqda va hamma oʻzinikini toʻgʻri deb da’vo qilmoqda. Ammo aqlning ustidan ham hukmini oʻtkazuvchi hidoyat bor» degan jumlalarni muqaddas kitobda oʻqigan edim. Shuning uchun hislarimga ham, aqlimga ham ishonmasdan yuragimning tub-tubidagi allaqanday buyruqqa boʻysunardim. Kamdan-kam holatlardagina xarakterimda lov etib yonish yuz berardi. Ayni damda mana shu qolipga nisbatan qalbimda cheksiz qahru gʻazab uygʻonib kelmoqda. Xayolimda hozir u kul ostida sekin burqsib tutayotgandek. Nazarimda Yaratganning nuri ixtiroingizdan bebahra qolgan... Oʻttiz yillik hayotim davomida odamzod mudhish darajada yashovchan, koʻnikuvchan, osoyishta hayot kechirmoq uchun hamma narsaga itoat qiluvchi degan xulosaga kelgan edim. Bilmadim, balki adashgandirman. Qamalishim ota-onam uchun juda qaygʻuli. — Mahbus ohista soʻzida davom etdi, — shu bois har qanday qiynoqqa bardosh beraolaman. Meni erkin koʻrishsa, shisha qolip oʻzimgagina ayon boʻlib, hech kimga koʻrinmasa yaqinlarim oldiga ketishimga javob bering, — mahbus manglayi tirishib, qaygʻu-hasrat toʻla koʻzlari bilan shifokorga iltijoli tikildi.

Atrofdagilar uning soʻzlarini e’tibordan qochirmay tinglab, chehrasidagi vos-vos dahshatini koʻrib unga achinib ketishdi.
— Axir oʻzingiz ixtiroim oraligʻida yashash juda ogʻir deb ta’kidlamoqdasiz, shu bilan birgalikda mana shu hayotni davom ettirmoqchisiz. Toʻgʻrisi, men sizga tushunolmay qoldim, — dedi hayratini yashirolmasdan ruhshunos.
— Siz meni haqiqatdan tushunmadingiz, — deya soʻz boshladi mahbus. — Oʻlim jazosi berilgan jinoyatchiga ham bu qolipni hech qachon tavsiya qilmagan boʻlardim. Chunki jinoyatchiga berilgan har qanday jazo soʻnggida ma’lum bir umid bor. Jinoyatchi ana shu umid uchungina yashaydi... lekin sizni ixtiroingiz jamiyatga tadbiq qilinib barcha jinoyatchilar qoliplarga joylashtirilsa, ... men buni sizga tavsiya qilardim. Oʻzim haqimda gapiradigan boʻlsam, sinov davri bir yil muddatga choʻziladigan boʻlsa, qachondir bu qolip iskanjasidan qutulaman degan umid ilinjidagina amallab bardosh berishim mumkin. Undan ortigʻiga, menimcha, sabrim yetmaydi. Sabrim yetgan taqdirda ham vujudim chidash berolmasa kerak.

Mahbusning soʻzlarini tinglab shifokorlar bir-birlariga ma’noli qarashdi.
— Bilasizmi, men shisha qolipga jinoyatchini kiritish yoʻlinigina oʻylab topganman... ammo sizni ishontirib aytaman-ki, boshlagan ishimni oxiriga yetkazaman. Buning uchun oʻzingiz yordam berasiz degan umiddaman, — dedi har bir gapini chertib-chertib shifokor.
— Nima, bu ahvoldan meni qutqarish yoʻlini bilmaysizmi? — soʻradi qoʻrquvdan koʻzlari katta-katta ochilib ketgan mahbus.
— Hozir sizga bir narsa deya olmayman. Qolaversa, qalbingizni, hislaringizni sinovdan oʻtkazishim lozim. Biroq bardoshingizga yakunlaganimdan keyin sizni chaqirtiraman. Ana oʻshandagina haqiqiy ozodlikka erishasiz. Ungacha Xudodan oʻzingizga sabr tilang, — dedi hamdardlik bilan ruhshunos.

Ostona hatlab ichkariga kirgan mahbus hovli yuzida ivirsib yurgan otasiga koʻzi tushdi. Oʻtgan vaqt mobaynida otasi ancha choʻkib, keksayib qolibdi.

Mana shu kichkina hovlida mahbusning bolaligi oʻtdi. Shu yerda oʻqidi, ilm oʻrgandi, dunyo tanib, odamlarni, hayotni tushundi. Eng yomoni, shu yerda taqdirini tubdan oʻzgartirib yuborgan mudhish xatoga yoʻl qoʻydi. Mana, yana shu hovliga qaytdi. Uning birinchi nigohi yozning oydin kechalarida yolgʻiz oʻzi oyga qarab yotib qurbaqalarni bir maromda qurullashini tinglab yotgan hovli oʻrtasidagi supaga tushdi. Tomogʻiga nimadir tiqildi. Otasi tomonga ikki qadam tashlagan zahoti, hovli etagidan quchogʻini ochib, yugurib kelayotgan onasini koʻrdi. Bu vaqtda darvoza oldida turgan oʻgʻlini ota ham koʻrdi. Ota-ona farzandini koʻrganlaridan sevinchlari ichlariga sigʻmasdan oʻzlarini unga otishdi. Mahbus ular tomonga ikki qadam tashladi-yu, dimogʻiga urilgan jiyda guli hididan boshi aylanib, yerga quladi.

Ota-ona koʻzlari toʻla yosh, bolasi atrofida parvona boʻlib, bir-birlariga nimalarnidir baqirib, tinimsiz yigʻlashdi. Oradan biroz vaqt oʻtib, mahbus oʻziga keldi. Undan hech narsani soʻrashmadi, u ham ularga bir ogʻiz tushuntirish bermadi. Ammo oradan bir oylar oʻtgandan keyin, ota-ona farzandimiz tutqanoq kasaliga chalinibdi, degan xulosaga kelishdi. Lekin uning xarakteridagi oʻzgarishlarga koʻnika olmasdan, oʻgʻlidan xafa boʻla boshlashdi. Chunki qolip mahbusni tubdan oʻzgartirib xudbin qilib qoʻygan edi. U faqat qolip hukmiga boʻysunar, bu esa uni insoniy xohishlariga yoʻl bermay, odamlardan uzoqlashtirar, yolgʻizlikda esa qalbi sim-sim zirqirardi. U uyiga qaytib kelayotganida «tajriba, shisha qolip haqida zinhor hech kimga aytmayman», deya oʻziga shart qoʻydi. Chunki u birovga gapirgani bilan muammosi hal boʻlmasligini bilar, bu bilan esa faqat oʻzi qiynalardi.

Poytaxtdan ancha olisda joylashgan shaharcha odamlari juda sodda, samimiy, ochiqkoʻngil boʻlishsa-da, ammo oʻzlariga yarasha xarakterga ega edilar. Ular koʻrmagan narsalariga hamma odamlar singari qiziqsa-da, koʻrib turganlari haqida koʻproq fikr bildirishni xush koʻrardilar. Shuning uchun shaharchada sodir boʻlgan oddiy voqea ham ancha vaqtgacha tildan tilga oʻtib yurardi. Bir safar mahbus ota-onasining undan xafa boʻlayotganligini koʻrib, ularga hammasini, nima uchun uni ozod qilishgani-yu, shisha qolip oraligʻida yashash qanchalik azobligi xususida batafsil gapirib bermoqchi boʻldi. Keyin oʻylab koʻrgach, bu ularga hozirgidan ham ogʻirroq boʻladi, degan qarorga keldi.

Mahbus qamalganida ota-ona oʻgʻlini ozod qilish maqsadida roʻzgʻordagi yillar davomida toʻplangan barcha koʻzga koʻringan narsalarini sotib, oqlovchilarga berib yuborganligi bois, oila juda kambagʻallashib qolgan, er-xotinning nafaqasidan boshqa daromadi yoʻq edi. Ular oʻgʻillari qaytib kelsa hammasi yaxshi boʻlib ketadi, degan ilinjda kun oʻtkazishardi. Qamoqdan qaytgan mahbus esa ishga kirish, tirikchilik tashvishi haqida mutlaqo oʻylamasdi. Negaki, uni odamlar bilan boʻladigan muomala qattiq iztirobga solardi.

Koʻz oldida ota-onasining gʻamdan qartayib borayotganligi esa uni ruhan ezib yuborayotgan boʻlsa-da, shisha qolip hukmi hamma narsadan ustunligi sababli kunu tun xonasida qamalib oʻtirishga majbur boʻlardi. Oʻgʻlini xonasida qamalib olib, odamlardan oʻzini olib qochishi, hech kimga gapirmay har zamonda rangi qizarib-boʻzarib gʻujanak boʻlib hushini yoʻqotishi esa ota-onani adoi tamom qilmoqda edi.

Mahbus tibbiyot institutini a’lo baholar bilan yakunlagan. Oʻz vaqtida uning yaxshigina shifokorligini atrofdagilar ham bilardilar. Taqdirning inoyati bilan qamoqqa tushishi esa tasodifiy holatligidan ham hamma xabardor. Shunmng uchun avaxtadan qaytganligini eshitib avvalgi ishlagan shifoxonasidagi ustozlari yana mahbusni ishga taklif qilishdi. Ozroq dam olmoqchiman, degan bahona bilan ularning takliflarini rad etdi. Ota-onasini uning kasalini poytaxtdagi taniqli shifokorlarga koʻrsatish rejalariga esa mening kasalimni tibbiyot yoʻli bilan davolab boʻlmaydi, deya bahona qildi. Hamma umidi tajriba yakunidan. Shuning uchun yaqinlariga ozroq sabr qilinglar, hammasi iziga tushib ketadi, deya tassalli berardi.

Bir kuni onasi yalinib-yolborib oʻgʻlini folbin kampirga olib bordi. Rangpar va oriq, nimjon, yoshi bir joyga borib qolgan badqovoq kampir, mahbusga nihoyatda sinchiklab, diqqat bilan qaradi. Goʻyo uning ichki sirlaridan xabardor boʻlayotgandek, onasining hech bir soʻzini e’tibordan qochirmay tingladi. Soʻngra koʻzlarini yumib uzoq oʻylab, ehtiyotkorlik bilan: «Oʻgʻling vahima kasaliga chalingan. Oʻzi bilan oʻzi gaplashish xastaligi boshlangan. Unga hozir juda ham ogʻir. Keyingi vaqtlarda joniga qasd qilish haqida ham koʻp oʻylaydigan boʻlgan. Bu qora xayollardan qutulish uchun bitta qora mushukni topib, uni arqonga osib, mushukni qanchalar qiynalib jon taslim qilishini esa oʻgʻling kuzatib tursin. Bu uni vos-vos kasalligidan xalos qiladi. U, bilishimcha juda yomon jodulangan. Shu bois uni ertaroq qamoqxonadan ozod qilishgan. Jodulagan odamni ham unga juda rahmi kelmoqda-yu, biroq jodusini qaytarib olish uchun uning endi kuchi yetmaydi. Ha, ha, yetmaydi. Lekin Yaratgan egamning marhamati keng, oʻgʻlingdan marhamatini ayamaydi», deb duo qildi. «Ertaga tongda turib bitta sham bilan qabristonga borasizlar. Sen darvoza oldida qolib, oʻgʻling yolgʻiz oʻzi u yerga kirsin. Soʻng shamni yoqib, u yonib boʻlguncha qabrlar orasida yursin. Oʻgʻling ehtiyot boʻlsin, arvohlar hammasi qabrdan koʻtarilganda shamol turib, sham oʻchib qolishi mumkin. Agar shunday boʻlib qolsa, mushkuling hech qachon osonlashmaydi. Yana bir gap, sham yoqib, qabrlar oraligʻida yurganingda hamma narsani ya’ni, tiriklarga aytolmaydigan dardlaringning barchasini Yaratganga, oʻsha yerda yotgan arvohlarga aytib, yordam berishlarini iltijo qil, chin dildan soʻra. Oʻgʻlingga hech kim xalaqit bermasligi kerak. Shuning uchun odamlar kamroq boradigan qabristonga bor.»

Bir necha soniya davom etgan fol ochish jarayonida kampir uzuq-yuluq, poyma-poy gaplarini yakunlab, ona-bolani, tezroq uyga borishlarini tayinladi.

Ona-bola indamasdan uyga qaytishdi. «Kampir haq, agar Yaratgandan shisha qolip iskanjasidan qutulishimni chin dildan soʻrasam, mushkulim oson boʻladi, — deya oʻyladi yigit. — Axir ruhshunos ham allaqanday sehr-jodu ta’sirida meni shu koʻyga soldi-ku!»

Ona-bola ostona xatlab hovliga kirishlari bilan soʻrida ularga orqa oʻgirib oʻtirgan oila boshligʻini koʻrishdi. Oʻz xayollari girdobida oʻtirgan ota darvozadan kirgan xotini bilan oʻgʻlini sezmadi ham. Mahbus esa otasini bezovta qilmaslik uchun oʻz xonasiga kirib ketdi. Ota oʻgʻlining kasalligini tushunishga harakat qilsa ham uning haddan ortiq xudbinligini kechira olmasdi. Butun umri mana shu oʻgʻlining tashvishlari bilan oʻtgan boʻlsa-yu, u barcha mehnatlariga tupurib, undan oʻzini olib qochishini oʻylagani sari, yuragini alam oʻrtamoqda edi.

Bir kuni otaning sabri tugadi. Oʻgʻlining hech kimga yuragini ochmay, mahalla-kuyga aralashmasdan katalakdek xonadan chiqmasligiga ortiq bardosh berolmay, uning xonasiga bostirib kirdi.
— Nima qilmoqchisan, kelgusi hayotingga biron-bir rejang bormi? Axir qamoqdan kelganingga ham uch oydan oshdi. Uch oydan buyon mana shu ahvoldasan. Qariganimizda bizni bunchalik qiynamasang, onangni oʻylasang-chi. Bechorani ahvoliga bir qara! Qoʻni-qoʻshninikiga ham chiqmay qoʻydi. Qamalib bir kuydirding, endi bu qiligʻing nimasi?

Erining ovozidan yugurib xonaga kirgan ayol, uning asabiylashib borayotganini koʻrib, tinchlantirishga harakat qildi. Onaning tasallisi yonib turgan olovga yogʻ sepgandek boʻldi. Yillar davomida qalbini iztirobga solib kelayotgan oʻgʻlining omadsizligi unga qoʻl koʻtarishga olib keldi. Ota shu vaqtgacha oʻgʻlini urmagan, hattoki unga qattiq gapirmagan edi. Ota qoʻliga nima ilinsa oʻsha bilan oʻgʻlini savaladi. Bu orada ularni ajratish uchun oʻrtaga tushgan xotini ham kaltakdan bebahra qolmadi. Ota qattiq asabiylashganidan holdan toyib, xona oʻrtasiga oʻtirib qoldi. Kaltakdanmi yoki oʻgʻlining davosiz kasalidanmi, yelkasini qisib deraza oldida ezilib yigʻlayotgan xotiniga koʻzi tushib yuragi achishdi. Goʻyo bu mashmashalar unga begonadek, loqayd boqib turgan oʻgʻlining koʻzlari bilan nigohi toʻqnashdiyu «yo Rabbim, bandangga bunday kasallikni nega ravo koʻrding, shusiz ham yer yuzida davosiz kasalliklaring kammidi?.. Bu tirik murdani qaysi gunohlarim evaziga menga tuhfa qilmoqdasan?» deb dilidan oʻtkazdi. Ota keyingi vaqtlarda shunchalik ezilib ketgan ediki, umrida birinchi marotaba yosh boladek hoʻngrab yigʻlab yubordi.

Otasining koʻz yoshlarini koʻrib, oʻgʻil oʻzini ortiq ushlab turolmadi. Ularni qanchalik yaxshi koʻrishini, qamoqdagi vaqtlarida qanchalar sogʻinganligini, mana shu diydor uchun oʻzini tajriba qilishlariga rozilik bildirganligini aytish uchun ogʻiz juftlaganida qaerdandir gup etib, jiyda gulining hidi dimogʻiga kelib urildi...

Ertasi kuni ona-bola shahar chekkasidagi qabristonga borishdi. Kirish eshigi yopiq ekan. Atrof esa baland devor bilan oʻralgan. Ular endi nima qilamiz, deb bir-birlariga qarab turishgandi. Qabriston darvozasi oʻz-oʻzidan ochilib, ichkaridan oʻrta yoshlardagi bir ayol chiqdi. Eshikni ochiq qoldirgancha, janub tomonga qarab tez-tez yurib ketdi. Yaratgan egamning marhamati shu boʻlsa kerak, degan fikr ikkalasining ham xayolidan bir vaqtda oʻtdi. Shamni yoqib yigit qabriston ichkarisiga kirib ketdi. Ona esa darvoza oldida qoldi.

U yoʻlakdan qoʻlida yoqilgan sham bilan «Fotiha« surasini oʻqib borar ekan, bolaligidagi bir voqea xotirasida tiklandi. Oʻshanda u chamasi oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlarda boʻlib, biologiya oʻqituvchisi Darvin nazariyasi haqida dars oʻtayotib tasodifan unga bir savol bilan murojaat qilib qoldi: "Sen Xudoning borligiga ishonasanmi?" — "Ha», dedi u hech narsani oʻylamasdan. Chunki buvisi Xudo osmonda oʻtirishini, hammaning yashirincha sirlarini ham koʻrib turishini, eng muhimi uni hech qachon aldab boʻlmasligi haqida unga juda koʻp gapirib berardi. Shunda oʻqituvchi: »Bilishimcha sen Allohning borligiga chin dildan ishonasan, Darvin nazariyasini esa inkor qilasan... senga bir savol: dadang bir tonna maydalangan yemishni hovliga yoyib tashla, deb, buyruq berib ketdilar. Sen esa toʻsatdan kasal boʻlib qolding. Kun issiq, topshiriqni bajarmasang dadang kelgunicha yemish mogʻorlab qoladi.

Qani ayt-chi menga, oʻsha Xudoing agar sen aytgandek bor boʻlsa, iltijo qilsang yemishingni mogʻorlab qolmasligining oldini oladimi?.." Oʻshanda u birinchi marotaba shubha oraligʻida qolib, oʻqituvchisiga hech qanday javob berolmagan edi. Ammo borliq va yoʻqlik orasiga oddiy misol boʻlib kirgan bu mantiqsiz voqea xotirasida kechagidek turibdi.

Mahbus shamning lip-lip yonishini kuzatganicha, qabristonning ichkarisiga kirib borardi.

U muqaddas kalimalarni takrorlab, qabrlar oralab pastlikka tushib borayotib, otasi bilan buvisining bir suhbatini esladi. Bu yana unga azob bera boshladi.

Buvisining oʻlimidan bir kun oldin, tongda otasi oʻz onasidan hol-ahvol soʻragan edi.
— Sen juda ilmli odamsan, — nimagadir birdan gap boshladi buvisi. — Balki sening yoʻlingga toʻsqinlik qilmaganimda, shu yurtning oldi farzandi boʻlib, puling juda koʻp, martabang baland boʻlardi. Ammo oʻgʻlim, hamisha koʻngling kemtik yurarding. Shuning uchun seni oʻzga yurtda qolishingni istamagandim. Meni deb qaytib kelding. Biroq bu yerda oʻrningni topolmasdan, oradan necha yil oʻtgan boʻlsa-da, hamon iztirobdasan. Oʻgʻlim, bunga sabab — sening iymoning sustligida.

Yigitning otasi shu yerda tugʻilgan boʻlsa-da, ammo boshqa joyda oʻqigan, boshqa millatni tarbiyasini olgan, eng yomoni, xarakteri ham oʻzga millat ta’sirida shakllangan. Shuning uchun ham u oʻz yurtida oʻzini begona his qilardi.
— Oyi,— dedi negadir jahl bilan otasi. — Mendan xafa boʻlmang, ammo mening ham qalbimni tushuning. Juda koʻp mamlakatda boʻldim, turli dinga mansub taqvodor odamlarni koʻrdim. Va shunga iqror boʻldimki, ular hech qachon hayotdan bahra olib yashamaydi. Negaki, barcha dindor odamlar qilayotgan oddiygina ishini ham savob deb faraz qiladi. Biroq bu mening insoniy burchim deb oʻylashmaydi. Oʻsha odamlarga oʻxshab savob tilanib yashamayman. Oʻz olgan tarbiyamga, e’tiqodimga tayanib yashayman.
— Sen mening tarbiyamni olmagansan, — dedi buvisi va oʻgʻlini birinchi marotaba koʻrib turgandek, dahshatdan qotib qoldi...

Mahbus buvisining nigohini koʻz oldiga keltirdi: «buvim aytganlaridek, Xudoyim bor! U meni koʻrib turibdi. Qalbimga, nafsimga, jonimga taqvo ato etib, dardimga shifo beradi. Umidlarimni sarobga aylantirmaydi... Mana shu yerda yotganlarning ruhi haqqi-hurmati agar ozodlikka chiqsam, qolgan umrimda Parvardigorga sajda qilib, Uning bandalari salomatligi yoʻlida xizmat qilaman». — Mahbus shamda yuragini oʻrtayotgan butun dardlari yonayotgandek yengillasha boshlagan bir vaqtda qarshisida allaqanday kishi paydo boʻldi. Bir necha soniyalardan buyon mahbusni kuzatayotganligi uning koʻzlaridan sezilib turardi. Sham yonib boʻlay deganda paydo boʻlgan bu odamni koʻrgan mahbus uni arvoh deb oʻyladi. Soʻng miyasi biroz tiniqlashib, uning arvoh emasligiga ishonch hosil qildi. Ular bir-birlariga soʻzsiz termulib turishganda, qattiq shamol turib, sham lipillay boshladi. Sham oʻchib qolishidan choʻchigan mahbus qarshisidagi odamni unutib shamolga orqa qildi.
— Kimsan, nima qilib yuribsan, bu yerda?— dedi haligi odam sukunatni buzib.
— Men kasalman, — dedi iltijoli ohangda mahbus. Shamolning tezligi kuchayib, sham ikki marta lipilladi-yu, oʻchib qoldi. Dahshatga tushgan mahbus, oʻzini qaerdaligini, nima maqsadda bu yerga kelganligini ham unutdi. Dimogʻiga urilgan hiddan gandiraklab, eski qabr ustiga qulab tushdi...

Qabriston ichkarisiga kirib ketgan oʻgʻlini duo qilib oʻtirgan ona oʻgʻlini begona odam suyab kelayotganligini koʻrib, hayratdan dong qotib qoldi.

Haligi kishi yigitni qabristondan olib chiqib, darvoza oldida iztirobdan adoi tamom boʻlgan onani koʻrsa ham, bir ogʻiz soʻz aytmadi. Yam-yashil oʻtloqzor chetiga oʻtqazdi. Ularga ergashgan ona ham oʻgʻlining yoniga borib oʻtirdi. Haligi odam qabristonning lang ochiq darvozasini yopib qoʻydi. Ona-bolaga qiyo ham boqmasdan kunchiqar tomonga tez-tez odimlab ketdi.

Ona-bola uyga qaytib kelishganida hovli oʻrtasidagi soʻrida ota qattiq asabiylashib oʻtirardi. Oʻgʻlini koʻrib battar tutoqdi.
— Ha, yelkangni qisib yana qaerdan kelyapsan?

Hamma narsadan hafsalasi pir boʻlgan yigit otasining zaharxanda soʻzlariga e’tibor ham bermadi. Xonasi tomonga indamasdan oʻtib keta boshladi. Ota oʻgʻliga qoʻl koʻtardi. Bu safar mahbus indamay turolmadi. Jahl bilan kelgan otani itarib yubordi. U hovli oʻrtasiga yiqilib tushdi. Xotini eriga yordamga yugurdi.

Xonasiga qamalib olgan mahbus xuddi tomiriga qizigan temir bosishgandek jonsarak boʻlib, xonaning u boshidan bu boshiga borib kela boshladi. «Oʻz taqdirimga chap berishga qanchalik urinmayin, sabab pardalariga oʻralgan hayotimda hech bir ma’no qolmadi»...

Oʻgʻilning boshini xam etib, darvozadan chiqib ketganini koʻrgan ota-onaning uni chaqirishga ham yuraklari betlamadi. Biroq endi uning qaytib kelmasligini ikkalasi ham bilishardi.

Mahbus xayoliga kelgan yomon fikrdan sovuq iljaydi: «Uning marhamatini kutishim shart emas«. Pichirlab aytilgan bu soʻzlar uning uchun chiqarilgan hukmga aylandi. Mahbus oʻzi chiqargan hukm girdobida tuman markazidagi koʻp qavatli kasalxonaga borib, uning tomiga chiqdi. U yerda uzoq oʻtirdi. Pastda oʻz tashvishlari bilan yurgan ozod odamlarni uzoq kuzatdi. Ularga havasi kelib, buvisini aytgan gaplarini esladi. »Agar meni koʻrib turgan boʻlsang, moʻ'jiza yaratib, mana shu shisha qolipdan xalos et! Meni shu ahvolga solgan ruhshunosning jazosini Oʻzing ber! Bu qilmishim toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini ham Oʻzing bilguvchisan. Zero hamma narsani Sendan soʻrash mumkin»...

Mahbus yana sovuq iljaydi...